Ishsizlik, monopoliya, korrupsiya... bularni haybarakalla qilishni o‘zimiz ham amallaymiz, biz aytolmayotgan gaplarni ayting!


Saqlash
22:08 / 04.08.2023 714 1

Ijtimoiy tarmoqlar allaqachon jamiyatning ahvol-ruhiyasini ko‘rsatuvchi barometrga aylangan: simob ustuniga boqib, odamlarning bugungi kayfiyati, dard-u iztirobidan voqif bo‘lish mumkin. Balki shu boisdir, zamonamiz ishboshilari, qudrat egalari ham katta-kichik masalalarda virtual dunyo “suvoriy”lari – blogerlarning fikriga qaragan...

 

“Facebook”, “Telegram”, “Twitter” kabi platformalar munozara, munoqasha maydoniga aylangani haqrost. Tushovlardan xoli makonda qadim va jadid, muhofazakorlik va novatorlik, ma’rifat va jaholat ayovsiz jangga kirishgan. Gohida kurash shu qadar avjiga chiqadiki, ijtimoiy tarmoq mushtariysi o‘zini shiddatkor to‘lqinlar o‘rtasida qolgandek his etadi.

 

Majallamizning ushbu sonidan boshlab “Kurashadi ikki to‘lqin” rukni bilan internetda faol qalamkashlarning bitiklarini chop etib borishga qaror qildik. Yangi ruknning ilk mehmoni jonkuyar ziyoli, hozirjavob publitsist Alisher Nazar bo‘ldi. “Firqasiz” muallifimizning ayrim fiqralari bahstalab tuyular. Bu o‘rinda eski naqlni yodga olmoq ma’qul ko‘rinadi: haqiqat bahslarda tug‘ilgusi!..

TAHRIRIYAT

 

 

Qo‘rquv sindromi

 

Bekat yonida turgan yo‘l-patrul xizmati xodimini ko‘rib yuragim shuv etdi. Yaqinlashib borsam, yong‘in xizmati xodimi ekan. Birdan o‘ylab qoldim: nega qo‘rqib ketdim? Qoidani buzmadim, hujjatlarim joyida bo‘lsa! Xo‘sh, qo‘rquv qayerdan keldi?..

 

Ishxonaga kirishim bilan xodimlardan biri qo‘limga xatjild tutqazdi:

 

– Soliqdan ekan...      

 

Yuragim shuv etdi. Shosha-pisha xatjildni yirtdim. Xat korxonamizda amalga oshiriladigan innovatsion g‘oyalarga amaliy yordam berilishi haqida ekan. Juda soz-da! Lekin... nega soliq idorasi daragini eshitib ko‘nglimga hadik oraladi? Davlatdan qarzim bo‘lmasa, soliqni vaqtida to‘lab borsam!

 

O‘zimdan o‘zim xafa bo‘lib ketdim. Nega bunaqa qo‘rqoq bo‘lib qoldim? Bu tuyg‘u yurakka qachon in qo‘yib ulgurdi? Har narsaga shuv etib ketaversa, bevaqt to‘xtab qoladi-ku!

 

Shu xayollar og‘ushida o‘tirgan edim, g‘iyq etib eshik ochildi. Cho‘chib tushdim. Qiya eshikdan xatjild bergan xodimning boshi ko‘rindi. U ko‘zi bilan birov kelganini ishora qilardi. Yuragim yana shuv etdi.

 

– Kim?! – dedim shivirlagancha. Nega bunday ohangda so‘zlaganimni o‘zim ham bilmayman.

 

Xodim ortga tisarildi-yu ostonada xotin paydo bo‘ldi. Qo‘lida odatdagidek ikkita sumka!

 

– Bozordan qaytayotgan edim, birrov mo‘ralab o‘tgim keldi. Yaxshi ishlayapsizmi?

 

Xonim yo‘l-yo‘lakay ishxonamga bir kirib o‘tay debdi. Bor-yo‘g‘i shu! Lekin... anavi xodimning “keldi” ishorasidan nega qo‘rqib ketdim? O‘z ishxonamda, o‘z jamoamda, o‘z vatanimda bo‘lsam; o‘g‘rilik qilmayotgan, birovdan pora olmayotgan yoki davlatning pulini “tuya” qilmayotgan (amaldor emasman-ku!) bo‘lsam, nega qo‘rqaman, axir?!

 

Qo‘lim ishga bormadi. Ko‘ngilga yaqin birov bilan gaplashib o‘tirgim keldi. Telefonimni titkilib, do‘stlardan biriga xabar jo‘natdim: “O‘rtoq, ishingni yig‘ishtir, bir joyga boramiz!” Xabar yetib borishi bilan telefonim jiringladi.

 

– Ha, tinchlikmi?!

 

– Tinchlik, tinchlik, seni tushlikka olib bormoqchi edim.

 

– O‘rtoq, shuni aytmaysanmi! Nima ekan deb, yuragim orqaga tortib ketdi-ya!..

 

 

Ajriqdek ildiz otgan...

 

Qurbaqani qaynoq suvli idishga tashlasangiz, bir sakrab chiqib ketadi. Agar uni sovuq suvga solib, seki-i-in qizdira boshlasangiz, jonivor sezmay qoladi va pirovardida bir-ikki soatda “pishadi­qoladi”.

 

Ahvolimizga qarasam, sovuq suvga tashlangan o‘sha qurbaqa yodga keladi. Tagimizdagi “olov” – ajriqdek ildiz otib ketgan korrupsiya, tomiri yantoqdek suvga yetgan monopoliya, o‘rgimchak to‘ridek qoplab olgan maddohlik... Sezyapsizmi, bu “olov”da allaqachon qaynay boshladik!

 

Bultur test sinovida yarim milliondan ziyod abituriyent 60 ball ham to‘play olmadi. Bu hol sizni bezovta qilmayaptimi? Ayrimlar natijaning bu qadar ayanchli ekanini savollarning qiyinligi-yu sharoitga bog‘lamoqda. Bo‘lmagan gap, bolalarimizning saviyasi, savodxonligi o‘zi shu! Bu yarim million qayoqqa borar ekan endi?

 

Hech bir zamon va makonda xalq ommaviy ravishda savodxon bo‘lmaydi, albatta. Ammo bu qadar savodsiz ham bo‘lmaydi-da. Tahlikali, xatarli bu! Natijalar allaqachon ko‘rinayotgandek. Yaqinda Toshkentda 18 yashar bola o‘z onasining joniga qasd qildi. Qashqadaryoda bir to‘da 18 yoshlilar tengdoshini o‘rtaga olib, kaltaklab o‘ldirdi. Buxoroda 18 yashar qiz tug‘ib, bolasini hojatxonaga tashladi. Mana, “yarim million”ning karomati!

 

Nazarimda, savodxonlik masalasida ommaviy safarbarlik e’lon qilish vaqti keldi. Har haftada yangi institut ochish shart emas. Bularga ketayotgan mablag‘, e’tibor, kuch tashqaridan mutaxassis yollash va talabalarni nufuzli xorij universitetlariga jo‘natishga qaratilishi lozim. Teleradiokompaniyalar, kinoshirkatlar va jamiyatga nafi tegmayotgan boshqa idoralarga har yili ajratiladigan milliard-milliard pulga rivojlangan mamlakatlardan minglab kadr yollash yoki ko‘plab talabalarning xorijda o‘qishiga imkon yaratish mumkin.

 

Safarbarlikka o‘zini shu millatga, shu vatanga daxldor sanagan katta-katta korxonalar, kompaniyalar, banklar ham jalb qilinishi kerak.

 

Bir zamonlar jadid bobolarimiz “Ko‘mak” degan uyushma tuzib, 70 nafar bolani olmon zaminiga o‘qishga yuboradi. O‘sha kezlar Germaniyada Rossiyadan o‘n ming, Yaponiyadan to‘rt ming, Turkiyadan uch ming talaba tahsil olgan ekan. Bizdan bor-yo‘g‘i 70 ta talaba jo‘natilgan, bu sho‘rliklar ham keyinchalik kommunistlar tomonidan “chet el josusi” deya otib tashlangan.

 

Xullas, tub islohotlar deb o‘zimizni o‘zimiz ovutib yuravermaylik. “Twitter”ning blokdan chiqishi ham, qaysi bir tumanda “Yagona darcha”ning ochilishi ham “tub islohot mevasi” bo‘lib ketmasin! Aslida, bo‘lishi kerak bo‘lgan ishlar-ku! Ko‘prik qurish, yo‘lni sozlash, siti barpo etish islohot emas, ammo boyagi “yarim millionli armiya”ni ma’rifatli qilish – chin islohot!..

 

 

Turmush – to‘rt musht

 

Shom quyilib keladi. Qo‘rada qo‘y-qo‘zilar ma’rashi... baqir-chaqir... hoy-huy... Tanish va qadrdon manzara...

 

Gurullab pechka yonadi. Og‘ilxona isini taratgancha bir etak bola birin-ketin kirib keladi. Yuz-boshini jun ro‘mol bilan tang‘ib olgan yanga pechka atrofida kuymalanadi.

 

– Bugun kelishingizni bilmabmiz-da, sutda oshqovoq qaynatayotgan edik, – deydi yanga xijolatdan qizarib.

 

Uy to‘rida lo‘labolishga suyangan aka ko‘zlarini bir nuqtaga tikkancha jim o‘tiribdi.

 

– Bilasiz-ku, kadini yaxshi ko‘raman, – deyman ataylab xijolatpazlikni tarqatish uchun.

 

Shu payt lip etib chiroq o‘chadi. “Hah, o‘lsin, kunora shu ahvol!” deb yozg‘iradi yanga.

 

– “Dvijok”ni qo‘sh...

 

Ko‘p o‘tmay uy yorishadi. Birovi burchakdagi televizorning qulog‘ini buraydi.

 

– Sizlarga ushbu taomning tayyorlanish retseptini yana bir bor eslatib o‘tamiz, – deydi ekrandagi go‘zal qiz quvnoq ovozda.  –   Demak, bizga 500 gramm lahm go‘sht, 200 gramm zaytun yog‘i, 200 gramm bodom, limon va qora zaytun kerak bo‘ladi...

 

Bolalar bir-biriga ayyorona iljayishadi.

 

– Nima gap? – deyman astoydil qiziqib.

 

– Biz Zayniddinni Zaytun deymiz, shunga...

 

– Qora zaytunni bilasizlarmi?

 

Bolalar yelka qisadi.

 

Shu mahal yanga oldimga bir kosa sut qo‘yadi. Ichida to‘rt-besh parrak qip-qizil qovoq.

 

Hamma jimgina ovqatlanadi.

 

– Dadasi, ertaga bozordan bir qop un olishimiz kerak, – deydi yanga jimlikni buzib.

 

– Yana bir-ikki kunga yetmaydimi?

 

– Yetmaydi, o‘tgan hafta un olmagan edik-ku...

 

Yanganing gapidan hayron bo‘laman. Bir qop un – 170 ming so‘m. Bir oyda uch qop olinsa, 510 ming so‘m!

 

– Bir oyda uch qop un, namuncha ko‘p? – deyman kulib.

 

Bu kulgi kamgap akaga yoqmaydi.

 

– Biz faqat non yeymiz, qora zaytunimiz yo‘q!

 

Yanga darrov vaziyatni yumshatadi:

 

– “Axborot”ga olinglar, yangilik...

 

– O‘chir shu “Axborot”ingni! – deydi avzoyi buzilgan aka.

 

Bolalardan biri turib televizorni o‘chiradi.

 

 

Savodsizlik balosi

 

Savodsiz mardumning uch turi bo‘ladi. Birinchisi – o‘z ahvolini bilgani. Bu toifa hadeb izdihomga o‘zini uravermaydi, ichida o‘zidan uyalish hissi bo‘ladi. Ana shu uyat unga chegarasini, haddini ko‘rsatib turadi. Nima bo‘lganda ham ko‘rpasiga qarab oyoq uzatadi.

 

Ikkinchisi – o‘z ahvolini takabburligi bilan xaspo‘shlaydigani. Bu juda xatarli toifa. Xatarli jihati shundaki, ular hech qachon oqimga qarshi suzmaydi, hech qachon tarozining yengil tarafiga chiqmaydi. Oqim bo‘ylab suzish esa kishini toliqtirmaydi, ortiqcha harakatning jilla hojati yo‘q. Eng yomoni, bular suzib-suzib davraning to‘riga chiqib ketadi. “Eh, shu kalla bilan-a!..” deb qolaverasiz. “Taka bo‘lsin   –   sut bersin” degani shu!

 

Uchinchisi, o‘z ahvolini bilmaydigan savodsiz. Bunisi endi dahshat! Qo‘liga tushib qolsangiz, amallab qochib qutulasiz. Yo‘qsa, sharmandangizni chiqaradi.

 

Imomi A’zam rahmatullohi alayh shogirdlari bilan ketayotsa, yo‘lidan bir ho‘kiz chiqib qolibdi. Hazrat ho‘kiz o‘tib ketguncha yo‘l chetiga chiqib turibdilar. Shogirdlarining ichida bir nodoni bor ekan.

 

– Hazrat, molga ham shuncha tavozemi? – debdi ajablanib.

 

Shunda u zot debdilar:

 

– Bolam, bizning aqlimiz bor, uning shoxi!

 

Aziz zamondosh, uchinchi toifani ko‘rsangiz, darhol chetga chiqing, aks holda, o‘zingizga qiyin! Chunki uning “shoxi” bor...

 

 

Bilsak edi, adashmasdik

 

Muammo xumda turgan musallasga o‘xshaydi. Vaqt o‘tgan sayin musallasning ta’sir quvvati ortgani kabi, muammoning ham ko‘lami kengayib boraveradi. Demak, qusurlarni vaqtida muolaja etmoq darkor. Musallasning quvvati ortib ketib, xum yorilganidan so‘ng sho‘rpaxta qidirmoqdan ne naf?!

 

Bugungi tahlikali zamonda odamlarimizning diniy savodxonligini yuksaltirish dolzarb masaladir. Agar sof dinimizni davlat bosh bo‘lib o‘rgatmasa, kimdir kelib “o‘rgatib” ketadi. Shunday bo‘lyapti ham. Aslida, endi kelishi ham shart emas, olis-olislardan turib “o‘qitib” qo‘yaveradi.

 

Xo‘p, nima qilmoq kerak? So‘nggi yillarda o‘nlab teleradiokanallar tashkil etildi, ammo “diniy telekanal” degan joy hamon bo‘sh turibdi. Vaholanki, bunga katta ehtiyojimiz bor.

 

O‘z an’anaviy dasturlariga ega diniy kanal tashkil etilsa, unda dolzarb mavzudagi davra suhbatlari uyushtirilsa, odamlarning iymoniga quvvat bo‘ladigan badiiy filmlar namoyish etilsa, Qur’oni karim tilovatlari qo‘yilsa, aqida, hadis, kalom ilmlaridan mav’izalar berilsa... buning hammasi o‘zimiz uchun faqat foyda-ku!

 

Bilsak, adashmaymiz, axir!..

 

 

Kimni aldayapmiz?

 

Yolg‘onning turi ko‘p: yaxshisi, yomoni, hatto foydalisi ham bor. Ammo bularning ichida kelajakka daxldorini kechirib bo‘lmaydi. Ana shunday yolg‘onlardan biri haqida aytgim keladi. Ammo... gapimni yanglish anglab, “yoshlarga berilayotgan e’tiborni ko‘rolmaslik”da ayblab qoladiganlar yo‘qmikan?.. Gap Zulfiya nomidagi davlat mukofoti haqida. Menimcha, ushbu nufuzli mukofotning nizomini o‘zgartirish kerak.

 

Birinchidan, o‘n to‘rt-o‘n besh yoshli o‘smir qizaloqqa davlat mukofoti berish mantiqan to‘g‘ri emas deb o‘ylayman. Hali hayotning achchiq-chuchugini totmagan, el-yurtga foydasi tegmagan, o‘z sohasida nimanidir yaratib qo‘ymagan o‘smirga bu mehribonchilik “og‘irlik” qiladi.

 

Ikkinchidan, mukofot noto‘g‘ri taqsimlanayotgandek. Shoira Zulfiya umrida badiiy gimnastika, kurash yoki sakrash bilan shug‘ullanmagan. Lekin aynan sport chempionlari uning nomidagi mukofot bilan siylanmoqda. Agar chempion qizlarni rag‘batlantirish kerak bo‘lsa, To‘maris mukofotini ta’sis etish kerakdir.

 

Uchinchidan, bu mukofot faqat o‘smir qizlarga xoslanishi to‘g‘ri emas. Umuman ayol ijodkorlarga berilishi lozim. Shu vaqtgacha yuzlab o‘smir qiz ushbu mukofotni oldi. Bugun qani ular, xo‘sh? Nega muhtasham adabiyotimiz sahnasida ijodni qoyillatib qo‘ygan zulfiyachilar ko‘rinmaydi? Ko‘rinayotganlarining esa robotga o‘xshab “vatanparvarlik” qilishi kishi ensasini qotiradi. Saviyasi baland ijodkor o‘zini aslo bunday tutmaydi.

 

To‘rtinchidan, mukofot nizomidagi “Oliy ta’lim muassasasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinadi” degan bandni olib tashlash kerak. Nazarimda, eng asosiy og‘riqli nuqta mana shu joyda! Agar imtiyoz bekor qilinsa, adolat bir qadar qaror topardi.

 

Alqissa, o‘zimizni aldashni bas qilaylik, o‘zimiz o‘tirgan shoxni arralashni to‘xtataylik. Endigina hayotga qadam qo‘yayotgan bolalarimizning ilk amali soxtalik, adolatsizlik bo‘lmasin! Ana shunda shoira Zulfiyaning ham ruhi shod bo‘ladi.

 

 

Hissiyotlar ko‘chaga chiqsa...

 

Tunov kuni kitob do‘konlarini aylandim. Qalamkash degani haddan tashqari ko‘payib ketibdi. Istalgan nomdagi asar, istalgan ism-sharif ostida chop etilgan kitobni topish mumkin. Dunyoni faqat otarchi emas, “e’jodkor”lar ham bosganmi deyman!

 

O‘ylab ko‘rsam, buning asosiy sababi – uyatni unutib qo‘yibmiz. O‘n sakkiz yoshda she’r yozmagan kim bor? Hamma she’r yozgan va yozadi! Lekin u bitiklar bir vaqtlar xotira daftarlarida qolar, sahifadan tashqariga chiqmoqqa uyalar, “ahvol”ini oshkor qilmoqdan andisha etar edi. Bugun andisha yo‘qolib, “hissiyot”lar ko‘chaga chiqib ketdi. Eng yomoni, nashriyotlarning manzilini bilib qoldi. Anchayin daftarbop she’rlar endi “saylanma” bo‘laman deb ko‘krak keradi! “Hoy, uyalmaysanmi?” deb ko‘ring-chi, qo‘lingizga xalq shoirining “matoh”ini tutqazadi. “Mening “mahsulotim” sifati shunikidan kammi?” deydi. Xo‘sh, bunga nima deb e’tiroz bildirasiz?..

 

 

Esizgina Vasya!

 

Bilaman, bu gapim ko‘pchilikka yoqmaydi. Ona xalqning azaliy an’analari-yu qadriyatlariga til tegizishda ayblab qolishlari ham hech gapmas. Lekin bu mavzuda fikr bildirayotganda ongli, ziyoli va musulmonga xos yo‘sinda bosiqlik bilan ish tutsak yaxshi bo‘lardi...

 

Adashmasam, olti-yetti yoshlarda edim. Uloqcham bo‘lardi. Unga ism ham qo‘ygan edim: Vasya! Bir-ikki oyli echki bolasining ko‘ziga hech qaraganmisiz? Dunyoda bunaqa chiroyli, ma’sum va beg‘ubor ko‘z bo‘lmaydi. Vasyaning ko‘zlari moviy edi. Shunaqa chiroyliki...

 

Men Vasyani har kuni onasi bilan yaylovga olib chiqaman. Uloqcha toshdan toshga sakrab, dirkillab o‘ynaydi. Yonimga yugurib keladi, suykalib, o‘zini ming nag‘maga soladi. Men Vasyani shu qadar yaxshi ko‘ramanki, jonivor tushlarimga kiradi.

 

Afsuski, Vasya bilan do‘stligimiz uzoqqa bormadi. Chunki echki bolasi juda tez katta bo‘ladi. Shuning uchun biz tomonlarda “Echki shayton bo‘ladi” deb qo‘yishadi.

 

Mening Vasyam ham tez orada katta bo‘lib ketdi. Oradan bir yil o‘tdi, uni bir necha marta sotishga harakatlar bo‘ldi, lekin azbaroyi yaxshi ko‘rganimdan Vasyani hech kimga bermadim. Jonivor soqollari selkillagan bir taka bo‘ldi, bir taka bo‘ldi...

 

Kunlarning birida tanish amaki unga xaridor bo‘lib keldi.

 

– Bahorda ko‘pkari qilaman, shu takani menga bering, – deb turib oldi. Har qancha urinmayin, gapimni o‘tkaza olmadim. Vasya sotib yuborildi.

 

Kuz-u qish o‘tib, bahor keldi. Qishloqda badabang ko‘pkarili to‘y bo‘ldi. Maydonga bordim. Chavandozlardan biri otning uzangisiga mahkam bog‘langan uloqni sudrab kelardi. Eh, ne ko‘z bilan ko‘rayki, bu Vasya edi! Ko‘zlarimga issiq yosh quyildi, tizzalarim qaltirab ketdi. Vasya, mening beg‘ubor ko‘zli Vasyam! Zum o‘tmay, uni yuzlab otlar tuyoqlari ostiga oldi, minglab tomoshabin qiyqirishga tushdi! Ikki-uch yil burun menga erkalik qilib, dirkillab o‘ynab yurgan yaylovda Vasya shu tariqa xo‘rlandi. Bechora jonivorni naqd ikki yuz chog‘li otliq goh u tarafga, goh bu tarafga sudradi. Esizgina Vasya! Sho‘rlik shuning uchungina tug‘ilganmidi?!

 

Oradan bir muddat o‘tib, Vasyani bir chetga uloqtirib, boshqa takani o‘rtaga oldilar. O‘shanda Vasyaning tepasiga borib, jonivorning ne ko‘yga solinganini ko‘rdim-u xayolimga bir savol keldi: ko‘pkarini kim o‘ylab topgan o‘zi?

 

Bu savol yillar o‘tib ulg‘aydi: ko‘pkarining ma’nisi nima? Polvonlig-u chaqqonlikni sinaydigan, namoyish qiladigan boshqa yo‘l yo‘qmi? O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, echki Xudo bergan bir ne’mat edi! Uni bir bechora-kambag‘al so‘yib yeganda, naqd bir oy ro‘zg‘ori obod bo‘lardi. Lekin halol jonliq soatlab oyoq ostiga olib tepkilandi, birorta suyagi butun qolmadi. Bir so‘z bilan aytganda Xudo bergan ne’mat uvol qilindi. Endi uni hatto it ham yemaydi.

 

Nazarimda, insoniylikka xos bo‘lmagan odatlarga asta-sekin barham berishimiz, o‘rniga yaxshilik, ezgulik taratadigan an’analar yaratishimiz lozim. “Azal-azaldan” deb katta gapirib yuborishdan oldin o‘ylab ko‘rish kerak: qachondan, kim joriy qilgan u odatni?! Uch-to‘rt asr burun bir guruh takasaltang joriy etgan ishlar ham “asriy an’ana”ga aylanib ketavermasligi kerak, axir!

 

It, qo‘chqor, xo‘roz urishtirish ham milliy o‘yinlarimizga kiradimi? Bu tomoshalar qachondan boshlangan? Ular insonga qanday qilib ma’naviy zavq bersin?!

 

Agar menga qolsa, bunaqa tomoshalarni insoniylikdan tashqari ish degan bo‘lardim. Til-zaboni, ongi yo‘q jonzotlar bir-birini g‘ajiyapti, bir-birining ko‘zini o‘ymoqda, buning nimasi yaxshi?! Shu dahshatni maroq bilan ko‘rish mumkinmi? Yaxshiki, ularning tili yo‘q, bo‘lganida, “Hoy, noinsof, seni Xudo mendan afzal qilib, mukarram qilib yaratgan edi-ku! Bu nima qilganing?” deya dod solmog‘i aniq edi...

 

 

Tarix attorlik do‘koni emas

 

Istanbuldan kelgan do‘stlar bilan Samarqand-u Buxoroni ziyorat qildik. Mo‘ysafid shaharlarimiz ularni chindan hayratga soldi. Mehmonlarning ko‘zida ikki xil hayrat bor edi. Men sizga ul hayratlarning ikkinchisi haqida aytaman. Chunki birinchisi haqida “O‘zbekiston-24” har kuni bong urib yotibdi.

 

1. Nega tabarruk masjid-u madrasalarimiz attorlar do‘koniga aylanib ketgan? Musulmon odam tahoratsiz kirishga iymanadigan dargohlarni bozorga aylantirish qanchalik to‘g‘ri? Bu hol bora-bora qadimiy binoning tarixiy qimmatini yo‘qqa chiqarmaydimi? Attorlar hatto Ismoil Somoniyning 1000 yillik qabri yonida molini yoyib o‘tiribdi!

 

2. Buxoroning tarixiy maskanlaridan biri – Ark qal’asi darvozasi yonida, devorga taqab konsert uchun sahna qilib qo‘yilgan. Aytishlaricha, vaqti-vaqti bilan konsert uyushtirilar ekan. To‘rt-besh asrlik devorlar yonida-ya! Zamonaviy sozlar ko‘p asrlik ustunlarni zirillatib yubormaydimi? Sharif maskanda konsert uchun boshqa joy yo‘qmi?

 

3. Toshkentdan Samarqandgacha transportda salkam 5 soatlik yo‘l. Shuncha masofali yo‘lda sayyohlar uchun qulaylik bormi? Nahotki, zamonaviy qo‘nimgoh qurishning iloji bo‘lmasa? Buning ortidan ham to‘rt-besh kishi ishli bo‘lishi mumkin-ku!..

 

 

Har amalning o‘z o‘rni bor

 

Har yili haj mavsumi boshlanishi bilan bir gap o‘rtaga chiqadi: Farg‘onada bir odam muborak ziyoratga borish uchun yiqqan puliga mahallasi yo‘llarini asfalt qildiribdi; Surxondaryoda bir otaxon hajga atagan puliga qishloq ahli uchun transformator olib beribdi... Va bu bilan katta savobga doxil bo‘lganmish, bunday ishlar boshqalarga ham ibrat bo‘lishi kerak emish.

 

Nega bizning odamlar to‘yga, mashinaga, uyga yiqqan puliga asfalt qilgisi yoki transformator olgisi kelmaydi-da, aynan hajga jamg‘argan puliga savob qilgisi kelib qoladi? Yoki osh beraman deb yiqqan pulga asfalt qilsa gunoh bo‘ladimi? Shunaqa savob ishlarni faqat hajning hisobidan qilish kerakmi?

 

Gapim keskinroq tuyulishi mumkin, lekin O‘zbekistondagi hamma yo‘lni asfalt qilib, har bitta mahallaga transformator o‘rnatib bersangiz ham hajning savobini ololmaysiz, bo‘yningizdagi farz soqit bo‘lmaydi. Har amalning o‘z o‘rni bor. Moli nisobga yetgan kimsaga haj farz bo‘ladi, yo‘lni asfalt qilish emas. Moli nisobga yetgan odam oxiratda hajdan so‘raladi, transformatordan emas.

 

Odamlarga foydasi tegadigan xayrli ishlar qilish ulkan savob, albatta. Bu bizning kundalik ishimiz bo‘lmog‘i lozim. Ammo har qancha savobli bo‘lsa ham bunday ishlar Ollohning buyrug‘ini tark qilish evaziga bo‘lmaydi.

 

 

Siz qanday tezlikda ketyapsiz?

 

O‘rtamiyonalik qoloqlikdan yaxshi bo‘lsa-da, baribir yutuqlar garovi bo‘lolmaydi. Shu bois ish boshiga o‘rtamiyona shaxsning kelishi o‘ta xavfli. Chunki o‘rtamiyonalik yangilikdan o‘lgudek qo‘rqadi. Bu toifa mardum uchun soha rivojining qizig‘i yo‘q. O‘tirgan kursisi omon bo‘lsa bas. Natijada, sohada turg‘unlik boshlanadi.

 

O‘rtamiyona ijodkor mashinani nuqul 50 km/soat tezlikda minadigan haydovchiga o‘xshaydi. Ana endi, shu odam rahbarlikka kelsa nima bo‘ladi? Avvalo, atrofiga 50 tezlikda yuradiganlarni to‘playdi. Chunki undan tepasini yoqtirmaydi, to‘g‘rirog‘i, qo‘rqadi. “Ellikvoylar” juda tez birlashadi. Qo‘lni qo‘lga berib ijod qiladi, bir yoqadan bosh chiqarib fikrlaydi. Bir-birini maqtaydi, bir-biri haqida kitob yozadi.

 

O‘rtamiyona odamning oti uzoqqa chopolmaydi, lekin uzo-o-oq chopadi. Chunki 50 tezlikda ketayotgan mardum hech qachon “radar”ga tushmaydi. “Radar”ga nishon bo‘lib, “jarima” to‘lab yurganlar 100–120 tezlikda yuradiganlardir. Bunday tezlikda yuradiganlar o‘rtamiyonalar nazdida g‘alamis, osuda hayotni ko‘rolmaydigan, noshukr odamlar sanaladi.

 

 

Savol-javob

 

Nodon shogird piri komildan so‘rabdi:

 

– Ustoz, sport mamlakatni dunyoga tanitarmish, shu to‘g‘rimi?

 

– Qanday qilib?

 

– G‘olib bo‘lsa, dunyo ko‘z oldida yurt bayrog‘i ko‘tarilur!

 

– Necha daqiqa ko‘tarilur?

 

– Uch daqiqa...

 

– Uch daqiqada seni dunyo tanib qoladimi? Tanib ham qoldi deylik, keyin nima bo‘ladi? Sening yutug‘ingni, bayrog‘ingni umrbod eslab yuradimi?

 

Nodon shogirdning boshi xam bo‘libdi. Piri komil esa savol berishda davom etibdi:

 

– Kuba desa, hammaning ko‘z oldiga boks keladi. Dunyo Kubani boks orqali taniydi. Ammo bundan mamlakatga ne naf? Xalqi zo‘r yashayaptimi? Sarmoya oqib boryaptimi? Dunyoga mashhur Kubaning bugungi ijtimoiy-siyosiy ahvoliga maymunlar yig‘lagudek... Futbol desa, odamlar “O, Braziliya!” devoradi. Ammo dunyoning yarim jinoyatchisi shu o‘lkadan. Sport bilan tanilish bu mamlakatlarga nima foyda keltirgan?

 

– Ustoz, siz sportga qarshimisiz?

 

– Aslo! Biroq o‘yinning ilmdan oldinga qo‘yilishiga rozi emasman. Chempion bugun bor, ertaga yo‘q! Ilm esa har doim xalq xizmatida!

 

– Biron narsa deyishga ojizman... “Bilagi zo‘r “Chevrolet Tahoe” olar, bilimi zo‘r – faxriy yorliq”!

 

 

Shuhratning umri qisqa

 

Xudoyim shon-shuhratni juda totli qilib yaratgan. Uni hamma istaydi va bu istak yo‘lida nimalar qilmaydi deysiz. Shon-shuhratning ismi bugun o‘zgargan: piar! Mayli, shunisi ham yaxshi, harqalay, u-bu gaplar aytilib turibdi.

 

Ikki deputat gap talashib, bir-birini populistlikda, masxarabozlikda aybladi. Yakkama-yakka debat qildi. Xalq mahliyo! Ammo tagini surishtirsangiz, shu... o‘zimiz bilgan gaplar! O‘rtoqlar, “O‘zavto” haqida kecha yo bugun gapirilayotgani yo‘q. Bu muammo eski O‘zbekistonda ham gapirilgan. Mashinalarning valyutaga sotilayotgani, “inomarka”lar boji ataylab ko‘tarib qo‘yilgani... Bu muammolarni ko‘tarish uchun Oliy Majlisda ishlash shart emas. Ularni kirakash ham aytishi mumkin va aytyapti ham.

 

Sirasi, zo‘r bo‘lsangiz, millat va davlat kelajagiga daxldor masalalarga aralashing, tizimga yangilik kiriting, o‘zgartiring!

 

Deylik, nega bu debatchilar ichki va tashqi siyosat haqida bir og‘iz gapirmaydi? Hamma gapirishi mumkin bo‘lgan mahalliy muammolarni uloq qilib chopishga ne hojat?!

 

O‘rtoq deputatlar, yelkangizga zalvarliroq yukni oling, kattaroq muammolarni ko‘taring! Dangalini aytsam – biz aytolmayotgan gaplarni ayting! Ishsizlik, monopoliya, korrupsiya... bularni haybarakalla qilishni o‘zimiz ham amallaymiz. Lekin oldindan aytib qo‘yay: sizga o‘xshab, biz ham o‘zgartirolmaymiz. Unda o‘rtamizda qanday farq bor?

 

Farqimiz shundaki, siz mana shu muammolar aytilishi emas, hal etilishi kerak bo‘lgan tizimda ishlaysiz.

 

 

“Samarqandga borsam men agar...”

 

7-sinfda o‘qiyotganimda ilk marta Samarqandga bordim. Ta’rifini kitoblarda o‘qiganim shaharga! Men uchun afsonalar diyori bo‘lgan, buyuk Amir Temur poytaxtiga! O‘shanda Registonni ko‘rganimda beixtiyor ichki bir titroqni his qildim. Go‘yo mo‘ysafid minoralar kungurasidan Amir Temur bobomiz qarab turgandek tuyuldi. Qiziq, o‘sha oniy titroq keyinchalik ham qalbimda muqim qoldi. Shu-shu, har safar Registonga borganimda titroqni his qilaman.

 

Chindan-da bu tabarruk tuproqda ne-ne ulug‘ zotlarning izi qolgan. Qusam ibn Abbos roziyallohu anhu, Sayyid Baraka rahmatullohi alayh, Abu Mansur al-Moturidiy rahmatullohi alayh, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek... Sirasi, Samarqandning har qarich yerida bir avliyoning xoki bor desak, haqqimiz ketmaydi.

 

Men har safar shu gaplarni mulohaza qilganimda xayolimga lop etib bir fikr keladi, lekin uni o‘n yillardan beri asrab yuraman. Ammo endi aytmasam bo‘lmas. Ehtimol, noto‘g‘ridir, quruq vahimadir, bir ziyolining fikri-da.

 

O‘n yillarki, Registon maydonida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi. Nega aynan Registonda?! Axir, bu tabarruk joyda qad rostlagan uchta madrasada qanday ulug‘ zotlar ilm olgan! Samarqandni idora etgan ne-ne hukmdorlarning farmonlari shu yerda o‘qib eshittirilgan. Bobur Mirzoning guvohlik berishicha, Registonda Shohrux Mirzoning tarbiyachisi Alika Ko‘kaltosh tomonidan hashamatli masjid barpo etilgan. Keyinchalik Ulug‘bek Mirzo Muqatta nomli masjid qurdirgan. Ramazon kechalarida murattab qorilarning qiroatlari shaharga fayz bergan, baraka olib kelgan. Shunday tabarruk joyni konsertxonaga aylantirdikmi?

 

Xo‘p, masalaning ma’naviy-ruhiy jihatini qo‘yaturaylik, o‘nlab ulkan karnaylarning badabangi, mushakbozliklar tarixiy obidalarni yemirmaydimi? To‘yxonada o‘tirganingizda devorini ushlab ko‘ring, xavotirim sababini darrov tushunasiz.

 

Festival bo‘lgani yaxshi, lekin buning uchun Samarqandda biri biridan chiroyli bog‘, xiyobonlar bor-ku! Tomoshani futbol maydonida ham uyushtirsa bo‘ladi.

 

Registon – Samarqandning yuragi, faxrimiz, g‘ururimiz! U oyoqosti bo‘ladigan, raqs tushadigan, o‘yin-kulgi qilinadigan joy emas. U yerga borish nasib etsa, o‘tgan ulug‘larimiz ruhiga atab uchtagina oyat o‘qing, bir zamonlar qanday millat, qanday xalq bo‘lganimizni tafakkur qiling! Illo, xayolingizni olatasir musiqa buzmasin!..

 

Alisher NAZAR

 

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 2-son.

“Firqasiz” muallifdan fiqralar” maqolasi

1 Izoh

Anvar

03:08 / 06.08.2023

Hikoyalar biri-biridan ma"noli. Muallifga tasanno. Xalq ichidagi haq gaplar. Rahmat ancha taskin topdim. Go'yo bu gaplarni o'zim xalqqa yetkazgandek yengil tortdim. Tasanno ijodingizga ko'z tegmasin! Umringizdan baraka toping!🇺🇿

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19353
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16484
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi