Atrofi oʻrmon, suvi musaffo, hosili moʻl, hayvonlari koʻp tinch va koʻrkam qishloq. Odamlari toʻyda quvnab, azada yigʻlar, baqirib qoʻshiq aytar, yonib raqs tushardi. Bu goʻshada hislar, quvonchli va qaygʻuli turfa umrlar bor edi. Lekin hammasi atigi bir soniya ichida oʻzgardi: endi barcha manzaraning nomi – radiatsiya, hislarning yagona nomi – oʻlim, odamlar – zararlantiruvchi obyekt – Chernobil!
1986-yil 26-aprel Chernobil AES portladi. Oʻzlarida bironta ham atom stansiyasi boʻlmagan beloruslar esa “vahima uygʻotmaslik” fonida fojia qurboniga aylandi. Maʼlumotlarga koʻra, falokat natijasida atmosferaga otilib chiqqan radionuklidlarning 70% i belarus zaminiga tushgan. “Radiatsiyaning kichik dozadagi doimiy taʼsiri natijasi oʻlaroq, mamlakatda yildan yilga saraton kasalligi, aqli zaiflik, asabiy-ruhiy parokandalik va irsiy mutatsiyalarga duchor boʻlgan bemorlar soni oshmoqda...” (“Chernobil” toʻplami. “Beloruskaya ensiklopediya”, 1996-yil) 1996-yili “Narodnaya gazeta” shunday yozadi: "Belorus...Dunyo uchun biz terro incognito — nomaʼlum, oʻrganilmagan zaminmiz. “Oppoq Rossiya” – mamlakatimiz nomi ingliz tilida taxminan shunday jaranglaydi. Chernobil haqida hamma biladi, faqat uni Ukraina va Rossiya bilan bogʻlaydilar. Biz hali oʻzimiz haqimizda hikoya qilishimiz kerak...".
Asarlarda odatda qahramonlar boʻladi. Ular bilan bogʻliq hodisalarni yozuvchi mahorat bilan tasvirlaydi, bor soʻz boyligini sarflaydi. Lekin “Chernobil tavallosi”da hech qanday jimjimador soʻz, oʻylab topilgan taʼsirli voqea, chiroyli oʻxshatishlar yoʻq, unda faqat INSONlar bor. Ular koʻrganlari haqida gapiradi, odam qiyofasini yoʻqotib halok boʻlgan yaqinlarini eslaydi, koʻmib tashlangan uylari, dahshatli tushlari, nogiron, koʻz oʻnglarida oʻlim bilan kurashayotgan farzandlari, goʻzal, ammo xavfga aylangan tabiat haqida soʻzlaydi.
Kitob deyarli 20 yil mobaynida yozilgan. Muallif stansiya sobiq xodimlaridan tortib, olimlar, oddiy aholigacha gaplashadi. Qishloqlardan koʻchirilganlar, uyiga qaytib borganlar, zararlangan obyektda yashayotganlar, oʻsha yerda xizmat qilganlar bilan uchrashadi, ularning hikoyalarini tinglaydi. Nihoyat bularning barchasi yigʻilib hayqirayotgan, yigʻlayotgan asarga aylanadi.
Qutqaruvchilarning oʻlimi
Lyudmila – marhum oʻt oʻchiruvchining rafiqasi. Ular fojia yuz bergan kundan biroz avval turmush qurishgandi. Bir-birini qanchalik sevishlarini ham bilishmasdi, hatto. Yarim tundagi shovqindan uygʻonib ketganida, “Darchani berkit va yotib uxla. Stansiyada yongʻin chiqibdi. Tezda qaytaman” degan gapni eshitadi. Shunchaki yongʻin deyishgani sabab brezent korjomalarsiz, kiyib turgan bitta koʻylak bilan radiatsiyaga qarshi kurashishgan oʻt oʻchiruvchilar guruhi ertasi kuni tongdayoq kasalxonaga tushadi. Biroq hamma joyni oʻrab olgan harbiylar kuchli nurlanish borligi sabab odamlarni ularga yaqinlashtirmasdi. Ammo Lyudmila amallab erini koʻradi: hamma joyi shishgan, koʻzi deyarli koʻrinmasdi. “Ular koʻproq sut ichishi kerak” deyishgach, barcha oʻt oʻchiruvchilarning ayollari chelak-chelak sut tashiydi kasalxonaga. Shifokorlar buni gazdan zaharlanish, deyishadi. Balki, oʻzlari ham bilmagandir. Chunki maʼlum vaqt oʻtib koʻplab shifokorlar, hamshiralar, ayniqsa, sanitar ayollar kasallikka chalinib, vafot etadi. Oʻt oʻchiruvchilarni Moskvaga olib ketishganida homiladorligini yashirgan Lyudmila erining oldida boʻladi. Yaqiniga bormaslik, tegmaslik haqida qatʼiy ogohlantirishlariga amal qilmay erini parvarishlashga harakat qiladi. Oʻt oʻchiruvchilarning kundan kunga butun badani goʻshtga aylanib borar, qiyofasi dahshatli tarzda oʻzgarib, shishib ketgandi. Ular birin-ketin vafot etishadi. Lyudmilaning turmush oʻrtogʻi ham halokatdan 14 kun oʻtib yorugʻ olam bilan xayrlashgach, davlat uni ham safdoshlari kabi yashirincha dafn qiladi. Koʻp oʻtmay Lyudmila koʻrinishidan sogʻlom, lekin jigarida sirroz, 28 rentgen bilan tugʻilgan qizaloqni dunyoga keltiradi. Afsuski, toʻrt soatdan soʻng chaqaloq ham oʻladi... Ona bolasini olmoqchi boʻladi, ammo shifokorlar uni berolmasligini aytadi. “Ilm-fan uchunmi?!” – nafratlanadi ona.
Valentina fojia oqibatlarini bartaraf etish uchun yuborilgan likvidatorning bevasi edi. Halokatdan keyin eri va uning 7 kishilik jamoasidagi hamma asta-asta vafot etdi. Biri halokatdan uch yil, biri toʻrt yil, boshqasi besh yil oʻtib. “Mitti zarrachalar” ularning umrini asta-asta yeb bitirgandi. Valentina dastlab erining limfa tugunlari tuxumdek kattalashib ketganini, soʻngra kundan kun ahvoli ogʻirlashib, hatto inson qiyofasini yoʻqotganini eslaydi. Uydagi barcha koʻzguni olib tashlashgandi. Ogʻriq kuchayganda tez yordam chaqirishar, ammo ular yaqinlashishga ham qoʻrqardi. Ayol esa uni shu koʻrinishi va shu holida ham sevib ardoqlaydi. Vaqt oʻtib unga qahramonligi uchun faxriy yorliq yuborishadi. Valentina qizil papkani qoʻliga olib oʻylardi: “U nimaning evaziga oʻlmoqda. Gazetalarning yozishicha, nafaqat Chernobil, balki kommunizm ham portladi. Sovetcha hayot tugadi. Qizil papkada esa hanuz oʻsha bashara...”
“Buyuk ishonch” oʻldirgan odamlar
Chernobil halokati – odamlardagi “ong halokati”ni ham koʻrsatib bergandi. Ular xonavayron boʻlgan makonda yashayotgan, farzandlari zaharlanayotgan boʻlsa ham, “Barchasi yaxshi, barchasi xavfsiz”, deya bong urayotgan davlat tuzumiga qattiq ishonishardi. Mamlakatda qabristonlar koʻpayib ketganindan baʼzi qishloqlar oʻliklar zaminiga aylanib qolgandi. Ularning birida odamlar, birida hayvonlar, boshqasida butun boshli uylar koʻmilgandi. Ammo baribir odamlar koʻchib ketmas, “mitti oʻlim zarrachalari” joylashgan havodan nafas olishar, sabzavotlardan ovqat qilishar, yashashda davom etishardi. Keyinchalik berilgan “Nega ketmagandingiz?" degan savolga esa “Biz suyangan tuzum aytgan gaplarga ishongandik”, deb javob berishardi.
Ular oʻlimdan ham koʻproq “Buyuk davlat”ga ishonar, televizorda aytilgan barcha topshiriqlarni askarlardek bajarardi. “Allaqachon yoʻq boʻlgan katta va qudratli davlatdan hali ham yordam kutishardi. Insonlar davlatga qalbini, vijdonini, yuragini sotardi va evaziga birlamchi oziq-ovqat jamlanmasini olardi”.
“Tirik jon borki, bu joydan qochishi kerakligini bilardiku?! Hech boʻlmasa vaqtinchaga. Lekin biz vijdonan radiatsiyani oʻlchardik va televizor tomosha qilardik. Ishonishga oʻrganib qolgandik. Nega maydonga chiqmadik, baqirmadik? Partbiletdan qoʻrqqanimiz uchun emas, ishonganimiz uchun. Eng avvalo goʻzal va adolatli yurtda yashayotganimiz, inson hamma narsadan yuksak va har narsaning mezoni ekaniga ishonganmiz”. Bu oʻsha zaminda yashab zaharlangan, kelajagini boy bergan insonlarning iqrorlari, afsuslari edi. “Buyuk ishonch” odamlarni shu darajaga olib kelgan ediki, zararlangan joylarga bolalari bilan bemalol borishar, xuddi bayramdagidek yasanib ham olishardi. “...biz oʻz bolalarimizni yasantirib, Birinchi may namoyishiga olib chiqdik. Borsak ham, bormasak ham boʻlardi. Tanlov imkoni bor edi. Hech kim bizni majbur qilmayotgandi, talab ham etmagandi. Lekin buni oʻz burchimiz deb bildik. Boshqacha boʻlishi mumkinmi?! Koʻchaga chopdik, olomonga qoʻshildik. Bizning nafaqat yerimiz, balki ongimiz ham zaharlangandi. Va bu zaharlanish uzoq yillarga choʻzildi”.
Homiladorlikdan qoʻrqadigan ayollar, “yonuvchi qoʻngʻizcha”ga aylangan bolalar
“1993-yilda Belarusda 200 mingta abort qildirgan. Asosiy sabab – Chernobil”. “Baxtiyor homilador ayollarni koʻrmaymiz”, degandi hamshiralardan biri. Sababi onalar tugʻish va yoʻqotish hissini bir lahzaning oʻzida his qilardi. Kulib turgan lablar birdaniga koʻz yosh achchigʻidan bujmayar, onalik baxtmi yoki jazo farqiga bormay qolardi odam. Omon qolgan bolalarni esa “yonuvchi qoʻngʻizchalar” deyishardi. Tengdoshlari ular bilan oʻynamas, koʻpchiligining sochlari nurdan toʻkilib ketganidan yozda ham qalpoq kiyib yurishardi.
Halokat joyidagi xizmati tugab, uyga qaytgan askar barcha kiyimlarini chiqindiga tashlab yuboradi. Faqat juda soʻrayvergani uchun askarlik qalpogʻini oʻgʻilchasiga sovgʻa qiladi. Bolakay uni yechmay kiyib yurardi. Ikki yil oʻtib, unga miya saratoni tashxisi qoʻyiladi...
Chernobil. Urushdan ham ogʻir fojiaga aylangan halokat. Inson undan qutula olmaydi: na yerda, na suvda, na koʻkda. Kitobni boshqa badiiy asarlardek zavq bilan oʻqib boʻlmaydi. Ogʻir soʻzlar, fojiadan ham fojialiroq taqdirlar. Koʻchaga otilasan. Daraxtlar, gullar, qushlar, maysalar... Ularga qanday dushmanga qaragandek qarash mumkin?! Bolangni oʻpasan, yoringni quchasan –lahzalik quvonch. Lekin u seni oʻldirishi mumkin boʻlsa-chi? Nima qilgan boʻlarding? Hamkasbing havoning haddan ortiq isiyotganidan, dugonang bolasi shamollaganidan, taksichi amaki tushum kamligidan noliydi. Doʻkon egasi kassadagi pachka-pachka puldan senga qaytim qaytararkan soliqlarni, qarindoshing oylik maoshi pastligini, qassob narx-navo oshganini aytib, hayot qanchalik ogʻirligini uqtirmoqchi boʻladi. Sen esa bularni eshitib xursand boʻlasan. Ha, xursand boʻlasan, bu fojialarni yengsa, toʻgʻrilasa boʻlishini his qilganingdan.
Sitora BARLIBOYEVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat
markazi xodimi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q