Oʻzbekiston tavalludining boshlanishi – Muhammad Shayboniyxon bizga o‘gaymi?


Saqlash
19:07 / 14.07.2023 1782 1

Mustaqillik yillari tarixnavislikda milliy qahramonlarni yuzaga chiqarish asnosida  “mafkura g‘alviri”ga ilinmay qolgan shaxslar sirasida Muhammad Shayboniyxon (1500–1510), Ubaydullaxon (1533–1540), Abdullaxon II (1556–1598), Imomqulixon (1611–1642), Amir Shohmurodni (1785–1800) sanash mumkin. Ilmiy jamoatchilik orasida tadqiqot mavzularini tanlashda davrlar kesimida mana shunday begonalashtirishga guvoh boʻlamiz. Oyina.uz mualliflari, yosh tadqiqotchilar Jahongir OSTONOV va Akbar IDIYEVning bu boradagi tahlillarini keltiramiz.

 

Sanalganlar orasida eng ziddiyatli shaxslardan biri Muhammad Shayboniyxon bo‘lib, sovet davri tadqiqotlarining aksarida uning Markaziy Osiyoda davlat barpo etishi ortidan tashqi dunyodan uzilish boshlandi, degan faraz koʻp tilga olinadi. Lekin bu qarash ancha haqiqatdan yiroq hisoblanib, Usmonlilar imperiyasi, Xitoy, Hindiston, Sibir va boshqa mintaqalar bilan doimiy diplomatik, savdo munosabatlari olib borilgan. Faqatgina diniy nizo tufayli Safaviylar imperiyasi bilan sovuq munosabatlar uzoq vaqt saqlanib qoldi. Natijada savdo yoʻli shimoliy hududga koʻchib, hajga ham Usmonlilar davlati orqali boriladigan boʻlgan.

 

Shayboniyxonning Markaziy Osiyo tarixidagi muhim xizmati shundaki, u oʻzigacha shakllangan forsiy tildagi hujjat almashinuv va ilmiy-adabiy til muhitini turkiylashtirishga katta hissa qoʻshgan. Bir qancha tarixchilar (Muhammad Solih, Roʻzbehxon Isfahoniy, Kamoliddin Binoiy, Mulla Shodiy)ga homiylik qilgan. Shu orqali Movarounnahrda turkiy tildagi asarlar soni ko‘payib borgan. Ushbu odat keyinchalik Xiva xonligida ham mavjud boʻlganini tarixchi Nuryogʻdi Toshev taʼkidlab oʻtadi.

 

Mahalliy adabiyotlarda Muhammad Shayboniyxon shaxsiyatiga munosabat

 

XX asrning birinchi yarmidan Oʻzbekiston hududida jahon ilm-fani talablariga mos koʻrinishdagi ilmiy adabiyotlar chop etila boshlandi, 1947-yilgi IV jildlik “Oʻzbekiston tarixi” asari ham shular jumlasidan. Mazkur manbaning 1967-yilgi nashri I jildi 516-sahifasida Shayboniyxon Sirdaryodan Markaziy Afgʻonistonga qadar boʻlgan hududlarda ulkan imperiya barpo etgani haqida soʻz boradi. Shuningdek, sulola boshqaruvi davrida mulkiy munosabatlar qayta shakllanib, harbiy yurishlar umumiy xarakterga ega boʻlmagani koʻrsatib oʻtilgan. Bu esa davlatning iqtisodiy salohiyati oshishiga, yirik amaldor va lashkarboshilarning uzoq muddat davomida xonga sodiq xizmat qilishiga sabab boʻldi. Tarixchi olim Baxtiyor Alimjonov e’tirof etganidek, “Shayboniyxon tomonidan yaratilgan tizim”ning asrlar bo‘yi saqlanishiga ham ushbu omillar taʼsir koʻrsatgan.

 

Sovet davrida (1974-yili) chop etilgan yirik fundamental asarlardan yana biri “Oʻzbekiston SSR tarixi” kitobida ham Muhammad Shayboniyxon shaxsiyatiga harbiy yurishlar doirasidagina toʻxtalib oʻtilgan. Umumiy xulosa sifatida “Oltin Oʻrdaning koʻchmanchi oʻzbeklari Temuriylar davlatini tugatdi. Mazkur turkiy tilli qabilalar mahalliy turkiy tilli xalq bilan assimilatsiya boʻldi”, deya fikr bildiriladi.

 

Umumiy olib qaralganda yuqoridagi adabiyotlarda asosan siyosiy tarixga oid masalalar yoritilgan boʻlib, tarixiy shaxslar, xususan, Shayboniyxon shaxsiyatiga eʼtibor qaratilmagan.

 

Mustaqillik yillari nashr etilgan koʻp jildli “Oʻzbekiston tarixi” monografiyasining XVI-XIX asr birinchi yarmiga bagʻishlangan qismi 25-sahifasida Muhammad Shayboniyxon Zahiriddin Muhammad Boburning siyosiy raqibi sifatida koʻrsatiladi. Bu esa bizda shakllangan “milliy qahramon”ning dushmani bizga ham “dushman” tamoyili tarixnavislikda ustun oʻringa egaligidan darak beradi. Aslida bunday qarash mustaqillik yillari shakllanib qolgan emas.

 

1958-yili akademik Ibrohim Moʻminov tashabbusi bilan Zahiriddin Muhammad Boburning 475 yilligi oʻtkazilishi, undan soʻng 1981-yili yozuvchi Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani chiqishi sovet boshqaruvi davrida mazkur shaxsga qarash birmuncha ijobiy xarakterga ega boʻlganidan darak beradi. Buning sababi XX asr 50-yillarida mustaqil Hindiston davlatining vujudga kelishi va uning dekolonizatsiya jarayonida SSSR katta qiziqish bilan ishtirok etishiga ham bogʻliq.

 

Shayboniylar misolida ilmiy izlanishlar XX asr 50-yillarida keng quloch yozgan. Xususan, A.Semyonov: “Shayboniyxon eroniylar va turkiylarni millatiga koʻra ajratmagan, balki islom paygʻambari Muhammadning “Barcha musulmonlar birodardir” hadisiga amal qilgan”, degan fikrni bildirgan. Bu uning oʻz davri uchun tolerantlik ruhiyatini shakllantirganidan darakdir.

 

Mustaqillik yillarida Shayboniylar mavzusini ommalashtirish borasida R.G.Mukminova va uning izdoshlari, shuningdek, G.Agzamova, A.Zamonov, Z.Muqimov, B.Olimjonov, E.Asanov kabi olimlar saʼy-harakat qilmoqda. Ayni vaqtda Shayboniyxonni Boburiylarga qarshi qoʻyish tendensiyasiga barham berish zarurligi ham tez-tez turli minbarlarda yangramoqda [1, 2, 3]. Ammo mazkur tashviqotlar Shayboniyxon va u yaratgan davlat vakillariga nisbatan siyosat darajasida eʼtibor qaratilishiga sabab boʻla olmayapti.

 

Xorijda Shayboniyxon shaxsiyatiga munosabat

 

Shayboniyxon bunyod etgan davlat geografik koʻlami jihatidan ulkan edi va mintaqada yangi vujudga kelayotgan imperiyalar bilan bir vaqtda shakllana borgan. Ushbu jarayonlar keng miqyosdagi diplomatik aloqalar oʻrnatishga sabab boʻldi. Shu bois ayni mavzuga qiziqish jahonda ham yuqori. Xususan, Arminiy Vamberining “Buxoro yoki Movarounnahr tarixi” asarida Shayboniyxonning Movarounnahrga kelishi quyidagicha izohlangan: “Temuriy sulolasining yulduzi soʻnayotgandi va 19 yoshli Bobur Mirzo uni toʻxtatishga qodir emasdi. Chingizxon avlodi, Joʻji ulusi [Oltin Oʻrda] vakili Shayboniy Muhammadxon temuriylarning oʻzaro urushi alanga olayotgan va bosib olish uchun qulay fursat yuzaga kelayotgan lahzada koʻp sonli oʻzbek otliq askarlari sharofati bilan allaqachon Movarounnahrning muhim nuqtalarini amalda egallab bo‘lgandi. Bu omadli jangchi Temuriylar hukmronligiga nuqta qoʻydi”.

 

Markaziy Osiyo tarixi bilan shugʻullanuvchi mashhur tarixchi Edvard Ollvort “Zamonaviy oʻzbeklar madaniyat tarixi: XIV asrdan hozirgi kungacha” asarida Shayboniyxonni katta maqsadga ega inson sifatida tasvirlaydi. Bunga asos sifatida uning 1475-yili Usmonli turk sultonligidan olingan “Iskandarnoma” bilan tanishgani koʻrsatiladi. U faoliyatida islomni asos qilib, oʻziga “Imom uz-zamon”, “Xalifat ur-rahmon” nisbalarini olgan. Bu boradagi fikrlarni Bodrogligetining tadqiqoti ham tasdiqlaydi. Unga koʻra, Shayboniyxon falsafiy va diniy ilmlarni chuqur egallagan va bu mavzuga oid “Bahr ul-xudo” asarini yozgan.

 

Qoʻshni Qozogʻistonda ham Oʻzbekistondagi kabi holat saqlanib kelayotgan boʻlsa-da, baʼzi oʻrinlarda Shayboniyxon personajiga birmuncha iliq munosabat bildirilayotganini koʻramiz. Xususan, 2022-yili premyerasi oʻtkazilgan “Ұлы дала таны” (Ulugʻ dashtning gullashi) filmida u koʻrkam va jasur sarkarda sifatida gavdalantirilgan. Tarixchi Jaxsilik Sabitov film taqdimotidan soʻng feysbuk sahifasida bu haqdagi mulohazalarini bildirib oʻtdi. Lekin umuman olganda hozirgi kunga qadar qozoq tarixnavisligida Shayboniylarni (xususan, Shayboniyxonni ham) qozoq xonligi yuksalishiga toʻsiq boʻlgan va milliy identiklik shakllanishini kechiktirgan siyosiy raqobatchi sifatida gavdalantirish ustun sanaladi. Bu holat ayni damda Qozogʻistonda “Joʻjishunoslik” va bu ulusga qozoq davlatchiligi asosi sifatida qarash ustun boʻlib turgan vaqtda kuzatilayotgani achinarli.

 

Tojik tarixnavisligida Shayboniylarning Markaziy Osiyoga kirib kelishi “bosqinchilik” sifatida talqin qilinadi. (Камолов Хамзахон Шарифович. История вторжения кочевых племен Дашт-и Кипчака в Среднюю Азию (XVI в.): диссертация ... доктора исторических наук : 07.00.02 / Камолов Хамзахон Шарифович; [Место защиты: Ин-т истории, археологии и этнографии им. Ахмади Дониша АН Респ. Таджикистан]. – Душанбе, 2007. – 324 с.).

 

Hokimiyatning legitimligi masalasi

 

Muhammad Shayboniyxon Movarounnahr va Temuriylar boshqargan hududlarga daʼvo qilishi uchun bir qancha sabablarni tahlil etishga harakat qilamiz:

 

1. Movarounnahrga xos boʻlgan legitimlikdagi eng muhim asos Chingiziy xonadonga toʻgʻridan-toʻgʻri aʼzolik;

 

2. Chingizxon tomonidan davlat uluslarga boʻlinishi vaqtida Xorazm Joʻji ulusi tarkibida ekanligi (Shayboniyxon ham Joʻji naslidan sanaladi) va bu boradagi dastlabki tajriba Abulxayrxon tomonidan 1431, 1435-yillarda amalga oshirilgan;

 

3. Bobosi Abulxayrxonning oʻrniga kelgan Muhammad Shayboniyxon: “Temurbek avlodlaridan baʼzi mulklarni tortib olgan boʻlsak ham, mulkparastlik va kichik mamlakatlarga qanoat qilmasligimizdan emas, balki taqdir hukmiga koʻra shunday boʻldi. Qazo merosiy mulkni (Abulxayrxon egallagan yerlar) yana bizning qoʻlimizga va ixtiyorimizga qaytishini taqozo etadi”, deb hisoblardi va buni u Xurosonga yurish oldidan yozgan maktubida ham eslatib oʻtadi.

 

Muhammad Shayboniyxon shaxsiyatiga nisbatan stereotip qarashlar isloh qilinishi kerak. U biz uchun o‘gay emas. Fransiyalik tarixchi Rene Grusse Shayboniyxonning Movarounnahrni egallashini Oʻzbekiston tavalludining boshlanishi deb hisoblaydi. Shu jihatdan ham mamlakat tarixida Shayboniyxon oʻziga mos joyni egallashi kerak.

 

Jahongir OSTONOV,

Akbar IDIYEV,

OʻzRFA Sharqshunoslik instituti tayanch doktorantlari.

Oyina.uz

1 Izoh

Saidvaliyev Mironshoh

00:07 / 15.07.2023

Assalomu alaykum maqola yaxshi chiqibdi,ammo menda savol tugʻuladi: Biz SHayboniyxonni oʻzbek deyishimiz mumkinmi? Chingiz naslidan(moʻgʻul merkit urugʻi)boʻlishiga qaramay.Chunki bobosi Abulxayrxonham Shayboniyxonham dashti qipchoq Oʻzbek qabilalari sardori hisoblangan.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19353
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16484
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi