Uvays ustozim
Shahrisabzdan chiqib ketganimdan beri yelkamdan ryukzak tushmaydi. Yaqin tanishlar “Uyingni o‘zing bilan olib yurasan”, deb hazil qilsa, “Faqat o‘zimni sig‘dirmasligi chatoq-da”, deya kulib qo‘yaman. Oshnalar “uying” deganicha bor. Ichini kovlasangiz, ignadan tortib hammom sochiqqacha topiladi (faqat kafanlik yo‘q, shuni ham solib qo‘ygan ma’qulmikan deng. Eskilar kafanlikka yetgulik matoni salla qilib o‘rab yurgan-ku. Axir, qayerda, qay holatda, qachon joning chiqishini bilmaysan kishi). Shamoldek beqo‘nim qalb bir joyda uzoq turolmagach, “tayinli makon otliqqa topilmas, piyodaga yo‘l bo‘lsin” zamonida yashayotganingizdan keyin, na iloj, orqalab yurasiz-da bor bisotingizni. Nokamtarlikka yo‘ymang-u, men kabi dunyoni uy emas, yo‘l deb bilguvchilarga undagi ko‘p narsalarning ahamiyati yo‘q aslida.
Rivoyat qiladilarki, Iso alayhissalomning tarog‘i, kosasi va to‘shanchisi bor ekan, xolos. Yo‘lda ketayotib buloq suvini kaftida ichayotgan kimsani uchratadi va unga kosasini tortiq qiladi. Yana ozroq yurib sochini barmoqlarida tarayotgan kishini ko‘rib, tarog‘idan voz kechadi. Oxiri daraxt soyasida, maysalar uzra uxlab yotgan odamga ko‘zi tushgach, to‘shanchisini ham hadya etib yuboradi.
Eskirib ketganiga qaramay, ryukzagimdan voz kechmasligimning sababi bor: sevimli kitoblarimsiz turolmayman! Kun yo tunning istalgan pallasi o‘sha kitoblar sog‘inchimni qitiqlab qolishi mumkin. Shu zahoti topib o‘qimasam, aqldan ozayozaman. Balki ishonmassiz, shaxsiy hujjatlarim necha bor yo‘qolib-topiladi, lekin ular... Atigi ikkita kitob bor o‘zi yo‘lxaltamda (uni kachkul deyaqolay. Bunda ma’no kuchliroq. Kachkul – darveshlar yelkasida osib yuradigan to‘rva). O‘qiyverganimdan satrma-satr yod bo‘lib, varaqlari hilvirab qolgan. Ayniqsa, moviy muqovalisi! Yakunlagan asarimni qaytib qo‘limga olmayman hisob. Bu ikkalasi esa nafaqat sevimli, balki ruhdosh, maslakdoshlarim hamdir. Mualliflariga, ularning haqgo‘y, kengfe’l, toza vijdon, yuksak ruhiyatiga muhabbat qo‘yganman. O‘zlari bilan yuz ko‘rishmaganmiz, ammo ko‘rishganlardan-da yaxshiroq bilaman qalblarini. Metroda, avtobusda, piyoda ketyapmanmi, bekatda o‘tiribmanmi, ijara uydami – yonimda men tushungan, muhimi, meni tushunadigan qadrdonim borligini his qilib turaman. So‘zsiz tushunish muhabbatdan yuqori darajot aslida, agar bilsangiz! Ularni hozirgi zamonda tasavvur qilib ko‘raman, yashay olarmidi-yo‘qmidi deb. Yolg‘iz qolganda hech kimga aytib bo‘lmas mahram ishlarimni gapirib beraman. She’r yozayotganimda ham shundoq ko‘z oldimda turishadi. Menimcha, yolg‘izlikni xush ko‘ruvchilarning hammasida shunaqa uvays tanishlar bor. Yo‘qsa, odam o‘z-o‘ziga dosh berishi qiyin.
Yaqinda Ryunoske Akutagavaning “Yolg‘izlik jahannami” hikoyasini o‘qidim. Tarjima ancha bo‘sh chiqqan, nazarimda, chunki ruschasini o‘qigan tanishim menga juda boshqacha ta’riflagan edi. Alhol, hikoyadan chiqargan xulosam jahannam bo‘lmalari ichida eng dahshatlisi – odam yolg‘iz tashlanadigan joy ekan. Boshqa xonalarda hartugul qismatdoshlar bo‘ladi, bunda esa bo‘shliq va sen! Menimcha, yerda ham shunday dahshatga giriftor kimsalar uchraydi. Ko‘pincha ijodkorlarga “nasib” qiladi bu azob. Qachonki, senda inonch-e’tiqod so‘ngach, boya aytganimdek, uvays ruhdoshlaring bo‘lmasa shu ahvolga tushasan. Hikoya muallifining nega o‘z joniga qasd qilganini tushungandayman. Xayriyatki, men yolg‘iz emasman. Juda siqilgan vaqtlarim “Ajoyib kunlarning birida, uyg‘onib ketaman uyqudan...” deya shivirlab qo‘yaman. Ruhim yomg‘irda yuvilgan qush patlaridek tozaradi. Men bu uyg‘onishni o‘limdan keyingi tug‘ilish deb bilaman. Keling, yaxshisi, yelkamni qiyib yuborgan kachkulimni yechsam-da, undagi kitoblardan biriga qanday mehr qo‘yganim haqda so‘zlab bersam.
Beshinchi yo oltinchi sinfda o‘qiyman. Shahrisabzdan Qarshiga ko‘chdik. Ko‘p kitoblarimni o‘zim bilan olib keldim, she’r kitobdan esa bittagina olgandim (kachkulimdagi ikki qadrdondan biri shu). Sababi – nihoyatda saralab o‘qirdim she’rlarni. U kezlar she’r yozardimmi-yo‘qmi, eslolmayman; rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lmish onamiz o‘qib bergan kitoblar sabab asl adabiyotdan boxabarligim uchunmi, uncha-muncha yoziqlar didimga o‘tiravermasdi. Adabiyot “ikki karra ikki – to‘rt”dek jo‘n bo‘lmasligi kerak, deb o‘ylardim bolalarcha qaysarlik bilan.
Kunlarning birida sinfdoshim Farhodning kompyuterida rasm ko‘rib qoldim deng. Sochlari mayda o‘rilgan go‘zal qizning surati. Qiz bir yonga xiyol qayrilib turibdi. Nigohi ostida esa to‘rt qator she’r:
Kel, yashirib qo‘yayin seni
Yurakning eng chuqur yeriga.
Keyin sen ham yashirgin meni
Yurakning eng chuqur yeriga.
Topolmasin bizlarni birov.
Bo‘ldi. Bor-yo‘g‘i shu. She’rni qayta-qayta o‘qiyman, qayta va qayta. Ichimga cho‘g‘ tushdi. Qarshidagi bor kitob do‘konlarni titib chiqdim, muallifini axtarib. Yo‘q! Internetni hali tushunmayman, tushunadiganlardan so‘rashga tortinaman. Aksiga olib ilmga tashna bobomiz sharofati bilan qo‘ltelefonim ham yo‘q. Yagona najotkor fikr “Toshkentdan topasan” bo‘lgan. Ko‘ngil tog‘day o‘sib, poytaxtga bormoq uchun pul to‘plashni ko‘ring endi. Sinfdoshlarga qo‘shilib oshxonalarga kirmayman, kitob do‘konlari yonidan chopqillab o‘tib ketaman (kulmang, kitob “jinni”siga og‘ir bu). Yangi kiyim olishdan o‘zimni arang tiyib, ancha pul yiqqanim esimda. Toshkentda o‘qiydigan qarindosh bilan rejani puxtalab, ertalab maktab bahona poytaxtga “surdim”...
Nihoyat, peshonasiga “Nodir kitoblar” deb yozib qo‘yilgan do‘kondan shoirning moviy muqovali, qip-qizil yurak ichidan oppoq kabutar uchib chiqayotgan saylanmasini topdik. O‘sha lahzadagi sevinchimni hozir so‘z bilan ifodalab berolmayman. Ochib o‘qishdan o‘zimni amallab tiydim. Xuddi ko‘chada o‘qib qo‘ysam, istagan-kutgan lazzat, hayratimni ololmaydigandek. Rost, she’r yozmoq uchun allaqanday kayfiyat, holat, muhit kerak bo‘lganidek, o‘qimoq uchun ham xuddi shunday aura zarur! Yo‘qsa, satrlar ostidagi yurak urishini eshitolmaysiz. Kitobni kachkulga soldim-u g‘izillab ortga qaytdim. Tonggacha bedor bo‘ldim! Uxlatmadi meni u kitob! Hayotimda ikkinchi bor SHOIRga duch kelishim edi, axir! Men kabi adabiyotsevar uchun bu katta hodisa. Bir-biridan keskir, bir-biridan jangovar, butunlay boshqacha she’rlar Damashq qilichidek to‘mtoq tafakkurim qobig‘ini qiymalab, hala-hula shoir ko‘tarilolmas me’rojga olib chiqib qo‘ydi ruhimni.
(Shavkat Rahmon. Saylanma. Toshkent. “Sharq” nashriyot-matbaa konserni bosh tahririyati, 1997.)
Hammasi o‘sha tundan boshlandi. O‘shandan beri kachkulimdan tushmaydi bu kitob. Qo‘lda olib yurish ham mumkin dersiz. Qizg‘anaman. Birov ko‘rib, so‘rab qolsa-chi? Ha, ana shunday xasis kitobxonlar ham uchrab turadi. Ijodkor, umuman har qanday inson tafakkuri, qarashlari, taqdirini o‘zgartirib yuboradigan asarga umri davomida hech yo‘q bir marta duch kelishi muqarrar ekaniga to‘la-to‘kis ishonch hosil qildim. Chunki dunyoqarashimni haqiqatan yangilab tashladi u. Adabiy did, so‘z, uning inson qalbiga ta’siri, ijodkorning oliy maslagi haqidagi tasavvurimni tarbiyaladi. Ming afsuski, bu kitobni yozgan shoir men uni topgan vaqtda olamdan o‘tgan edi. Hechqisi yo‘q, deyman o‘zimga taskin berib. Mana, so‘zlari qoldi-ku!
Yozganlariga qarab ular bilan ichkin-ichkin suhbat quraman. Asosan men gapiraman, ular esa muridini tinglayotgan pirdek jim quloq solishadi. To‘g‘ri, yoshim ulg‘aygan sari klassiklarni o‘qish, baholiqudrat mag‘zini chaqishni boshladim. Masalan, birgina Mashrabning ruhiyatimga ulashgan hayrati u ikkalasinikidan yuz chandon baland. Biroq ular “ko‘z ochib ko‘rganim”, ilk ustozlarim.
Haddan ziyod ko‘p o‘ylayman: agar ular tirik bo‘lganida bugun bir joyda depsinib, qaddi bukilib qolgan adabiy jarayon ancha jonlanarmidi?! Adabiyotdan shaxsiy manfaati uchun foydalanayotgan vijdonsotarlar yuzi qizarib, o‘zini chetga olarmidi?!
Kim nima desa desin, asl adabiyotning darbonlari bo‘lishi kerak ekan. O‘z davrida Abdulla Qahhor shu vazifani bajargan. Ozod Sharafiddinov, Shukur Xolmirzayevlar ham. Moviy muqovali kitob muallifining yoniga she’r ko‘tarib kirgan havaskorlar bir vaqtlar yig‘lab chiqib ketgan ekan. O‘sha vaqtda xafa bo‘lishgandir, bugun minnatdor qiyofada yoshlarga aytib berishyapti-ku! Demak, asl adabiyot ana shunday qattiqqo‘l himoyachilarga har doim muhtoj. Hozir biz hech kimning nigohidan hayiqmaydigan bo‘lib qoldik. Ha, hech kimning! Hatto o‘z vijdonimizdan ham! Nazmmi, nasrmi – bilganimizcha pala-partish yozib tashlayapmiz. So‘z kechirarmikan bizni?! Gazetalarda ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshash mashqlarni o‘qib, dilingiz xira bo‘ladi. Saralab, po‘chog‘idan mag‘zini ajratib ko‘rsatadigan jurnallarning esa moddiy ahvoli og‘ir. Millat saviyasi, ma’rifatiga mas’ul shaxslar adabiyotga til uchida emas, yurakdan qayishmas ekan, qorindan boshqasini o‘ylamaydigan ibtidoiy to‘daga aylanib qolishimiz hech gap emas.
Sizni ko‘p intiq qildim, endi aytmasam bo‘lmas. Rahmatli shoirimiz A’zam O‘ktamning “Cho‘lpon” she’rida “umrimda bir marta ko‘rmagan zotni, / sog‘inaman bag‘rim tuproqqa bosib” degan satri bor. Men ham o‘zini ko‘rmay, bir bor suhbatini olmay, ammo o‘la-o‘lguncha sog‘inib o‘tadigan odamlarimdan biri, kachkulimdagi moviy muqovali kitob muallifi, millat shoiri – ShAVKAT RAHMON!
...Agar yetti qavat yerning qa’rida
yotsam-da, larzaga solib havoni,
elimning yuragin
topar baribir
jismimni kuydirib uchgan ovozim.
Ey darvesh, pirsiz yo‘lga kirma, deydi avliyolar. Rahnamo va kachkulsiz darveshni men tasavvur qilolmayman. Shavkat Rahmon ko‘ksini kuydirib chiqqan ana shu zulfiqor OVOZ umrbod hamrohim va yo‘lboshchim mening!
Qani, darvesh, endi kachkulingni yelkangga ilgin-u yo‘lga tush. Manzil hali uzoq, juda ham uzoq...
Godoning bo‘risi
Uzlat istaydi ko‘ngil! O‘zimni taftish qilib olishim uchun hashamatdan xoli, umrdek nurab borayotgan hujra zarur menga. Tavba, nega ruhiy iztirob, kechinmalar uchun ko‘hna boshpanalar tanlanadi qadimdan? Nega qasr yaramaydi? Nega Yassaviy yer ostiga kirib ketdi – saroyga emas? Diogen nega bochkaga qamalib oldi? Murakami nega uyidan deyarli chiqmaydi?..
“Bu yerda hamma narsa bo‘lishi mumkin” asari qahramoni ham kasodga uchragan fabrikani ixtiyor etadi. U jarayon hademay to‘xtashi muqarrarligini biladi. Shunga qaramay, hamma tashlab ketayotgan, parchalanib borayotgan makonga ko‘chib kelmoqdan maqsad nima? Sevmoqdan-chi? Ikkinchi Robinzon bo‘lmoqchimidi yo? Alqissa, u – shu yerda.
Fabrika – tashqi muhitdan ihotalangan hujra!
Fabrika – o‘z-o‘zing bilan suhbatlashish, xayol surish, fikrlashga imkon beradigan dunyodagi yagona tinch maskan.
Fabrika – ichkari. Ichkarining ichkarisi. Ya’ni “jondin ichkari”. Navoiy aytmoqchi, “jon pardasi” ko‘tarilsagina ko‘ra olamizmi ul ma’voni? Balki Alifdir?! Shoh Mashrab takrorlab yurgan, Tagor Gang daryosi bo‘yida ko‘zi tushib aqlini yo‘qotayozgan, Dostoyevskiy jodi yonida, Borxes qoplon terisidagi qora nuqtada ko‘rgan Alif! Ilk romanini yozayotgan Jianna Molinari Alif haqida qayerdan bildi? Mening kitobni o‘qiyotgan paytdagi kayfiyatimni-chi? Tushkun edim. Yaqinda bemorxonadan chiqqanimga qaramay og‘riqdan bukchayib yurgan, yetmaganiga miriqib she’r yozolmayotgan (eng dahshati shu!) va buning ta’sirida umidsizlik o‘rasiga qulab, “Odam o‘zini oltinchi qavat derazasidan tashlasa, aniq o‘ladimi?” degan savol g‘altagiga chuvalashib qolgandim. Oltinchi barmoqqa o‘xshaydi bu. Borsan-u, lekin hech qanday vazifa bajarmaysan. Xuddi Jiannaning romanidagi osmondan tushgan odam kabi.
(Jianna Molinari. Bu yerda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Toshkent, “Akademnashr”, 2020.)
...Osmondan tushgan odam a’moli hammamizning peshonamizda bor. Noma’lum qabrda yotibdi u. Qay birimiz osmondan tushmaganmiz?! Osmondan tushganlar osmondan tushganini unutganlar uchun mudom qiziq. Odam bolalari bir umr qaytish yo‘lini izlab o‘tishga mahkum...
Fabrikada bo‘ri oralaydi. Oralamaydi, taxmin qiladi oshpaz bo‘ri yurganini. Deydiki: bo‘rini ko‘rdim, o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim! Vahima boshlanadi. Bo‘ri – fabrika boshlig‘ining so‘nib qolgan g‘ujurini uyg‘otib yuboradigan turtki. Aynan bo‘ri hammasini: oshpaz, boshliq, qorovul, fabrika, vatan, millat – dunyoni yangilab yubora olish qudratiga ega KUCh. Lekin avval uni topish kerak!
Qani u?
...Ijara uyim xonalarida izg‘iyman garang. Karavot tagiga qarayman: “Qani u?” Bo‘ri, deyman tishlarim g‘ichirlab, menga ham ker-rak-san! Qorangni ko‘rsat. Chapparilib qolgan toshbaqaday ruhimni o‘ngar. O‘ttiz yildan beri chalmasiga botib yotgan vujudni qo‘zg‘at. Yorib tashla yo!
Godoga o‘xshaydi bo‘ri. Uni intiq kutadilar. Ko‘rinish bermaydi hatto. “Cho‘l bo‘risi” kabi hammaning ichida yashaysanmi yo? Unda nega uni reallashtirishdi? Nega unga tuzoq qo‘yib, choh qazishdi? Agar bo‘ri kelsa, fabrikadagi lanjlikni g‘ajib tashlay olarmidi?
Va jonivor to‘satdan qahramon xonasida paydo bo‘ldi. Taxayyulda. Tasavvur yaratgan hodisa xayolotda moddiylashib, nigoh qadalgan yerda namoyon bo‘ladi. Endi bo‘ri qo‘rqinchli emas, avval ham faqat qiziqarli, sirli edi. Darvoqe, bor-yo‘g‘i axlattitar bo‘ri bo‘lsa-yu, undan xavfsirash kerakmi? Ovqat qoldiqlari bilan oziqlanuvchi bo‘rini tasavvur qila olasizmi? Ha, qachonki u chiqindixonada tug‘ilgan bo‘lsa!
Nazar Eshonqulning “Bahouddinning iti” hikoyasidagi daydi itga evrilgan xodim kabi, bu qahramon ham bo‘ri bilan uchrashuvdan keyin fabrikadan chiqqanda, odamlar unda bo‘rini, bo‘ri bilan birga yashayotgan odamni ko‘rishayotganini sezib qoladi. Lekin bo‘ri undan boshqa na oshpaz, na boshliqqa ko‘rindi. Chunki ularda ishonch, fabrikani – dunyolarini, ko‘hna dunyolarini asrab qola oladigan hissiyotlar o‘lib bo‘lgan edi allaqachon...
Oltinchi qavat derazasidan keksa chinor yaproqlariga tikilaman. Qiziq, daraxt jonidan to‘ysa nima qiladi?
...Bo‘ri esa endi bemalol kezib yuribdi ichkarida!
Hayrat
Meni hayratga solish qiyin. To‘xtovsiz o‘qiyverganingiz sari hayratingiz so‘nib borarmikan yo? Hech narsadan bexabar kishiga, baliq ham nafas oladi, desangiz yoqa ushlaydi. Ammo izlanuvchan olim ham yomg‘ir yog‘ishi-yu quyosh chiqishidan hayratlanadi-ku. Sinchkov o‘quvchining “og‘zini ochirib” qo‘yadigan asar bitish esa eng mushkulidir.
Gapning lo‘ndasi, Yavdat Ilyosovning “Ilon avrovchi” romani hammamiz tanigan, to‘g‘rirog‘i, faqat to‘rtta ruboiysi va isminigina bilgan Umar Xayyom haqida. Tarixiy shaxs to‘g‘risida kitob yozish – ertak to‘qish degani emasligini aytmasam ham yaxshi bilasiz. Yavdat Ilyosovning ijodiy yondashuvi esa aqlimni dovdiratib qo‘ygani rost. Nega uning yozganlari faylasufona? Nega istalgan jumlani olib, bugunga qiyoslasangiz, tushaveradi? Buncha keng ko‘lamli bilim qanday qilib bir odam miyasiga sig‘ishi mumkin? Qachon shuncha ma’lumotni o‘qib, eslab qolishga ulgurgan u?.. Savol ketidan savol tug‘ilaveradi. Sahifadan sahifaga ko‘char ekansiz, muallif o‘rganib chiqqan yuzlab ko‘hna asarlar, buyuk olimlar, shohlar hayoti, o‘sha davr manzaralari ko‘z oldingizdan bosh-keti ko‘rinmas karvondek o‘tib, hayratdan yoqa ushlaysiz. Va beixtiyor o‘z-o‘zingizga shivirlaysiz boyagi savolga javob berayotgandek: hammasining zamirida izlanish yotibdi, izlanish. Sen-chi? Chaynab berilgan luqmani ham yutishga erinasan...
“Umar 10 yoshga to‘ldi – Xufu (Xeops) ehromi qurilganiga 3880 yil bo‘ldi. Ashshurbanipal amri bilan jamlangan bitiklar xazinasi bundan 1670 yil muqaddam yo‘q bo‘lib ketdi. Arastu 1380 yil ilgari olamdan o‘tdi. Ulug‘bek 336 yil keyin tavallud topadi. Jordano Brunoni 542 yildan so‘ng o‘tda kuydiradilar...” – ma’lumotlar zanjiridan o‘zingizni yo‘qotib qo‘ymadingizmi? Bu hali holva! Shumerlar, akkadlar, massagetlar, kurdlar, saklar, turklar-u forslar – yer yuzidagi o‘nlab millat-u elatlar tarixidan boxabar yozuvchi sizni hali ko‘p talmovsiratib qo‘yadi. Aytgancha, “So‘g‘diyona”, “Olachipor ajal” romanlarini o‘qiganmisiz adibning? Birgina Umar Xayyom uchun to‘plagan ma’lumotlarining o‘zi o‘nlab tarixshunosga yuk!
Umarni nafaqat tengdoshlari, hatto onasi ham uncha xushlamasdi, deb yozadi muallif. Chunki u hech kimga o‘xshamasdi. Shoir edi u, olim edi u, faylasuf edi, ammo odamlardek hayot kechirishni eplolmasdi. “Odamlik shoirni ezib qo‘yadi” deydi Platonov...
Nishopurda qattiq siquvga olinavergach, ustozi yo‘llanmasi bilan Movarounnahrga – Abu Tohir Alak huzuriga yo‘l oldi Xayyom. Qoziyul quzzot homiyligida riyozatdagi chalkash muammolar yechimiga doir risola bitdi. Hayratlanarlisi, Yavdat Ilyosov risolani Xayyom bilan birga qog‘ozga tushiradi go‘yo. Ana shu yerda uning matematika, hisob-kitob ilmidan naqadar yaxshi xabardor ekanini ko‘rasiz. U ba’zi uquvsiz yozuvchilardek asari qahramonini u tabib edi, deb ta’riflash bilan cheklanmay, dorivor o‘simliklar, siniq solish, inson a’zolari va hokazolarni puxta o‘rganib chiqadi. Shuning uchun ham yozgani ishonarli, tabiiy chiqadi.
(Yavdat Ilyosov. Ilon avrovchi. Toshkent, “O‘zbekiston”, 2011.)
Oh, Xayyom, Xayyom! Sen haqingda hechvaqo bilmas aqlimdan uyalib ketyapman. Nega bizda sening, Beruniyning, Zamaxshariy, Ibn Sino, Forobiyning asarlari o‘qitilmaydi? Nega asarlaring kitob rastalarida yo‘q (Xayyomdan “Navro‘znoma” va ruboiylarnigina o‘zbek tilida ko‘rganman)? Yavdat Ilyosov Xayyom orqali yana bir haqiqat – iste’dod ma’rifatli homiyga muhtojligini isbotlab beradi. Iste’dodli bo‘lmoqning o‘zi kifoya emas. Iste’dod egasini qorin g‘amidan qutqarguvchi sherimard ham kerak. Firdavsiy shu qadar boy ediki, 25 yil mobaynida bir asar ustida muttasil ishladi. Agar u kambag‘al bo‘lganida “Shohnoma” qayoqda edi? Qoziyul quzzotday homiy bo‘lmaganida risola qayoqda edi?!
Ulug‘ “Siyosatnoma” asari muallifi, vazir Nizomulmulk sulton Malikshohni ko‘ndirib, Xayyomni yangi taqvim tuzmoq uchun Isfahonga chaqirib oladi. Olim bir umrlik orzusi – rasadxona qurishni boshlab yuboradi. Axir, yulduzlar harakatini o‘rganmay yangi taqvim tuzib bo‘lurmi? Eskini yangilamoq – olimlar ishi. Yer yuzidagi jamiki tirik mavjudot rivojlanishga (yangilanib borish) mahkum. Yaratiqlar ichida odam o‘zgarishga eng moyilidir. Yo‘qsa, daraxt ham isyon ko‘targan bo‘lardi odamzod kabi.
Darvoqe, odamzod! Ilohiy qonunlarni buzishga faqat u moyil. Balki, bu erkalikdandir? Tangri ham kechirib yuboraveradi yoki so‘nggi kunga olib qo‘yadi jazoni. Nazarimda, o‘zgarmas qonunlarni o‘zgartirishga harakat – shakkoklik emas, yangilanish ehtiyojidan kelib chiqadi. Odam va Havvo boshlab bergan buni bizga. Taqiq mevasini yeb ko‘rish, kitoblarda qayta-qayta ta’kidlanganidek, faqatgina nafsga bog‘liq bo‘lmay, ehtimol, muvaqqat temir qoida, eski chegaralarni kengaytirishga urinish istagi bilan ham bog‘liqdir. Zardo‘shtiylikni olaylik. Mohiyatida yangi – komil odam g‘oyasi yotadi. Faylasuf Nitshening “Zardo‘sht tavallosi” asari ham aynan shu g‘oyaga qurilgan. Ya’ni yer va yerdagi odam o‘zidan, o‘ziga o‘xshagan odamlar va bir xil kechayotgan hayot tarzidan zerikadi. Yerga yangi odam kelishini – yangilanishni istaydi! Hatto bu yangilanish dahshatli fojia evaziga bo‘lsa ham!
Esxil “Prometey” asarida ham shu fikrni o‘rtaga tashlaydi. Prometey aytadiki: Zevs odamlarni zulmatda qirib tashlab, yangi odam yaratmoqchi edi, men esa (Xudolar Xudosiga bo‘ysunmay!) foniylarga (odamlar) olov hadya etdim... Nega Esxil zulmatdagi odamlarni “qirib yuborish”ni istamadi?! Shu yerda “Shaytonning Tangriga isyoni” dramasi esga tushadi. Fitratning “shayton”i Esxilning “Prometey”i kabi Tangrisiga isyon ko‘taradi. Gyotening “Faust”ini ham qo‘shish mumkin shu siraga. Bu o‘xshashliklar alohida ilmiy izlanishni talab qiladi... Nuh va Lut payg‘ambarlar ham Yaratgandan qavmlarini qirib tashlashni yolvorib so‘raydi. Maqsad o‘sha – yangi odam! Isoning yerga qaytishi ham shu g‘oyaga bog‘liqdek go‘yo. Negaki, u osmondan yerga tushgan ikkinchi Odam bo‘ladi o‘shanda! Demak, odam mavjud tuzumdan emas, o‘zidan zerikadi. Har doim shunday bo‘lgan. Mumkinmi, mumkin emasmi – ahamiyati yo‘q, yangilansa bo‘ldi – har qanday to‘siqni buzib o‘tishga tirishadi u! Chunki unda qo‘rquvdan ko‘ra, yangilanishga bo‘lgan ehtiyoj, tashnalik ustuvor. Har qanday isyon zamirida kechagidan o‘zgachalik istagi yashirin. Masalan, san’atda aynan shunday! Kamyu isyon psixologiyasida ijodkor to‘g‘ridan-to‘g‘ri Tangri bilan bahsga kirishadi deydi. Men esa “Qanday yaratilgan bo‘lsa, shunday o‘lim topishni istamaydigan mavjudot – ijodkor” deyman. Axir, U bilan bahsga kirishish g‘irt ahmoqlik ekani aqli bor kishi uchun kundek ravshan-ku! Xayyom ana shunday YANGI ODAMlardan biri edi. Uni Tangri insoniyat tafakkurini yangi bosqichga ko‘tarish uchun yerga yuborgan edi: “Xudo ro‘yi zaminda o‘zi suhbat quradigan odamlar bo‘lsin uchun iste’dodlarni yaratmish”.
Kitobni o‘qib chiqqanimga uch yildan oshdi-yu, hamon uning ta’siridaman. Olimni qadrlamagan saroy, kimning zamondoshi ekanini fahmlamagan olomon, dunyoviy ilm, yangilikka tish-tirnog‘i bilan qarshi “boshlari
yengil-u ketlari zil-zambil” mutaassib din peshvolarining qilmishlari
ichimni tirnayveradi. Xayyomdan boshqa qay biringiz yashab qoldingiz, ey
nodonlar?!
So‘zimni esa kitobdan olingan so‘nggi parcha bilan yakunlamoqchiman: “...Olomon orasini shodon yorib o‘tib borar ekansan, harholda ehtiyot bo‘l: Ibn Sinoni turtib yuborishing, Firdavsiyga qattiq tegib ketishing, Abu Rayhon Beruniy poyini bosib olishing mumkin”.
Aslida bittadir yurakning shakli
Qayda yashamasin odamzod, asli,
Sangijumon, Rumo yo Toshkand,
Aslida bittadir yurakning shakli:
Yurak erkka ixtisoslashgan!
Erk! Hamma inson emas, aynan tug‘ma ijodkorga yopishgan orzu, yetib bo‘lmas me’roj. Erk! Boqilayotgan qo‘chqor uchun qassobning xanjari. Ijodkor uchun nohaqlik! Nohaqliklarsiz erk hech nima emas. Erkparast – oyoqli vulqon! U portlamoq uchun o‘ta kuchli nohaqlikni izlab yuradi.
Umuman, ro‘y bermas voqea,
Ro‘y berguchi menman, umuman.
Meni izlab yurar mohiyat,
Qolip izlab yurar begumon.
Qofiyalar qiladi ta’qib,
Bo‘g‘moq uchun shaylanar bo‘g‘in.
Poylab turar qaydadir taqiq,
Ko‘targizar qaydadir tug‘in.
Men ulardan qochayin qayga?
Qay janubga ketayin uchib?
Biror kimsa kutmagan joyda
To‘satdan ro‘y bermoqlik uchun!
“To‘satdan ro‘y bermoq uchun” necha yil kerak?!
(Faxriyor. Izlam. Toshkent, “Akademnashr”, 2017.)
Izma-iz quvib yurgan qoliplardan qutulish uchun-chi?! Balki qolipga qolip kiygizish kerakdir?! Balki ERK ham qolipdir aslida! Erk! Sharob! Vaznsizlik holati jonga tegdi! Ha, jonga! Qolipsizlik holati kerak menga!
Kimning jilmayishin oldim o‘g‘irlab?
Kimning tabassumin tortdim yuzimga?
Begona tabassum sig‘madi, zo‘rlab
Tortaverdim uni lekin o‘zimcha.
Falokat ko‘rsatdi shunda bo‘y-enin:
Bir cheti yirtildi tabassumning “shart”.
Siri fosh etilgan josusday meni
Bexos tanib qoldi izlab yurgan dard.
Xo‘sh? Yuzimdagi soxta jilmayish kimniki?! Kimniki-i-i?!
Ammo u baribir iztirobimni butunlay qoplab ololmayapti!
Izlaganim ERK, ammo bexosdan tanib qolishlaridan, yo‘q, o‘z-o‘zimni, aslimni tan olishdan cho‘chiyman! Jim!
“Bu yog‘i bahordir, bahor beshafqat”...
“Endi yashab bo‘lmas gullarni toptab”...
Endi O‘ZIMni toptab yashayman, beshafqat!
Yurak erkka emas, erk yurakka... muhtoj!
Ko‘chalarda, avtobus, mahkama, do‘kon, bozor, universitet – hamma joyda toptalib yotibdi ERK! Uni shaxsiylashtirib, jonlantirib olmoqqa YURAKLAR kerak! Tug‘ma yurak bo‘lib tug‘ilgan yuraklar...
Bo‘sh qolgan qog‘oz
Yangi ijaraxonam shahar chekkasidagi katta yo‘l yoqasida. Oynani yopsangiz – dim, ochsangiz – shovqin. Tinchlikka o‘rgangan quloq sho‘riga sho‘rva. Xonalar, ayniqsa, oshxona hayotimdan-da betartib. Tozalik bu uydagilar uchun tarix qatida qolib ketgan arxaik so‘z; kamiga mushuk boqishadi. Ko‘chada esa ulardan ozoda kishi yo‘q. Mirzakalon Jo‘rayevning Ziyosi shu uyda yashay olarmidi?
Yarim tunda soat o‘n ikki–ikki oralig‘ida kelaman. Oshxona adog‘idagi kichik bo‘lmaga o‘tib, tonggacha qog‘ozga dardimni to‘kib solaman. “Majnun” haqda o‘ylayman. Muallif nega aynan “Majnun” deb nomladi romanni? Rosti, nom bilan asar o‘rtasida bog‘liqlik yo‘q – xuddi mening tushdagi va hushdagi hayotim kabi. Lekin ajib roman bu... Platonov ifoda yo‘lida yozilgan ushbu asar qahramoni Ziyo aynan men emasligimga hech kim ishontirolmaydi! Kaminadan farqli tomoni, alohida yolg‘iz yashashga ijara uyi bor, xolos.
(Mirzakalon Jo‘rayev. Majnun. Toshkent, “Kamolot”, 2000.)
“Majnun” haqida ilk bor yozuvchi jo‘ram Sherbekdan eshitganman. Damariqda yashardik u kezlar. Eshitgan kunimoq topib kelganman. Og‘zimizdan so‘lagimiz oqib o‘qib chiqqanmiz. Shoir aslida bitta she’r bitmoq uchun dunyoga kelganidek, yozuvchi ham bittagina asar yozmoq uchun bir umr chiransa kerak. Lekin Mirzakalon Jo‘rayev yozuvchi emasdi-da! Uning biror hikoyasida ham yozuvchiligini sezmaysiz. Yozuvchilik yukini ko‘tarmay qalam tebratadiganlarga havas qilaman. Masalan, Anna Frank shu siradan...
Oynani ochdim. Yukmashina kuchanib o‘tyapti. Daydi it nimanidir g‘ajiyapti daraxt tagida. Odam yo‘q. Qog‘ozlarim yoniga qaytaman. “G‘orodam” haqida she’r yozmoqchiman. “Majnun”dagi Ziyoni shunday nomlab olganman. Qog‘ozga tushirsam bas. Ammo dangasa tomirim tutyapti. Xayolingizda pishib yetilayotgan she’rni matn holiga keltirib beradigan qurilma yaratilmaganmi? Undanam yaxshisi – to‘lqintutgich! Shoir taxayyulidagi she’rni to‘lqin ko‘rinishida tarqatadi, o‘quvchilar uni tutib oladi. Chalg‘idim. Qog‘oz bo‘sh qoldi. Soat uch. Havo salqin...
Yana yukmashina o‘tdi. Oynani yopishga erinyapman. Osmon oqargan sari shovqin zo‘rayib borarkan. Erta yotib, subh payti yozgin, derdi bobom. Subh, subhi sodiq. Yoqimli so‘z. Lekin qog‘oz bo‘sh qoldi.
U keldi! Nafas olishim tobora qiyinlashyapti. Mo‘miyolab tashlangandek qimirlolmayman. Gapirsang-chi, nima kerak o‘zi? Yangi joyga ko‘nikolmayapsanmi? Yolg‘izligim badingga urdimi yo? Ziyoni boshqarib yurgan sharpa senmiding? Majnunni olib yurgan ruh-chi? Ziyo o‘lmagani uchun muallif o‘ldi. Mirzakalon Jo‘rayev “Majnun” oxirida qahramonni o‘ldirishi kerak edi! Balo o‘ziga urdi. Birinchi va oxirgi roman – “Majnun”. Ket, ket! Bulbuldan ham sodiq u sharpa. Bolaligimdan beri men bilan birga. Kelsa, bir amallab o‘rmalab borib, bobom qo‘yniga kirib olardim. Endi bobom yo‘q. Qo‘rqmay qo‘yganman. Hali ham ustimda. Shovqin asabimga tegyapti. Hoy, yoril; yo ket! G‘orodam. Oh, nihoyat, butunlay ichimga botib ketdi...
Nur! Uyqu ko‘rmagan ko‘zga tushgan nur – uyushib qolgan oyoqqa urilgan kaltakdek azob beradi. Oyoq ostim yorilib, yer yutadigandek. Ko‘zimni yummaslikka urinaman. Ko‘zgu. Uning namlangan yuziga barmog‘im bilan yozdim:
“G‘orodam”.
Qog‘oz baribir bo‘sh qoldi.
JONTEMIR
“Tafakkur” jurnali, 2023 yil 2-son.
“So‘z bizni kechirarmikan?” maqolasi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q