Ayollar ulg‘aytirgan avlod, oq yoqalilarga qarshi isyon va bosh qoida – Chak Palanik “Jang klubi”ning qanday dunyoga kelishi haqida


Saqlash
04:15 / 11.07.2023 1745 0

1996-yili nashr etilgan “Jang klubi” romani Chak Palanikning eng mashhur asari hisoblanadi. Roman jahonning ko‘plab tillariga tarjima qilingan, shu jumladan yaqinda o‘zbek tiliga ham o‘girildi va tez orada “Akademnashr” nashriyoti tomonidan o‘quvchilarga taqdim etilishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan muallifning roman haqidagi mulohazalari jamlangan maqolasini e’tiboringizga havola qilamiz.

 

U hali qorni qappaymagan, futbolkasi oq, tovoni baland jigarrang to‘qali etik kiygan yigitcha. Och sariq sochlari ustidan kovboycha poxol shlyapa bostirib olgan. Ko‘k jinsisini katta temir to‘qali qayish tutib turadi. Qiltiriq, oppoq qo‘llari etigining uchi kabi qora, silliq.


Kovboy qorong‘ilikka navbatdagi qadamini qo‘yarkan, menga shunday dedi: “Arvoh tunnelda kezishning birinchi qoidasi – Arvoh tunnelda kezish haqida gapirmaslik”.


Men to‘xtayman. Arqon tabassumga o‘xshab haliyam oramizda osilib turibdi.


Toladan to‘qilgan sip-silliq arqonni changalim bilan qattiq siqaman. So‘ng uni orqaga tortib, turgan joyimda so‘z boshlayman: “Hoy...”


Qorong‘ida kovboyning ovozi yangraydi: “Nima?”
O‘sha kitobni men yozganman, deyman.
Oramizdagi arqon tortila-tortila oxiri tarang bo‘ladi.
Kovboy to‘xtaydi. Qorong‘ida turib shunday deydi: “Qaysi kitobni?”
“Jang klubi”ni, deyman.


Keyin u bir qadam yuqoriga ko‘tariladi. Zinaga urilgan to‘qa ovozi yaqinroqdan eshitiladi. U yaxshiroq ko‘rish uchun shlyapasini teparoqqa ko‘taradi va ko‘zlarini pirpiratib menga tikiladi. Nafasi “Boylermeyker”day o‘tkir, alkotesterday kuchli. U shunday deydi:


“Kitobi ham bormi?”
Ha. Chiqqan.
Unda hali kino haqida gap ham yo‘q edi...

 

 

Hali Virjiniyadagi “4-H” klublaridagilar noqonuniy janglar tashkil qilgani uchun qo‘lga olinmagandi...


Hali Donatella Versache erkaklar kiyimiga ustara tig‘i tikib, uni “Jang klubi uslubi” deb atamagan, “Guchchi” modellari modalar namoyishida ko‘ylaksiz, ko‘zlari ko‘kargan, yuzi shishgan, qonga belangan holda bog‘ichlar bilan chiqmagan, “Dolche va Gabbana” kabi moda uylari Milanning iflos beton yerto‘lalarida yangi erkakcha qiyofalarini – 70-yillardagi fotosuratli silliq ko‘ylaklar, kamuflyajli shimlar, tor va belining pasti charm shimlarni namoyish qilmagandi...


Hali yigitlar ishqor yoki super yelim bilan qo‘liga o‘pich chandig‘i tushirishga aqli yetmasdi...


Dunyo bo‘ylab ismini Tayler Dyordenga o‘zgartirishning qonuniy choralarini izlagan yigitlar bitta ham yo‘q edi...


Hali “Ofis Depot”ga oddiy, jilosiz oq yorliq xarid qilgani kirib, Eyveri Dennison yelimxaltasida (mahsulot raqami: 8293) “Tayler Dyorden 420 Peyper St. Uilmington, DE 19886” deya yozilgan yorliq nusxasini ko‘rishingizga ancha bor edi...


Hali "The Weekly Standard" “Erkaklik inqirozi”ni e’lon qilishiga ancha bor edi...


Syuzan Flaudi “Muallaq: amerikalik odam xiyonati” kitobiga hali qo‘l urmagandi...


Hali "The Onion" gazetasi “Qavuvchilar jamiyati”ni fosh qiluvchi maqola e’lon qilib, unda keksa ayollarning “Yalang qo‘l bilan chok tikish” ishtiyoqida cherkov yerto‘lasiga yig‘ilishi hamda “Qavuvchilar jamiyatining birinchi qoidasi – qavuvchilar jamiyati haqida lom-mim demaslik” ekani haqida yozmagandi...


Hali birorta jurnal va gazeta muharriri menga qo‘ng‘iroq qilmagan, o‘zlari turadigan hududlarda jang klublari bor-yo‘qligini surishtirmagan, u yerga yashirincha muxbir yuborib, maqola yozdirmoqchi ekani, ammo klub bo‘limlariga oid maxfiy ma’lumotlar oshkor qilinmasligini bot-bot ta’kidlab aytmagandi...


Hali amerikacha siyosiy multfilmlarda “Kongress jang klubi” namoyish etilmagandi...


Pensilvaniya universiteti konferensiyalarida akademiklar “Jang klubi”ni Freyddan to yumshoq haykallar va interpretativ raqs misolida tahlil qilmagandi...


Aeroport kutish zallarida “Tayler Dyorden... Tayler Dyorden, iltimos, taksofonga javob bering” kabi soxta e’lonlar quloqqa chalinishidan avval...


Los Anjeles uylari devoridagi graffitilarda bo‘yoq bilan “Tayler Dyorden tirik” deya yozilgan da’volarga ko‘zingiz tushishidan avval...


Texasda odamlar “Marla Singerni qutqar” yozuvi urilgan futbolkalar kiya boshlamagandi...


Kitob “Club de Combate”, “De Vechtclub”, “Borilacki Klub”, “Klub Golih Pesti”, “Kovos Klubas” va boshqa nomlar bilan turli tillarga tarjima qilinishidan ancha oldinroq...


Hammasidan avval...

 

 

U bor-yo‘g‘i bir hikoya edi. Ishxonada tushdan keyingi bekorchi vaqtni o‘ldirish bahonasida qilingan tajriba edi, xolos. Hikoyada qahramonni sahnadan sahnaga sudrab yurish o‘rniga, shunchaki kesib-kesib tashlash rejasi bor edi. Sakrab yurish. Sahnadan sahnaga. O‘quvchini gangitmagan holda. Hikoyadagi har bir jihatni, uning tub mohiyatini ko‘rsatish. Bir olovli nuqtani. Keyin boshqasini. Keyin yana.


Qandaydir naqarot o‘ylab topish lozim edi. Kitobxon diqqatini tortmaydigan, biroq hikoyadagi yangi rakurs yoki jihatga o‘tishda ishora vazifasini o‘taydigan oddiygina narsa. O‘quvchi chalkashib ketmasligi uchun tamal toshi yoki yo‘nalish vazifasini o‘taydigan bir tayanch. Mazali tushlik vaqti taomlar orasida tortiluvchi mevali muzqaymoqqa o‘xshaydigan. Radioeshittirishlarda keyingi mavzuga, keyingi qismga o‘tilayotganini anglatuvchi qisqa musiqasifat allanima. Turfa xil vaziyatlar va tafsilotlar mozaikasini bir-biriga bog‘lab turuvchi yelim yoki loy. Hikoyadagi uzluksizlikni ta’minlash va bir voqeani boshqasiga qarama-qarshi qo‘ymagan holda namoyish qilish. “Fuqaro Keyn” filmini eslang. Qiyofasiz, ismsiz kinoxronika muxbirlari qanday qilib turli manbalardan hikoya uchun qobirg‘a tiklaydi?
 

Men o‘sha kuni ishxonada zerikib, oldimga shunday maqsad qo‘ygandim. Xullas, o‘sha naqarot, o‘sha “olib o‘tuvchi qurilma” uchun sakkiz qoida yaratdim. Jang klubi g‘oyasining o‘zi muhim emasdi. U ixtiyoriy tanlov. Faqat sakkiz qoidani joriy qilishga bir dastak zarur edi. Xo‘sh, u birovni jangga taklif etishga imkon beradigan klub bo‘lsa-chi? Diskotekada raqsga taklif qilganing kabi. Birovni bilyard yoki dart o‘ynashga chorlaganingga o‘xshash. Mushtlashuv hikoyaning muhim qismi emasdi. Menga faqat qoidalar qiziq bo‘lgan. O‘sha oddiy qoidalar klubni o‘tmishdan yo ayni lahzadan, yaqindan yo uzoqdan, boshlanish va rivojlanish nuqtasidan tasvirlab, barcha tafsilot va holatlarni yetti sahifaga jamlash imkonini berardi. O‘quvchini gangitmagan holda.
 

O‘sha vaqtlari ko‘kargan ko‘zim – yozgi ta’tildagi mushtlashuvdan qolgan esdalik tuzalmagandi. Hamkasblarim ichida hech kim bu haqida so‘ramagani uchun miyamga bir fikr keldi: qilmishlaring oqibati shu taqlid hech kimni qiziqtirmasa, unda istaganingni qilishing mumkin.
 

Ayni vaqtda kitob do‘konlari “Baxt va quvonch klubi”, “Ya-Ya opa-singillarning ilohiy sirlari” va “Ko‘rpani qanday qavish kerak?” kabi kitoblar bilan to‘la edi. Bu romanlarning barchasi ayollarga birlashish bo‘yicha ijtimoiy yo‘riqnomalar taqdim qilgan. Bir yerga yig‘ilib, fikr almashish uchun. Hamnafas yashash uchun. Biroq erkaklarga hamnafas yashash uchun ijtimoiy yo‘riqnoma vazifasini o‘taydigan kitob yo‘q edi.
 

U erkaklarga o‘yin yoki topshiriqning tuzilishi, ahamiyati va qoidalarini anglatishi, biroq o‘ta ta’sirli bo‘lib qolmasligi zarur edi. U erkaklarga bir yoqadan bosh chiqarish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi lozim edi. U “Ombor qurish klubi” yoki “Golf klubi” bo‘lishi ham mumkin edi va kitob ham o‘shanda, ehtimol, bozorgirroq bo‘lardi. Odamlarni cho‘chitmasdi. Lekin men o‘sha kuni zerikkandan yetti sahifali “Jang klubi” hikoyasini yozdim. Bu men sotishga muvaffaq bo‘lgan ilk hikoya edi. “Blyu heron press” nashriyoti uni “Baxt ilinji” antologiyasi uchun ellik baksga sotib oldi. Dastlabki nashrda noshirlar Dennis va Linni Stovall har bir nusxani kitob umurtqasida noto‘g‘ri sarlavha bilan chop etishdi. Chop etish xarajatlari esa ularning mo‘jazgina bosmaxonasini kasodga uchratdi. Bugun esa ular barchasini sotib bo‘ldi. Xato bilan nashr qilingan barcha kitoblarni. Kitobni asosan “Jang klubi”ning oltinchi bobi sanaluvchi o‘sha ilk hikoyani izlayotganlar oldi.
 

U yetti sahifa edi, bir safar menga yozishni o‘rgatgan ustozim Tom Spenbauer hikoya uchun yetti sahifa juda tobida bo‘ladi, deb hazillashgandi. Hikoyani romanga aylantirish uchun do‘stlarimdan eshitgan barcha voqealarni unga qo‘shib chiqdim. O‘zim qatnashgan har bitta kechadan kitob uchun nimadir olardim. Bir safar do‘stim bu hikoyalar odamlarni aynitishi mumkin deb xavotirlandi, ammo biz Oregonda yashab, davlat maktabida o‘qigan mayda ishchi sinf vakillari ekanimizni unga eslatdim. Millionlab odamlar ichida biz xayollagan har qanday ishni allaqachon qilib ko‘rgan kishilar topiladi. Bir yildan so‘ng, Londonda kitob taqdimoti boshlanayotgan mahali bir yigit meni chetga tortdi. U besh yulduzli restoranda ofisiant bo‘lib ishlarkan – shahardagi ikkita besh yulduzli restoranning birida. Xullas, ofisiantlar ovqatni bulg‘ashi haqidagi voqealar unga yoqibdi. U va boshqa ofisiantlar kitobimni o‘qishdan ancha avval mashhurlarga beriladigan taomlarni bulg‘ab yurarkan.
 

Men asarni yoza boshlagan ustaxonada muallifdan o‘z ishini boshqalarga o‘qib berish talab etilardi. Mutolaa ko‘pincha bar yoki qahvaxonada bo‘lgani tufayli qahva mashinasidan chiqayotgan shovqin senga jo‘r bo‘lardi. Yo televizorda berilayotgan futbol o‘yini. Musiqa, yana mast kishilar g‘o‘ng‘iri. Shu kabi g‘ala-g‘ovur va chalg‘ituvchi narsalar orasida eng hayratomuz, eng jo‘shqin, qayg‘uli va kulgili hikoyalar tinglanardi. “Ombor qurish klubi” bilan tinglovchini bir joyga mixlab qo‘yolmagan bo‘lardim. Aslida mening yozganim “Buyuk Getsbi”ning biroz yangilangan nusxasi edi. U “havoriycha” asar bo‘lib, tirik qolgan havoriy o‘z qahramoni haqida so‘zlab beradi. Unda ikki erkak va bir ayol bor. Va erkaklardan biri, qahramon, otib o‘ldiriladi.
 

U espresso mashinasi va ESPN kanaliga bas kela oladigan darajada yangilangan qadimiy klassik romans edi.
 

Birinchi qoralamani yozishga uch oy ketdi va kitob uch kunda W. W. Norton nashriga sotildi. Avans o‘ta kam to‘langani uchun qanchaligini hech kimga aytmadim. Indamadim. Chunki atigi olti ming dollar to‘lashgandi. Hozir boshqa yozuvchilar bu pulni “choy chaqa” deb biladi. Shu qadar kamki, yozuvchi bu haqoratni ko‘tarolmay, qo‘l siltab ketadi. Noshir esa kitobga ega chiqmoqchi bo‘lgan xodimlarini xafa qilmagan holda suvdan quruq chiqadi. Nima bo‘lganda ham bu olti ming dollar edi. Bir yillik ijaramni qoplardi. Shuning uchun ham oldim. 1996-yil avgust oyida esa qattiq muqovada nashrdan chiqdi. Keyin esa Sietl, Portlend va San Fransisko shaharlariga sayohat qildim va hech birida asarimni tinglash uchun uchtadan ortiq odam yig‘ilmadi. Kitobdan tushgan pul hatto mehmonxona minibarlaridagi ichkiliklarimga ham yetmasdi. Kitobni bir taqrizchi ilmiy fantastika deb atadi. Boshqasi “Temirtan erkaklar harakati” haqidagi satira dedi. Boshqasi oq yoqalilar korporativ madaniyati haqidagi satira deb ta’rif berdi. Kimdir horror deb nomladi. Lekin hech kim romans demadi. Berklida radioboshlovchi menga shunday savol berdi: “Shu kitob muallifi sifatida bugun amerikalik ayollarning dunyodagi mavqeyi haqida bizga nima deya olasiz?”
 

Los Anjeles milliy ommaviy radiosida kollej professori asar muvaffaqiyatsiz chiqqani, chunki unda irqchilik masalasi ko‘tarilmagani haqida gapirdi. Samolyotda Portlendga qaytib kelayotsam, aviakompaniya xodimi menga egilib, bor haqiqatni aytishimni so‘radi. Aytishicha, kitob asli umuman mushtlashish haqida emas. Ha, shunday, dedim unga. Keyin u butun parvoz davomida meni tekin ichimlik bilan mehmon qildi. Boshqa taqrizchilarga asar yoqmabdi. Kimdir “o‘ta qayg‘uli”, boshqasi “o‘ta ayovsiz”, yana biri “o‘ta keskin, sershovqin va dogmatik” deb atadi. “Ombor qurish klubi” ularga yoqqan bo‘lardi.
 

Shunga qaramay, asar 1997-yilning o‘zida Tinch okeani shimoli-g‘arbiy kitob sotuvchilari mukofotiga hamda eng yaxshi roman uchun beriluvchi Oregon kitob mukofotiga loyiq ko‘rildi. Bir yildan so‘ng Quyi Manhettendagi “KGB” adabiy barida bir ayol o‘zini menga tanishtirdi. U Oregon mukofotini berishda bosh hakam bo‘lgan ekan va qolgan hakamlarni ko‘ndirish uchun tish-tirnog‘i bilan harakat qilibdi. Xudo yorlaqasin. Yana bir yil o‘tib, o‘sha barda boshqa bir ayol o‘zini menga tanishtirdi va “Jang klubi” filmi uchun kompyuter animasiyasi yordamida pingvin obrazini loyihalashtirayotganini aytdi. Keyin Bred Pitt, Edvard Norton va Helena Bonem Karterlar bilan tanishdim.

 

O‘shandan beri minglab odamlardan maktub keladi va ularning ko‘pi rahmat mazmunida edi. O‘g‘lini, yoki erini, yo talabalarini yana kitob o‘qishga majbur qila oladigan asar yozganim uchun. Boshqalari bir navi alamzadalik bilan yozadi, aslida butun “Jang klubi” g‘oyasini u o‘ylab topganini ta’kidlaydi. Harbiy tayyorgarlik yoki depressiya davridagi mehnat lagerlarida. Ular ichib olib, bir-biridan iltimos qilarkan: “Yuzimga boplab bir musht tushirmaysanmi?”
 

Jang klublari doimo bo‘lgan, deydi ular. Bundan keyin ham jang klublari bo‘ladi. Ofitsiantlar doim taomni bulg‘aydi. Odamlar doim sevib qoladi. Hozir, yettinchi nashrdan keyin ham, erkaklar o‘zi yashayotgan hududda jang klubi bor-yo‘qligini surishtiradi. Ayollar ham mushtlashgani klub bormi, deb so‘rashdan charchamaydi. Demak, jang klubining birinchi qoidasi shu: millionlab-milliardlab odamlar iorasida Oregonda yashab, davlat maktabida o‘qigan mayda ishchi sinf vakili xayollagan har qanday ishni allaqachon qilib ko‘rgan kishilar albatta topiladi...

 

Ingliz tilidan Rafiq O‘ZTURK tarjimasi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:05 / 29.05.2025 0 200
Olam qanday paydo bo‘lgan? – Mifologik tahlil





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//