“O‘zbek adabiy tiliga ba’zi so‘zlar noto‘g‘ri qabul qilingan” – XIV asrda uch qit’a so‘zlashgan turkiy tilning yozma manbasi “Tarjuman” tahlili


Saqlash
03:57 / 26.07.2023 1613 0

XIII asrda Misrda ayyubiylar sultonligi tanazzulidan so‘ng iqtidorga kelgan mamluklar sultonligi nafaqat o‘zining siyosiy va harbiy qudrati bilan, balki madaniy-ma’rifiy sohadagi islohotlari bilan ham dunyoga yuz tuta boshlagan.

 

Misrda saljuqlar, qipchoqlar va mo‘g‘il lar hukmronligining ketma-ket almashinishi sababli davlat rahbarlari, sarkardalar va yirik savdogarlar orasida turkiylar va mo‘g‘il larning soni oshib borgan. Bu esa o‘z-o‘zidan mahalliy aholi va rahbarlar orasida yangicha, umumiy talqindagi lug‘atlarga ehtiyoj tug‘dira boshlagan. Natijada mamluklar davrida “Kitab al-idrak”, “At-tuhfat uz-zakiya”, “Al-Qavanin al-kulliya”, “Ad-Durra al-Mudiya”, “Ash-Shuzur az-Zahabiya”, “Kitab majmua tardjuman turkiy va ajamiy va mug‘aliy (va farsiy)” kabi tilshunoslikka oid o‘nlab asarlar va lug‘atlar yaratilgan.

 

Ular orasidaKitab majmua tarjuman turkiy va ajamiy va mug‘aliy (va farsiy) (arabcha [و فارسي]‎ كتاب مجموع ترجمان تركي و عجمي و مغلي)  turkiy, mo‘g‘il , fors tillarini o‘rganish va so‘zlashish uchun eng qulay, universal qo‘llanma bo‘lgan. Bu qo‘llanma asosan arab tilida so‘zlashuvchilar o‘sha davrda davlat tili sanalgan mamluk-qipchoq tilini o‘rganishi uchun mo‘ljallangan va ko‘proq “Tarjuman” nomi bilan dunyoga mashhur bo‘lgan.

 

Bugungi kunda “Tarjuman”ning qo‘lyozma nusxasi Leyden universiteti kutubxonasining Sharq kolleksiyasida (r. 517) saqlanadi. Qo‘lyozma mazkur kolleksiyaga Levin Varner (1619–1665-yillar) to‘plami tarkibida kirgan bo‘lib, ushbu to‘plam Sharq kolleksiyasining asosini tashkil qiladi. Varner Niderlandiyaning Istanbul elchisi lavozimida ishlagan paytida 1000 dan ziyod sharq artefaktlarini to‘plagan va ular orasida “Kitab majmua tarjuman turkiy va ajamiy va mug‘aliy (va farsiy)” ham bo‘lgan.

 

“Tarjuman” keng jamotachilikka niderland tarixchisi va sharqshunosi Martin Teodor Xautsma tomonidan 1894-yilda Leydenda e’lon qilingan[1]. Xautsma garchi  Utrext universitetida  yahudiy, fors va turk tillaridan dars bergan bo‘lsa-da, kitobni “Turkcha-arabcha lug‘at” (Ein Türkisch-Arabisches Glossar”) deb atagan. Natijada, asarda mo‘g‘il  va fors tillari leksikasining ham qamrab olingani sarlavhada aks etmay qolgan.

 

Uzoq yillar davomida bu kitobning muallifi va yozilgan sanasi aniq bo‘lmagan. “Tarjuman”ning yozilgan sanasi 1894-yilda Martin Xautsma tomonidan milodiy 1245-yil deb belgilangan edi. Ammo oradan yetmish yil o‘tib, nemis tilshunosi Barbara Flemming uzoq izlanishlardan so‘ng kitob 1343-yil 25-yanvarda yozib tugallanganligini  aniq hisoblab chiqib, e’lon qildi[2].

 

Asar muallifini aniqlash borasida ham shunday chalkashliklar bo‘lgan. Misol uchun, P.M.Melioranskiy asarni Muhammad ibn Qays yozgan degan farazni keltirgan bo‘lsa, Abduqodir Inoq uni Xalil ibni Muhammad ibni Yusuf yozganini qayd etgan. Kitobning oxirida  Bu kitobni ta’liq qilgan (bitgan) kishi Allohning kamtar bandasi Xalil ibni Muhammad ibni Yusuf  al-Qunaviydir” degan dastxat saqlangan. Demak, bu uning asaridir.

 

“Tarjuman”ning ikkinchi qismidagi mo‘g‘il  tili leksikasi bo‘yicha  materiallar oltoyshunos olim Nikolay Poppe tomonidan o‘rganilgan[3]. U arabcha-mo‘g‘ilcha va forscha-mo‘g‘ilcha lug‘atlarni tahlil qilib, jami 600 ta leksemani ajratib olgan. Mo‘g‘ilcha deb berilgan 30 ta so‘zning aslida turkiy so‘z ekanini aniqlagan. Uning tadqiqotlari 1928-yilda nashr etilgan va shu sababli kitob yozilgan sanani milodiy 1245 (hijriy)-yil deb xato belgilagan. Ma’lumki, Poppe Abul Qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariyning “Muqaddimat ul-adab” asarini ham tadqiq qilgan[4]. “Muqaddimat ul-adab”da ham arab, turk, mo‘g‘il  va fors tillarining tavsifi berilganini inobatga olsak, Poppening bu boradagi tadqiqotlari tilshunoslikda alohida ahamiyatga ega ekanligi ko‘rinadi. Shu o‘rinda bir mulohazani keltirib o‘tsak: Zamaxshariyning “Muqaddimat ul-adab” asarini Qunaviyning “Kitab majmua tarjuman turkiy va ajamiy va mug‘aliy (va farsiy)” asari bilan qiyosiy o‘rganish o‘rinli bo‘ladi. Agar ularning leksikasi va morfologiyasi yoxud lug‘at tuzish uslubida o‘xshashliklar topilsa, bu tilshunoslikda katta yangilik bo‘lgan bo‘lar edi. Inchunin, vatandoshimiz Zamaxshariy islom dunyosidagi barcha tilshunoslarning ustozi ekaniga shubha yo‘q va qatta ehtimol bilan Qunaviy ham uslubda unga ergashgan bo‘lishi mumkin.

 

1970-yilda qozoq olimi Abjan Qurishjanuli XІІІ asrda eski qipchoq tilida yozilgan yozma yodgorlik – “Turkcha-arabcha lug‘at” leksikasining tadqiqi” nomli kitobini e’lon qilgan. E’tibor bergan bo‘lsangiz,  Abjan Qurishjanuli ham o‘z kitobida Martin Teodor Xautsmaning izidan borgan va sanada ham, kitobning nomida ham adashgan. Ammo u o‘zi qipchoq tilida so‘zlashgani uchun lug‘atdagi qipchoq  va mo‘g‘ilcha leksikani juda tushunarli tarzda talqin qilgan. Ularning o‘zaro farqlarini ajratib ko‘rsatgan.

 

Keyingi tadqiqot o‘zbek olimi Abdulla Yunusov tomonidan amalga oshirilgan. Abdulla Yunusov 1973-yilda  XIV asr yodgorligi – “Tarjuman turkiy va ajamiy va mug‘aliy (va farsiy)ning tadqiqi mavzusida kandidatlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1980-yilda u Tarjuman – XIV asr yozma obidasi nomli kitobni nashrga tayyorlagan. Bu kitob “Tarjuman”ni o‘rganish uchun juda qulay, inchunin unda Qurishjanulining tadqiqotlaridan farqli o‘laroq o‘g‘iz lahjasidagi leksikaning qiyosiy tavsifi ham berib borilgan. A.Yunusov, ayniqsa, lug‘atning morfologik xususiyatlarini kengroq yoritgan. So‘z turkumlari, ularga xos grammatik ma’nolar, har bir turkumga xos grammatik kategoriyalar, bu kategoriyalarni yuzaga keltiruvchi grammatik shakl va grammatik ma’nolar  ravon bayon qilingan.

 

Turkiyada bu asar birinchi marta 2000-yilda turkologlar Rejab Toparli, M.Sadi Cho‘ganli va  Nevzat Hafis Yaniklar tomonidan tadqiq qilingan[5]. Turkiyaliklarning tadqiqida texnik va uslubiy tahlil yaxshiroq berilgan. Tadqiqotlar haqida keyinroq maqola bergan Yusuf Syulyukchu mamluk-qipchoq tilining shakllangan dastlabki davrda  Anadolu turkchasi ham amalda bo‘lganligini qayd etgan. Shuningdek, u lug‘atdagi qipchoqcha va turkmancha so‘zlar qiyosini ham amalga oshirgan. Buning uchun esa so‘zlarni quyidagicha tasniflagan:

 

1. Asl Mamluk-qipchoqchasi;

2. Qipchoqcha  – og‘uzcha qorishiq dialekt;

3. Anadolu turkchasi[6].

 

Yaponiyalik oltoyshunos Yoshio Saito ham kitobning ikkinchi qismidagi mo‘g‘il  tili leksikasini tadqiq qilgan va 2006-yilda asarni Kiotoda indeks lug‘ati bilan chop ettirgan. Olim o‘z tadqiqotlarida mo‘g‘ilcha matnlarni tahlil qilib, so‘zlarni tartib bilan joylashtirib chiqqan. Fikrimizcha, olim eski mo‘g‘il  tili leksikasini chuqurroq o‘rganishga harakat qilganki, zamonaviy mo‘g‘il  tillarida bu so‘zlar fonetik va semantik o‘zgarishlarga uchragan. Yoshio Saito tadqiqotlarini ingliz tilida amalga oshirgan va uning inglizcha  tarjimalarida  ko‘plab xatolar kuzatiladi. Jumladan, u bo‘rining tarjimasini “kirk” shaklida lug‘atga kirgizgan. Vaholanki, kitobda ḳurt shaklida berilgan[7].

 

Keyinchalik “Kitab majmua tarjuman turkiy va ajamiy va mug‘aliy (va farsiy)” ustidagi tadqiqotlarni Aleksandr Nikolayevich Garkaves davom ettirgan. Aleksandr Garkaves garchi Ukrainada  tug‘ilgan bo‘lsa-da, turkiy tillarni juda yaxshi bilgan. Chunki u tug‘ilib o‘sgan Ukrainaning Starobeshevo tumanida o‘g‘iz aralash qipchoq lahjasida so‘zlashuvchi aholi ko‘proq yashaydi. Shu atrofdagi toponimlar ham ko‘proq turkiy toponimlardir[8]. Qolevarsa, Aleksandr Garkaves o‘z tadqiqotlarini davom ettirish uchun 1988-yildan Qozog‘istonning Astana shahriga ko‘chib o‘tgan va asosiy tadqiqotlarini shu yerda davom ettirgan.

 

Aleksandr Garkaves amalga oshirgan eng muhim ish – 2019-yilda “Kitab majmua tarjuman turkiy va ajamiy va mug‘aliy (va farsiy)” qo‘lyozmasining to‘liq faksimile nusxasini transliteratsiyasi, transkripsiyasi va normalizatsiyasi bilan nashr ettirishi bo‘ldi[9].  Bunda qo‘lyozmadagi turkiy va mo‘g‘ilcha so‘zlarning  to‘liq tarjimasi berilgan. Barcha tadqiqotlar orasida Aleksandr Garkavesning tahlillari yaxshiroq va ilmiy asoslarga ega. Qolaversa, uning tahlillarida Qozog‘istonning eng yetuk tilshunoslaridan biri O‘mir Tuyaqbayev ham ishtirok etganki, bu Garkavesning tadqiqotlaridagi bo‘shliqlarni to‘ldirgan.

 

Aleksandr Garkavesning yutug‘i shundaki, u avvalo qo‘lyozmaning faksimile variantini va  matnlarning aniq o‘qiladigan versiyasini yaratgan. To‘g‘ri, bunda zamonaviy texnologiyalardan foydalanganligi uchun faksimileni tayyorlash oson kechgandir, ammo qo‘lyozmadagi o‘chib yoki uniqib ketgan harflarni qayta tiklash juda mashaqqatli mehnat talab qilgani ko‘rinib turibdi. Chop ettirgan kitobda dastavval asl matn, so‘ngra o‘qilgan arab grafikasidagi matn, undan keyin transkripsiyasi va normalizatsiyasi berilgan.

 

 

 

 

“Tarjuman” kirish va to‘rtta qismga bo‘lingan. Birinchi qism Qurishjanovning tavsifida “Faqat ismlar haqida”, deb nomlangan[10]. Ammo mazkur bobda asosan ot va turlanishi berilgan bo‘lib, 26 ta faslda so‘zlarning tavsifi keltirilgan. Ikkinchi qism “Fe’l masdari va buyruq mayli haqida”. Unda fe’ldan yasalgan otlar,  buyruq maylida fe’llarning yasalishi berilgan. Uchinchi  qism “So‘zlarning turlanishi va fe’llarning tuslaniish haqida”. Bu qismda fe’llar va nomlarning tuslanishi hamda zamonlarda turlanishi berilgan. To‘rtinchi qism “So‘zlarning ishlatilishi va boshqa muhim masalalar”ga bag‘ishlangan. Jumladan, affikslar yordamida so‘z yasalishi bayon qilingan. Kitobning oxirgi sahifalarida turkiy so‘zlarning glossariysiga o‘rin ajratilgan.

 

Ma’lumki, mamluklardan oldin Misrda ayyubiylar hukmronlik qilgan. Ayyubiylar davlatining boshliqlari o‘g‘iz turkchasida gaplashishgan. Ammo Yevropa manbalarida ayyubiylarni “kurd” deb yozishadi. Bu to‘g‘ri emas! Chunki, ayyubiylar sultonligining  so‘nggi hukmdori al-Malik Turonshoh ibn Ayyub bo‘lgan. Kurdlar esa Turonshoh ismini qo‘yishmagan.

 

Umuman olganda, saltanat ayyubiylardan mamluklar qo‘liga o‘tgan XIII asrda Misrdagi muloqot tili o‘g‘iz tili bo‘lgan. Mamluklar davrida davlat rahbarlari va lashkarboshilar orasida qipchoqlarning soni oshgan. Mo‘g‘illar esa XIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab uyusha boshlagan va ularning asosiy qismini harbiy navkarlar tashkil qilgan. Shu sababli mamluklar davrida uchta til davlat va qo‘shinlarni boshqarish, xalqaro muloqot va savdo tiliga aylangan. Qipchoq tili esa eng qo‘p qo‘llaniladigan – muloqot tili bo‘lgan. Buni yuqorida nomlari zikr qilingan tadqiqotchilar tasdiqlagan. Jumladan, muallifning o‘zi ham “asl turkiy til – qipchoq tili” deya qayd qilib o‘tgan[11].

 

“Tarjuman” leksikasining o‘zbek tiliga yoxud lahjalariga yaqinlik tomoni bormi?

 

Mamluk-qipchoq tilining leksikasi qipchoq va o‘g‘iz dialektlarining uyg‘unlashuvidan tarkib topgan. Bu uning lug‘at tarkibida ham ko‘rinib turibdi. Undagi qipchoq lahjasi avval Oltin O‘rda hududlarida shakllangan. N.Baskakovning tasnifiga ko‘ra, bu til  qorachay-balqar, qirim-tatar tillari bilan birga qipchoq guruhiga kiradi[12]. Adham Tenishev esa uni Qozon tatarlari tiliga yaqin deb hisoblagan[13]. Bunday fikrlar ko‘p, ammo tahlillar boshqa narsani ko‘rsatadi.

 

Mening fikrimcha,  mamluk-qipchoq tilidagi so‘zlar hozirgi turk tilida ko‘proq uchraydi, buni Yusuf Syulyukchuning tadqiqotlari ham tasdiqlaydi. Misol uchun, egar leksemasini tahlil qilib ko‘ramiz.  Bu so‘z turk tilida va o‘zbek tilining qipchoq lahjasida aynan bir xil qo‘llaniladi: eyar. Asarda o‘zbek tilining qipchoq lahjasida qo‘llaniladigan so‘zlar ham juda ko‘p. Masalan,  opa ma’nosidagi egachi  so‘zi o‘zbek qipchoq lahjasida saqlangan: Egachim erga tiydi, eskisi menga tiydi (opam erga tegdi, eskisi (kiyimi) menga tegdi).

 

O‘zbek tilining qipchoq lahjasida “checha”  so‘zi yanga ma’nosida ishlatiladi. Ayni so‘z qozoq tilida “sheshe” shaklida – ona ma’nosida ishlatiladi. “Tarjuman”da esa “checha” amma ma’nosida qo‘llanilgan. Amma arab tilidan o‘zlashgan. Demak, bu so‘zni ham semantik tahlil  qilish kerak bo‘ladi. Balki, chindan ham bobolarimiz ammasini egachi deb chaqirgandir.

 

Shu o‘rinda o‘zbek tili qipchoq lahjasida saqalanib qolgan ayrim so‘zlarning “Tarjuman” lug‘atidagi analoglariga e’tibor qaratamiz:

 

T/r

O‘zbek adabiy tilida

O‘zbek tili qipchoq lahjasida

Tarjumanda

1.           

bultur

biltir

biltir

2.           

pashsha

chibin

chibin

3.           

bir yoshli echki

chibich

chibich

4.           

ikki yoshli qo‘zi

shishak

shishak

5.           

hulkar

ulkar

ulkar

6.           

bunda

munda

munda

7.           

tik qoya

uchurim

uchurim

8.           

tepa

to‘ba

to‘ba

9.           

dengiz

tengiz

tengiz

10.        

chiviq (novda)

chibiq

chibiq

11.        

bir bosh uzum

salqum

salqum

12.        

g‘o‘ra

qiraq

qiraq

13.        

qovoq

qabaq

qabaq

14.        

kigiz

kiyiz

kiyiz

15.        

astar

ichlik

ichlik

16.        

xulq

qiliq

qiliq

17.        

yelka

iyin

iyin

18.        

qarich

qarish(ch)

qarish(ch)

19.        

bolg‘a

cho‘kich

cho‘kich

20.        

past

ashaq

ashaq

 

Bu yerda o‘zbek tili qipchoq lahjasi va mamluk-qipchoq tilidagi fonetik jihatdan aynan bir xil talaffuz qilinadigan ayrim so‘zlargina keltirildi, xolos.

 

“Tarjuman”ni o‘rganish o‘zbek adabiy tiliga ba’zi so‘zlarning noto‘g‘ri ma’noda qabul qilinganini ko‘rsatadi. Misol uchun, O‘zbek tilining izohli lug‘atida to‘qli so‘ziga qo‘yidagicha izoh berilgan: To‘qli bir yarim yoshga yetmagan, qochirilmagan urg‘ochi qo‘y[14]. Savol tug‘iladi: bir yarim yoshga yetmagan qo‘y to‘qli bo‘lsa, ikki yoshdan o‘tgani shishak bo‘lsa, unda bir yarim yosh bilan ikki yosh orasidagi qo‘y qanday atalgan? O‘zbeklar orasida qo‘ylar yoshiga qarab qo‘yidagicha nomlangan: qo‘zi (yangi tug‘ilgan qo‘y), marqa (yarim yoshli qo‘y), to‘qli (bir yoshli erkak qo‘y), tusaq (urg‘ochi qo‘y bir yoshdan keyin to tuqquncha), shishak (ikki yoshli qo‘y), sovliq (tuqqan qo‘y), qo‘chqor (erkak qo‘y, uch yoshdan keyin). Demak, O‘zbek tilining izohli lug‘atidagi to‘qli so‘zining izohini o‘zgartirish kerak.

 

“Tarjuman”da juda qiziqarli ma’lumotlar ham bor. Ulardan biri yog‘urt. Mamluk-qipchoqlari qatiqni shunday atashgan. Bu hozirgi do‘konlarda yevropa mahsuloti sifatida sotilayotgan  yogurtning aslida turkiy so‘z ekanini tasdiqlaydi.

 

Ikkinchi qiziqarli so‘z – qirpich. Bu haqda ilgari ham matbuotda ko‘plab maqolalar berilgan. Qolaversa, boshqa turkiy lug‘atlarda, xususan “Devoni lug‘atit-turk”da ham g‘isht qirpich atalgani ma’lum. Endi turkiy tillardagi ayni so‘zning qiyosiy tahliliga e’tibor qaratsak: o‘zb. g‘isht; turk. kiprpich; ozar. kiprpiç; boshq. qipr; qoz. kiprpich; tat. kirpech; chuvash. kirpӗch; yakut. qirpiichche; va hk. Bu tahlil “g‘isht” turkiy so‘z emasligini ko‘rsatadi.

 

“Tarjuman”da “inaq” leksemasi ham ishlatilgan. Bu xususda ham ayrim mulohazalar bor. Do‘st so‘zi turkiy tillarga fors tilidan o‘zlashgan. Fikrimizcha, bu so‘z o‘zlashgan dastlabki davrda inoq bilan birga inoq-do‘st shaklida ishlatilgan. Ular aslida ikki tildagi ma’nodosh so‘zlar bo‘lgan. Keyinchalik inoqning ma’nosi sifatga aylangan va “inoq do‘st” iborasi paydo bo‘lgan. Turkiy tilda inoq sifati o‘rnida tatu (totuv) ishlatilgan. Mamluk-qipchoqchasida “ınaḳ” so‘zining do‘st ma’nosi saqlangan. Afsuski, biz uni ahil so‘zining sinonimi sifatida ishlatamiz.

 

A.Qurishjanovda ham, A.Yunusovda ham va A.Garkavesda ham oy so‘zining zamonda turlanishi noto‘g‘ri ketgan. Qipchoq tillarida o‘tgan oy – kechgan oy, hozirgi oy – kelgan oy, kelayotgan oy – kelasi (keldechi) oy deb ataladi. Hozirgi oyni “ustida turgan oy” deb atash ham shevalarda bor. Ammo hamma tadqiqotlarda “kelgan ay – kelasi ay”, keldechi ay – kelasi oydan keyingi oy” bo‘lib yozilgan. Hozirgi oy esa qolib ketgan.

 

Yuqorida keltirilgan barcha mulohazalardan quyidagicha xulosa qilish mumkin: “Kitab majmua tarjuman turkiy va ajamiy va mug‘aliy (va farsiy)”, asosan, turkiy tilning qipchoq va o‘g‘iz lahjalariga oid manbadir. Shuningdek, undagi mo‘g‘ilcha so‘zlar ham 600 tadan ko‘proqni tashkil qiladi. Sarlavhaning oxiriga qavs ichida qo‘shilgan “... va farsiy” shuni anglatadiki, lug‘atda ayrim forsiy so‘zlar ham bor. Ammo forscha so‘zlarning semantik tavsifi berilmagan.

 

Hozirgi zamonaviy tillarni boyitishda “Tarjuman”ning lug‘at boyligidan foydalanish juda muhim ahamiyatga ega. Inchunin, zamonaviy turk tili leksikologiyasiga e’tibor bersangiz, turklar undan unumli foylangani ko‘zga tashlanadi. Hozirgi kunda Qozog‘istonda ham bu borada tadqiqotlarga keng yo‘l ochilgan. Ayni mavzuga oid o‘nlab dissertatsiyalar yoqlangan. Xususan, Aleksandr Garkavesning tadqiqotlari shu paytgacha o‘tkazilgan tadqiqotlar orasida eng mukammali sanaladi.

 

O‘zbekistonda esa bu boradagi izlanishlar Abdulla Yunusov tadqiqotlaridan keyin to‘xtab qolgan. Nafaqat yangi nashrlar, hatto Abdulla Yunusovning Tarjuman – XIV asr yozma obidasi nomli kitobi ham qayta nashr qilinmagan.

 

Maqolani yozish jarayonida feysbukdagi tilshunoslar faol bo‘lgan guruhlarga so‘rovnomani joyladik. So‘rovnomada vatandoshlarimizdan asosan “Kitab majmua tarjuman turkiy va ajamiy va mug‘aliy (va farsiy)” asaridan xabardor yoki xabardor emasligi so‘raldi. Natija esa... Boshqa soha vakillarini qo‘yib turaylik, ko‘plab mutaxassislar ham bu haqda ma’lumotga ega emasligiga guvoh bo‘ldik. Abdulla Yunusovning nomi kitobda qisqartirib, “A.Yunusov” deb berilgan ekan. Uning ismini aniqlashga ham ikki kun vaqt ketdi. Taniqli professor ustozimizdan so‘rab bildik. Abdulla Yunusov haqida internet saytlarida, hatto “Oʻzbekcha Vikipediya”da ham ma’lumot yo‘q ekan.

 

So‘ngso‘z

 

Ko‘pincha  biz vatanni ma’lum bir chegaraning ichidan axtaramiz. Tilimizni, tariximizni, qadriyatlarni ham shu chegaraning ichida deb bilamiz.  Chetroqqa chiqib mo‘ralashga cho‘chiymiz. Bu jur’atsizligimiz bilan esa “ko‘lmak hovuzdagi tilla baliqcha”ga o‘xshaymiz.

 

Ushbu maqolani yozishdan asosiy maqsadim – yoshlarimiz o‘qisin! Uch qit’aga tarqalgan va jahon tili bo‘lgan tilimizning areali qanchalik keng ekanini, qudratini his qilsin. O‘rgansin. O‘rgatsin. Tadqiq qilsin va yuksaltirsin!..

 

Anvar BO‘RONOV



[1] М.Th.Hontsma. Ein türkisch-arabisches Glossar. Leiden, 1894.

 

[2] Flemming B. Ein alter Irrtum bei der chronologischen Einordnung des Tarǧumān turkīwa ‘aǧamī wa muġalī // Der Islam, № 44, 1968: 226–229.

 

[3] Poppe N. Das mongolische Sprachmaterial einer leidener Handschrift // Изв. АН СССР. Отд. гуманитарных наук. – Ленинград, 1927: 1009–1040, 1251–1274; 1928: 55–80.

 

[4] Н.Н.Попе. Монгольский словарь мукаддимат ал-адаб. Часть I-II. – Москва-Ленинград: Наука, 1938.  –566 стр.

 

[5] Toparlı, R., Çögenli, M. Sadi, Yanık, Nevzat H. (2000), Kitâb-ı Mecmû-ı Tercümân-ı Türkî ve Acemî ve Mugalî, Ankara: TDK.

 

[6] Sülükçü Y. Kitab-ı Mecmû-i Tercümân-i Türkî ve Acemi ve Mugalî' Adlı Esere Yabancılara Türkçe Öğretimi Acısından Bir Bakış.  Article in International Journal of Language Academy. January 2016.

 

[7] Yoshio Saitô. The Mongolian Words in Kitab Majmu' Turjuman Turki wa 'ajami wa Mugali: Text and Index. – Kyôto: Shoukadoh, 2006. –Р. 6.  

 

[8] Гаркавец А.Н. Туркские языки на Украине. –  Киев: Науково думка, 1988. –С. 4.

 

[9] Гаркавец. А.Н. Китаб-и Маджму‛-и Тарджуман-и Турки ва ‛Аджами ва Мугали ва Фарси  Сводная книга переводчика по-тюркски, и по-персидски, и по-монгольски, и на фарсиХалила бин Мухаммада бин Йусуфа ал-Кунави. – Алматы: Баур, 2019.  601 стр.

 

[10] Курышжанов А. К. Исследование по лексике Тюркско-арабского словаря, – Алматы: 1970, – С. 51

 

[11] Юнусов А. “Таржуман – XIV аср ёзма обидаси. Тошкент: Фан, 1980. –Б. 29.

 

[12] Баскаков Н.А. Историко-типологическая фонология тюркских языков / Отв. ред. Э. Р. Тенишев. М.: Наука, 1988.

 

[13] Тенишев Э.Р. Древнетюркские языки // Лингвистический энциклопедический словарь. Советская энциклопедия, 1990.

 

[14] Ўзбек тилининг изоҳли луғати. Т ҳарфи. – Тошкент: ЎМЭ, 2006-2008. – Б. 253-254.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 117
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//