Bir asar tarixi
Turkistonda 1916-yil boʻlib oʻtgan xalq qoʻzgʻoloni oʻzbek xalqining XX asrdagi eng ogʻir kunlaridan biri sifatida tarixga muhrlangan. Mazkur fojianing sabab va oqibatlari toʻliq oʻz ifodasini topgan yagona film esa “Tong oldidan” ovozsiz filmidir. Lekin, koʻp sonli oʻzbek kinomuxlislari kino tariximizda ana shunday asar borligi haqida bilishmaydi. Sababi, bu asar yaratilishi bilanoq, “zapret”ga tushgan filmlar qatorida turadi. Oʻzbek kino san’atining rivojida ssenariynavislik, rejissorlik, aktyorlik mahorati jihatidan dunyoning mashhur kinoasarlari bilan bir qatorga qoʻyish mumkin boʻlgan bu film ijodkori ham aynan shu asaridan keyin koʻp oʻtmay, qamoqqa olingan va 37-yillarning qatagʻon qurbonlari qatorida otib yuborilgan. Oyina.uz kolumnisti, kinoshunos Shohida ESHONBOBOEVA ushbu ovozi oʻchirilgan oʻzbek filmi haqida hikoya qiladi.
Birinchilardan biri
Sulaymon Xoʻjayev 1892-yil Toshkentda tugʻilgan. Boshlangʻich diniy ta’limni Koʻkaldosh madrasasida olgan. Ijodkorning hayot yoʻli haqida avvalroq ham portalimizda maqola e’lon qilingan, material bilan mana bu yerda tanishish mumkin.
Sulaymon Xoʻjayev oʻzbek kinosining ovozsiz davrida “Ikkinchi xotin”, “Ravot qashqirlari”, “Chodra”, “Soʻnggi bek”, “Avliyo qizi” kabi filmlarda ham maslahatchi, ham rejissyor yordamchisi va aktyor boʻlib ishlagan. U vaqtlarda oʻzbeklar hayotidan olib oʻynalgan filmlar yaratilishida xorijiy kinoijodkorlarni mahalliy aholining turmush tarzi bilan yaqindan tanishtiruvchilar maslahatchi sanalardi. Shu tariqa Sulaymon Xoʻjayev doʻstlari Nabi Gʻaniyev, Komil Yormatov, Rahim Pirmuhammedov, Ergash Hamroyevlar singari kinoga amaliyot orqali kirib keldi. Hozirda Oʻzbekiston “Kino san’ati muzeyi” va “Kinofotofono” Davlat arxivida saqlanayotgan ovozsiz kinofilmlardagi S.Xoʻjayev yaratgan rollar alohida e’tirofga loyiq rollardir. Uning “Ravot qashqirlari” (1927) dagi Sodiq obrazidan Abdulla Qodiriy ham mamnun boʻlganini “Qizil Oʻzbekiston” gazetasiga yozgan taqrizida aytib oʻtgan.
1927-yilga kelib S.Xoʻjayev Moskva Davlat Oliy kinematografiya kursining rejissyorlik fakultetiga oʻqishga yuboriladi. Oʻsha vaqtda 38 yoshlarda boʻlgan “yosh kinochi” Rossiyaga 17 yoshli oʻgʻli Hamid bilan birga ketadi. Toʻrt yildan soʻng oʻgʻil operatorlik, ota esa buyuk rejissor Sergey Eyzensheynning rejissorlik kursini bitirib, Toshkentga qaytadilar.
1931-yilda yaratilgan “Avliyo qizi” filmida S.Xoʻjayev rejissyor assistenti boʻlishi bilan birga, Abdu-Nabi eshon obrazini ham yaratgan. Qisman tarixiy haqiqatga asoslangan film syujetining yetakchi obrazi Abdu-Nabi eshon edi. Koʻkaldosh madrasasida tahsil olgan Sulaymon Xoʻjayev eshon rolida asli kibrga burkangan, lekin xalq koʻzida marhamatga yoʻgʻrilgan “avliyo” obrazini maromiga yetkazib ijro etgan edi. Mazkur film haqidagi tahlilni mana bu yerda oʻqishingiz mumkin.
Moskvadan qaytgan S.Xoʻjayev yaqin oʻtmishning eng qonli davri boʻlgan 1916-yil xalq qoʻzgʻoloni haqida film suratga olishga jazm etadi. Unga oʻzbek kinosining kelajagi porloq, umidli rejissyorlaridan biri sifatida bu filmni suratga olishga ruxsat beriladi. Hatto, juda katta mablagʻ ham ajratiladi. Ammo, ma’lumotlarga koʻra, tayyor film 1933-yilning avgustida bir marta oz sonli tomoshabinlarga koʻrsatiladi-yu, “zindonband” etiladi. Oʻsha birinchi koʻrikda kimlar ishtirok etgani, yangi kinoasar haqida qanday fikrlar bildirilgani, rejissyor olqishlanganmi, yo qoralangani haqida hech yerda biror ma’lumot uchratganimiz yoʻq. Lekin hanuzgacha ilk kadridan to oxirigacha, hatto, zamondoshimizni diqqatini oʻziga tortadigan mazkur film oʻz davri tomoshabinlarini hayratga solgan boʻlsa, ajabmas. Buning sabablarini quyida tushuna olasiz, degan umiddamiz.
“Tong oldidan”
(“Перед рассветом” 1934. Ssenariy muallifi va rejissyor S.Xoʻjayev. Bosh rollarda: S.Xoʻjayev, Afandixon. )
“Tong oldidan” filmining boshlangʻich kadrlarida oddiy dehqon (Botir) oʻgʻli (Qodir) bilan ogʻir mehnat natijasida yetishtirgan paxta xirmonini aravaga ortib, paxta zavodiga olib borishlari koʻrsatiladi. Ot aravaga chiqayotgan Qodirning etigi qoʻnjidagi pichoqni koʻrgan Botir oʻgʻliga tanbeh berib, sovuq qurol bilan yurish notoʻgʻriligini ta’kidlaydi va pichoqni olib qoʻyadi. Filmda pichoq haqida turli vaqt va makonda, har xil rakurslardan turlicha axborot beriladi. Va, har bir axborot oʻziga xos kinematografik yuki bilan hikoya etilayotgan hodisani chuqur anglashga yordam beradi. Aytaylik, film boshida otaga itoatkorona boʻysungan oʻgʻil, film soʻngida xoʻrlik, sitam va nohaqliqka qarshi kurashga otlangan oʻzi yoʻqsilu, ammo jang qilishga Qodir boʻlib qoʻliga pichoq oladi....
Dehqonning paxtasi arzimas bahoga sotiladi, bu nohaqlikka, uni aldayotganlarga nisbatan norozilik bildirgan Botir esa tuhmat bilan qamaladi. Mazkur, oddiy janjaldan boshlangan syujetda oʻz davrining katta ijtimoiy muammosi bosqichma-bosqich yoritib boriladi.
Arxiv materiallariga nazar tashlasak, 1916-yil 25-iyunda podsho Nikolay II ning “Imperiyadagi begona xalqlarning erkak aholisini harakatdagi armiya rayonidagi harbiy inshootlar va shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur boʻlgan har qanday ishlarga jalb etish”ga qaratilgan farmoni e’lon qilinadi. Unga koʻra, Turkistondan mardikorlikka jami 250 ming kishi olinishi belgilangan edi. Ssenariynavis S. Xoʻjayev filmda ana shu farmon tufayli sodir boʻlgan xalq norozilik harakatining oʻzinigina aks ettirishni maqsad etmagan. Balki, Turkiston xalqining mustamlaka siyosati ostida oʻlka hukmron sinflari tomonidan ezilishi, mehnatiga yarasha haq olmasligi, xalqning savodsizligi va oʻz huquqini talab etish darajasida emasligi oʻz boshiga kulfat olib kelishini kino tilida badiiy ifodalagan edi.
Manbalarga koʻra 1903-yilda vodiyda paxtazorlar 149 ming ushrni tashkil etgan boʻlsa (1 desyatina 1,9 gektarga toʻgʻri keladi), 1911-yilga kelib bu koʻrsatkich 265,1 mingga oshgan. Buning natijasida gʻallazorlarning umumiy ekin maydoni keskin qisqarib, oʻlkada don mahsulotlari tanqisligi va ocharchilik vujudga kelgan. Turkistondan mardikorlikka olish toʻgʻrisidagi farmon esa xalqning “sabr kosasi toshishiga” sabab boʻlgan.
Rejissyor S. Xoʻjayev mustamlakachilarning siyosati tufayli xalqning oʻz mulkiga oʻzi egalik qila olmaslik darajasida qolganligini aniq detallar bilan namoyish etishga harakat qiladi. Xususan, Chor Rossiyasi davrida Toshkentdagi koʻrkam bogʻlarni oʻz mulkiga aylantirgan hukumat mahalliy xalqni bu yerlarga kirishini ta’qiqlab qoʻygan edi. Filmda ham chiroyli bogʻga kirib (hozirgi Toshkentdagi Amir Temur haykali oʻrnatilgan joy), oʻrindiqlarning biriga oʻtirgan yalangoyoq Qodir (filmda qamalgan dehqonning oʻgʻli) oʻziga nisbatan turli yovqarashlarni sezmaydi. Aslida, bogʻ eshigiga osib qoʻyilgan “Sartlar, soldatlar va itlarga kirish man etiladi” yozuvi uning oʻrni bu yerda emasligini anglatar edi...
XX asr boshidagi Turkistondagi ijtimoiy hayotning aniq tasvirini yoritib kelgan adiblardan Choʻlpon oʻzining “Chopon va paranji” badiasida ayni manzarani mahzun kayfiyat bilan shunday ifodalagan edi: “Bir vaqtlar boʻldi kim, shaharning dilrabo boqchasi ola-bula choponni koʻrishdan mahrum qoldi... Choponni, choponliklarni kursilarga oʻlturgʻizmay, bogʻlarga kirgʻuzmay qoʻydilar... Choponni shaharning dilrabo bogʻlaridan haydadilar, quvdilar... Choponni mahkamalarga, “oliy ostona”larga kirgʻizmadilar, qoʻymadilar...”
Filmda ham Qodir bogʻdan shavqatsizlarcha quviladi. Yupun kiyingan, yalangoyoq, “sart” bolasini mustamlakachilarning oddiy vakillari-yu, goʻdak bolalari ham tahqirlaydi, istehzo qiladi. Hatto, boshqa millat vakillari tugul, shu bogʻda ovropalik “madam” bilan shakarguftorlik qilib oʻtirgan, “yangi” oʻzbek ham oʻz millatdoshining nohaq xoʻrlanishiga koʻz yumadi.
Qodir paxta zavodiga qaytib kelganida, otasining qamalganini biladi. Biz endi Qodirni qadam ba qadam kuzatar ekanmiz, Turkiston oʻlkasida mirzaga ariza yozdirish, boy eshigiga borib yordam soʻrash, och-nahor koʻchada qolish, bor-budidan ayrilish neligini koʻramiz. Rejissyor parallel montaj usulida boyning dasturxoni bilan qamoqdagi yoʻqsilning bir burda nonini qiyoslaydi. Yoki, ilma-teshik boʻlgan etikda loy kechib, mirzaga ariza yozdirishga kelgan Qodirning rangi roʻyi bilan, ariza uchun katta pul soʻrayotgan mustamlaka sinf vakili va u bilan koʻz urishtirayotgan yerlik millat vakili mirzaning masharomuz kulgusini solishtiradi. Oʻz ahvolidan uyalayotgan Qodir otasini topish va qamoqdan chiqarish uchun mirzaga ariza yozdirgani ularning qarshisida turarkan, qoʻlidagi oxirgi chaqasini mirzaga beradi.
Keyingi epizodlardan birida otasining nohaq qamalishi sababini topolmay, amaldorlar va mirzalarga bor pullarini berib, koʻchada qolgan Qodirni koʻrib qolgan boy odam uni yuvintirib, kiyintirib oʻz oʻgʻli oʻrniga mardikorlar roʻyxatiga kiritmoqchi boʻlishi koʻrsatilgan.
Xalq norozilik harakatining sodir boʻlishi, chor Rossiyasi askarlarining mahalliy aholini ayovsiz qirib tashlashi, xonadonlarning portlatib yuborilishi oqibatida uyda goʻdagini emizib oʻtirgan ayolning murdasi, uning yonida esa onasini qidirayotgan chaqaloq aks etgan kadrlar “Tong oldidan” filmi hayot haqiqatiga asoslanganini isbotlaydi. Oddiy roʻzgʻor buyumlari bilan qurollangan xalqqa qarata toʻplardan otilgan oʻq va portlatuvchi moddalar aholini esankiratib qoʻyishi, gavjum olomon bir zumda tarqalib ketishi, ayollarning dod-voylari shunday kinematografik aniqlik bilan tasvirlanganki, film chuqur ma’joziy – badiiy umumlashmalarga yoʻgʻrilganligi bilan bugungi eng kassabop, meynstrim janridagi jahon kinolari bir qatorda tursa turadiki, pastga tushmaydi.
Qoʻzgʻolon ayovsizlarcha bostirilgach, yerlik boylar “oq podsho” tomonidan kelgan vakillarni sovgʻa-salom bilan siylaydi. Yerga tekkudek ta’zimda boʻlgan mahalliy amaldorlar sovgʻalarining oxiri koʻrinmaydi, ular vakilning oq qoʻlqopga burkangan “muborak” qoʻllarini oʻpishdan umidvorlar. U esa, ijirgʻanib qoʻlini tortib olishga urinadi. Mingga yaqin xalq esa janobi oliylari buyruq bermagunlaricha, yerdan bosh koʻtarmay, ta’zimda turadi. Uzoqda esa qoʻzgʻolonning sababchilari dorga osilgan. Shamolda chayqalib turgan murdalarni goh mustamlakchilar vakilasining koʻzoygani orqali tomosha qilsak, goh boshqa ayolning bu tomoshaga qoʻshilolmay, yuzini chetga burganini koʻramiz. Bostirilgan qoʻzgʻolon ortidan kimga toʻy, kimga aza boʻlib turgan bir necha holat: obraz, xarakterlar, tarix va xalq ziddiyati – bularning bari bir filmning birgina epizodida aks etgan, xolos. Ahamiyatli jihati shundaki, oʻzbek rejissyori oʻzbekning qonli kunlari haqida film suratga olishda bir necha yuzlab yerlik aholi vakillarini, bir necha oʻnlab xorijlik ijodkorlarni s’yomka jarayonlariga jalb eta olgan. Va, bularning har biri, rolini katta kichikligi, ommaviy sahnalardagi ishtirokidan qat’i nazar, oʻz obrazini mohirona ijro etgan.
Ovozsiz filmning xotimasidagi titrda quyidagi soʻzlarni oʻqiymiz: “Так успакаивала царская власть стихийно вспыхнушие восстания в 1916 году в Средней Азии” – “Chor hokimiyati 1916-yil Oʻrta Osiyoda ommaviy tarzda avj olgan qoʻzgʻolonni ana shu tarzda bostirgan edi”.
“Tong oldidan” filmida oddiy oʻzbek yigiti ruhiyatida sodir boʻlayotgan keskin oʻzgarishlar ijtimoiy-siyosiy voqealarning izchil rivoji bilan bevosita bogʻliq boʻlib, asar soʻngida yovuzlik va adolatsizlikka qarshi qurol koʻtarish darajasiga kelgan yoʻqsilning holatini bugungi kun nuqtai-nazaridan oʻrganganimizda, film rejissyorida shovinistik ruhiyat, siyosiy tarafkashlik kayfiyati yoʻqligi ayon boʻladi. Lekin, shunga qaramay, S.Xoʻjayev ham, uning buyuk asari ham yoʻq qilindi. Balki, u oʻz filmida koʻrsatib oʻtganidek, uni sotgan yon-atrofidagi yaqin “doʻstlari” boʻlgandir, balki kuchli iste’dodi bilan kimlarnidir choʻchitib yuborgandir. Buyogʻi, endi bizga qorongʻu...
Hamid Sulaymon: “Otam haqida”
S. Xoʻjayeving oʻgʻli Hamid Sulaymon (mashhur sharqshunos olim)ning ma’lumotlariga qaraganda 1930-yil boshidan S. Xoʻjayev 1916-yil voqealari bilan tanishib, tarixiy manbalarni oʻrganadi. Filmning ssenariysi tayyor boʻlgach, 1933-yilda oʻzbek va rus tillarida chop etilgan.
Sulaymon Xoʻjayev qatagʻon etilgach, uzoq muddat uning nomi tilga olinmadi. Faqatgina 1956-yildan keyin, nohaq qamalganlar oqlana boshlagan davrda uning oʻgʻli taniqli sharqshunos olim Hamid Sulaymon ilk marta “Otam haqida” (“Kino”, 1966 y. №11), deb qisqa xotiralarini e’lon qildi. Bu xotiralarda Hamid Sulaymon shunday yozadi: “Tong oldidan” ssenariysi va kinosi ustida otam uch yildan ortiq ishlagan. Ish davrida men otam huzurida koʻp boʻlar edim. Uning ish stoli ustida turli-tuman kitoblar, hujjatlar, eski zamondan saqlangan har xil fotografiyalar yotar edi. Fotolardan birida soch soqollari oʻsgan, eski toʻndagi odamlar qator boʻlib yerda tuproqqa qorilib oʻltirar edilar. Hammasining qoʻliga kishan solingan, kishanlar esa yana bir-biriga ulashib, hamma odamlar chambarchas qilib tashlangan edi. Men otamdan bularning kimligini soʻraganimda otam: “Oʻgʻlim, bu odamlar 1916-yilgi qoʻzgʻolonda ishtirok etgan, hurriyat uchun bosh bergan odamlar...” dedi”. Darhaqiqat, filmda aynan mana shunday ifodalangan kadrlarni koʻrasiz. Ham qoʻli, ham oyoqlariga kishan solingan bir guruh mahbuslar oʻzaro bir-biriga zanjirband etilgan holatda qatl etishga olib chiqiladi va osiladi. Xalq qarshisida oʻldirilgan qoʻzgʻolonchilarning oʻlimini mustamlakachilar vakillari ham tomosha qilgani va har bir obrazning voqeaga bildirgan reaksiyasi goh yirik, goh oʻrta planda, turli rakurslarda suratga olingani va montaj qilingani nihoyada buyuk iste’dod egasi S.Xoʻjayevning qatagʻon etilishi kimlargadir kerak boʻlganmikin, degan fikrni uygʻotadi...
“Otam haqida” maqolasini oʻqib, Sulaymon Xoʻjayevning qarashlari, intilishlari, pozitsiyasi oʻz davri uchun mutlaqo yot ekanligini, oʻz zamonasiga sigʻmasligini bilsa boʻladi. “Adam “Oʻtgan kunlar”ni ekranlashtirish niyatida edi. Bu ezgu niyatiga yetolmadi u”, deb xotirlaydi farzand. “Xato qilmasam, marhum otam 1916-yil qoʻzgʻoloni haqida birinchi boʻlib badiiy asar yaratgan va kinoga olgan edi”, deb yoziladi xotirada. Yana xotirada keltirilishicha, Xamid Sulaymon otasini qidirib, juda koʻp marta “kerakli” idoralarga xat bilan murojaat qiladi. Nihoyat, “otangiz qamoqxonada 1943-yili tif kasalidan vafot etdi, degan mazmunda javob xati oladi”. Lekin, yolgʻonga qurilgan hokimiyatning rasmiy xatlari ham “ishonarli” yolgʻonlardan iborat edi.
“Xaq yoʻli, albatta, bir oʻtilgusi”
Jahon kinematografiya san’atida oʻz nomi va maktabiga ega rejissyor S. Eyzeynshteynning “Потёмкин” harbiy kemasi” (“Броненосец “Потёмкин” 1925) filmi inqilobiy mavzu boʻlsa-da, hozirga dovur bu asar kino san’atining mumtoz durdonalaridan hisoblanadi. Aynan “Tong oldidan” filmini ham “Броненосец “Потёмкин” filmi bilan bir qatorga qoʻyish mumkin. Chunki, “Tong oldidan” filmi ham Oktabr toʻntarilishi ostonasida sodir boʻlgan xalq qoʻzgʻoloni haqida, uxlab yotgan ijtimoiy tafakkurda sodir boʻlgan poʻrtanalar toʻgʻrisida haq soʻzni aytgan filmdir. Shoir Choʻlpon “Haq yoʻli, albatta, bir oʻtulgusi”, deb yozgan oʻsha davrning haqgoʻy ijodkorlari oʻz jonini Haq yoʻlida qurbon qildilar. S. Xoʻjayev ham shundaylar qatorida ketdi. U 1934-yilda hibs etildi, 1937-yil, 30-avgustda otib yuborildi. Bu ma’lumotlar mustaqillik yillariga qadar mavhum edi. Filologiya fanlari doktori, professor H. Akbarov mustaqillik davrida arxiv hujjatlari bilan tanishib, S. Xoʻjayevga tirkalgan asossiz ayblar haqida ilk marta matbuot sahifalarida e’lon qildi. Aynan, H. Akbarovning sa’y-harakatlari bilan “Tong oldidan” filmi Rossiyaning “Belye stolby” nomli shaharchasida joylashgan filmofondda borligi aniqlangan va bir nusxa koʻchirib keltirilgan. (Eslatib oʻtamiz, sovetlar davrida oʻzbek kinofilmlarini suratga olish ham, namoyish qilish ham Moskvaning ruxsati bilan boʻlardi. Demak, bu film ham Moskvaga tasdiq uchun yuborilgan va qaytib kelmagan.)
“Tong oldidan” filmi bir muddat Oʻzbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti, Toshkent Davlat san’at instituti va Jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakulteti oʻqituvchi va talabalariga yopiq auditoriyada namoyish etib kelindi. Shunday yopiq koʻriklarda bir necha bor filmni tomosha qilsak-da, har gal mazkur ovozsiz oʻzbek filmi kadrlari ruhiyatimizga oʻzgacha ta’sir qilar, har safar millatimizning uncha uzoq boʻlmagan oʻtmish sahifalari qalbimizda oʻkinch, alam, afsus, nadomat kabi aralash tuygʻularni uygʻotardi. “Tong oldidan”ni ilk marta tomosha qilayotgan tomoshabinlar esa ekrandagi moʻ’jizaviy kadrlarga ham hayrat, ham ishonchsizlik bilan qarar, ovozsiz kadrlarni tushuntirayotgan bizlarga qarab “nahotki, shular rost boʻlsa”, deb qayta-qayta soʻrardilar. Ha, film voqealari toʻqima emas, haqiqatdan iborat. Haqiqatning olovini esa, koʻpincha zudlik bilan oʻchirishga moyillik kuchli boʻladi...
Shohida ESHONBOBOEVA.
Oyina.uz
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Diyorov Eldorjon
18:07 / 28.07.2023
Shu filmni ko'rolamizmi biz ham? Qayerdan topsak bo'ladi?