Uchinchi kun
19-iyul ham ortda qoldi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tizimidagi xodimlar “Ma’rifiy targ‘ibot ishlari samarasi va ta’sirchanligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar” mavzusidagi o‘quv seminarining har bir kunidan o‘ziga xos taassurotlar va yangi bilimlar olmoqda. An’anaga ko‘ra, uchinchi kundagi qiziqarli sekundomer voqealarini ham sizlarga ulashamiz.
9.45
Yoshlar ishlari agentligi boʻlim boshligʻi Sherzod Olimov “Mahallalar kesimida uyushmagan yoshlar oʻrtasida ma’rifiy targʻibot ishlarini tashkil etishning qulay, zamonaviy va ta’sirchan usullari” mavzusidagi mashg‘ulotini turli auditoriya metodlaridan foydalangan holda olib bormoqda. Dialoglar, o‘yinlar, amaliy mashg‘ulotlarga boy dars seminar ishtirokchilariga juda ma’qul bo‘ldi. Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumani bo‘linmasi rahbari Dilnoza Nazirova mentorimiz Sherzod Olimov mashg‘ulotiga yuqori baho berdi va darsdagi uch fikrni e’tirof etdi:
– Avvalo ma’naviyatchining o‘zida ma’naviyat bo‘lishi kerak;
– Savol berilganda javobni aylantirish kerak emas;
– Biz ergashuvchi emasmiz, ergashtiruvchimiz.
10.25
Darsning muhokamasiga berilib ketgan uch hamkasb “ma’naviyatchi”larning gapini bo‘ldik. Ularga seminarlar haqida savol bilan murojaat qilganimizda birin-ketin fikrlar yomg‘iri ostida qoldik.
Masalan, Toshkent shahri Mirobod tumani bo‘linmasi bosh mutaxassisi Nargiza Poʻlatova yosh mentor salohiyatini ijobiy baholadi:
– Ta’sirchan va aniq nutqiy qobiliyati bor ekan, auditoriyani o‘ziga tez jalb eta oldi va seminar olib borish tajribasini ko‘rsatdi. Men o‘ylaymanki, yoshlarimiz orasida aynan mana shunday kuchli mutaxassislar ko‘p.
Fikrni Uchtepa tumani bo‘linmasi rahbari Saodat Norqobilova davom ettirdi:
– Uch piyolaga suv quyildi, ikkitasi boshqalarga tarqatildi, bittasi o‘zida qoldi. Avval suvni ichib ko‘rdi va boshqalarga ham ichish uchun ruxsat berdi. Bu amaliy jarayondan tushundimki, yaxshi mutaxassis har qanday vaziyatni oldin o‘zidan o‘tkazishi, o‘zida sinab ko‘rishi va undan keyin boshqalarga tavsiya qilishi kerak.
Bektemir tumani bo‘linmasi bosh mutaxassisi Navbahor Valiyeva qizg‘in suhbatni yakunlab berdi:
– Mentorning yana bir fikri yoqdi: “15 daqiqa ishlaymiz, 15 daqiqa dam olamiz, lekin natija ko‘rsatamiz”. Bu fikrning mohiyati shundaki, mutaxassis dam olish davomida o‘z ustida ishlaydi, qirralarini kuchaytiradi va ishonch bilan ishga kirishadi.
10.50
Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Mukarram Nurmatova “Aholi, ayniqsa, yoshlarning boʻsh vaqtini tashkil etish boʻyicha mahallalar kesimida oʻtkaziladigan ma’rifiy targʻibot ishlari toʻgʻrisida” dars olib borilyapti. Tizim xodimlari orasida ayollarimiz ko‘pligi bois mentor ketma-ket savollar qurshovida qolib ketdi. O‘ylaymizki, ko‘pchilik uchun foydali ma’lumotlar berildi.
11.30
“Mening yurtim 5” telekanali bosh muharriri Dilshod Mamaturdiyev mashg‘ulot olib bormoqda. Asosiy mavzu ijtimoiy videoroliklar tayyorlash bilan bog‘liq. Bu ko‘plab mutaxassislar uchun kutilgan mavzu edi. Mashg‘ulot davomida zaruriy ma’lumotlar va namunaviy videoroliklar taqdim etildi. Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani bo‘linmasi rahbari Rustam Yodgorov dars yuzasidan fikrini bildirdi:
– Ochig‘i, videoroliklar bo‘yicha menda juda ko‘p savol bor edi, lekin bu savollarni kimga berishni bilmayotgandim. Bu mashg‘ulot orqali o‘z savollarimga javob oldim.
12.20
Oromgoh amfiteatri monitori ma’naviy kinoteatrga aylandi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov tashabbusi bilan markazning bir qancha namunaviy roliklari namoyish etilmoqda. Mediasavodxonlik alohida zaruratga aylangan bir vaqtda bu ijtimoiy roliklar tizim xodimlari uchun ayni muddao bo‘ldi.
14.10
Tushlikdan so‘ng seminar ishtirokchilari uchun tanaffus e’lon qilindi. Kimdir dam olayapti, kimdir ochiq tabiat qo‘ynida sayr qilayapti, kimdir suv havzasida cho‘milayapti. Umuman olganda, keyingi jarayonlar uchun kuch to‘plandi.
15.15
“IT sohasida yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar” mavzusida mashg‘ulot olib borilmoqda. Mentorimiz “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ ijrochi direktori Abdulahad Qo‘chqorov sohaga oid yangi bilimlarni ulashmoqda. Mashg‘ulot davomida frilanserlar va ularning daromadlari yuzasidan berilgan raqamlar seminar ishtirokchilarida qiziqish uyg‘otdi. Mentorning fikriga ko‘ra:
– Haqiqiy mutaxassis ish qidirmaydi, ish Uni qidiradi.
16.25
Oromgoh amfiteatrida bo‘linma rahbarlari o‘z faoliyatlari yuzasidan hisobot va istiqboldagi rejalar taqdimotlarini o‘tkazmoqdalar. Tan olib aytish kerak, bu taqdimotlarni tayyorlash uchun mutaxassislar o‘z uyqularidan ham voz kechishdi. Bu orada Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari Iqboloy Umarovaning fikrlarini tinglashga ham ulgurdik:
– Viloyat bo‘limi rahbalari tez-tez xabarlashib turamiz. Lekin tuman bo‘linmalari o‘rtasida aloqa deyarli yo‘q edi. Shaxsan men butun respublika bo‘ylab soha vakillarini o‘zaro birlashganidan, bir-biri bilan tanishganidan xursand bo‘ldim. Umuman seminar uchun oromgohning tanlangani ham tizim xodimlari uchun munosib sovg‘a bo‘ldi.
18.20
Oromgohni shovqin egallagan. Bir tomonda ayollar o‘rtasida voleybol, bir tomonda esa erkaklar o‘rtasida futbol musobaqasi o‘tkazilayapti. O‘zaro o‘rtoqlik o‘yinlarida seminar ishtirokchilari yanada ahil jamoaga aylandi. Hammaning fikri umumiy bir mazmunda:
– Sport musobaqalari orqali uch kunlik seminarning yaxshi ma’nodagi charchoqlari chiqib ketdi.
21.30
Kechki ovqatdan so‘ng seminar ishtirokchilari oromgohning turli burchaklarida to‘planishgan. Kimdir milliy qo‘shiqlar ijrosi bilan ovora, kimdir turli jamoaviy o‘yinlar bilan band. Qiziqarli va muhim yangiliklarga boy bo‘lgan yana bir kun o‘z nihoyasiga yetdi.
Yana bir kunlik muddatimiz qoldi.
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q