Ikkinchi kun
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tizimidagi xodimlar uchun mo‘ljallangan “Ma’rifiy targ‘ibot ishlari samarasi va ta’sirchanligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar” mavzusidagi o‘quv-seminarning ikkinchi kuni (18-iyul) ham o‘tdi. Shubhasiz, seminar ishtirokchilari uchun ikkinchi kun ham manfaatli bo‘ldi. Sekundomerni ishga tushiramiz va kun taassurotlarini sizlarga ham ilinamiz.
9.35
Bugun hamma deyarli bir xil ko‘rinishda. Seminar ishtirokchilari oromgoh amfiteatriga to‘planishgan. O‘quv seminarining rasmiy ochilishida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi shoʻba mudiri Abduhalil Mavrulov sohaning tarixi va bugungi kuniga xos haqiqatlar haqida gapirib o‘tishdi. Minhojiddin Hojimatovning fikrlari esa ko‘pchilikda shukrona hissiyotini uyg‘otdi:
– Shunday davrlar bo‘lganki, soha egalarining bir so‘m puli bo‘lmagan... Kerak bo‘lsa oyliksiz ishlaganmiz. Bugun esa unday emas... Bugun pulimiz ham bor, ruhimiz ham baland.
10.05
Seminar ishtirokchilari uchun kutilmagan jarayon boshlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri Mansur Bekmurodov hamda T.N.Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti boʻlim boshligʻi Muhammadjon Quronov “Sotsiologik soʻrovnomalar oʻtkazish, natijalarini olish va tahlil qilish texnologiyalari” xususida dars olib bordilar. Qizig‘i, mentorlar bu darsni debat tarzida birgalikda olib bordilar. Bir-birlarini to‘ldirishdi, bir-birlariga savollar berishdi, o‘rni kelsa bahslashishdi... Muhimi, dars jarayoni va turli qiziqarli fikrlar hammaga manzur bo‘ldi:
– Bir narsaga oʻxshatib boʻlmaydigan narsani tushuntirib boʻlmaydi!
– Odamlarni yomonlik osonroq birlashtiradi – agar ma’naviyat zaif bo‘lsa...
– Och odamga ma'naviyat kerak emas deyishadi... Lekin och odam kosadagi shoʻrva qayerdaligini bilishi kerak – buning uchun ham bilim ya’ni, ma'naviyat kerak bo‘ladi.
11.20
Viloyat mutaxassislari to‘rt guruhga ajralishgan. Har bir guruhda uzoq yillardan beri shu sohada faoliyat yuritayotgan rahbarlar tajribasi muhokama qilinyapti. Bu jarayon bo‘yicha Samarqand shahar bo‘linmasi rahbari Nigora Sadinova o‘z fikrini bildirdi:
– Bu seminar biz uchun haqiqiy muloqot maydoniga aylandi. Shaxsan menga ma’qul bo‘lgan eng muhim jarayonlardan biri sohadagi hamkasblarimiz tajribasi bilan tanishayapmiz. Albatta, bu tajribalarni biz o‘z faoliyatimizda qo‘llab ko‘ramiz.
13.02
Tushlik dasturxonida palov. Bugun seminar ishtirokchilari o‘zaro tanishishga ulgurgan. Dasturxon atrofidagi do‘stona hazillar va samimiy suhbatdan so‘ng hamma “ma’naviyatchilar” bir manzilda to‘planishdi.
13.32
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Qahramon Quronboyev seminar ishtirokchilari bilan dildan suhbatlashayapti. Suhbat avvalida ular tomonidan ikki taklif bildirildi.
Birinchi taklif, har bir tuman bo‘linmasining rahbarlari o‘quv seminarida o‘zlashtirgan bilimlarini o‘z hududlaridagi ta’lim muassasalari vakillari bilan bo‘lishishi kerak.
Ikkinchi taklif, bo‘linmalar bundan keyin har bir mahalla yetakchisi bilan hamkorlikda ishlaydi. Bu takliflar tizim xodimlari tomonidan iliq qabul qilindi.
Prezident maslahatchisi seminar ishtirokchilari zimmasiga yangidan yangi vazifalarni yuklar ekan, oromgohdagi kun tartibi bo‘yicha hazilomus fikrni ham o‘rtaga tashladi:
– Oromgohda yana uch kun bo‘lasiz. Mana shu uch kun davomida uxlamasangiz, bir yil mazza qilib ishlaysiz.
Suhbat davomida seminar ishtirokchilari ham soha rivojiga oid taklif va tavsiyalarini bildirib o‘tishdi.
15.15
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari Munira Qahhorovaning mashg‘ulotlariga start berildi. Avvaliga seminar ishtirokchilari jamiyat ijtimoiy ma’naviy muhitini baholash va uni sog‘lomlashtirish texnologiyasini ishlab chiqishga oid so‘rovnomani to‘ldirishdi. Bu jarayonda so‘rovnoma shakli va uning effektiv ta’siri xususida qo‘shimcha bilimlar berildi. Mentorimiz auditoriya tahlili xususida gapirar ekan, bugungi kun uchun og‘riqli bo‘lgan bir masalani o‘rtaga tashladi:
– Ijtimoiy tarmoqlardagi bema’ni va axloqsiz kontentlarga “layk” bosayotganlar asosan yoshlar. Mana kimlar bilan ishlash kerak!?
16.00
Biz seminar ishtirokchilarining fikrlarini o‘rganishga kirishdik. Navoiy viloyati Xatirchi tumani bo‘linmasi rahbari Zohidjon Ne’matov kun taassurotlari haqida gapirar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Qahramon Quronboyev bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni ijobiy baholadi:
– Bu suhbatdan keyin o‘zimizga ishonchimiz yanada ortdi, motivatsiya oldik, kelajak uchun mas’uliyat paydo bo‘ldi. Prezident maslahatchisi bilan bu qadar erkin muloqot bo‘ladi deb sira o‘ylamagandim...
16.10
“Targʻibotchining notiqlik mahorati va targʻibot jarayonida oʻzini tuta bilish qobiliyatini shakllantirish” mavzusida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozovning mashg‘uloti bo‘lib o‘tyapti. Notiqlikka oid qiziqarli ma’lumotlar va interaktiv keyslar seminar ishtirokchilarini xursand qilmoqda.
Buxoro viloyati Shofirkon tumani bo‘linmasi rahbari Dilorom G‘afforovaning fikriga ko‘ra, dars hamma uchun juda manfaatli bo‘ldi. Ayniqsa, ushbu fikr unga juda ma’qul bo‘libdi:
– Nutq orqali hatto yomonlik ulashuvchi negativ odamlarni ham o‘zgartirish mumkin.
17.40
Oromgohning hamma burchagida tizim xodimlarini ko‘ramiz. Xodimlar tasavvurida ma’naviyat tushunchasi yangilanmoqda. Bu borada Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Farg‘ona viloyati boʻlimi rahbari Ma’sudjon Sulaymonov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:
– “Ma’naviyat kerak emas” degan mazmundagi aqlga sig‘mas fikrlar quloqqa chalinadi, kimdir aytadiki, ma’naviyat yo‘q narsa, uni qo‘l bilan tutib bo‘lmaydi. Yana shunday odamlar borki, hamma ko‘ngilsizlikda ma’naviyatni aybdorga chiqaradi. Hamma o‘z bilganicha talqin qilmasligi uchun ham ma’naviyat tushunchasining mezonlarini ishlab chiqish kerak. Seminar orqali xulosa qilayapmanki, bu tushunchaning mohiyatini yanada aniqlashtirish lozim.
20.20
Oromgoh amfiteatrida 14 xil ovoz va talqindagi alla jarangladi. “Onam aytgan allalar” respublika tanlovi seminar ishtirokchilari uchun kutilmagan hodisa bo‘ldi. Beshiklarga qo‘shilib tebrangan milliy g‘urur va an’analar sabab vaqt o‘tib ketgani ham bilinmadi. O‘zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova boshchiligidagi hakamlar hay’ati baholariga ko‘ra qizg‘in tanlovning natijalari quyidagi ketma-ketlikni hosil qildi:
1-o‘rin – Farg‘ona viloyati;
2-o‘rin – Qoraqalpog‘iston Respublikasi;
3-o‘rin – Navoiy viloyati;
4-o‘rin – Surxondaryo viloyati;
5-o‘rin – Andijon viloyati.
21.20
Kechki ovqatdan so‘ng seminar ishtirokchilari faoliyatlariga oid taqdimotlar, maqolalar va dasturlar tayyorlash uchun yana bir manzilda to‘planishdi. Uyquga qadar har bir tizim xodimi vaqtdan unumli foydalandi. Shu tariqa manfaatli yana bir kun yakunlandi.
Yana ikki kun davomida bizni kuzatishingiz mumkin.
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q