Ijtimoiy tarmoq asosan bir xil mazmundagi munosabatlar yomg‘iri ostida qoldi. Ha, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning sobiq direktori Umida Tursunova o‘rtasidagi tortishuv tafsilotlariga ayni damda hamma e’tibor qaratmoqda.
Ma’lumot uchun, bu ijtimoiy “duel” 26-iyul kuni Sariosiyo tumanidagi 12-sonli maktabda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 2023-2024 o‘quv yiliga tayyorgarligi masalasiga bag‘ishlangan videoselektor seminarda yuzaga kelgan. Unda direktor Umida Tursunova hokimdan nima aybi sabab ishdan olinayotganini so‘ragan. Shu tariqa tomonlar o‘rtasida tortishuv bo‘lgan. Personajlarning ikkisi ham bir-biriga qo‘pollik qilgan. Natijada, hokim “g‘olib” kelib, sobiq direktorga 10 kunlik ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Kassatsiya tartibiga ko‘ra qisqartirilgan 7 kunlik jazo muddati tugagach, direktor ozodlikka chiqqan. Keyin tafsilotlarni qo‘zg‘atib yuborgan video tarqaldi. Shundan so‘ng, Umida Tursunovaga nisbatan yana bosim paydo bo‘ldi, vaziyatga maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova aralashgandan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, sobiq direktordan xavotir olishga asos yo‘q – U davlat himoyasida...
Jamoatchilik faollari va yurtdoshlarimizning aksariyati tafsilotlarni o‘z pozitsiyasi va emotsiyasi orqali izohlashga urinayapti – kimdir ayblanayapti, kimdir oqlanayapti, mansabdorlar ta’siri bilan qamash va ozod etish voqealari fonida sudning roli muhokama qilinayapti, vazirning munosabati tahlil qilinayapti va hokazo. Umuman, munosabatlar mazmunan ikki guruhga bo‘lingan. Biri hokim va direktor to‘qnashuvi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchisi, vazir Hilola Umarova munosabatidan keyin ochiqlangan haqiqatlar bilan bog‘liq.
Munosabatlarning birinchi oqimiga e’tibor qaratamiz. Jurnalist Sharofiddin To‘laganov holatni Birinchi prezident Islom Karimov davridagi yig‘ilish bilan bog‘liq holatga qiyoslagan va bugungi kun hokimlarini qattiq tanqid qilgan:
– Hokimlarga imidjmeyker(lar) kerak. “O‘zim xon – ko‘lankam maydon” o‘rta asrlarga xos. Hozir Yangi O‘zbekistonda yashayotganimizni unutmaylik.
Shuningdek, jurnalist post ostidagi ba’zi e’tirozlarga javoban, “U o‘z haqqini himoya qildi. Mard ayol. Maktabda jinoyat qilgan bo‘lsa, el oldida emas, sud orqali isbotlab, sharmanda qilish kerak edi”, deya pozitsiyasini mustahkamlaydi.
To‘qnashuvning bir tomoni ayol kishiligini inobatga olsak, vaziyat yanada sentimental tus olishi tabiiy edi. Ko‘pchilik direktor ayolni himoya qilishga urindi. Xususan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botir Ergashev o‘z emotsiyasini yashirib o‘tirmagan:
– 28-maktab direktori Umida Tursunova timsolida ustozlarning obro‘si bir pul ekan. Viloyat hokiminiyam maktab o‘qitgan, osmondan hokim bo‘lib tushmagan. Sho‘rlik o‘qituvchi, bechora ayol. Agar nohaq bo‘lganida, zarracha aybi bo‘lganida bu qadar gapirib tashlamagan bo‘lardi. To‘g‘risi, judayam rahmim keldi. Kuchlaring bitta ayol o‘qituvchiga yetgan bo‘lsa, mayli-da...
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov ham tarqalgan video yuzasidan o‘z izohini bildirib o‘tdi:
– Videoni ko‘rib, viloyat hokimligi vaziyatni o‘rganmagan yoki adolatsiz qaror qabul qilgan, degan fikr shakllandi. Hokimlikdan ko‘pchilik bo‘lib shu bitta maktab direktorini ovozini o‘chirishga harakat qilishdi. Opa ham o‘z haq-huquqi uchun tortishdi. Odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adolatsizlikka chiday olmaydi.
Shuningdek, jurnalist Ibrat Safo ham hokimning munosabatidan qattiq ta’sirlangan:
– Surxondaryo viloyati hokimi va maktab direktori bo‘lgan ayol o‘rtasidagi tortishuvning asosida nimalar yotganini o‘rganmadim, lekin videosidan menga eng qattiq botgani – hokimning mirshablarga ayolni “yo‘qot” deb aytgani bo‘ldi. Feodalizm zamonlari allaqachon qaytgandek – mahalliy xonlar seni pashshadek ko‘rmaydi, huzurimdan yo‘qot, boshini tanasidan judo qil deyishlariga oz qoldi, shekilli...
Iqtisod fanlari doktori, professor Barnogul Sanoqulova ham holat yuzasidan o‘zining keskin fikrlarini bildirib o‘tgan:
– Tushunmadim, nega chiqarib yuborishni talab qildi hokim bu ayolni? Shaxsiy fikrini turib bildirgani uchunmi? Bu ayol o‘z konstitutsion huquqidan foydalandi-ku, nima hokim konstitutsion huquqni cheklash vakolatiga ega shaxsmi? Nega savollariga javob bermadi, masalani oydinlashtirmadi? Hokimning nima haqqi bor o‘qituvchiga bunday darajada muomala qilishga? Buyoqda Prezident o‘qituvchilar mavqeyini oshirish kerak deb turganda, bu hokim kuppa-kunduzi viloyatni hamma amaldorlari orasida o‘qituvchi xalqini bir tiyinga ilmaganini ko‘rsatdi-ku! Nima hokim Prezident siyosatiga qarshimi? Shuncha e’tirozi bor ekan hokimni, nega alohida yuzma-yuz gaplashib, muammoni ochiqlab olmaydi? O‘qituvchini mavqeyini oshiramiz deb bizga ertak aytishdan oldin, hech kim saylamaydigan hokimlaringizni saviyasini oshirib, o‘qitib olinglar!
Vaziyat haqiqatdan ham bahsli tus oldi. Umumlashtirganimizda, ma’lum bo‘ladiki, amalda “duel” g‘olibi bo‘lgan hokim ko‘proq aybdor – har qanday holatda ham U ayolga bunday munosabatda bo‘lmasligi kerak edi.
Telejurnalist Dilshoda Matchonova bir og‘iz munosabati orqali vaziyatni xolis baholashga urinadi:
– Ayol ming buzg‘inchi, tovlamachi, shallaqi bo‘lmasin, hokimning bunday muomala qilishga haqqi yo‘q edi.
Shu asosda, huquqshunos Saidali Muxtoraliev vaziyatga qonuniy tus berdi:
– Hokim janoblari qonun oldida javob berishi kerak. Keyin maktab direktori alohida himoyaga olinmas ekan, unga nisbatan har xil asossiz bo‘htonlar o‘ylab topilishi hech gap emas. Bundan tashqari, bu opaga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi haqida qaror chiqargan sudyaning masalasi sudyalar oliy kengashi tomonidan albatta ko‘rib chiqilishi kerak.
Gap bu yerda sudyaning mustaqilligi haqida ketyapti. Katta ehtimol bilan maktab direktoriga nisbatan qamoq jazosi haqida qaror chiqargan sudya hokimlik bosimi ostida mustaqil harakat qilmagan bo‘lishi mumkin. Hatto Prezident sudyalarning mustaqilligi borasida qat’iy talablar qo‘yayotgan bir vaqtda, buni istamayotgan va bunga loyiq bo‘la olmayotgan sudyalarga tizimda umuman o‘rin yo‘q. Bu voqea ta’lim tashkilotlari faoliyatiga hokimlarning asossiz aralashuviga zudlik bilan barham berilishini talab etmoqda.
Jamoatchilik faoli Gʻofir Hamro esa bu vaziyatga biroz oʻzgacharoq baho bergan:
– Haqiqatparvarlik bilan betgachoparlik, manfaatparastlik oʻrtasidagi farqni anglab olish lozim. Direktor xalqning bolalari manfaati uchun jon koyitayaptimi yoki oʻz manfaati uchunmi?! Uning bor gapni aytib tashlashi kimga foyda? Bunday chiqish qilishdan maqsad nima oʻzi, tizimni rivojlantirishmi yoki rahbarlarni obroʻsizlantirishmi? Mana shu muhim. Betgachoparlik avj olib bormoqda. Haqiqatni talab qilishga hech kim qarshi emas, ammo uni madaniyat bilan ham tushuntirish mumkin. Toʻgʻri, taʼlimni rivojlantirmasdan hech bir natijaga erishib boʻlmaydi, ammo biz qaysi yoʻldan boryapmiz?! Rivojlangan davlatlarning bu boradagi madaniyatini ham oʻrganishimiz kerak. Rahbar kishi ham muloqot madaniyatiga jiddiy rioya qilishi kerak, aks holda mana shunday izza boʻlib qolishi mumkin. Kishining muomalasi, gap-soʻzidan, hatto gʻazablabganda ham uning taʼlim-tarbiya maskani – maktab rahbari ekani sezilib turishi kerak. Pedagoglar bu yoʻl bilan obroʻ topishini oqlamayman! Nutq maʼrifat maskani rahbariga xos boʻlishi kerak edi. Birovlarning aybini fosh qilish, oʻz ayblarini ochishga olib keladi.
Vaziyatning yanada muhim tus olishi maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning munosabatlari bilan ham bog‘liq bo‘ldi. Vazirning birinchi munosabati maktab direktorining ozod etilishi va ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir shaxsdagi muomala madaniyati haqida bo‘lgan edi. Bir muddat o‘tib uning ikkinchi munosabati ham e’lon qilindi va ma’lum bo‘ldiki, maktab direktori o‘z ish faoliyatini davom ettiradi va U davlat himoyasida. Shuningdek, vazir Umida Tursunovadan xabar olish uchun uning uyiga odam ham jo‘natgan va telefonda ham o‘zaro suhbatlashgan.
Shundan so‘ng, munosabatlarning ikkinchi oqimi yuzaga keldi. Xususan, jurnalist Botirjon Shermuhammad dastlab vaziyatdagi huquqiy chalkashliklar haqida fikr bildirdi:
– Hokim qamab, vazir qamoqdan qutqarsa, sudning nima keragi bor?
Bu fikrga qo‘shimcha sifatida pedagog Komil Jalilov ham o‘z kanalida munosabatini bildirdi:
– Bu keysda eng xavfli narsa – qonunlarning ishlamasligi. Hokim qamaydi, vazir ozod qiladi, keyin hokim yana qamaydi, vazir telefon qilib “orqangizda Prezident turibdi” deydi. Hamma narsani shaxslar hal qilyapti – shaxslar nima desa, nimani xohlasa, shu bo‘lyapti. O‘zimiz shuncha dabdaba bilan, “meniki, seniki” qilib qabul qilgan Konstitutsiyaning 1-moddasida “O‘zbekiston – huquqiy davlat” deb belgilab qo‘ymadikmi? Huquqiy davlatda qonunlar shaxslarning qosh-qovog‘iga, xohish-irodasiga qaramasdan ishlashi kerak emasmi? Ishlamasa, shuncha xarajat-u harakat bilan nega yangiladik?
Umuman olganda, mansabdor shaxslar ta’siri bilan qamoqqa olish va ozod etish borasidagi tanqidiy fikrlar juda ko‘payib ketdi. Biroz muddat o‘tib esa vaziyatda biroz yanglishish borligi ochiqlandi. Aynan jurnalist Ilyos Safarov navbatdagi munosabati orqali vaziyatga izoh berdi:
– Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri e’lon qilgan munosabatdan keyin jamoatchilikda go‘yoki sariosiyolik maktab direktori Hilola Umarovaning aralashuvidan keyin qamoqdan chiqarilibdi, degan xulosa uyg‘ondi. Sal avval menga kelgan ma’lumotga ko‘ra, Umida Tursunovaning qamoqdan ozod qilinishiga vazirning umuman aloqasi yo‘q. Maktab direktori Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan 26-iyul kungi tortishuvdan keyinoq 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi olgan. Ushbu qaror unga nisbatan berilgan apellyatsiyada ham o‘zgarishsiz qoldirilgan. Qamoq qarori ish faqat kassatsiya tartibida qayta ko‘rilgandagina 7 kunga qisqartirilgan. Ya’ni, Hilola Umarova ishda nimani va qanday nazoratga olgan, bilmadim-u, U maktab direktorini qamoqdan chiqarmadi. Direktor jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgachgina ozodlikka chiqdi.
Shuningdek, vazirning munosabatiga tanqidiy fikr bildiruvchilar bo‘ldi. Xususan, jurnalist Sharifa Murod munosabatga “munosabat” bildirdi:
– Eng kulgili narsa nima aytaymi? Hilolaxonning mana bu gaplari: “Shu o‘rinda ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir shaxs o‘z muomala madaniyati bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi lozimligini eslatib o‘tmoqchiman”. Vazirning o‘z xodimiga bo‘lgan munosabati shu bo‘lsa... Bu gapdan yaqqol “hamma ta’lim muassasalari direktorlari va o‘qituvchi xodimlari jim yursin” degan ma’no kelib chiqmayaptimi? Shumi munosabat?
Uning o‘rniga hokim va ichki ishlar boshqarmasi boshliqlarini savolga tutganida a’lo ish bo‘lardi? “Nega mening direktorimga qattiq gapirding, nega mening direktorimni zaldan qo‘lidan ushlab, majburlab olib chiqib ketding” deb. Xafa bo‘lmanglar-u, eng himoyasiz va zaif qatlam ta’lim tizimi xodimlari! Doim shularga qiyin bo‘lgan. Ta’lim vazirligi hech qachon direktor va o‘qituvchilarning yonini olmagan.
Siyosiy figura sifatida voqealarning guvohi bo‘lib turgan deputat Alisher Qodirov ham o‘z kanalida qisqa mulohazasini yozib qoldirgan:
– Prezidentning vakili pedagoglarga munosabatda Prezidentdan o‘rnak olishi kerak. Haqoratga rozi bo‘lgan pedagog farzandlarimizni oyoqosti bo‘lishga rozilikka o‘rgatadi! Pedagoglarni behurmat qilmang.
Fikrlar va munosabatlar yomg‘irida ikki tomon shaxsiyati ham muhokama qilindi. Kimdir hokimni uzoq yillik prokurorlik faoliyatida asosan “buyruqbozlik”ka o‘rganib qolgani haqida gapirsa, kimdir birinchi kelganidayoq ishni do‘q-po‘pisa qilishdan boshlaganiga ta’ma qildi.
Shuningdek, sobiq direktor ham so‘nggi yillarda o‘zi faoliyat yuritgan maktabning mashmashalariga bosh sababchi bo‘lgan. Shu kungacha maktabidagi o‘qituvchi-xodimlar hamda OAV xodimlari bilan to‘qnashishga ham ulgurgan. Unda ham asosan muomala madaniyati tanqid qilingan.
Voqealar rivoji hozircha tugagani yo‘q. To‘qnashuv atrofidagi munosabatlar oqimini kuzatishda davom etamiz.
Sirojiddin RUSTAMOV,
Oyina.uz
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q