Odamlarga doim qahramon kerak. O‘zbek kinosiga-chi?


Saqlash
22:07 / 28.07.2023 990 1

Ukam “Feysbuk”da har safar inglizlarning sehrgar Merlin obrazidan foydalanadi. Ko‘pincha suratlarini ilova qiladi. “Nega aynan Merlin?” deb so‘radim. “Merlinning aqli va muammoga yechim topishga ustaligi yoqadi” deb javob berdi u.

 

Serialni qayta-qayta ko‘rgan ukam Merlinning har bir harakatidan zavq olar, uning sehrgarligiga emas, qahramonligiga oshiq edi.

 

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda fikr aytish, turli foto-video yuklash, har xil bachkanaliklar bilan ommaning e’tiborida bo‘lish urfga aylandi. Yoshlarimiz bu borada ancha faol. Ular mashhurlarga – film qahramonlari, futbolchilar, boylar, artistlar va boshqa kishilarga taqlid qiladi, shulardan iqtiboslar keltiradi. Ularning suratini virtual olamga joylab boradi.

 

Afsuski, ijtimoiy tarmoqda Beruniy yo Forobiy asarlaridan iqtibos keltiradigan, ilmiy qarashlarini muhokama qiladigan yoshlar juda oz. Nega? Do‘ppini boshdan olib o‘ylab ko‘rsak, ko‘p yillar buyuk ajdodlarimizning hayoti va ijodini yoshlarga yetarli tanitish o‘rniga faqat qulog‘iga ularning nomini quyish bilan ovora bo‘ldik. Yana ota-bobomizni tanimaydi, bilmaydi deb o‘pkalaymiz. Millat o‘z qahramonlarini tanimas ekan, hech qachon qudratli bo‘lolmaydi. Odamlarga doim qahramon kerak. “Haqiqiy qahramonlik qo‘lda emas, miya va yurakda” degan edi amerikalik adib Herman Melvill. Bugun milliy tafakkurni uyg‘otish, turli “...parastlik” sindromlaridan xalos bo‘lish uchun tariximizning yorqin sahifalarini jamiyatga yuqtirish ehtiyoji bor. Buyuk allomalar, mumtoz shoirlar, dovyurak sarkarda-yu ma’rifatli hukmdorlarimizni xalqqa qayta tanitish ziyolilar zimmasidagi ma’naviy burch.

 

Zamonaviy kinoijodkorlar bir zamonlar qabila sardori bo‘lgan, nasl-nasabining tayini yo‘q kimsani ham qahramonga aylantirib yubora oladi. Tabiiyki, bu qahramon najotkor, qudrat sohibi o‘laroq millionlab o‘smirlarning ko‘nglidan joy oladi. Jahon kino san’ati ilm-u tafakkur namoyandalarini ham unutgan emas. Google dasturida biror tarixiy shaxsni qidirsangiz, hech qursa, u haqida bitta kinoasar bor. Afsuski, biz – o‘zbeklar bu borada maqtana olmaymiz.

 

Buyuk ajdodlarimiz haqida o‘tgan yigirmanchi asrda romanlar yozilib, filmlar ishlandi, spektakllar yaratildi. Biroq tarixiy-biografik janrdagi bu asarlar egizday bir-biriga o‘xshash. Davr va ijtimoiy muhit o‘xshashligi tabiiy. Ammo har bir ajdodimizning o‘z taqdiri, ijod yo‘li, g‘oyasi va albatta xarakteri bo‘lgan. Hozir bir qolipdagi zo‘rma-zo‘raki, badiiy talqini bitta o‘zanga qamalgan, bir-birini takrorlaydigan qahramonlar yaratish urfdan qolgan.

 

Deylik, yoshlarimiz Alisher Navoiyni qanday tasavvur qiladi? Ko‘pchilikning ko‘z oldida avvalo hassa tutgan, soch-soqoli oqargan, munkillab qolgan sallali chol qiyofasi gavdalanadi. Vaholanki, Navoiy bobomiz vafot etganda oltmish, “Xamsa”ni yozganda qirq yoshda edi. Bir o‘zbek o‘g‘loni sifatida Navoiyni munkillagan chol emas, ham jismonan, ham ma’nan baquvvat, ruhan tetik, g‘ayratli shaxs bo‘lgan deb tasavvur etishga urinaman. Ne ajabki, har safar nuroniy chol siymosi xayolimda gavdalanaveradi.

 

Shu kungacha o‘zbek adabiyotida, kinosida yaratilgan asarlarni yo‘qqa chiqarish adolatsizlik bo‘ladi, albatta. O‘tgan asrda “Alisher Navoiy”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Ulug‘bek yulduzi”, “Abu Ali ibn Sino”, “Buyuk Amir Temur”, yaqin yillarda “Ibrat”, “Avloniy”, “Qo‘qon shamoli”, “Imom Abu Iso Termiziy” kabi tarixiy mavzudagi qator filmlar yaratildi. Turk ijodkorlari bilan hamkorlikda “Menkim, Jaloliddin” seriali suratga olindi. Lekin bu filmlar kutilganidek samara bergani yo‘q.

 

Adabiyot inson qalbini ifoda etsa ham odamzot ko‘rganiga ko‘proq ishonadi. Kinolar asosida esa baribir adabiyot yotadi. Tarixiy filmlar albatta badiiy poydevori baquvvat asarga asoslanishi lozim. Ajdodlarimizning tarjimai holini bitta formulaga solib, asardan asarga ko‘chirish bilan maqsadga erishish qiyin. Birxillikdan qochish, tasavvurimizni bir sidra tozalab olish, ajdodlarimiz bilan oramizni yaqinlashtirish hozirgi o‘zbek adabiyoti va kinosining muhim vazifasi deb o‘ylayman.

 

Haqiqiy vatanparvarlik qasidasi o‘laroq tilga olinadigan Mel Gibsonning “Sheryurak” badiiy filmini hammamiz yaxshi bilamiz. Shotlandiya va Angliya o‘rtasidagi urushlarda afsonaga aylangan Uilyam Uollesning hayotidan ta’sirlanib suratga olingan mazkur filmda ko‘p epizodlar to‘qima bo‘lsa ham shotland o‘g‘lonlarining urushdagi matonati, vatanparvarligi va jasorati hanuzgacha millionlab qalblarni to‘lqinlantirib keladi. Mazkur film XV asrda Blaynd Harri degan so‘qir shoirning Uolles haqida yozgan dostoni asosida yaratilgan. Film ijodkorlari esa bitta personajni butun dunyoga vatanparvarlik timsoli sifatida taqdim eta bildi. Nima, bizning tariximizda Uolleslar yashamaganmi? O‘tmishimizning har bir sahifasida bir emas, ikki emas, o‘nlab Uolleslar bor-ku! Shunday ekan, nega Spitamen yoki To‘maris hayotini tomoshabinga professional darajada ko‘rsata olmaymiz? O‘n besh yilcha ilgari teleekranlarimiz karis tarixiy seriallari bilan to‘lib-toshgan edi. Oqibatda bolalarimiz karis qahramonlari bo‘lishni orzu qila boshladi. O‘quvchilar Shiroq, To‘maris, Spitamen, Mahmud Torobiy, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi, Najmiddin Kubro kabi buyuk vatanparvarlarimiz haqida faqat darsliklarda o‘qishi yetarli emas.

 

Dunyoda motivlar tugamagan, lekin syujet va g‘oya taqchilligi bor. Shunga qaramay yaqin yigirma yilda qanchadan qancha qahramonlar o‘ylab topilmadi deysiz? O‘rgimchak odam, Chumoli odam, Ko‘rshapalak odam (Betmen), Terminator, Temir odam... Sanayversak, ro‘yxatning adog‘i yo‘q. Eng qizig‘i,  ular o‘ylab topilgan, bor-yo‘g‘i fantaziya mahsuli, xolos. Bizning tariximiz va folklorimiz esa Hollivudni yigirma-o‘ttiz yil tarixiy qahramon bilan ta’minlashga yetib ortadi.

 

Yozuvchi tarixiy qahramonning hayoti va faoliyatini aks ettirmoqchi ekan, eng avvalo individual mahoratga tayanadi. Uzoq asrlar sukunat ichra yotgan qo‘lyozmalar bilan suhbatlashadi, tarix qabristonidagi toshbitiklarni xolis o‘qiydi. Badiiyat ila tarixni hikoya qilish san’ati esa oson emas. Badiiy asarning g‘oyasi – ildizi baquvvat bo‘lishi kerak. G‘oyasi bo‘sh asarning na badiiy qiymati, na estetik zavqi bo‘ladi. Tarixiy qahramonning g‘oyasi muhim! Biror katta g‘oya bilan bugungi odamlarning qalbiga ta’sir ko‘rsatishi shart. Rus yozuvchisi Sigizmund Krjijanovskiyning bir gapi bor: “Vatan tarixini yozishingiz uchun ikkita narsa bo‘lishi kerak: ham vatan, ham tarix. O‘tmishingizni sevishingiz, qadimgi zamonning eng yomon faktlaridan ham yaxshilik izlashni o‘rganishingiz lozim. Tarix haqida badiiy asar yozishdan oldin mamlakatingiz tarixini bilishingiz, to‘liq material to‘plashingiz va shundan keyingina tarixiy asarda ketma-ket bo‘lib o‘tadigan voqealarni ko‘rib chiqishingiz mumkin”.

 

Jahon adabiyotida buyuk shaxslarga bag‘ishlangan biografik asarlar talaygina. Oddiy misol: Shekspir hayotiga bag‘ishlangan o‘ndan ortiq roman bor. Italyan xalqining buyuk shoiri Dante Aligeri haqida beshta roman yozilgan. Bu asarlarda Shekspir va Dante shaxsi turlicha talqin qilingan. Mazkur asarlar asosida bir nechta badiiy film ishlangan. Masalan, Uilyam Shekspir haqida o‘n uchta kino suratga olingan bo‘lib, ularda adibning butun umri tasvirlanmagan, hayotining muayyan bir davri badiiy tahlil etilgan. Film ijodkorlarining maqsadi Shekspir yoki Dantening hayoti haqida hikoya qilib berish emas, ularning g‘oyalarini jamiyatga yetkazish bo‘lgan. O‘zbek adabiyotida esa tarixiy obrazlar ko‘pincha nuqsondan xoli qilib tasvirlanadi. Muallif asarda qahramonini to‘la himoyaga olib, biror xato qilishiga izn bermaydi.

 

Bolaligimda rus yozuvchisi Klara Moiseyevaning Abu Rayhon Beruniy haqidagi “Beruniy yulduzlari” qissasini o‘qigandim. Asar bobomizning falakiyot ilmi bilan bog‘liq faoliyati, Ma’mun akademiyasidagi muhit haqida tasavvur beradi. Qizig‘i, asar bosh qahramoni Beruniy emas, balki Yoqub ismli shogirdi edi. Bu yondashuv ham muallifning o‘ziga xos talqini desak xato bo‘lmaydi.

 

Robin Hud haqida bilmagan odam yo‘q hisobi. Boylarning mulkini o‘marib, kambag‘allarga ulashadigan bu to‘qima qahramonning o‘zimizda ham muqobili bor – Namoz Pirimqul o‘g‘li. Xudoyberdi To‘xtaboyev u haqida “Qasoskorning oltin boshi” romanini yozgan. Lekin bu asar asosida film ishlanmagan. Hatto yaxshiroq targ‘ib ham qilinmagan. Aslida bunday asarlar yuz minglab nusxada chop etilishi, barcha maktablarga tarqatilishi, jamoatchilik orasida ko‘proq muhokama qilinishi zarur.

 

Bugun har bir ziyoli millat tafakkurining o‘sishi uchun qayg‘urishi – davr talabi. Buyuk ajdodlarimizning g‘oyalarini jamiyatga singdirish – zimmamizdagi burch. Bu vazifani sharaf bilan ado etish – katta saodat. Toki yoshlar qalbida Temur Malik va Jaloliddin Manguberdi kabi sarkarda, Beruniy va Xorazmiy kabi olim, Navoiy kabi shoir, Mirzo Ulug‘bek kabi astronom bo‘lish istagi tug‘ilsin. Faqat nomini sanashni bas qilib, ulardan qolgan ma’naviy xazina eshiklarini ochaylik, ulardan qolgan asl ganj bilan tanishtiraylik. Tarixiy shaxslarning yuksak badiiy talqini bugungi millat yoshlarida ajdodlarga nisbatan faqat faxr tuyg‘usini emas, ularga ergashish, joiz bo‘lsa taqlid qilish istagini uyg‘otsin.

 

Farzandlarimizni tariximiz bilan rosmana tanishtirmas ekanmiz, ular ko‘ngli dunyoning to‘qima qahramonlariga mahliyo bo‘lib qolaveradi.

 

“Naf’ing agar xalqqa beshakdurur,

Bilki, bu naf’ o‘zungga ko‘prakdurur”.

 

Xurshid ABDURASHID,

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar

instituti ilmiy xodimi

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 2-son.

“O‘zbek o‘z qahramonlarini tanisin” maqolasi

1 Izoh

Nigora

19:07 / 31.07.2023

Maqola judayam yaxshi yozilgan ayni bizning ogʻriqli nuqtalarimiz sanab oʻtilgan deb oʻylayman . Ishlaringizda omad tilayman

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19354
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16485
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi