Qiblasini yo‘qotgan avlod


Saqlash
11:10 / 14.10.2021 960 0

Mavjud ilmiy nazariyalarga ko‘ra, o‘z filogenetik taraqqiyotining ibtidosida inson tabiat kuchlari oldida ojiz edi. Bu davrda uning yashab qolishi uchun o‘z-o‘zini saqlash instinkti benihoyat muhim bo‘lgan, biroq inson tafakkuri o‘sib borishi bilan ular dastlabki hayotiy ahamiyatini yo‘qotdi. Chunki inson bora-bora yegulik topishning yangi, qulay usullarini o‘zlashtira boshladi, endilikda ovqat ochlikni qondirishgagina emas, insonga xos ochko‘zlikni qondirishga-da xizmat qiladigan bo‘ldi. Inson o‘ziga qulay, mustahkam boshpanalar qurib oldi va tobora xavfsizroq, bexavotirroq yashay boshladi. Ana shunday qulaylik va farovonlik tufayli u ko‘proq erkinlikka ega bo‘ldi. Endi uning aql-u zakovati boshqa maqsadlarga yo‘naldi. Inson tabiatni butunlay bo‘ysundirish, oilaviy va jamoaviy munosabatlarni saqlab turishning asosiy sharti bo‘lgan qadriyatlar, jumladan, axloqiy qadriyatlarni o‘ziga moslab shakllantirishga intila boshladi. Bu intilishning bir qismi bugungi farovon hayotning manbaнi bo‘lsa, boshqasi kulfatlar ildiziga aylanib qoldi. Inson nafaqat tabiat, shuningdek, o‘z-o‘zi bilan nizolashishga odatlandi.

Luis Tomas e’tirof qilganidek, “Insonning bir-biriga munosabatidan ko‘ra g‘alatiroq, oldindan aytib va taxmin qilib bo‘lmaydigan hodisa yo‘q. Butun tabiatda insonga uning o‘zidan boshqa xavf soladigan mavjudot ham yo‘q”.

Bir so‘z bilan aytganda, inson tom ma’noda ozodlikka erishdi va, ayni damda, erkinligidan mahrum bo‘ldi. Endi u o‘zi yaratgan mukammal-u murakkab axborot texnologiyalari, ilmiy texnika mo‘jizalari, qulaylik va noz-ne’matlar, iroda va axloqiy erkinlikning quliga aylandi, o‘zi kurashib qo‘lga kiritgan ozodlikka tobe bo‘lib qoldi. Lekin, Alber Kamyu aytganidek, isyonkorlik inson tabiatida bor, bu – Odam Ato bilan Momo Havvodan qolgan meros. Inson G‘arbning ma’naviy tanazzuli avvalida o‘zi ega bo‘lib olgan ozodlikka qarshi isyon ko‘tara boshladi. Chunki, bir tomondan, farovonlik va qulaylik, ikkinchi tomondan, texnologiyalarga tobelik ruhiyatga bosim o‘tkaza bordi, ya’ni og‘irlik filogenetik taraqqiyotning muqaddimasida bo‘lganidek fiziologik sohaga emas, balki ruhiyatga ko‘chdi. Ayrim tadqiqotchilar bunday oqibat sababini me’yordan ortiq “ozodlik”da deb bilsa (Erix Fromm), boshqa birlari jamiyatning madaniyat timsolida psixikaga o‘tkazadigan tazyiqini ko‘rsatadi (Zigmund Freyd).

Aksar tadqiqotchilar “madaniyat” atamasi “jamiyat” tushunchasiga teng kuchli, deb hisoblaydi. Insoniyat madaniyati tabiat kuchlari ustidan hukmronlik qilish, farovon yashash yoki o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun odamlar tomonidan o‘zlashtirilgan barcha bilim va malakalarni qamraydi. Ayni paytda, u odamlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladigan va noz-ne’matlarni taqsimlaydigan ijtimoiy institutlarni ham o‘z ichiga oladi. Lekin shuni nazarda tutish kerakki, ayrim odamlarda destruktiv, sotsiopatik, aksilmadaniy xulqqa moyillik mavjud.

Inson mudom ikki o‘t orasida yashaydi. Bir tomondan, madaniyat insonni iskanjaga oladi, lazzatlanishdan mahrum etadi (shuning uchun u madaniyatdan qutulish payida bo‘ladi), ikkinchi tomondan, madaniyat odamni himoya qiladi, tabiatning barcha noz-ne’matlarini o‘zlashtirish, ulardan foydalanish va odamlar o‘rtasida taqsimlash imkonini beradi. Binobarin, agar odam madaniyatdan o‘z lazzatlari hisobiga voz kechsa, himoyadan, ko‘plab noz-ne’matlardan ayrilishi va halok bo‘lishi mumkin. Agar u madaniyat foydasiga o‘z mayllaridan voz kechsa, bu uning psixikasiga og‘ir yuk bo‘lib tushadi. Inson qay biriga moyil? Istaydimi-yo‘qmi, u ikkinchi tomonga moyil bo‘ladi. “Shu tufayli har qanday madaniyat majburiylik va mayllardan voz kechish asosiga qurilishi kerak. Uni tushunishda shu narsa ma’lum bo‘ladiki, og‘irlik markazi moddiy ne’matlardan ruhiyat tomonga surilgan. O‘ta muhim jihat shundaki, odamlarning o‘z mayllaridan voz kechishi hisobiga beradigan qurbonlar zalvorini yengillatish, ularni bu kabi yo‘qotishlarga ko‘niktirish va bergan qurbonlari uchun taqdirlash imkoni mavjud” (Фрейд З. Введение в психоанализ: лекции. Санкт Петербург, “Азбука-классика”, 2007). Qanday qilib salbiy kayfiyatdagi olomonni madaniyat talablariga bo‘ysundirish mumkin? Shu yerda shaxsning madaniy roli masalasi o‘rtaga chiqadi.

Madaniy faoliyatda majburiylikni chetlab o‘tish mumkin bo‘lmaganidek, ozchilikning (elita) omma ustidan hukmronligi masalasini ham chetlab o‘tish mumkin emas, chunki qaysar omma uzoqni ko‘ra olmaydi, o‘z mayllaridan voz kechishni yoqtirmaydi, bu boradagi tushuntirishlarga quloq solmaydi, ommaning ayrim vakillari esa bir-birini anarxiya va qonun buzishga undaydi. Omma ideal deb tan olgan shaxs, rahnamo, yo‘lboshchilar ta’sirigina ularni nafs qutqusidan voz kechishga undashi mumkin, bu esa madaniy taraqqiyotga sabab bo‘ladi.

Ba’zi rivojlangan jamiyatlarda bozor munosabatlari sharoitida yashayotgan, taqdir hukmiga tashlab qo‘yilgan odamlarda absurd hissi, ekzistensial bo‘shliq kuzatilmoqda. Bunday sharoitda odamlar nima xohlayotgani va nima qilishi lozimligini anglashga ojiz qolmoqda. Natijada ular boshqalar istagan narsani istayapti (konformizm) yoki boshqalar ulardan nima talab etsa, shuni qilishga majbur (totalitarizm).

Keltirilgan fikrlardan shunday xulosa chiqadi: birinchidan, mayl va istak ko‘rinishidagi instinktlar barcha insonlarda – irqi, jinsi va millatidan qat’i nazar – bir xil. Faqat madaniy jamiyat ta’sirida shaxs turlicha shakllanadi. Ikkinchidan, to‘la erkinlik, farovonlik va qulaylik odamga butkul huzur bag‘ishlay olmaydi. Inson asta-sekin o‘zi yaratgan mukammal texnologiyalar, farovonlik va qulaylik, lazzatning quliga aylanayotgani, unga tobe bo‘lib qolayotganini anglab yetadi. Endi ular turli-tuman xatarli sport o‘yinlari – parashyutdan sakrash, tik tog‘ cho‘qqisidan chang‘ida tushish, yovvoyi tabiat bag‘riga sayohat qilish, ko‘ngil ochish uchun ichkilik, narkotikka ko‘ngil qo‘ya boshlaydi. Lekin bularning birontasidan istaganidek lazzat topa olmagach, osongina turli ekstremistik, terroristik g‘oyalar qarmog‘iga ilinadi, chunki farovon, erkin jamiyatning o‘zi turli-tuman kinofilmlar, internet materiallari orqali zo‘r berib targ‘ib qilib kelgan to‘la ozodlik va erkin axloq g‘oyasi bilan ijtimoiy ongni ana shunday yovuz g‘oyalarni qabul qilishga tayyorlab qo‘ymoqda. Oqibatda ruhiyatiga tushayotgan og‘irlik, bosim ostida odamda o‘zi yaratgan erkinlik, qulaylik, ozodlikdan “qochish” (Erix Fromm) yoki unga qarshi “isyon ko‘tarish” (Alber Kamyu) istagi paydo bo‘ladi. Xo‘sh, qiblasini yo‘qotgan avlodni qutqarib qolish yo‘li bormi? Bizningcha, kuchli davlat qurilmasi, mustahkam qadriyatlar tizimi, qonun ustuvorligi bilangina uni ob’ektiv borliq va o‘zi bilan kelishishga undash mumkin.

Hozirgi davrda odamzod iroda erkinligi, shaxs erkinligi, xatti-harakatlar erkinligi, erkin axloq, qaror qabul qilish erkinligi kabi erkinliklar bilan o‘zini shunchalik “ozod” qilib oldiki, asta-sekin mas’uliyat hissi, davlat va jamiyat oldidagi, er-xotinlik, gender (ayollik va erkaklik) majburiyatlari, jinsiy rollar haqidagi an’anaviy tasavvurlar buzildi. Rivojlangan jamiyat inson ongiga ko‘ngli tusaganini qilish, xohlagan narsasini yozish (atrof-borliqni buzib aks ettiradigan siyqa syujetli badiiy asarlar, sariq matbuot), nimani xohlasa shuni tasvirga olish (behayolik, zo‘ravonlik, shafqatsizlik sahnalari aks ettirilgan filmlar), nimani xohlasa shuni tarqatish (suitsid, genotsid, boshqa millat, din vakillariga nisbatan adovat va nafratni targ‘ib qiluvchi saytlar) mumkin, degan tasavvurlarni singdirdi. Oqibatda insonning obyektiv borliq va o‘zi bilan munosabatlarida ziddiyatlar paydo bo‘ldi.

Inson davlat va jamiyat, qonun ustuvorligini tan olibgina obyektiv borliq va o‘zi bilan kelishishi mumkin. Obyektiv borliq va o‘zi bilan kelisholmagan odamda turli xil psixik beqarorliklar paydo bo‘lish ehtimoli ortadi, faqatgina obyektiv borliq va o‘zi bilan kelishib yashaydigan insongina ijtimoiy borliqni adekvat idrok qiladi, tom ma’nodagi erkinlik va ozodlikka ega bo‘la oladi.

Sanab o‘tilgan muammolar yechimi ustida dunyoning ko‘plab aql egalari bosh qotirmoqda. Insoniyat tarixida bundan ham mushkul vaziyatlar bo‘lgan. Insoniyat aql-zakovati va tafakkuri bilan doimo vaziyatdan chiqish yo‘lini, hayot mazmunini topgan. O‘zbekiston vujudga kelgan muammolarning eng maqbul yechimini jamiyat a’zolarining ma’naviy yetukligi, ijtimoiy muhit barqarorligi, tinchlik va osoyishtalik, barqaror iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari bilan dunyoga namoyon qilyapti. Demak, G‘arb jamiyatshunoslari, siyosatchilari, din arboblari e’tirof etayotgan madaniy halokat va ma’naviy tanazzuldan yuksak ma’naviyat g‘oyasi, qonun ustuvorligi, kuchli ijtimoiy himoya siyosati, jamiyatni bosqichma-bosqich yangilab borish, inqilobiy harakatlardan saqlanish, jamiyat a’zolarini ruhiy zo‘riqishlardan himoya qilishgina qutqarishi mumkin.

Ma’murjon Otajonov,

psixologiya fanlari nomzodi,

dotsent

 

“Tafakkur” jurnali, 2017-yil 1-son

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 602
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19405
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16653
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi