So‘nggi paytda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar hamda ko‘cha-ko‘yda milliy til va o‘zlik (identiklik) haqida bahslar va turli fikrlar ko‘paydi. Bu, albatta, yaxshi holat.
Til va o‘zlik doimo bahslarda shakllanadi. Mashhur fransuz olimi Ernest Renan e’tirof etganidek, “Millat, bu – har kuni plebissit demakdir”.
Millat doimo so‘zlashuv va muloqot (dialog) orqali barpo etiladi. Oxirgi yillarda til masalasi davlat darajasiga ko‘tarildi.
So‘nggi uch-to‘rt yil ichida o‘zbek tilini rivojlantirish, davlat tilida ish yuritish va o‘zbek tilining obro‘sini ko‘tarish uchun qonunlar qabul qilindi, qo‘mitalar va markazlar tuzildi. Lekin ezgu ishlar biz kutganchalik natijalar berayotgani yo‘q. Nima uchun?
Negaki biz qonunlar va qonunosti hujjatlarni qabul qilayotganda va turli markazlar tuzayotganda dunyoda mavjud bo‘lgan til holati va so‘nggi ilmiy texnologiyalardan foydalanayotganimiz ham, ularni hisobga olayotganimiz ham yo‘q.
Hozirgi kunda jahonda axborot va fan tili ingliz va rus tilidir.
O‘z vaqtida jadidlar tilni yangi so‘zlar va madaniy yangiliklar bilan to‘ldirishgan. “Teatr”, “roman”, “pyesa”, “poyezd” va hokazo so‘zlarni keng qo‘llashgan va buning ta’siri o‘laroq XX asrning 20-yillarida milliy romanchilik vujudga keldi.
Jadidlar o‘zbek tili grammatikasini isloh qilishga urinishgan va hatto lotin alifbosini kiritishda katta jonbozlik ko‘rsatishgan. Ular sa’y-harakati bilan o‘zbek siyosiy millati vujudga keldi. Yevropadan olib kelingan va o‘zlashtirilgan madaniyat o‘zligimizni (identiklikni) ma’lum ma’noda shakllantirdi. Shuni alohida qayd etish kerakki, jadidlar o‘zbek tilini yangilikka ochiq sistema deb tushunishgan. Bu tilda o‘sha paytlardayoq ko‘plab Yevropa va rus romanlari tarjima qilindi. Pirovardida o‘zbek tili modern tilga aylandi va XX asrning 30–60-yillarida o‘zbek tilida ko‘plab nodir asarlar va she’rlar yaratildi.
Biz hozirgacha G‘.G‘ulom, A.Oripov, E.Vohidov, P.Qodirov va boshqa adiblarimiz asarlari va ulardagi til “jozibasi” ta’siridamiz. Holbuki, undan keyin qancha suvlar oqib o‘tdi: dunyo globallashdi, madaniyatlar qorishib ketdi, deymiz, siyosiy tuzumlar o‘zgardi, qadriyatlar “safi” kengaydi. Bizda esa…
O‘ylashimcha, bizning hozirgi o‘zbek tili ana shu davr bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgani va ko‘p hollarda uni o‘zi uchun “etalon” deb bilgani bois rivojlanishdan to‘xtab qoldi.
O‘zbek tili XX asrning jamiyatda keskin iqtisodiy va siyosiy jarayonlar kechgan 80–90-yillarida yangi, o‘ziga tabiatan teskari bo‘lgan xavflarga duch keldi. Sotsiumda bunga qarshi potensial bilim va ko‘nikma bo‘lmagani uchun u ma’lum muddat turg‘unlikka mubtalo bo‘ldi. Aslida esa tilimiz hozirgi zamon talablariga mos bo‘lishi zarur. Bu, bugungi globallashgan dunyoning talabidir!
Oxirgi yillarda o‘zbek tilini isloh qilish, rag‘batlantirish bo‘yicha talay amaliy ishlar qilinmoqda. Biroq ko‘zga ko‘rinarli natijaga erishish muayyan yutuqlarga erishilganiga qaramay, ancha sekin va qiyin kechmoqda.
Buning bir qancha sabablari bor. Hozirgi o‘zbek tili “yopiq” sistemaga aylanib qolganga o‘xshaydi. Biz hozir tilni sheva va lahjalar bilan to‘yintiryapmiz, xolos. Balki bu ham yaxshi holatdir. To‘g‘ri, tilimizga so‘nggi yillarda “kompyuter”, “noutbuk”, “chellenj” va boshqa ko‘plab yangi so‘zlar kirib keldi. Lekin bu holat tilimizni zamonaviy tilga aylantirmadi. Aholimiz xorij so‘zlarini ko‘r-ko‘rona taqlid qilib olmoqda.
Til rivojlanishi xorijiy so‘zlar va atamalarni ilmiy, adabiy mushohada qilib, “hazm” qilish darajasiga bog‘liq. Jonli til faqatgina iste’molchi emas, balki yaratuvchi ham bo‘lishi zarur.
Misol uchun, oxirgi ilmiy adabiyotlardagi atamalarni umuman o‘zbek tiliga tarjima qilishning iloji topilayotgani yo‘q. Ular quyidagi so‘zlar: “postcolonial”, “gender studies”, “subaltern”, “premodern”, “modern”, “postmodern” va hokazo. Ya’ni, bu so‘zlar o‘zbek ilmiy adabiyotida o‘z mazmuni va mohiyatiga ega emas. Albatta, bu holat o‘zbek ijtimoiy-gumanitar sohasi dunyo fanidan ancha orqada ekanini isbotlaydi. Tilni boyitishda falsafa va mantiq fanlari juda katta rol o‘ynaydi.
O‘zbek tilining ilmiy salohiyatiga tushkun kayfiyatda qarab, o‘zbek tili faqat maishiy til sifatidan yuqoriga ko‘tarila olmaydi, deyuvchilar ham yo‘q emas. Shu o‘rinda, mavzuga bevosita aloqasi bo‘lgani uchun yana shuni ham aytish kerakki, bizda adabiyotshunoslik rivojlangan, falsafa esa fan sifatida umuman joyidan jilgan emas. To‘g‘ri, bu iddao ko‘pchilikda (ayniqsa, faylasuflarimizda) norozilik tug‘dirishi mumkin. Men esa ular bilan g‘oyibona bahsga kirishib, quyidagi savolni beraman: xo‘sh, ayting-chi, oxirgi 30 yilda qaysi o‘zbek faylasufi mashhur, qo‘ldan qo‘ymay o‘qiladigan biror kitob yozdi?..
Tilning rivojlanishi bilan bog‘liq nuqsonlar keragidan ortiq. Masalan, mantiq fani bugun oliy ta’lim muassasalarida maxsus fan sifatida o‘qitilayotgani yo‘q. Vaholanki, aynan shu fanning mushohadani shakllantirishda roli beqiyosligini butun dunyo olimlari e’tirof etishadi. Qolaversa, til qonuniyatlari mantiq fani bilan chambarchas bog‘liqdir.
Shu bois, bugun biz o‘zbek tilini rivojlantirish haqida gapirar ekanmiz, zamonaviy falsafa, mantiq fanlarini ta’limga keng tatbiq qilishimiz zarur. Afsuski, uyat bo‘lsa ham aytish kerak, ayni damda respublikamizda bo‘lajak fan doktorlari ham falsafa, fan falsafasi va mantiqdan bexabardirlar. Bizda 2012-yillargacha ilmiy ish yoqlash uchun fan falsafasidan maxsus kurs eshitib, imtihon topshirilardi. Aslida bu butun dunyoda qabul qilingan standartdir. Lekin hozir bu kurs umuman doktoranturada yo‘q. Afsuski, fan falsafasi bo‘yicha yaxshi, bugungi kun talablariga javob beradigan o‘zbekcha ilmiy adabiyotlar ham. Endi ayting, qanday qilib fan falsafasidan va mantiqdan bexabar bo‘lajak olim yaxshi ilmiy ish yozadi? Shu holatni bilib turib, nimaga o‘zbek tili fan tiliga aylanmayapti deb kuyinamiz.
Qachonki, faylasuf, tarixchi va filolog birlashib, o‘zbek tiliga mos xorijiy atamalarga mazmun bera olishsa, ana shunda tilimiz rivojlanadi va boyiydi. Aks holda, biz bir joyda depsinamiz va tilimiz she’riyatga va adabiyotgagina bog‘lanib qoladi. Faqat ilmiy mushohada, sintez, ilmiy dogmalarni yangi ma’no-mazmun bilan boyitish va bu ilmiy jarayonlarni ilmiy tilda ifoda qilish, tabiiy, professional olimlar tomonidan amalga oshiriladi. Bu esa, albatta, mablag‘ va siyosiy iroda talab etadi.
Biz bir ilmiy haqiqatni unutib qo‘ymoqdamiz: til – doimo rivojlanayotgan va dinamik hodisadir. Til rivojlanishi uchun milliy adabiyot, kino, san’at, fan mutanosib rivojlanishi zarur. Mutanosiblik esa milliy o‘zlikning tashkil topishiga ijobiy ta’sir etadi. Ya’ni, faylasuflar, lingvistlar va tarixchilar yordamida yaratiladigan yangi ma’nolar tilimizni boyitadi, kengaytiradi va dunyoqarashni shakllantiradi.
Natijada ingliz va rus tillariga qaramligimiz ancha kamayadi. O‘z mafkuramiz va dunyoqarashimizning falsafiy va mantiqiy asoslari vujudga keladi. Kino, san’at va adabiyot tilni ijtimoiy borliqqa moslashtiradi, faylasuflar, tarixchilar va lingvistlar yangi mazmun va talqin yaratishadi. Olimlarimizning mushtarak harakati o‘zbek tilini yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqishi mumkin. Buning uchun faylasuflar, tarixchilar va lingvistlar ko‘plab ilmiy maqolalar, monografiyalar va kitoblar yozmog‘i lozim. Madaniy almashinuv va dunyoga ochiqlik nafaqat olimlarimizga naf keltiradi, balki mintaqamizning o‘zligini anglashiga ham katta turtki bo‘ladi.
O‘ylaymizki, til siyosati borasida olimlarimiz va hukumatimiz oldida katta ishlar turibdi. Yangi avlod olimlari, san’atkorlari, shoir-u yozuvchilari, jurnalistlar jonbozlik ko‘rsatishsa, moliyalashtirish ko‘paytirilsa, albatta, marra bizniki bo‘ladi.
Baxtiyor ALIMJONOV,
tarix fanlari nomzodi,
O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar Akademiyasi
Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Sharqshunoslik instituti doktoranti
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q