Qadrli vatandoshlar!
Keyingi oylarda mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan ulkan siyosiy voqealar – O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining umumxalq referendumi orqali qabul qilingani va navbatdan tashqari Prezident saylovining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ko‘pmillatli, mard va olijanob xalqimizning yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yo‘lida naqadar yakdil, birdam va hamjihat ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Birlashgan xalq, birlashgan jamiyat o‘zining xohish-irodasi, bunyodkorlik salohiyati bilan qanday buyuk ishlarga qodir ekanini qadimiy va boy tariximiz davomida ko‘p bor ko‘rganmiz. “Elning kuchi – birlikda, elning baxti – tinchlikda”, deydi donishmand xalqimiz.
Darhaqiqat, birlashgan el oldida tog‘lar ham bosh egadi. Birlashgan yurtning tinch, erkin va mustaqil hayoti hech qachon buzilmaydi. Birlashgan jamiyat har qanday to‘siq va g‘ovlardan, sinov va mashaqqatlardan yorug‘ yuz bilan o‘tadi, o‘z oldiga qo‘ygan buyuk maqsadlarga albatta, yetadi. Yaratganga behisob shukrlar bo‘lsinki, bugun bizning xalqimiz ham o‘z kuch va imkoniyatlariga ishonib, kelajakka dadil qarab, ulkan birlik va hamjihatlik ruhi bilan yashamoqda. Bugungi kunda qanday notinch, murakkab va tahlikali zamonda yashayotganimizni, albatta, barchamiz yaxshi tushunamiz. Hayotning o‘zi ilgari tariximizda, taraqqiyot yo‘limizda uchramagan muammo va vazifalarni oldimizga keskin qilib qo‘ymoqda.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, umumiy va mushtarak maqsadlar yo‘lida milliy jipslik, har bir ishni ilm, aql va ma’rifat bilan, xalq bilan kengashgan holda amalga oshirish, faqat va faqat oldinga qarab borish bugungi hayotimiz va faoliyatimizning kundalik qoidasiga aylanishi lozim. Ayniqsa, yosh avlodimizni eng ilg‘or ilm va kasb-hunarlar bilan qurollantirib, zamon bilan hamnafas, vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida, har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, uni turli yot va begona ta’sirlardan asrash birinchi galdagi vazifamizga aylanmoqda.
Global miqyosda inson qalbi va ongi uchun kurash tobora kuchayib, universal vositalar, ijtimoiy tarmoqlar, erkinlik niqobidagi axloqsizlikni targ‘ib etadigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yerga uradigan g‘oyaviy tahdidlar va axborot xurujlari kundan-kunga ortib borayotgan hozirgi vaqtda bu vazifalarni amalga oshirish naqadar qiyin ekani ham barchamizga ayon, deb o‘ylaymiz. Afsuski, ekstremizm, radikalizm, axloqsizlik, korrupsiya, jinoyatchilik kabi jirkanch illatlar hali suyagi qotmagan, hayot yo‘lini aniq belgilab olmagan, zararli ta’sirlarga beriluvchan, ma’naviy-mafkuraviy immuniteti bo‘sh yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishga urinmoqda. El-yurtimiz ravnaqi va farovonligini ta’minlash uchun amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarni atayin obro‘sizlantirishga, ularning maqsadi va mohiyatini noto‘g‘ri talqin etishga, oilaviy qadriyatlarni oyoq osti qilgan holda, jaholat, ma’naviy tubanlik, yovuzlik, johillik ko‘rinishlarini keng targ‘ib etib, mo‘may daromad olishga intilayotgan kimsalar ham oramizda yo‘q emas. Bu esa xalqimizni tashvishlantirib, uning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Ana shunday holatlarning tahlili va ularni bartaraf etish bo‘yicha oldimizda turgan dolzarb vazifalardan kelib chiqqan holda, biz – Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi faollari va bir guruh targ‘ibotchilar mamlakatimizdagi barcha ota-onalar, ziyolilar, mahalla, xotin-qizlar va yoshlar faollariga, muhtaram nuroniylarimizga, butun xalqimizga murojaat etishga qaror qildik.
Muhtaram ota-onalar!
Oila – jamiyatning eng asosiy va tayanch bo‘g‘ini. Aynan muqaddas oila qo‘rg‘oni bizga eng ulug‘ orzu-niyatlarimizni amalga oshirish imkonini beradi. Chinakam insoniy tuyg‘u va fazilatlar, avvalo, oila bag‘rida kamol topadi. Shu bois, oila institutini asrash va mustahkamlash barchamizning buyuk insoniy burchimizdir. Bugungi kunda hayotimizda sodir bo‘layotgan ba’zi salbiy va noma’qul holatlarning asl ildizi qayerda? Avvalo, oiladagi tarbiyada xatoga yo‘l qo‘yilgani, azaliy qadriyatlarimiz ta’siri susaygani natijasi emasmi bu? Zero, mamlakatimizning ertangi taqdiri va kelajagi uchun mas’ul bo‘ladigan jondan aziz o‘g‘il-qizlarimizning tarbiyasi uchun barchamiz javobgarmiz. Chunki millat bolalarining begonasi bo‘lmaydi. Tarbiya masalasida beparvo bo‘lib, bir chekkada qo‘l qovushtirib turish, bu – Vatanga, kelajakka xiyonatdir.
Shu ma’noda, ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Abdurauf Fitratning “Har bir millatning saodati va izzati albatta shu xalqning ma’naviy-ruhiy qudrati, ichki intizomi, totuvligiga bog‘liq. Qayerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va muazzam bo‘ladi” degan so‘zlari hozirgi kunimiz uchun ham g‘oyat dolzarb ahamiyatga egadir. Hech qachon unutmaylik, farzandlarimizning ertaga kim bo‘lib yetishi bugun ularga oilada qanday tarbiya berayotganimiz, ularning qalbini, ongini nima bilan to‘ldirayotganimizga bog‘liq. Agar o‘g‘il-qizlarimizni hozirdan boshlab ilmga, hunarga, mehnatga, odob va madaniyatga o‘rgatsak, ularning ko‘ngliga ona yurtga muhabbat va sadoqat hissini, yuksak insoniy tuyg‘ularni singdirsak, avlodlar kelajagi baxtli bo‘lishiga mustahkam poydevor qurgan bo‘lamiz. Mabodo beparvolik bilan ularning tarbiyasini o‘z holiga tashlab qo‘ysak, qalbini, ongini mobil aloqa va Internet vositalaridagi turli zararli va bo‘lmag‘ur “virus”larga yem qilib bersak, kelajagimizni, farzandlarimiz hayotini o‘z qo‘limiz bilan barbod qilgan bo‘lamiz.
Farzandlarimiz nimalar bilan shug‘ullanayotganiga, kimlar bilan do‘st bo‘lib, muloqot qilayotganiga hech qachon befarq qaramaylik. Qanchalik qiyin bo‘lsa ham, ularning ijtimoiy tarmoqlarda nimalar bilan shug‘ullanayotganini kuzatib boraylik, ushbu makon ular uchun halokat emas, saodat manbai bo‘lib xizmat qilishi uchun zarur choralarni izlab topaylik. Inson o‘z bolasining baxti, kelajagi uchun nimalar qilmaydi? Lekin faqat taqiqlash, jazolash bilan emas, ta’sirchan tarbiya usullari, aql va bilim bilan, bog‘cha, maktab, oliygoh, mahalla jamoatchiligi, huquq-tartibot idoralari xodimlari, diniy ulamolar bilan birgalikda ish olib borsak, albatta, ijobiy natija bo‘ladi. Farzandlarimizni mehnatga, ilmga, hunarga o‘rgatish, ularni o‘zaro yordam, hashar, saxovat va muruvvat kabi qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, atrof-muhitni muhofaza qilish, ona tabiatni sevish va asrash, uni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish ota-ona sifatida barchamizning burchimiz ekanini unutmaylik!
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi”. Yuksak ma’naviy kamolotga uzluksiz ta’lim va tarbiya uyg‘unligi orqali erishiladi. Oiladagi tarbiya, jamiyatdagi yurish-turish, muomala madaniyati, salomlashish va kiyinish odobi, insoniy fazilatlarni namoyon etishda farzandlarimizga avvalo, o‘zimiz o‘rnak bo‘laylik. Farzandlarimizda, ayniqsa, bolaligidan boshlab kitobga mehr uyg‘otish o‘ta muhimdir. Buning uchun xonadonlarimizda mo‘jaz kutubxonalar tashkil etib, ular bilan birga kino va teatrlarga, muzeylarga, qadimiy shaharlarimiz bo‘ylab sayohatlarga borib farzandlarimiz qalbiga ezgu hislarni singdiraylik. O‘g‘il-qizlar bilan samimiy, do‘stona suhbatlashib, qiziqish va intilishlarini rivojlantirishga, ma’naviy va ruhiy olamini shakllantirishga e’tibor beraylik. Bugun farzandlarimizga ajratgan vaqtimiz, mehrimiz va e’tiborimiz ertaga oilamiz va jamiyatimizga hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydigan insoniy resurs va kapital bo‘lib qaytadi.
Qadrli ziyolilar, hurmatli ustozlar!
Sizlar – jamiyatning eng ilg‘or, bilimli va ma’rifatli qatlamini tashkil etasiz. Sizlar Vatan va xalq oldidagi fuqarolik burchingiz va vazifangizni boshqalardan ko‘ra chuqurroq anglab, o‘z ilm va tafakkuringiz, madaniyatingiz, ma’naviy-ruhiy saviyangiz bilan millionlab yurtdoshlarimizga o‘rnak bo‘lasiz. Shu bois, sizlarning so‘zingiz odamlar qalbiga tezroq yetib boradi, ibratli ishlaringiz el-yurt o‘rtasida namuna bo‘ladi. Yangi O‘zbekistonda yangi madaniy va ma’naviy makon yaratish, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodimiz ongini, dunyoqarashini islohotlarimiz jarayonida ilgari surilayotgan zamonaviy g‘oyalar asosida shakllantirishda sizlarning o‘rningiz va ta’siringiz beqiyosdir. El-yurtimiz sizlardan bugungi davrning butun qarama-qarshilik va ziddiyatlari, ularni hal etish yo‘llari haqqoniy ochib berilgan, zamondoshlarimizning ma’naviy-ruhiy qiyofasi ta’sirchan aks ettirilgan ilmiy va badiiy asarlar, musiqiy, tasviriy polotnolar, zamonaviy innovatsion g‘oyalar, pedagogik texnologiyalarni hayotga joriy etish bo‘yicha amaliy-metodik ishlanmalar yaratishingizni kutmoqda.
Hozirgi vaqtda mediamakonda madaniyatsizlik, axloqsizlik ko‘rinishlari bilib-bilmay targ‘ib etilayotgan bir paytda ularga qarshi barchamiz birlashaylik, xalqimizga bunday ma’naviy tahdidlar ortida qanday g‘arazli maqsadlar yashiringani, ular qanday og‘ir va achchiq oqibatlarga olib kelishini tushuntiraylik. “Demokratiya”, “fikr erkinligi”, “ochiqlik” tamoyillarini niqob qilib, xalqimiz ming yillar davomida ko‘z qorachig‘idek asrab kelgan qadriyatlarimizni buzishga, hayotimizni ichidan qo‘porishga aslo yo‘l qo‘ymaylik. Ziyolilar davlat va xalq o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashda o‘ziga xos ko‘prikdir. Olib borayotgan targ‘ibot ishlarimiz yurtdoshlarimiz, avvalo, yoshlarimizda yuksak vatanparvarlik, milliy birlik, g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otishga yanada samarali xizmat qilsin. Bu borada eskirgan, zerikarli va samarasiz usullardan voz kechib, har bir uchrashuv va muloqotni ta’sirchan, noan’anaviy va aniq natijaga xizmat qiladigan yangicha usullar asosida o‘tkazishga harakat qilaylik!
Xalqaro Internet tarmog‘i orqali tarqatilayotgan buzg‘unchi g‘oyalar, g‘arazli axborotlar, hayotimiz ziynati bo‘lgan odob-axloqimiz, ma’naviyatimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan buzg‘unchi aksiyalar, yoshlarni zalolatga boshlaydigan jirkanch tasvir va media mahsulotlar mohiyatini keskin fosh etib, oqni – oq, qorani – qora, deb, asl haqiqatning kuchini el-yurtimizga biz ko‘rsatmasak, o‘zingiz ayting, kim ko‘rsatadi?! Biz shu yo‘lda barchangizni yanada faol bo‘lishga chaqiramiz. Hech qachon unutmaylik, ma’naviy kurashlar sohasida ham faqat va faqat buyuk azm-u shijoat bilan dadil harakat qilgan, oldinga qarab borgan jamiyatgina maqsadiga yetadi.
Hurmatli tadbirkor va ishbilarmonlar!
Tadbirkorlar hamisha, hamma zamonlarda bunyodkor, yaratuvchi, saxovatpesha kuch bo‘lish bilan birga, ma’naviyat, madaniyat maydoni pahlavonlari sifatida ham faoliyat ko‘rsatganlar. Arzimagan, o‘tkinchi, shaxsiy foydasinigina ko‘zlab, millatining ma’naviy ildizlariga bolta uradigan mahsulotlarni hech qachon yurtimizga keltirmaganlar. Tijorat bobida harom-xarish yo‘llardan yurmaganlar, o‘zgalarning haqiga aslo xiyonat qilmaganlar. Har bir ishni insof, diyonat, halollik, rozi-rizolik asosida olib borganlar. Bugun biz sizning timsolingizda ana shunday vijdoni pok, Vataniga, xalqiga sodiq yangi O‘zbekiston bunyodkorlarini ko‘ramiz.
Xalqimiz doimo izlanib, yangilikka intilib yashaydigan jonkuyar tadbirkorlarni o‘z ishiga fidoyi va vatanparvar insonlar deb biladi va qadrlaydi. Bugungi kunda hayotimizda “tadbirkor ma’naviyati” degan tushuncha paydo bo‘lmoqda. Aynan ma’naviyat mezonlariga amal qilgan tadbirkorlarimiz el-yurtimizning ezgu duolariga sazovor bo‘lmoqda. Ishonchimiz komil, sizlar xalqimizning ana shunday yuksak bahosiga doimo munosib bo‘lib, jamiyatimiz hayotiga yangi ma’naviy nafas olib kirasiz, azaldan poklik, insof va diyonat tamoyillariga asoslangan o‘zbek savdogarlari, tijorat ahli an’analarini munosib davom ettirib, yanada yuksak bosqichga ko‘tarasiz.
Muhtaram mahalla faollari!
Mahalla qadim-qadimdan tinchlik va osoyishtalik, ahillik va hamjihatlik, ma’rifat va tarbiya maskani bo‘lib kelgan. U biz uchun Vatan ichra kichik Vatandir! Bugungi kunda mahalla odamlar o‘rtasida mehr-oqibat bardavomligini ta’minlaydigan, milliy qadriyatlarimizni mustahkamlaydigan noyob tuzilmaga, chinakam xalq vijdoniga aylanib borayotgani, albatta, barchamizni quvontiradi. Ayni paytda bugungi shiddatli zamon mahalla tizimi oldiga ham dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Ana shunday murakkab sharoitda ezgu qadriyatlarimiz asosida yanada birlashib, mahallalarimizni turli illatlar, ma’naviy tahdidlardan xoli ulug‘ fazilatlar makoniga aylantiraylik. Bugun har bir mahallada ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarga mas’ul shaxslar belgilangan. Bu borada kamarbasta bo‘layotgan nuroniy otaxon va onaxonlarimiz safi tobora kengayib bormoqda. Ularning hayotiy bilim va tajribasi, oltinga teng o‘gitlari, yuksak ijtimoiy nufuzidan oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashda keng foydalanaylik. Xalqimiz donishmandligining yuksak namunasi bo‘lgan “Bir bolaga yetti mahalla – ota-ona” degan naqlga tayangan holda, mahalladagi har bir bolaning tarbiyasi uchun o‘zimizni mas’ul deb bilaylik!
Aziz yoshlarimiz!
El-yurtimiz yangi O‘zbekistonni va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda butun xalqimiz qatori sizlarga tayanadi.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yaratib berilayotgan qulay sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalaning. Mamlakatimiz kelajagi sizlarning qo‘lingizda. Yangi O‘zbekistonni kelgusida aynan sizlar dunyoga tanitasiz. Bunga doimo munosib bo‘ling! Yoshlikka xos qat’iyat, g‘ayrat va shijoat, jo‘shqinlik va mardlikni, hushyorlik va tadbirkorlik, ezgu orzu-intilishlarni amaliy harakatga aylantirib, salmoqli natijalarga erishish uchun o‘z oldingizga aniq maqsadlar qo‘yib yashashdan aslo charchamang.
Vatanni sevish, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishda Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, ma’rifatparvar jadid bobolarimizning shonli an’analarini ardoqlab, ularni munosib davom ettiring. Ta’lim-tarbiya, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni o‘rganishda, zamonaviy kasb-hunarlar, raqamli iqtisodiyot ko‘nikmalarini puxta egallashda, jahon maydonidagi raqobatda xorijdagi tengdoshlaringizdan aslo kam emasligingizni amalda isbotlang. Siz bunga har tomonlama qodirsiz.
Buzg‘unchi g‘oyalar, vayronkor mafkuralar tuzog‘idan doimo ogoh bo‘ling! Hech qachon unutmang, Siz – xalqimiz umid va ishonch bilan ko‘z tikkan kelajak bunyodkorlarisiz.
Aziz vatandoshlar! Bugungi kunda xalqimizni buyuk maqsadlar sari dadil boshlab borayotgan azm-u shijoatli Prezidentimiz atrofida, muqaddas Vatanimiz bayrog‘i ostida qudratli xalq bo‘lib yanada jipslashaylik. Birgalikda ulkan marralarni zabt etaylik. Ma’rifatli va farovon jamiyat qurishdek ulug‘ maqsad yo‘lida aslo charchamaylik. Yangi O‘zbekistonni barpo etish har birimizning muqaddas maqsadimizga aylansin!
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
5 Izohlar
Жамшид
02:08 / 01.08.2023
Мурожатномага муносабат. Куни кеча “Янги Ўзбекистон” газетаси орқали эълон қилинган Республика маънавият ва маърифат маркази фаоллари ва бир гуруҳ маърифат тарғиботчиларининг Ўзбекистон халқига Мурожаати юртимизда яшаётган барчани диққатини тортди. Унда келтирилган ҳар бир фикр юртимизда олиб борилаётган ислоҳотлар билан ҳамоҳангдир. Чунки юртбошимизнинг оқилона сиёсатлари туфайли мамлакатимизда яшаётган турли миллат ва элат вакиллари бир оила бўлиб, юртимиз тинчлиги, халқимиз фаровонлиги йўлида хизмат қилмоқдалар. Оила қуриб,фарзанд тарбияламоқдалар.Барчасининг нияти фарзандининг комил инсон бўлиб, эл-юрт корига ярайдиган инсон қилиб тарбиялашдир. Бунинг учун эса юртимизда барча имкониятлар яратилган. Мавжуд имкониятлар қаторида ташқи таъсир омиллари ҳам борлиги барчамизни ёшлар тарбиясида янада хушёрроқ бўлишга ундайди. Маълумки, бугун дунёда глобаллашув жараёнлари кескин тус олмоқда. Бу жараёнлар инсоният учун беқиёс янги имкониятлар билан бирга кутилмаган муаммоларни ҳам келтириб чиқармоқда. Юртимиз тинчлигини кўролмайдиган, халқимиз фаровонлигини бузишга интилаётган ғаламис фикрли кимсалар турли нотинч холатларни юзага келишига сабаб бўлмоқда.Бундай холатларни олдини олиш учун эса оила, мактаб, маҳалла жипслигини янада мустаҳкамлаш, ҳар бир фарзандимизни юриш туриши, фикрлаши, кимлар билан мулоқотда бўлиши, ижтимоий тармоқлардан тўғри фойдалана олишини ҳар дақиқа назорат қилиш лозим. Ёш оилалар ўртасида ажримларнинг ошиши, ёшларимизнинг ота онага, катталарга нисбатан совуққонлик муносабатларини пайдо бўлиши бирданига пайдо бўлмайди, албатта. Инсондаги ҳар қандай ўзгариш кун сайин, ой сайин кимларнингдир ёки нималарнингдир таъсирида аста-аста шаклланиб боради. Ёшларимиздаги салбий ўзгаришларни сезишимиз билан, зудлик билан ҳолатни олдини олишимиз зарур. Бунинг учун эса ҳар бир катта ёшдагилар камига психолог бўлиши, маънавияти кучли инсон бўлиши зарур. Ёшлар тарбияси билан барча соҳа вакиллари бирдай тизимли иш олиб бормоқдалар, ҳамкорликда турли тарғибот ишлари, маҳаллаларда ёш ота-оналар, қайноналар, келинлар билан маданий –маърифий тадбирлар ўтказилмоқда. Лекин ҳали тарбия соҳасида қилишимиз лозим бўлган ишлар талайгина. Шундай экан, мурожаатномани қўллаб-қувватлаган ҳолда барча соҳа вакиллари, ота-оналар, зиёлилар, тадбиркорлар, нуронийлар ва биз ёшлар тарбия борасидаги ишларимизни янада кучайтирамиз!
Hojiyeva Firuza Amonovna
20:07 / 31.07.2023
Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi faollari va targʻibotchilarining Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan murojaati. Murojaatda mamlakatimiz porloq kelajagi toʻgʻrisida muhim masalalar yoritilgan boʻlib bunda, kelajak avlodni puxta bilim egallashi bilan birgalikda milliyligimizni ham oʻz tafakkurida mujassamlashtirib borishlari muhim masaladir. Oʻzbekiston yangi madaniy va maʼnaviy makon yaratish, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodimiz ongini , dunyoqarashini islohotlar jarayonida ilgari surilayotgan zamonaviy gʻoyalar asosida shakllantirishda hurmatli ustozlarning oʻrni beqiyos. Murojaatnomaning ham maqsadi zamirida bizning eʼtiborimizdan chetda qoladigan masalalarga jiddiy yondashishimizga daʼvat yotibdi.
Bekzod Igamberdiyev
21:07 / 29.07.2023
MUROJAATMOMAGA MUNOSABAT Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaz faollari va bir guruh ma’rifat targ‘botchilarinig O‘zbekiston xalqiga murojaati bilan tanishib chiqqan holda shuni aytishim joizki, oila – jamiyatimiz o‘zagi hisoblanadi. Oilada tarbiya masalasini muhim ma’naviy qadriyat sifatida ko‘rmog‘imiz lozim. Oilada tarbiyaga barchamiz ma’sul bo‘lishimiz hamda yurtiimizning kelajak taqdiri uchun javobgarmiz. Zero, tarbiya masalasida beparvo bo‘lib, bir chekkada qo‘l qovushtirib turish, bu – Vatanga, kelajakka xiyonatdir.. “Qush uyasida ko’rganini qiladi “ deydi dono xalqimiz. Jamiyatimiz taraqqiyotini uztozlarning fidoyilik mehnatlarisiz barpo etib bo‘lmaydi. O‘tmishimizda yetishib chiqqan allomalarimizni zaminimiz ustozlari ta’lim-tarbiya berishgan. Hozirgi taraqqiyot bosqichida ustozlarimiz jahon tamadduni uchun yosh olim va fuzalolarni tarbiyalab yetishtirishni oliy burch sifatida qabul qilishi lozim. Tadbirkorlar - bunyodkor, yaratuvchi, saxovatpesha kuch bo‘lish bilan birga, ma’naviyat, madaniyat maydoni pahlavonlari sifatida ham faoliyat ko‘rsatganlar. Tijorat bobida harom-xarish yo‘llardan yurmaslik, o‘zgalarning haqiga aslo xiyonat qilmaslik tadbirkorlar uchun oltin qoida bo‘lmog‘i lozim. Mahallalarimizda milliy-ma’naviy va moddiy qadriyatlarimizni saqlab, kelajak avlodga aslicha yetkazish barcha fuaqrolarning oliy maqsadi bo‘lmog‘i hamda tinchlik, ososyishtalik, ahillik va hamjihatlilik qadrsizlanmaydigan qadriyatimizga aylantirishimiz zamon taqozasidir. Murojaatda boshqa muhim masalalar haqida qimmatli fiklar keltirilgan. Murojaatnomaning so’ngida shunday jumlalar keltirilgan “Aziz vatandoshlar! Bugungi kunda xalqimizni buyuk maqsadlar sari dadil boshlab borayotgan azmu shijoatli Prezidentimiz atrofida, muqaddas Vatanimiz bayrog’i ostida qudratli xalq bo’lib yanada jipslashaylik. Birgalikda ulkan marralarni zabt etaylik. Ma’rifatli va farovon jamiyat ko’rishdek ulug’ maqsad yo’lida aslo charchamaylik.Yangi O’zbekistonni barpo etish har birimizning muqaddas maqsadimizga aylansin!” Barchamiz Yangi O‘zbekison barpo etishimizda fidoyilik va tashsabbuskorlik oliy qadriyatimizga aylanishiga tilakdoshman. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyat Guliston tuman bo‘linmasi bosh mutaxassisi B.Igamberdiyev
Xurriyatxon
07:07 / 29.07.2023
Juda toʻgʻri fikr berilgan
Nigora
05:07 / 29.07.2023
Assalomu alaykum, barcha fikrlarga qo'shilaman, yosh avlodni tarbiyalashda kuch-quvvatimni, shijoatimni ayamayman, o'quvchilarimga Yangi O'zbekistonni yanada gullab-yashnashi va uning rivoji uchun o'z bor bilmimni qo'ldan kelgancha ulashaman va o'z ustimda ishlashdan to'xtamayman.