Gerostratlar tirik! Vayron qilingan madaniy meroslar taqdiri


Saqlash
21:38 / 26.07.2023 1580 0

Yuksak shuhrat va mashhurlik istagi ortidan miloddan avvalgi 356-yilda dunyoning yetti mo‘jizasidan biri – Artemida ibodatxonasi vayron etilgan. Tarixda qolish o‘tida yongan Gerostrat qo‘lga olinganida ham maqsadini ochiqchasiga oshkor qildi. Garchi ayrimlar bu ishda Gerostratning qo‘li yo‘qligi aytsa-da, uning nomi allaqachon madaniyat va san’atda salbiy “qahramon” sifatida mustahkam o‘rnashib qolgan. Tarixda keyinchalik ham shunga o‘xshash voqealar sodir bo‘lgan va hamon bo‘lmoqda. Yagona shaxs yoki guruh tomonidan ma’lum bir asar, yodgorlikning yo‘q qilinishi odatda diniy yoxud boshqa e’tiqodlardan kelib chiqib yoki urush davrida yuz beradi. Oyina.uz kolumnisti johillik, diniy adovat va boshqa sabablar bilan yo‘q qilingan san’at asarlari, madaniy meroslar haqida maqola tayyorladi.

 

Ahmoqona, shuningdek, qotib qolgan diniy qarashlar ortidan sodir etilgan san’atdagi vayronagarchiliklarning eng yirik va dastlabkilaridan biri bu Vizantiya Ikonoklazmalaridir ya’ni muqaddas va diniy mazmundagi tasviriy asarlarga qarshi kurash. Vizantiya Ikonoklazmasi ikki marta turli muddatlarda (726-787 va 814-842 yillarda) yuz bergan. Bu harakatni Imperator Leo III boshlab bergan, natijada ko‘plab ikonalar, freskalar, mozaikalar va boshqa asarlar yo‘q qilindi, devorlardagi Iso va Bibi Maryamning tasvirlari o‘rniga oddiy xoch solindi. Muqaddas kishilar, aziz-avliyolarning moddiy tasvirlanishi hamda xuddi shu tasvirlardan najot kutish, ularga haqiqiy ruhday munosabatda bo‘lishning gunohligi haqidagi qarashlar bunga sabab bo‘ldi. Albatta, Leo III davrigacha ham bunday qarashlar bo‘lgan, shunga qaramay Vizantiyada ayniqsa poytaxt Konstantinopolda juda ko‘p muqaddas tasvirlar bo‘lgan. VII asrda imperiyaning bir qator muvaffaqiyatsizliklari, tobora zaiflashib borishi xuddi antik davrlardagi odamlarga xos tarzda xudoning g‘azabi va muqaddas kishilarni tasvirlaganliklari uchun gunohkorlarga jazo sifatida talqin qilindi hamda bu qarashlar turtki vazifasini bajardi. 726-yilda Egey dengizida suvosti vulqonining otilishi natijasida toshqinlar yuz berishi, ko‘plab qurbonlar berilishi, imperatorning san’atga qarshi kurashiga sabab bo‘ldi degan taxminlar ham bor. Boshqa taxminlarda Leo IIIning Suriyalik ekanligiga urg‘u beriladi, bu davlat islomiy qarashlarning (insonlar va jonzotlarni tasvirlashga salbiy munosabat) kuchli ta’sirda ekanligi ham sabab bo‘lishi mumkin. Tobora kuchayib borayotgan Arab Xalifaligining muvaffaqiyati, u tug‘dirayotgan harbiy xavfning turtkisi ham ehtimoldan xoli emas. Ayrim manbalarga ko‘ra, ikonoklazma vaqtida markaziy va g‘arbiy hududlarda bunga norozilik vujudga kelgani holda, Arab Xalifaligi bilan chegara hududlar aholisi bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashgan. Ikkinchi ikonoklazm ham ko‘p ehtimol xuddi shu sabablarga ko‘ra boshlangani taxmin qilinadi, ikkinchi to‘lqin boshlovchisi Leo V ikonografiyani butparastlikning bir ko‘rinishi deb hisoblashi haqida fikrlar aytilgan. Ikonoklazm yangi madaniy davrni boshlanishiga olib keldi, biroq, IV asrlik yodgorliklar va tasvirlarni yo‘q qildi.

 

Quyidagi suratda Nikeya ibodatxonasining peshtoqida Bibi Maryam tasvirlangan mozaikaning o‘zgarish bosqichlari tushuntirilgan. Sariq rangda mozaika yaratilgan vaqti, Bibi Maryam tasviri hamda qizil hududlar Ikonaklazm davrida mozaikaning xoch shakliga o‘zgartirilganini tushuntiradi, binafsharangli hudud esa Ikonaklazm davri butunlay barham topgach qayta tiklangan mozaikadir.

 

Buyuk Ikonoklazma

 

XVI asr o‘rtalaridan boshlangan, protestantlar tomonidan katolik cherkoviga qarshi harakatlar davomida amalga oshirilgan diniy tasvirlar, cherkovlar va boshqa san’at, madaniyat boyliklarining yo‘q qilinishi inglizlar tomonidan “Buyuk Ikonoklazma” yoki “Ikonoklastik g‘azab” deb atalgan. Bu davrda katolik cherkovining hakalak otgan nafsi, ortiqcha marosimlar, indulgensiya (gunoh uchun afv yorlig‘i) savdosi natijasida vujudga kelgan noroziliklar cho‘qqiga chiqqandi. Tobora g‘azabga to‘lib borayotgan Kalvinistlar o‘z rahnamolari Jan Kalvin hamda Ulrix Svingliga ergashib nafaqat cherkovning ochko‘zligi balki, ibodatxonalar, moddiy-diniy boyliklar, suratlar, qimmatbaho haykallar, ikonalarga ham hujum qila boshlaydi. Vizantiya Ikonoklazmasida bo‘lgani kabi bunda ham har qanday ilohiy tasvirlar butparastlik sifatida qabul qilinadi. Yo‘qotishlarning hajmi haqida aniq aytish imkonsiz, biroq ancha yirik talafot ko‘rilgani haqida taxminlar mavjud.

 

Kalvinistlar Lion shahridagi cherkovlarni talon-taroj qilishmoqda

 

Ushbu norozilik harakatlaridan so‘ng hukumatlar inson tasvirlangan muqaddas suratlarni cherkovlardan olib tashlash va sotishga qaror qiladi. Maqsad vayronagarchilik hamda tartibsizliklardan iloji boricha qochish edi. Biroq harakatlar boshida “ulug‘ xizmatni ado etyapman” degan fikrni ko‘tarib yurgan guruhlar cherkovda islohotlar amalga oshirilgandan keyin ham hanuzgacha san’at asarlarini masxaralash, yondirish, sindirish kabi ishlarni to‘xtatishmagan.

 

Yevropa bo‘ylab san’at va madaniyatdagi vayronkorliklar Buyuk fransuz inqilobidan (1789) so‘ng kuchayadi. Biroq endi motivlar diniy emas, ijtimoiy-siyosiy edi. Omma va hattoki hukumat ham g‘oyaviy-mafkuraviy o‘zgarishlar paytida eski tartiblardan qolgan hamma narsaga hujum uyushtira boshladi. Qirollik, aristokratiya va zodagon oilalarning saroy-u qasrlari talandi. Qimmatbaho haykalchalar eritib yuborildi, parchalandi yo pullandi, tasviriy san’at asarlari yirtildi yoki sotib yuborildi, millionlab madaniy boyliklar taqdiri shunday kechdi. Ularning bir qismi shunchaki yo‘q qilingan bo‘lsa, bir qismi moddiy manfaatlar uchun sotib yuborildi, bunga davlat ham aralashdi, maqsad inqilob natijasida vujudga kelgan moliyaviy tanqislikni qoplash edi. Talon-tarojlardan qirollar maqbaralari ham omon qolmadi. Ayni shu ko‘r-ko‘rona qilmishlardan so‘ng yepiskop Anri Greguar muomalaga “vandalizm” atamasini kiritdi. Yillar o‘tib davlat o‘z xatosini tushundi, san’at asarlari, madaniy buyumlarga munosabat o‘zgara boshladi. 1793-yilda mashhur Luvr muzeyining tashkil etilishi ham ushbu voqealarga aloqador.

 

XIX asrda qudratli davlatlarning imperialistik yurishlari avjiga chiqdi. Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Rossiya kabi davlatlarning bosqinchilik yurishlarida Afrika va Osiyo madaniy jihatdan eng ko‘p yo‘qotishlarga uchradi. Xitoy va Afrika asosan Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan talangan bo‘lsa, Markaziy Osiyoda Rossiya, Hindistonda britanlar tomonidan aholini o‘z tarixiy tasavvurlaridan mahrum qilish maqsadida yodgorliklar yo‘q qilindi, qo‘lyozmalar, qimmatbaho buyumlar, nodir kitoblarni mustamlakachilar o‘z uyiga tashib ketdi. Bugungi kunda ham dunyoning eng katta muzeylarida Markaziy Osiyo, Hindiston va Xitoyga tegishli bo‘lgan boyliklar ko‘plab topiladi. Xitoyda britanlar hamda fransuzlar bosqini natijasida Pekindagi Sin sulolasiga tegishli yozgi saroy butunlay vayron qilindi.

 

Markaziy Osiyo haqida gapiradigan bo‘lsak Tojikistonning Panjikent va O‘zbekiston hududida joylashgan qadimiy Varaxsha shaharlaridagi V-VIII asrlarga oid devoriy suratlar hozirda Rossiyadagi Ermitaj muzeyida saqlanmoqda.

 

Ermitajdagi Markaziy Osiyo tarixiga oid qadimiy devoriy suratlar

 

Avvallari ham bosqinchilik yo‘li bilan madaniyatni yo‘q qilish harakatlari amalga oshirilgan, asosan Ispaniya va Portugaliya tomonidan olib borilgan. Markaziy va Janubiy Amerikani o‘zlashtirish davomida bu qudratli davlatlar Asteklar va Inklar bilan jang qilish barobarida ularning saroylari, piramidalari va boshqa ibodatxonalarini ham yo‘q qilishdi. Ularga aloqador har qanday madaniy birliklar hujum ostida qolgandi, ushbu harakatlar yirik madaniy genotsidlarning dastlabkisi edi.

 

Xristian missionerlari Asteklarning diniy marosimlar uchun mo‘ljallangan narsalarini yoqib yubormoqda. Diego Kamargo (1585)

 

XXI asr ilm-fan, madaniyat ancha rivojlangan davr sifatida ko‘zga tashlanadi. Hozirgi dunyoga qarab shunday taassurot uyg‘onadiki, insonlarda o‘rta asrlarga xos johillik endi mavjud emasday. Biroq, afsuski, unday emas.

 

Afg‘onistonda 1996-yilda davlat hokimiyati toliblar tomonidan egallandi. Asr boshida, aniqroq aytadigan bo‘lsak 2001-yilning mart oyida radikal musulmonlar boshqaruvidagi hukumat Bomiyondagi budda haykallarini yo‘q qilish ishlarini boshladi. Ushbu ikki haykal VI va VII asrlarga tegishlidir, birining balandligi 38 metr, boshqasiniki esa 55 metr. Dastlab haykallar joylashgan hudud hali Tolibonga bo‘ysunmaydigan Shimoliy Alyans nazoratida edi, biroq keyinchalik holat o‘zgardi. Dunyo madaniy hamjamiyati ushbu qarorga qattiq norozilik bildirishiga qaramay buzg‘unchiliklar davom ettirildi. Norozilik bildirgan davlatlar ichida Saudiya Arabistoni, BAA, Pokiston hamda boshqa musulmon davlatlar ham bor edi. Hatto Pokiston ichki ishlar vaziri Mo‘yiddin Haydar boshchiligidagi delegatsiya ushbu qarorni muhokama qilish va bekor qilishga erishish uchun Afg‘onistonga jo‘natiladi. Mo‘yiddin Haydar musulmonlar asrlar davomida Afg‘oniston hududida istiqomat qilishganini, ammo, butunlay yo‘q qilishga urinishlar bo‘lmaganini ta’kidlaydi. Shuningdek madaniyatga bunday tarzdagi hujum Islomga to‘g‘ri kelmasligini ham ta’kidlaydi. Tolibonning o‘sha paytdagi yetakchisi Mulla Umar “Ehtimol u paytlarda kerakli texnika mavjud bo‘lmaganligidandir” deb javob beradi.

 

Tarixga qaralsa Bobur tomonidan Buddalarni yo‘q qilishga oid buyruq berilgani haqida ma’lumotlar bor, keyinchalik Avrangzeb Olamgir ularni yo‘q qilish uchun bir qancha harakatlarni amalga oshirgan. Ammo bu ishlar ko‘proq ramziy ma’noga ega ko‘rinadi. Chunki, Bomiyon 770-yilda musulmonlar tomonidan egallab olingan, shu muddatdan to hozirgacha hudud nazorati musulmonlar qo‘lida bo‘lgan. Maxsus texnika bo‘lmagan degan fikrga e’tibor qaratsak, Buddaviylar o‘z e’tiqodlari yo‘lida uzoq yillar (dastlabki haykal  545-595, keyingisi 591-644 yillarda qurilgan) va katta qiyinchiliklar evaziga barpo etilgan. Agar Islomda shunchalik qat’iy ko‘rsatma bo‘lganda har qancha muddat va mashaqqat talab etilmasin mavjud uskunalar yordamida musulmon kuchlari tomonidan yo‘q qilingan bo‘lardi. Boshqa tomondan olib qaraganda Tolibon tomonidan dastlab bu yodgorlikni saqlab qolishga qaror qilinib, hududga sayyohlik ortidan moddiy manfaatlarni ko’zlagandi. Biroq, yangi Afg‘onistonga siyosiy munosabat iliq emasdi, yangi hokimiyatni sanoqli davlatlargina tan olgandi. Balki “burgaga achchiq qilgan” toliblar dunyoga shu tarzda javob berishni ko‘zlagandir. UNESKO haykallarni saqlab qolish uchun 36 ta maktub yo‘llaganligi aytilgan. Yaponiya va Hindiston tomoni hatto Tolibonga haykallarni ko‘chirib ketishni va mo‘may pul taklif qiladi, ammo harakatlar natija bermadi. Bir necha hafta davom etgan dinamitli portlatishlar, raketalar hujumi yordamida haykallar butunlay parchalab tashlandi.

 

Budda haykallarining yo‘q qilish vaqtida olingan surat

 

Keyinchalik, 2012-13 yillarda IShID tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, islomiy jangarilar guruhi hisoblangan Shimoliy Afrikada harakat qiluvchi Ansor ad-din terrorchilari tomonidan Tombuktudagi bir-qator madrasalar, so‘fiy namozgohlar vayron qilindi, o‘nlab masjidlarga shikast yetkazildi. XII asrga oid qadimiy va juda noyob qo‘lyozmalarning ayrimlari yoqib yuborildi, mas’ul xodimlarning hujumdan avvalroq qilingan sa’y-harakatlari bilan yuz minglab jild qo‘lyozmalar hududdan olib chiqildi.

 

Navbatdagi yirik madaniy genotsid ham IShIDga bevosita aloqador. Iroq va Suriyadagi tartibsizliklar natijasida vujudga kelgan bu tashkilot o‘z faoliyati davomida ko‘plab madaniy obyektlarga hujum uyushtirdi. Ishonish qiyin bo‘lishi mumkin, lekin 2014-yilda go‘yoki “Islomiy” davlat tarafdorlari Yunus payg‘ambar qabri va masjidi hisoblangan obidani portlatib yuborgani ayni haqiqat. Ushbu masjid Iroqning Mosul shahrida joylashgan bo‘lib VIII asrda qurilgan. Ammo IShID bunday terroristik aktlarni to‘xtatishni xayoliga ham keltirmagan. Keyingi yilda Halab va Palmira shaharlarida, Mosul, Nineviya, Nimrud, Xatra muzeylarida ayovsiz portlatishlarni amalga oshirdi, misli ko‘rilmagan talonchiliklar sodir etdi. Palmiradagi juda qadimgi fors hamda yunon-rim madaniyatiga tegishli obidalar, xususan, Elahbel minorasi, Balshamin ibodatxonasi, Monumental Arka, Baal ibodatxonalari portlatildi.

 

Palmiradagi yodgorlikning portlatishdan keyingi holati

 

IShID qadimgi madaniy boyliklarni shunchaki yo‘q qilmadi, ularni qorabozorda sotish orqali katta daromad ko‘rdi va o‘z harakatlarini moddiy ta’minladi. Ya’ni, ularning nazaridagi “eng katta gunohlar” orqasidan kelgan pullardan “muqaddas jihod” ishlarida foydalanildi. Yashirin yo‘llar bilan sotilgan bu ashyolarning qayerda va qanday holatda ekanligi noma’lum.

 

Sinchiklab qaralsa o‘zini qadimiy madaniyat posboni deb jar soladigan ayrim davlatlar ham ma’lum maqsadlari yo‘lida bunday ishlardan o‘zini tiymagan holatlar mavjud. 2003-yilda Fors ko‘rfazidagi notinchlikka AQSh boshchiligidagi koalitsiya aralashadi. Britaniya muzeyining qattiq qarshiligiga qaramay ittifoqchilar qo‘shini qadimgi Bobil shahrining qoldiqlarini o‘z ichiga olgan ayrim hududlarda harbiy istehkomlar qurishdi. Hatto shunday taxminlar ham borki, ushbu harakatlar davomida juda ko‘plab artefaktlar sotib yuborilgan.

 

Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston ham madaniy tarix jihatdan anchagina boy. Shu sabab tarixda boshqa davlatlar tomonidan yurtimizning madaniy boyliklarini talon-taroj qilish ishlari ko‘p marta amalga oshirilgan. Arab va mo‘g‘ul bosqinining oqibatlari ko‘pchiligimizga ma’lum. Vayronkorlik o‘z yo‘liga, yodgorliklarni talab ketilishi ham alohida mavzu.

 

1740-yilda Eron yetakchisi Nodirshoh Amir Temur qabridagi Nefrit toshlarni, Shohizinda darvozasini, Jahongir maqbarasidagi oltin sopli nayza va boshqa ko‘plab ashyolarni Eronga olib ketadi, nefrit toshi keyinchalik Nodirshohning o‘zi tomonidan qaytariladi. Keyinchalik, XIX asrda Rossiya bosqini davrida O‘zbekiston eng katta yo‘qotishlarga uchradi. Rus podshosining O‘rta Osiyoga mas’ul mulozimlari hatto Rossiyaga olib ketiladigan tarixiy ashyolar, noyob qo’lyozmalar ro‘yxatini ham tuzib chiqishgan. Turkiston general gubernatori Fon Kaufman topshirig‘iga ko‘ra qadimiy boyliklarni topib keltirgan zobitlarga unvon hamda pul ko‘rinishida mukofotlar ajratilgan. Barcha askar va zobitlarga madaniy qimmatliklarni talon-taroj qilishda yo‘riqnomalar topshirilgan. Ilk o‘rta asrlarga oid taqinchoqlar, idishlar, tangalar, muhrlar, hujjatlar bilan birga sharq allomalarining bahosi yo‘q bir necha yuzlab jilddagi qo‘lyozma kitoblari ham uzluksiz tarzda Moskva hamda Peterburgga jo‘natib turilgan. Hatto 1869-yilda dunyodagi eng qadimgi Qur’on hisoblanadigan “Usmon Qur’oni” ham Peterburgga jo‘natib yuborilgan, keyinchalik qattiq harakatlar natijasida ushbu qo‘lyozma O‘zbekistonga qaytarildi.

 

Mustaqillik yillarida o‘zga davlat bizni talamadi, biroq qimmatli tarixiy buyumlar, eksponatlar o‘z millatdoshlarimiz tomonidan o‘g‘irlandi yo soxtalashtirib sotib yuborildi. 2022-yilda ma’lum qilinishicha o‘tgan 30 yil davomida ushbu jinoyatlar natijasida yetkazilgan umumiy zarar 4 trillion so‘mdan oshiq ekani ma’lum qilingan. Bular hali aniqlanganlarigina xolos. Birgina holat, 2015-yilda O‘zbekiston davlat san’at muzeyining sobiq rahbari Mirfayzi Usmonov sheriklari bilan birga yillar davomida suratlarni soxtalashtirib, asl nusxalarini sotib kelgan. Ma’lum qilinishicha yetkazilgan zarar 47,5 milliard so‘mni tashkil etdi.

 

Ayni kunlarda Rossiya hamda Ukraina o‘rtasidagi urush ham, tahlilchilarning fikriga ko‘ra Ukraina hududidagi madaniy yodgorliklarning katta qismini yo‘q qilmoqda.

 

Xulosa qilib aytish mumkinki, g‘oyaviy, siyosiy maqsadlar hamda o‘yinlar faqatgina bugun yo kelajakni xavf ostiga qo‘ymayapti. O‘tmishni ham yo‘q qilmoqda. Tarixda hali ochilmagan sirlar ko‘p, qo‘rqamizki, ular mavhumligicha qolib ketadi. Buyuk fransuz inqilobidan so‘ng madaniy merosga munosabatda keskin o‘zgarishlar yuz bergan bo‘lsa-da, barchasi ko‘ngildagidek emas. Imperialistik davlatlar esa o‘zga davlatlardan tashib ketgan, boshqa xalqlarga tegishli boyliklarni asl vataniga, haqiqiy egalariga qaytarishi kerak.

 

Javohir ERGASHEV.

Oyina.uz

 

“Oyina.uz”ning Telegram'dagi rasmiy kanaliga a’zo bo’ling!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//