Bir asar tarixi
O‘zbek kinosi og‘ir ijtimoiy-siyosiy muhitda shakllandi. Ilk kino tomoshasi bo‘lib o‘tgan (1897) vaqtdan bugungi kungacha davr oralig‘idagi eng murakkab, ziddiyatli, ayni paytda ijodiy jihatdan eng qizg‘in palla o‘zbek kinosining ovozsiz davri – 1925-1937 yillarga to‘g‘ri keladi. Bu davr bir tomondan yangi badiiy ijod turi Turkiston o‘lkasida paydo bo‘lib shakllanayotgan va sho‘ro hokimiyati tetapoya qilayotgan davr bo‘lsa, ikkinchi tomondan yangi hokimiyat teatr, kino va adabiyot ahlidan o‘z siyosatini targ‘ib etishni talab etgan, boshqa tarafdan esa xalq kim haqu, kim nohaqligini anglamagani ortidan xo‘lu quruq barobar yongan bir davr edi.
Aslida, “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Kecha va kunduz” kabi asarlarda hayotning real ko‘rinishi bo‘rttirilmay, badiiy mahorat bilan ifodalangani, asardagi voqe’lik haqiqatga zid emasligi bugungi tadqiqotlar oyinasida yanada yorqinroq ko‘rinmoqda. Sho‘rolar siyosati “sotsialistik realizm” metodini san’at va madaniyat xodimlariga dasturilamal sifatida belgilab bergani, shu bois muammolar va ularni bartaraf etishga bo‘lgan harakat ham bir tomonlama yoritilganligi, bu yo‘ldan yurmagan ijodkorlar esa ijtimoiy-siyosiy maydondan yo‘qotilganligini bugun qayta-qayta ta’kidlash o‘rinsiz.
Biz esa bugungi kun cho‘qqisidan o‘tmishga bir tomonlama nazar tashlashdan, badiiy asarlardagi tarixiy haqiqat va badiiy to‘qima orasidagi nozik chegarani buzib talqin etishdan cho‘chiymiz. Zotan, mafkuraviy bosim bo‘lishiga qaramay, XX asrning 20-30 yillarida san’atning barcha talablariga javob beruvchi, binobarin, reallik badiiy mahorat bilan, haqiqatga xos ravishda aks ettirilgan asarlar ham bor edi. “Bir asar tarixi rukni”da ana shunday, real hayotdan uzoq bo‘lmagan “Avliyo qizi” filmi haqida so‘z yuritamiz.
“Avliyo qizi” (“Дочь святого” Drama, 1931. O‘zbekdavkino)
Ssenariy muallifi – M.Ruderman. Rejissyor – O.Frelix. Rollarda: S.Xo‘jaev, R.To‘raxo‘jaev, I.Miryusupov, L.Jalilova, Z.Shukurova.
Filmda farzandsizlikdan davo istab Abdunabi eshonning huzuriga kelgan ikki yosh er-xotinning taqdiri yoritiladi. Behisob muridlari bilan shifo istab kelganlar orasida Xakimjonning rafiqasi Zulfiyaga ko‘zi tushgan eshon, hufya muridlari orqali uni o‘z huzuriga chorlaydi. Ammo, Xakimjon eshonning yovuz niyatda rafiqasini ichkariga chaqirtirganini oradan 15 yil o‘tib, yolg‘iz farzandi balog‘atga yetganidagina biladi. Abdunabi eshon Xakimjonning yolg‘iz qizini (aslida o‘z qizi) xotinlikka so‘rab sovchi qo‘ygach, qizning otasi Hakimjon emas, eshon ekanligini Zulfiya ko‘pchilik oldida aytishga majbur bo‘ladi...
Bu kinosyujetning ssenariy muallifi M. Ruderman garchi mahalliy millatga mansub bo‘lmasa-da, Turkiston xalqining tarixi bilan bog‘liq hodisani ssenariyga asos qilib olgandek, tasavvur uyg‘onadi. Ma’lumki, xalq og‘zaki dramaturgiyasida, xususan masxarabozlar komedik tomoshalarida mutaassib kimsalarning sodda aholini aldab kelishi masxaraboz va qiziqchilar tomonidan uzoq muddat muqallid etib kelingan.
“Avliyo qizi” filmida keltirilgan voqeaga o‘xshash muqallidlik tomoshasi ham Qo‘qon xoni Xudoyorxon davrida mashhur qiziqchi Zokir gov truppasida o‘ynalgani haqida ma’lumotlar bor. Manbalarga ko‘ra Qo‘qon xonlari Muhammad Alixon (Ma’dalixon – Nodiraning Buxoro amiri Nasrulloxon tomonidan qatl etilgan o‘g‘li) va Xudoyorxon davrida saroyning yetakchi ayonlaridan bo‘lgan Miyon Buzruk eshon bilan shunga o‘xshash voqea sodir bo‘lgan.
Xudoyorxon davrida Miyon Buzruk eshonning nufuzi juda baland bo‘lib, bunga sabab u Buxoro amirining e’tiborini qozongan eshonlardan edi. (Ma’lumotlarga ko‘ra, Nasrulloxonning Qo‘qonga bostirib kelishida Miyon buzruk eshonning ta’siri katta bo‘lgan.) Bir kun Chimkentga borgan eshonning huzuriga bir necha ayollar ziyoratga keladilar. Ular orasida chimkentlik xon amaldorlaridan Aliboyning Zulayho ismli go‘zal rafiqasi ham farzand umidida shifo istab borgan bo‘ladi. Miyon Buzruk eshon yosh ayolni aldab, tunda farishta qiyofasida Zulayhoning yoniga kiradi. Eshonning bu ahloqsizligi Xudoyorxonning hufyalari tomonidan aniqlangach, xon saroyida “Avliyo” nomi bilan tomosha ko‘rsatilgan va gunohkor hibsga olingan.
Bu voqea xalq orasida juda keng tarqalganidanmi, yohud shunga o‘xshash hodisalar tez-tez uchrab turganidanmi, har holda xalq og‘zaki ijodi namunalarida, qo‘g‘irchoqbozlarning qo‘g‘irchoq o‘yinlari repertuarida va keyinroq, jadid dramaturgiyasida ham mazkur mavzuga murojaat etilganligini ko‘ramiz. Xususan, teatrshunos olim M. Rahmonovning “O‘zbek teatri tarixi” kitobida saroy ayonlaridan bo‘lgan yoki xon tomonidan e’zozlangan ba’zi dindorlarning xalqni turli yo‘llar bilan aldab kelgani, o‘z nufuzidan foydalanib, Miyon Buzruk eshon kabi adabsizliklar qilgani va bunday hayotiy haqiqatlar qiziqchilar tomonidan kichik-kichik lavhalar ko‘rinishida xalq va saroy kishilari oldida ijro etib kelingani xususida faktlarga asoslangan ma’lumotlar bor. Ko‘rinadiki, sho‘ro hokimiyati davrida aksar ruhoniylar obrazi badiiy ijodning turli ko‘rinishlarida qora rangda aks etganini faqat siyosiy mafkura bilan bog‘layverish bugungi kunda ham haqiqatning buzib talqin etilishiga olib kelishi mumkin.
Fitrat, Cho‘lpon, H.H.Niyoziyning ijodiy namunalarida ham so‘z yuritilayotgan syujetga xos asarlar bisyor. Xususan, Fitratning “Qiyshiq eshon” hikoyasi, “Ro‘zalar”, “Arslon” dramalari, Cho‘lponning “Qor qo‘ynida lola” hikoyasi va H.H.Niyoziyning deyarli barcha dramatik asarlarida mazkur mavzuning turlicha badiiy talqinlarini ko‘rish mumkin. E’tiborga molik tarafi shundaki, bu adiblar sho‘ro hokimiyatining mafkuraviy bosimi ostida emas, o‘z zamonasining mavjud illatlariga qarshi badiiy isyon darajasida haqiqatga asoslangan voqealarni qalamga olganlar.
“Avliyo qizi” filmi markazida turgan Abdunabi eshon obrazini aktyor (keyinchalik, ssenariynavis va rejissyor) Sulaymon Xo‘jaev ijro etgan. O‘ziga xos yuksak aktyorlik iqtidorini namoyon etgan Sulaymon Xo‘jaev eshon obrazida ulug‘vor qiyofasi, ayyorona, burgut ko‘zidek o‘tkir nigohi bilan o‘ljasini ovlash harakatida bo‘lgan yirtqichni eslatadi. Eshon huzuriga kelgan ziyoratchilar uning qo‘llarini o‘padilar, oyoqlariga yiqilib, go‘yo unga sig‘inadilar. Bunday holatda uning o‘ljasiga aylangan Zulfiyaning dardini birov tinglamasligi tomoshabin uchun ochiq ayon bo‘ladi. Albatta, oradan chorak asr vaqt o‘tgach, Zulfiya baribir, sirni oshkor etishga majbur bo‘ladi. Bu orada uning qizi Oynisa shaharga ketib, fabrikaga ishga kirgan, o‘z huquqini anglash darajasiga yetgan, yosh sho‘ro hokimiyatining panohida bo‘lgan xotin-qizlar qatoriga qo‘shiladi.
Film ovozsiz davrda yaratilgani uchun ham yirik plandagi aktyorlarning yuz ifodalari, ko‘z qarashlari katta dramaturgik yukka ega. Shu bilan birga hali san’at sifatida to‘liq tan olinmagan kinoning imkoniyatlari kundan kunga kashf etilayotgan, montajning yangi-yangi usullari topilayotgan bir vaqtda suratga olingan bu film davrimizning yosh, havaskor kinoijodkorlariga katta badiiy mahorat darsi o‘rnida o‘rganilishi mumkin. Misol uchun, parallel montaj yordamida yaratilgan Abdunabi eshonning honaqohidagi sirli vaziyat bilan tashqaridagi zikr sahnasi yaxlit epizod ko‘rinishida sodir bo‘layotgan jinoyatning tempo-ritmini ovozsiz kadrlarda ifodalay olgan. Umuman, kinoning ovozsiz davrida har bir yaratilgan kinoasardan yangi topilmalar kutilar edi. O‘zbek kinosining ovozsiz davrida esa sho‘ro hokimiyati sarflangan har bir chaqaning ham hisobini so‘rar, yangi film ham mafkuraviy talablarga javob berishi, ham badiiy jihatdan yuksak bo‘lishi shart edi. (Bu shartlarga javob bermagan filmlar ham ko‘p bo‘lgan. Bu keyingi mavzular doirasida yoritiladi) “Avliyo qizi” filmidagi syujet yo‘nalishi esa sof kinematografik dramaturgiya qurilishi va “mafkuraviy” (mavjud tuzum siyosatiga mos) g‘oyaviy yechimning to‘laqonli yoritilishi bilan ahamiyatlidir.
Filmning syujeti o‘sha paytda, nisbatan katta tajribaga ega xorijlik ssenariynavis va rejissyorlar tomonidan suratga olingan. Biroq, mahalliy aholining turmush tarzi, o‘zbeklarning o‘ziga xos fe’l-atvori, va umuman, ommaning eshon, mullalarga avliyodek munosabatda bo‘lishlari to‘g‘risida yerlik kinochilar qatorida, aktyor Sulaymon Xo‘jaev ham maslahatchi bo‘lganmikin, degan taxminimiz bor. Chunki, Sulaymon Xo‘jaev Toshkentda diniy ta’lim olganligidan tashqari, Moskva oliy kinematografiya kursida ham tahsil olgan (1927 – 1930 y.y.) birinchi o‘zbek kinorejissyorlaridan biridir. Ayni film suratga olingan kezlarda u o‘zining “Tong oldidan” mualliflik filmiga materiallar yig‘ib yurgan vaqti edi. Oradan ko‘p o‘tmay u “Tong oldidan” filmini suratga oladi, lekin filmning premerasi o‘tkazilmay, muallifi qatag‘onga uchraydi.
Hozirda O‘zbekiston kino san’ati muzeyi arxivida saqlanayotgan o‘zbek ovozsiz filmlari qatorida “Avliyo qizi” kinolentasi ham bor. Ovozsiz filmlar suratga olingan davrning ijtimoiy-siyosiy muhiti va o‘sha davrdagi kinoga bo‘lgan talab va ijodkorlar haqida ma’lum tushunchaga ega bo‘lmay turib, bu davr filmlarini dabdurustdan ko‘rgan tomoshabin ko‘plab savollar girdobida qolishi mumkin. Zotan, bizning bugungi zamonamizdagi diniy bilim va dunyoqarash bilan XX asrdagi diniy tushunchalar orasida tafovut katta. Shu bois ham, kelgusida kino san’ati mavzusi doirasida o‘zbek kino san’atining shakllanishi, rivojlanishi va dunyoga chiqishi bosqichlarini yoritib borishni niyat qildik.
Shohida ESHONBOBOYEVA.
Oyina.uz
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Feruz
04:08 / 08.08.2023
Maqolalani oʻqib juda foydali maʼlumotlarni bilib oldim.Manga eng maqbul boʻlgani tilimiz qoidalariga amal qilib yozilgani va chet tillaridan kelib kelgan soʻzlar oʻrnida oʻzimizning tilimizdagi adabiy soʻzlar qoʻllangan.