O‘tgan asr jurnalistikasi – uchinchi sonidayoq taqiqlangan “Yurt” jurnali sahifalarida nimalar yoritilgan edi?


Saqlash
22:08 / 15.08.2023 684 0

XX asr boshlarida yuzaga kelgan, shakllangan, turli to‘siqlar kontekstida rivojlanib borgan jadid matbuoti o‘zida Turkiston xalqining orzu-umidlarini, dard va alamlarini dadil ruh, baland ovoz hamda  milliy manfaatlar sahnasidan turib yoritdi. Bu borada Ismoil Obidiyning “Taraqqiy”, Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyina”, Abdulla Avloniyning “Shuhrat”, Ubaydulla Asadullaxo‘jayevning “Sadoyi Turkiston”, Bulat Soliyevning “El bayrog‘i”, Mahmudxo‘ja Rizayevning “Hurriyat”, Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Kengash” kabi gazeta-jurnallari XX asr boshlaridagi Turkiston xalqining ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy holati to‘g‘risida muhim ma’lumotlar taqdim etadi. Ayniqsa, Qo‘qon shahrida nashr etilgan “Yurt” jurnali ularning ichida alohida ajralib turadi.

 

 

“Yurt” jurnali 1917-yil 1-iyundan chop etilgan. Jurnalning muharriri va asoschisi qo‘qonlik taraqqiyparvar Ashurali Zohiriy bo‘lib, nashr ishlarini Hoji Mavlonberdi Ashurboyev olib borgan. Jurnal tahririyati shaharning Xo‘jand ko‘chasida joylashgan. “Yurt” jurnalining ikkinchi soni 1917-yil 15-iyulda, uchinchi soni esa 18-avgustda chiqqan. Jurnal “Siyosiy, ijtimoiy, tarixiy va adabiy haftalik majmua” hisoblanib, jami uchta soni chop etilgan va shundan so‘ng bolsheviklarning tazyiqi ostida yopilgan. Garchi, ushbu jurnalning uch soni dunyo yuzini ko‘rgan bo‘lsa-da, biroq undagi maqolalarning ruhi kishini beixtiyor Turkistonning azim va eski dardi bilan yashashga undaydi.

 

Jurnal faoliyatida Ashurali Zohiriy, Ahmad Zaki Validiy, Abdullabek, Shokir Muxtoriy, Ahmad Sardor va boshqa shular kabi taraqqiyparvarlar ishtirok etganlar.

 

Jurnalning 1-soni “Maqsad va a’molimiz” maqolasi bilan boshlangan. Maqolaga garchi “Yurt hay’ati tahririyasi” deb imzo qo‘yilgan bo‘lsa-da, mazmunan va uslub jihatidan aytish mumkinki, uning muallifi Ashurali Zohiriydir.

 

Maqolaga nemis xalqining buyuk mutafakkiri Shillerning “Eskilik vayron bo‘lub, zamon o‘zgarib, harobalarda yangi hayot ochiladur” aforizmi tanlab olingan bo‘lib, jurnal mohiyatan Turkiston xalqini zamona zayliga muvofiq yashashga, ilm-fan yutuqlarini o‘zlashtirishga da’vat etishi lozim edi. Ashurali Zohiriy jurnalning ilk sonidagi kirish maqolada: “Bu bir eski haqiqat!.. bu eski jahoncha eski, azaliy va abadiy bir qonundur. Har zamon, har makonda hayot bu qonung‘a tobe’dur. Tobe bo‘lgusi kelmaganlar tarix shohiddurki, mahv bo‘lganlar va munqariz (inqiroz) bo‘lmoqg‘a mahkumdurlar. Bizning qoshimizda taxminan bundan o‘n, o‘n besh yillar avvalda bir hayot masalasi qo‘zg‘oldi; u – eskicha eskilikni taqdis (muqaddas) va tahfiz etmak (asramoq), yoki, Ovro‘pa va rus madaniyatini qabul etib, tarixdan yangi bir davr ochmoq masalasi edi. Biz masalani Ovro‘pa madaniyatini qabuli ma’nosinda hal etdik. Bu sababdan yangi usul maktablar, qiroatxonalar, kutubxonalar, gazeta idoralari, matbaalar, jamiyati xayriya va maorif ochdik. G‘aflat daryosig‘a botgan bu xalq ichida ulum va maorif va afkori jadida ta’mimig‘a xizmat etdik. Va aytadurmiz, faqat, bu zamong‘acha xizmat va faoliyatimiz, e’tirof etmak vojibdurki, nihoyat darajada oz, oz va ozdur. Lashkari jaholat yiqilg‘on, faqat yengilgani yo‘q, ishni itmom etmak kerakki, vaqtdan iste’foda etib dushman (jaholat)ga omon va o‘zini to‘plamoq uchun imkon bermasdan muttasil kurashmoq, bir zarba orqasidan darhol ikkinchi zarbani solmoq vazifamizdirki, ul zarbalarning eng qattig‘i va biz uchun mafiydlaridan (foydalilaridan) biri, shubhasiz matbuotdur. Abu Nasr Farobiy, Ulug‘bek, Imom Buxoriy, Navoiy, Temur va Boburshohlarg‘a o‘xshash nomlari bilan shoyon iftihor; alloma, faylasuf, shoir, fotihlarning ibratlik faoliyatlaridan, g‘ayratlaridan, fidokorliklaridan, tariximiz, xarobalarimiz va osori-atiqalarimiz har biri, shahodat berib turur. Biz bo‘lsak, mabzul, miskin-u af’ol, mahdudul-alfoq, faqir va tanbal bir hayot kechirmoqdamiz. Ham hozirgi kunlarda ham tarixiy voqealar oldida turamiz. Mana endi “Yurt” vositasi birla hozirgi yangi hukumatning fikri bilan yurtimizni, elimizni tanishdirib, yurt va elimizning taraqqiy va taolisig‘a say va ijtihod etmakchimiz, o‘z maromimizni diqqat va nazari oliyingizga taqdim etsak: Yurt “doim bir minbari haqiqat bo‘ladirki, undan har bir xolis niyatlik mujohidi jaholat o‘z fikrini, loyihasini millatga arz etmakka haqqi bordur” deb yozdi.

                              

 

 

 

“Yurt” jurnalining 1917-yil 1-sonidagi “Maqsad va a’molimiz” nomli birinchi maqolasi.

 

Jurnal sahifalarida chop etilgan Ashurali Zohiriyning “Hukumat o‘zgarishi” maqolasi alohida diqqatga sazovordir. Muallif ushbu maqolasida millatga murojaаt qilgan holda zamonning o‘zi Turkiston xalqi uchun ozodlikka erishish yo‘lida qulay imkoniyat taqdim etganligini qayd etib, bu borada xalqni jipslashishga chaqiradi. Shu bilan birga A.Zohiriy Chor Rossiyasi tomonidan yuritilgan zulm siyosatini qoralab, Podshoh xohlasa Dumani yig‘di, xohlamasa tarqatdi. Agarda duma a’zolaridan ba’zilari haqiqatni ochibroq so‘zlamoqg‘a boshlasa, yoki xalq va fuqaro uchun foydalik masalalarda tortishmoqqa boshlasa, “Duma erkalanib ketadur!” deb, dumani butun quvib yangidan saylovlar chiqarib, saylovlarda ham xalqning o‘z xohishig‘a qo‘ymay avvaldan ko‘z ostig‘a olib qo‘yg‘on kishilarni saylatdurmaslikka harakatlar qilib keldi. Imkoni boricha, o‘zining so‘zidan chiqmaydurg‘onlarni, hukumat oldida millatining millionlarcha foydasini ham qurbon qiladurg‘on yoki hech narsadan xabari yo‘q quruq kishilarni saylatduradurg‘on bo‘lib keldi” deb yozdi. Bu orqali Ashurali Zohiriy mamlakatni tanazzulga uchratadigan omil zulm va adolatsiz tarzda tashkillangan saylovlar deb bildi. 

 

1917-yil fevral inqilobi natijasida Nikolay II taxtdan ag‘darilishi bilan zulm  timsoli bo‘lgan Romanovlar sulolasi ham tarix axlatxonasiga uloqtirib tashlandi. Ko‘plab Turkiston taraqqiyparvarlari qatori Ashurali Zohiriy ham milliy ozodlik uchun jidd-u jahd bilan kurashish vaqti kelganligini chuqur angladi va millatni bu yo‘lda sabot-matonat bilan kurashishga chaqirdi. Muallif bolsheviklarning “Endi hamma teng huquqli bo‘ladi, hamma ozod bo‘ladi” degan shiorlariga mahliyo bo‘lib o‘tirmasdan, milliy haqni talab qilish kerakligini qayd etib: “Lekin, “Endi hammaga bir ko‘z bilan qaralur ekan! Hamma barobar foydalanur ekan!” deb tek o‘turg‘on bilan ish bitmas “Mana sizga so‘rag‘onlaringgiz! Mana sizning muddaolaringgiz!” deb hech kim qo‘ynimizga solib qo‘ymas?! O‘zimizning diniy, milliy ehtiyojimizni o‘zimiz bilamiz, o‘zimiz tushunamiz. “Bemor tuzalguvsi kelsa, tabib o‘z oyog‘i bilan kelur” degandek, “adolat”, “musovot” bizga o‘zi keldi. O‘zi kelgan tabibga be’mor, dardining qanday ekanligini aytmasa tuzala olmag‘onidek, hozirgi daqiqalarda ham o‘z kerakligimizni va o‘z ehtiyojlarimizni indamasga, kim bo‘lsun. Balki, “Bular shul turmushlarig‘a mamnun ekan!” deyurlar. Endi zamonga qarab harakat etaylik. Bilmag‘onimizni bilganlardan so‘raylik-da, imkoni boricha ittifoqlik bilan ishga kirishaylik, ittifoq har nav zulmdan qutulmoqning muqaddimasidur. Muqaddima yaxshi bo‘lur. Ammo muqaddima qurulg‘onda (ish boshlang‘onda) bir lahza ham g‘aflatning qilinmasun edi, chunki g‘aflatning natijasi doimo pushaymondur. Xususan, bunday muhim fursatlarda g‘aflat ulug‘ bir jinoyatdur” deb ta’kidladi.

 

Tatar-boshqird ma’riftaparvari va siyosiy arbob Ahmad Zaki Validiy “Yurt” jurnalida o‘zining maqolalari bilan ishtirok etgan bo‘lib, bu borada uning “Milliy ruhoniy boylig‘imiz” nomli salmoqli maqolasi e’tirofga loyiqdir. Mazkur maqola jurnalning 1-2-sonlarida chop etilgan bo‘lib, unda muallif millatning dunyoda yashab qolishining ijtimoiy, siyosiy hamda ma’naviy shartlari xususida baxs yuritadi. Jumladan, O‘z millatini saqlay olmag‘on va o‘z qavmini qiziqishlarini, o‘z an’analarini maydong‘a qo‘ya olmaydur. Chet qavmlarning madaniyati bilan yashag‘on qavm, bu raqobatni qila olmag‘oni uchun insoniyatning isloh va taraqqiysig‘a xizmat qila olmaydur” deya yozar ekan, bunday millatlar salohiyatli va yuksak intellektual tarzda rivojlangan o‘zga millatlar nazdida e’tiborga sazovor bo‘la olmasligini qayd etdi.

 

Jurnalda e’lon qilingan maqolalar ichida Shokir Muxtoriy qalamiga mansub “Endi fursat” nomli maqola ham muhimdir. Muallif ushbu maqolasida millatning ijtimoiy-axloqiy jihatlari to‘g‘risida dolzarb mulohazalarni keltirib o‘tgan. Jumladan, “Nima uchun shul yerda, shul quyosh va shul havoda bizning bilan yashaguvchi ajnabiylarg‘a (dorul-rohat) bo‘lg‘on Turkiston o‘z xalqig‘a “dorul-azob?” degan avomlar har vaqt ko‘z oldingga keladi-da, turadir. O‘ylasang yuraklaring eziladir, parchalanadir. Nega ezilmasun, nega parchalanmasun? Avval bunga javob bermoq lozim. Har bir qavm va har bir millat va toifa o‘zining jaholat va nodonlig‘i orqasida har hil sarofot va safohat yo‘llari bilan har na borini yo‘qotdimi – omonatga xiyonat, jabr, zulm, o‘g‘rilik, aldov, xulosa shariati islomiya qaytarg‘on har bir af’oli zammiyani va insoniyat vazifasidan yiroq har bir buzuqlikni oshkor qilib bo‘lsa ham, tomog‘ini to‘ydirmoq yo‘lig‘a tushadir. Ul millatning aksari afrodi o‘shanday yomon fe’llarg‘a muttasif bo‘lg‘onlig‘idan alar qoshida har qanday zanoat va jinoyatlar ham muboh  qatorida bo‘lib qolur” deb ta’kidladi.

 

Shokir Muxtoriy turkistonliklarning maktabga nisbatan e’tiborsizligidan dahshatga tushadi, maktabsiz, maorifsiz har qanday millat tanazzulga mahkum ekanligini uqturishga, ilm har bir xalqning ertasi ekanligiga ishontirishga, inontirishga tirishadi: “Har bir illatning davosi bo‘lg‘ong‘a o‘xshash bizlarning faqiri zillat illatimizning da’vosi bordurki, ul ilm va fanga jon va dilimiz va to‘rt qo‘limiz bilan yopushmoqdur. Bolalarimizni haqiqiy muhabbat bilan yaxshi ko‘rsak, bul o‘zimiz mubtalo bo‘lg‘on illatlarg‘a aziz bolalarimiz giriftor bo‘lmay dunyoda insonday yashab, umri mas’udiyatda bo‘lsun desak, maktabga beraylik. Ibtidoiy maktabni bitirgandan keyin “Endi hifz va savodi chiqdi, bundan ziyodasi kerak emas” demay, otasidan qolg‘on davlatni saqlarliq ilm va ma’rifat sohibi bo‘lmoqqa qo‘yib beraylik”.

 

Shokir Muxtoriyning “Yurt” jurnalida bosilgan bir she’ri borki, bu she’r go‘yoki Turkiston taraqqiyparvarlarining dilidagi bor dardlarini o‘zida jamlagan desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. “Askariy” taхallusi ostida e’lon qilingan ushbu she’r “Chin musulmon yoki ahli irfon bo‘laylik” deb nomlanib, unda Turkiston xalqiga qaratilgan misralar, shubhasiz, jurnalning butun maslak va maqsadini o‘zida mujassam etgan:

 

Bizga ham vaqt yetdi, biz ham chin musulmon bo‘laylik!

U havolarni qo‘yib tobe vijdon bo‘laylik!

 

Tashlansun orqag‘a eski taassublar hamon,

Ko‘p muhimdur bu zamon, bir jism va bir jon bo‘laylik!

 

Oz parastish etmadik ohimg‘a shu yetsun kerak,

Endi insofga kelib, xalqqa qurbon bo‘laylik!

 

Jahl edi bois faror, chin ilmlardan cho‘chub,

Jahlni tashlab endi biz tolibi irfon bo‘laylik!

 

Do‘stlar shu kungacha fandan shoyon qochdiq yetar!

Endi boshlab ushbu kundan jahlga dushman bo‘laylik!

 

Vaqt emasmu, ahd ittifoq ila ish ko‘rmoqqa?

Yo‘qolsun o‘rtadan nifoq omili Qur’on bo‘laylik!

 

Davrimizdur tajdid; davri islohdur zamon,

Ushbu kundan e’tiboran biz-da inson bo‘laylik!

 

Haqni ochig‘lantirub, shaytonni ko‘p shod ayladik,

Rozi bo‘lsin Haq bu kun, qohir shayton bo‘laylik!

 

Har na bo‘lsaq-da, zarar yo‘q boshqasin qo‘y “Askariy”!

Ma’rifat asl iymondur, ahli irfon bo‘laylik!

 

Jurnal sahifalarida e’lon qilingan bunday o‘tli she’rlar, Turkiston xalqini uyg‘otishga qaratilgan maqolalar, shubhasiz, bolsheviklar hukumatining qahr-u g‘azabiga duchor bo‘lishi aniq edi. Shu boisdan ham “Yurt”ning 3-soni chiqishi bilan jurnal faoliyati ta’qiqlandi. Tahririyat a’zolarining deyarli barchasi 1937-1938-yillarda otib tashlandi.

 

Muslimbek ALIJONOV,

Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat

muzeyi katta ilmiy xodimi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19287
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16361
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi