“Dunyo keskin o‘zgarayapti. Bolalarim taqdiridan qattiq tashvishdaman” – kimsasiz Himolay cho‘qqisidagi xavotirlar


Saqlash
15:07 / 13.07.2023 1041 0

Surxondaryoda yurganimizda bir to‘yga kirib qoldik. To‘yning avj pallasiga borib qolibmiz. Davradagi devday bir mast odam o‘rtada qo‘shiq aytayotgan bechora xonandaga nuqul

 

“To‘ylar muborak, ey yori jonim,

To‘yona bo‘lsin tan birla jonim”

 

degan qo‘shiqni aytasan, aytganda ham faqat shu ikki qatorini aytasan” deb majburlar edi. Xonanda ham nima qilsin, ne bo‘lsa bo‘lsin, baloga qolmay deb qo‘shiqning shu joyini qayta-qayta aytib turar edi. Har qo‘shiq aytilganda mast dev o‘ng qo‘lini ko‘tarib bir muqom qilib, to‘ygan xo‘rozday qichqirib qo‘yardi.

 

Mahalla oqsoqoli ziyoli odam ekan, hazillashib bizga shunday deb qoldi: “O‘zi bu surbet qishloqdagi hamma to‘yga boradi, hamma to‘yda shu “To‘yona bo‘lsin tan birla jonim” degan qo‘shiqni qayta-qayta ayttiradi, lekin hech bir to‘yda to‘y egasiga bir so‘m ham to‘yona qilmaydi. Bu nodonga “Sening taning bilan joningning birovga keragi yo‘q, o‘liging ham, tiriging ham bir balo, undan ko‘ra o‘n ming so‘m to‘yona qil, nomard!” deydigan odam yo‘q”.

 

Ba’zan vatan va vatanparvarlik haqida davralarda balandparvoz, soxta gaplarni to‘tiqushday qaytarayotgan ayrim kimsalarni ko‘rganimda, birovning to‘yiga borib, bir so‘m to‘yona qilmaydigan, lekin yeb-ichib, mast bo‘lib, tan bilan jonni to‘yona qilish haqidagi qo‘shiqni qayta-qayta ayttirib, hammani bezor qiladigan o‘sha odam esimga tushadi. Vatan haqida gapirganda hayo va andisha zarur. Vatan bizning maqtovimizga ham, olqishlarimizga ham zor emas, unga mehrimizning o‘zi yetadi. E’tiqod bilan bog‘liq katta tuyg‘ular haqida gapirganda qanchalar ehtiyot bo‘lamiz, birdan hushyor tortib, o‘ylab gapiramiz. Vatan haqida so‘z ketganda ham eng muqaddas narsa haqida gapirayotganday vijdonga suyanib so‘zlash kerak. Bo‘lmasa, jim turgan ma’qul.

 

Dunyo o‘zgarayapti. Qadriyatlarga, elga, yurtga munosabatlar ham shiddat bilan o‘zgarib borayapti. Ilgarilari odamlar “kindik qonim to‘kilgan tuproq”, “ota-bobolarimning xoki yotgan yer”, “ko‘z ochib ko‘rganim”, “so‘ng manzilim” kabi iboralarni boshqacha aytishgan, muhimi, boshqacha anglashgan. Bugungilar uchun bu gaplar qanday qimmatga ega, buni ularning o‘zlari biladi. Hayotda o‘zgarmasligi kerak bo‘lgan azaliy tutumlar ham bor-ku desangiz, bir zumda konservatorga chiqasiz-qo‘yasiz. Lekin har qanday o‘zgarishning zimnida xalq ming yillar mobaynida shakllantirgan asl mohiyat yotishi kerak.

 

Yaqinda “Bi-bi-si”ning bir filmini ko‘rdim. Bu film sivilizatsiyadan yiroq Himolay tog‘i cho‘qqilarida yuradigan ko‘chmanchilar hayoti haqida. Kimsasiz tog‘larda, televizor, internet, telefon yo‘q joylarda yashaydigan Karma degan odam “Dunyo keskin o‘zgarayapti. Shuning uchun men bolalarimning taqdiridan qattiq tashvishdaman” deb xavotirini bildirdi. Kimsasiz Himolay cho‘qqilarida yurgan odam shunday desa, ulkan shahardagi odam nima desin?

 

Bugungi dunyo haqida o‘ylaganingda ajab bir holga tushasan. Ajabligi shundaki, bunday aqlli dunyoni tarix ko‘rmagan, shuning barobarida, bunday nodon dunyoni ham hali tarix ko‘rmagan. Bu dunyoda Yerdan bir necha ming yorug‘lik yili uzoqligida joylashgan yulduzning og‘irligini kimlardir bir xonada o‘tirib aniqlab berayapti. Yana shu dunyoda, Kaliforniyada shifokorlar endi ota-onaning roziligisiz bolaning jinsini o‘zgartirish operatsiyasini o‘tkazishi mumkin deyapti AQSh kongressi a’zosi. Bu donolik va ahmoqlikning gibridi emasmi? Bashariyat tarixida hali donolik va ahmoqlikning nikohi qayd etilmagan edi-ku. Insoniyat daholarining hammasi nodonlikni, ahmoqlikni qattiq qoralagan. Iso payg‘ambar “O‘likni tiriltirishga kuchim yetdi, ammo ahmoqni tuzatishga kuchim yetmadi” degan.  Mirzo Bedil “Nodon bilan bir soat suhbatda bo‘lgandan ko‘ra yuz yil zindonda o‘tirgan yaxshi” deydi. Gyote “Faol nodonlikdan ko‘ra qo‘rqinchliroq narsa yo‘q. Juda ustalik bilan tasvirlansa-da, bema’nilik avval taajjub, keyin nafrat uyg‘otadi” degan. Bu gaplar ming yillar oldin aytilgan bo‘lsa-da, aslida bugungi zamonning gapi.

 

Odamlarni ahmoq qilish oson. Ba’zan bittagina teleo‘yin bilan ham ko‘pchilikni xohlagancha ahmoq qilib, ming maqomga yo‘rg‘alatib tashlasa  bo‘ladi. Odamlarni aqlli, farosatli qilish qiyin. Jamiyatning butun muammosi shunda. Dunyoda olomonchilik kayfiyati kundan-kun avj olib borayapti. Bu kayfiyat barcha xalqlarga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qo‘ymadi. Yaqinda yurtimizda qilingan katta bir ixtironi internetga qo‘yishibdi va uning yoniga bozorda ikki xotin bir-birining sochini yulib, yuzini tirnab urishayotgan janjalini qo‘yishibdi. Natija qanday bo‘larkin deb shunday tajriba qilib ko‘rishgan-da. Qarangki, bir hafta ichida olimlar ixtirosi  haqidagi lavhani 5 ming kishi, xotinlarning mushtlashuvini esa 2,5 million kishi tomosha qilgan. Buni qanday tushunasiz, zamondosh? Qanday izohlaysiz? Bizga qay biri muhim, vatandosh? Odam bu savollarni berishga uyalasan.

 

 

Biz qator-qator xalqlar madaniyatining ko‘z oldimizda mislsiz yemirilishlariga guvoh bo‘layapmiz. Abdulla Oripov ta’biri bilan aytganda “qasrlar kapalak qanotiday uchib ketayapti”. Katta avlodlar bilan kichik avlodlar o‘rtasida xitoy devori paydo bo‘lmoqda. Ota va o‘g‘il, ona va qiz bir-birlarini umuman tushunmay qolayapti. Hatto o‘zaro yovlashish hollari ham bor. Andisha, ibo, xijolat, uyat kabi tutumlar qanday toptalishini ko‘rayapmiz. Hozir odamlarga ikki kishining mehr va samimiyat bilan bir-birini alqab turgani emas, aksincha, bir-birini so‘kib, yoqa yirtishayotgani, hatto bir-birini ayovsiz do‘pposlayotgani qiziq. Shuni tomosha qilsa, shuni tarqatsa, shundan zavqlansa... Shular endi bayroqdor bo‘ladimi, shularga maydon berib qo‘yiladimi? Ijtimoiy tarmoqlarda illatlarni fosh qilayotgan, kirdikorlarni ochib tashlayotgan, haqiqatga, vatanga xizmat qilayotgan qalamdorlar bor. Lekin yolg‘on-yashiq, oldi-qochdi, fitnalar bilan shug‘ullanib yurganlar, o‘zlari illatga aylanganlar ulardan ko‘ra bir necha o‘n barobar ko‘proq.

 

Farosatsizlik, fahmsizlik, didsizlik, bema’nilik juda xunuk narsalar. Bunday illatlar yonidan o‘tayotganda “Menga nima? O‘zining sho‘riga sho‘rvasi to‘kilib yuraveradi-da!” deb beparvo o‘tish ham mumkin. Lekin bu narsalar yuqumli, yuqumliligini to‘ylarda to‘da-to‘da bo‘lib olib sharmandalarcha o‘yinga tushayotgan odamlar holidan ham bilsa bo‘ladi. “Qovun qovundan rang oladi” degan maqol bor. Bu illatlar ommaviylashib boraversa, oxiri millat  ruhiyatini buzmaydimi? Shoir Imant Ziyedonisning bir she’rida shunday alamli satrlar  bor:

 

Xotin erga, er xotinga mos,

Ikkisi baravar burun qoqarlar.

Hademay ulardan, xudo xohlasa,

Tug‘ilib qoladi cho‘chqaboqarlar.

 

Internetda bir xabarga ko‘zim tushib qoldi. Qabristonda go‘rlarning raqamini belgilab beradigan odamning aytishicha, undan bir kishi otasi o‘lganda “707 raqamini sotib olish imkoni bormi?” deb so‘rabdi. Nima, 707 raqami jannat eshigining kodi bo‘lib qoldimi? Soxta obro‘, ko‘pik havaslar,  o‘z-o‘zini ko‘z-ko‘z qilishlar... bulardan qanday naf bor? Qirq kunda qiyig‘i chiqib qoladi-ku. Bu xabardan sal oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda qariyalar uyidagi otaxonning intervyusi tarqaldi. Unda shunday bir gap bor: “Otasini, onasini bu yerga tashlab ketganlar bor, tirik insonlar, o‘shalar biror marta ham xabar olishmaydi. O‘lib qolsa, ko‘mib yuboraveringlar deb telefondan aytib qo‘yishadi...”. Ikki holda ham ma’naviy tubanlikni ko‘ramiz.

 

Bularning hammasi insonlardagi ichki ma’rifat inqirozining natijasidir. Jahonda ahli fikrning tashvish va xavotiri shundan. Eng katta urushlar ong olamida sodir bo‘lmoqda. Agar bugungi dunyo o‘z ma’naviyatini  va ma’rifatini himoya qilib qololsa, hamma narsasini himoya qilib qola oladi. Aksincha bo‘lsa, hamma narsasini boy beradi. Bu oddiy aksiomaday gap. Holbuki, 2022-yilda global yillik harbiy xarajat 3,7 foizga oshib, 2,24 trillion dollarga yetdi. Bu – rekord ko‘rsatkich. Agar dunyo  harbiy  emas, ma’rifiy sohaga shuncha pulni sarflasa nima bo‘lardi? Olam guliston bo‘lib ketmasmidi? Urushlar, nizolar haqida gap-so‘zga o‘rin ham qolmasmidi...

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, tabiatdagi eng katta yo‘qotishlar keyingi 50 yilda ro‘y bergan. Jumladan, barcha yirik baliqlarning 90 foizi, dunyo o‘rmonlarining 70 foizi, qush turlarining 25 foizi va 40 mingdan ortiq ko‘l boy berilgan. Dunyo tabiatidagi bunday global yo‘qotishlar ko‘p jihatdan odamzotning ma’naviyatidagi yo‘qotishlar bilan chambarchas bog‘liqdir.

 

Bu gaplarning maqola boshida belgilangan mavzu – vatan va vatanparvarlikka nima aloqasi bor deyishingiz mumkin. Gap shundaki, dunyo “katta qishloq”qa aylanib bo‘ldi. Deylik, Amerikaning qaysidir manzilida maxfiy holatda boshlangan bir ishning ta’siri Himolay cho‘qqilarida kezib yurgan o‘sha ko‘chmanchi Karmagacha yoki Bobotog‘da yurgan cho‘pongacha besh sekundda yetib boradi. Bir paytlar kapitalizm va sotsializmga bo‘lingan dunyo bugun aql va nodonlik orasidagi qilko‘prik ustida chayqalib turibdi. Kim qaysi tomonga qadam tashlaydi, bu uning o‘ziga bog‘liq. Qaysi yurt  ma’rifatning, qaysi jaholatning etagini tutadi bu ham ularning ixtiyorida. Shu bois yuqorida tashvishli jihatlar haqida ko‘p gapirgan bo‘lsak, o‘quvchilarimiz buni to‘g‘ri tushunsinlar. Zero, mening zaif joyim – mening o‘zimdir. Men o‘sha joyda yashiringan bo‘laman. Odamning zaif joyida uning dardi yashiringan bo‘ladi. Buyuk yapon adibi Akutagava aytganiday, Axillesning nozik joyi uning tovonidir. Shuning uchun Axillesni faqat tovonidan o‘ldirish mumkin bo‘lgan. Axillesning tovonini bilmasdan Axillesning kim ekanini bilib bo‘lmaydi. Bitta odamga taalluqli gap ba’zan butun xalqqa taalluqli bo‘ladi. Demak, eng zaif  nuqtamizni bilmasak o‘zimizni bilmaymiz, himoyani qayerdan boshlashimizni ham bilmaymiz. Yutuqlar haqida ko‘p gapiramiz, shuning havosida ko‘pincha zaif tomonimizni unutib qo‘yamiz. Dunyoni qaqshatayotgan ma’naviy tanazzullar o‘z xurujini xuddi o‘sha zaif nuqtadan boshlashi tayin.

 

 

Forobiy “Fozil odamlar shahri” risolasini ma’rifatli jamiyat orzusida bitgan. Bugungi tahdidlarga to‘la, murakkab davrda ma’rifatli jamiyat qurish oson bo‘lmaydi.

 

Odam tabiatan bema’nilikka, jozibador aldamchi g‘oyalarga beriluvchan bo‘ladi. Dunyodagi makkor mafkuralar bundan ustalik bilan foydalanadi. Olamning qaysidir kavaklarida, to‘r to‘qiyotgan o‘rgimchakday bolalarni yo‘ldan ozdiruvchi, ong va ruhni bulg‘ovchi manfur g‘oyalarni ishlab chiqib, yana saxovatpesha valine’mat timsolida ko‘rinish beradigan, dunyoni buzish ishtiyoqida har qanday tubanlikdan qaytmaydigan ma’rifat kushandalari bisyor. Ularning g‘oya va mafkuralariga har qadamda duch kelasiz. Hiylagar mafkura shunday kuchki, boshingni silab, joningni oladi, manglayingdan o‘payotib, qoningni ichadi. Stalin o‘lganda momom faryod ko‘tarib, “Endi nima qilamiz?” deb yig‘lagan ekan. Holbuki, uning eng yaqinlarini, hatto erini Stalin qatag‘on qilgan. Mafkuraning kuchi va o‘yinlarini ko‘rayapsizmi? Bu soddagina mushtipar aka-ukalari va erining qotili timsolida xaloskor valine’matni ko‘rib, tag‘in uning o‘limi uchun dod solib yig‘layapti. Shunday ekan, bostirib kelayotgan yot mafkuralarga, qo‘ynimizga kirib olayotgan hiylagar g‘oyalarga qanday qilib befarq qaraymiz?

 

* * *

Katta shaharlar hayotini kuzata turib, o‘yga tolaman. Qishloqlar uyoqda tursin, olis-olis ovloqlar ham shaharlashayapti. Bir qarashda bu juda yaxshi. Sharoit, imkoniyat o‘zgaradi, hammasi zamonaviylashadi. Yaqin-yovuqni taraqqiyot o‘z mevalaridan bahramand etadi. Lekin bu jarayonda elning ma’naviy qiyofasi yo‘qolib borishini sezmay qolamiz. Har qanday shaharlashish mehr-u oqibatni, asl ildizlarni boy berish evaziga amalga oshmasligi kerak.  Ba’zida cho‘llarda, keng yaylovlarda har-har joyda bitta uyga duch kelasiz. Ba’zi uylarning orasidagi masofa besh-olti kilometr keladi. Menga ba’zan bitta ko‘pqavatli uyda, bitta yo‘lakda, bitta qavatda yonma-yon yashayotgan begona qo‘shnilardan ko‘ra yaylovlardagi tarqoq qo‘shnilar bir-biriga yaqinday tuyuladi. Ular bir-biridan yaxshi xabardor. Bir kuni “Afrosiyob” poyezdida ikki yosh yigit bilan Samarqanddan Toshkentgacha kichik stol atrofida yuzma-yuz o‘tirib keldik. Shuncha vaqt orasida oramizda oltmish santimetrlik stol yonida yonma-yon o‘tirib keldig-u, gaplashmadik. Gaplashmaganimiz ham mayli, na salom bo‘ldi, na xayr. Bir so‘z ham yo‘q. Axir biz odamlarmiz-ku. Bir elning farzandlarimiz-ku.

 

* * *

O‘tgan yili  Argentina plyajlaridan birida o‘ttizta o‘lik kit topildi. Bu ham nimagadir muhim ishoraday tuyuladi. Xudo va tabiatning ishorasiday... Shu fojiaviy ishoradan so‘ng bu yil Himolayda to‘rt yuz yilda bir marta gullaydigan tabiat guli – Maha molu gulladi. Bu daraxtning gullashi ehtimol insoniyat uchun chaqiriqdir. Himoya va najotga muhtoj go‘zallik va ma’rifatning “Hali biz bormiz!” degan chaqirig‘idir.

 

Eshqobil SHUKUR

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 2-son.

“Megapolisdan Himolay cho‘qqisigacha yoxud

aql va nodonlik  qilko‘prigida” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19316
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16393
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi