O‘g‘irlashni ham “eplay olmayapmiz” – ommalashgan va odatiy holga aylangan plagiatlar


Saqlash
23:08 / 01.08.2023 1176 0

“Biznikilar faqat o‘g‘irlashadi…” mazmunidagi iddaolarni ko‘p takrorlaymiz yoki eshitganmiz… Aslida bu “o‘g‘rilik” butun dunyo xalqlari uchun begona bo‘lmagan holat – uni plagiat deb atashadi. Bu so‘zning lug‘aviy ma’nosi ham aynan “o‘g‘irlash” mazmuniga borib taqaladi.

 

Bu tushunchaga beriladigan asosiy ta’riflar:

– Plagiat – intellektual mulk obyektlarining o‘g‘irlanishi;

– Plagiat – ma’lum shaxsning ilmiy yoki ijodiy mahsulidan uning ruxsatisiz yoki muallifni ko‘rsatmagan holda foydalanish;

– Plagiat – boshqalarning ishini oʻziniki qilib taqdim etish...

 

Tan olib aytganda, odamlarimiz plagiatga qo‘l urish borasida o‘ziga xos “tajriba”ga ega. Shu asosda, ommalashgan va odatiy plagiatlarni tahlil qilishga urinamiz.

 

Plagiatning qanday turlari bor?

 

Manbalar bilan tanishsangiz, umuman plagiatning 10 dan ortiq turlari bor ekanligini bilasiz. Biz mahalliy “o‘g‘ri”larimizga begona bo‘lmagan asosiy turlarni sizlarga eslatamiz:

To‘g‘ridan-to‘g‘ri (klon) plagiat – ilmiy yoki ijodiy ishni aslidagidek o‘zlashtirib olish;

Parafrazik plagiat – ilmiy yoki ijodiy ishga ba’zi o‘zgartirishlar kiritgan holda o‘zlashtirib olish;

Mozaik (remiks) plagiat – ilmiy yoki ijodiy ishning muhim elementlarini ba’zi qo‘shimchalar qo‘shgan holda o‘zlashtirib olish;

Mashup plagiat – bir nechta ilmiy yoki ijodiy ishlarni umumlashtirgan holda o‘zlashtirib olish…

 

Bu turlar bilan tanishish mobaynida ko‘z oldingizga qator o‘g‘riliklar kelgani aniq. Sanamay qo‘yavering, barakasi uchmasin.

 

Plagiat bo‘lmagan ilmiy ish bormi?

 

Odamlarimiz o‘rganib qolgan va zarracha hijolat bo‘lmaydigan o‘g‘riliklar ro‘yxati ilmiy ishlardan boshlanadi. Masalan, oliy ta’lim muassasalaridagi final jarayon – bitiruv malakaviy ishlari yoki magistrlik dissertatsiyalari asosan plagiatga asoslangani bugun hech kimga sir emas. Odatda, “shkaflarda chang bosib yotishi” taxmin qilinadigan bu ilmiy ishlar elektron va yozma manbalardagi cheklovsiz iqtiboslarga qurilgan. Ko‘pincha “копировать-вставит” operatsiyalarida “сноска” yoki havolalar “behosdan” unutib qoldiriladi.

Hayotiy voqealarga ko‘ra, bir ilmiy ish bir nechta talabani bitirishi uchun xizmat qilishi ham mumkin. Ilmiy ishlar charxpalagi tepasida turuvchi ilmiy rahbarlar o‘z arxividan unumli “biznes manbai” sifatida foydalanishadi. Har holda klon plagiatning yorqin namunasi desak arziydi.

 

Musiqa – hatto originalidan yaxshiroq

 

Ijodiy plagiatlar ro‘yxatida musiqa san’ati alohida o‘rin egallaydi – yaxlit kompozitsiyadan tortib, notalar birligi yoki vokal topilmalarigacha… Musiqiy kliplar borasida gapirmasa ham bo‘ladi. Hammamizga ma’lumki, bizning o‘zbek xonandalari orasida musiqiy plagiatga qo‘l urganlari talaygina. Asosiysi, ularda o‘g‘rilik borasida aybdorlik hisi yo‘q va aksariyati, ijodiy ishning asl muallifini chetlab o‘tishadi. Masalan, xonanda Bahrom Nazarov ijrosidagi “Uzr, go‘zal” taronasining haqiqiy muallifi eronlik xonanda Navid Zardi hisoblanadi. Lekin Bahrom Nazarov o‘zbek tilida qayta tug‘ilgan bu qo‘shiqni muallif ism-sharifisiz platformalarga joylab yuborgan. Qizig‘i, o‘zbek tilidagi qo‘shiq asl variantidan ko‘ra ko‘proq ommalashdi va bugunga qadar YouTube platformasida 33 million marta tomosha qilindi. Navid Zardi ijrosidagi “Xayal” musiqiy videoklipi (asl variant) esa 2,7 million marta ko‘rilgan.

 

 

Ommalashuv plagiatni oqlamaydi, albatta. Ijod etikasiga amal qilmaydigan xonandalarimiz esa bizni tashvishga soladi. Vaholangki, muallifdan ruxsat olish yoki muallif ism-sharifini ko‘rsatish orqali “o‘g‘ri” degan nomdan qutulish mumkin. Masalan, xonanda Mahliyo Omon ijrosidagi “Alo” qo‘shig‘ining asl muallifi fransuz xonandasi Nej hisoblanadi.

 

 

O‘zbek xonandasi YouTube platformasiga joylagan musiqiy videoklip ostida asl muallifni teg qilgan. Shu orqali, bir ijodkor boshqa bir ijodkorning ijodiga hurmatini bildirgan. Bu ish plagiat emas. Lekin ijodiy ishni o‘g‘irlashdan tortinmaydigan aksariyat xonandalar asl muallifni “tan olishga” jur’at qilmaydilar.


Kino – o‘g‘irlashni ham eplay olmayapmiz

 

Kino san’atidagi son-sanoqsiz o‘g‘riliklar haqida gapirib charchaganmiz. Bu odatlanish tomoshabinlarning milliy kino sohasiga nibatan ishonchini tushirishga xizmat qilgan. Kinofilmlarga oid plagiatlarda yuqorida biz sanagan turlarning deyarli hammasini uchratish mumkin. Yetmaganiga, odamlar orasida “biznikilar hatto eplab o‘g‘irlasholmaydi” degan malomatni ham eshitamiz. Masalan, “Qoyilmaqom juftlik” nomli hind filmidagi bir nechta epizodlar rejissor Azamat Axrorovning “Qaysarginam” filmiga ko‘chib o‘tgan. Tabiiyki, havas qiladigan darajada emas. Bu ijodiy “taqlid”ni plagiat deyish mumkin, boisi o‘zbek ijodkori hech qayerda asl film xususida gapirmagan va qandaydir belgi qoldirmagan.



Rejissor Said Muxtorov esa o‘zining “Rashk” filmini bir qator titr bilan plagiat degan “tamg‘a”dan qutqarib qolgan.

 

 

Ha, bu film sujeti Andres Baizning “La cara aculta” nomli asariga asoslangan. Filmning asl varianti ispanlarga tegishli va bizning tomoshabinlar bu filmni “Bunker” nomi bilan tomosha qilishgan. Bu asar asosida turklar “Narigi taraf”, hindlar “Qotillik-3” nomli badiiy filmlar tasvirga olishgan. Quvonarlisi, o‘zbek, turk va hind ijodkorlari asl mualliflarni chetlab o‘tishmagan.



 

Ko‘plab kinoijodkorlar orasida bir tendensiya bor – ma’lum mavzudagi yoki janrdagi filmni tasvirga olishda xorij tajribasiga murojaat qilinadi va joiz bo‘lsa, muqobil filmdagi effektiv elementlar o‘zlashtiriladi. To‘g‘ri, muvaffaqiyatli ishlarni o‘rganish foydali, lekin o‘g‘irlash foydali emas.

 

Kichik janrlar – katta o‘g‘riliklar

 

Kichik janrlar bo‘lishi mumkin, lekin plagiatning kichigi bo‘lmaydi. Ijtimoiy roliklar, ijtimoiy tarmoq roliklari va reklama roliklari plagiati bo‘yicha ham alohida “faoliyat”ga ega ijodkorlarimiz talaygina. Masalan, xonanda Vohidjon Isoqov yaponlarning “My dad is liar” nomli ijtimoiy rolik sujetini deyarli o‘z holida o‘zining “Ota” klipiga ko‘chirib o‘tgan.

 

Yoki ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘ngilochar videolar “o‘g‘ri bozor” bo‘lib ketgan. Kimdir video tasvirga oladi va o‘nlab “ijodkorlar” behijolat uni o‘zlashtirib olaveradi. Bir xil mazmundagi videolar telegramda kanaldan kanalga, instagramda sahifadan sahifaga yangi egalari nomi bilan tarqalaveradi. Hech kim bir-biridan o‘pkalamaydi ham.

 

Reklama roliklarini ishlab chiqarishda ham plagiatga ko‘p duch kelish mumkin. Hatto reklama rejissori sifatida katta shuhrat qozongan Sarvar Karimov repertuariga ham plagiat begona emas. Rejissor changyutgich reklamasiga oid muhim intrigani boshqa bir jahon reklamasidan o‘zlashtirgan. Bilgan bilib, o‘zi uchun xulosa qiladi, bilmagan esa olqishlab qolaveradi.

 

 

Televideniye – uzumini yeng-u, bog‘ini surishtirmang

 

Dunyo televideniye dasturlarini o‘zaro solishtirsangiz, bir-birini aynan takrorlashiga guvoh bo‘lasiz. Ayniqsa, tonggi dasturlar, informatsion dasturlar va ijtimoiy tok-shoular deyarli bir-biriga yaqin strukturada ishlashadi, qay biri originali-yu, qay biri o‘zlashtirganini bilmay qolasiz. Shuningdek, bugungi qaysidir omadli loyihani dunyo telekanallari birin-ketin o‘zlariga moslab oladigan bo‘lishgan. Bu harakat shu qadar odatiy holga aylanganidan kimdir kimdandir hijolat ham tortmaydi. Tomoshabinlar ham gapirib-gapirib maroq bilan tomosha qilaverishadi.

Masalan, o‘zbek telekanallari orqali efirga uzatilgan “Kim ekan?” va “O‘g‘irlangan niqob” loyihalari aslida xalqaro loyiha ekanligi hammaga ma’lum. Bugungi kunda o‘nlab davlatlar telekanalida bu loyihani ko‘rish mumkin. Manbalarga ko‘ra, bu loyiha “The King of Mask Singer” nomi bilan ilk marotaba Janubiy Koreyada 2015-yil efirga uzatilgan. Shundan keyin 2019-yil Amerikada “The Masked Singer” nomi bilan, 2020-yil Rossiyada “Маска nomi bilan, 2022-yil Turkiyada “Kimsin Sen?” nomi bilan tomoshabinlarga havola etilgan. 

 

 

Aynan 2022-yilda o‘zbek telekanallarida ham mashhur musiqiy loyihaning yangi talqinlari paydo bo‘ldi. Mualliflik huquqlarini hurmat qilgan Amerika, Rossiya va Turkiya televideniyelari qaysi loyihadan “andoza” olishganini dasturning wikipedia sahifasida hamda videoplatformalarda qayd etib qo‘yishgan. Lekin shu oddiy etika qoidasiga ham amal qilishni o‘ziga ep ko‘rmaydigan “Kim ekan?” va “O‘g‘irlangan niqob” loyihalari ijodkorlari na TV dasturda, na videoplatformalarda asl mualliflar haqida yozib qoldirishmagan.

 

 

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, uzoq yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan “Zakovat” teleo‘yini Rossiyaning “Что? Где? Когда?” nomli loyihasining o‘zbekcha analogi hisoblanadi. “Zakovat” uzoq yillar davomida dasturdan so‘ng, asl versiya nomini titr orqali berib borgan. Loyiha muallifi va boshlovchisi Abdurasul Abdullayev o‘zining “Daqiqa qadri” kitobida ham bu haqida batafsil gapirib bergan. O‘ylaymizki, bu orqali “Zakovat”ning obro‘si tushib qolmagan. Shunday ekan, bugungi kun ijodkorlari ham ma’lum dasturni o‘zlashtirayotganida haqiqiy mualliflarni e’tibordan chetda qoldirishmasa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Har holda, o‘zlashtirilgan ijod borasida “uzumini yeng-u, bog‘ini surishtirmang” deyish yaramaydi.

 

Plagiat – qonunchilikka ko‘ra…

 

Qonunda plagiat tushunchasi mualliflik huquqining buzilishiga olib keladi, bu boshqa birovning asarini xuddi o‘zinikidek yoki asl nusxasida taqdim etishdan iborat bo‘lib, bu xatti-harakat uchun albatta qonuniy jazo choralari qo‘llaniladi. Bu borada «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida»gi qonun bilan batafsil tanishib chiqishni tavsiya qilamiz. Qonunga ko‘ra, huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning aybi darajasidan kelib chiqib ish muomalasi odatlarini hisobga olgan holda zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda tovon to‘lanishi mumkin. Xalqaro plagiat oqibatlari esa aslida bundan ham og‘ir bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Mualliflik huquqi nafaqat nomulkiy, balki mulkiy huquq ekanligini unutmaslik kerak. Mualliflik huquqi buzilgan ijodkorlar esa uni himoya qilish uchun Adliya vazirligi yoki hududiy adliya boshqarmalariga murojaat qilishi mumkin.

«Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida»gi qonunning 62-moddasida huquqbuzarliklarning keng roʻyхati keltirilgan, ammo u toʻliq emas.
Chunki huquqbuzarlar zamonaviy teхnologiyalardan foydalangan holda oʻzlashtirishning yangidan-yangi yoʻllarini topishmoqda.

 


Keyingi maqolalarda mualliflik huquqining buzilishi bilan bog‘liq boshqa holatlar xususida ma’lumot berishga harakat qilamiz. Hozircha esa plagiarizm va uning ishtirokchisiga aylanishdan ehtiyot bo‘lish haqida fikr yuriting.

Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz




Oyina.uzni Telegramda o‘qing!

 


Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19330
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16420
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi