
Hindistondagi Tutikorin shahrida sifatli ta’limdan uzilib qolgan yoshlarning o‘qishga qiziqishini oshirish uchun sartarosh Ponmariappan ajoyib g‘oya o‘ylab topdi.
U sartaroshxonasida navbat kutayotgan mijozlar uchun mo‘jazgina kutubxona tashkil qildi va “Kitob o‘qiganga 30 foiz chegirma”, deb yozib qo‘ydi. Hozirda 40 yoshli sartarosh bir vaqtlar moliyaviy yetishmovchilik tufayli 8-sinfdayoq maktabni tashlashga majbur bo‘lgan. Ammo badiiy mutolaani kanda qilmadi. Keyinchalik kitob yig‘ish va sartaroshxonasida namoyish qilish g‘oyasi tug‘ildi. Bilimga chanqoqligi bois o‘z ishini ta’lim bilan bog‘ladi. Ponmariappanning kutubxonasida audiokitoblar ham mavjud, mijozlar taniqli shaxslarning nutqlarini eshitishlari mumkin.
– Men oliy ma’lumotli bo‘la olmadim, sizda esa hali imkon bor. Katta idoralarda ishlash bolalikdan orzuyim edi. Ammo yetishmovchilik sababli maqsadlarimdan voz kechishga majbur bo‘ldim. Sartaroshxonani ochgan kunim esa qanday qilib bo‘lsa ham tirikchiligimni ta’lim bilan bog‘lashga niyat qildim, – deydi sartarosh Ponmariappan.
Kun bo‘yi maktabda kitob o‘qib, sartaroshxonada ham dars qilamizmi, deya tashabbusga qarshi chiqqan yoshlar ham topildi. 30 foizli chegirma esa ularni bu fikrdan qaytishiga sabab bo‘ldi. Kutubxonadan foydalanishning yana bir sharti – har bir mijoz o‘qigan asari haqida maxsus qaydnomaga taassurotini yozib qo‘yishi kerak. “Bu daftardagi fikrlar asarni o‘qishga boshqalarni ham qiziqtiradi”, deydi u.
Ponmariappanning xalq kutubxonasi sakkiz yil ilgari 250 ta kitob bilan faoliyatini boshlagan, hozirda asarlar soni mingtadan oshdi. Ezgu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash maqsadida beg‘araz kitob sovg‘a qiladiganlar ham ko‘paydi. Hozirda kitobxonlarga qulaylik yaratish uchun kitoblarni uyda o‘qishga berib turish ham yo‘lga qo‘yilgan, deb xabar beradi “The times of India” nashri.
Zulxumor ORIFJONOVA
Falsafa
Jarayon
San’at
Vatandosh
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q