G‘oyaviy tahdid: adoqsiz kurashlar


Saqlash
10:10 / 13.10.2021 2732 0

Jamiyat uchun uning a’zolarini muayyan maqsad-manfaatlar yo‘lida uyushtiruvchi, safarbar etuvchi g‘oya va ta’limotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Odamlar, ijtimoiy guruhlar, xalq, millat va elatlarning boshini boshiga qovushtirib, birlashtirib turadigan mafkuraviy ta’sir bo‘lmasa, parokandalik avj oladi. Milliy mafkura xalqni ezgu maqsadlar yo‘lida safarbar qiladi, mamlakat shu xil dastursiz o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni bajara olmaydi.

Bugungi kunda aksariyat rivojlangan davlatlarning mafkurasi umuminsoniy qadriyatlar va demokratik tamoyillarga asoslanadi. Ularda tinchlik va taraqqiyot, inson haq-huquqlari va erkinligi, milliy va diniy totuvlik g‘oyalari ustuvordir. Bunday ezgu tamoyillarga asoslangan ma’naviy dastur orzudagi yorug‘ kelajakka yetaklashi shubhasiz. Lekin, afsuski, hozirgi vaqtda dunyoning mafkuraviy manzarasida turli vositalar orqali ta’sir doirasini kengaytirishga intilayotgan tajovuzkor ruhdagi millatchilik, shovinizm, neofashizm, irqchilik, diniy ekstremizm kabi siyosiy kuchlar va oqimlar ham bor. Bunday g‘ayriinsoniy buzg‘unchi g‘oyalar so‘ngsiz kulfatlar keltirib, insoniyatning tinchligi, osoyishtaligini buzib, odamlar boshiga turli balolar yog‘dirmoqda.

“Bugungi tez o‘zgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi, buyuk imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularni ilgari ko‘rilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor qilmoqda. G‘arazli kuchlar sodda, g‘o‘r bolalarni o‘z ota-onasiga, o‘z yurtiga qarshi qayrab, ularning hayotiga, umriga zomin bo‘lmoqda. Bunday keskin va tahlikali sharoitda biz, ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-ko‘y bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirishimiz kerak. Bolalarimizni birovlarning qo‘liga berib qo‘ymasdan, ularni o‘zimiz tarbiyalashimiz lozim”, deb ta’kidlaydi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan marosimdagi ma’ruzasida.

O‘zbekistonimiz ijtimoiy hayotning barcha sohalari qatori, siyosiy va ma’naviy hayotda jamiyat barqarorligini ta’minlash uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Ijtimoiy-siyosiy sohadagi jamiyat barqarorligini ta’minlashning esa o‘z mezonlari mavjud. Bu borada xalqning turmush tajribasi, aholining milliy va madaniy an’analari, barcha ijtimoiy guruhlar va qatlamlarning manfaatlariga mos keladigan haqiqiy demokratik tamoyillarini qaror toptirmoq darkor. Xalq ham, bevosita, o‘z vakillari orqali davlat hokimiyatini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim;

Qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati vakolatlarini ajratish asosida milliy davlatchilikni barpo etish orqali jamiyatning siyosiy tizimi, davlat idoralarining tuzilmasini tubdan yaxshilash, respublika hokimiyati bilan mahalliy hokimiyatning vakolatlari va vazifalarini aniq belgilab qo‘yish, adolatli va insonparvar qonunchilikni vujudga keltirish – davr talabi. Kuchli ijroiya hokimiyati bo‘lmasa, hatto eng demokratik yo‘l bilan qabul qilingan qarorlar ham bajarilmay qolib ketishi mumkin. Bunda esa qonuniy qarorlarning ro‘yobga chiqarilishini, fuqarolarning huquq va erkinliklari himoya qilinishini, siyosiy va iqtisodiy islohotlar turmushga izchil tatbiq etilishini ta’minlaydigan prezidentlik hokimiyatini mustahkamlash va rivojlantirish lozim bo‘ladi.

Barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi va qonunning ustunligini, jamiyat manfaatlari himoya qilinishi va aholining xavfsizligini kafolatlaydigan huquqiy davlatni barpo etish zarur. Chunki qonuniylik va huquq-tartibot tantana qilmasa, shaxsning huquqlari va erkinliklari, qattiq intizom, ichki uyushqoqlik va mas’uliyat ustuvor bo‘lmasa, qonunlar va an’analar hurmat qilinmasa, huquqiy davlatni tasavvur etib bo‘lmaydi. Bir mafkura, bir dunyoqarashning yakka hokimligidan qat’iyan voz kechish, siyosiy tashkilotlar, mafkuralar va fikrlar xilma-xilligini tan olish ham muhim demokratik talab hisoblanadi.

Demokratiyaning muhim tamoyili sifatida ko‘ppartiyaviylikni shakllantirish zarur. Ayni vaqtda, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘ygan, respublikaning davlat mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi chiqadigan, milliy va diniy adovatni avj oldiradigan, konstitutsiyaviy tuzum, xalqning demokratik erkinliklari va ma’naviy negizlariga tajovuz qiladigan partiyalar va jamoat harakatlari qonun bilan taqiqlanadi.

Sir emas, odamlar orasida nifoq, xalqlar o‘rtasida nizo soladigan, jamiyatda adovat qo‘zg‘aydigan fikrlar buzg‘unchi g‘oyalar hisoblanadi. Bu boradagi g‘oyaviy tahdidlarni aniqlashda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan materiallar monitoringi muhim ahamiyat kasb etadi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ilmiy ekspertiza” bo‘limi mutaxassislari tomonidan profillar va ijtimoiy sahifalardagi postlar, izohlar tarkibi o‘rganilganda quyidagi holatlar aniqlandi: ijobiy mazmundagilar – 35; salbiy mazmundagilar – 57; betaraf – 8 foiz.

So‘kinish va haqorat mazmunidagi, ig‘vo, nizo tarqatuvchi sharhlar salmog‘i kattagina ekani Kishida xavotir uyg‘otmay qo‘ymaydi.

Instagram kanalidagi yosh blogerning davosiga qaraganda, o‘zbek qizlari Shimoliy Koreyaga falon ming dollarga sotilmoqda ekan. Ammo, u aniq statistika keltirmaydi. Ijtimoiy tarmoqda bunday asossiz malumotlarni tarqatishdan maqsad nima?! Odamlarni chalg‘itishmi? Yoki aholi o‘rtasida ishonchsizlik uyg‘otishmi?!

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarga ilm-u hunar o‘rgatadigan, yangi bilimlar beradigan sahifalar bilan bir qatorda davlatni obro‘sizlantirish, aholi o‘rtasida aqidaparastlik, millatchilik, separatizm va olomon kayfiyatini shakllantirish; tarixiy haqiqatni buzib ko‘rsatish; axborot xaosini yuzaga keltirishni maqsad qilgan guruhlar ham uchramoqda. Bundan tashqari, pornografik mazmundagi adabiyot va foto-video mahsulotlarni tarqatish holatlari kuzatilmoqda.

Insoniyat paydo bo‘lganidan buyon jamiyatning kelajagi ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalangan, mustaqil fikrlovchi shaxslarga bog‘liq bo‘lgan. Shunga ko‘ra, ma’naviyatga, axloqqa qarshi qaratilgan hamlalarni o‘z vaqtida aniqlash va ulardan himoyalanish muhim. Milliy-ma’naviy qadriyatlarga tayanmagan jamiyat ommaviy madaniyatlar ta’siriga tushib qoladi, bu esa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

E’tibor SULTONOVA,

siyosiy fanlar doktori, JIDU professori

Fozil SULTONOV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

mas’ul xodimi

 

"Tafakkur" jurnali, 2012-yil 3-son.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 551
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19400
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16618
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi