
Rossiya Federatsiyasi xalq artisti Grigoriy Leps shu yilning 23-oktyabr kuni Toshkentdagi “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyida konsert berishni moʻljallagan edi. Ukrainaga bosqinni faol targʻib qilayotgan, avvalroq Ukraina qurolli kuchlarining yakson etilgan har bir “Leopard” tanki uchun 1 mln rubl mukofot puli vaʼda qilgan va bu vaʼdasini amalga oshirgan qoʻshiqchining Toshkentda konsert berishi faollar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining keskin qarshiligiga uchradi.
Bloger Mirzo Zominiy bu haqida yozar ekan, Lepsni “Xalqlar doʻstligi”ni tushunmaydigan, koʻziga Oʻzbekiston va oʻzbekistonliklar faqat pul boʻlib koʻrinadigan Z-artist deb atadi.
Xonandaning Qozogʻistonda 8-iyul kuni oʻtishi rejalashtirilgan konsert dasturi qozogʻistonlik faollar qarshiligi sabab bekor qilindi. Bloger Toshkentdagi konsert chiptalar 150 000 soʻmdan 4 million soʻmgacha belgilangani haqida yozdi. U #LepsKerakmas, #StopZPropaganda, #BoycottLeps heshteglarini ommalashtirish va befarq boʻlmaslikka chaqirdi.
Madaniyat va turizm vaziri oʻrinbosari Bahodir Ahmedovning Kun.uz muxbiri Ilyos Safarovga bergan izohi faollar noroziligini yanada kuchaytirdi.
Vazir oʻrinbosari Rossiyaning Ukrainaga bosqinini targʻib etish bilangina cheklanmay, urushga homiylik qilayotgan rus xonandalarining Oʻzbekistonda rejalashtirilgan konsertiga nisbatan noroziliklar va ularni bekor qilish haqida boʻlayotgan talablar haqida gapirarkan, Oʻzbekistonda sanʼatga toʻsiq yoʻqligini aytib, “fisqu fasod gaplardan yiroq boʻlish”ga chaqirdi.
“Hozir bizga teatr, estrada yoʻnalishi boʻyicha xonandalar kelyapti. Buni qaysidir davlatlarning bir-biriga boʻlgan munosabatiga hech qanday bogʻliqligi yoʻq. Bu – sanʼat. Bundan tushgan mablagʻlarning urushga yoʻnaltirilishi boʻyicha, ochiq aytish kerak, koʻp gaplar boʻlyapti. Menimcha, bu gaplar haqiqatdan yiroq.
Konsertlar masalasiga kelsak, biz qaysi davlatdan keladigan sanʼatkor boʻlsa, u yaxshi maqsadda kelsa, sanʼatga xizmat qilaman, sanʼatning kuchini koʻrsataman, degani boʻlsa, Oʻzbekiston hech qaysi sanʼatkorga eshigini yopib, tambalab tashlagani yoʻq.
Mana, kelyapti, sanʼatini namoyish qilyapti, olqishini olyapti, ketyapti. Hech qanaqa narsa yoʻq. Oʻzbekistonda sanʼatga hech qanday toʻsiq yoʻq. Xudoga ming qatla shukr, tinch yurtda yashayapmiz.
Mana, turkiy davlatlarning TURKSOY tashkilotidan qancha sanʼatkorlar tashrif buyurdi. Hammasi konsertini qoʻydi va xalq olqishiga ega boʻlyapti. Mana, koʻrgazmalarini oʻtkazishyapti. Yaxshi maqsadda kelgan inson boʻlsa, Oʻzbekiston – tinch yurt.
Xalqimiz sanʼatsevar xalq. Anavi gʻiybat, fisqu fasod, pulni qayergadir ishlatayotgan ekan, degan gaplardan yiroq boʻlish kerak. Bu gaplarni gapirayotganlar shu gaplarni qoʻzgʻashga intilayotgan insonlar”, dedi Bahodir Ahmedov.
Vazirlik mulozimi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini oqlovchi sanʼatkorlarning konsertlari Qozogʻistonda bekor qilinayotganiga ham munosabat bildirdi.
“Bu – yon qoʻshnilarning oʻz siyosati, oʻz dunyosi. Ular oʻzi uchun javob bersin, biz oʻzimiz uchun javob beramiz. Bir narsani ochiq aytish kerak, bunaqa gʻiybat, fisqu fasod gaplardan yiroq boʻlishimiz kerak. Biz, Xudoga shukr, tinch joyda yashayapmiz. Mana, sanʼatga boʻlgan eʼtibor. Nima keragi bor, konsertga tusharkan, uni pulini urushga ishlatarkan, degan gaplarning? Urushning kuni shu konsertning kuniga qolibdimi? Qoʻysin, tinchlik bilan qoʻysin, tinchlik bilan yursin. Qachongacha gʻiybat, fisqu fasod gaplar? Ha desa, ruxsat beradigan boʻlsa, urushga taqaydi. Taqash kerak emas. Faqat yaxshi, oliy niyatlar bilan harakat qilish kerak. Hamma narsaning yomon tarafini oʻylash kerak emas. Yaxshi tarafini oʻylash kerak. Shu sanʼatkor shu yerga oʻz sanʼatini namoyish qilish uchun kelibdi, degan koʻz bilan qarash kerak.
Ikkinchi, uchinchi oʻrinda turadigan fisq-u fasoddan yiroqroq, ustunroq boʻlishimiz kerak. Shunda maqsadimizga erishamiz. Biz bir narsa uchun kurashishimiz kerak: yoshlarimiz sanʼatga chanqoq, shuni qoʻllab-quvvatlashimiz kerak. Bizning siyosatimiz shu. Davlat rahbarining siyosati hammasi. Qarang, Ozarboyjonda boʻlgan mugʻom festivalida gran-prini kim oldi? Oʻzbekning qorakoʻzi oldi. Shaxmatda kim olyapti? Oʻzbek qorakoʻzlari, Oʻzbekiston farzandlari olyapti. Biz faqat shular haqida oʻylashimiz kerak”, degan Oʻzbekiston madaniyat va turizm vaziri oʻrinbosari Bahodir Ahmedov.
Bloger Shahnoza Soatova mazkur konsertni potensial yovuzlik deya atadi:
– Leps urushni ochiqchasiga qoʻllab, uni targʻib qilib, har bir portlatilgan tank uchun 1 mln rubldan mukofot berayotgan bir paytda, uning konsertlari qator mamlakatlarda, jumladan, qoʻshni Qozogʻistonda ham bekor qilinganda, bizning hukumatimiz esa neytrallik pozitsiyasini urgʻulab kelayotgan paytda, birovning shaxsiy uyidan Ukraina bayrogʻining yechib olinishini ham neytral pozitsiyamiz bilan izohlab turilgan damda, koʻplab mamlakatlarda urush targʻibotchisi sifatida qora roʻyxatga tushgan shaxsning poytaxt sahnasida ovozini baralla qilib kuylashiga qoʻyib berilishi qaysi “neytrallik” bilan izohlanishi qiziq. Kecha madaniyat vaziri oʻrinbosarimizning bir necha marta “fisq-fasod” soʻzini ishlatgan 2 daqiqalik nutqidan angladimki, odamlar sanʼatga “uzumini yeb, bogʻini surishtirmaydigan” isteʼmolchi sifatida qarashi kerak ekan. Surishtirsak “fisq-fasod” boʻlarkan.
Agar sanʼatkorlar, madaniyat ahli oʻzini faqat sahnadagi ijrochi emas, hamon bir zamonlardek ziyoli hisoblasa, mayli amaldorlar nima deyishsa ham (balki mavqe-lavozim majburiyati urush mavzusidan qochishni taqozo qilar), ziyolilar yovuzlikka yoʻq deyishlari kerak. Daromadini ochiqchasiga urushni qoʻllashga yoʻllayotgan Leps Toshkentdagi konsertidan tushgan mablagʻlarini yana bir tankni portlatib, odamlarni oʻldirganlarga mukofot qilib berib yuborishi – yovuzlikdir. Demak, bu konsert potensial yovuzlikdir. Bu mening oʻta SHAXSIY qarashlarim!
Bloger Umid Gʻafurov ham konsertga qarshiligi haqida yozdi:
– Grigoriy Leps Ukrainaga qarshi urushning homiylaridan biri. Oʻz kanalida Rossiya jangchilariga har bir portlatilgan tank uchun 1 mln rubl berishini ochiq eʼlon qilgan edi va kecha qaysidir jangchiga pul mukofotini berishga ham ulguribdi. Yaqinda Leps konsert dasturi bilan Oʻzbekistonga kelmoqchi. Demak, uning konsertiga tashrif buyurish, qaysidir maʼnoda urush homiysiga aylanishga teng.
Shunga qaramay, “Madaniyat va turizm” vaziri oʻrinbosari va urushga homiylik haqidagi gaplariga eʼtibor bermaslikka chaqiryapti. Shaxsan men Leps konsertiga qarshiman. Bunaqa “sanʼat”ni qoʻllab-quvvatlash kerak emas!
Bloger, huquqshunos Zafarbek Solijonov vazir oʻrinbosari gaplarini mamlakatning neytral pozitsiyasiga qay darajada mosligini savol ostiga oldi:
– 23-oktyabrda Toshkentda konsert berishni rejalayotgan Grigoriy Leps Vatanini bosqinchidan himoya qilayotgan ukrain “Leopard” tankini ishdan chiqargan rossiyalik harbiyga 1 million rubl toʻlab berdi. Vaʼda faktga aylandi. U endilikda hukumatining bosqinchilik siyosatini toʻgʻridan-toʻgʻri moliyalashtirayotgan urush targʻibotchisi. Ertaga Xalqaro jinoyat sudida javobgarlikka tortilishi aniq. Vaqt masalasi bor, xolos.
Esimizni tanibmizki, Oʻzbekiston har qanday konfliktlarda doim neytral pozitsiyada boʻlib kelgan. Uning tashqi siyosati shu prinsip ustiga qurilgan. Shuningdek, Tashqi siyosiy konsepsiyamiz Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro imiji va nufuzini yanada mustahkamlashga moʻljallangan. Yuqoridagi kabi insonlarni yurtimizdan mablagʻ toʻplab ketishi ushbu prinsiplarimizga zid emasmi?
Platforma.uz kanali ham Bahodir Ahmedovning fikrlariga keskin qarshi chiqdi:
– Bahodir aka aytgandek “urushning kuni konsertning puliga qolmagan” ekan, unda nega bu rus qoʻshiqchilari bunchalik postsovet davlatlariga gastrol qilishga jon-jahdi bilan tirishyapti?
Uyingda urush boʻlayotgan boʻlsa, qoʻshiq aytib nima qilasan, deyish mumkin-ku, masalan. Bular esa u yoqdan quvilsa, bu yoqqa chopayotir. Keyin, vazir oʻrinbosarining “qoʻshni davlatlarning bu borada oʻz siyosati bor” degan gapi bir tomondan toʻgʻri.
Haqiqatan ham, jurnalist nazarda tutgan “qoʻshni”lar bu konsertlar Rossiya nafsi (ambitsiya)sining harbiy bosimdan keyingi ikkinchi tomoni – “yumshoq kuch” ekanini anglashgan. Shuning uchun bunday qoʻshiq kechalarini uzil-kesil taqiqlagan.
Qoʻshnilarimizning mafkura va madaniyat bilan shugʻullanadigan ayonlari jamiyatning “gapi”ga quloq tutgan. Bizdagilarga oʻxshab, odamlarni fisq-fasodchiga chiqarmagan.
Aslida Madaniyat va turizm vazirligidagi kattalar rus estradasi “yulduz”larini bu yoqqa olib kiraman, deb jamiyat bilan oyoq tirashib tortishguncha, oʻzimizning sanʼatkorlarning mintaqa boʻylab konsertlarini yoʻlga qoʻyishni oʻylasa boʻlardi. Oʻz oʻrnida qoʻshni davlatlar sanʼatkorlari bizga ham kelsin. Bu xalqlarimizni bir-biriga yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Men, masalan, hozir shunday konsepsiya borligiga shubhalanaman. Aslida bu ishni qilish kerak. Madaniy yaqinlashuv koʻp narsani hal etishi mumkin. Jumladan, biz tinimsiz gapirayotgan integratsiya jarayonlarini ham.
Bloger Mirzo Zominiy vazir oʻrinbosari fikrlari Oʻzbekiston imiji, turizm rivojiga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi haqida yozdi.
– Vazirlikning asosiy vazifalaridan biriga turizmni rivojlantirish ham kiradi va kelajakda Z-propagandachi artistlar najot topadigan, pul ishlab ketadigan Oʻzbekistonning jahondagi imijiga, qarabsizki, turizmiga ham sezilarli putur yetadi. Sanksiyalar, sanksiyalar va uning ortidan yana sanksiyalar keladi. Oʻz yurtida shaʼnini himoya qilolmagan oʻzbekistonliklarga esa xalqaro maydonda ham past nazar bilan qaray boshlashadi. Vizaga oylab navbatda turishda, kamsitilishda davom etamiz.
U fuqarolarni konsertni boykot qilishga chaqirdi va Oʻzbekistonda urush moliyalashtirilishi uchun pul yigʻilmasligi kerak, deya yozdi.
Noroziliklardan soʻng Madaniyat va turizm vazirligi 23-oktyabr kuni boʻlib oʻtishi kutilayotgan konsert qoldirilganini maʼlum qildi. Vazirlik bildirishiga koʻra, bunga ayrim texnik sabablar monelik qilgan. Muxlislar sotib olingan chiptalar pulini tegishli tartibda qaytarib olishlari mumkin.
Konsert boʻlmasligi haqidagi xabarni faollar iliq qarshi oldi.
“Sanʼat va siyosatning chegarasini jamoatchilik juda yaxshi farqlaydi. Mutasaddilar ham anglab boshlasalar, aʼlo boʻlardi”, deya yozdi Shahnoza Soatova.
Bloger va jurnalist Muhrim Aʼzamxoʻjayevning fikricha, “Boʻlmagan shu konsertning bir foydali tomoni – biz shu bahona “Oʻzbekistonda sanʼatga hech qanday toʻsiq yoʻq”ligini bilib oldik”.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishlari vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyev ham telegram kanalida holat haqida yozar ekan, bilet sotib olganlarni bilvosita qotil deb atadi.
– Shaxsan men bu ishdan xursandman. Lepsning konsertiga bilet sotib olgan har bir oʻzbekistonlik bilvosita qotil, bosqinchi rus armiyasini moliyaviy qoʻllab-quvvatlagan boʻlardi. Aynan Leps kabilarning koʻmagi tufayli kecha tunda rus qoʻshini Lvov shahrida uxlab yotgan tinch aholining uylariga hujum qilib, koʻplab bolalar va kattalarni oʻldirdi va oʻldirishda davom etmoqda.
Afsuski, Leps kabilarning konsertiga kirish yana koʻplab begunoh odamlarning oʻldirilishiga yoʻl ochib beradi. Shu bois aqli raso, gumanist har bir inson bu zulmga qarshi chiqa olmagan taqdirda ham unga qoʻshilish, sherik boʻlishdan tiyilmogʻi lozim.
Zafarbek Solijonov fikricha, vazirlik hisobiga Bahodir Ahmedovni deb bitta “jyoltaya kartochka” yozildi. “Lepsni unutamiz, biroq vazir oʻrinbosari Bahodir Ahmedov “qalbimiz”da yashaydi. Ogʻriqli boʻldi”, deydi u.
Eslatib oʻtamiz, Ukrainaga bosqin boshlanganidan beri Rossiyadan urush targʻibotchisi boʻlgan bir qancha “sanʼatkor”lar mamlakatimizga kelib, yosh isteʼdodlarimizga mahorat darslari oʻtib ketishdi. Toshkentda Z-artistlar ishtirokida oʻtkazilishi moʻljallangan “Jara” festivali esa oʻzbekistonlik faollar noroziligi ortidan bekor qilindi. Shu yilning sentyabr oyida tashkil etilajak Toshkent kinofestivaliga ham Rossiyadan katta delegatsiya kelishi kutilmoqda. Umid qilamizki, ularning orasida urush yalovbardorlari boʻlmaydi.
Maftuna ABDUSHUKUROVA tayyorladi.
Oyina.uz
«Oyina.uz»ning Telegram'dagi rasmiy kanaliga aʼzo boʻling!
Falsafa
Jarayon
San’at
Vatandosh
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q