
Koʻpgina tashabbuslarning juda tezkor, “urho-ur” bilan boshlanishi-yu, aytarli samara bermasdan toʻxtashi yoki susayishi bizda odatiy hol. Bunga xohlagancha misollar keltirish mumkin. 2021-yil noyabr oyida respublikamiz, ayniqsa, Toshkent shahrida boʻlgan chang-toʻzon boʻroni esimizda. Oʻshanda zudlik bilan “Yashil makon” umummilliy dasturi eʼlon qilindi. Hokim-u vazirdan tortib maktab oʻquvchisi-yu bogʻcha tarbiyalanuvchisigacha koʻchat ekish kampaniyasini boshlab yubordik. Ha, bunaqangi kampaniyavozlik qon-qonimizga shu qadar singib ketgan.
Xullas,”Yashil makon” dasturiga koʻra, istiqboldagi 5 yillikda mamlakatda 1 mlrd. tup koʻchat ekish, 2021-yil noyabr-dekabr hamda 2022-fevral-may oylarida 200 mln. tup nihol ekish moʻljallangan edi. Bir qaraganda hammasi ortigʻi bilan uddalandi, yaʼni 213 mln. dona koʻchat ekildi. Hisobotlar berildi, yakuniy natijaga kelganda esa ishlar koʻzboʻyamachilik bilan qilingani maʼlum Koʻchatlarning aksariyati sugʻorish imkoni boʻlmagan joylarga ekilgan, ustiga-ustak qoʻshib yozishlar tufayli yozning chillasiga borib bormay 12 mln. 400 ming tup koʻchat qurib nobud boʻldi. Kimga qanday bilmadimu, ammo yuqoridagi raqam odamni chuqur mulohazaga daʼvat etadi. Esiz shuncha mehnat, shuncha mablagʻ! Koʻklamda ming-minglab koʻchat ekish, “pripiska” qilish hamda ayniqsa, saraton chillasida quritishdek bu “anʼana” uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgani esa haqiqiy fojia. Mabodo, oʻtgan 20 yoki 30 yilda ekilgan nihollar toʻligʻicha tutib ketganda bormi, bugun Oʻzbekiston dunyodagi eng serdaraxt, ulkan bogʻ-rogʻlar mamlakatiga aylanmasmidi?
Respublika Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi chiqishida oʻtgan davr mobaynida 2 milliondan ortiq koʻchatlar hisobotga “ekildi” deb qoʻshib yozilgani taʼkidlandi. Shuningdek, 7,3 mln. tup koʻchatlar sugʻorish tizimi mavjud boʻlmagan joylarga oʻtqazilgan. Ekilgan 1,8 mln. tup koʻchatni parvarishlash uchun esa biron bir masʼul (ega) belgilanmagan. Navoiy viloyatida 3,2 mln, Toshkent viloyatida 1,9 mln, Surxondaryoda 404 ming, Xorazmda 338 ming, Qashqadaryoda 336 ming, Qoraqalpogʻistonda 283 ming va Toshkent shahrida 247 ming tup koʻchatlar qurib qoldi. Xoʻjasizlik degani shu-da! Vazirning aytishicha, jazo chorasi sifatida 753 nafardan ortiq huquqbuzarlarga nisbatan 1mlrd. 156 mln soʻm miqdorida jarima qoʻllanilgan. Muntazam ravishda kimgadir jarima qoʻllash, hayfsan berilishiga qaramay ushbu holat(illat) yillab, kerak boʻlsa, oʻn yillab davom etib kelayotganiga nima deyish mumkin?
Vazirlik ham bu jarayonning boshi-keti yoʻqligini anglagan chogʻi, endilikda “Yashil makon” loyihasi doirasida daraxtlarni ekishni pudratchi tashkilotga topshirishni koʻzda tutmoqda. Yaʼni koʻchat ekuvchi kompaniyalar tender orqali tanlab olinadi va 3 yil davomida daraxtlar parvarishi ham ularga yuklatiladi. Qayerga va qanaqa daraxt yoki koʻchatlarni ekishni esa “Yashilloyiha” loyihalash instituti belgilab beradi. Mazkur rejalar ish berib, shoyad yaqin yillarda yurtimiz hududlari yashillikdan gullab-gurkirab ketsa!
FAOning xavotirli hisoboti
Bundan 2 yilcha avval BMTning Oziq ovqat va qishloq xoʻjalik tashkiloti (FAO) ekspertlari hisobotlarida Oʻzbekiston oʻz suv zaxiralarining169 foizidan, Turkmaniston 144 foizidan foydalanayotganini qayd etgan edi. Mintaqadagi Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻizistonda ham ichimlik suvi sarfi jahon meʼyorlaridan ancha yuqoriligi taʼkidlangan. Isrofgarchilikni kamaytirish yoʻli, suv zaxiralarini yanada samarali boshqarish va qishloq xoʻjaligini modernizatsiyalash yuzasidan tavsiyalar ham berilgan edi. Ayni kunda global isish jahon qishloq xoʻjaligi tizimini suv bilan taʼminlanishiga oʻta salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Koʻpgina mintaqalardagi kabi Markaziy Osiyoda ham yogʻingarchilik yildan yilga kamayib, qurgʻoqchilik, choʻllashish tobora kuchaymoqda. Bu ketishda 2050-yilga borib,Oʻzbekistonda 7 mlrd kubometr suv yetishmasligi yuzaga kelib, u dunyodagi 33 ta suv taqchil mamlakatlar qatoridan joy olishi mumkin. FAO xulosasiga koʻra, jahon boʻyicha ichimlik suvining 72 foizdan ortigʻi qishloq xoʻjaligi, 16 foizi sanoat ishlab chiqarishi va 12 foizi maishiy xizmat sohasiga sarflanmoqda. Ayni vaziyatda jahon ahlining uchdan bir qismi – 2,3 mlrd. aholi ichimlik suvi yetishmaydigan mamlakatlarda, 733 mln. aholi esa suv oʻta taqchil oʻlkalarda istiqomat qilayotir.
Toshkent aholisi eng koʻp suv ichadi(mi)?
Qoʻshni davlatda Qoʻshtepa kanalining ishga tushishi, togʻli mintaqalarda abadiy muzliklarning erib borayotgani, qurgʻoqchilik fonida suvdan tejamli foydalanish masalasi kun tartibida birinchi oʻringa koʻtarildi. Oliy Majlis Senatining 42-yalpi majlisida Boriy Alixonov poytaxtda suv sarfi aholi jon boshiga sutkasiga 400 litrni tashkil etayotganini taʼkidladi. Mutaxassis dunyo shaharlarini Toshkentga taqqoslab, aholi jon boshiga sutkalik suv sarfi Berlinda 124 litr, Amsterdamda 156 litr, Londonda 165 va Moskvada 249 litrni tashkil etishidan bizlarni ogoh etdi. Mahallalarda, koʻchalarda daraxtlar yoki gullarni shlangda sugʻorayotgan shaxslarga nisbatan jarimalar qoʻllanilayotgani haqida gaplar tarqalmoqda.
Qishloq xoʻjaligiga esa ichimlik suvining qariyb 90 foizini (dunyo boʻyicha oʻrtacha 65 foiz) sarflamoqdamiz. Kommunal sohaga 4,5 foiz, sanoat va energetikaga 4,3 foiz hamda baliqchilikka 1,2 foiz. Aniqrogʻi, qishloq xoʻjaligida har bir gektarga suv sarfi bizda ayrim mamlakatlarga nisbatan 2-2,5 barobar koʻp. Ekin maydonlariga suv yetkazishdagi yoʻqotishlarning esa sabablari talay: irrigatsiya tizimlaridagi nosozliklar, iqtisodiy tarmoqlar va ijtimoiy obyektlar, ayrim hollarda esa agrar sohada suvdan foydalanishda eskirgan usul va vositalarni qoʻllash va hokazo.
Shu oʻrinda ayrim ijobiy faktlarni ham aytib oʻtmasak boʻlmas. Xususan, mamlakatda suv sarfi oʻtgan asr 90 yillariga nisbatan 64 mlrd. kubometrdan hozirda 51 mlrd. kubometrga, 1 gektar sugʻoriladigan maydonga suv sarfi esa oʻtgan davrda oʻrtacha 16 ming kubometrdan 10 ming kubometrga pasaygan. Bundan kelib chiqadiki, bizda suvni yanada tejash, har tomchisidan samarali foydalanish imkoniyatlari hali yetarlicha bor.
Keskin takliflar tayyorlanyapti
Shu yil 14-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev hisobot davrida 1 mln. 600 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlangani, 3,4 mln. aholining esa ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanganini maʼlum qildi. Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga 172 ta loyiha uchun 2,1 trln. soʻm ajratilib 1800 km. ichimlik suvi 50 km. oqova suv quvurlari oʻtkazilgan. Chekka qishloqlarga ichimlik suvi yetkazish bugun OAV va telekanallarning kundalik mavzusiga aylangan. Shubhasiz, ushbu choralar koʻplab hududlarda suv muammosini ancha yengillashtiradi. Shu yigʻinda vazir hukumat suvni sarflash madaniyati va uni oʻlchash, yetkazib berish boʻyicha juda keskin takliflarni tayyorlayotganini taʼkidladi. Nima boʻlganda ham ishqilib, suvni tejay olsak boʻldi.
Xorijda qanday?
Darvoqe, toza ichimlik suvi taqchil mamlakatlar dunyoda anchagina. Ammo ularning aksariyati bugungi kunda suvdan oqilona foydalanish yoʻllarini qidirib topib, amaliyotga izchil joriy etmoqda. Endilikda bironta ham oqar daryosi boʻlmagan Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar davlatlari yoki Sahroyi Kabir hududidagi oʻlkalarning suvdan tejamkor foydalanish tajribasini oʻrganishimizga toʻgʻri keladi. Isroilda ham bu borada katta tajriba toʻplangan. Tomchilatib sugʻorish usuli bilan bu mamlakat paxta va boshqa qishloq xoʻjalik ziroatlaridan yuqori hosil olmoqda. Mamlakatda ilgʻor texnologiyaga asoslangan “Mikorot” kompaniyasi aholiga 90 foiz ichimlik suvini yetkazib beradi. Kompaniyaning shoʻba korxonalari suv ishlarini rejalashtirish, kerakli uskunalarni oʻrnatish, sinovdan oʻtkazish, oqava suvlarni tozalash, shoʻrsizlantirish va hokazolar bilan shugʻullanadi.
Yana nima qilmoq kerak?
Shunda ham qanchadan-qancha koʻchatlar qurgʻoqchilikdan nobud boʻlayotgan paytda hisoblagich (schyotchik) boʻyicha toʻlovi qilib borilayotgan ichimlik suvi bilan daraxtlarni sugʻorayotgan shaxslarni jarimaga tortish masalaning toʻgʻri yechimi emas, albatta. Ichimlik suvini ishlab chiqarish qimmatga tushayotgani vaj qilinadigan boʻlsa, ekinlarni sugʻorish hamda unitazlarda foydalanish uchun isteʼmolchiga texnik suvni yetkazib berish vaqti keldi. Chunki dunyoning koʻplab mamlakatlari allaqachon bu yoʻlga oʻtgan. Qolaversa, suvni tejash yuzasidan mutaxasislarning quyidagi tavsiyalarini bilib qoʻyshimiz ham foydadan xoli emas:
– Qishloq xoʻjaligi sugʻorishida suvdan foydalanish koeffitsiyentini 90-95 foizga yetkazish, anʼanaviy sugʻorish usullaridan voz kechib, tomchilab va boshqa suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash, nisbatan kam suv talab qiladigan ekinlarni ekish;
– suv taqchilligi sharoitida aholini suvdan oqilona foydalanishga oʻrgatish, ichimlik suvidan boshqa maqsadlarda foydalanmaslik;
– hududlar kesimida yerosti suv resurslarini tahliliy aniqlash hamda muqobil suv manbalarini (buloq,quduq,hovuz,yerosti suvlari) qayta roʻyxatdan oʻtkazish,ularning zaxiralari prognoz koʻrsatkichlarini ishlab chiqish;
– ishlab chiqarish, sanoat va kommunal obyektlarida tegishli birlamchi mexanik va biokimyoviy lokal oqova suv tozalash inshootlarini qurish;
– ichimlik suvdan foydalanish yuzasidan nazoratni kuchaytirish, maishiy-texnik ehtiyojlar uchun alohida suv tarmoqlarini joriy etish.
Asl muddao suvni tejab-tergash ekan, suv eng koʻp sarf etiladigan sohalarda, ayniqsa, qishloq xoʻjaligida uning hisob-kitobini qatʼiy olib borishimiz lozim. Soʻzimizni esa oʻtgan oyda Oʻzbekistonga kelgan XVJ direktori Kristalina Georgiyevaning mamlakatda suv tanqisligi mavzusiga toʻxtalib, aytgan ushbu fikrlari bilan yakunlaymiz: “Isteʼmolchilarni suvni tejashga oʻrgatish uchun suvning bozor narxini belgilash zarur. Agar biz suvga qadrlashimiz shart boʻlmagan narsa deb qarasak, yaxshi natijalarga erishish qiyin boʻladi.”
Abdumajid AZIMOV,
Oyina.uz
Ma’naviyat
Jarayon
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q