Ma’naviy taraqqiyot hayotimizga yangicha ruh va mazmun bag‘ishlaydi


Saqlash
14:07 / 28.07.2023 967 0

Bugungi kunda jahon hamjamiyati zamonaviy taraqqiyotni ta’minlash jarayonida ko‘pdan-ko‘p ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy omillar bilan bir qatorda insonni inson sifatida ulug‘lab turadigan, jamiyatda ezgu qadriyatlar, axloqiy fazilatlar ustuvorligini ta’minlaydigan, odamlarni mudom eng xayrli gumanistik g‘oyalar asosida ruhiy kamolot sari yetaklaydigan beqiyos kuch – ma’naviyatga nisbatan tobora ko‘proq ehtiyoj sezmoqda.

 

Insoniyatning ming yillik umumbashariy qadriyatlarini “erkinlik” niqobi ostida oyoq osti qiladigan, odamlarni axloqsizlik va tubanlikning eng jirkanch yo‘llariga boshlaydigan, muqaddas diniy qadriyatlarni yovuz maqsadlari yo‘lida qurolga aylantirishga intilayotgan, shu asosda bashariyatning ruhiy muvozanatini izdan chiqarishga intilayotgan kuchlarga qarshi kuchli ma’rifat qalqonining o‘rnini tobora yaqqolroq his qilmoqda. Shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidentining BMT minbaridan ilgari surilgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili jahoniy da’vatga aylandi.

 

Mashhur g‘arb olimi Albert Shveytser “Voqelikni shakllantiradigan kuchlar ichida birinchisi ma’naviyat va axloqdir”, deya bejiz aytmagan. Insonning surati va siyrati, ya’ni jismi va ma’naviyati haqida gapirar ekan, buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Jism ila ruh ikkisi bir choponning o‘ng ila tersiga o‘xshaydi. Agar jism tozalik, ya’ni ma’naviyat va axloq bilan ziynatlanmasa, yomon xulqlardan saqlanmasa, choponni ming yuvganing bilan ichidagi – astaridagi kiri tashqarisiga uraveradi”, degandi.

 

Bugungi kunda O‘zbekiston taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. “Yangi O‘zbekiston orzusi”, “Uchinchi Renessans poydevorini yaratish” ham yuksak ilmiy-ma’naviy mo‘ljal, ham strategik maqsadga aylandi.

 

Prezidentimizning shiddatli islohotchilik siyosati nafaqat O‘zbekistonni milliy yuksalish bosqichiga olib chiqdi, balki Markaziy Osiyoda yangicha munosabatlar shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

 

Xo‘sh, ushbu jarayonda ma’naviyatning hayotimizdagi o‘rni qanday bo‘lishi kerak? Bu savolga ham davlatimiz rahbari “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida javob bergan: “Biz uchun ma’naviyat-insonlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, hurmat va e’tibor, xalq va davlat kelajagini birgalikda qurish yo‘lidagi ezgu intilishlar, ibratli fazilatlar majmuasidir. Boshqacha aytganda, ma’naviyat-jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha kuchli bo‘lsa, xalq ham, davlat ham shuncha kuchli bo‘ladi”.

 

Ana shu asosda o‘tgan qisqa davrda mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirish maqsadida bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan 13 ta normativ-huquqiy hujjat va konseptual hujjat tayyorlandi. Xususan, O‘zbekiston Prezidentining 1 ta farmoni, 4 ta qarori, 1 ta farmoyishi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 3 ta qarori, 4 ta farmoyishi qabul qilindi. Shu asosda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning tizimliligi va uzluksizligini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

 

2021-yil 19-yanvarda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishida uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, vazifalari belgilab berildi. Markazning ma’naviy-ma’rifiy sohani muvofiqlashtiruvchi maqomi mustahkamlandi.

 

Shu asosda barcha vazirlik va idoralarda Ma’naviyat va ma’rifat kengashlari tashkil etildi. Vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan har yili ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqish va amalga oshirish tizimi joriy qilindi.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashini tashkil etish va boshqarish tartibi tubdan o‘zgartirildi. Kengashga O‘zbekiston Prezidenti, hududiy kengashlarga mahalliy hokimlar raislik qilishi belgilandi. Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati va Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tashkil etilib, tizimning ilmiy-ma’rifiy va moddiy asoslari mustahkamlandi.

 

Boy ma’naviy merosimiz, milliy-axloqiy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish, aholiga yangi O‘zbekiston nafasi, islohotlar mazmun-mohiyatini xolis, izchil va ishonchli yetkazib borish maqsadida “Oyina.uz” elektron portali faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, “Tafakkur”, “Ma’naviy hayot” jurnallari hamda “Ma’naviyat” nashriyoti markaz tasarrufiga o‘tkazildi.

 

Mamlakatimizning barcha hududlari, jumladan, tuman va shaharlarida ma’naviyat va ma’rifat maskanlarini bosqichma-bosqich qurish va foydalanishga topshirish ishlari olib borilmoqda.

 

Ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, yuksak ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish borasida fidokorona mehnat qilgan va samarali natijalarga erishgan fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.

 

Davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobi beshinchi bo‘limi “Ma’naviy taraqqiyot”ga bag‘ishlangan. Unda “Ma’naviy yangilanish: imkoniyat va istiqbollar”, “Yangi ma’naviy makonni yaratish borasidagi vazifalar”, “Ma’rifiy islohotlar va barkamol inson tarbiyasi”, “Yangi O‘zbekiston va ma’naviy yangilanish”, “Ma’rifatli jamiyat sari”, “Milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi” mavzularida mavjud voqelik chuqur tahlil qilingani holda bu boradagi eng ustuvor vazifalar belgilab berildi.

 

Bugungi kunda dunyoda sodir bo‘layotgan voqea va hodisalar bir haqiqatni yanada yaqqolroq namoyon etmoqda: mamlakatni iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, ijtimoiy ta’minot darajasini yaxshilash, jismoniy jihatdan barkamol insonni tarbiyalash bilangina kuchli taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Ma’naviy-axloqiy bo‘shliqqa yo‘l qo‘yilgan makonlarda iqtisodiyot, harbiy salohiyat ming bora qudrat kasb etmasin, milliy-ma’naviy birlikning yo‘qligi manaman degan iqtisodiy cho‘qqilarning ham nurashiga olib kelishi mumkin. Shu ma’noda, mafkuraviy kurashlar goh oshkora, goh pinhona tus olgan, inson ongi va qalbi uchun kurashlar keskinlashgan tahlikali zamonda ma’naviy tarbiya masalasi hayot-mamot masalasiga aylanmoqda.

 

Dunyoning turli mintaqa va davlatlarida sodir bo‘layotgan ayanchli voqealar tahlili ko‘rsatmoqdaki, ommaviy axborot vositalari, zamonaviy axborot texnologiyalari, jumladan, internet, ijtimoiy tarmoqlar va elektron nashrlar ko‘p hollarda ayrim buzg‘unchi kuchlar qo‘lida turli soxta, zararli g‘oya va mafkuralarni targ‘ib etishning qulay va tezkor vositasiga aylanib qolmoqda. Bu kabi tahdidlar milliy va umuminsoniy qadriyatlar yemirilishiga, zo‘ravonlik, inson taqdiri, jamiyat hayotiga bepisandlik, mas’uliyatsizlik, loqaydlik, andishasizlik, behayolik kabi illatlar ildiz otishiga, odamzodning o‘z tarixiy, diniy, milliy-ma’naviy ildizlaridan uzilib qolishiga sabab bo‘lmoqda va jahondagi ko‘plab davlatlarda umumiy tendensiyaga aylanib bormoqda. Bunday murakkab sharoitda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrash – mustaqillikni asrashdek, mustahkamlashdek, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdek muhim.

 

Binobarin, jamiyat a’zolarini eng go‘zal fazilatlar, milliy va umuminsoniy qadiyatlar, milliy vatanparvarlik, milliy burch, Vatanga mas’ullik ruhida tarbiyalash orqali erishilgan ma’naviy taraqqiyot davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini kompleks rivojlantirish, mamlakat ahliga bunyodkorlik va yaratuvchanlik ruhini baxsh etishda ma’naviy drayver vazifasini o‘taydi.

 

Davr talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi o‘z faoliyatini tubdan tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqib, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi eskirgan yondashuvlar, samarasiz usul va vositalardan voz kechgan holda yangicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan zamonaviy targ‘ibot texnologiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Albatta, raqamli makonda yanada faollashish, mavjud tahdidlar, noxolis axborot xurujlariga qarshi munosib javob berish soha xodimlarining bu boradagi bilim va malakalarini muntazam oshirib borishni talab qiladi.

 

Shu maqsadda joriy yil 17–21-iyul kunlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida markazning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘limlari hamda tuman/shahar bo‘linmalarining 250 nafardan ortiq mas’ul rahbar-xodimi ishtirokida “Ma’rifiy targ‘ibot ishlari samarasi va ta’sirchanligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.

 

Unda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Saylovoldi dasturida ilgari surilgan ma’naviy-ma’rifiy tashabbuslar, vatanparvarlik va yoshlar tarbiyasi masalalari”, “Respublikada olib borilayotgan ma’naviy-marifiy ishlarning holati hamda hududiy Ma’naviyat va ma’rifat kengashi rahbarlarining Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi oldida hisobot berishi tizimini yo‘lga qo‘yish”, “Ma’rifiy targ‘ibot ishlari samarasi va ta’sirchanligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar: muammo va takliflar” va boshqa qator mavzularda ma’ruzalar tinglanib, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

 

Ishtirokchilar bilan O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, siyosiy fanlar doktori, professor Q.Quronboyev ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda davlatimiz rahbarining ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash borasidagi topshiriqlari ijrosi, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

 

Shuningdek, seminar ishtirokchilari ma’naviyat va ma’rifat, targ‘ibot ishlari yo‘nalishidagi kadrlar faoliyati samaradorligini baholash indikatori (KPI) hamda barcha darajadagi xodimlar uchun aniq malaka talablarini ishlab chiqish va mahallalar kesimida uyushmagan yoshlar o‘rtasida ma’rifiy targ‘ibot ishlarini tashkil etishning qulay, zamonaviy va ta’sirchan usullarini ishlab chiqish bo‘yicha muhokamalar tashkil qilindi.

 

To‘rt kun davom etgan tadbirda taniqli olimlar, yozuvchilar, professor-o‘qituvchilar tomonidan ishtirokchilarning aholi o‘rtasida sotsiologik so‘rovnomalar o‘tkazish, natijalarini olish va tahlil qilish, shu asosda ijtimoiy-ma’naviy muhitni tashxislash bo‘yicha bilimini mustahkamlashga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

 

– Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan o‘quv seminarida nihoyatda muhim masalalalar muhokama qilindi, – deydi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, falsafa fanlari doktori Jamila Shermuhammedova. – Unda ta’kidlanganidek, bugun ma’rifat targ‘ibotchisining imiji, obro‘-e’tibori, eng muhimi, ilmiy salohiyati kuchli va ta’sirli bo‘lishi shart. Shu nuqtai nazardan, to‘rt kunlik o‘quv seminarida barcha tinglovchilar bugungi yangi zamon talablariga mos interfaol, kreativ, motivatsion texnologiyadan foydalanish mexanizmlarini o‘rganishdi.

 

Seminar doirasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida har bir mahallada ma’naviy-ma’rifiy ishlarni rivojlantirish, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shma qaror, vazirlik va idoralar, tashkilot va muassasalarda “ma’naviyat xonasi”ni tashkil etish bo‘yicha yo‘riqnoma, ma’naviy-ma’rifiy faoliyat bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari namunali ish tajribasi bo‘yicha dastur loyihalari ishlab chiqilib, ularni samarali amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Ma’sudjon Sulaymonov esa seminardagi dolzarb mavzular, rang-barang mashg‘ulotlar, taqdimotlar bo‘yicha o‘z taassurotlarini bildirdi:

 

– Eng muhimi, har bir mashg‘ulot rasmiyatchilikdan xoli o‘zaro muloqot, bahs-munozara shaklida tashkil etildi. O‘ziga xos tarzdagi seminar ma’naviyatchilar uchun muloqot maydoni, bilim, malakani o‘zlashtirish, ilg‘or tajribalarni o‘rtoqlashish, hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Har birimizga yuksak faollik baxsh etdi.

 

– Respublika seminari tizim xodimlari uchun juda manfaaatli, foydali bo‘ldi. Eng asosiysi, mamlakatimizda Ma’naviyat va ma’rifat markazining hududiy bo‘lim va bo‘linmalari rahbarlari yagona “ma’naviyat oilasi”da ekanini, ma’naviy birligini, har bir masalada hamjihat faoliyat ko‘rsatish turli noxolis axborotlarga qarshi turishda katta kuchligini his etdilar, – deydi markazning anjumanda ishtirok etgan Ellikqal’a tumani bo‘linmasi rahbari Oysha Matniyozova.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hududiy bo‘limlari, tuman va shahar bo‘linmalari rahbarlari, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatning eng faol a’zolari ishtirokidagi ilk seminar amaliy taklif va tashabbuslar, qizg‘in bahs va munozaralar asosida nihoyatda ishchanlik ruhida o‘tdi. Sohaning har bir xodimi nafaqat oldida turgan vazifalarning muhimligini angladi, shu bilan birga, Vatan taraqqiyoti, kelajak avlod oldidagi yuksak mas’uliyatni his qildi.

 

Seminar yakunida “Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tizimi jamoasi va bir guruh ma’rifat targ‘ibotchilarining mamlakat aholisiga murojaati” qabul qilindi.

 

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Ma’naviyat – bamisoli bir bayroq”. Ma’naviyat ezgulik, mehr-muhabbat, oqibat, tarbiya, odamiylik va yuksak vatanparvarlik bayrog‘idir. Ushbu bayroqni baland ko‘tarib, millatimiz va xalqimizni ezgulik va bunyodkorlik yo‘lida birlashtirishdagi sharafli mas’uliyatni seminar ishtirokchilarining barchasi yurakdan his qildilar.

 

Minhojiddin MIRZO,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2023-yil 27-iyul, 148-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

10:05 / 07.05.2024 0 4
“Avtohalokat” dan keyingi oʻylar

Mafkura

10:05 / 07.05.2024 0 5
Urushda g‘oliblar bo‘lmaydi...





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19348
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16460
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi