Maktabda unga “Kashshey” deb laqab yopishtirgandik. Bundan u xursand bo‘larmidi yoki xafa... eslolmadim. Eslaganim, shusiz ham qisiq ko‘zlarini yanayam qisgancha, tirjayi-ib qarab turaverardi aftingga. Unga sayin biz ham hazilni hangomaga, hangomani mazaxga “xamirturush” qilib laqillayverardik. Bo‘lmasa-ku gavdasi qoruvli, baquvvat bola. Yolg‘ondan urib qo‘ysa, rostdan turolmay qolishimiz aniq... Ko‘ngliyam keng-da! Shuni bilganimiz uchun ham haddimiz sig‘ardi hazil-mazaxga.
Yillar o‘tdi. O‘zimizcha ulg‘aydik. Va shunga yarasha o‘zgardik ham. Buni bugun, maktabdosh jo‘ralar ahyonda o‘tirib-netib qolganimizdayam payqash qiyinmas. Zahrimizga yutgan uch-to‘rt piyola “uying kuygur” taʼsirida yoppasiga aljiray ketamiz. “Milisa”miz siyosat urishga o‘tsa, “maalim”imiz bolalarning tarbiyasi rasvoligidan oladi. “Konchi”miz cho‘lning havosi xit qilganidan kelsa, “bankda ishlaydi”ganimiz kreditdan ketadi. Men barchasini bitta qilib, “g‘idi-bidi”layman... U esa, garchi butilka bo‘shatishda mutlaqo qatnashmagan bo‘lsa ham, “kayfi bor”lardan battarroq qizarib-bo‘zarib bahslashadi. O‘tirganlar bilan bitta-bitta, erinmay tortishadi. Bexabar bir odam kirib qolsa, ha-a, eng ko‘p araqni shu ichipti-da, deb o‘ylashi tayin.
– ...ichishni qanday tashlagansan, jo‘ra? – xuddi po‘stini tashlagan ilonni so‘roqqa tutganday horiqulodda hayrat bilan so‘raymiz.
– E, ko‘p tentakchilik qildirg‘an shu ichkilik, – olis bir zamona xotirotini so‘zlaganday, vazmin javob beradi uyam. – Keyin... oshnamiz Xirojam qaytarg‘an. Namoz o‘qib qoluvdi-ku, bir paytlar... Hozir u namozdi tashagan, men ichkilikdi...
Buvasiga “dum bo‘lib” kattargani uchun gap-so‘zlari ham chollarga monand: salmoqla-ab, ezili-ib, maqol-matal qo‘shi-ib gapiradi. Elda u tanimagan odam yo‘q. Oilalar haqida mahalla raislaridan ko‘ra tuzukroq boxabar. Kimning qizi qayerga tushgan, hozir nechta bolasi bor, kim qayerga ishlashga ketgan... u tirik “maʼlumotxona” bariga. Erinmay, hijjalab aytib beradi.
Otasi Jalil aka qulog‘i og‘ir odam edi. Baqirib-baqirib gapirsakkina eshitardi. O‘zi traktorchi zotining qulog‘i “yengil”ini ko‘rmadim hech. Ikki yilcha burun uylarining yonginasidan oqib o‘tgan katta ariqdagi temir suvbandni ko‘taraman deb, bir qalqqanu yuragi “ushlab qolgan”... Xudoyisiga borganimizda darvozada qoyim jo‘ramiz bu dunyosida ortiq suyanchig‘i qolmaganini to‘kis tuygan kabi o‘z dardiga suyangancha adl turardi.
Onasi olamdan o‘tganda bu hali endi esini taniyotgan bola bo‘lgan. Ammo bola qalbidayam onasi qattiq muhrlanganini yaqinda noxos ilg‘ab qoldim. Amir Temur haqida bir kitob berdi... Yo‘q, uni og‘iz to‘-o‘ldirib, “Kitobxo-on” deyolmayman. Shunchaki, tarixga o‘ch. Ayniqsa, tariximizdagi sarkardalarga, shohlarga... Amir Temur bobida gap ketsa-ku, o‘zining otiniyam esdan chiqargudek kayfiyatga minadi! Qo‘yib bersang, ertalabgacha “Temur”lab chiqadi. Bir o‘g‘lining ismini “Temurbek” atash uchun uylanganidan beri g‘ayrat qilyapti. Niyatiga yarasha Xudoyam bir emas, uchta o‘g‘il berdi. Avvaliga, birida qaynotasi, birida yana kimidir “muxolif kelib”, bul ismi muboragini qo‘ya olmagandi. Unisini – Islombek, bunisini – Ulug‘bek qo‘yishdi. Ammo uchinchisiga kelganda, baʼni bashar taklifiga ko‘ndalang o‘laroq “metrika”ni olib kelishga shaxsan o‘zi otlandi va charaqlab qarab o‘tirgan FHDYO xodimasigagina emas, butun dunyosiga eʼlon qilayotgandek, baralla aytdi – TEMURBEK!..
Alqissa, menga bergan kitobining varaqlari orasidan “to‘p” etib bir rasmcha gilamga “kalla tashlagandi”. Olib qaradim: oq-qora, mitti formatdagi ko‘-o‘hna rasm. Istaraligina, odmi kiyingan bir ayol, ikki jujuqchasi bilan hovlida tushgan... O‘ziga ko‘rsatdim, bir-ikki kundan keyin:
– ...ayam bu! Manovisi opam, bunisi men... – degandiyu tomog‘iga nimadir tiqilganday gapirmay qo‘yuvdi, – ...ha, shu ko‘zimdan bir nima chiqyapti-da, namlangani namlangan...
Onasining barvaqt vafotidan so‘ng otasi yosh-yosh qolgan bolalarini o‘yladimi, boz uylangandi bir ayolga. Ne shomki, o‘gay onaga jo‘ramiz, jo‘ramizga o‘gay ona... tatimadi. Ular hali-hali bir idishda suv bilan moy...
Maktabni tugatgach, bir muddat biz “to‘plamchilar”ga (abituriyent) qo‘shilib, daftar-kitob qo‘ltiqlab yurdi. Repitetorga qatnadi... Qaradiki, kallasiga bilim uyini topolmayotgan chumoliday kirolmadi-kirolmadi. Borey, deb qog‘oz-ruchkani yig‘ishtirdi-da armiyaga jo‘nadi. Jo‘nagandayam uncha-munchasigamas, Toshkentning “Uch qahramon”idagi “chast”ga ketdi. Biz esa hadeb o‘qishga topshiraverdik-topshiraverdik. Yana yaqinroqqa ham emas, naq Toshkentga ko‘r chumchuqday urardik o‘zimizni.
Ana shunday yozlarning birida Sohib degan oshnamiz bilan uni ko‘rgani bordik. Devorlari qadim qalʼalarnikiday baland, ustiga simtikan tortilgan harbiy qism darvozasidagi mudroq soqchi bizni ko‘rib, ajabki, ichkariga imo qildi: “...hi-i, keldilaringmi? Kiraverlaring. Anchadan beri kutishyapti, silarni...” Na hujjat ko‘rdi, na so‘rab-surishtirdi... Prezidentni qo‘riqlaydiganlarni tayyorlovchi muhim strategik hududga ko‘chadan qanday borgan esak, shundayimizcha kirib borardik?.. Anqayib-tanqayib hovliga endi qadam qo‘yuvdik hamki, ortimizda baqir-chaqir qo‘pdi: “...Sto-o-op! Orqaga-a!.. ” Hozirgina bizni o‘tkazib yuborgan soqchi, qo‘lida avtomat, yugurib kelardi biz tarafga. Ortida esa qorindor bir harbiy naʼra tortardi: “...sanga ish vaqtida uxlashni ko‘rsatib qo‘yaman! Onangni uyimi bu, xar-rip!..” Ayon bo‘ldiki, soqchi bizni “mardikor” fahmlagan ekan.
Harbiy xizmatdan qaytgan jo‘ramiz ancha vaqtgacha “grajdanskiy” hayotga ko‘nikolmadi. Haytovur, “ligota” olib qaytgan ekan, Navoiy kon-metallurgiya instituti talabasi bo‘ldi. Shu orada uylandiyam. Uylanishi ham turfa rivoyatlarga turtki bo‘ldi, ammo. Uydagilarining ne-ne orzularda mo‘ljallab qo‘ygan jamiki “kandidat”larini qatiʼyan raʼd etib, Konimex taraflardan tanlaganiga bor “ovozini berdi”.
Talabaligini qoq yarmida tashladi o‘qishni. Hammasiga “tilla” aybdor... Yo‘q, “tilla” jilvasida baʼni Paxtachini “gipnoz qilgan” tirikchilik aybdor! Jo‘ramiz-da ko‘p qatori xomcho‘t qoqdi, o‘sha mahallar: “...nima uchun o‘qiyappan o‘zi? Diplom uchun! U nimaga kerak? Davlat ishiga kirishga!.. Shu davlat beradigan bir oylikdi tillaga chiqib, bir haftaga qolmay topsam, gazagimga dorimi shu o‘qishi?!” Ugina emas, qancha-qancha yigitlar o‘qishu ishidan kechib ketdi o‘shanda. Vaqtning oliy hakamligi chin ekan. Bugun bari anglab yetyaptiki, o‘qib ilm olganga, “davlatti odami” bo‘lganga yetmas ekan!..
O‘sha kuni tumanimiz markazidagi bir idora poyida asabiy avzoda telefonga tomoq yirtardim. Qayoqdandir u paydo bo‘ldi: shusiz ham qisiq ko‘zlarini yanayam qisgancha tirjayi-ib qarab kelardi aftimga. Qo‘llarida bir “papka” hujjat. Ko‘rishdik. “Irimiga” so‘radim:
– ...nima dardda yuribsan?
– O‘qishimdi tikladim, oshna. “Zauchni”g‘a faqat...
– Ie, qulli bo‘sin! Nechchi yil deganda qaytding, oxiri?
– Yetti yil... Shu tillani, toshdi, tog‘di o‘ylasam, bir joylarim og‘rib ketuvradi. Toza jonimg‘a tegdi hammasi! O‘qiyman-yey! Ertagayam jon kerak menga...
– Buncha qog‘oz nimaga?
– Ey-y, shu bankka-da... “Kantrakt” bo‘yinga ilindi. Yetti millionli boyvachcha bo‘ldim-qoldim. Shunga-a... kredit olaman desam, biranta binkda taʼlimga limit jo‘g‘akan. A, biyaqda bir hapta “srog”im qoldi. Qaydan topdim endi shuncha puldi, kallam qotdi, oshna-a...
“Polvonlik qonim qo‘zidi!” deb yozadi Tog‘ay Murod, tarjimayi holida. Shunga o‘xshab, meniyam muxbirlik qonim qo‘zidi. Birga-birga tuman hokimiga tikka borib, aytarimizni aytdik. Hokim uzil-kesil lafz qildi: “...yordam beramiz!” Biroq maxluqning emas, Xoliqning aytgani bo‘larkan. Shu-shu bir hafta “tinchib ketdi” tuman hokimligi. Axiyri amallab, tagiga yetdikki, hokim ham, o‘sha lafziga binoan biriktirilgan masʼullar ham “kovid”ga chalinib qopti. Shartnoma muddati esa tugab borardi. Boshqa yo‘llarini axtardik. Va quyosh Kun.uz saytidan chiqdi! Aniqrog‘i, saytning Samarqand bo‘limida Haqni tanigan, oxiratini bu dunyoning “qilpang-jilpang”iga alishmaganlar bor ekanki, jo‘ramiz o‘qishiga zarur bo‘lgan yarim yillik shartnoma pulini – uch yarim million so‘mni ehson etishdi!..
Qolgan yarmiga, lafzidan chiqqan holda, tumanimiz hokimi yordam berdi. O‘-o‘, jo‘ramizning shodligi dunyolarga sig‘masdi! Turib-turib hokim nomiga “Tashakkurnoma” yozmoqchi bo‘ladimiyey. “Kelishtirib bir rahmatlarimdi yozib senga bersam... sen uni gazitga bersang... qanday bo‘ladi, oshna?” derdi, o‘zicha hapqirib. Kulimsib, yelkasiga qoqardim:
– ...yo‘q, jo‘ra! Men o‘z vazifamni bajarib bo‘ldim. Hokimam o‘zining vazifasini bajardi... Mayli, duo qil, hurmat qil, joyi kelsa, bahosini qil... Boshqasi ortiqcha, deb o‘ylayman...
– Shundayliqqa shunday-ku... In-ndamay ketishgayam bet chidamayapti-da... – o‘yga cho‘mib qolardi.
Indamay ketmadi, darhaqiqat. Bir yakshanbada uyg‘onib qarasam, uyimizdagi pechga dadam tappi qalayapti. Tappiki, barkashday-barkashday. Bilsam, uxlab yotganimda, u katta xalta to‘la tappini yelkalab keptiyu supaga suyab, qaytibdi. Kirmabdi, meni uyg‘otishlariga ham ko‘nmabdi. Tavba, o‘zi-ku uyidagi pechga eski-tuski poyafzallarini yoqib o‘tirgandi...
Sessiyasini yopdi. Ulgurdi... Taassufki, yana ketdi o‘qishidan. To‘lashga pul topmaganini vajh etdi dastlab. Keyin amaliyoti o‘xshamaganini ro‘kach qilib yurdi. Nihoyati, yorilgan bo‘ldi:
–...e-e, “zauchniy” o‘qisham o‘qishma?! Olti oyda bir borib, qog‘az to‘ldirib qaytasan, bo‘ldi..? A, men, masalan, zavudda ishlashim kerak bitirganimdan keyin. Baloniyam tushunmiyman lekin, soham bo‘yicha. Ottikiday kantrakt pulini oganga yarasha bilimam bermaydima? Bunda-ay o‘tqizib tushuntirmaydima, nima nimaligini? Yo davlat faqat pul olish uchun ochdima “zauchniy”di?..
Nimalarnidir tushuntirishga chirandim o‘zimcha. Yarim kun so‘kishdik uyida. Befoyda. Tashqarida esa qor yiltirardi – “anomal sovuq”...
Tunov kuni ishdan qaytarimda ko‘rib qoldim. U meni ko‘rib qoldi, to‘g‘rirog‘i. Vatan tiklayotgan bir hamsoyamiz qurilish mollarini “ZIL”ga orttirayotgan ekan, ota uyi oldida. Tepada ikkitasi, pastda ikkitasi, “taraq-turuq” aralash “ha, bo‘l”lardi. Kimdir chaqirganday bo‘ldi. To‘xtadim. Dunyo chang ichidan bittasi tirjayib, shusizam qisiq ko‘zlarini yanayam qisgancha chiqib kelardi. Ust-boshiyu aft-angoriyam changga bearmon botgan o‘sha qoruvli jussa bilan quloch yozib ko‘rishdik:
– ...ustim rasvo-da, lekin, jo‘ra, – deb qo‘ydi quchishdan oldin.
– A, nichevo (...ichimdan tozaroq shu usting, jo‘ra!), – deb qo‘ydim, shartta bag‘irlasharkanman.
– Ishdanma? – samimiy so‘roqlashda davomladi.
– Ishdan (...baloyam qilganim yo‘q, jo‘ra, bo‘m-m-bo‘sh o‘tyapti kunlarim).
– Qanday o‘tdi kuning? – ortida chaqirayotganlarga qo‘l siltab qo‘yib, hol-ahvolladi yana.
– Bir mo‘ltaniqishloq asvalt bo‘pti. Shuni yoritdik bugun. Odamlarida qaytish yo‘g‘akan, ammo. “Ko‘chalarimizni-ku o‘ttiz yilda asvalt qildinglar, hay, maktab qachon bo‘ladi endi? Uni qancha yil kutamiz?”, deydi, – dedim gurungchaga, aslan o‘zimga biroz shukuh berish uchun.
– Shu mo‘ltanilar haqida zo‘r gaplarim bor. Biran kun aytib beraman... Mayli, jo‘ra-a, omon bo‘(l)! – dediyu to‘zonli tirikchiligiga singib ketdi.
Hozir shaloq veligini sudrab, tog‘ oralab ketib borayotgandir, ehtimol. Yoki Temurbekini yelkala-ab, ota-bola aylanib yurgandir. Balki qishloqning qaysidir xilvatidagi toshtegirmonda navbat kutib o‘tirar. Tegrasidagi qay bir “tillachi”ga tarixdan kuyib-pishib, vaʼz aytayotgan bo‘lsa ham ajabmas: “...shunday qip Amir Temur otig‘a shappa minganda, cho‘ldi o‘-o‘rtasig‘a borip, qumg‘a cho‘k tushgan. Xudog‘a so‘z bergan, endi ichkilik-pichkilikdi tashayman, xotinlarimg‘a haptasig‘a bir marta jaqinlashaman, degan!”
Uning tilida, uning talqinida tarixiy shaxslar go‘yo bir qo‘shnisidek qad rostlaydi. Ular to‘g‘risida ko‘zi bilan ko‘rgandek, zarracha gumonsiz gapiradi. Qo‘liga tushgan kitobni, ilmi zo‘r Temurshunosnikimi u, shunchaki “temirchi”nikimi u... ishonib o‘qiyveradi. Ishtaha bilan o‘qiydi. So‘ng, mavrid-bemavrid, aytib berishga tushadi. Beg‘araz so‘zlarini tinglab, tang qotadi, kishi. Temur o‘lmagandek xuddi. Uzo-oq bir o‘lka fathiga ketganu, erta-indin qaytadigandek... Ha, uningcha, Sohibqiron ham, Mirzo Ulug‘bek ham, hazrat Navoiy ham, shoh Bobur ham... “o‘lmaydigan jon”lar! O‘LMAS jonlar...
Sherbek BOBOQULOV
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q