Sobiq masjid qorisi, jahon yulduzi – Muhiddin qori Yoqubov nima uchun sho‘ro hukumatiga dushmanlikda ayblangan?


Saqlash
01:07 / 05.07.2023 1495 1

O‘zbek xalqining ulug‘ farzandlaridan biri Muhiddin qori Yoqubov haqida bitilgan maqolalarda asosan uning tengsiz iqtidori va samarali faoliyati ta’riflanadi. Shubhasiz, u birinchi o‘zbek bariton-xonandasi, O‘zbek filarmoniyasining tashkilotchisi va badiiy rahbari. Shuningdek, O‘zbek qo‘shiq va raqs ansambllari tashkilotchisi hamda badiiy rahbari, o‘zbek musiqali teatrining tashkilotchisi, rejissori va artisti, o‘zbek opera studiyasining tashkilotchisi va badiiy rahbari, birinchi o‘zbek opera va balet teatrining tashkilotchisi va artistidir. Qolaversa, son-sanoqsiz medal-u ordenlar sohibi, Turkiston Respublikasining birinchi xalq hofizi (1923), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sanat arbobi (1930), O‘zbekiston xalq artisti (1936) unvonlarini olgani ham rost. Lekin, unga doimiy kuch bergan dard, iztirob va keyinchalik sho‘ro hukumatining dushmani deb topilishiga sabab bo‘lgan omillar haqida lom-mim deyilmagan. Quyida Muhiddin qori Yoqubov hayot yo‘lining shu jihatlariga to‘xtalamiz.

 

Muhiddin qori Yoqubov 1896-yil may oyida Farg‘ona shahrida dunyoga keladi. Uning otasi Muhammad Yoqub Salim o‘g‘li o‘zi yashagan Yangichek mahallasidagi Orifjonboy masjidining imomi bo‘lgan. Ayni vaqtda masjid qoshidagi maktabda dars bergan. 1898-yilda Dukchi eshon qo‘zg‘olonida ishtirok etib, qo‘zg‘olon Chor hukumati tomonidan shafqatsizlarcha bostirilgan. Yuzlab kishilar dorga osilgan. Mingtepadan qochib ulgurgan Muhammad Yoqub Salim o‘g‘li vosvos xastaligiga duchor bo‘lib, ko‘p o‘tmay vafot etadi. Ikki yoshida otasidan yetim qolgan Muhiddinjon o‘gay ota qo‘lida tarbiyalana boshlaydi.

 

Muhiddin 1904-1905-yillar Orifjonboy masjididagi maktabda o‘qiydi. 1908-yildan maktab qoshidagi qorixonaga qatnab, Qur’oni karimni yod olishga kirishadi. 1910-yildan Orifjonboy masjidida turli diniy marosimlarning o‘tkazilishida qori sifatida xizmat qiladi. O‘tkir zehni, yoqimli ovozi bilan tez orada el og‘ziga tushgan Muhiddin qori otasining do‘stlari, Farg‘onaning taniqli insonlari Orifjonboy, Rajabboy, Qalandar devonaboylar davrasida kamol topdi. 1916-yil mardikorlikka olish voqealari va unga qarshi xalq qo‘zg‘olonining shafqatsiz bostirilishining guvohi bo‘ldi. Bu voqealar ta’sirida Muhiddin qori qalbida mustamlakachilarga qarshi cheksiz nafrat tuyg‘usi shakllandi. 1917-yil aprel-may oylarida Farg‘ona vodiysi shaharlarida birin-ketin “Sho‘royi islom” jamiyatlari tuzila boshlandi. Jadidlarning Turkistonga ozodlik talab qiluvchi g‘oyalarini eshitgan Muhiddin qori birinchilardan bo‘lib “Sho‘royi islom”ga a’zo bo‘ladi. Turkiston Muxtoriyatining e’lon qilinishi bilan Qo‘qon shahriga kelib, uning yetakchilari Obidjon Mahmudov, Mahmudxon Ahmadxonov, andijonlik Nurali mingboshi, farg‘onalik savdogarlar Mirodilboy, Shotursun, Shohaydar, Shobobo Inog‘omovlar va yaqindagina mardikorlikdan qaytib Muxtoriyat hukumati uchun kurashga bel bog‘lagan Sag‘irboyvachchalar bilan tanishadi. Muxtoriyat taklifi bilan Hodi Fayzi tomonidan ochilgan jadid-drama to‘garagiga qatnab, xalqni jangovarlikka chorlovchi turkcha marshlarni o‘rganadi.

 

 

Shundan so‘ng Hamza Hakimzoda Niyoziy rahbarligida, san’atkorlardan iborat bir nechta targ‘ibot guruhlarini tuzadilar. Hamza tashviqot guruhlarini “Musulmon yoshlar dramatik truppasi” deb nomlab, ular uchun qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlari yozardi. Muhiddin qori Yoqubov ham bir yelkasi osha “Yashasin Muxtoriyat!”, ikkinchi yelkasi osha esa “Yo‘qolsin bolsheviklar!” degan yashil lentalarni osib, Qo‘qon va Qo‘qon atrofidagi qishloqlarga borib, Mirza Davlat, turkcha marshlar kuylab aholini to‘plardi. Shu vaqt davraga hukumat vakillari yoki taniqli ulamolar chiqib Muxtoriyatni qo‘llab-quvvatlash haqida ma’ruzalar qilardi. Yig‘inlar bayramona tus olar, “Yashasin Muxtoriyat”, “Hamma hokimiyat Muxtoriyatga!” shiorlari ostida xalqni bolsheviklarga qarshi qo‘lga qurol olishga da’vat etish bilar tugardi. Afsuski, Turkiston muxtoriyati hali beshigidayoq bo‘g‘izlandi, istiqlol istagida yongan yuraklar tindi, orzular sarobga aylandi. Yarim kun qizil askarlar tomonidan to‘pga tutilgach Qo‘qon bozorlari yondirildi, arman doshnoqlarining qo‘li bilan “o‘liklar shahri”ga aylantirildi. Ko‘p o‘tmay bolsheviklarning qonli iskanjasi butun Farg‘ona vodiysini qonga botirdi.

 

Qisqa muddatda o‘z atrofiga iqtidorli yigitlarni jamlagan Muhiddin qori Yoqubov uchun endi ortga yo‘l yo‘q edi. U Quvadagi Farg‘ona qo‘rboshilari qurultoyida ishtirok etadi. Bir muddat Sag‘irboyvachcha yigitlari safida Muhammad Aminbek yigitlari orasida bo‘ldi. Qon kechib, yurt istiqloli deb jonini tikkan mard o‘g‘lonlar uchun Qur’on tilovat qilib Allohdan zafar tilar, ularning kayfiyatini ko‘tarish maqsadida kuylar edi. Avvallari u xushovoz hofiz bo‘lsa, endi uning ovoziga cheksiz dard, xalqning boshiga tushgan mislsiz xo‘rliklar ifodasi bo‘lgan mungli nola muhrlandi. Qaysi mavzuda, qaysi janrda kuylamasin xalq yurakdan chiqayotgan bu dardni osongina tuyar edi.

 

Bir paytlar Turkiston muxtoriyatining prezidiumida o‘tirgan Bo‘taboy Dadaboyev sovetlardan mansab olgach, 1919-yil boshida Turkfrontning Farg‘ona xalq puflama orkestri xodimi sifatida Muhiddin qori Yoqubovni ham yigitlari bilan “tinch hayot”ga qaytishga ko‘ndiradi. Bir muddat o‘tgach esa qahramonimiz Hamzaning 40–45 kishilik teatr truppasida Toshkentga keladi.

 

Muhiddin qori Yoqubov jadidlarning ilk teatri “Turon”da Fitrat, Gʻulom Zafariylar bilan tanishdi. “Turon”da 1919-yillarda Hamza, Mannon Uyg‘ur, Qudrat Maxzumovlar bilan Fitratning “Chin sevish”, “Abomuslim”, Gʻulom Zafariyning “Erk bolalari”, “Azizim”, “Halima” asarlarini sahnaga olib chiqdi. 1919-1920-yillar “Chig‘atoy gurungi”da Fitratning “Sharq” she’rini o‘qib qalblarni larzaga soldi. “Chig‘atoy gurungi”da Shokirjon Rahimiy, Botu, Oltoy, Bosit, Abror Hidoyatov kabi yoshlar bilan tanishib, ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

 

1921-yil Buxoroga borgan Muhiddin qori azaliy orzusi – “Masjidi Kaloni”da tilovat qiladi. Uning sehrli ovoziga guvoh bo‘lgan Fayzulla Xo‘jayev 1000 so‘m berib, o‘zbek milliy operasini yaratish uchun Italiyaga borib o‘qib kelishini tavsiya qiladi. 1922-yil “Ko‘mak” jamiyati tomonidan Moskvaga yo‘llangan yoshlar orasida Muhiddin qori Yoqubov ham bor edi. U Moskvadagi Davlat teatr san’at institutining vokal bo‘limida tahsil ola boshlaydi. Muhiddin Italiya elchixonasiga borib o‘qish istagini bildiradi, biroq sho‘ro ma’murlaridan ruxsat tegmaydi. 1922–1924-yillar Moskvada taniqli rejissor Meyerxold, Sobinov, Nejdanov, Obuxov kabi atoqli rus qo‘shiqchilari bilan tanishib, ijodiy hamkorlik qiladi. Sharq va g‘arb musiqiy qadriyatlarini qiyosiy o‘rganadi. Ayni paytda Meyerxoldning yordami bilan Sharq mehnatkashlari kommunistik universitetida adabiy-badiiy to‘garakni tashkil etadi. Bu yerda Muhiddin nafaqat Moskvaning kazo-kazolari, balki xorijiy elchilarning ham hurmatini qozonadi. Turk va afg‘on elchilari tomonidan o‘z yurtlariga taklifnomalar beriladi. Uning noyob ovozi qarshisida Moskvaning mashhur konsert zallari eshiklari ochilib ketadi. Shu tariqa bir vaqtlar masjid qorisi bo‘lgan Muhiddin qori Yoqubov o‘zbek san’ati olamiga kirib keldi va abadiy o‘rin topdi.

 

1923-yil Turkistondagi hisobot gastrol konsertlardan “Turkistonning birinchi xalq hofizi” faxriy unvoni bilan Moskvaga qaytib, o‘zbek milliy musiqiy merosini ilmiy tadqiq etishga kirishadi. 1925-yil Parijdagi Butun jahon ko‘rgazmasiga SSSRdan yuborilgan 19 nafarlik san’atkorlar guruhida ozarboyjonlardan Shavkat xonim Mamedova, qozoq oqini Amri Kashalbayev, boshqird quray chaluvchisi Esanboylar bilan Muhiddin qori Yoqubov va turmush o‘rtog‘i Tamaraxonimlar ham bor edi.

 

 

Bir oy davom etgan namoyishlarda Muhiddin va Tamaraxonim haqiqiy jahon yulduzlariga aylandilar. 1926-yil “Yer yuzi” jurnalining 6-sonida “Parijda o‘zbek san’ati” maqolasida bu haqida “O‘zbek xalq ashulachisi Muhiddin qori Yoqub o‘g‘li Parij teatrlarida o‘zbekning najot istagan, yuraklaridan chiqargan qadimgi, ohangdor navolari bilan birga hozirgi tirik kuylarini o‘zbekka xos xususiyat bilan g‘arbliklar oldida ijro etdi. Qori Yoqubning rafiqasi Tamaraxonum o‘zbek qizining o‘ynoqilag‘on onlarini (momentlarini) bundan ko‘prak g‘amgin, hasratlik kunlarini ma’nodor raqslar bilan gavdalantirdi. Muhiddin Qori va Tamaraxonimlarning qishloq yigitlari bilan qizlarining lapar aytishib, o‘ynashib yurganlarini ko‘rsatishlari har kuni yangi bir zavq istagan parijliklarda boshqacha shavq uyg‘otdi. Qishloqlarimizdagi ishqning qanchalik tabiiy va chiroylik ekani ularga yoqdi. Ashulachilarimiz olqishlar orasida sahnada qayta-qayta ko‘rilmakka majbur bo‘ldilar.

 

Ashulachilarimiz qaytarda Germaniyaning poytaxti Berlinga to‘xtadi, u yerdagi maorif vakolatxonamiz va o‘quvchilarimiz tantanalik kecha yasadilar. Bunda bir qancha muvaffaqiyatlik chiqishlarda bo‘lganlar. Muhiddin qori so‘ngra Berlinning yuqori ashula va musiqa maktabida (Filarmoniyasida) yana kattaroq muvaffaqiyatlarga erishdi. Filarmoniyadagi chiqish, albatta, avvalgilariga qaraganda katta edi. Chunki avvalgisida, ya’ni O‘zbekistonning bir yillik bayrami kechasida yuzlab xalq oldida bo‘lsa, bunisi minglab kishi qarshisida edi. Kunchiqishning qo‘pol xalqidan ham bir narsa chiqarmikin... deb o‘ltirgan minglab xalq o‘zbek ohanglarini eshitgach ixtiyorsiz qiymat berishga, uzoq olqishlamoqqa majbur bo‘ldi.

 

Albatta, bu birinchi marotaba bo‘lsa kerak, o‘zbek qo‘shig‘i va o‘yinlari Gʻarbiy Ovro‘pa xalqi oldida ijro etildi. Birinchi marotabadanoq kutilgan darajadan ortiqroq muvaffaqiyat qozondi. Berlin ashulashunoslari Muhiddin qorini huzurlarida imtihon qilib ko‘rdilar. Muhiddin Qori o‘zining Ovro‘poda o‘qish tilagi borligini bildirganda ular bunga maslahat bermadilar.

 

Muhiddin qori hozir Farg‘onada o‘zbekning yo‘qolish oldida turgan eski ashula va kuylarini to‘plamoqdadir. Ashulalarning xuddi tabiiy kuyini saqlamoqlik uchun yaqinda Berlindan keltirilgan fonograf uskunasi bilan ish ko‘rsa kerak. Muhiddin qorida o‘zbek yigitlari va qizlaridan iborat bir etnografiya truppasini tuzish fikri bor. Bu truppa tuzilsa, tashkiliy sur’atda ish ko‘rmak mumkin bo‘lg‘usidir” deb xabar beradi.

 

Safarning so‘nggi kunlarida, Eyfelga sayohat vaqtida shamollab qolgan Tamaraxonim yuqori istima oqibatida homilasidan ayriladi. U og‘ir holatda Parij yaqinidagi Bulon o‘rmonida joylashgan Plexanov nomidagi sanatoriyada yotishga majbur bo‘ladi. Kasalxonaga ularni ko‘rgani O‘zbekiston vakillari Majid Qodiriy, Xolmuhammad Oxundiylar, sovet elchixona huquqshunosi Alekseyev Peterburgda birga o‘qigan do‘sti Mustafo Cho‘qay bilan keladi. Mustafo Cho‘qay keyingi gal yana o‘zi kelib Kashalbayev va uning san’ati haqida iliq fikrlar bildiradi. Sovet gazetalarida bildirilayotgan munosabatlarning qanchalik hayotga mos kelishi haqida surishtiradi. Germaniyada o‘qiyotgan bir guruh Turkiston talabalari tadbir e’lonidan xabar topib Parijga yetib kelgan edi. Temurbek Qazbekov, To‘lagan Mo‘min, Sulton Matqullar navbat bilan u yerda tilmochlik qiladi. Muhiddin qori Yoqubov 1925-yil 1-noyabr kuni ularning taklifi asosida Berlinga keladi. Uni Berlin vokzalida Olimjon Idrisiy rahbarligida talabalar bayramona kutib oladilar. Bu yerda Muhiddin qori Yoqubov talabalar uyida ikki oy Aziz Xo‘jayev bilan hamxona bo‘lib yashaydi.

 

Uning Germaniyada o‘tkazgan barcha tadbirlarida Abduvahhob Murodiy hamrohlik qiladi. Muhiddin qori Yoqubov o‘z san’ati bilan olmon xalqining ham e’tiborini qozondi. Berlindagi “Shubert-xoll”da, Berlin konservatoriyasida o‘zbek talabalari ishtirokida jami 4 ta konsert berdi. Germaniyaning mashhur professorlari bilan uchrashib, fikr almashdi. O‘n kun davomida uning qo‘shiqlari olmon radiosida jarangladi. Matbuotda olmon san’atshunos olimlarining “Ushoq”, “Chorgoh”, “Gʻayra-g‘ayra”lar orqali amin bo‘lgan, o‘zbek milliy musiqa san’atining naqadar boy va jozibali ekanligi haqidagi maqolalari chop etildi.

 

Dekabr oxirida shifoxonadan chiqqan Tamaraxonim bir hafta Berlinda bo‘ldi. 1925-yil 10-iyulda Moskvadan chiqib ketgan juftlik 1926-yil 1-yanvar kuni qaytib kirib keldilar. Ularni “Metropol” mehmonxonasida shaxsan Akmal Ikromov kutib oldi. O‘zbekiston rahbari Germaniyadagi talabalarning ahvoli, san’atkorning keyingi rejalari bilan qiziqadi. Moskvada bir oylik davolanishdan so‘ng ular Samarqandga kelib Germaniyada niyat qilgan o‘zbek etnografik truppasini tuzishga kirishadi. Bu ishda uni mutafakkir Fitrat va shoir Cho‘lponlar qo‘llab-quvvatlaydi. Ovro‘poda unga cheksiz shuhrat olib kelgan narsa, aslida, o‘zbek xalqi yaratgan qadimiy ohanglar, ashula va raqslar ekanini chuqur anglagan Muhiddin qori Yoqubov bu san’at durdonalarining qanchadan-qanchasi unutilib ketgani, qolganlari ham unutilish xavfi ostidaligini yaxshi bilardi. U o‘zbek etno-folklor asarlarini to‘plash, o‘rganishga yeng shimaradi.

 

Muhiddin qori 1926-yil 6-aprelda O‘zbek davlat ko‘chma konsert etnografiya truppasi bosh rejissori va rahbari etib tayinlandi. U o‘z jamoasi bilan xalq orasiga kirib, qisqa muddatda 600 ga yaqin o‘zbek mumtoz va xalq qo‘shiqlarini yig‘adi. Bu yo‘ldagi zaruriy xarajatlar uchun xatto Farg‘onadagi otasidan meros qolgan uyni ham sotishga majbur bo‘ladi. Jamoa yig‘ilgan mumtoz ashula-raqslarini tezda qayta ishlab, Samarqandda namoyish etishadi. Konsert kutilganidan ham yaxshi qarshi olinadi. Bu etnografik truppa 1927-yil apreldan 1-oktabriga qadar butun ittifoq bo‘ylab ijodiy safarga chiqdi. Moskva, Leningrad, Kiyev, Tibilisi kabi ko‘plab shaharlarda 100 ga yaqin konsert uyushtirildi. Ayniqsa, Qozon, Ufa, Boku shaharlarida Muhiddin qori Yoqubovning noyob ovozi jaranglay boshlashi bilan butun zal oyoqqa turar, Tamaraxonim “Katta o‘yin”, “Usmoniya” raqslarini ijro etganidan keyin ko‘tarilgan guldiros olqishlar bu raqslarni yana, yana ijro etishga majbur etardi. O‘zbek xalqining asrlar mobaynida sayqallanib kelgan musiqiy san’ati hammani maftun etdi. Bu o‘zbek san’atining endi sho‘rolar mamlakatidagi haqiqiy tantanasi edi.

 

 

Muhiddin qori 1927-yil oktabrda Qo‘qon teatriga tashkilotchi va badiiy rahbar etib tayinlanadi. U teatrning badiiy rahbari, sobiq jadid M.Miroqilov bilan ijodiy jamoani qayta tuzib, Gʻulom Zafariyning “Halima”, Xurshidning “Farhod va Shirin” musiqali dramalarini sahnalashtirdi. O‘zi bu spektakllardagi bosh qahramon Ne’mat va Farhod rollarini ijro etdi. 1928-yilning yanvar oyida Andijon teatriga rahbar etib tayinlangach, teatrda Xurshidning “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, Uzeir Xojibekovning “Arshin mal-alan”, Kamarlinskiyning “Rezavorchi” musiqali dramalarini sahnalashtirib, Farhod, Navfal va Sultonbek rollarining katta mahorat bilan ijro qildi.

 

Muhiddin qori Yoqubov 1929-yildan O‘zbek filarmoniyasi direktori bo‘ldi. 1934-yil azaliy orzusi – o‘zbek milliy operasini yaratish maqsadida yana Moskvaga yo‘l oladi. Moskva konservatoriyasi qoshida o‘zbek opera studiyasini tashkil etib, ikki yillik boshqaruvida O‘zbekistonning eng chekka nuqtalaridan to‘plangan o‘nlab yosh iqtidor sohiblari teatr va musiqa san’atining eng mahoratli ustalaridan dars oladi. Muhiddin qori pul keragida o‘zining suvsar yoqali po‘stinini do‘konga garovga qo‘yib bo‘lsa ham o‘qishni to‘xtatmadi. 1935-yil Moskvaga kelgan Fayzulla Xo‘jayev ularning barcha iqtisodiy muammolarini hal qilib beradi. 1937-yil may oyida Moskvada birinchi marta o‘zbek san’ati dekadasi “Gulsara” spektakli bilan ochildi. “Известия” gazetasi shu tantanali kun haqida gazetxonlariga: “Qori Yoqubovning orzusi O‘zbekistonda opera san’atini yaratish va shu operada bosh rollardan birini ijro etish edi” deb yozadi.

 

1939-yil birinchi o‘zbek operasi – “Bo‘ron” sahna yuzini ko‘rdi. Yashin librettosi, Ashrafiy va Vasilenko musiqasi asosida yaratilgan bu operada u Turkiston general-gubernatori Kaufman partiyasini ijro etdi. 1939–1947-yillarda Muhiddin qori Yoqubov O‘zbek teatri va opera baleti yakkaxon xonandasi sifatida faoliyat olib bordi. U Uzeir Xojibekovning “Arshin mal-alan” operasida Sultonbek, Uspenskiy va Mushellarning “Farhod va Shirin”ida Husrav, R.Gliyer va T.Sodiqovlarning “Layli va Majnun”ida Naufal, A.Kozlovskiyning “Ulug‘bek”ida Ulug‘bek, O.Chishkoning “Mahmud Tarobiy”ida Mahmud Tarobiy, Y.Brusilovskiyning “Er Targ‘in”ida Er Targ‘in rollarini maromiga yetkazib ijro etdi.

 

1952-yil 3-iyul kuni Muhiddin qori Yoqubovga 1918-yil “Sho‘royi islom” a’zosi bo‘lgan, Turkiston Muxtoriyatini tashviq qilgan, 1920-1921-yillar Sag‘irboyvachcha yigitlari orasida Qizil armiyaga qarshi targ‘ibot olib borgan, “Milliy ittihod”, “Milliy istiqlol” aksilinqilobiy tashkilotlar a’zosi kabi ayblovlar bilan qaror chiqariladi. 1952-yil 4-iyulda berilgan order asosida hibsga olinadi. Ortida xotini Iqbol Alovuddinova, farzandlari Venera, Ella, Xursand va Ulug‘beklar qon yig‘lab qoladilar.

 

1952-yil iyul–sentabr oylarida olib borilgan muttasil so‘roqlarda Muhiddin qori Yoqubov o‘zining Turkiston Muxtoriyatining orkestrida bo‘lganini ham, qorilik qilganini ham tan oladi. 1926-yil Ma’ruf Rasuliyning bog‘ida Davlat Rizayev, Anqaboy, Otajon Hoshimlar davrasida Tamaraxonim bilan borib, Botuning “Qush uyasi buzildi”, Cho‘lponning “Go‘zal Farg‘ona” qo‘shiqlarini kuylaganini aytadi. Qo‘yilgan ayblovlarni bo‘yniga olishi uchun tergovchilar uni istaganlaricha qiynashdi, xumordan chiqqunlaricha tahqirlashdi. Avvalgi zabardast, alpomishsifat Muhiddin qoridan soyasigina qolgan edi. Uni tergovchining qiynog‘idan ko‘ra ko‘proq yaqin do‘stlarining, ishongan insonlarining xiyonati iztirobga solgan edi.

 

Muhiddin qori Yoqubov 1952-yil 17-oktabr kuni O‘zSSR JKning 58-, 66-, 67-moddalari bilan uzoq muddatli qamoqqa hukm etildi. Stalin vafotidan so‘ng ikki yil o‘tib, 1955-yil ozodlikka erishdi. 1956-yilning yanvaridan yana filarmoniya solisti bo‘ldi. Keyinroq, Estrada teatriga taklif qilinib, unda xalq qo‘shiqlari, opera ariyalari va romanslar ijro etadi. Muhiddin qori Yoqubov 1957-yil 2-fevralda unga xiyonat qilmagan yagona do‘sti – Kozlovskiyning uyiga borib, uni ko‘ra olmay, muz bosgan ko‘chalardan uyi tomon qaytayotganda qo‘qqisdan yiqilib, tos suyagi sinadi. Oradan ikki hafta o‘tgach, 1957-yilning fevral oyida vafot etadi. Uni Toshkentdagi “Chig‘atoy” qabristoniga dafn etishadi.

 

Muhiddin qori Yoqubov butun hayotini o‘zbek san’atining gullab-yashnashiga bag‘ishladi. Tinimsiz ijodiy faoliyatda bo‘ldi, izlandi, o‘zidan ulkan meros va o‘chmas xotira qoldirdi. O‘zbek davlat filarmoniyasiga, Toshkent ko‘chalaridan biriga Muhiddin qori Yoqubov nomi berildi. Uning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan film ishlandi. Vafotidan so‘ng, 2000-yil “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi. Millat taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilgan zotlar unutilmaydilar.

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

1 Izoh

Санобар

21:07 / 06.07.2023

Миллат тарихининг яна бир саҳифаси. Зиддиятлар орасидаги инсон М.Қориёқубов ҳаёти жуда қизиқ. Оташнафас қорининг санъаткорга айланиш жараёни, Тамарахоним билан ҳаёти доимо эътиборни тортиб келган. Бу инсон тақдирида ҳам шўровийларнинг ишлаш механизмини кўриш мумкин. А.Қодирийнинг М.Қориёқубовга бағишланган мақоласи бор эди. Бу мақола ҳақида Н.Каримов тўхталган, аммо бир томонлама қараш бўлиб қолган. Баҳромжон бунга ҳам муносабат билдирса кўп саволлар ечим топган бўларди

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19356
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16489
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi