Sekundomer: Bo‘stonliq tumani oʻquv seminarida oʻtayotgan muhim daqiqalar


Saqlash
19:28 / 18.07.2023 1455 0

 

                         Birinchi kun

 

Ayni damda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va hududiy bo‘lim hamda tuman-shahar bo‘linmalarining 250 nafar rahbar va xodimlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Yoshlar  oromgohi”da jamlanishgan. “Ma’rifiy targ‘ibot ishlari samarasi va ta’sirchanligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar” mavzusidagi o‘quv-seminarning birinchi kuni o‘tdi. Eng qizg‘in taassurotlarni sekundomerga joylashtiramiz. Qani, ketdik.

 

12.15

Hamma o‘z korpusiga joylashish bilan band. Qizig‘i, turli viloyatlardan kelgan “ma’naviyatchilar” orasida yuk sumkalardan tashqari kimdir gilam, kimdir beshik, kimdir ko‘rgazmali vositalarni ko‘tarib olgan. Seminar ishtirokchilari nafaqat o‘quv jarayonlariga, balki madaniy tadbirlarga ham jiddiy tayyorlanganini sezish mumkin.

 

 

13.20

Seminar ishtirokchilarini tushlik dasturxonida ko‘ramiz. Bu o‘quv seminari ilk marotaba o‘tkazilayotgani bois tizimdagilarning aksariyati bir-birini birinchi marotaba ko‘rib turibdi. Oshxonada suhbatlarning taxminiy mazmuni:

– Ha, siz o‘shami?

– Eslaysizmi, siz bilan telegram orqali gaplashgandik?

– Faoliyatingizni kuzataman, endi o‘zingizni ham ko‘rdim…

– Nuqul telefonda gaplashardik, mana nihoyat uchrashdik!

 

14.32

Hamma oromgohning amfiteatrida. Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatovning shaxsan o‘zlari o‘quv seminaridagi muhim qoidalar bilan tanishtirdi. Oʻzbekiston Respublika Prezidenti Administratsiyasi shoʻba mudiri Abduhalil Mavrulov esa kirish so‘zini davom ettirdi:

– Ochiq tabiat qo‘ynidagi bu o‘quv seminari ham yoqimli, ham foydali bo‘lishini xohlaymiz…

 

 

15.22

Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davron Maqsudov “Aholi, ayniqsa, yoshlarning yot gʻoyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olish va ularni bunday holatdan qutqarish texnologiyalari” mavzusida mashg‘ulot olib bormoqda. Mashg‘ulot davomida bugungi kundagi madaniy va diniy tahdidlar, ularning sabab hamda oqibatlari xususida fikr almashildi. Mentor bugungi kunning dolzarb va bahsli masalasi yuzasidan ham fikr bildirdi:

– Bitta nashid (diniy qo‘shiq) uchun qamaldi, degan turli talqindagi munosabatlarni hammamiz eshityapmiz. Lekin bu yerda e’tiborni qo‘shiq ma’nosiga qaratish lozim. Bir qarashda bezarar ko‘rinishi mumkin, lekin qo‘shiq orqali yot g‘oyalar targ‘ib qilingan. Orada “Juma muborak” mazmunidagi tabriklar taqiqlangani xususida ham turli masxaraomus fikrlar bildirildi. Masalan, yurtdoshlarimiz tomonidan qo‘llanilgan “Payshanba va shanba orasidagi kun muborak” degan iboralarni ham eshitdik. Bu yerda taqiq tabrikka emas, ba’zi tabriklar ostida ko‘tarilgan qora bayroq g‘oyalariga nisbatan edi. Adashtirish kerak emas.

 

 

16.08

Mediasavodxonlik boʻyicha mutaxassis Dilfuza Mirzahmedova Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi boʻlim boshligʻi Umarov Tohir yordamida o‘zining interaktiv mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda. Mashg‘ulot davomida qatnashuvchilar mediasavodxonlikka oid qiziqarli ma’lumotlar, tahlillar, mahalliy va xalqaro loyihalar bilan tanishdilar. Ayniqsa, sun’iy intellekt tizimiga oid eksperimentlar hamda Quiz testlari hammani birdek qiziqtirdi. Mashg‘ulotda Dilfuza tomonidan qiziq ma’lumotlar taqdim etildi:

– So‘nggi yillardagi tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, o‘zbeklar uchun ishonchli axborot resurslari reytingida birinchi o‘rinda qarindosh-urug‘ va tanish bilishlarning gap-so‘zi turar ekan...

 

 

17.18

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi boshligʻi Lola Saodatova “Hududiy Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yigʻilishlarini tashkil etish va uni rasmiylashtirish” mavzusida mashg‘ulot olib bormoqda. O‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashgan, jonkuyar mutaxassis kamtarlik qildi:

– Sizlarga aql o‘rgatmoqchi emasman, shunchaki tajribamni bo‘lishdim...

 

 

17.50

“Tuman/shaharlarda Ma’naviyat va ma’rifat maskani faoliyatini tashkil etish va uning natijadorligini oshirish” mavzusidagi mashg‘ulot Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Namangan viloyati boʻlimi boshligʻi Musaxon Appakov tomonidan olib borilyapti. Taqdimotdan ma’lum bo‘ldiki, viloyatdagi Ma’naviyat maskanlaridagi sharoitlar havas qiladigan darajada. Mentorimiz har bir sharoitni hozirlash jarayonlari bilan o‘rtoqlashdi.

 

18.05

Oxirgi mashg‘ulot Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Ellikqal’a tuman boʻlinmasi boshligʻi Aysha Matniyazova tomonidan olib borilmoqda. Seminar ishtirokchilari biroz charchagan bo‘lsa ham barcha mashg‘ulotlarda faol qatnashishdi. Ma’naviyat maskanlari mavzusida davom etayotgan mashg‘ulotda mentorimiz muhim masalani o‘rtaga tashladilar:

– Ma’naviyat maskanlariga yuridik maqom berish kerak. O‘z huquqlarimizga to‘laqonli ega bo‘lsak, yanada rivojlanamiz...

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov bu taklifni qo‘llab-quvvatladi. Shu o‘rinda hudud rahbarining “rahbarlik metodikasi”ni ijobiy baholadi:

“Ko‘rayapsizlar-a, gap orasida menga shart qo‘yayaptilar, mana rahbar qanday bo‘lishi kerak...”

 

20.02

“Zakovat” intellektual klubi a’zolari Jobir Ahmedov hamda Bobur Yoqubov tomonidan olib borilgan “Zakovat” intellektual oʻyinining qizg‘in bahslari nihoyasiga yetdi. Birinchilikni olgan Buxoro viloyati, ikkinchi o‘rindagi Namangan va Qashqadaryo viloyatlari, uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Toshkent shahri va “Markazdagilar” jamoalari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Kunning eng pozitiv va energiyaga boy voqeasidan so‘ng seminar ishtirokchilari kechki ovqatga kuzatildi.

 

 

21.15

Seminar ishtirokchilari bir-biri bilan yaqindan tanishmoqdalar. Kimdir madaniy konsert dasturida raqs tushayapti, kimdir dildan suhbatlashayapti, kimdir ertangi kun rejalari xususida bosh qotirayapti...

Xullas, yoqimli va foydali seminarning birinchi kuni mana shunday taassurotlar bilan yakunlandi.

 

Keyingi kunlarni ham kuzatib boring.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 25757
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//