Bu voqealarni biron o‘n yillar o‘tgach yozsam kerak, deb o‘ylagandim. Yodga tushganda goh ko‘ngil yorishib, goh tundlashib, ba’zan kulib, ba’zan mahzun bo‘lib eslanadigan o‘sha kunlar chorak asrlik hayotimda alohida bir davr bo‘lib qoldi.
Mahmud Sa’diy, “Ma’rifat” va kamina… Bu bog‘lanishda, albatta, “Ma’rifat” o‘rtada bo‘ladi. Chunki bu gazeta bo‘lmaganda, o‘zbek tahrir san’atining mumtoz vakili Sa’diy domlaning suhbatida bo‘lolmasdim. Balki bir kuni bu gigant insonning qarshisidan chiqardim, lekin buning ustoz uchun hech ahamiyati bo‘lmasdi. Abdulla Orif aytganidek, “zarra buyuklikka urilar, ammo buyuklik zarraga urilmas ekan”.
“Kuryer” filmini ko‘rganmisiz?”
U kunlar xalqaro jurnalistika fakultetining biror tilni bilmaydigan, qo‘lidan qog‘oz qoralashdan boshqa hech narsa kelmaydigan, hatto shuginani ham eplab bajara olmaydigan talabasining shahri Toshkanda kun ko‘rib qolish xayoli zamonaviy Don Kixot haqidagi biron rivoyatga yaxshi boshlanma bo‘lardi. Albatta, uni tarbiya qilsa, biron nima chiqarish mumkin. Lekin qani bir himmati baland tarbiyachi? Bir kuni qaysidir o‘qituvchi bilib yo bilmay, haqiqatni anglatib qo‘ydi. “Universitet senga ta’lim berishga majbur emas, seni yo‘naltiradi, xolos”. Shundan keyingina izillab yo‘l izlash boshlandi.
Matbuotchilar ko‘chasidagi 32-binoning kiraverishida ro‘yxatxonasidan o‘tib, liftda 4-qavatga ko‘tarilganimda bu o‘sha – izillab izlangan yo‘l ekanini bilgandim, desam lof bo‘ladi.
“Nega “Ma’rifat”ga ishga kirmoqchisiz?”
“Matbuotga qiziqaman”.
“Talabalar odatda televizorda chiqishga ishqivoz bo‘lardi…”
Bosh muharrir suhbatidan chiqqan kaminaga gazeta mas’ul kotibi ilk so‘zini: “Kuryer” degan filmni ko‘rganmisiz?” – deb boshlagandi. – Ko‘rish kerak!”
Darsga borishdan oldin yarim tunda nashrdan chiqqan gazetaning bir necha nusxasini muassis bo‘lmish vazirlikka eltaman. Keyin xatlar, tashkilotlarga murojaatlar degandek… Xullas, ishim uncha qiyin emas. Bo‘sh vaqtlarda gazeta taxlamlarini varaqlayman, kitob o‘qiyman, hushimga kelgan narsani yozaman. Xullas, bir talaba uchun bu sharoit – komfort!
O‘shanda “Ma’rifat”ning jurnalistlar orasida obro‘si ancha yuqori, bu yerda ishlash darslarda ham biroz yengillik berardi. “Ma’rifat” haqida gapirilganda “maktabi bor” degan ta’rif ko‘p ishlatiladi. Aynan shu maktab meni o‘ziga tortgani, oliy ta’limdan izlagan narsalarimni o‘sha maktabdan topganim unga ixlosimni oshirganini his qilaman. Bu maktab to‘g‘ri kelgan talabani qabul qilavermas, u yerga tayyor jurnalist bo‘lib borib, yana ham yuksalish mumkin edi. Shu sabab “yugurdaklik”ka ham jurnalistik qiziqishi bor bo‘lgan, “gazeta qog‘ozini hidlab maza qiladigan” xodimni ishga olib, “qozonida pishirib”, ijodkor mutaxassis sifatida o‘zida olib qolardi. Xullas, bu dargohga kaminaning kirib kelishi matbuotning kuchga to‘lgan, lekin chegaralari aniq belgilangan davriga, ketishi esa uning nufuzi pasayib, ammo so‘z erkinligi kengroq berilgan davrga to‘g‘ri keldi.
“Sen “jontoq” ham nimadir yozsang kerak…”
U paytda Mahmud Sa’diy degan nomnigina bilardik, xolos. Bir kuni qo‘limga domlaning 70 yillik yubileyi arafasida tayyorlangan “Qadr” nomli kitob tushib qoldi. Unda Mahmud Sa’diyga berilgan qator e’tiroflar orasidan “tahrir san’atining so‘nggi mogikani” degani shuurimda qolib ketdi.
Omadsizlikni qarang, ustoz xalqaro jurnalistika fakultetidan ketgandan so‘ng o‘qishga kirdik. Omadni qarangki, ustoz “Ma’rifat”ga ishga kelganlarida shu yerda edik.
Niyatim – gazetaning adabiyot bo‘limiga ishga o‘tish. Shu sabab ham boshqa bo‘limga o‘tishni paysalga solib, “kuryerlik” xurjunini bo‘yinga ilib uzoq qolib ketdim. Aslida bunga ayrim sarkashliklarim ham sabab bo‘lgan. O‘sha kunlarda Sa’diy domla adabiyot bo‘limiga muharrir bo‘lib keldi. Shunday qilib, “Sa’diyli” kunlar boshlandi.
Ustoz meni bir kuryer deb bilar, lekin yozganlarimni ko‘rsatishga botinmasdim, deyolmayman. Sa’diy domlaning yonidan odam arimas, o‘zi ham qaysidir nimalarningdir tahriri bilan band bo‘lardi. Keyin bilsam, ularning aksari ishi tushganda bir kelib-ketuvchi “shogirdlar” ekan.
Bir kuni menga “sen “jontoq” ham nimadir yozsang kerak” deganidan quvongandim. Balki, birov aytgandir, lekin o‘shanda ustoz nazdida “nimadir yozadigan odam” deb atalish kaminaga xush yoqqani rost.
Keyin bir voqea bo‘ldi-yu, Mahmud Sa’diyga otning qashqasidek tanilib oldim…
“Sendan yaxshi olim chiqadi, “kavlash”ga usta ekansan…”
Ba’zan gazeta chiqadigan kunlari musahhihlarga yordam berish chekimga tushardi. “Adabiyotga bag‘ishlangan sahifada ustozning “Gurung” degan rukni bo‘lib, unda kishini bir o‘qishda o‘ziga tortib oladigan kichik-kichik hikoyalar, ibratli voqealar, adabiy ma’lumotlar o‘rin olgan. Qo‘limga shu sahifa tushdi. Boshidan o‘qiy ketdim. Sahifa oxirrog‘idagi bir mumtoz asardan berilgan parchani o‘qib, ikkilanib qoldim. Misralar tanish – asar nomi boshqa. Abituriyentlikda test degan marosimga tayyorlanish uchun yodlagan ma’lumotlarimga tayanib, uni o‘zgartirib qo‘ydim va tuzatishga berib yubordim.
Birozdan so‘ng musahhihlar xonasiga ustozning yaqin shogirdi jiddiy qiyofada kirib keldi: “Bu sahifani kim o‘zgartirdi?”. Ular meni ko‘rsatishgach, ustozning yoniga birga kirdik.
“Buni sen o‘zgartirdingmi?”
“Ha, lekin…”
“Sen o‘zgartirdingmi?”
“Men”.
“Nega o‘zgartirasan?”
“Shunday o‘qiganman”.
“Qayda o‘qigansan?”
“Darslikda”.
“Uni yozganlarning ham ahvolini bilaman”.
“Lekin... ustoz, shunday yozilgan…”
Odamzod o‘zi ishongan bir burda haqiqatdan boshqasini tan olmaydigan mavjudot emasmi, aybginamni tan olavermadim. Domla tortmadan eski bir kitobni oldi. Muallifi – “Hayitmetov”.
“Shu odamdan bilimdonmisan?”
“Lekin…”
“Xo‘p, ko‘p o‘qigan ekansan, men bilmas ekanman, shu kitobning muallifiga ishonarsan…”
“Uzr, ustoz, adashibman…”
Bu yerda ustozning qaysarligi bilan kaminaning qaysarligi to‘qnashgan edi. Taslim bo‘lganim bilan ichimda o‘zimning haqligimga ishonchim komil, buni ustoz yuzimdan sezib turardi.
Hammasi shu bilan tugasa, qaniydi. Ertasiga bir para darsga xayr-ma’zurni nasiya qilib, milliy kutubxonaga yo‘l oldim. “O‘zbek adabiyoti tarixi” degan 3 tomlik kitobdan kechagi bahsga sabab bo‘lgan muallif va asarlardan parchalardan nusxa oldim. Mualliflar ro‘yxati, taqrizchilar ham qolmadi. Haqligimga isbot topganimdan xursand bo‘lib, tahririyatga yo‘rg‘aladim.
Sa’diy domlaning xonasiga odob bilan kirib, qo‘limdagi qog‘ozlarni stolga qo‘ydim. Kechagi o‘zgarishlarni atay qilmaganimni, ishonganim uchun qilganimni tushuntirmoqchi bo‘ldim. Ustozning avzoyi buzildi, lekin gaplarimni diqqat bilan eshitib bo‘lib, sekin so‘z boshladi:
“Senga maslahatim, ilm yo‘lidan ket …”
Bu maqtovmi, biror narsaga sha’mami, bilolmay qoldim. Ustoz so‘zini yana takrorladi:
“Sendan yaxshi olim chiqadi, “kavlash”ga juda usta ekansan…”
Adabiyot bo‘limidan suvga tushgan mushukday chiqib, kechga qadar boshqa mashg‘ulotlar bilan band bo‘ldim. Ertasi kuni ishxonaga kelsam, hamma menga boshqacha qarash qilyapti. Bosh muharrir o‘rinbosari kulib qarshi oldi:
“Tabriklaymiz, buyuk Mahmud Sa’diy bilan jangdan omon chiqibsiz”.
Ustoz men bilan bo‘lgan voqeadan keyin mas’ul kotib, bosh muharrir o‘rinbosari va bosh muharrirning yoniga kirgan. “Nega gazeta an’anasini, xodimlarning vazifasini bilmaydigan bolani bu yerga olib kelgansizlar”, deb norozi bo‘lgan.
Bunga asos shuki, musahhih bo‘lim muharriridan chiqqan sahifani tahrirlashga haqqi yo‘q, u faqat texnik xatolar uchun mas’ul. Aksiga olib, kamina o‘zgartirgan o‘sha mash’um sahifani muharrir o‘rinbosari ham, bosh muharrir ham o‘qigan. Mahmud Sa’diy mas’ul bo‘lgan sahifaga hech kim qalam tekkizishga haddi sig‘mas ekan (albatta, kaminadan bo‘lak).
Shunday qilib, adabiyot bo‘limida Sa’diy domla bilan ishlash orzusi bir muddat ortga surildi.
Bu voqealar menga darsliklarda va boshqa kitoblarda faqat haqiqat yozilmasligi, dars va ma’ruzalardan tashqarida beriladigan muhim bilimlar ham borligini, ijodkor o‘z haqiqatini topish uchun ularning barchasini mustaqil tahlil qilishi shart ekanini o‘rgatdi.
Vazirlar ko‘p, Mahmud Sa’diy bitta!
O‘sha kunlari “majburiy obunaga qarshi kurash” bahonasida boshlangan harakatlar sabab o‘zbek matbuotida bir silkinish bo‘lgandi, chamamda.
Aslida “Ma’rifat” kabi nashrlarning obunasi ortidan pul ishlashga o‘rganib qolgan rahbarchalar nashr narxi ustiga o‘z narxini ham qo‘yib olishi, butun matbuotni el ko‘ziga, hatto matbuotdan tashqaridagi jurnalistlar ko‘ziga ham olabo‘ji ko‘rsatib qo‘ygan.
Xullas, o‘sha paytda yangi kelgan rahbar ta’lim tizimidan majburiy obunani yo‘q qilishga bel bog‘ladi. Buning chorasi sifatida esa ta’lim nashrlarining yagona boshqaruv ostida birlashishini ko‘rdi. Bu bir qarashda soha nashrlarini qo‘llashga o‘xshar, lekin uning tagida, ehtimol, rahbarga ham ayon bo‘lmagan manfaatlar bor edi. Unga ayrim tahririyatlar qarshi bo‘ldi, chunki bu shundoq ham haminqadar bo‘lgan erkinlikni to‘la-to‘kis bo‘g‘ib qo‘ya qolardi.
Asli “internet kishisi” bo‘lgan yangi rahbar bu o‘zboshimchalikka qarshi “Ma’rifat” o‘z kunini o‘zi ko‘rsin unda, degan qarashda bo‘ldi. Hatto “Ma’rifat”ga obuna uyushtirgan maktab direktorlarini ishdan olishgacha bordi.
Tahririyatga esa o‘qituvchilardan “nega bizning maktabimizga “Ma’rifat” kelmay qo‘ydi” degan savollar, hatto aybnomalar kelardi. Buning sababi esa ularning shunchaki gazetaga obuna bo‘lmagani, ularga hech kim “obuna bo‘lmasang gazeta kelmaydi” deb aytmagani. Xullas, bu yog‘i – yashab qolish uchun kurash. Mamlakatning eng nufuzli 3 ta nashridan biri bo‘lgan gazeta tiraji shu taxlit kamayib ketdi.
Shunday paytda ustoz Mahmud Sa’diy imzosi bilan “XXI asr” gazetasida bir maqola chop etildi. Unda chet elda tahsil olgan rahbarning gazeta o‘qimasligi, holbuki, birorta rivojlangan mamlakatda gazeta eskilik belgisi deb qaralmasligi, aksincha, madaniy hayotning ajralmas qismi sifatida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi haqida so‘z borardi.
Demokratligi e’tirof etilgan yangi rahbar “Mahmud Sa’diy deganlari mening ishchanlik obro‘yimga putur yetkazdi” deya sudga murojaat qildi. Bu yoqda esa vazir komandasidagilar matbuotchilarga qarshi kampaniyani boshlab yubordi. Hatto muhokamalar chog‘ida “matbuotda obuna orqali oila boqayotganlar bolasiga harom luqma olib boryapti” deb yozgan hamkasblarimiz ham bo‘ldi...
“Facebook” tarmog‘ining ajoyib funksiyasi bor. Yillar avval yozilgan fikrlaringizni bot-bot eslatib turadi. Uning eslatishicha, kamina voqealar boshlanishiga sabab bo‘lgan tahririyatni davlat unitar korxonasi(DUK)ga aylantirish taklifiga kinoya qilib “Duk! Duk! Duk! Matbuotga yana bir hujum!” degan allambalo chiqishlar qilgan ekanman.
Bo‘layotgan hujumlarga qarshi internetda “jangga” kirishib ketdik. O‘sha paytlari ustozning menga munosabati biroz iligandek tuyuldi. Ustozning yaqin shogirdi: “Bu bola falon narsani yozib chiqibdi kecha, ijtimoiy tarmoqda sizga tosh otayotganlar bilan bahslashib yuribdi”, deb yonimni olib ko‘rganda, Sa’diy domla: “Menga qara, polvon, bu avval sening joyingni, keyin mening o‘rnimni egallamoqchi”, deganini kulib aytib bergandi. O‘shanda kaminaning surbetligi ustozning qalbiga qanchalik og‘ir botganini his qilganman…
Sud jarayoni arafasida Sa’diy domla shifoxonada davolanishiga to‘g‘ri keldi. O‘shanday holatda ham: “Vazir sudda yutib chiqsa, jurnalist bilan sudlashgan vazir degan nom oladi, men nari borsa 2-3 mln jarima to‘layman. Agar yengilsa, jurnalistdan yengilgan amaldor bo‘lib sharmanda bo‘ladi”, degandi.
Aslida vazir Mahmud Sa’diyni oddiy bir jurnalist deb o‘ylagan. Agar u suddan da’vosini qaytib olmasa edi, o‘zbek jurnalistikasining yuzlab zabardast vakillarining ustozi bilan o‘chakishib qolganini yaxshilab tushuntirib qo‘yishgan bo‘lardi…
“Yaxshilik jazosiz qolmaydi”
Bu – donishmand xalqning donishmand vakili bizga qoldirgan maqol! Bu iqrorga ustozning “yaxshilik qil, suvga ot…” qabilidagi fe’li bilan birga sevimli hunari bo‘lmish muharrirlikka sadoqati ham sabab bo‘lgan, deb o‘ylayman.
O‘zi yoqtirmagan, hatto o‘ziga yomonlik qilgan insonlarning ham yaxshi maqolasi, asari bo‘lsa, uni tahrir qilib, chop ettiraverardi. Bu holat men bilan ham sodir bo‘lgan...
Ustozning “qora ro‘yxati”ga tushgan kezlarim.
Yoshlar orasida tilga tushgan, ustozlarning mehrini qozongan sof qalbli shoira opam Baxtiniso Mahmudova Turkiyada operatsiyadan so‘ng vafot etgani haqidagi shum xabar keldi. Butun tengoshlari, uni bilgan har bir inson shoiraning davolanishi uchun hissa qo‘shishga uringandi. Universitetlarda aksiyalar o‘tkazilib, hatto hofiz Shuhrat Daryo xayriya konsert tadbirlari tashkillashtirib, operatsiya uchun zarur mablag‘ to‘plangan edi. Lekin so‘ngida bu qora xabar… Shoiraning, uning sog‘ayishi uchun kurashganlarning hurmati bir xotira ocherki boshladim. “Xotira” rukni bilan sarlavhasiga opaning o‘z she’ridan bir misrani olib “Men baxt emas, Baxtinisoman” deb yozib, Adabiyot bo‘limiga kirib bordim. Ustoz stolga o‘mganini tirab, nimanidir tahrirlardi. Niyatimni aytib, materialni ko‘rsatdim. Menga biroz qarab turdi-da, yoniga o‘tqizdi va “birga o‘qiymiz” dedi.
Bir tomondan oradagi muz ko‘chganiga, boshqa tomondan kimsan Mahmud Sa’diyning tahriridan bahramand bo‘lishimni o‘ylab xursand edim.
“Rukn: “Xotira”. Buni “Marsiya” deymiz…”
Birdan bu maqola marsiya emas, xotira-ku, degan o‘y keldi. Tilginamni tiydim.
Ustoz o‘ylaganimni sezgandek izoh berdi:
“Marsiya” degan rukn yo‘qolib ketdi. Bu maqola bilan gazetada bitta ruknni qayta tiklagan bo‘lasan…”
Shu tarzda maqolani sabr bilan va qalam bilan chizgancha o‘qib chiqdi. Ba’zi joylarda fikrlarini bildirdi. Umuman, aytmoqchi bo‘lgan hech bir fikrimga jiddiy e’tiroz bo‘lmadi. Ocherk o‘sha sonda gazetada chop etildi.
Hoynahoy, ustoz bu yaxshiligining ham jazosiz qolmasligiga ishonchi komil edi…
***
Sa’diy domla bilan ishlash niyatimni oxiri bosh muharrir Husan Karvonliga bildirdim. Meni yetaklab ustozning yoniga olib kirdi:
“Ustoz, qo‘l ostingizga yosh xodimimizni topshirmoqchimiz”.
“Yaxshi, lekin men bu bolani ishga olmayman, buning bir odati bor “kavlashga moyil…”
“Siz bir sinab ko‘ring, eplay olmasa…”
“Bo‘pti, sinab ko‘ramiz, eplay olmasa… javobini beramiz”.
Shunday qilib ustozning qo‘l ostida ish boshladim.
Boshda menga berilgan topshiriqlarni qaytadan tekshirtirib olar edi. Keyinchalik ishonch paydo bo‘ldi, shekilli, erkin mavzularda nimalar yozmoqchiligimni so‘raydigan bo‘ldi.
“Bu yo‘lda ketmoqchi bo‘lsang, jiddiy ishlar boshla. Ismingni matbuotda muhrlaydigan turkum maqolalar qil”, deb tavsiyalar berdi… Ammo kamina tanbal janoblari bu tavsiyalar bo‘yicha biror nima qoralashga hafsala qilmadim, jur’at qilmadim…
Bora-bora “Gurung” sahifasi uchun materiallar terib berish ham kaminaga ishonib topshirila boshlandi. Bu – “buyuk muzlik davri”ning yakuni edi.
***
“Ustoz, falonchi shoir qanday?”, deb so‘rayman. “U shoir emas, sobiq shoir! O‘zini tutib qolganida o‘zbekning zo‘r shoiri bo‘lishi mumkin edi”, deb she’rlarini o‘qib esimni tanigan ulug‘ shoirni “shirin so‘zlar” bilan siylay ketadi.
“Ustoz, bu shoirga nima deysiz?”, deyman. “Ha-a, u tuzuk. Lekin oxirgi yozganlarida chalg‘ib ketgan”, deb baho beradi kamina e’tiqodi butun shoir deb ixlos qo‘ygan zotga.
“Ustoz, mana bu shoirning nimasi yaxshi?”, “U erkak shoir! Hozir bunaqalar kam” deydi.
Sa’diy domla ijodkorning yozganiga emas, shaxsiga qarab baho berardi. Shaxsida kemtiklik ko‘rgan yozguvchini adib qatoriga qo‘shmagan. Ijodkor shaxsiyatiga u olgan mukofotlar, egallagan lavozimlar, hatto chiqargan kitoblari-yu yozgan asarlari bilan ham baho berib bo‘lmasligini, ijodkorning, ustoz aytmoqchi “grajdan”ligi, e’tiqodidan og‘ishmay yashashi va ijod qilishi bilangina baho berish mumkinligini Mahmud Sa’diy domlaning tutumidan angladim.
“Esingdan chiqarma, eng pastkash ijodkorning ham hech bo‘lmasa bitta sof asari bo‘ladi. Chunki odam doim ham yomon bo‘lib yasholmaydi. Qalbiga bir lahzaga yorug‘lik kirib kelganda, go‘zal asar yozib qo‘yishi mumkin. Bu asarlarni inkor etib bo‘lmaydi...” Bu – Mahmud Sa’diy bergan yana bir saboq!
Duosi ham tahrir
Bu endi ustozning yaqin shogirdi “polvon”ning latifasi. Bu hangomani u aytib bergandi:
Sa’diy domlaning yoniga shogirdi, mahoratli muharrir Halim Sayid keladi. Turli mavzularda suhbatlardan keyin Halim domla “ustoz, bir duo qiling” deb ketishga izn so‘raydi. Sa’diy domla duoga qo‘l ochib, so‘z boshlaydi va gap o‘rtasida bir nima esiga tushib qoladi: “Ha, aytgancha, “Qrim” emas “Qirim” deb yozilar ekan…”
“Ustoz, sizning duongiz ham tahrir-ey”, deb Halim Sayid yuziga fotiha tortadi.
“Diplom qiz bolami, himoya qilasan?”
Bakalavr diplom ishini yoqlash arafasida edim. Ilmiy ishga tashqi taqrizchi kerak, mavzu – shoirlar publitsistikasi.
“Ustoz, diplom himoya qilayotgan edim…”
“Diplom qiz bolami, himoya qilasan, “yoqlayman”, de…”
“Opponent kerak deyishyapti”.
“Bo‘laman”.
Ishni yozdim-u, undan muhimroq ishlarga e’tibor qilmagan ekanman. Ya’nikim, uni qanday chop etish, muqovasining rangi qanday bo‘lishi, varaqning chapi-yu o‘ngi, tepa-yu pastidan necha santimetr joy qolishi, ishning elektron taqdimot varianti… kabilar xotirdan faromush bo‘lmish. Ammo pinak buzmasdan “bu dargohdan hech kim norizo bo‘lib ketmasligiga” qat’iy ishonib yurgan chog‘im telefon jiringlaydi: “Qayerga borish kerak?”
Mahmud Sa’diy kaminaning diplom imtihonida ishtirok etadi. Ana obro‘! O‘zi ishlagan barcha ishxonalarga butun umr peshindan keyin borishiga hammani ko‘ndirgan, odatlantirgan ustoz soat 13:00 da Jahon tillari universitetiga keldi.
Elektron taqdimotlarsiz, og‘zaki suhbat asosida mavzuni ochib berishga harakat qildim. Savollar bo‘ldi, javoblar bo‘ldi.
Taqdimot nihoyasida to‘rt yillik oliy ta’limning oxirgi imtihonidan so‘ng talabalar xayrlashuv va minnatdorlik so‘zlarini goh hayajon, goh ko‘zda yosh bilan izhor qilish odati bor. Kaminaga ham bu baxt nasib qildi. Past ovozda “odob bilan” boshlagan so‘zim, hay’at a’zolariga yoqmasligi tayin edi. Ammo nachora, har bir fikr aytilishga mahkum:
“Hamma o‘qishni tugatayotganidan afsusda ekanini aytyapti. Men bu tizimdan chiqib ketayotganimdan xursandman. Bizda to‘rt yilda ko‘proq natijaga erishish, sohani chuqurroq egallash imkoni bor edi. Lekin bunga tizimning o‘zi to‘sqinlik qildi. Oliy ta’limni yomon ko‘rishimni hamma kursdoshlarim, hatto ustozlarim ham biladi. To‘g‘ri, bu yerda ko‘p yaxshi insonlar bor, ularning bizga katta mehnati singdi. Men umrimizni o‘g‘irlagan tizimdan noroziman. Bu yerda kimdandir bor bilimni ololmadik, kimdir bizga kerak bilimni bera olmadi. Ularga rahmat aytish kerak. Lekin qanday qilib…”
Shu joyda yig‘ilganlardan biri hazil aralash: “Bu yigit hech kimga rahmat aytmaydiganga o‘xshaydi”, deb yubordi. Zalda kulgu ko‘tarildi. “Biz unga ko‘nikkanmiz”, dedi fakultet dekani…
Shu tarzdagi sarkashlikdan so‘ng taqrizchim – ustoz Mahmud Sa’diyga so‘z berildi:
“Men bu bolani yomon ko‘rardim. Hatto ishga olinishiga ham qarshilik qilganman. Bosh muharrir “eplolmasa javobini beramiz” degach, rozi bo‘lgandim. Odamni yuz-ko‘zidan, gap-so‘zidan tanib bo‘lmaydi. Qachon u bilan yaqin bo‘lsang, uni bir muddat kuzatsang, uning fikr-u zikrini bilsang, “o‘sha odamni taniyman” desang bo‘ladi. Bu bola uchta shoirning publitsistikasini o‘rganibdi. Uchchovini ham yaxshi bilaman. Har biri o‘rganishga arziydi. Bu yerda o‘tirganlarning ham hammasini bilaman. Shuning uchun bu talabaga eng yuqori ball qo‘yishlarini talab qilaman...”
Shunday qilib diplom ishi eng yuqori ball bilan yoqlandi.
Endi butun kunni ustoz bilan ishlab o‘tkazishim mumkin edi. Lekin bu ham nasib qilmadi, Sa’diy domla og‘irlashib qoldi… Ustoz bilan birga matbuotning ahvoli ham og‘irlashib borayotgan edi…
***
Endi bor gapni kim aytadi?
2019-yil. 23-noyabr…
Sa’diy domla ijodkor qanday yashashini, qanday kurashishini isbotlagan shaxs edi. Na mansab, na shon-shuhratga intildi. “Qullik psixologiyasi” haqida yozishni taqiqlashgani uchun dissertatsiyani ham tashlab ketganini aytgandi. Ko‘nglidagi haqiqatdan boshqasini tilga olmagan, u haqiqat boshiga balo bo‘lsa ham prinsipidan og‘ishmaydigan “qizil kitob”dagi SHAXSlardan biri edi.
Shunday, hammasi shunday.
Vazir bilan sudlashganda ham matbuot uchun shu kurash kerakligini bilgani uchun o‘zini chetga olmadi. Bu jurnalistikamizning yangi davri uchun ilk qadam edi. Bu, mana, men boshladim, degani edi.
Qancha-qancha “jontoq” va “jonqovul”lar shu insonning soyasida ijod va hayotdan dars oldi. So‘z xor bo‘layotgan, iflos tillarda toptalayotgan, yaloqxo‘rlik uchun adabiyot qurbon qilinayotgan zamonda yana bitta ustunning qulashi qanday og‘irligini anglayapmizmi?
Biror rahbarning adabiyot, jurnalistika, umuman, ziyolilar davrasi bilan tanish-tanishmasligi Mahmud Sa’diyni bilish-bilmasligiga bog‘liq edi. Chunki u uzoqdan ko‘rinmaydi. U adabiy jarayonning ortida turadi. Kimning qanday yozgani, qanday xato qilgani, so‘zi va o‘zi birligi, qachondan boshlab yo‘ldan og‘a boshlaganini Sa’diy domla bilardi. Ularga o‘xshab qolmaslikni uqtirardi.
Adabiyotdan gap ketganda o‘ziga dushmanlik qilgan odamning ham yaxshi asari bo‘lsa, albatta, e’tirof etardi: “bor gapni aytish kerak”. Hozirgi adabiyotning, jurnalistikaning asl konsepsiyasi shu: BOR GAPNI AYTISH KERAK. O‘z boshingga balo bo‘lsa ham, hamma yomon ko‘rsa ham bor gapni aytish kerak... Endi bor gapni kim aytadi? Kim Sa’diy bo‘ladi?
***
“Ma’rifat”da marhum ustozning kitoblarini taxlayapmiz. Tahririyatda qolgan narsalarini uylariga eltib berishga…
Qo‘limga bir kitobcha tushib qoldi. Muallifi – “Hayitmetov”. Mening Sa’diy domladan bir yildan ko‘p ayri yurishimga sabab bo‘lgan kitob. Ustozning o‘sha ilmoqli jumlasi yodimga tushib, yuzimga tabassum yoyildi: “sen bola kavlashga usta ekansan…”
Taqdir aylanib, o‘zim ishlashni orzu qilgan Adabiyot bo‘limiga bir necha oy bo‘lim muharriri bo‘lish nasib qildi. Shunda ustozning o‘sha shogirdi bilan avvalgi hangomalarni esladik: “Polvon, bu avval sening joyingni, keyin mening o‘rnimni mo‘ljallagan…”
Yo‘q, Ustozjon, sizning o‘rningizni to‘ldiradigan odam yo‘q. Kim o‘zining nomini butun umr kitoblar orasiga yashirib, boshqalarni mashhur qilib o‘tadi? Kim yoshlarga o‘zini topib olishi uchun, achchiq bo‘lsa ham rost so‘zlarni so‘zlaydi. Kim e’tiqodidan qaytgan, adabiyotga xiyonat qilgan, so‘zni amal va mansab uchun sotganlarning yuziga qarab, bor gapni aytadi?
Adabiyotda, matbuotda, ta’limda, umuman butun ma’naviy maydonda bunday odamni ko‘rmadim...
Suhrob ZIYO
“Ma’rifat” gazetasi, 2023-yil 5-iyul 27-son.
“Mahmud Sa’diy, “Ma’rifat” va kamina” maqolasi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q