O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir SAIDOV bilan suhbat
U dunyoga hamisha yumor ko‘zi bilan qarayotgandek tuyulsa-da, aslida o‘ta jiddiy istehzo va kinoya bilan boqadi. Aktyorlar borki, mashhur bir rolni o‘ynab, uning ta’siridan chiqolmay yursa, Tohir Saidov avvalgi har qanday rolini sindirish uchun eng ko‘p ter to‘kkan, eng ko‘p izlangan aktyordir. Zero, san’atga yo‘qsil gado roli orqali kirib kelib, bora-bora erkatoy shahzoda Hamletgacha ko‘tarila olgan aktyor ham Tohir Saidovdir.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Saidov san’at uchun qanchalik sirli bo‘lsa, omma uchun ham ochilmagan bir qo‘riq...
“Men hech qaysi rolni orzu qilmaganman”
Bir necha yil avval “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida yangi loyiha yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi. Teatr darg‘alari haqida turkum ko‘rsatuvlar tayyorlaydigan bo‘ldik. Boshlovchi sifatida Tohir Saidovga murojaat etdim. “Juda katta savob ishga bosh qo‘shayapsizlar, albatta yordam beraman” dedi. Tushundimki, azbaroyi teatr san’atiga, o‘tgan ustozlarga hurmati yuzasidan hatto ko‘rsatuvdagi chiqishlari uchun haq ham olmadi. Men esa shu bahona aktyorning kechinmalarini qog‘ozga tushira boshlayman:
“Ijodimdan yetarlicha qoniqaman. Ba’zi hamkasblarimga o‘xshab Navoiy yo Beruniydek yirik siymolar rolini kutmaganman... Balki shunga bu rollar menga nasib etmagandir... Obid Yunusov ko‘p yillar burun Ibn Sinoning yoshligini ijro etgan. Qachonlardir dilimda mana shu rolga havas bo‘lgan. Afsuski, nasib etmadi. Dunyo tibbiyotining otasi bo‘lgan Ibn Sinoning keksaligini ijro etishga ham endi kech.
Ko‘pchilik “Parvona”dagi O‘tkuriy roli senga mos tushadi deydi. Balki shundaydir. O‘tkuriyni Obid akam o‘zi bilan birga olib ketdi. Yana bir O‘tkuriyni yaratish uchun bir-ikki avlod almashishi kerak. Ya’ni Obid akamning O‘tkuriysini ko‘rmagan yangi avlod tug‘ilishi lozim. Ana shunda “Oltin devor”niyam, “Parvona”niyam qayta sahnalashtirsa bo‘ladi. Toshbolta oshiq rolini Soyib Xo‘jayev maromiga yetkazib ijro etgan. Ozgina vaqtdan so‘ng rahmatli Husan Sharipov Muqimiy teatrida Toshbolta oshiqni o‘ynadi. Rol yomon ijro etildi deyolmayman, lekin xalq Husan Sharipovni qabul qilolmadi. Shuning uchun ham men O‘tkuriyni ijro etishga qo‘rqaman.
Lekin hamon yuragimda bitta spektakl bor. “Jonimni ol, jonginam” asarini bilasiz. Juda qiziqarli mavzu. Uch kishi ijro etadi. Bir paytlar teatrimizda Nabi Rahimov, Yayra Abdullayeva va Erkli Malikboyeva o‘ynagan. “Jonimni ol, jonginam” asari qayta sahnalashtirilsa, jon deb o‘ynardim”.
“Shartlilik ham evida bo‘lsin-da”
Negadir so‘nggi paytlar milliy teatrda san’at dardi, qayg‘usi bilan yashaydiganlar kamyob bo‘lib ketdi deb o‘ylab qolaman. Chunki o‘n yildan beri teatr san’ati haqida ko‘rsatuvlar tayyorlab yurib, yaxshi spektakl qo‘yishni emas, unvon va shon ortidan yugurayotgan qiyofalarga ko‘p duch keldim. Lekin hali teatr qayg‘usidan, san’at dardidan kechmagan yana bir ijodkor borligini, Tohir Saidov o‘rni kelsa o‘ziga va atrofdagilarga nisbatan talabchanligini va qat’iy iroda ko‘rsata olishini keyinroq tushundim:
“Ming urinmang sahnadagi yolg‘on ijro darrov sezilib qoladi. Teatr – yolg‘onga qurilgan san’at emas... Sahnada shartlilik degan tushuncha bor, lekin u ham me’yorida bo‘lgani yaxshi... Ellik yil avval teatrlarimizda Julyettani ellik yoshli aktrisalar ham ijro etavergan. Endi zamon ko‘tarmaydi. “O‘tkan kunlar” filmidagi Otabek rolini O‘lmas Alixo‘jayev qirqqa yaqinlashganida o‘ynagan. Yoki hindlarning “Sangam” filmini ham bir eslang: Gupal, Radxa, Sundar. Bu uchchala aktyor ham kamida ellikka kirib ilk muhabbat yoshidagi qahramonlarni gavdalantirgan. Lekin hech kim ayblamagan.
Tarixdan bilasiz, Navoiy va Boyqaro tengdosh bo‘lgan. Bitta maktabda tahsil olishgan. O‘rtoq bo‘lishgan. Lekin bizning teatrimizda ota-bola Mo‘minovlar – biri Boyqaroni, ikkinchisi Navoiyni ijro etadi. Tesha aka Tolibga qarab “do‘stim, do‘stim” deb murojaat etadi. Endi shunday spektakl qo‘yib tomoshabinni ishontira olasizmi? Yo‘q, aslo. Salla kiyib, soqol qo‘ygani bilan tomoshabinga ota-bola bo‘lib ko‘rinaveradi. Otning qashqasidek ma’lum-ku... Tomoshabin qanday qilib ishonsin bu Navoiy yoki Boyqaro ekaniga...
“Mirzo Ulug‘bek” spektaklini-ku aytmay qo‘ya qolay! Maqsud Shayxzoda pyesada Ulug‘bekni ellik olti yoshda deya yozib qo‘yibdi. Erkin Komilov yetmish besh yoshda bo‘lsa, onasini esa yetmishga ham kirmagan Muqaddas Xoliqova ijro etsa, Erkin aka “onajooon” deya o‘zidan kichik ayolga murojaat qilsa... Qanaqa shartlilik bu?.. Mayli, bunga ham chidash mumkindir. O‘sha spektaklda Ulug‘bekning oltmish yetti yoshli dehqon Ota Murod bilan uchrashadigan sahnasi bor. Teatrimizda ancha yillar avval sahnalashtirilgan variantida bu cholni to‘qson yoshli Sa’dixon Tabibullayev o‘ynagan edi. Endi esa o‘ttiz yoshli bolaga berib qo‘yishibdi. Bunday shartlilikni qabul qila olasizmi? Yo‘q. Cho‘lpon unaqa bo‘lgan, Ulug‘bek bunaqa edi, Gavharshodbegim esa shunaqa edi deb ko‘zbo‘yamachilik qilaversak, tomoshabinni yolg‘onga ishonishga majburlasak, san’atning fojiasi shu emasmi? Axir teatr yolg‘on san’at emas-ku?”.
Hamlet
Hozirgi zamonda Hamletlar yo‘qmi? Ular boshqa tug‘ilmaydimi? Bu g‘addor dunyoda xo‘rlikka, haqoratga, adolatsizlikka, lo‘ttibozlikka, fitnalarga qarshi kurasha oladigan Hamletlar qani? Shekspirning bu shoh asari milliy teatrda sahnalashtirilgan paytda turli fikr va mulohazalar quloqqa chalina boshladi. Ko‘pchilik Hamlet juda yaxshi ijro etildi deyishsa, ba’zilar hozirgi zamon tomoshabiniga bo‘laveradi deya bepisand gapirishdi. To‘g‘ri, Shekspirning bu asari har bir davr uchun o‘z so‘zini aytib kelgan. Saroyda fikr aytish hissi bo‘g‘ilgan, isyonkorlikka toqatsizlik kechayotgan paytda tomoshabin Tohir Saidov ijrosida davr ehtiyojlariga mos qahramonni topdi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Behzod Muhammadkarimov “Men Amerikaga ketib Hamletni o‘ynash baxtini boy berib qo‘ydim” deya armonini izhor etgan edi. Chunki “Hamlet” spektakli teatrning tojidir. Bu spektaklga qiziqayotganimni bilib aktyorning o‘zi so‘z boshlaydi:
“Ha, agar Behzod O‘zbekistonda bo‘lganida, balki men Hamletni yanayam yaxshiroq ijro etgan bo‘lardim. Chunki yoningizda kuchli raqib tursa, o‘z iqtidoringizni to‘liqroq namoyon etishga majbur bo‘lasiz, undan zo‘rligingizni isbotlashga intilasiz. Mening yonimda esa o‘sha paytda kuchli raqib yo‘q edi. Masalan, yuz metrga bir o‘zingiz yugursangiz qanaqa-yu, raqib bilan musobaqa qilsangiz qanaqa? Farqi bor-ku! Shuning uchun mening yonimda Hamletni yanada yaxshiroq o‘ynashga Behzod yetishmadi.
Rahmatli Hojiakbar Nurmatov ijromni ko‘rib, “Bu Hamletmas, shunchaki baqiroq bir odam, tinmay ovozga zo‘r berayapti” deb o‘rinli tanqid qilgan. Bu fikr to‘g‘ri. Chunki teatrimiz akustikasi juda yomon. Ustozlarimiz aytishardi, “eng oxirgi qatorda o‘tirgan tomoshabin ham puliga chipta sotib olgan, ovozing u yoqqa yetib bormasa, bu pul sen uchun halol emas”. Afsuski, bu sahnada ijro etilgan Otello ham, qirol Lir ham, Ibn Sino ham shu sababdan baqiroq bo‘lib qolaveradi...”.
Bir-birimizdan o‘rganamiz
“Agar mendan kinoaktyorlik nima deb so‘rashsa, “bu – ko‘zlar jangidir” deb javob bergan bo‘lardim”, deydi Tohir Saidov. Shu kunlarda “Mendirman Jaloliddin” seriali haqida turli fikrlar quloqqa chalinayapti. Kimdir serialning o‘z vaqtida tasvirga olinganini uqtirmoqchi bo‘lsa, birov film sifatida juda jo‘n ishlanganini aytadi. Jaloliddin roliga turk aktyori taklif etilgani yaxshi albatta, lekin professional san’at vakillari ko‘zi bilan qaraganda, turk aktyori Emre Qiviljim ijrosi Jaloliddindan ancha uzoqligi sezilib qolmoqda. Javohir Zokirov, Rayhon Ulasinova, Ra’no Shodieva, Yulduz Rajabova kabi aktyorlarmiz ijrosi turk aktyorlarinikidan ancha ta’sirchanroq. Buning sababi nima? Negadir menga dunyo miqyosidagi turk aktyorlari berilgan rollarini qo‘l uchida o‘ynayotgandek tuyuldi. Men esa ushbu serialda Nizomulmulk rolini ijro etgan Tohir Saidovni savolga tuta boshlayman:
“San’atda ikkita yo‘nalish mavjud. Ko‘rgazma san’ati va kechinma san’ati deyiladi. Biz ko‘proq kechinma san’atiga urg‘u beramiz, chunki Stanislavskiy usulini bizga shunday o‘rgatishgan. Turk ijodkorlari esa ko‘proq ko‘rgazma san’ati texnikasini o‘zlashtirgan. Oradagi farq shunda.
Biz hissiyot va qalb bilan ijro etamiz. Turk aktyorlari esa namoyish etish san’atini ifolalashga harakat qilishadi. Tasvirga olish jarayonlari paytida bir necha oy Turkiya mehmonxonalarida yashadik. Kechki payt ish tugagandan so‘ng turk hamkasblarimiz ko‘pincha xonamizga shirinlik va sovg‘a-salom olib kelib, “sizlar qanday qilib yig‘la deganda yig‘lab, kul deganda birdaniga kulishni ko‘rsatib berayapsizlar? Texnikasi qanday, sirini tushuntiring” deb kelishardi. Bu Stanislavskiy sistemasining alifbosi ekanini, institutda shunday o‘qitilishini aytardik. Bu haqida soatlab suhbat qurgan kunlarimiz bo‘ldi. Masalan, kamera yonida rejissordan “yig‘la” degan buyruq kelganida hayotingdagi eng og‘ir damni eslaysan, yaqinlaringdan ajralgan kun bo‘lishi mumkin... Shunda bu dam u holatdagi iztirobingni yodga soladi. Yoki hayotingdagi eng quvonchli voqeani eslaysan. O‘z-o‘zidan yuzingda xursandchilik paydo bo‘ladi. Demak, yig‘i ham, kulgi ham o‘z-o‘zidan quyulib kelaveradi. Nega turkning ijrosida ko‘zlar jangi yo‘q deyapsiz. Shunchaki o‘zini namoyish etish boshqa, og‘riqni oltmish ming tomiringdan o‘tkazib olib, so‘ng ijro etish boshqa... Shuning uchun ham men turk aktyorlarini modellarga o‘xshataman. Qaddi-qomati kelishgan, yurishi badastir, chiroyli kiyimlar kiyib, xirom aylashni joyiga qo‘yishadi, lekin ko‘zida o‘sha voqealarga tegishli bo‘lgan nur, munosabat sezilmasa, bu ekranda aniq ko‘rinib qoladi.
Aktrisa Rayhon Ulasinova bir intervyusida turk aktyori Emre Qiviljim haqida gapirib, “Ana endi serialning ikkinchi bo‘limiga kelib, o‘zbekka o‘xshab o‘ynay boshladi” degandi. Bu to‘g‘ri fikr, balki ular bizdan, biz esa ulardan o‘rgangan jihatlarimiz ta’sir etgandir.
Bu serial haqida turli fikrlar aytilayotgan bo‘lsa ham turkiy dunyo uchun juda muvaffaqiyatli loyiha bo‘lganini vaqtlar o‘tib anglarmiz balki...”
* * *
Ko‘pincha san’atkorga bo‘layotgan jarayonlarga munosabat bildirib borish uchun ko‘p narsa xalaqit beradi. Qo‘rquv, iymanish, loqaydlik yoki tanish-bilishchilik... Shu sabab ham san’at ichida dardimiz, armonimiz ko‘p... Lekin hech narsaga qaramay o‘z fikrini dadil ayta oladigan aktyorlar borligi oz bo‘lsa-da ko‘ngilga taskin beradi... Tohir Saidov ana shunday kuyunchak aktyordir...
Shohsanam Xidirova yozib oldi.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023 yil 2-son.
“Teatr – yolg‘on san’atmi?” suhbati
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q