
Qo‘rquv – odamning bo‘lajak xavfni bartaraf eta olmasligidan qayg‘urishi. Qo‘rquv ba’zan xavf haqida xabar bo‘lib, ba’zida oldindagi xatarni yengib o‘tishga kuch ham berishi mumkin. Boshqacharoq aytganda, qo‘rquv insonning tabiat, jamiyat, narsa va hodisalarni anglashda bilimsizligi hamda ojizligi belgilaridan hisoblanadi.
Islom dinida qo‘rquv masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Dinimiz ulamolari odamni gunohdan tiyib turuvchi eng muhim omil, shubhasizki, Allohdan qo‘rqish ekanini bot-bot takrorlaydi. Imom Abu Homid G‘azzoliy shunday degan: “Allohdan qo‘rqishning alomati yetti narsada namoyon bo‘ladi. Tilda: Allohdan qo‘rqqan odam tilini yolg‘on, g‘iybat, bo‘hton va bekorchi so‘zlarni aytishdan tiyadi. Qalbda: Allohdan qo‘rqqan kishi qalbida musulmon qardoshlariga dushmanlik his etmaydi. Ko‘zda: Allohdan qo‘qqan odam yeyish, ichish, kiyinish va boshqa ishlarda ham ko‘zini harom narsalardan saqlaydi. Me’dada: Allohdan qo‘rqqan odam harom luqma yemaydi. Qo‘lda: Allohdan qo‘rqqan inson qo‘lini haromga uzatmaydi, aksincha, Allohning rizosiga uyg‘un narsalarga uzatadi. Oyoqda: Allohdan qo‘rqqan odam isyon yo‘lida emas, Allohga itoat yo‘lida odimlaydi. Itoatda: Allohdan qo‘rqqan odam yolg‘iz Allohning rizosi uchun unga itoat etadi” (Abu Homid G‘azzoliy. “Mukoshafatul-qulub”. –Toshkent, 2014. 9-10-betlar).
Qo‘rquv inson ongli faoliyatining muhim jihatlaridan biridir. Allohning doimo yodimizda bo‘lishi, o‘z faoliyatimiz davomida bilib-bilmay qiladigan xatolarimiz, ayblarimiz, gunoh ishlarimizning oldini olish, barchamizni vijdon azobidan saqlab qolishga xizmat qiladigan tuyg‘u ham, shubhasiz, qo‘rquv hisoblanadi. Bekorga dono xalqimiz “Qo‘rqmagandan qo‘rq” demaydi.
Masalaning boshqa tomoni ham bor. Bu odamning odamdan qo‘rquvi. Inson har doim kimdandir, nimadandir qo‘rqib yashashi mumkinmi? Biz nima uchun qo‘rqib yashashimiz kerak?
Shu o‘rinda mustabid sho‘ro tuzumi davrida xalqimiz boshidan o‘tkazgan mash’um kunlarni eslab o‘tish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bugun sovet mustamlakachiligi sahifalarini varaqlab, o‘sha davrda tom ma’noda “qo‘rquv saltanati” hukm surgan ekan deyishimiz mumkin. Xo‘sh, bu saltanatning mazmuni nimadan iborat?
Bizning nazarimizda, “qo‘rquv saltanati”ning mohiyati butun sovet jamiyatining ijtimoiy qo‘rquv asosiga qurilganidir. Ilmiy jamoatchilik orasida, ayniqsa siyosatchilar tilida “ijtimoiy qo‘rquv” degan ibora uchrab turadi. Ijtimoiy qo‘rquv odatda u yoki bu jamiyatda aholining katta qismi shu jamiyat hukmron qatlamlari yuritayotgan siyosatga nisbatan muxolifatda turishi tufayli paydo bo‘ladigan norozilik kayfiyatidir.
Bunday kayfiyat esa har doim hukmron siyosiy kuchning jiddiy qarshiligiga uchraydi. Natijada aholining norozi qismi qattiq siquvga olinadi. Boshqacha aytganda shu xalq ustidan kuchli qatag‘on siyosati olib boriladi. Bunday hol esa butun jamiyatda hukmron siyosiy-mafkuraviy kuchdan qo‘rqish kayfiyatini, ya’ni ijtimoiy qo‘rquvni yuzaga keltiradi. Ijtimoiy qo‘rquv esa haq gapni aytishga yo‘l qo‘ymaydi.
Tarixda bunga misollar juda ko‘p. Odatda mustamlakachilar yuritgan siyosat albatta ijtimoiy qo‘rquvni yuzaga keltiradi. Bunga O‘zbekistonning mustabid sovet tuzumi davridagi tarixi yaqqol misol bo‘la oladi.
Xo‘sh, biz yaqin tarixda boshimizdan o‘tkazgan ijtimoiy qo‘rquvning asosiy ko‘rinishlari nimalarda namoyon bo‘lgan?
Birinchidan, xalqimiz, ayniqsa jadid bobolarimiz milliy davlatchilik asoslari yemirilayotganidan xavotirga tushdi. Vaholanki, o‘zbek davlatchiligi tarixi juda qadimiy bo‘lib, uch ming yillik ijtimoiy-siyosiy tajribaga ega edi. Sovet tuzumi ana shu ko‘hna tarixni soxta g‘oyalar bilan “asossiz” deb isbotlashga urindi.
O‘z vatani, millatining talanishiga chiday olmagan yurtdoshlarimiz qo‘liga qurol olib kurashga chiqdi. Birgina misol: 1918-yilning 18-fevralida Qo‘qon shahrining o‘zida qizil askarlarga erk berilishi tufayli 10 000 aholi o‘ldirildi. Qirg‘in shu bilan tugamadi. 1918-yilning birinchi yarmida Marg‘ilonda 7000, Namanganda 2000, Andijonda 6000, Bo‘zqo‘rg‘on va Qo‘qonqishloqda 4500 odam o‘ldirildi, jami 180 qishloqqa o‘t qo‘yildi. Bu esa, shubhasiz, xalq orasida “ijtimoiy qo‘rquv” kayfiyatini kuchaytirib yubordi.
Ikkinchidan, sovet mafkurasiga asosan olib borilgan qatag‘on siyosati tufayli O‘zbekiston jamiyati juda katta jabr ko‘rdi. Bu siyosat ziyolilarni qatag‘on qilish, millat ildizlarini boltalashga qaratilgandi. 1936-yilning oxiridan 1940-yilgacha respublika bo‘yicha 5758 nafar ziyoli: yozuvchilar, olimlar, rahbarlar, madaniyat va san’at arboblari qamoqqa olindi. Ularning 4811 nafari otib tashlandi. 1937–1939-yillarda jami 41 000 kishi qamaldi. Ularning 37 000 nafari ayovsiz jazolandi, 6920 tasi esa otildi. Bunday zulm siyosati keyinchalik ham sovet davlatchiligining barcha bosqichlarida turli ko‘rinishlarda davom etdi.
Uchinchidan, sovet davlati yuritgan ateistik siyosat xalqimiz orasida kuchli ijtimoiy qo‘rquvni shakllantirdi. Din ulamolari qamaldi, qatl etildi, ularga nisbatan olib borilgan qatag‘on siyosatidan odamlar yurak oldirib qo‘ydi. Asrlar davomida xalqimizni ma’naviyat, ma’rifat, tarbiyaga boshlagan masjid va madrasalar yopildi, yoqib yuborildi, omborxonaga aylantirildi. Islom dini afyun deb e’lon qilindi, yoshlar ongiga xudosizlik sharaf ekanligi haqidagi g‘oya singdirildi. Ko‘hna dunyo tarixida hech qachon bo‘lmagan holat: 1928-yildan eng chekka qishloqlardan tortib katta shaharlargacha – hamma joyda “Xudosizlar jamiyati” tashkil etildi. Bunday jamiyatlar odamlarning qalbini buzish, e’tiqodini vayron qilish bilan mashg‘ul bo‘ldi.
74 yil davom etgan sovet tuzumi davrida yurtimizdan jami 173 nafar vatandoshimizgina haj safarini ado etdi, xolos. Shu o‘rinda qiyos uchun ta’kidlash joizki, birgina 2022-yilning o‘zida 12 000 nafardan ortiq vatandoshimiz haj safarini ado etgan bo‘lsa, umraga borgan yurtdoshlarimizning soni 40 mingdan oshdi.
To‘rtinchidan, bu davr xalqimizni o‘z tarixi, ona tili, madaniyati, odatlari, ming yillar davomida shakllangan qadriyatlaridan begonalashtirish davri sifatida tarixda qoldi. Soxta “sovet madaniyati”, “shaklan milliy, mazmunan sotsialistik madaniyat”ni yaratish yo‘lidagi chiranishlar, til masalasida o‘tkazilgan makkorona tajribalar – bularning bari xalqimizning qo‘rquvdan iborat ijtimoiy kayfiyatini shakllantirdi.
Ayniqsa, bu davr ona tilimiz taqdirida eng og‘ir davr sifatida tarixga kirdi. Shu o‘rinda atigi ikkita misolni keltirish maqsadga muvofiq. 1989-yilgi ma’lumotga ko‘ra, respublikamiz aholisining 80 foizi o‘zbek bo‘lgani holda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston SSR davlat kutubxonasidagi barcha kitoblarning 9 foizigina o‘zbek tilida edi. 1980–1985-yillarda O‘zbekiston fanlar akademiyasi Tarix institutida yozilgan ilmiy asarlarning bor-yo‘g‘i 3 foizigina o‘zbek tilida nashr etilgan, xolos.
Yuqoridagi holatlar O‘zbekiston mustabid tuzumda haqiqatan ham ijtimoiy qo‘rquvda yashaganidan darak beradi. Mustamlakachilikning turli ko‘rinishlari xalqimizda avval hadikni yuzaga keltirgan bo‘lsa, keyinchalik bu holat ijtimoiy qo‘rquvga aylandi. Chunki bu davrda milliy taraqqiyot, o‘zlikni anglash bilan bog‘liq har qanday harakat cheklandi, millatchilik sifatida baholandi, qatag‘on qilindi.
Mustaqillik mamlakatimizni taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqdi, xalqimizning azaliy orzularini ro‘yobga chiqardi. O‘zbek millati ongida shakllanib qolgan ijtimoiy qo‘rquv hissi asta-sekin yo‘qola bordi. Bu jarayon 2016-yildan tezlashdi. Mamlakat rahbarining sa’y-harakatlari xalqimizning orzulari bilan uyg‘unlashdi.
Biroq, afsuski, mustabid tuzum oqibatlarini bartaraf etish qiyin bo‘lmoqda. O‘sha davrda shakllangan ijtimoiy qo‘rquv qon-qonimizga singib ketgan ekan. Ayrim fuqarolarimiz, ba’zi rahbarlarimizda hali ham saqlanib qolayotgan ijtimoiy qo‘rquvni bartaraf etish uchun bugun katta imkoniyatlar borligini unutib qo‘yayotganga o‘xshaymiz. Bu bugungi umumiy taraqqiyotimiz, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy ravnaqimizga xalaqit qilmoqda. Xo‘sh, bugun ana shunday shaxslar orasidagi ijtimoiy qo‘rquv nimalarda namoyon bo‘lmoqda? Keling, yaxshisi, o‘shalar haqida ayrim fikrlarimizni bayon etsak.
Birinchidan, bunday toifadagi odamlar, eng avvalo, o‘z erkinligini his qilmaydi. Ular har bir masalada o‘zidan yuqori turuvchi rahbarning fikri bilan ishlashga ko‘nikib qolgan. O‘zining fikriga ega bo‘lmaslik esa shaxsda haddan tashqari ehtiyotkorlikni yuzaga keltiradi. Bunday odam, ayniqsa amaldor “ortiqcha gap” aytishdan, xato qilib qo‘yishdan o‘lguday qo‘rqadi, shuning uchun har doim rahbarining og‘ziga qarab turadi.
Ikkinchidan, ijtimoiy qo‘rquv kayfiyatidagi ba’zi rahbarlarda eng muhim sifat – tashabbuskorlik yetishmaydi. Avvaldan belgilab qo‘yilgan qoidalar asosida ishlash, faqatgina qabul qilingan rejalarni bajarishga harakat qilish insonda, ayniqsa rahbarlarda tashabbusni bo‘g‘adi, uning erkin tafakkur qilishiga yo‘l qo‘ymaydi, pirovardida bunday holat ularni topshiriqni bajaruvchi “kichkina odam”ga aylantirib qo‘yadi.
Uchinchidan, ijtimoiy qo‘rquv insonda jur’atsizlikni yuzaga keltiradi. Jur’atsiz inson faqat bir narsani o‘ylaydi: “Bu ishim tufayli yutuqqa erisha olmasam nima bo‘ladi?”. Jur’atsiz odam, ayniqsa rahbar yutuqdan ko‘ra mag‘lubiyatni ko‘proq o‘ylaydi. Uning uchun ustuvor masala boshlagan ishining tirnoqcha bo‘lsa ham elga naf berishi emas, mag‘lubiyatga uchramaslik. Bunday kishilar har doim o‘ziga “suyanchiq” qidiradi, o‘z fikrini rahbarlarga tasdiqlatib olishga asosiy e’tiborni qaratadi.
To‘rtinchidan, bir ijtimoiy taraqqiyot bosqichidan boshqasiga o‘tilayotganda qo‘rqoqlar mamlakat va jamiyatga katta xavf soladi. Ular kimgadir yoqmaydigan gapni gapirib qo‘yishdan, xato fikr bildirib qo‘yishdan, xato yo‘lni tanlab qo‘yishdan qo‘rqib, haddan tashqari ehtiyotkor bo‘lib qoladi. Haddan tashqari ehtiyotkorlikning ziyoni ba’zan dushmannikidan ko‘p bo‘ladi.
Boshqacha aytganda bunday odamlarda urvoqcha ham jasorat topilmaydi.
Qadimiyatning daho mutafakkiri, ustozi avval Arastu “Qanday odamni jasur deyish mumkin?” degan savolga javoban “Jasoratni ne’mat va yaxshilik deb biluvchi odamlarning jasurligi haqiqiy jasurlikdir” deydi. Uning fikricha, bunday odamlar birov qarab turganida ham, hech kim yo‘qligida ham jasurlik qilaveradi. Ammo shunisi borki, ehtiros va intilishsiz jasorat bo‘lmaydi. Kimki yaxshilik uchun xatardan qo‘rqmay o‘zini shu xavfga ursa, ana shu odam jasurdir (Arastu. “Poetika. Axloqi kabir”. –Toshkent, 2004. 123-bet).
Beshinchidan, eskilikka yopishib qolgan, konservator odamlarda ham ijtimoiy qo‘rquv hissi kuchli bo‘ladi. Albatta, biz butun jamiyatdagi odamlarda konservatorlik kayfiyati butkul yo‘qolishini xohlamaymiz. Chunki sog‘lom konservatorlik ham biz uchun zarur. Masalan, tarbiya masalalarida, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash ma’nosida, madaniy merosimizga munosabat borasida biz uchun sog‘lom konservatorlik juda kerak.
Ammo bugun butun dunyo shiddat bilan rivojlanib, qadriyatlar ierarxiyasi mutlaqo o‘zgarib borayotgan, kechagi, nazarimizda o‘ta to‘g‘ri bo‘lgan xulosalar bugun hayotda o‘z tasdig‘ini topa olmayotgan bir paytda eskicha fikrlab, “ota-bobomiz shunday qilib kam bo‘lmadi-ku” deb o‘zimizdan qoniqib o‘tiradigan bo‘lsak, ko‘p narsani boy berib qo‘ymaymizmi?
Oltinchidan, qo‘rqoqlarda birovga tobelik hissi kuchli bo‘ladi. Chunki ularning irodasi bo‘sh. Ular ijtimoiy faol emas, ko‘pincha ishonchsizlik kayfiyatida yuradi, o‘zlariga e’tiborning kamligi tufayli o‘zini tahqirlangan sezadi. Bundaylarda o‘zini himoya qilish istagi sotqinlik va yuzsizlikning shakllanishiga ham olib keladi.
Yettinchidan, ijtimoiy qo‘rquv kasaliga duchor bo‘lganlarda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida hujumkorlikka qaraganda himoya pozitsiyasi doimo kuchlilik qiladi. Ma’lumki, insonning mohiyati uning doim olg‘a yurishida, oldidagi qiyinchiliklarni mardonavor yengib o‘tishida, faolligida ko‘rinadi. Himoya pozitsiyasi esa insonni harakatsizlikka undaydi. Bundaylar xato qilishdan qattiq qo‘rqadi, “och qornim, tinch qulog‘im” deb yashaydi.
Hujumkorlik pozitsiyasi esa insondan tavakkal qilishni ham talab qiladi. Bekorga xalqimiz “O‘ychining o‘yi bitguncha, tavakkalchining ishi bitadi” demaydi. Bu bilan hamma ishimiz tavakkalchilikka asoslanishi kerak demoqchi emasmiz. Hech shubhasiz, biror ishni ado etmoqchi bo‘lsak, yetti o‘lchab bir kesishimiz lozim. Biroq tavakkalchilik tufayli aql-u hushimizga birdaniga keladigan eng oson, eng to‘g‘ri, eng samarali yo‘llar ham hayotimizda ko‘p uchrashini unutmasak yaxshi bo‘lardi.
Muhimi, kimga va qanday tavakkal qilishni ham bilish zarur. Zero, muqaddas dinimizda ta’kidlangani kabi “Alloh tavakkal qiluvchilarni sevar”, “Kim Allohga tavakkal etib, suyansa, Alloh har qanday tanglik holida unga yetarli bo‘ladi, umid qilmagan joyidan unga rizq eshiklarini ochadi” (Abu Homid G‘azzoliy. “Mukoshafatul-qulub”. –Toshkent, 2014. 361-bet).
Yuqoridagilardan shunday xulosa qilish mumkinki, sovet davrida uzoq yillar bizni qattiq iskanjada ushlab turgan ijtimoiy qo‘rquv bugun ham xalqimiz ongi va tafakkuriga ta’sir ko‘rsatib turibdi. Biz oldin qayd etganimiz kabi bunday holat odamlarimiz, ayniqsa ba’zi rahbarlarimizda erkinlikning yo‘qolishiga, tashabbus va shijoatning kamayishiga, mustaqil fikrlashning cheklanishiga olib kelmoqda.
Ijtimoiy qo‘rquv jamiyat taraqqiyotini ortga suradi, odamlarda har narsadan hadiksirash kayfiyatini paydo qiladi. Buyuk vatandoshimiz Mahmud Zamaxshariy (1075–1144) bu borada shunday degan edi: “Qo‘rquvga mubtalo bo‘lgan kishi (oftob tig‘idan pana izlagani misoli) faqat qochishdan najot izlaydi”. Haqiqatan ham shunday. Bekorga xalqimiz “Qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinar” demagan.
Xo‘sh, bu borada endi nima qilish lozim? Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yurtimizda ochiq, demokratik davlat barpo etishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi, kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga o‘tishning asosiy yo‘llari barchamizga ma’lum. Qolaversa, har bir inson erkin faoliyat olib borishining huquqiy-me’yoriy poydevori yaratildi. Shaxs manfaatlari qonun asosida muhofaza qilinmoqda.
Agar biz bugun Allohning oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lsin desak, jamiyatni harakatga keltirib turgan qonun-qoidalarga qat’iy amal qilsak, ijtimoiy qo‘rquvdan qutulamiz. Buning natijasida o‘zimizda tashabbuskorlik, shijoat, ishonch, o‘z fikrga ega bo‘lish kabi barchamizni yangi manzillar sari yetaklaydigan sifatlarni shakllantira olamiz.
Abduxalil MAVRULOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 2-son.
“Ijtimoiy qo‘rquv nima?” maqolasi
Falsafa
Jarayon
San’at
Vatandosh
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q