Insonni bunday xo‘rlash dunyoning yana qayerida bor? – Sharof Boshbekov


Saqlash
16:08 / 01.08.2023 812 0

Eski qog‘ozlarimni titkilashni yaxshi ko‘raman. Bu meni

bosar-tusarni bilmay, kekkayib ketishdan saqlaydi, hovurimni bosadi.

“Anov mavzuda birinchi bo‘lib men yozganman, manov gaplarni shu vaqtgacha hech kim aytmagan” qabilidagi o‘ylarimni puchga chiqarib, kaminani soxta qahramonlikdan asraydi. Ilgari hozirgidan aqlliroq bo‘lganmanmi, bilmayman, men yangi deb hisoblagan mavzuni bir vaqtlar yoritgan, bu gaplarni o‘ttiz-qirq yil muqaddam aytgan bo‘lib chiqaveraman. “Har qanday yangilik – unutilgan eskilikdir” deganlari to‘g‘ri shekilli. O‘ttiz yil avval yozganlarimni “Moziydan saboq” deb atadim. Chunki o‘tmishdagi xatolardan kerakli

xulosalar chiqara olish – fazilatdir.

Muallif

 

 

Buyuk maqtanchoqlik

 

Taqdiri azal qit’a, mamlakat va o‘lkalarni taraqqiyot yo‘lining turli bekatlariga sochib yuborgan – birov oldinroqda, birov keyinroqda. Xudo haqqi, juda-juda bilgim keladi: biz qayerdamiz? Qayoqdan keldig-u qayoqqa ketyapmiz? Biz kimmiz o‘zi?..

 

Bizda hamma narsa buyuk: mamlakatimiz – buyuk, dohiylarimiz – buyuk, og‘a xalq – buyuk, maqsad va vazifalarimiz – buyuk…

 

Maqtanchoqligimiz ham buyuk. Dunyodagi birorta mamlakatda hech kim bizchalik og‘iz ko‘pirtirib maqtanolmasa kerak! Bitta-ikkita odam emas, butun jamiyat, mamlakat maqtanadi! Hushidan ketib qolguncha maqtanadi!

 

Hammasi o‘shanda boshlandi: “Biz dunyodagi eng insonparvar, eng adolatli jamiyat quramiz!” deb olamga jar soldik. “Bugungi avlod kommunizmda yashaydi!” deb bong urdik. Avval sotsializm qurdik, keyin uning “rivojlangan”, “juda rivojlangan”, “juda-juda rivojlangan”, “chidab bo‘lmas darajada rivojlangan” bosqichlarini bosib o‘tdik. Endi “qayta qurish”ni quryapmiz...

 

Xullas, maqtanish bobida hech kim oldimizga tusholmay qoldi. Chatoq joyi shundaki, biz maqtanishga ko‘nikib ketdik. Nima ham bo‘lib bir kun maqtanmay qo‘ysak, o‘zimiz ham hayron bo‘lamiz...

 

Maqtanishning turlari ko‘p va rang-barang bo‘larkan. Masalan, “Bizning zavodda muncha millat vakili yagona oila farzandlaridek mehnat qiladi”, deymiz. Qiziq,shuzavoddafalon millat vakili mehnat qilayotganidan biron amaliyfoyda bormi? Shu bilan mehnat unumdorligi oshibqoladimi? Yoki mahsuloti boshqa zavodlarnikiga qaraganda sifatliroq bo‘ladimi? Yo‘q, albatta. Unda nega maqtanamiz? Amerikada ham, Germaniyada ham, Fransiyada ham har xil millat vakillari ishlaydi, lekin hech kim maqtanmaydi. Qiziq...

 

“Chayqovchi va yulg‘ichlarga jamiyatimizda o‘rin yo‘q!” deymiz. Bir tasavvur qiling, chayqovchilar bo‘lmasa qay ahvolga tushar edik. Shularning boriga shukr, butun mamlakatni zarur buyumlar bilan ta’minlab turibdi. Sovet iqtisodiyotini shular yelkasida ko‘tarib yuribdi-ku! Odamlar u yo‘q-bu yo‘q deb noligani noligan. Nima kerak? Masalan, yapon apparatlari-yu Belgiya paltosi, fin etigi-yu Eron gilami, xorij mashinalarining qaysi turidan bo‘lsin? “Volvo”mi, “Toyota”mi, “Mersedes”mi? O‘zingiz minib ketasizmi, uyingizga olib borib beraylikmi? Gap yo‘q!.. Bu qadar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan ta’minot yana qayerda bor? Otasiga rahmat, hukumat qilolmagan ishni shular eplayapti. To‘g‘ri, “shapka”si bor. (Qarang, “do‘ppisi” emas, “shapkasi” deyiladi. Chunki shapka do‘ppidan ancha keyin paydo bo‘lgan-da!) Nima qipti, boriga xursand bo‘laversangiz-chi! Xo‘p, ularga qarshi kurashdik, Oloy bozorida melisa reyd o‘tkazdi ham deylik. Oqibati nima bo‘ladi? Chayqovchi ham yo‘q bo‘ladi (vaqtincha, albatta), o‘sha topilmas mol ham. Yo‘q qilishga hamma usta, bor qilish qiyin. Chayqovchilarni bozorma-bozor quvib yurguncha, ularni bir joyga yig‘ib, shartnoma tuzilsa bo‘lmaydimi? Chayqovchilar oliy maktabi ochib, zarur bo‘lsa chet ellarga tajriba almashishga yuborsak bormi, hammayoq to‘kin-sochin bo‘pketardi!

 

Maqtanchoqligimiz bilan hayot haqiqati o‘rtasidagi tafovutni chuqurroq his qilish uchun xo‘jaliklarimiz nomlarini eslab o‘tish kifoya: “Kommunizm”, “Sotsializm”, “Lenin yo‘li”, “Pobeda” (“G‘alaba” emas!), “Oktabr” va hokazo. Hozir bormi-yo‘qmi, bilmayman, bolaligimizda “Lenin vasiyati” degan xo‘jalik bo‘lardi. Odamlar u yoqda tursin, hatto sichqonlar ham hassa tayanib yurguvchi edi. Beixtiyor, Lenin shunaqa hayotni vasiyat qilib ketgan ekan-da, degan o‘yga boradi kishi. Qiziq, xorijda xo‘jaliklarga nom qo‘yilmas ekan: yo raqami bo‘ladi, yo egasining nomi bilan ataladi. Qarang, nomi yo‘q – puli ko‘p! Bizda puli yo‘q – nomi falakda: “Gagarin”, “Titov”, “Tereshkova”, “Uch qahramon”!.. Sirdaryoni Boyqo‘ng‘irning filiali bo‘pqopti, deb o‘ylaysiz. Samarqand viloyatining Jomboy tumanida Ishtonsiz degan qishloq bor. Tarixan shunday atalib kelgan, odamlar ham ko‘nikib ketgan, hech kim ajablanmaydi. Yo‘l bo‘yida mashina poylayotganlar qo‘l ko‘tarib baqiradi: “Ho‘, shopir bola, Ishtonsizga opket!” Ana, kolxoz-sovxozlarga shunaqa nomlar berish kerak. Chunki ko‘pchilik xo‘jaliklar qulog‘igacha qarzga botib, to‘lagani ishtoniyam qolmagan.

 

Mos nom qo‘yishda hikmat ko‘p. Men, masalan, shunday nomlarni taklif qilgan bo‘lardim: “Yalangoyoq”, “Sho‘rlik”, “Yalang‘och”, “Bechora”, “G‘arib”, “Faqir” va hokazo. Gadoy degan qishloq bor. Nega endi “Gadoy sovxoz” yoki “Gadoy kolxoz” deyish mumkin emas? Odamlarga ham qulay. “Marks” kolxozi desangiz, savol tug‘iladi: qaysi tumanda u? To‘g‘ri-da, “Marks”dan ko‘pi bormi! “Gadoy sovxoz” – hammaga tushunarli.

 

Partiya syezdlari nomi bilan atalgan kolxoz va sovxozlarni-ku gapirib o‘tirmayman. Har bir shunaqa anjumandan keyin xalq boshiga qanday kulfatlar yog‘ilajagining isbotiday “XX partsyezd”, “XXI part­syezd”, “XXII partsyezd” degan bir-biridan qashshoq xo‘jaliklar bodroqday potirlab ketadi. Butun dunyoga kulgi bo‘lmaymizmi?! O‘ylab ko‘ringlar, Voroshilov, Kalinin, Kuybishev, Frunze, Gorkiy (O‘zbekistonda Gorkiy nomidagi uchta teatr kamlik qilganday!), Dzerjinskiy, Sverdlov, Pushkin kabi nomlarning o‘sha xo‘jalikka nima aloqasi bor? O‘zbeklar tomonidan nomi abadiylashtirilmagan faqat Kremlning oshpazi qoldi, xolos!

 

Ba’zan shu darajaga yetamizki, maqtanish aljirashga aylanib ketadi. Ilm ahli Lisenko degan irsiyat (genetika) fanining kushandasini yaxshi biladi. Qirqinchi-elliginchi yillarda shu odam bir qancha almoyi-aljoyi “kashfiyot”lar qilgan. Qarang, hatto tabiatni ham “sotsialistik yo‘l”dan yurishga majburlamoqchi bo‘ldi-ya! Yo qudratingdan!.. Oqibatda bu fan ellik yillar ortda qoldi. Bo‘rttiribroq bir misol keltiraman: mana, oshqovoq urug‘i. Shuni kapitalistik mamlakat tuprog‘iga eksangiz ham oshqovoq chiqadi, sotsialistik zaminda ham. To‘g‘rimi? Noto‘g‘ri! Sotsialistik tuproqda undan nok o‘sib chiqishi kerak! Bu – fanda ishchi-dehqon jamiyati manfaatiga bo‘ysundirilgan yangi yo‘nalish emish!..

 

Maktabda bizning miyamizga tinmay quyishardi: “Sotsializmda inqiroz bo‘lmaydi, chunki iqtisodiyot rejali rivojlanadi” deb. To‘g‘ri, ularda iqtisodiyot rejasiz rivojlanadi, bizda besh yilliklarga bo‘linib, qat’iy reja asosida... inqirozga yuz tutadi! Amerikani quvib yetib, o‘zib ham ketmoqchi bo‘ldik. Endi bilsak, ular to‘xtab, bizni kutib tursa ham yetolmas ekanmiz… Lekin qasam ichganmizmi, bilmayman, maqtanishdan o‘zimizni sira to‘xtatolmaymiz: “Bizning yer maydonimiz ularnikidan muncha barobar ko‘p!”

 

Moskvalik hamkasbim bir voqeani gapirib berdi. Amerikaga borganida uch-to‘rt kishi itlarga mo‘ljallangan do‘konga kirib qolishibdi. Bir yoqda – qishlik, yozlik, bahorlik, kuzlik liboslar (itlarga-ya!). Narigi bo‘limda uy jihozlari – yotoq, dam olish xonasi, oshxona, bolalar xonasi uchun mo‘ljallangan mebellar. Bir tomonda maxsus sartaroshxona, sauna, bufet. Yeguliklarni-ku qo‘yaverasiz. O‘yinchoqlarning son-sanog‘i yo‘q emish. Shunda sheriklaridan biri Gorkiy qahramonining mashhur iborasini bir oz tahrir bilan aytib yuborganini o‘zi ham bilmay qolibdi: “Собакаэто звучит гордо!”

 

Biz baribir bo‘sh kelmaymiz! Itga do‘kon ochish ham gapmi! Istasak biz ham ochib tashlaymiz, agar peshtaxtaga qo‘yadigan suyak topolsak...

 

Gazetada o‘qib qolamiz: Hollandiyada bir marta foydalanadigan emlash ignalari ishlab chiqarilayotgan emish. Qonda bor emasmi, darrov og‘ziga uramiz: “Nima bo‘pti? Bizda ham, masalan, bir marta ishlatiladigan kombaynlar ishlab chiqarilyapti!” Radiodan eshitib qolamiz: “Yaponiyada olimlar o‘ta mustahkam ma’dan o‘ylab topibdi”. Yana maqtanamiz: “Kech qolishibdi! Biz allaqachon ixtiro qilib qo‘yganmiz. Ikki ming daraja issiqqa ham chidaydi, kislota ham ta’sir qilmaydi, har qanday yemiruvchi zarralarning o‘zini yemirib tashlaydi. U – sovet kishisining oshqozoni! Hozir kosmonavtikada ishlatyapmiz!”

 

Jiddiy gapiradigan bo‘lsak, “chirib borayotgan” kapitalizmga qarab turib, odamning biram “chirigisi” kelib ketadi-yey!..

 

Yaqinda ikki farzandimning bahslashayotganini tasodifan eshitib qoldim: “Bizning maktabimiz zo‘r!” “Bekorlarni aytibsan, bizniki zo‘r – besh qavatli!” E xudo! Bu norasidalarga qachon yuqaqoldi maqtanchoqlik?! Qo‘rqib ketdim…

 

Agar sinchkov o‘quvchi ahamiyat bergan bo‘lsa, ushbu maqolada ham maqtanchoqlik bor. “Juda ko‘p illatlarimiz haqida gapirishim mumkin edi-yu, lekin aytmadim – boshqalarning oldida obro‘yimiz to‘kilmasin dedim. Ko‘rdingizmi, men qanday vatanparvarman!” degan ma’no seziladi. Nima qilay, men ham shu maqtanchoq jamiyatning bir maqtanchoq a’zosiman-da. Undan ortib qayerga ham borardim!..

 

 

Buyuk qo‘rqoqlik

 

Bizda hamma narsa buyuk. Mamlakatimiz – buyuk, dohiylarimiz – buyuk, og‘a xalq – buyuk, BAM – buyuk, do‘stligimiz – buyuk, vazifalarimiz – buyuk…

 

Qo‘rqoqligimiz ham buyuk.

 

Bir kuni yer qattiq qimirlab qoldi. Katta-yu kichik ur-to‘polon bilan tashqariga otildi. Jumladan, kamina ham. Kim baqirgan, kim chaqirgan – it egasini tanimaydi. Vahimaning zo‘rligini qarangki, kichkinamiz uyda qolib ketibdi. Hamma chiqib bo‘lgan, deb o‘ylaganmiz-da. Zilzila to‘xtab, hammayoq tinchiganidan keyin uyga kirsak, kichkintoyimiz qiqirlab kulib o‘tiribdi. “Ha, qo‘rqmadingmi?” desak, “Yo‘q, kataysa bo‘ldi” deydi. Menga u xuddi bizning ustimizdan kulayotgandek tuyuldi. O‘shanda men – kap-katta odam – shu norasidaga qanchalik havas qilganimni bilsangiz edi! U qo‘rqmadi! U kuldi! Kattalarning qo‘rqoqlikka yo‘g‘rilgan dunyosidan kuldi...

 

Nurotalik do‘stimning hikoya qilishicha, yoshi saksondan oshgan Aliqul degan cho‘pon bor ekan. Shu cholning nevarasi chegara qo‘shinida xizmat qilibdi. Uni itboqar qilib qo‘yishibdi. Bilasiz, chegarada itning xizmati beqiyos. Nimayam bo‘lib, zobitlardan biri kayf ustida bitta kuchukvachchani bosib olibdi. Yigit kuchukvachchaning singan oyog‘ini davolabdi, boqib parvarish qilibdi. It tuzalib ketibdi-yu, lekin baribir oqsoq bo‘lib qolibdi. Shuning uchun hisobdan chiqarib tashlanibdi. Yigit bo‘lsa unga o‘z ovqatidan berib boqaveribdi. Ikki yil ichida itmisan – it bo‘libdi. Xizmat tugab, yigit uyga otlansa, it ham unga ergashibdi. Haydasa ham ketmasmish. Yigit, xullas, yo‘lovchi-yu provodniklar bilan janjallasha-janjallasha itni Nurotaga olib kelibdi. Aliqul bobo qaraydiki, abjir, chaqqon, hushyor it. Xursand bo‘lib, otarga poyloqchi qilib qo‘yib­di. Hammasi yaxshi-yu, bitta chatoq joyi bor ekan-da: ko‘ppak o‘zbek tilini mutlaqo “tushunmasmish”! (Harbiyda faqat o‘rischa gaplashiladi-da.) Aliqul bobo tajang. Keyin o‘ylab-o‘ylab, nevaralari yordamida qo‘lbola lug‘at tuzib olibdi: “yot – ложись”, “tur – встань”, “qayt – назад”, “yugur   –    бегом”, “olg‘a – вперёд”, “bas qil   –    кончай” va hokazo. Shunda do‘stim “Qariganda o‘zingizni qiynab nima qilasiz, ovqat-povqat berib o‘zbekchaga o‘rgatib olsangiz bo‘lmaydimi?” debdi. Aliqul bobo aybdorona kulimsirab, “Qo‘yaver, bolam, o‘zi uch-to‘rt og‘iz gap ekan, shuni deb it bilan teng bo‘lib yuramanmi”, deganmish. Hozir zamon boshqa, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan, qo‘rqmay o‘zbekcha gaplashavering, deyishsa ham bobosi tushmagur sira unamasmish. Qarang, chol bechora o‘ris tiliga hurmatsizlik qilib qo‘yamanmi, deb qo‘rqadi...

 

Ha, qo‘rqoqlik qon-qonimizga singib ketganini o‘zimiz ham endi-endi anglab yetyapmiz. Anglashga anglayapmiz-u, lekin o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas deganlaridek, hamon bilib-bilmay qo‘rqaveramiz. Hatto qo‘rqishga ko‘nikib ham ketganmiz. Bir misol keltiraman, o‘zingiz ham to‘ppa-to‘g‘ri deb yuborasiz. Agar muhimroq gapimiz bo‘lsa, telefondagi suhbatdoshimizga “Bir uchrashaylik, bu telefonda aytiladigan gap emas” deymiz. Vaholanki, yonimizda hech kim yo‘q. Gapimizni devorning naryog‘idagi qo‘shnimiz ham eshitolmaydi. Kimdan qo‘rqamiz? Ha, barakalla! Suhbatimizni uchinchi bir odam eshitib turishi mumkinligidan qo‘rqamiz. Kim bilsin, balki hech kim eshitmas, lekin baribir qo‘rqaveramiz…

 

Idora dahlizida bir yozuvchi do‘stim bilan gaplashib turibmiz. Boshqa hamkasbimiz kelib, biz bilan so‘rashdi. Men bilan suhbatlashib turgan odam gapidan taqqa to‘xtab, to u ketgunicha indamay turdi, so‘ng ogohlantiruvchi ohangda shivirladi: “Odamni bilib bo‘lmaydi, kim bilsin, balki “quda tomon”dandir...” Tanishimizdan qo‘rqamiz – chunki u tanish; begonadan qo‘rqamiz – chunki u notanish. Ne-ne chaquvlarni, ne-ne “dumaloq xat”larni ko‘rgan xalqmiz. Qo‘rquv yillar davomida, asta-sekin ongimizga singdirildi. Natijada ko‘zlarimiz olazarak bo‘lib, tizzalarimiz qaltirashga moslashdi…

 

Ichkilikbozlikka qarshi kurash yillari. Xalqlar do‘stligi shohko‘chasidagi bir do‘konda aroq shundoq turibdi; navbat ham yo‘q, ur-to‘polon ham. Bu sotiladimi, deb so‘rasam, yoqimtoygina sotuvchi qiz “Ha, faqat to‘y va dafn marosimi uchun sotiladi!” dedi. Yo qudratingdan, shunaqasi ham bor ekanmi?! O‘zbekning janozasiga oddiy surp kafanlik sotiladigan bitta ham do‘kon yo‘q, “katta og‘amiz”ning dafn marosimiga aroq – marhamat! Nega axir, nega?! Chunki qo‘rqamiz!.. Evoh, murdani kafanlashga qo‘rqsak, chaqaloqni beshikka belashga qo‘rqsak – bu qandoq ko‘rgilik o‘zi?!

 

Dafn marosimiga aroq sotiladigan do‘kondan chiqar ekanman, bundan to‘rt-besh yil muqaddam bo‘lib o‘tgan bir voqea yodimga tushib ketdi. Ichkilikbozlikka qarshi kurash ayni avjiga mingan, bir ho‘plam pivo ichganniyam qora mashinaga tiqib olib ketib qoladigan vaqtlar. Taniqli o‘ris yozuvchisining dafn marosimidan qaytayotgan edik. Odamlar ham “chanqab yurgan” emasmi, araq mo‘l – yaxshigina “xotirlagan”miz. Yurak qurg‘ur taka-puka. Aksiga olib biz kelayotgan ko‘cha boshida mirshab turibdi-da! Ro‘paramizga kelib “Nima gap?” deb o‘dag‘ayladi. Unga bir gap aytdik. Ishonasizmi, shu zahotiyoq mirshabning yuzi o‘zgardi, birpasda xushmuomala bo‘lib qoldi. Hatto chorrahada moshina to‘xtatib, bizni o‘tqazib yubordi. Agar O‘zbekiston Oliy Kengashining guvohnomasini ko‘rsatganimizda ham mirshabga bunchalik ta’sir qilmagan bo‘lardi. Bu sehrli so‘z nima ekan deb hayron bo‘layotgandirsiz? Unga “Falonchining pominkasidan kelyapmiz” degan edik, xolos. Qarang, o‘sha vaqtda ham bizga taqiqlangan narsa ularga bemalol edi, o‘z urf-odatlarini hech siqilmay ado etib kelishardi. Qiziq, biz o‘zbekmiz, mirshab o‘zbek, qo‘rqishimiz ham o‘zbekona...

 

Qo‘rqish bizga yo‘rgakda tekkan. O‘zimizning beshikdami, inqilob beshigidami, ammo esimizni tanigandan beri qo‘rqib yashayapmiz. Ba’zan qo‘rqishni sog‘inib ham qolamiz: “Zamon aynib ketdi, bitta Stalin kerak”. Gohida qo‘rqqanimizdan faxrlanib ham qo‘yamiz: “Brejnev davri yaxshi edi, do‘konlarda hamma narsa mo‘l-ko‘l bo‘lardi”. Bu darddan qandoq qutulsak ekan-a? Ochig‘i, undan qutulishdan ham qo‘rqamiz…

 

Nega, masalan, mahallamizning tuppa-tuzuk Ko‘kdala degan nomini o‘zgartirib, Vodorodnaya qilib qo‘yishadi, deb so‘ragani qo‘rqamiz. Vodorod bombasining ustida o‘tirganday qaltirab yashayveramiz. Boksyorskaya deb qo‘yishadi – indayolmaymiz. Keyingi yetti-sakkiz yil ichida xalqimiz shimoldan kelgan ne-ne “bokschilar”ni ko‘rmadi, ularning ne-ne zarbalariga dosh bermadi! Nega barcha jumhuriyat va viloyatlardagi bosh maydon albatta Lenin nomi bilan atalishi kerak? Bu gapni aytishga ham qo‘rqamiz. Deylik, shu nomdagi maydon bitta, Moskvadagina bo‘lsa nima qiladi?!

 

Bizni madaniyatsiz hisoblashlaridan qo‘rqdik. Shuning uchun bolalarimizni g‘ijjak, dutor, chang, rubob emas, madaniyatli bo‘ladi deb pianino, skripka, klarnet chalishga o‘rgatdik. Xohlamasa ham urib-so‘kib majbur qildik. Dunyoni hayratga solgudek sozanda chiqmasa-da, baholiqudrat “g‘ita-g‘ita” qilib yurishibdi, asosiysi – “madaniyatli” bo‘ldik! Xontaxta atrofiga ko‘rpacha tashlab, yostiqqa yonboshlash o‘rniga stol-stulga o‘tiradigan bo‘ldik – qoloq deyishlaridan qo‘rqdik. Ming yillik urf-odatlarimizga rioya qilishdan uyaldik. Madaniyatni qoshiq-sanchqi, qandilda deb bildik. U qanday madaniyatki, istasangiz sotib olib, yoqmasa yana sotib yuborish mumkin bo‘lsa?! Tariximizni xolis baholashga qo‘rqdik. Buyuk bobolarimiz bilan faxrlanishdan qo‘rqdik.

 

Shaharning u yer-bu yerida to‘rt-besh qavatli bino qadar ulkan shiorlarga ko‘zingiz tushgandir: “KPSS – davrimizning aqli, vijdoni va nomusidir!” Voy, bu vijdonning kattaligini-yey! Har bir harfi naqd fazo kemasiday keladi-ya! Aqlini aytmaysizmi, aqlini!.. Bu shiorlar ishonch-u e’tiqoddan bitilgan deb o‘ylaysizmi? Adashasiz. Shiorning orqasiga o‘tib qarang – axlatxona bo‘lib yotibdi, o‘shani bekitish uchun to‘siq sifatida osilgan. Qo‘rqamiz-da. Shu sababdan ham uyat joyimizni “aql, vijdon va nomus” bilan bekitamiz. Qo‘rqoqlik odamni ne ko‘ylarga solmaydi deysiz...

 

Qiziq joyi shundaki, faqat biz qo‘rqayotganimiz yo‘q, bizdan ham qo‘rqishadi. Kim xorijga safar qilgan bo‘lsa hujjatlarni rasmiylashtirish-u turli idoralarga qatnash, chegaradagi xo‘rliklarni yaxshi biladi. Insonni tahqirlashning bundan mukammalroq usulini hali hech kim kashf etolmagan bo‘lsa kerak. Yo‘q, ularga yoqmaganingiz yoki sizni yomon ko‘rgani uchun qiynayotgani yo‘q – sizdan qo‘rqishadi! Xuddi chamadoningizga davlat sirini bosib ketayotgandek qarashadi. Bir narsa olib ketmasin deb qo‘rqishadi (xuddi opketadigan narsa borday!), kelayotganda bir narsa olib kelmasin deb...

 

Hujjatimizni uyda unutib qoldirganda gazeta-jurnal redaksiyalariga kirolmay ovora bo‘lishlar-chi? Xo‘p, radio-televideniyeda qimmatbaho apparatlar bor, lekin redaksiyalarda biz, yozuvchilar o‘g‘irlab ketadigan nima bor? Hech vaqo yo‘q – nuqul qog‘oz, lekin baribir qo‘rqishadi. Qadimda do‘konlar qulflanmas ekan deb eshitganmiz. Bizda esa farrosh pol lattani ham qulflab ketadi...

 

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega “Sovet O‘zbekistoni”, “Sovet Qozog‘istoni” deyiladi? Oddiygina qilib O‘zbekiston yoki Qozog‘iston deyilsa bo‘lmaydimi? Yo odamlar bu qaysi O‘zbekistonligini bilmay adashib qoladimi? Yo‘q, albatta. Qo‘rqiladi. Shuning uchun ham yuragi yorilguday hovliqib O‘zbekistondan oldin “sovet” aytib qolinadi.

 

Gazetalarimizning nomi ham bir qaynovi ichida: “Sirdaryo haqiqati”, “Toshkent haqiqati”, “Jizzax haqiqati”; yetmaganiga   –   “Правда Востока”! Qarang, har bir viloyatga alohida-alohida haqiqat nasib qilibdi! Namanganning haqiqati Jizzaxga to‘g‘ri kelmaydi, Andijonniki – Toshkentga va hokazo. Qishloqqa alohida haqiqat tegibdi (“Qishloq haqiqati”). Aholini go‘sht, sut, tuxum va haqiqat bilan o‘z vaqtida ta’minlashga astoydil bel bog‘langan ko‘rinadi. Yo odamlar haqiqatsiz qolib ketishidan qo‘rqiladimi? Ehtimol... “Sovet O‘zbekistoni” degan hurmatli gazetamizning nomidan ham jasorat, dadillik hidi kelayotgani yo‘q. “Hur O‘zbekiston” deb nomlansa ham bo‘lardi, biroq chindan hur bo‘lib ketishimizdan qo‘rqiladi.

 

Millatlar o‘z zaminidan oziqlanib, o‘zligini tanib, aql-hushini anglab qolmasin deb har bir respublikada opera va balet teatrlari ochib qo‘yilgan, degan o‘yga borasan kishi. Yo‘qsa, ular o‘zbek milliy teatrlarini siqib qo‘yish evaziga tashkil etilganini qandoq tushunmoq kerak? San’at va madaniyat sohasida tenglik bo‘lsa, nega Estoniya yoki Ukrainada “Shashmaqom” ansambllari tuzilmaydi? Axir, maqom san’ati operaga nisbatan qadimiyroq, musiqiy bo‘yoqlarga ancha boyroq-ku! Umuman, bunday teatrlar kerakmi-yo‘qmi, degan masalani qo‘yishga biz qo‘rqamiz, eshitgani – mutasaddilar. O‘zbekistonda bitta emas, bunday koshonadan ikkitasi bor. Eng yaxshi binolar ularga ajratilgan. Masalan, Samarqand opera va balet teatrini oling – binomisan bino! Vaholanki, boshqa o‘zbek milliy teatrlarining moddiy ahvoli nihoyatda nochor, ko‘plari gadolarcha kun ko‘ryapti... Ammo milliy madaniyati uchun qayg‘uradigan har bir insonni “Nega? Nega?” degan savol qiynamaydimi? Qiynaydi. Lekin aytgani yurak qurg‘ur dov bermaydi…

 

Nega odamlar turli katta-kichik yig‘in va anjumanlarga o‘z milliy kiyimimizda, aytaylik, xrom etik, oq yaktak yoki to‘nda kelmaydi? Kiygani biz qo‘rqamiz; kiysa nima bo‘ladi, deb ular qo‘rqadi…

 

Shu tobda milliy libos bilan bog‘liq bir voqea esimga tushib ketdi. Mashhur XVI plenumdan keyin bitta rahbar (xonim) Samarqandga boribdi. Talabalar yotoqxonasida o‘zbekcha lozim kiyib yurgan qizlarni ko‘rib tutaqib ketibdi va… yechishni buyuribdi! Qayta qurish boshlanganiga shuncha vaqt bo‘libdi-yu, lekin nega ishimiz olg‘a siljimayapti, deb ko‘p o‘ylayman. Endi angladimki, biz qayta qurishni... ishtondan boshlagan ekanmiz!..

 

Ha, qo‘rqoqlik – dahshatli kuch! U kishini har qanday tubanlikka yetaklay oladi. Qo‘rqoqlik hukm surgan zamonda muqaddas narsalar oyoqosti qilinadi, iymon darz ketadi, e’tiqod parchalanadi! Qo‘rqoqlik sharmandali afg‘on urushi, halokatli Chernobilga olib keladi. Uning ko‘lami, dahshatli oqibatlari qo‘rqoqlarcha bekitiladi. Xalq – hokimiyatdan, hokimiyat – xalqdan qo‘rqadi. Bu – Yer o‘z o‘qidan chiqib ketishi, Quyoshning so‘nishi, olamni zulmat qoplashi bilan barobardir!

Ming afsuski, biz baribir qo‘rqishdan charchamayapmiz. O‘ngga qarashga qo‘rqamiz, so‘lga qarashga qo‘rqamiz. Qo‘rqib­uyalib, qo‘rqib-faxrlanib, qo‘rqib-shodlanib, qo‘rqib-maqtanib, qo‘rqib-qiynalib, qo‘rqib-kulib, qo‘rqib-yig‘lab yashayveramiz… Shunisi alam qiladi...

 

Tan olish kerak, ushbu maqolada ham qo‘rqoqlik sezilib turibdi. Nega desangiz, juda ko‘p boshqa qo‘rqoqliklarimiz ham borki, ular haqida ochiq, baralla aytishga qo‘rqdim. Nima qilay, men ham shu qo‘rqoq jamiyatning qo‘rqoq a’zosiman-da...

 

 

Buyuk baxtiyorlik

 

Bizda hamma narsa buyuk. Baxtiyorligimiz ham...

 

Menimcha, dunyoda biron mamlakat rahbari yo‘qki, bizday yuvosh, beozor va eng asosiysi, sal narsaga baxtiyor bo‘lib ketaveradigan xalqni orzu qilmagan bo‘lsin! Axir, o‘zingiz o‘ylang, xotinimiz ikki yumaloq kirsovun topganiga o‘zida yo‘q shod. Hamkasbimiz bolasini bog‘chaga joylashtirganidan shunaqa baxtiyorki, bir tog‘ora somsa qilib anchadan beri xafalashib yurgan qarindoshinikiga borib keladi. Bo‘sh avtobusni ko‘rsak ham baxtli bo‘lib ketaveramiz. Biron idoraga ilk borishda ishimiz bitsa xursandmiz. Sotuvchi jilmayib kutib olsa sevinib ketamiz. Mayli, hech nima bermasin, hech nima olmaylik, qaytimiyam sadaqa, lekin jilmaydi-ku! Uni aytasiz, bir kilo mix olsak ham baxtlimiz. To‘g‘ri, mix jonivorning ikki tomonidayam “qalpog‘i” bor, lekin topildi-ku bu zormanda! Shungayam do‘ppimizni osmonga otamiz. Albatta, boshqa yurt rahbarlari havas qiladi-da. Bunaqa fuqaroning boshidan suv o‘girib ichsa arziydi.

 

U yoq-bu yoqqa safarga chiqqanda, oshna-og‘ayniga nima sovg‘a olsam ekan, deb bosh qotirib o‘tirmaymiz. Xotinga bitta suvarak o‘ldiradigan dori olib kelsangiz bo‘ldi – sevinganidan bo‘yningizga osilib oladi. Maktabda o‘qiydiganiga bitta qalam, bog‘chadagisiga to‘g‘nog‘ich, beshikdagisiga bir shoda ko‘zmunchoq olib kelsangiz hamma shod, hamma baxtiyor! Do‘stingizga bir quti sigaret sovg‘a qilsangiz, evaziga choyxonada osh qilib beradi. Men, masalan, ish bilan Moskvaga borganimda boshlig‘imizga bir quti qog‘oz qistirgich (skrepka) olib kelib, ikki oydan keyin bo‘lim boshlig‘i bo‘pketganman.

 

Urush nogironi qonunda belgilangan “Zaporojes”ni porasiz olganiga xursand. “Tez yordam” vaqtida kelsa, dorixonadan tumovdori topolsak, qassob go‘shtni suyaksiz tortib bersa ham baxtli bo‘lib ketaveramiz. Yuz so‘mlik, ellik so‘mlik qog‘oz pullar almashganda “Menda pul yo‘q!” deb xursandligidan sakraganlarni ko‘rganman...

 

Pionerlik bo‘yinbog‘ini taqib qo‘yishganda juda baxtiyor bo‘lib ketganim esimda. Endi hayron bo‘laman – nega sevindim? Nima, boshqacha bo‘lib qoldimmi, menga atrofdagilarning munosabati o‘zgardimi, yaxshi kiyinib, yaxshi yeb-ichadigan bo‘pqoldimmi? Yoki qo‘shni partada o‘tiradigan qiz menga muloyimroq qaraydigan bo‘ldimi? Nima o‘zgardi? Hech nima. Unda nega xursand bo‘laman?..

 

Bolaligimizda samolyot paxtaga dori sepsa, sevinib ketidan yugurardik. Talabalikda “Brejnev kelarmish!” deb darslar taqa-taq to‘xtatilardi. Ko‘chaning ikki betida qaldirg‘ochday tizilib, qo‘limizda bayroqchalarni silkitgancha shod hayqirar edik. “Ura” deb baqiraverib, bir haftacha ovozim bo‘g‘ilab yurganman. Otalarimiz Stalinni ko‘zida yosh bilan olqishlagan, buvalarimiz Nikolay poshshoni duo qilgan. Ular boshimizga ne-ne kulfatlar yog‘dirsa-da, xursand bo‘laverganmiz.

 

Juda g‘aroyib xalqmiz-da. Inqilob yillari otalarimiz qo‘lida qurol bilan bobolarimizga qarshi kurashganida ham xursand bo‘lganmiz. Pavlik Morozov degan zumrasha o‘zini dunyoga keltirgan, hayot bergan padarini sotganida ham qalbimiz faxrga to‘lgan. Buxoroi sharifni Frunze aeroplanlari bombalaganida ham “Hur zamon keldi!” deb sevinganmiz. Bizning baxtiyor bo‘lishimiz bunchalik oson bo‘lmasa-ya!..

 

Voy, tavba qildim, bizni oqposhsho bosib olganiga xursand bo‘ladiganlar ham bor ekan-ey! Bir o‘tirishda tuppa-tuzuk odamga o‘xshagan bir tanishim falsafa so‘qa boshladi: “Turkistonni O‘risiya bosib olgani yaxshi bo‘lgan. Bo‘lmasa, Angliya-pangliya bosib olardi, Xudo biladi, biz hozir kimning uyida xizmatkor bo‘lib yurardik”. Hamma hayron. Og‘zimga kelgan gap shu bo‘ldi: “Shu kallang bo‘ladigan bo‘lsa, sen mening uyimda xizmatkor bo‘lib yurarding”.

 

Bir vaqtlar traktorchi bo‘lganman. Odam yetishmay qolganda chopiq ham qilib ketaverardim. Begona o‘tdan tozalash bormi, yaganasi bormi, suvi bormi – nima ish to‘g‘ri kelsa, bosh tortmasdim. Ayniqsa, yagana degani do‘zax azobining o‘zi edi! Tik turib yagana qilolmaysiz, engashsangiz – bel chidamaydi, o‘tirsangiz – oldinga siljish uchun baribir yana turishga majbursiz. Hadeb o‘tirib-turaverishning o‘zi bo‘lmaydi. Eng oson yo‘li – cho‘k tushib emaklash! Ha, ha, tizzalab emaklash – boshqa iloj yo‘q. Eh-he, berilgan normani bajarish uchun kuniga necha chaqirim emaklash kerak. Bir tasavvur qiling-a, Hadradan to Lenin maydonigacha emaklab borsangiz-da, qo‘lingizga arzimagan chaqa tashlasalar?! Insonni bunday xo‘rlash dunyoning yana qayerida bor?

 

Bugun qayta qurish, oshkoralik, demokratiya deb sevinyapmiz. Boshida men ham quvongan edim. SSSR Oliy Kengashi majlislarini televizor orqali butun vujudim bilan berilib tomosha qilganman. Keyin-keyin... ochig‘i, hafsalam pir bo‘ldi. Qachon qarama – gap, gap, gap... Bular muncha sergap bo‘lmasa, deyman o‘zimga o‘zim. Keyin bilsam, sababi ho‘-o‘ yetmish yillar narida ekan. Sho‘ro tuzumining ilk yillarida komsomollar katta-kichik yig‘inlarida shunday masalalarni muhokama qilgan ekan: “Sovet yoshlari atirdan foydalansa bo‘ladimi yoki u faqat burjua sinfi vakillariga xos narsami?”, “Sho‘ro qizlari rangli uzun paypoq kiyishi mumkinmi-yo‘qmi?” Katta anjumanlarda, agar bugunga qiyos qilsak, syezdlarda shunday masalalar ko‘tarilgan. Bu yoqda xalq qiynalib yotibdi, bular paypoq masalasini hal qilyapti! E, paypoqqa o‘t tushsin, shunchalik muhim masala ekanmi?! Bugun Kremlda bir-biriga gal bermay gap sotayotganlar ham o‘shalarning avlodi-da.

 

Lekin biz baribir xursand bo‘laveramiz…

 

Ma’lumki, hech narsa bordan – yo‘q, yo‘qdan – bor bo‘lmaydi. Faqat moddalar bir turdan ikkinchi turga aylanadi, xolos: muz suv bo‘ladi, suv – bug‘, bug‘ yomg‘ir bo‘ladi... Ma’naviyatda ham xuddi shunday. Olloh taolo ko‘zyoshi-yu kulgini, shodlig-u g‘amni, baxt-u baxtsizlikni teppa-teng qilib qo‘ygan. Birov qamoqdan chiqdi, deylik. Albatta xursand bo‘ladi. Lekin, bilasizmi, bu xursandchilikning miqdori u qamalganidagi qayg‘u miqdoriga teng. Yoki pulini yo‘qotgan odamning xafachiligi pulini topib olgandagi sevinch miqdori bilan barobardir. Unda biz nega doim xursandmiz? Nega qachon qaramang – “dalada bayram”? Ko‘zyosh-u alamlarimiz qayga ketdi? Hammangiz hind filmlarini ko‘rgansiz, qahramonlar taqdiriga achinib yig‘lagansiz. Men kinoteatrda ko‘pincha tomoshabinni kuzatib o‘tiraman. Qiziq, shunchaki ma’yuslanib, uh tortib qo‘ysa ham bo‘laveradigan voqealarga ho‘ng-ho‘ng yig‘lashadi. Yevropa tomoshabinlari hind filmlarini ko‘rib bizchalik yig‘lamas ekan. Biz nega shundaymiz? Negaki, biz film qahramonlarining achchiq taqdiriga qo‘shib, ikki yumaloq kirsovun topganimiz-u bolamizni bog‘chaga joylagandagi, bir kilo mix topganimiz-u bo‘sh avtobusni ko‘rgandagi, sotuvchining jilmayib qaragani-yu biron idoraga bir borishda ishimiz bitgandagi xursandchilikning, baxtiyorlikning “o‘rnini to‘ldirish” uchun ham yig‘laymiz. Hisobli dunyo-da – hech nima bordan yo‘q bo‘lmaydi… Chalgan chapaklarimiz, qichqirgan “ura”larimiz uchun ham entikib-entikib yig‘laymiz, shu bilan yengil tortamiz... So‘ng kuch to‘playmiz-da, kinoteatrdan chiqib yana o‘sha xursandchilikka limmo-lim “baxtiyor” hayotga singib ketamiz...

 

Men bugungi qayta qurish, oshkoralik, demokratiyadan qanday xursandligimni aytaymi? Bo‘lmasa, eshiting.

 

Bir kambag‘al odam xotini, besh-olti bolasi, qari va kasalmand ota-onasi bilan katalakday bir xonali uyda yashar ekan. Jonidan to‘yibdi-yu, bir kuni oqsoqolning huzuriga maslahatga boribdi.

 

– Ha, chindan ham sharoiting og‘ir ekan, –    debdi oqsoqol uning arz-dodini eshitgach. – Lekin o‘limdan boshqa hamma narsaning iloji bor. Maslahat shuki, bir echki sotib olib, o‘sha katalakday uyingda boqasan.

 

– Iye, men nima deyapman-u, siz nima deyapsiz?! – deb sho‘rlik kambag‘alning fig‘oni falakka ko‘tarilibdi. – Uyim tor, kunduzi o‘tirganda yoki tik turganda bir amallab chidasa bo‘ladi-yu, kechasi joy yetmaganidan hammamiz yonboshlab yotamiz – u yoq-bu yoqqa ag‘darilish ham yo‘q! O‘lganning ustiga tepgan qilib, siz “Echki sotib ol” deysiz!..

 

– Mendan kengash so‘rab kelding, – debdi oqsoqol nasihatomuz, – aqlim yetgan maslahatni aytdim. Qilsang qil, bo‘lmasa – o‘zing bilasan.

 

Xalq bekorga oqsoqol qilib saylamagandir, bir baloni bilsa kerak, deb o‘ylabdi kambag‘al va echki sotib olibdi-da, uyiga bog‘lab qo‘yibdi. Shu kundan boshlab ahvol do‘zaxdan ham battar bo‘libdi.  Ilgari joy yetmagan bo‘lsa, endi hatto havo ham yetmaydigan bo‘lib, kambag‘al aqldan ozay debdi. Bir kuni jahl bilan yana oqsoqolning huzuriga otlanibdi.

 

– Bergan maslahatingizni pishirib yeng!  – debdi u dunyosi qorong‘i bo‘lib. – Endi yonboshlab emas, otga o‘xshab tik turib uxlayapmiz.

 

– Juda qiynalib ketgan bo‘lsang, – debdi oqsoqol pinagini buzmay, – o‘sha la’nati echkini sotib yubor, qutulasan-qo‘yasan.

 

Kambag‘al echkini bozorga olib chiqib sotibdi. Bir necha kun o‘tib, u yana oqsoqolning oldiga kelibdi. Xursand, o‘zida yo‘q shod emish.

 

– Rahmat sizga, muhtaram zot! – debdi u ta’zim bajo keltirib. – Echkini sotganimizdan keyin uyimiz kengayib, ja-a bemalol bo‘pqoldik. Harqalay, yonboshlab bo‘lsayam, odamga o‘xshab yerga joy solib uxlayapmiz. Bola-chaqaning sevinganini aytmaysizmi! Iloyo, umringiz uzoq bo‘lsin, farzandlaringizning rohatini ko‘ring!..

 

Men qayta qurishdan o‘sha echkisini sotib yuborgan kambag‘alday xursandman. Yaxshi bo‘lib qoldi, erkinmiz, bola-chaqamiz ham xursand. Yolg‘iz men emas, salkam uch yuz millionli sovet xalqi oqsoqolning maslahati bilan “echkisini sotib”, cheksiz baxtiyor bo‘lib yuribdi.

 

Sinchkov o‘quvchi ushbu maqoladan “Qanday erkin, hur zamonda yashayapmiz, yo‘qsa bu gaplarni matbuotda chiqarish qayoqda edi” degan baxtiyorlikni sezishi mumkin. Aziz mushtariy, nima qilay, takror aytaman, men ham siz kabi “echkisini sotib yuborganlar”dan biriman-da...

 

1991-yil

 

Sharof BOSHBEKOV

 

“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 1-son.

“Moziydan saboq (Istehzoli o‘ylar)” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19356
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16489
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi