O‘ttiz yoshida qatag‘on etilgan navoiyshunos olim


Saqlash
22:07 / 11.07.2023 1063 0

Yunus Latif 1910-yilda Toshkentning o‘ziga to‘q boylaridan biri Latifbek xonadonida tug‘ilgan. Tabiiyki, Yunusning otasi o‘g‘liga yaxshi ta’lim-tarbiya berishga harakat qildi, bu yo‘lda sarmoyani ayamadi. Shu bilan birga Yunus yoshligidanoq taraqqiyparvarlarning adabiy davrasida ishtirok etib, bevosita ularning ta’siri ostida voyaga yetdi. U voyaga yetgan va keyinchalik ham o‘zaro hamkorlik qilib borgan adabiy davra ichida G‘ulom Zafariy, G‘ozi Yunus, Cho‘lpon, Elbek, Oybek, G‘afur G‘ulom, G‘ayratiy, Sanjar Siddiq, Sobir Abdulla kabi millat ziyolilari bor edi.

 

Yunus Latif o‘quvchiligidanoq Alisher Navoiy asarlari bilan birga Abdurahmon Jomiy, Fuzuliy, Shayx Sa’diy va shu kabi ko‘plab klassik shoir va yozuvchilarning ijodi bilan tanishdi.

 

Yunus Latif tug‘ma iste’dod sohibi edi. U bir olim uzoq umri davomida qilishi mumkin bo‘lgan tadqiqotlarni qisqa hayotida amalga oshirdi. Jumladan, 1939-yil, hali 28 yoshida Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” (Ko‘ngillarning sevgani) asarining ilmiy-tanqidiy matnini nashrga tayyorlab chop ettirdi. E’tirof etish kerak, XX asrning 30-yillarida mumtoz adabiyot vakillari asarlarining ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlash hali urf bo‘lmagan edi. Yunus Latif juda yosh bo‘lishiga qaramasdan bu ishni muvafaqqiyatli tarzda amalga oshirdi. Shuningdek, u “Hozirgi zamon o‘zbek adabiyoti darsligi” xrestomatiyasini nashrga tayyorlash bilan birga “O‘t qiz” va “Salom mehribon” nomli she’riy to‘plamlarni ham kitobxonlarga taqdim etdi. Shuningdek, Yunus Latif “Yosh leninchi”, “Qizil O‘zbekiston”, “O‘qituvchilar”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetalari hamda “Guliston”, “Yosh kuch”, “Вожатий” (Yetakchi)  kabi jurnallarda o‘zbek adabiyotshunosligiga doir qator maqolalari bilan chiqishlar qildi.

 

Jumladan, Yunus Latif “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1941-yil 16-may sonida chop etilgan “Adabiyot darsining qo‘yilishi” nomli maqolasida, bir paytning o‘zida ham kuchli filolog olim, boshqa tomondan esa yetuk pedagog sifatida namoyon bo‘ladi. Olim ushbu maqolasida adabiyot haqida, uning maktablarda o‘qitilishidagi jarayonlar xususida o‘zining o‘ta daqiq mulohazalarini bildirgan. Masalan, uning adabiyot to‘g‘risidagi quyidagi fikrlariga nazar solaylik: “Adabiyot san’atning shunday bir qismiki, uning ravnaqi barcha san’at turlarining gullashiga, kamol topishiga yo‘l ochadi. Adabiyot tarixini ko‘zdan kechirsak, bu fikrning yorqin misollarini ko‘rish mumkin. Progressiv adabiyotning roli bugina emas, balki u kishilik hayotining oynasidir. Bu oynada xalqlarning umid, orzulari, insonlarning o‘zaro kurashlari jilvalanadi. U bir tomondan tarixni o‘rgatsa, ikkinchi tomondan turli tarixiy davrlarda yashagan kishilik jamiyatining ruhiy holati, dunyoga qarashini ifodalab beradi. U hayotni faqat aks ettirmaydi, balki nasllarni tarbiyalaydi, turmushni o‘rgatadi, yorug‘ kelajakka yo‘llaydi. Bir so‘z bilan aytganda adabiyot kishilikni o‘rgatadigan bilimdir”. Yunus Latif ushbu maqolasida “Maktablarimizda adabiyot darsining qo‘yilishi bu talablarga javob beradimi?” degan savolni o‘rtaga tashlab, bu borada o‘zi izlanishlar olib borgan. Masalan, u 1941-yilda Qo‘qon shahridagi maktablarga borib, 10-sinflarning adabiyot darslarini kuzatgan. Uning bu xususdagi mulohazalari bir tomondan o‘tgan asrning 40-yillarida maktablarda adabiyot darsining o‘tilish jarayonlari to‘g‘risida muayyan tasavvur bersa, ikkinchi tomondan Yunus Latifning pedagog va olim sifatidagi mahoratini aniqroq baholashga xizmat qiladi.

 

Yunus Latif Qo‘qon shahridagi 3-maktabning X sinf, adabiyot darsida ishtirok etgan. Ushbu darsda o‘qituvchi o‘quvchilarga G‘afur G‘ulomning “Ikki vasiqa” asarini tahlil qilib berishni maqsad qiladi. Bu to‘g‘rida Yunus Latifning quyidagi mulohazalari ayniqsa diqqatga sazovor: “Asar sinfda o‘qildi. Lekin o‘quvchilar badiiy asarni o‘qish san’atidan xabarsizliklariga ko‘ra, uni buzib o‘qidilar. Hatto “Soy toshi” degan so‘zni “shaytoni”, “aylanardi”ni “o‘ylardi”, “qadamjolari”ni “qadamchalari” deb o‘qisa ham o‘qituvchi bularni tuzatmadi. Shunday qilib o‘quvchilar bu adabiy parchadan bahra ololmadilar. O‘qish sifatining pastligi orqasida asardagi kuzatilgan maqsad o‘quvchilarga borib yetmadi. Badiiy o‘qishning past saviyasi ustiga o‘qituvchining tahlili ham past, masalaning mohiyatini ochib bergudek bo‘lmadi. O‘qituvchi asarning g‘oyaviy tomonini quruq, shirasiz ifodalar orqali bayon qilishga ortiqcha zeb berdi. Ya’ni o‘qituvchi sotsiologiyaga berilib ketib, “Ikki vasiqa”da aytilmoqchi bo‘lgan g‘oyaning badiiy ifoda yo‘llarini og‘izga ham olmadi. Haydar Cho‘qqining obrazi, uning o‘tmishi va hoziri haqida bolalarda yorqin tasavvur qolmadi. Holbuki, badiiy asarning tahlili ichida badiiy did, nafosat hissini tarbiyalashi, o‘stirishi lozim. Chunki qahramonlarning hislatlari orqali yoshlarni tarbiyalash muhim ishdir. Lekin dars bu talablarga javob bermadi. Ya’ni o‘qituvchi asardagi asosiy tugunni yechib berolmadi. Ya’ni qahramonlarning xarakterlari, portret detallari, obrazlar ko‘lankada qolib ketdi. Buning orasida o‘quvchilarga, personajlarga loqayd qarar, ularda ongli qiziqish ko‘rinmas edi. Personajlarning fikr qilishlari, xulq-atvorlari, intilish, taqdirlari bilan qiziqsinmaslik, darsning past saviyasini ko‘rsatib turadi”. Yuqorida keltirilgan iqtiboslardan ko‘rinadiki, Yunus Latif mohir va sinchkov pedagog bo‘lish bilan birga adabiyotni teran tushungan olim ham bo‘lgan.

 

Muallifning Marg‘ilondagi 13-maktabning X sinfidagi dars jarayonlari to‘g‘risidagi mulohazalari ham diqqatga sazovor. Adabiyot o‘qituvchisi darsi to‘g‘risida fikr yuritgan. Jumladan, muallif “Xarakter va uning tasviri badiiy asarning jonidir. Badiiy asar xarakter yaratish san’atidir. U qahramonlarning ichki olami, ruhiy holati, orzu, intilishlari, alami, iztiroblari, umid, quvonchlari, xulq-atvorlarining ko‘rsatkichidir. Adabiyot darsida xarakter bilan portretning farqiga bormaslik, badiiy asarning mohiyatini anglamaslikka olib keladi. O‘rtoq Muhammadiyev xarakter haqida savol berib, portret to‘g‘risida javob olishga intildi. Demak, o‘qituvchi  adabiyot nazariyasining bu muhim qoidalarini anglab yetmagan. O‘rtoq Muhammadiyevning klassik adabiyot bo‘yicha bir darsidan ham namuna keltiramiz: U, 8-sinfda L.N.Tolstoy ijodi ustida mashg‘ulot o‘tkazdi. Biz darsning saviyasini o‘qituvchining savollari  va o‘quvchilarning javoblarini aynan keltirish orqali ko‘rsatmoqchimiz. Masalan:

 

O‘qituvchi: Tolstoy ijodining birinchi davrini ayting?

 

O‘quvchi: Pomeshchiklarni qahramon qilib oladi. Dvoryan patriarxalizmni yozdi.

 

O‘qituvchi: Tolstoy ijodi birinchi davrida qarama-qarshilik bormi?

 

O‘quvchi: Bor, ikkinchi davrda yo‘q, e, bor.

 

O‘qituvchi: Hojimurod obrazi nimani bildiradi?

 

O‘quvchi: Hojimurodning mardligini…

 

O‘qitvchi: “Bazmdan keyin”da bosh qahramon kim?

 

O‘quvchi: E, Ivan Vasilyevich.

 

O‘qituvchi: Bazmdan keyin nima bo‘ldi?

 

O‘quvchi: …(jim)

 

O‘qituvchi: Ijodida ikkinchi davrda ham qarama-qarshilik ko‘ramizmi?

 

O‘quvchi: “Jabrga qarshi chiqma” degan qarama-qarshilikni ko‘ramiz.

 

Savol-javoblar buyuk san’atkor haqida o‘quvchi va o‘qituvchi tayyorgarligining kam ekanligi, dars sifatining pastligini ravshan ko‘rsatib turibdi. Bu yerda diqqatni tortadigan narsa o‘qituvchi savollarining o‘ylanmasdan,  belgili bir muddaoni kuzatmasdan berilishidadir. Bu xil savollar seriyasi natijasida Tolstoy ijodi haqida oz bo‘lsa ham yorqin tasavvur hosil qilish mushkul. O‘qituvchi yuqoridagi g‘arib savollarni berib, unga berilgan javobning to‘g‘ri, noto‘g‘riligi bilan qiziqsinmaydi, bolalarning xatosini tuzatmaydi. Shuning natijasi o‘laroq, xato va sayoz fikrlar boshqa o‘quvchilarning zehniyatiga ham singib boradi. Holbuki, o‘qituvchi har bir savolni o‘ylab, har tomonlama mo‘ljallab berishi va mavzuning ma’lum bir qismini yoritib olishi, o‘quvchiga eng muhim nuqtalarni anglab yetishga yordam berishi zarur edi. Ayniqsa, adabiyot darsida beriladigan savol ma’lum bir asarning u yoki bu jihatini ravshanlatishi kerak” deb yozadi. Yunus Latif o‘qituvchining L.N.Tolstoy to‘g‘risidagi o‘quvchilarga bergan to‘mtoq hamda proletar mafkuraviy ruhga ega bo‘lgan savollariga ishora qilgan holda, adabiyotni sinfiy qurash tasvirlanadigan sohaga aylantirish kerak emasligini o‘ta nozik shaklda qayd etib o‘tadi.

 

Yunus Latif Alisher Navoiyning muhibi, izdoshi, mutafakkir merosining tolmas targ‘ibotchisi bo’lgan. Buni u tomonidan adib hayoti va ijodiga bag‘ishlab yozilgan maqolalardan bilishimiz mumkin. Yunus Latif “Guliston”, “Yosh kuch”, “Вожатий” (Yetakchi) jurnallari hamda “O‘zbekiston adbiyoti va san’ati”, “Yosh leninchi”, “O‘qituvchilar” gazetalarida “Navoiy aforizmlari”, “Genial shoir, buyuk gumanist”, “Navoiy”, “Mahbub ul-qulub” haqida”, “Alisher Navoiyga bag‘ishlangan ko‘rgazma”, “Navoiy badiiy so‘z ustasi”, “Xamsa”, “Saddi Iskandariy” dostoni”, “Dostonda xalq va shoh”, “Navoiyda din masalasi” nomli maqolalarni e’lon qilgan.

 

Ming afsuski, ko‘plab o‘zbek ziyolilari qatorida Yunus Latifning boshiga ham qatag‘onning qora buluti soya soladi. Yunus Latif 1941-yilning 9-avgust kuni qamoqqa olindi va o‘sha kunning o‘zida uyida tintuv o‘tkazilib unga tegishli bo‘lgan barcha kitoblar, hujjatlar hamda qo‘lyozmalar olib chiqib ketildi. Tergov hujjatlariga qaraganda bu paytda uning otasi Latif Rayimov vafot etgan bo‘lib, xonadonda onasi, turmush o‘rtog‘i Sofiya Ibrohimova, akasi Sodiq, Yusuf, singlisi Bashorat hamda ukalari Nosir va Ayyublar istiqomat qilar edilar. Yunus Latif qattiq qiynoq hamda ruhiy bosimlarga qaramasdan mardonavor turdi, tuhmatdan iborat arizalarga qo‘l qo‘ymadi. E’tiborli jihati shundaki, bo‘hton yozilgan arizalar Yunus Latif nomidan tayyorlangan bo‘lib, aslida bu qonxo‘r NKVD jallodlarining “ijod namunasi” edi. Tergovchilar Yunus Latifning jinoiy ishi bahonasida u bilan birga “Guliston”, “Yosh kuch”, “Вожатий” kabi jurnallarda birga ishlagan hamkasblarini ham zanjir shaklida qatag‘on o‘pqoniga tortishni maqsad qilgan edilar. Uning hamkasblaridan Komil Odilov, To‘xtasin Jalolov kabi ziyolilar bevosita Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, G‘oziy Yunus kabi ziyolilarning ilmidan bahramand bo‘lgan edi.

 

 

(Yunus Latif qamoqxonada. 1941-yil)

 

Yunus Latifga nisbatan O‘zSSR jinoyat kodeksining 66-67-moddalarida nazarda tutilgan, ya’ni aksilinqilobiy tashkilot a’zosi, aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda ayblanib 1942-yilning 12-avgustida otib tashlangan. Bu “jinoyat” bizga shunday muhim xulosani beradi: sovet hukumati hatto II Jahon urushi ketayotgan bir paytda ham o‘zbek xalqi ichidan bir millatparvar ziyoli chiqishiga toqat qilolmagan.

 

Ushbu maqolani tayyorlash jarayonida Yunus Latifning quyida to‘rt satri e’tiborimni tortdi. Go‘yo u ustoz va hammaslaklari bo‘lmish Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, G‘oziy Yunus, Elbek va Sanjar Siddiqlar kabi qattol tuzumning sovuq o‘qi ko‘kragini teshib o‘tishini oldindan bilgandek:

 

Jon ko‘rinmas yo‘llarda,

Titramas yaproqlar ham.

Birozgina sabr etgin

Sal o‘tib, olarsan dam.

 

Yunus Latif 1956-yilda oqlangan.

 

Muslimbek ALIJONOV,

Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat

muzeyi katta ilmiy xodimi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19353
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16484
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi