O‘zining kuch-qudratini har sohada dalillashga va ko‘z-ko‘z etishga odatlangan AQSh va Buyuk Britaniya hamkorligida yaratilgan navbatdagi hayratlanarli film joriy yilning iyul oyida ekranlarga chiqarildi. Rejissor va ssenariynavis Kristofer Nolan AQShning harbiy sohada tengsiz ekanligini jahonda tan olinishiga sababchi bo‘lgan fizik olim Robert Oppengeymerga bag‘ishlangan filmi bilan Gollivudning kino sanoatidagi mahobatini yanada kuchaytirdi. “Oppengeymer” biografik dramasi atrofida yuzaga kelgan turli shov-shuvlar haqiqatga yaqinmi yoki barchasi reklamaning navbatdagi hiylasimi? Oyina.uz bugun shu xususda so‘z yuritadi.
Tarixga ekskurs
AQSh tomonidan 1945-yil 6-9 avgust kunlari Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga tashlangan atom bombasi hanuzgacha insoniyatga nisbatan cheksiz vahshiylikning ochiq namunasi sifatida baholanadi. “Kichkintoy” va “Baqaloq” deb nomlangan ikki atom bombasi soniyalarda 140 000 ga yaqin inson umriga zomin bo‘lgan bo‘lsa, uning asoratidan yana shuncha odam erta olamdan o‘tdi. Hozirgacha, o‘sha mash’um kunning oqibatidan aziyat chekayotgan insonlar mavjud. Lekin bu bombalar AQSh kuch-qudratini jahon arenasida yanada mustahkamlab olishiga asos bo‘lgani ham haqiqat va hanuzgacha bu davlat ahloqiy normalarni ortga surib, mag‘rurlik shohsupasidan tushmay keladi. 2015-yilning 6- avgust kuni bombani tashlashga buyruq bergan AQSh prezidenti Trumenning nabirasi – Deniel Klifton Trumen “bobom umrining oxirigacha Xirosima va Nagasakiga tashlangan bomba to‘g‘ri ish bo‘lgan va AQSh buning uchun hech qachon uzr so‘ramaydi, deb hisoblagan”, deya e’lon qilgani fikrimizga dalildir.
Tarixning mayda ikir-chikirlariga qiziqmagan kishi bomba nima uchun aynan Xirosima va Nagasaki shaharlariga tashlanganini bilmasligi mumkin. Aslida, Germaniya boshlagan Ikkinchi jahon urushi bilan oldinma-ketin Yaponiya ham 1941-yil 7-dekabrda AQShning harbiy dengiz floti joylashgan Perl Xarborga kutilmaganda hujum qiladi. Yaponiyaning ogohlantirmasdan boshlagan mazkur harakati AQShning Ikkinchi jahon urushiga qo‘shilishiga sabab bo‘lgan edi.
1942-yil 13-avgustda rasman ishga tushgan Manxetten loyihasi doirasida yadroviy qurol ustida AQSh, Yevropa va Buyuk Britaniyadagi eng kuchli olimlar ishtirokida juda katta ish olib boriladi. 1943-yilga kelib AQShning Nyu-Meksiko shtatidagi Los Alamoss shahrida (u paytda kimsasiz tashlandiq joy bo‘lgan) Robert Oppengeymer taklifi bilan shaharcha bunyod etilib, atom bombasini ishlab chiqish uchun yashirin laboratoriya tashkil etiladi. Nihoyat, Perl Xarbordagi hodisadan 4,5 yil o‘tib, AQSh atom bombasi bilan Yaponiyadan o‘chini oldi. Soniyalarda ikki yirik shahri kunpayakun bo‘lgan Yaponiya hukumati 1945-yilning 15-avgustida taslim bo‘lganini e’lon qildi. Shu tariqa, 1945-yilning 2-sentabrida Ikkinchi jahon urushi rasman tugatilganligini tasdiqlovchi akt imzolandi. Yaponiya kapitulyatsiyasida atom bombalarining o‘rnini yuksak baholagan AQSh portlashlarda ahloqiy jihatdan o‘zini aybdor hisoblamagan.
“Men borliqni yo‘q qiluvchi o‘limman”
Oppenheimer – tarixiy biografik drama;
Davlat: AQSh va Buyuk Britaniya;
Hajmi: 180 daqiqa;
Byudjet: 100 mln dollar;
Ssenariy muallifi va rejissor – Kristofer Nolan;
Bosh rolda – Killian Merfi;
Yetakchi rollarda – Emili Blant, Mett Deymon, Kichik Robert Dauni, Florens Pyu, Rami Malek, Nari Oldman.
Film Kay Berd va Martin Dj.Shervinning “Oppengeymer. Amerikalik Prometeyning g‘alabasi va fojiasi” asari asosida yaratilgan. Har doimgidek, bu filmning ham ssenariysini o‘zi yozgan Kristofer Nolan “Oppengeymer”da ham boshlamani folklordan boshlaydi: insoniyatga olovni taqdim etgan Prometey bu ishi uchun xudolar tomonidan umrbod jazoga mahkum etildi. “Atom bombasining otasi” hisoblangan Robert Opppengeymerni go‘yo Prometeyga mengzagan rejissor, avvaliga qilgan xizmatlari uchun ko‘klarga ko‘tarilgan, keyinchalik esa josuslikda ayblanib, AQSh davlati tomonidan ta’qibga uchragan va mahfiy hujjatlardan foydalanish huquqidan mahrum etilgan fizik olimga bo‘lgan o‘zgaruvchan siyosiy munosabatning sabablarini izlaydi.
Oddiy talabalik vaqtidan to prezident Trumen bilan uchrashuvgacha bo‘lgan vaqt qamrab olingan davrda Oppengeymer tomoshabin ko‘z o‘ngida o‘sib boradi. Parcha-parcha epizodlardan iborat bosh qahramon hayotini yoritishda K.Nolan mashhur fizik olimni muntazam qiynab kelgan ruhiy zo‘riqish (psixoz) uning butun hayotiga salbiy ta’sir qilganini ham ob’yektiv ifodalashga harakat qiladi.
Oppengeymer atom bombasini yaratishga bosh qo‘shganida bu bomba fashistlar boshlagan urushni tugatishiga ishongan edi. Shuning uchun ham mahfiy loyihaga rahbar etib tayinlangach, birga o‘qigan, ishlagan do‘stlari va o‘zi o‘qitgan shogirdlaridan iborat fizik olimlar guruhini loyihaga jalb etishda dunyoda uzil kesil urush tugatilishiga ular sababchi bo‘lishlari mumkinligiga barchani ishontiradi. Haqiqatan ham maqsad aslida shunday edi. Bomba qanchalik tez tayyor bo‘lsa, urush ham shunchalik tez tugashiga loyiha ishtirokchilari (umumiy hisobda 4000 dan ortiq) ishongan edi. Ammo 1945-yilning iyul oyiga kelib, nihoyat atom bombasi tayyor bo‘lganida, fashizm ustidan deyarli uzil kesil g‘alaba qozonilgandi. Yaponiya va AQSh o‘rtasida davom etayotgan urush esa yangi ixtironi qayerda sinash mumkinligini ochiq ko‘rsatib turardi.
Kristofer Nolan asar fabulasini uch yaxlit bo‘lakka bo‘ladi: Oppengeymerning olim sifatida shakllanishi – bomba yaratilishi – ayblov jarayoni. Lekin bo‘laklangan syujetlar davriy izchillikda berilmaydi. Aksincha, muallif sabab va oqibat kategoriyasi asosida Oppengeymerning to‘g‘riso‘zligi, bilimi, obro‘-e’tibori, ba’zida esa shuhratparasligi ham unga nisbatan ayblovlarning ko‘payishiga sabab bo‘lganini xolis kuzatuvchi nazari bilan yoritadi. Har bir ayblov yuzasidan so‘roqqa tutilgan guvohlar, oqlovchi va qoralovchilarning Oppengeymer shaxsiga bo‘lgan munosabatini ayblanuvchi va boshqalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan qandaydir arzimas, ayni paytda dalil bo‘lib xizmat qilayotgan voqea bilan bog‘laydi.
Nihoyat, 1946-yil 16-iyulda bomba sinab ko‘rildi. Yangi ixtiro – uzoq muddat kutilgan, lahzada borliqni yo‘q qilib yuborish qudrati bilan o‘z ijodkorlarini-da dahshatga soladigan ATOM BOMBAsi o‘sha Nyu-Meksiko shtatidagi Jornado del Muerto cho‘lida sinab ko‘rildi. Hayajonli daqiqalar, “yo hayot, yo mamot” lahzalari, to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ish qilingani o‘rtasidagi dilemma hammasi birlashib, portlash sodir bo‘ldi. “Men borliqni yo‘q qiluvchi o‘limman” – hind eposi «Bhagavadgita»ni asliyatda o‘qiy olgan Oppengeymerning xayoliga chaqmoq tezligida kelgan bu so‘zlar o‘sha soniyalarda g‘alaba nashidasidan masrur olimni hayron qoldirmadi...
Sinov muvaffaqiyatli o‘tdi. Ko‘p o‘tmay, yana ikki bomba o‘z vazifasini bajarishi uchun olib ketildi. Keyin kutish... Oppengeymer kutgan narsa – bombaning muvaffaqiyatli natijasi edi. Ha, Xirosima va Nagasakiga tashlangan atom bombalari kutilganidan ham “a’lo” natija berdi. Qo‘rquv nafaqat Yaponiya hukumatini, balki uzoq vaqt buyuklikka da’vogarlik qilib kelgan boshqa davlatlarni ham dahshatga soldi. Oppengeymer shu tariqa AQShning Prometeyi bo‘lib mashhurlikka erishdi. Biroq... Oppengeymerning favqulodda ideal qahramonga aylanishi uning ichki “meni” bilan kelisholmay qoldi. U bir qarasa odamovi, bir qarasa manman, yana bir qarasa yig‘loqi kimsaga aylandi. Atom bombasidan o‘lgan va o‘layotgan odamlar soni ortgani, vahimali asoratlarni o‘rganish kuchaygani sayin, hisobotlarni ko‘rish yoki tinglash jarayonlarida Oppengeymerning ichki “meni” bosh ko‘tarardi. U kuyib kul bo‘lgan yaponiyaliklarning tanalariga ham, oq qon kasalligi ko‘payayotgani haqidagi hisobotlarga ham na qarar, na fikr bildira olardi. Ammo o‘zi sababchi bo‘lgan “yadro qo‘ziqorini”ning oqibatlarini eshitar ekan, yana o‘sha fikr ko‘nglidan o‘tardi: “Men borliqni yo‘q qiluvchi o‘limman...”. Endi U, yadro quroliga qarshi guruhlar tomoniga o‘tib, atom bombasi insoniyatning dushmani ekanligi, unga qarshi kurashish kerakligi to‘g‘risida ma’ruzalar o‘qirdi...
Hayotiy faktlar va bilganlarning guvohligiga asoslangan filmda Oppengeymer AQSh prezidenti Harri Trumen bilan uchrashadi. Trumen o‘z fuqarosini olqishlar ekan, bu ishni yana davom ettirishga da’vat etgandek bo‘ladi. Ammo Oppengeymerning mahzunligidan hayratlanadi. Oppengeymer esa prezidentni xuddi o‘zining sirdosh do‘stidek ko‘rib, qalbidagi og‘riq azobini yashirmaydi: “men o‘zimni, go‘yo qo‘llari qonga botgan insondek his etyapman...”. Trumen: “janob Oppengeymer, siz bombani yaratdingiz xolos, uni portlatgan esa bizmiz...”, deya, istehzo bilan javob beradi. “Boshqa bu yig‘loqini meni yonimga yo‘latmang!”, buyuradi Trumen Oppengeymer bilan gapni cho‘zishni istamay.
Oppengeymer Nolan talqinida
180 daqiqa davom etadigan film yaratilishiga qancha mablag‘ ketgan bo‘lsa, uning reklamasi uchun ham shuncha pul ketdi. Kristofer Nolan bu filmi bilan qanday yangilik qildi? Har holda, u mahfiylikni ochiqlagani yo‘q – Oppengeymer bilan bog‘liq ko‘plab faktlar allaqachon, jamoatchilikka ma’lum edi. Atom bombasi ustidagi munozaralar ham hanuz tinmagani ortidan, yangi-yangi faktlar har yili e’lon qilinadi.
Bu savolga quyidagicha javob berish mumkin:
1. Nolan o‘z ijodiy nuqtai nazari bilan Oppengeymer ham oddiy inson bo‘lganini ko‘rsatishga urindi;
2. Oppengeymer shaxsi va bomba yaratilishi bilan bog‘liq faktlar, voqealarga tayanib, odamiylik va siyosat bir-biriga zid tushunchalar ekanligini yangi rakursda ko‘rsatdi.
Nolan bu filmida kompyuter grafikasidan butunlay voz kechdi. Hatto, atom bombasining ilk marta portlashi jarayonini ham naturada suratga oldi. Zamonamiz tempo ritmiga mos ravishda montaj qilingan kadrlar rassom-rejissyor-operator-aktyor va barcha ijodiy guruh hamkorligida maromida suratga olindi. Kristofer Nolan axloqiy normalarga ortiqcha urg‘u bermagan bo‘lsa-da, ayrim kadrlar kompozitsiyasi tomoshabin xotirasiga muhrlanib qoladigan darajada yaratilgani rejissorning qaysi pozitsiyada turganini ochib beradi. Jumladan, hammasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgach, Oppengeymer loyihaga bevosita va bilvosita ishtirok etganlar oldida nutq so‘zlaydi. “Biz yutdik!”, deya tantanavor nutq so‘zlagan “atomning otasi” gulduros qarsaklar ostida minbardan tushar chog‘ida, oyog‘i ostida ko‘mirga aylangan inson tanasini g‘archillatib bosadi. Cho‘chib ketgan Oppengeymer endi atrofiga boshqacha nazar bilan qaraydi. Hozirgina hammadan ko‘p g‘alabani olqishlayotganlar, endi juda qattiq qayg‘uga botganini ko‘radi. Shu tariqa, rejissor nafaqat fizik olimga munosabatini, umuman, mana shu hodisaning o‘ziga, uni olqishlagan insonlarga ham bo‘lgan munosabatini ifodalab, bomba portlashidan eng ko‘p quvongan qalb eng ko‘p qayg‘urganiga urg‘u beradi.
Yana bir sujetda kechagina olqishlarga ko‘milgan Oppengeymer ketma-ket shaxsiy va siyosiy savollar qurshovida turar ekan, u o‘z hissiyotlarini boshqara olmaydi. Bu ko‘rinishda uning buyukligi yo‘qolib, yig‘loqi va qo‘rqoq inson sifatida ayanchli ko‘rinadi. Rafiqasi esa uning bu holatidan ijirg‘anar ekan, “ular bizning yotoqxonamizdagi ichki ishlarimizga qiziqyapti, sen esa barchasini aytib beryapsan. O‘zingni qo‘lga ol”, desa-da, u baribir o‘zidan yuqorida turgan kuchlarga bas kelolmaydi...
Inson omili har yerda ustunlik qiladi. Oppengeymerga tirkalgan ayblarni tasdiqlash uchun so‘roqqa chaqirilgan hamkasblarning asl niqobi ochilar ekan, fizik olim olimlarga xos ko‘ngilchanligidan voz kechmaydi. Unga qarshi guvohlik bergan “do‘st”lari munofiqlarcha uzatgan qo‘llarni siqib qo‘yaveradi. Rafiqasi esa eriga tuhmat qilganlarga nega u yana qo‘l uzatishini tushunmaydi...
Filmda atom bombasining oqibatlari emas, uning yaratilishiga sababchi bo‘lgan insonning kelgusi hayotidagi talato‘plar birlamchi turadi. Oppengeymerning kimligi, u boshchilik qilgan fizik olimlar guruhi haqida katta axborot berilgani bilan, urush va odam, insoniyat va tinchlik mavzusi yuzasidan didaktik axborotlar berilmagan. Buni Nolan o‘z filmiga asos qilib olgan kitobdan ko‘p ham uzoqlashmagani bilan asoslash mumkin.
Kristofer Nolan Oppengeymerning fizik ixtirolari bilan bog‘liq ilmiy fikrlarini yoritish bilan birga, uning hassos qalb egasi bo‘lganiga ham alohida to‘xtaladi. Nolanning ko‘proq kompter grafikasi yordamida yaratilgan avvalgi filmlaridan farqli tarzda, “Oppengeymer” filmida hayotning real aksini ko‘rish mumkin. 3 soat davom etib, ongimizni cheksiz savollar girdobiga tashlagan voqealar pirovardida hammasiga HASAD sababchi bo‘lganini ochiqlaganida, kishini g‘alati hissiyotlar chulg‘aydi. Oppengeymerning davlatga hiyonat qilganlikda (bomba yaratilishiga oid hujjatlarni sovetlarga sotgan, degan ayblov), antiatom guruhiga qo‘shilganlikda va kommunistlar bilan aloqada bo‘lganlikda (Oppengeymerning sevgilisi Djin Tetlok kommunist bo‘lgan) ayblanishi AQSh davlatiga xoinlik qilish bilan barobar edi. Uzoq muddat olib borilgan tekshiruvlarda uning oilasi, advokati va rahbari Lesli Grovs (Manxetten loyihasining harbiy rahbari) himoya qildi, xolos. Qolganlar esa inson omiliga xos – qo‘rqoqlikdan voz kecholmadilar.
Filmning sujet qurilishida so‘z – dialog, savol-javob, monolog, bahs-munozara, ilmiy tortishuvlar juda ko‘p. Aynan shu narsa zamonaviy kino san’ati voz kechayotgan xususiyat. Lekin “Oppengeymer”da so‘z va tasvir munosabatlari shunday qurilganki, tomoshabin nafaqat so‘zni tushunishga, hodisaning mohiyatini anglashga jiddu-jahd bilan harakat qiladi. Chunki badiiy to‘qima emas, tarixiy haqiqat rejissor K.Nolan uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi aynan shu asarida yaqqol namoyon bo‘ldi. Hatto, o‘z HASADi ortidan Oppengeymerning boshiga balo yog‘dirgan uning DO‘STI Lyuis Shtrauss haqidagi haqiqatlar ham filmda ochiq berildi. AQSh davlati uchun munosib xizmatlar qilgan Lyuis Shtraussning asl qiyofasini ko‘rsatishdan cho‘chimagan Kristofer Nolan nihoyat, tarixiy filmlarni suratga olishda badiiy to‘qimaga urg‘u berish foydasiz urinish ekanligini yana bir bor isbotladi (P.S. Ko‘p tarixiy filmlarni yaratishda, ayniqsa sobiq sovet respublikalarida asl haqiqat buzilib ketishi ko‘p kuzatilgan).
Oppengeymer har bir savolga to‘g‘ri javob beradi. Hatto, intim munosabatlarini batafsil hikoya qilishi oilasi bilan ajralish havfini tug‘dirsa-da, u yolg‘on gapirmaydi. Kristofer Nolan so‘zga ko‘chishi og‘ir bo‘lgan holatlarda ustalik bilan tasvir yaratadi: Oppengeymer aynan so‘roq berayotgan xonada Djin Tetlok bilan ishqiy munosabati ko‘rsatiladi. Rejissor, ayol va erkakka baqrayib qarab o‘tirgan kuzatuvchilar va rafiqasining nigohi orqali bir tomondan, yashirilishi kerak bo‘lgan sirlarni hammaga so‘zlab berayotgan insonning yolg‘on so‘zlay olmasligini ko‘rsatsa, boshqa tomondan psixoz kasalligidan a’ziyat chekkan olimning ilojsizligidan boshqalar nima foyda olishlari mumkinligini tushunmaydi. Tez-tez oq-qora kadrlarning rangli kadrlar bilan almashinib turishi bir tomondan film voqeligining haqqoniyligiga ishonch uyg‘otsa, ikkinchi tomondan davrning kulrang tumandek ochiqlikdan holi bo‘lganiga ishora sifatida qabul qilish mumkin.
So‘ng so‘z o‘rnida Kristofer Nolan o‘z atrofiga to‘plagan ijodkorlar mahorati haqida alohida fikr aytishga ehtiyoj sezayotganimizni yashirmaymiz. Ayniqsa, bosh rollar ijrochilari: Killian Merfi (Oppengeymer), Emili Blant (rafiqasi), Mett Deymon (general), Florens Pyu (Djin Tetlok), Robert Dauni-mladshiy (Lyuis Shtrauss) haqida uzoq gapirish mumkin.
So‘zimiz avvalida aytganimizdek, “Oppengeymer” filmi atrofidagi shov-shuvlar reklamaning kuchigina emas, haqiqatan ham bu filmning har jihatdan (aktyorlik mahorati, operatorlik, rassomlik, musiqiy bezak, montaj, ovoz rejissorligi va h.z.) yuksak darajada ekanligini bildiradi.
Shohida ESHONBOBOYEVA.
Oyina.uz
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Baxtiyor
22:08 / 08.08.2023
Ajoyib maqola boʻlibdi. Erinmay oʻqib chiqdim👍