Ijtimoiy tarmoqlarning oʻzbek segmentida azaliy muhokama mavzularidan biri – qoʻshxotinlik. Tomonlardan biri Islom dinida 4tagacha xotinga uylanish mumkin degan iddaoni pesh qilsa, ikkinchi taraf Oʻzbekiston dunyoviy davlatligini va qoʻshxotinlik uchun qonunda javobgarlik borligini eslatmoqda. Jamiyatda esa kundan kun koʻpxotinlilik holatlari oshib, hatto reklama, kino va seriallarda oshkora koʻrsatilmoqda.
Shu kunlarda ushbu mavzu yana kun tartibiga chiqdi. Dastlab instabloger Gulzoda Abdullayevaning eriga 2-xotin sovgʻa qilgani aks etgan video tarqaldi. Internet foydalanuvchilari, ayniqsa bloger Shahnoza Soatovaning ijtimoiy tarmoq sahifalaridagi postlari muhokamalarning yangi toʻlqinini boshlab berdi deyish mumkin. Oyina.uz mazkur mavzu atrofidagi muhokamalarni bir yerga joyladi.
Shahnoza Soatova,
Adliya vaziri maslahatchisi, bloger:
– Hamma narsa chappasiga, ostin-ustun boʻlib ketayotgandek.
Ilgari koʻpxotinlilik haqida “Oʻtgan kunlar” kinosidan bilardik. Shunda ham fojia deb koʻrsatilgan edi.
Lekin shu birgina fojiaga qarshi nechta ijobiy namunalar bor edi: “Mahallada duv duv gap”, “Maftuningman”, “Yor-yor”, “Sevishganlar”, “Chinor ostidagi duel”. Hammasida yagona sevgilisi bilan baxtli, muhabbatli, uzoq yillar bir-biriga suyanib qoʻsha qarigan ota-onalar, ilgʻor ayollar bor edi.
Koʻpxotinlilikni koʻp gapiraverishmasdi, gapirilganda ham, murakkab, chigal va fojiali taqdir deb koʻrsatilardi. Chunki biz dunyoviy davlat sifatida monogamiyani ijtimoiy norma deb qabul qilganmiz, koʻpxotinlilikni jinoyat deb Jinoyat kodeksida belgilab qoʻyganmiz.
Lekin hozir boʻlayotgan agressiv mediatargʻibotga negadir hech kim, ayniqsa, masʼullar indamayapti. Televizorning qaysi kanaliga olsang, qoʻshxotinlik haqida serial. Instagram, yutub ham toʻlgan shu mavzuga. Million auditoriyaga ega blogerlar omma oldida eriga ikkinchi xotin sovgʻa qilyapti (oʻtaketgan axloqsizlik, gʻayriinsoniylik).
“Internet domlalar”ning kontentlari, maʼruzalarida ham faqat shu xotinlar, ularning kiyimi, avrat, zino, birbalolar. Muhabbat, sevgiga sadoqat, oilani asrash, er-xotin bir-birini hurmat qilishi, qiyinchiliklarni birgalikda yengishi haqida juda kam gapirilyapti.
Goʻyo bizda oilaviy qadriyatlar oʻzgarib ketgandek. Hamma atrofda xotin ustiga xotin olyapti-yu, bu ijtimoiy normaga aylanib boʻlgandek... Faqat xotinlar oʻrtasida adolat qilsa boʻldimish.
Aslida unaqa emas. Ota-onalarimiz, buvi-bobolarimiz bir-birlariga sadoqat bilan birgalikda yaxshi-yomon kunlarni yashab, oila qoʻrgʻonini qurishgan. Hozir ham aksar oilalar tirikchilik tashvishida, er-xotin birgalikda roʻzgʻor yukini koʻtarib farzandlarni oyoqqa qoʻyishyapti.
Lekin media, ijtimoiy tarmoqlar jamiyatda axloq normalarini emas, ayrimlar koʻrishni-eshitishni istayotgan narsalarni koʻrsatyapti — auditoriya talabi, atrofda boʻlayotgan hayotiy holat emish!
Bu hayotiy holat emas, jinoyatga targʻibot! Bunga chek qoʻyish kerak. Hatto mashina salonlar qoʻshxotinlilik orqali reklama qilyapti. Bundan bir necha yillar avval reklamachilar bu mavzuga teginishga jurʼati yetmasdi. Nari borsa qaynona-kelin mavzusida reklama qilishardi.
Bizning mediamiz va reklama bozorimiz oilaviy qadriyatlarni hurmat qilish oʻrniga toʻrt soʻm pul topib “dindor” rejimini yoqib olgan “tadbirkor”larning nafsi uchun ishlayapti. Puli borlar yoqtirib koʻrsa, orasida reklamasini oʻtkazsa boʻldi.
Koʻpxotinlilikning asosiy xavflaridan biri bu jamiyatning axloqiy negizlarini yemirishi hisoblanadi. Ushbu jinoyat oilaga qarshi jinoyat jumlasiga kiradi. Shu bois uni targʻib qilganlik uchun ham javobgarlik belgilanishi kerak.
Qonunga qarshi targʻibot qilayotganlarga chora koʻrishmaydimi? Konstitutsiyamizda dunyoviy davlat deb yozib qoʻyilgan-ku. Nimaga konstitutsiyada belgilangan tuzum va yoʻnalishga qarshi boruvchi targʻibotga chora koʻrilmaydi?
Tarmoqda keskin muhokama boʻlgan ushbu postda mavzu qolib muallif shaxsiyatiga haqorat-u boʻhtonlar otildi. Shoir Faxriddin Nizomov blogerni haqorat qilgan foydalanuvchilar javobgarlikka tortilishi, qonun ustuvorligi taʼminlanishi lozimligi haqida yozdi.
Faxriddin Nizomov,
shoir:
– Necha kundan beri ijtimoiy tarmoqlar taniqli bloger Shahnoza Soatovaning koʻp xotinlilik Oʻzbekistonning mavjud qonunlariga zid ekani toʻgʻrisidagi postini din himoyachilari chaynab, har qanday odob doirasidan chiqib ketdi va unga oʻzi yetti uxlab tushida koʻrmagan ayblarni yopishtira boshladi. Nima, ular oʻzlarining qonunga zid fikrlarini menga oʻxshaganlardan himoya qilmoqchimi?
Men shu mamlakatning vatandoshi (oʻzimni fuqaro hisoblamayman, bu soʻz men uchun haqoratday tuyuladi) sifatida oʻzimni har qanday tajovuzlardan huquqni muhofaza qilish idoralari himoya qilishini istayman. Chunki soliq toʻlovchiman va himoya qilinishim uchun soliq toʻlab qoʻyganman. Shahnoza Soatova ham shunday.
Birinchidan, oʻsha feysbukchilarning haqoratlari amaldagi qonunlar boʻyicha – “srok”ka tortadigan jinoyat, chunki blogerning shaxsi tahqirlanmoqda, sababi, u davlat qonunlarini himoya qilmoqda.
Blogerlarni tepadagi hukumat haqidagi arzimagan gaplari uchun uzoq muddatga qamayotgan hokimiyat mana shunaqa haqoratlar uchun haddidan oshayotgan feysbukchilarga ham, hech boʻlmasa, qonunlarni buzayotganidan ogohlantirishi, bir fikrini bildirgan ayolni – bu konstitutsiyada ham, boshqa qonunlarda ham nazarda tutilgan – bunchalik haqorat qilish jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishi eslatilishi shart – xuddi bizni uchastkovoylar chaqirib, esimizni kiritmoqchi boʻlayotganiday.
Ikkinchidan, normal jamiyatda qabul qilingan qonun talablarini bajarishga hamma majbur. Hatto u din bilan bogʻliq boʻlsa ham.
Uchinchidan, huquqni muhofaza qilish idoralari bir davlat idorasida ishlaydigan ayolni va umuman har qanday vatandoshni allaqanday maʼlum va nomaʼlum dinni bayroq qilib olganlarga talatib qoʻymasdan, jazosini berishi shart.
Shunda biz qonun ustuvorligiga ishonamiz.
Rahimjon Rahmat,
yozuvchi:
– Olomonning jinsiy hayotdan boshqa ovunchogʻi boʻlmaydi, deydi farang adibi.
Darhaqiqat, olomonning soʻzlariga quloq solsangiz, qurgʻurlar ikkinchi xotin, ayollarning koʻylak-lozimi va shunga oʻxshash pirovard mazmuni jimoga borib taqaladigan gaplarni koʻp gapirishadi.
Gʻofir Hamro,
tarmoq faoli:
– “Oʻtkan kunlar” romanini oʻqimaganimiz, Qodiriyni yaxshi anglamaganimiz, tarixni yaxshi bilmaganimiz, adabiyotni yaxshi oʻqitmaganimiz uchun qoʻshxotinlilikning jamiyat kelajagi oldidagi xavfi qanchaligini hali ham his qilolmayapmiz.
Bu nafs ishi insonni, oilani va jamiyatni, millatni tanazzulga olib borishini tarix necha marta koʻrsatdi, yana qancha isbotlashi kerak?!
Albatta, masalaga diniy tomondan qarab koʻpxotinlilikni yoqlagan postlar ham bor. Ebrar Oʻzbek ismli tarmoq foydalanuvchisi koʻpxotinlilikni yoʻqotib boʻlmaydi, degan fikrni bildirdi:
– Koʻp xotinlilik bizdan avval ham boʻlgan, hozir ham bor, bizdan keyin ham boʻladi. Qamoq jazosi tugul oʻlim jazosi tayinlansa ham, baribir boʻlaveradi.
Nikoh masʼuliyat degani. Bir nechta nikoh – bir necha karralik masʼuliyat. Shu masʼuliyatni ado eta olayotgan, ayni paytda bir nechta oilani obod qilayotgan erkaklarni javobgarlikka tortish emas, ularga rahmat aytish kerak.
Musulmon sifatida koʻp xotinlilikka koʻnglingiz rozi boʻlmasligi mumkin, bu sizning huquqingiz. Ikkinchi (uchinchi, toʻrtinchi) xotin olishga yoki ikkinchi (uchinchi, toʻrtinchi) xotin boʻlib tegishga hech kim sizni majbuplay olmaydi.
Lekin koʻp xotinlilikka qarshi chiqishga haqqingiz yoʻq. Koʻp xotinlilikni tanqid qilib, uni yomon koʻrib, notoʻgʻri deb hisoblashingiz oʻzingizni Xudodan ham aqlliman deb oʻylay boshlaganingizni koʻrsatadi. Agar fikringizda sobit turaversangiz, Xudoning huzuriga borganda “Nima uchun notoʻgʻri narsani halol qilib qoʻyganding?” deb Oʻzidan soʻrab olarsiz. Qoʻlingizdan kelsa, albatta.
Qaysidir fikrim notoʻgʻri boʻlsa, iltimos, ilmlilar toʻgʻrilashsin.
Postning musulmon boʻlmaganlarga umuman aloqasi yoʻq!
Keyinroq u uning fikriga agressiv munosabat bildirganlar uchun yana bir post qoʻydi.
“Avvalo, aytishim kerakki, men hech qachon koʻp xotinlilik tarafdori boʻlmaganman. Xotinni ikkita qilish fikrim esa hech qachon boʻlmagan. Chunki, postda oʻzim aytganimdek, koʻp xotinlilikka koʻnglim rozi emas. Qolaversa, bu men uddalay oladigan masʼuliyat emas.
Oʻsha postni gʻoyat ochiq yozdim deb oʻylagandim. Lekin xohlagan odam xohlagan maʼnoni chiqarib, xohlagancha soʻkib, xohlagancha haqoratlab yotibdi. Oʻzim mayli, oilam, qizim, ayolimgacha til choʻzishyapti. Bu albatta oʻsha insonlarning saviyasini koʻrsatadi.
Men faqat koʻp xotinlilikka ruxsat berilgani va oʻzini musulmon deb hisoblagan kishining bunga qarshi chiqishi mumkin emasligi haqida gapirdim. Koʻp xotinlilikning faqatgina bitta shartini bilaman – adolat.
Boshqa qandaydir sharti boʻlsa (masalan, ikkinchi yoki uchinchiga faqat bevaga uylanish kerak, yetimga uylanish kerak va hokazo), Qurʼonda, hadislarda nima deyilgan, ahli ilmlar nima deyishgan, marhamat, yozinglar. Lekin shaxsiy fikrlaringizni emas.
Oʻsha postni yozishimga bir postda “Koʻp xotinlilik jamiyatning axloqiy negizlarini yemiradi” degan fikr sabab boʻlgan edi. Musulmon kishi bu fikrga qoʻshiladi deb oʻylamayman. Muhokama qilinishi kerak boʻlgan narsa koʻp xotinlilik emas, koʻp xotinlilar boʻlishi kerak. Menimcha, chegara mana shu”, deydi muallif.
Xurshidbek Muhammadroziqov,
tadbirkor:
– Bir safar feysbukka kirsam, fohishalikni legallashtirish haqida bahs boʻlyapti ekan. Bu haqida kimlardir TV da ham taklif berganmish. Yana bir marta kirsam, koʻpxonlilik ustidan hamma nafrat sochib yotibdi. Shundan kelgan xulosam: “Zino qil, lekin qubba oʻqitib qoʻyma”.
Odatda yozgan postimga sharh yozishga erinaman. Lekin shu safar yozmasam boʻlmaydiganga oʻxshadi. Chunki koʻpchilik Shahnoza opa va mening shaxsiyatimga oʻtib ketishibdi. Yuqoridagi “Zino qil, lekin qubba oʻqitib qoʻyma” izohimni Shahnoza opaning postiga tirkaganim sabab bunga.
Yuqoridagi aytgan fikrimda qolaman. Rostdan ham, hozirgi kunda bir kishi bilan benikoh bir yerda yashab birgalikda rozilik bilan oʻsha ish bajarilsa bunga qonunda jazo yoʻq. Bu sening erkinliging. Ammo shu ish turmushi boʻla turib, yana nikoh oʻqitib bajarilsa, bunda qonun oldida javobgarmiz.
Endi koʻpxotinlilik masalasiga kelsak, postda keltirilgan video kabi namoyishkorona eriga xotin sovgʻa qilish manga erish tuyuladi. Bunaqa holatlarni mif deb oʻylayman. Kamdan kam ayol oʻz eriga bunday qila oladi deb oʻylayman. Shu jumladan mashina raqamiga “Ikkinchisiga” deb yozadigan erkaklarni ham. Bu xalq orasidagi “dolzarb” yoki “trenddagi” mavzudan foydalanib auditoriya yigʻish xolos. Avvallari ham maishiy mavzular (qoʻshxotinlilik) bizni chalgʻitib qoʻyganligi, bu kabi masalalar hammaning oʻz oilasi doirasida hal qilinishi kerakliki, oldimizda yanada ustuvor mavzular turganini koʻp yozganman.
Xoʻsh, unda nega yuqoridagi izohni keltirdim? Chunki bu yerda mening diniy qarashlarimga cheklov oʻrnatishga chaqirilyapti. Domlalarning shariatda belgilangan gaplarni gapirishga cheklov oʻrnatishga chaqiriq bor. Shahnoza opaning yozganlari oʻz shaxsiy fikridan kelib chiqib aytayotgan gaplari. Blogerlarning videolari ham shaxsiy ishi. Xuddi shuningdek mening koʻpxotinlik haqidagi fikrim ham.
Otabek Umar ismli tarmoq foydalanuvchisi esa nimaga koʻpxotinlik taʼqiqlangani haqida yozdi:
– Oʻzbek jamiyatida tez-tez faol muhokama qilinadigan ayrim mavzularni koʻrib, inson oʻzini bir-ikki asr oldinga tushib qolgandek his qilib yuboradi. Chunonchi, koʻpxotinlik masalasi Yangi yil archasidagi chiroqdek blogosfera kengliklarida bir oʻchib, bir yonib turadi. Uning yonishi turli toifalarning ehtirosli tortishuvlariga yoʻgʻrilsa-da, supernovaning jilosini emas, balki maishiy komediyani namoyon etadi. Qoʻshxotinlik borasidagi yoqa yirtishlar alaloqibat turli-tuman hazil-u latifalar bilan tugashi buning tasdigʻidir. Biroq muammoga jiddiylik koʻzoynagini taqib qarasak, mohiyatga oydinlik kiritish kerakmasmikan: nimaga oʻzi koʻp xotinlik taqiqlangan? Bu savolga aniq javoblar bor. Poligamiya cheklanishi, ayrim dindorlar oʻylaganidek, sekularlarning injiqligi emas, balki buning ortida mutlaqo obyektiv sabablar mavjud.
1. Koʻpxotinlik ayollarning qadr-qimmatiga putur yetkazadi
Bitta erkak bir vaqtning oʻzida bir nechta ayol bilan nikohda boʻla olishining oʻzi ayollar erkaklardan past koʻrilishini anglatadi, yaʼni tenglik prinsipi buziladi. Poligamik nikohdagi ayol ancha zaif boʻladi, chunki eri u bilan oson ajrashishi mumkin va bu bilan boʻydoq boʻlib qolmaydi, balki boshqa xotinlari bilan yashayveradi. Bundan tashqari, kundoshlar erining eʼtibori va moddiy resurslar uchun oʻzaro kurashishadi, bu esa doimiy stressga sabab boʻladi. Poligamik oiladagi ayolning zaif maqomi uning erkini cheklab, zoʻravonlik qurboni boʻlishi xavfini oshiradi. Koʻpxotinlik ayollarni qadrsizlantiradi, ularni quyi darajadagi shaxslarga aylantirib, xizmatkor, qul yoki salkam buyum sifatida koʻrilishiga olib keladi.
2. Koʻpxotinlik erkaklar orasida zoʻravonlikni kuchaytiradi
Kimlardadir koʻproq xotin boʻlishi boshqalar uchun kamroq ayol qolishini anglatadi. Natijada hayvonlarda koʻp kuzatiladigan “urgʻochi talashish” insonlarda ham avj oladi. Ustiga-ustak, poligamiya qonuniy boʻlgan jamiyatda uylangan erkaklar ham bu raqobatda qatnashishda davom etadi, chunki yana ikkinchisi, uchinchisi va hokazosiga uylanishi mumkin. Vaholanki, monogamiya, yaʼni bir xotinlik hukmron surgan jamiyatda erkak uylanganidan keyin ayollar uchun raqobatdan chiqib ketadi.
3. Koʻpxotinlik huquqiy muammo va chalkashliklarni keltirib chiqaradi
Qonuniy nikoh ikki inson oʻrtasidagi yuridik munosabat hisoblanadi. U umumiy mulkka egalik, merosxoʻrlik, oʻzaro majburiyatlar va boshqa masalalarni tartibga soladi. Bitta erning bir nechta rafiqasi boʻlsa, majburiyat va huquqlar qanday teng hamda mutanosib taqsimlanadi? Qaysi xotin mulkning qaysi qismiga koʻproq haqliligi qanday aniqlanadi? Bu sud-huquq tizimi samarali hal qilolmaydigan, boshi berk koʻchaga qiyoslasa boʻladigan masalalardir.
Bu hali qoʻshxotinlikning hamma salbiy oqibatlari emas. Bundan tashqari, poligamik oilalarda ayollarning ruhiy va jismoniy sogʻligʻi yomonroq boʻlishi, bolalar eʼtiborsizlikdan aziyat chekishi, psixologik qiynalishi hamda zoʻravonlikka uchrashi haqida maʼlumotlar bor.
Umuman olganda, bugungi dunyoda poligamiya ancha kamyob hodisadir. Jahon aholisining atigi 2 foizi poligamik oilalarda yashaydi. Koʻpxotinlik eng koʻp tarqalgan hudud – Gʻarbiy va Markaziy Afrika: Burkina Faso, Mali, Gambiya, Niger, Nigeriya. Koʻpgina musulmon davlatlarida qoʻshxotinlik kam uchraydi. Masalan, Pokiston, Eron, Bangladesh va Misrda bittadan ortiq rafiqasi bor erkaklar 1 foizdan ham oz.
Shunday ekan, Oʻzbekistonda koʻpxotinlik reklamasi bilan shugʻullanayotganlar kimga havas qilayotgani tushunarsiz: Gambiyadagi fula yoki Nigeriyadagi kanuri xalqigami?
Bu orada instabloger Gulzoda Abdullayeva IIBga chaqirilganini maʼlum qildi. U eriga ikkinchi xotin sovgʻa qilgani haqidagi videosi uchun oʻzbek xalqidan uzr soʻradi va oʻzi ham qoʻshxotinlikka qarshi ekanini maʼlum qildi.
Maftuna ABDUSHUKUROVA tayyorladi.
Oyina.uz
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
3 Izohlar
Mirzayeva
03:08 / 21.08.2023
Менда хам медиа домлаларга бир саволим бор. биринчи марта уйланаётган болалардан никохдан утиш учун ФХДЁ маълумоти талаб килинади у булмаса никох укилмайди, сабаби конунда фхдёда кайд этилмаган никохни шарий томондан хам мумкин эмас ноконуний хисобланади. Конунда эса кушхотинлик таъкикланган. Демак фхдёдан утмаса домла никох хам укимайди. Фхдёда битта фукарога бир никох белгиланган. Хуш иккинчи турмушни агар у ажрашмаган булса кайси муллалар ноконуний никох кайдномасисиз укиётган экан. Агар биз шарий ёки динийга утган булсак, буни хукукий асоси кани.
Azizbek
20:08 / 15.08.2023
Xurshidbek Muhammadroziqovni fikriga 100% qo’shilaman. Haqiqatdan bu ahmoqlik, Hatto ko’pchilikka ma’lum yaqinda foxisha xonalarni foydali ekanligi haqida gaplar ham bo’ldi. Astag’firulloh, odamlarga nima o’zi, 4 ta xotingacha mumkinligi shariyatimizda bayon qilingan, “Ayollarning qadr-qimmatiga putr yetkazadi...” emish o’sha Otabek Umar deganlari. Qani aytchi yigitcha (qolganlarga ham taalluqli) Payg’ambarimiz (s.a.v) davrlarida putr yetibdimi o’sha qadr qimmatga. Oisha onamiz yoki Xadicha onamiz yoki Hafsa onamiz (r.a) lar rivoyat qilishganmi biror hadisda ko’p xotinlilikdan jabr chekkani haqida..Man atigi 3 ta ayollariini aytdim xolos. Hammalari baxtli, adolatli, farovon hayot ko’rishgan. Qonun qonun deyaanlar hammang, o’sha Shaxnoza Soatova deganiyam, Faxriddin Nizomov deganiyam qani aytchi o’sha qonuning qachon qabul qilingan Qur’’on qachon nozil bo’lgan, o’sha qonuningni kim qabul qilgan-u Qur’onni kim nozil qilgan.. Man bu gapim bilan qonun chiqaruvchi, ijroiya va boshqa davlat tuzilmalariga e’tirizim yoki g’ayriligim yo’q, lekin ko’p xotinlik mumkinligi, shariyatimizda bunga ta’qiq yo’qligini siz-u bizdan ko’ra ongli, aqlli bo’lgan Payg’ambarimiz (s.a.v) aytib ketbo’ganlar. Faqat 4 ta gacha ruxsat, va shu doirada nechta xotini bo’lsa ham hammasiga birdek adolat qilish va shu kabi o’sha oilani o’ziga taalluqli bo’lgan mezonlarga rioya etilsa bo’lgani. Kim nechta xotinli bo’lishi bu hammani o’zini ishi, uni omma oldida muhokama qilish xalqimizni saviyasini tushishiga ma’lum darajada hissa qi’shadi, chunki bu ommaviy muammo emas, ommaviy masala emas. Sizga nima nechta xotini bor, nima qivotti.. Man ko’pxotinlilikga qonuniy cheklov va jinoiy chora ko’rilishiga qarshiman, shuningdek bunga jinoiy ish deb qaralishiga ham. Buni siz bilan bizni yaratgan Zot halol qilgan, siz bilan biz uni ta’qiqlashga haqqimiz yo’q...
Nurmuhammad
07:08 / 15.08.2023
Yana bir tarmoq foydalanuvchisining fikri: Шу кунларда кўпхотинлик масаласи тармоқларда кўп кўтарилмоқда. Баъзилар буни жиноят деб талқин қилмоқда. Бироқ, ушбу постимизда (https://t.me/adolat_kuychisi/1907) кўпхотинлик қайси ўринда жиноят бўлиш-бўлмаслиги ҳақида фикр билдирилган. Ҳатто, баъзилар кўпхотинликни жамиятда етим болаларнинг кўпайишига асосий омил қилиб кўрсатишяпти (https://t.me/Shaxnoza_Xolmaxamatova/6948). Ваҳоланки, болани оддийгина ўйнашдан ҳам орттирса бўлади. Ҳеч қандай никоҳсиз шунчаки ишқий муносабатлардан бола туғаётганларнинг ҳисобини билиш учун атрофга разм солишнинг ўзи кифоя. Энди кимдир никоҳ ўқиттириб олса, уни жиноятчи деб аташ мантиқсизликдан бошқа нарса эмас. Кўпхотинликнинг олдини олиш учун, ҳатто, ноқонуний никоҳ ўқиганлик учун жавобгарликни кучайтириш таклифи ҳам илгари суриляпти. Ваҳоланки, шариатда ўзига ўзи никоҳ ўқиш тартиби ҳам мавжуд. Хўш, бундай ҳолда ким жавобгар қилинади!? Хуллас, кўпхотинликни ёмонлаб, билдирилаётган фикрларнинг бирортаси асосли эмас. Бирорта ҳам болаларнинг етим қолишининг олдини олмайди. Яна бир хотини бўлишини хоҳлаган эркакни ҳеч ким қайтара олмайди, ҳатто, ота-онаси ҳам. Қонун билан тартибга солишни эса гапирмаса ҳам бўлаверади. Хўш, ечим нимада? Ечим шундаки, шаръий никоҳнинг мажбуриятларини қонунийлаштириш керак. Шундагина ҳеч ким хоҳласа, никоҳ ўқиттириб, хоҳласа, жавобини бериб юбора олмайди. Ўртага мулкий жавобгарлик тушганидан кейин ҳар қандай одам ўйлаб иш қиладиган бўлади. Мақсадим, масалага самарали ечим топиш. Зотан, кўпхотинликка қарши билдирилаётган фикрлар неча йиллардан бери айтиб келинади. Лекин шу пайтгача зиғирча самараси бўлмади. Ушбу фикрларим орқали кўпхотинликни тарғиб қилмоқчи эмасман. Шариатда ҳам бу борада тавсиядан кўра қайтариқ кўпроқ. Бугунги кундаги нафси учун шариатни асос қилиб олишларини ҳам қоралайман. Фикримни чала-чулпа тушуниб олиб, озғидан кўпик сачратиб, жириллайдиган тўртта типа секуляр-либерал тирранчаларга ҳам тупуриб қўйганман! @adolat_kuychisi