Ko‘cha san’ati – siyosiy, ekologik, ijtimoiy muammolarga qarshi kurashishda ta’sirli usul


Saqlash
02:50 / 05.07.2023 1516 0

XX asrda yuz bergan keskin taraqqiyot san’at va madaniyatga ham katta ta’sir ko‘rsatdi, ko‘plab yangi oqimlar vujudga keldi. Garchi ularning barchasi rivojlanib ketmasa-da, ayrimlari keng yoyilib, ta’sirchan ko‘rinishga ega bo‘lib bormoqda. Ular orasida ko‘cha san’ati (street art) eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ladigani va eng ommabopidir. Katta shaharlar binolariga tushirilgan suratlar kishi e’tiborini tortmay qolmaydi. Bo‘m-bo‘sh va oddiy devorda qandaydir tasviriy ifodaning paydo bo‘lishi, boz ustiga uning satirik, yumoristik yoki oppozitsionistik (norozilik) ko‘rinishdaligi uning qiymatini yanada oshiradi. Bugungi kunda ayniqsa turli ijtimoiy masalalarga nisbatan norozilik mazmunida chizilgan ko‘cha suratlari ijtimoiy tarmoqlarda tezda ommalashib, muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ularning ayrimlari auksionlarda juda yuqori narxlarga sotilmoqda. Masalan, ko‘pchilikka ma’lum va mashhur Benkisning “Zararkunandalar bilan kurash” asari 1,9 million dollarga sotilgan. Umuman olganda ko‘cha san’ati haqida gap ketganda bir qator ziddiyatli va e’tiborli jihatlari mavjud, shuningdek ayrim savollar ham tug‘iladi. Oyina.uz kolumnisti mazkur mavzuni o‘rgandi va qiziq tahlillar bilan bo‘lishdi.

 

Ko‘cha san’atining vujudga kelgan vaqtini aniq aytish imkonsiz. Paleolit davridayoq insonlar qoyatoshlarga surat chizishni boshlagan. Qadimgi Yunoniston va Rimda devorlarga turli yozuvlar va suratlar chizilgani haqida manbalar bor. Buyuk fransuz inqilobi davrida Fransiyada, keyinroq AQShda, ayniqsa “buyuk depressiya” paytida graffitilar urchib ketgan. Biroq tahlilchilar asosiy ishlar Ikkinchi jahon urushi vaqtida va undan keyingi dastlabki o‘n yilliklarda qilingan deb hisoblashadi. Urush vaqtida to‘g‘ri kelgan joyga chizib ketilavergan “bu yerda Kilroy bo‘lgan” deb nomlanuvchi tasvir orqali graffitini ommalashib ketishi ko‘cha san’atining rivojlanishida muhim nuqtalardan biri bo‘lishi mumkin.

 

AQShdagi Ikkinchi jahon urushi milliy yodgorligiga o‘yib chizilgan “bu yerda Kilroy bo‘lgan” nomli surat

 

Devor, binolarga chizilgan graffiti va boshqa suratlarning ko‘cha san’atiga o‘tishi bosqichi esa o‘rganishlarga ko‘ra o‘tgan asrning 60-yillariga, shaharlarda odatiy holga aylanishi esa 80-yillarga to‘g‘ri keladi. Ko‘cha san’atini maqsadi va uslubidan kelib chiqib “postgraffiti”, “neograffiti”, “metro san’ati”, “partizan san’ati” va shu kabi boshqa nomlar bilan atashadi. Ko‘cha san’ati ommaviylashib, rivojlanib ketgach ham graffitilar yo‘qolib qolmadi. Aytish joizki, bu ikkisi bir narsa emas. Ikkalasi alohida yo‘nalish va mohiyatga ega harakat, ularni farqlash muhim va kerak. Biroq bu oson emas, “mana bu suv, mana bu quruqlik” deganday ajratib bo‘lmaydi.

 

Graffiti XX asrning 20-30 yillaridan boshlab AQShda rivojlana boshlagan, asosan purkagichli va boshqa ashyolar yordamida chiziladigan, tushiriladigan yoki o‘yiladigan so‘zlar, tasvirlar, shakllar va chizmalardir. Metro vagonlari va devorlaridagi graffitilar dastavval norozilik, shahar ma’muriyatiga isyon, noqonuniylik bilan xarakterlangan. Shuningdek, ular AQShdagi jinoiy to‘dalarning ishi, o‘z hududini belgilash vositasi hisoblangan. Bugungi kungacha shakllangan ko‘rinishiga qarab xulosalasak graffiti chizish noqonuniy harakatdir. Uning muallifi ham aksariyatda noaniq bo‘lib qoladi, hatto ishoralar ham bo‘lmaydi (agar imzosi bo‘lmasa). Graffiti muallifiga jamoatchilikning uning chizmasiga bo‘lgan munosabati qiziq emas, u chizgan tasvir butunlay subyektiv istak, maqsad, fikr va maylga taqaladi. Yosh bolalar, o‘smirlar yoki kattalar ham shunchaki vaqtichog‘lik, zerikish va turli istaklar bilan binolarga bunday narsalarni chizib ketaverishi mumkin. Ularga buning oqibati va boshqalarga moddiy yoki ma’naviy ta’siri qiziq emas. Shuning uchun xususiy va jamoat binolariga o‘zboshimchalik bilan chizib ketilgan bunday tasvirlarga avval boshidan va hozir ham vandalizm sifatida qarovchilar topiladi. Masalan, Rim imperiyasi davridagi devoriy surat va yozuvlarni (ularda asosan qarg‘ishlar, la’natlar yozilgan) o‘sha davr tarixchisi Plutarx yoqtirmagan va qoralagan.

 

Ko‘cha san’ati aniq maqsad hamda ijtimoiy yoki estetik ahamiyatga ega tasvirlardir. Texnik jihatdan chizma va tasvirlarda tasviriy san’atning ayrim qoidalariga rioya qilinadi, tasvirlar shunchaki ko‘ngil yozish yoki sho‘xlik uchun chizilmaydi. Tasvir ham murakkabroq va yaxshigina rassomlik mahoratini talab etadi. Mazmun jihatdan ham ko‘cha san’ati suratlari oddiy garffitilardan ancha baland turadi. U bir qancha tarmoq va yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan keng tushuncha. U nafaqat chizish, balki yopishtirish, bo‘rtma, haykallar yoki yog‘ochlar yordamida ham yaratilishi mumkin Mazmun-mohiyatini saqlagan holda qog‘ozga va boshqa materialli yuzalarga ham chizilishi mumkin. Graffiti va ko‘cha san’atidagi aniqroq farqlar 70-80 yillardan boshlab ko‘zga tashlanadi. Ushbu san’atning dastlabki yirik vakillari sifatida Keyt Haring, Rene Monkada, Buyuk Franko kabilarni qayd etish joiz. Muvaffaqqiyatli ko‘cha rassomlari mamlakat va dunyo bo‘ylab anchagina mashhurlikka erishgan, ayrimlarining shaxsi noma’lum bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, taxallus bilan suratlar chizishmoqda. Ular suratlarida siyosiy va ijtimoiy muhim voqealarga nisbatan qarashlarini ifoda etadi. Ko‘cha san’atini varvarlik, vandalizm, bezorilik deb baholaydiganlar hozir ham bor. Qisqa qilib aytganda, ko‘cha san’ati graffitiga nisbatan teranroq, murakkabroq, mazmunliroq va go‘zalroq yo‘nalishdir.

 

Ko‘cha san’atidan asosan estetik zavq yoki ma’lum bir ijtimoiy, siyosiy ishora tarqatish uchun foydalaniladi. Hozirgi zamonda insonlar ro‘znomalar, televizorga vaqt ajratmay qo‘ygan, tezlashgan va moddiylashgan zamonda shoshilib yashayotgan odam telefoni orqali ham barcha voqealardan xabardor bo‘lmasligi yoki e’tibor bermasligi mumkin. Biroq binolar va devorlarga chizib ketilgan antiqa, o‘ziga xos uslub va ishoralarga ega suratlar odamlarni bosh qotirishga majburlay olishi bor gap. Shuningdek, ko‘cha suratlariga qayta va qayta duch kelaverish sizga yuz bergan salbiy voqealarni unutmaslikka, ichingizda bu voqeaga nisbatan norozilik, qarshilik harakatlarini davom ettirishga chaqiradi. Ijtimoiy munosabatning san’at bilan birikuvi ta’sirli qurolga aylanadi. Suratlarning noqonuniyligi, boy kompaniyalar va davlatga tegishli binolarga chizilishi, axloqiy va tasviriy qoidalardan uzoqlik, ochiq va qattiq ifoda ulardan olinadigan ta’sirni yanada kuchaytiradi. Shuning uchun, ko‘cha san’ati siyosiy, ekologik, ijtimoiy muammolarga qarshi kurashishda eng ta’sirli usullardan biri hisoblanadi.

 

Ayrim misollar keltirsak. Mashhur anonim ko‘cha rassomi Benksi ko‘cha san’atini kapitalizmning katta tezlik va hadsizlik bilan rivojlanish ortidan qo‘lga kiritilgan san’at deb atagan. Uning asarlarida olamda tobora ustunlikka erishayotgan moddiy qiymatlar, kuch va pulga tayanuvchi zo‘ravonliklar ortidan boy berilayotgan bolalik hamda eng asosiysi insoniylik tasvirlanadi. Uning eng olamshumul ishlaridan biri bu “Pufakli qizaloq” traffaretidir. Unda kichkina qizning uchib ketayotgan pufakka qo‘l uzatib achinish bilan qo‘l uzatib turgani ifodalangan. Fon oq rangda, qizning soyasi esa qora rangda. Tasviriy san’atda bunday oq-qora tasvirlar rangsizlik hisoblanadi ya’ni qizaloq tasvirlangan surat “bo‘shliq”dir, faqatgina pufak qizil rangda va yurak shaklida. Qizcha rangsiz va mazmunsiz hayotidagi yagona narsa – muhabbati, umidi va mehr qo‘ygan bor-u yo‘g‘idan ajralmoqda. 2018-yilgi Sotheby’s auksionida ushbu surat sotilganda ya’ni “sotildi” bolg‘asi urilganda, polotno ichiga muallif tomonidan joylashtirilgan moslama yordamida bo‘laklab tashlanadi. Va shu paytdan boshlab, Benksining shaxsiy talabiga binoan qayta nomlandi – “Axlat qutisidagi muhabbat”.

 

“Pufakli qizaloq” yoki “Axlat qutisidagi muhabbat”, Benksi

 

Ko‘cha san’ati yordamidan qarshilik ko‘rsatiladigan yana bir narsa bu marketing va reklamalardir, juda katta tijoriy kompaniya va ishlab chiqaruvchilarga nisbatan norozilik graffiti endi rivojlanayotgan vaqtdan beri mavjud. Ko‘cha san’atida esa bu yanada ta’sirliroq, kuchliroq ko‘rinishga kirdi. Zevs taxallusi ostidagi fransuz ko‘cha rassomi Agire Shvarts “Oqayotgan logotiplar” nomli seriyali ishlarini amalga oshirdi. U Shanel, Armani, Makdonalds kabi kompaniyalarning logotiplarini buzib tasvirladi. U Fransiyaning o‘sha paytdagi madaniyat olamida eng buzg‘unchi ko‘cha rassomi sifatida tanilgan.

 

 

 

 

Urush ko‘cha san’atida doimiy mavzulardan biri bo‘lib kelgan. Zamonaviy dunyoda harbiy qudrat o‘z chegarasidan chiqib, hatto tinch aholi vakillarining qurbon bo‘lishiga olib kelmoqda. Quyidagi surat Benksining Falastinda yaratgan, Falastin va Isroil o‘rtasidagi qurolli mojaroga bag‘ishlangan ishlaridan biridir (2008), nomi “Zirhli tinchlik kabutari”. Tasvirdan ko‘rinadiki, hatto tinchlik va osoyishtalik ramzi bo‘lgan oq kabutar maxsus zirhli nimcha kiygan, shuningdek uni o‘q otuvchi harbiy qurol nishonga olib turibdi.

 

 

Ko‘cha san’ati faqat qandaydir hodisalarga ijtimoiy munosabat sifatida tushunilmasligi lozim. Uning yordamida shaharga ko‘rkamlik va antiqalikni berish mumkin. Asarlardagi noodatiy uslublar, tasvirlar shahar aholisining kayfiyatiga ijobiy ta’sir qilishi mumkin. Bugungi kunda ayni shu kabi estetik maqsadlarga xizmat qiluvchi ko‘cha san’ati namunalari uchun turli festival, ko‘rgazmalar tashkil etiladi.

 

Ko‘cha san’atining vujudga kelishi tarixi haqida gap ketganda Birinchi jahon urushi davri muhim ahamiyat kasb etadi. Urush dunyo aholisining katta qismiga qattiq ta’sir qilgandi, bu san’atga ham ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Yangi yo‘nalishlar paydo bo‘ldi, avvaldan bor bo‘lgan modernistik oqimlar mavzularida o‘zgarishlar kuzatildi. Avangardchilar, futuristlar, dadaistlar urush va uning oqibatlari, insoniyatning ayni ahvoli to‘g‘risida chiza boshlashdi. Ular yaratgan asarlar qaysidir ma’noda odamlarni ogoh qilishi, yangi jahon urushlarini oldini olishi kerak edi. Afsuski, dastlabki jahon urushidan yigirma yil o‘tib yangisi boshlandi, yanada dahshatliroq, qonliroq, kattaroq urush edi. Bu davr va undan keyin norozilik yanada kuchaydi. Endi oddiy odamlarning noroziligi ham boshqacha ko‘rinishga kira boshlagandi. Devorlarga surat chizish yoki nimadir yozib ketish deyarli doim va hamma joyda ta’qiqlangan ( hozir ham agar ataylab maxsus joy qilinmagan bo‘lsa bu ish noqonuniy hisoblanadi). Norozi, alamzada, tizimga qarshi odam qandaydir taqiqlangan ishni qilishga urinadi. XX asr boshlaridagi AQShda jinoiy to‘dalarning graffitini o‘zlarining mashg‘ulotiga aylantirib olgani ham balki shundandir. Xullas, Birinchi jahon urushidan so‘ng san’atda urushga turli qarshiliklar ko‘rsatildi. Biroq urinishlar foydasiz bo‘lib chiqdi Yangi fikrga ko‘ra, muzey va galereyalardagi san’at ijtimoiy muammolar yechimida ojizdir. Urush va qolgan boshqa barcha nohaqliklar, adolatsizliklarga qarshi san’at barcha joyda va omma uchun ochiq bo‘lishi kerak. Shuningdek san’atdan bahra olish, uni yaratishga barchaning haqqi bor. Tasviriy san’at faqat boylar yoki o‘rtahollar uchun emas. Shunday qarashlar ortidan ko‘cha san’ati yaraldi va ommalashdi. U g‘arbda norozilikning eng ommaviy ko‘rinishiga aylandi. O‘z so‘zi, fikrini bildirish ehtiyoji kabi yana bir qancha subyektiv sabablar ham bor edi. Oddiy insonning urush, soliqlar, irqchilik, kapitalizm haqidagi fikrlari hech kimga kerak emas, jiddiy qabul qilinmaydi ham. Tunda tashqariga chiqasiz, shahringizdagi biror gavjum yerdagi binoga qandaydir muammo haqidagi noodatiy surat chizasiz va o‘z belgingizni qo‘yasiz. Qarabsizki minglab odamlar sizni tanib qoladi va fikringizga e’tibor qaratiladi. Omadingiz kelib, sizni hech kim ko‘rib qolmasa bu uchun jazolanmaysiz ham.

 

O‘zbekiston hududida avvaldanoq graffitilar mavjud bo‘lgan. Nafaqat poytaxtda balki boshqa shaharlardagi uy, binolarning devorlarida purkaluvchi va qurilish bo‘yoqlari bilan yozib, chizib ketilgan ismlar, so‘kinishlar, turli izhorlarni ko‘p uchratamiz. Ko‘cha san’ati esa hali rivojlanib ketmadi. Hozirda bizga faqat Inkuzart taxallusi ostida suratlar ishlaydigan anonim ko‘cha rassomigina ma’lum. Inkuzartni birinchi o‘zbek ko‘cha rassomi deyish ham mumkin, chunki shu paytgacha anonim ko‘rinishda bo‘lsa-da bizga birorta ko‘cha rassomi ma’lum emasdi. Uni aholi orasida “Tungi rassom”, “Chilonzorlik Benksi” ham deb atashmoqda. Inkuzart dastlabki ishini Covid-19 sababli joriy etilgan karantinga bag‘ishladi, unda himoya niqobi taqqan Mona Liza tasvirlangandi. Undan keyin bir qancha estetik qiymatga ega, shaxsiy ijtimoiy-siyosiy munosabati tasvirlangan ishlar ham yaratdi va ijtimoiy tarmoqlarda juda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. U tomonidan yaratilgan asarlar turli kishilar tomonidan o‘chirib tashlandi. Bu, albatta, kutilgan ish, chunki dunyoda ko‘cha san’ati asarlarining yo‘q qilinishi odatiy holga aylanib qolgan qolgan.

 

Inkuzartning yoqilg‘i quyish shahobchalarining birining yaqinida chizgan surati 

 

Ko‘cha san’ati o‘zining rivoji davomida sezilarli darajada ijtimoiy o‘zgarishlarga sababchi bo‘ldi va bu davom etmoqda. Biroq ortiqcha hayo-huytlar, uning mohiyatiga mos bo‘lmagan harakatlar oqibatida o‘z qiyofasini yo‘qotib bormoqda. Ko‘cha san’ati kapitalizmning shafqatsiz og‘ir oqibatlariga qarshi kurash uchun yaralgani bo‘lsa-da bugunga kelib o‘zi ham unga xizmat qiluvchiga aylanib qolmoqda. Unga boyib ketish uchungina qadam qo‘ygan va o‘z atrofida shov-shuv ko‘targan ko‘cha rassomlari ham uchrashi tabiiy hol. Ko‘cha san’atiga tasviriy san’atning oldingi yo‘nalishlaridan yaxshiroq deb qarashni va uning tabiatiga xos bo‘lmagan holatlarni vujudga keltirishni bas qilish kerak. Bizning zamonimizda e’tibor haddan oshgan har narsa pul bilan sotib olinishga yo‘liqadi, bu esa bora-bora uning kuchini o‘tmaslashtiradi.

 

Javohir ERGASHEV.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 289
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22618
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//