Adolat kuychisi


Saqlash
22:27 / 14.10.2021 2496 0

Odil Yoqubov bilan ilk bor “Muqaddas” qissasi orqali tanishganman. G‘oyat samimiy, kuyinchaklik bilan yozilgan asar edi. Keyin “Ulug‘bek xazinasi”ni o‘qidim. Roman menda chuqur taassurot qoldirdi. Teran ruhiy tahlil bilan qorishib ketgan keng, epik tasvir xayolimni butkul qamrab oldi. Bir kuni atay Odil akaning ishxonasiga bordim. Respublika adabiyot va san’at nashriyoti bosh muharriri o‘rinbosari vazifasida ishlardi.

– Tabriklayman, Odil aka, – dedim, – “Ulug‘bek xazinasi” Qodiriyning “O‘tgan kunlar”i, Oybekning “Navoiy” romanidan keyin adabiyotimizda uchinchi buyuk asar, chinakam milliy roman bo‘libdi...

Tabiiyki, Odil aka gapimdan xursand bo‘ldi. Butun siymosidan kuch va samimiyat yog‘ilib turgan, o‘rta bo‘yli, miqti gavdali bu inson mening nazarimda endi shunchaki bir yozuvchi emas, balki ulkan so‘z san’atkori, buyuk adib, haqiqiy master edi.

Shu-shu, oramizda yaqin munosabat paydo bo‘ldi. Men uning muxlisi, tarafdoriga aylandim. O‘rni kelganda u ham mendan himmatini ayamadi. Radiy Fishning “Jaloliddin Rumiy” romanini mening tarjimamda nashr ettirgan Odil aka bo‘ladi.

Bir kuni suhbat asnosida Shukrullo aka so‘rab qoldi:

– Jamol, otangni qatag‘on qilishgan deb eshitdim... To‘g‘rimi?

– To‘g‘ri, – dedim men.

– Odilning ham otasini “xalq dushmani” deb otishgan...

Bu men uchun yangilik edi. “Taqdirdosh ekanmiz”, degan gap ko‘nglimdan kechdi.

Odil aka qayda ishlamasin, yeng shimarib, ter to‘kib ishlar, zimmasidagi vazifasini astoydil ado etardi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida bosh muharrir bo‘lib ishlaganida nashr adadi milliondan oshdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rahbar etib saylangach, uyushmada hayot qaynadi. Moskvada butunittifoq xalq deputatlari qurultoyi minbariga chiqib, o‘zbek paxtakorlarining ayanchli ahvoli haqida gapirganda butun yurtimiz ahli jon qulog‘ini qo‘yib tingladi. Qalblarimiz g‘ururga to‘ldi, adibga hurmat-ehtiromimiz yanada ortdi.

Odil akaga hamroh bo‘lib, 1990-yili Istanbul shahrida o‘tkazilgan xalqaro Turkiston qurultoyida qatnashdim. Odil aka, Shukrullo aka va men so‘zga chiqdik. Yurakda borini to‘kib soldik. Dunyoning turli go‘shalaridan kelib, Otaturk madaniyat saroyini to‘ldirgan minglab vatandoshlarimiz xalqimizning qonuniy haq-huquqlari ta’min etilishi zarurligiga doir so‘zlarimizni gulduros qarsaklar bilan qarshi olishdi.

– Shu zalda o‘tirgan har bir yurtdoshimiz taqdirini kitob qilib yozsa arziydi, – degan edi o‘shanda Odil aka.

Keyin Odil aka, Shukrullo aka, Ramz aka, Emin Usmon va men Saudiya Arabistoniga safar qildik. Manzilga yetguncha qariyb yarim dunyoni aylandik: Toshkent – Moskva – Vena – Kipr – Jidda – Makka – Madina – Toif... Qaytishda ham shu ahvol.

Bir voqea yodimda. Venada kechqurun ovqatlanish uchun restoranga kirdik. Ichkarida chiroqlar o‘chirilib, shamlar yoqilgan. Jimjitlik... Biz ovqat ustida odatdagidek gangur-gungur suhbatga kirishdik. Bir payt qarasam, hammaning e’tibori bizda. Restoranda faqat bizning ovozimiz yangraydi.

– Odil aka, – dedim. – Restoranda boshqalarning ovozi eshitilmaydi.

– Darvoqe, – dedi Odil aka. – Bu yerda past ovozda gapirish odat ekan, sekin gaplashaylik...

Makkaga yetib, ka’batullohni ziyorat qildik. Umra marosimini ado etdik. Jidda, Makka, Madina, Toif shaharlarida yuzlab vatandoshlar bilan uchrashdik. O‘shanda ularning nufusini yetti yuz mingdan ortiq, deyishgandi. Samimiy so‘zi, donishmandligi bilan Odil aka davralarning ko‘rki bo‘ldi.

Odil aka bilan Gruziya va Qozog‘istonda kechgan adabiyot kunlarida qatnashib, qilgan suhbatlarimiz hamon ko‘z o‘ngimizda turibdi. O‘shanda u menga urush xotiralarini aytib bergan edi.

1991-yil oktabrida o‘tkazilgan O‘zbekiston yozuvchilarining so‘nggi, to‘qqizinchi qurultoyida meni uyushma raisi, Odil akani faxriy rais qilib saylashdi. To 1996-yil yanvariga qadar qo‘lni qo‘lga berib, bahamjihat ishladik. Biror tadbir, majlis yoki muhokoma Odil akasiz o‘tmasdi. Har safar ustoz adibni ehtirom ila to‘rga o‘tqazardik.

Odil aka bag‘ri keng, beg‘ubor, oq ko‘ngil inson edi. Ba’zilar uning ana shu fazilatlarini suiiste’mol qilishardi. Necha bor uni oyog‘idan chalganlar, oldi-ortidan tosh otganlar bilan bemalol ulfatchilik qilganini ko‘rib hayron qolganman.

– Odil aka, axir, u kimsa sizga nimalar qilmadi... – deganman bir gal jig‘ibiyron bo‘lib.

– Qo‘yabaring, – degan u, – yomonlik o‘tadi, yaxshilik qoladi...

Odil aka so‘nggi ramonlaridan birini “Adolat manzili” deb atadi. Tarang tortilgan torda chalingan kuydek jaranglagan bu asar ko‘plarni maftun etdi. Nafsilamrini aytganda, uning muallifi umr bo‘yi Haq va haqiqatga talpinib yashagan munavvar inson, adolat kuychisi edi...

 

Jamol KAMOL,

O‘zbekiston xalq shoiri

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 1495
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23007
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//