“Uzunquloq gaplarga ko‘ra”. Gap uzunquloq bo‘lishi mumkinmi?


Saqlash
22:48 / 14.08.2023 1383 0

“Uzunquloq gaplarga ko‘ra”, “odamlar orasida uzunquloq gaplar yuribdi”. Qanday qilib gap uzunquloq bo‘lishi mumkin? Deylik, biron hayvonga nisbatan “uzunquloq” desa tushunarli, lekin gapning uzunquloq bo‘lishi g‘alati.

 

Gap shundaki, bu yerda “uzun” – hozir tilimizdagi o‘lchovni bildiruvchi “uzun” emas. Qadimgi turkiyda unga shakldosh yana bir “uzun” so‘zi bo‘lib – “g‘iybat” ma’nosini bеrgan. “G‘iybatchi” esa – “uzunchi” deyilgan. “Qutadg‘u bilig”dan o‘qiymiz:

 

“Uzunchi kishike qatilma yira

Uzunchi tilinde kuyer ot ker-e”.

 

Ma’nosi: “G‘iybatchi kishiga yaqinlashma, yiroqlash, G‘iybatchi tilida o‘t yonadi, ko‘r”.

 

“Uzundin qopar ul ajun bulg‘aqi

Uzunchi bashin kes ey ersig aqi”.

 

Ma’nosi: “Dunyoning bo‘lg‘anchiq fisq-u fasodlari g‘iybatdan chiqadi, G‘iybatchining boshini kes, ey mard saxiy” (QB. T. 1971. 632-b.).

 

Demak, “uzun gap” – bu “uzundan-uzun cho‘zilgan” emas, balki “g‘iybat gap” ekan. G‘iybat esa – kimningdir orqasidan gapirish, shu ma’noda, bu so‘z, bizningcha, “orqa, ket” ma’nosidagi qadimgi “uzu” so‘zidan yasalgan bo‘lishi mumkin. Mahmud Koshg‘ariy “Devon”da “uzu”ni shunday izohlaydi: “uzu – orqa, ket. Men anin uzu keldim – men uning orqasidan keldim”. Ya’ni, “uzun” so‘zi mazkur “uzu”ga qadimgi vosita kelishigi qo‘shimchasi “-in” qo‘shib yasalgan bo‘lishi mumkin (Misol: qadimgi turkiy so‘z “terk” – “tez” ma’nosini bildiradi. “terk+in” esa – tezlik bilan: “terkin kel” – “tezlik bilan kel”. Shu kabi: “uzu+in” – “uzun” – “orqasidan” (gapirish) bo‘lishi mumkin. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, “g‘iybat” ma’nosidagi qadimgi turkiy so‘z “uzun”ning arab tilidagi “quloq” ma’nosidagi: “uzn” (أُذْنٌ) (muannasi: uzun أُذُنٌ)ga mutlaqo aloqasi yo‘q).

 

Bizningcha, “uzunquloq”ning “qulog‘”i ham eshitish organi – “quloq” ma’nosida emas. Gap shundaki, “quloq” ham ba’zi turkiy lahjalarda ko‘chma ma’noda: “mish-mish, ovoza, gap so‘z, g‘iybat” ma’nolarini bildiradi.

 

Shunday qilib, “uzunquloq gaplar” iborasini “g‘iybat, mish-mish, og‘izdan-og‘izga o‘tgan gaplar” deb tushunish mumkin.

 

Abduvohid HAYIT

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 281
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22614
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//