Tolibon rejimi fojialari aks etgan jahon kinolari


Saqlash
22:06 / 27.06.2023 2340 0

Afg‘oniston urushi haqida ko‘p film suratga olgan mamlakatlar asosan Rossiya, AQSh va Eron hisoblanadi. Chunki aynan mana shu davlatlar aholisi bevosita Afg‘onistondagi siyosiy vaziyat tufayli yo ko‘p aziyat chekkan, yo sirtdan tolibonlarning ta’siriga yo‘liqqan.

 

Umuman, G‘arb va Sharq kinematografiyasi tarixida afg‘on mavzusi ko‘tarilgan mamlakatlar ko‘p. Ular orasida O‘zbekiston ham bor. Faqat bizning filmlarimizda ko‘proq SSSR – Afg‘oniston urushining og‘ir asorati haqida hikoya qilinadi... Quyida aynan “do‘zax” ichkarisini ko‘rsatadigan ayrim xorij filmlari haqida ma’lumot bermoqchimiz.

 

 

“Oppoq shakar” (“Белый песок”. Drama, 2009. Rossiya)

 

 

Ssenariy Vladimir Valuskiy, Andrey Jitkov. Valeriy Draganovning shu nomli asari asosida suratga olingan. Rejissyorlar – Murad Aliev, Andree Puustuemaa. Asosiy rollarda: Valeriy Nikolaev, Zara, Aleksey Guskov, Zafar Mavlonov, Xo‘jajurdi Narliev, Saydullo Moldaxanov.

 

1982-yil. Afg‘oniston-SSSR urushi davom etayotgan palla. Rus zobiti Aleksandr Vetrov harbiy operatsiyalardan birida “dushman”ga asir tushadi. Besh yil davomida otboqar bo‘lib ishonchga kirgan bo‘lsa-da, yana bir sinovga yo‘liqadi. U afg‘on niqobi ostida 11 tonna geroinni Leningradga temir yo‘l orqali yetkazishi kerak. Agar xiyonat qilsa, uni allaqachon o‘lgan deb hisoblaydigan o‘g‘li va xotinining jasadini olishi tayin. “Afg‘oniston mag‘izi” ortilgan vagonning boshqa xaridorlari yo‘lda yukni qo‘lga kiritadilarmi, yo‘qmi? “Sof” mol belgilangan manzilga yetib boradimi, yo‘qmi – film shu savolga qurilgan.

 

Amerika va Rossiya davlatlarining giyohvand modda savdosiga qarshi kurash boshqarmalari o‘zaro hamkorlikda Afg‘onistondan yo‘lga chiqqan vagonni qo‘lga tushirish uchun harakat qiladi. Lekin film mazmunida bu “hosil”ning buyurtmachisi aynan kimligi ko‘rsatilmagan. U amerikalik ekanligi va ancha “baland kursi”da o‘tirishi shipshitib o‘tilgan.

 

Film 1982–1987-yillardagi voqealar asosida suratga olingan. Sarguzasht-jangari janrdagi kartinaga urush lavhalari film boshlanishida – Vetrovning qanday asirga olinishini ko‘rsatish uchun kiritilgan. Keyingi syujetlarda jangovar sahnalar yo‘q, lekin detektiv hikoya yo‘nalishi davom etadi. Umumiy manzara cho‘l, tuproq va somon suvoq uylardan iborat. Chodraga burkangan ayollar, ibtidoiy davrga xos sharoit afg‘on hududida qo‘rqinchli va ayanchli hayot hukm surayotganidan dalolat beradi. Odamlarning chehrasida qanday mavqeda ekanligidan qat’i nazar mahzunlik hukmron. Mamlakatning asosiy “boyligi” – afyun va uning xaridori Kolumbiya, Rossiya va Amerika. Mantiqqa zidlik shundaki, “oq shakar” oldi sotdisiga qarshi kurashishda ham Rossiya va Amerika yetakchi...

 

Film yakunida “mag‘iz” ortilgan vagon uni kutayotgan xaridorlarga yetib bormaydi. Vagon yo‘lga chiqqanidayoq Rossiya va AQSh maxsus xizmati tomonidan kuzatuvga olingan edi...

 

 

“Qandahor” (“Kandahar Break”. Drama, 2009. Buyuk Britaniya)

 

 

Ssenariy muallifi va rejissyor – David Uitni. Asosiy rollarda: Shoun Duley, Din Andryu, Rashid Naz.

 

1990-yil. Afg‘oniston. Buyuk Britaniya fuqarosi Richard Li tolibonlar ma’muriyatida ishlaydi. U ikki oylik tanaffusdan so‘ng ishini davom ettirish uchun Afg‘onistonga qaytadi. Ularning vazifasi afg‘on yerlaridagi sanoqsiz minalarni topib, zararsizlantirishdan iborat edi. Nihoyatda xavfli bu ishga ikki tarjimon qiz – Jamila va Aisha jalb etilgan bo‘lib, jami besh kishi tolibonlar kuzatuvi ostida faoliyat yuritadi.

 

Bir kuni minalarni qidirish paytida tolibonlardan biri mumkin bo‘lmagan yerga o‘tib, halok bo‘ladi. Portlash natijasida Aisha ham yaralanib kasalxonaga tushadi. Endi Jamilaning bir o‘zi tarjimonlik qilishi mumkin emas. Inglizlarga boshqa tarjimonni tavsiya etishadi. Lekin Richard tilni chala biladigan yigit bilan ishlashni xohlamaydi. Unga Jamila kerak...

 

Sarguzasht jangari janrida suratga olingan film tomoshabinni tahlikaga soladi. Har qadamda tolibon kuzatuvchilari bo‘lgan hududda Richard va Jamila bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan. Buni sezib qolgan toliblar Jamila va uning dugonasi Aishani toshbo‘ron qilishadi. Jamilani toliblar changalidan qutqargan Richardning hayoti xavf ostida qoladi. U Qandahorni kesib o‘tib, Pokiston chegarasiga yetib olishga shoshadi...

 

Qandahorda toliblar o‘rnatgan tartib go‘yo shariat qonunlari asosida deyilsa ham, mamlakat razolat botqog‘iga botib ketgani filmda faktologik kadrlar asosida hikoya qilinadi. Oshiqxon hukmronligi ostidagi hudud qonunlariga hech qanday tashqi kuch ta’sir etolmaydi: “Siz hech qachon Afg‘onistonni tushunmaysiz. Bu sizga Hindiston yoki Pokiston emas...”

 

Rejissyor David Uitni Qandahordagi qo‘rqinchli muhitni Richard nigohi bilan ko‘rsatadi. Qachonlardir yaxlit yirik davlat bo‘lgan mamlakat Buyuk Britaniya dastidan Pokiston, Afg‘oniston va Eron hududiga bo‘linib ketgani, sovetlar bosqini paytida ularga qarshi barcha afg‘onlar birlashgani, amerikaliklar kelgach fuqarolar urushi avj olgani oddiygina tilda tushuntirib beriladi...

 

 

“Qandahorga safar” (“Safar-e Ghandehar”. Biografik drama, 2001. Eron/Fransiya)

 

 

Ssenariy muallifi va rejissyor – Moxsen Maxmalbaf. Asosiy rollarda: Nilufar Pazira, Hassan Tantai, Sadu Teymuri, Hayatulla Hakimi, Monika Xankievich, Noam Morgenshtern, Zahro Shafahi, Safdor Shujoi, Mullazohir Teymuri.

 

XX asrning oxirgi quyosh tutilishiga uch kun qoldi. Ayni o‘sha vaqtda Nafasning singlisi o‘z joniga qasd qilmoqchi. Opa uni mash’um qaroridan qaytarish uchun Qandahorga yetib olishi kerak. Eron, Pokiston, Tojikiston orqali Afg‘onistonga borishga harakat qilyapti, lekin yigirma besh kundan beri yo‘lda sarson. Nafas qaerga ketayotganini yaxshi biladi, shuning uchun yo‘l sarguzashtlarini diktafonga yozib bormoqda. “Bu mening “qora qutim”. Agar menga bir narsa bo‘lsa – portlab ketsam yoki ortga qaytmasam, odamlar nima bo‘lganini shundan bilib oladilar...”

 

Nafas ikkinchi uyi – Amerikaga qaytib ketadimi yoki qaytmaydimi, film yakunida ham noma’lum qoladi. U sahroda yashayotgan afg‘on ayollarining, bolalarining nochor ahvolini ko‘rarkan, o‘zicha tahlil qiladi: “Chegarada Afg‘onistonga o‘tmoqchi bo‘lib turgan qizchalarga minalarning xavfliligini tushuntirishmoqda. Qo‘g‘irchoqlarga tegmaslikni o‘rgatishyapti. Bir vaqtlar sen (singlisiga murojaat – muallif) bilmasdan qo‘g‘irchoqni olib, oyog‘ing portlab ketgan edi. Endi ular bilan bunday hol ro‘y bermaydi...”

 

Afg‘on zaminida minalar son-sanoqsiz. Odamlar xatarning qaerga yashiringanini bilmaydi. Shuning uchun noxos minani bosib, oyoqsiz qolganlarga “Qizil xoch” jamiyatidan bir yilda bir marta yasama oyoq beriladi. Navbatda turganlar ko‘p. Qo‘ltiqtayoqli nogironlar osmonda vertolyotni ko‘rib hakkalab chopadilar. Nigohlar osmonda, parashyutlarda ular kutgan yasama oyoqlar uchib tushmoqda...

 

“Qandahorga safar” kartinasi badiiy va hujjatli film sintezida yaratilgan. Shuning uchun ham maxsus sahnalashtirilgan kadrlarni sezmaysiz. Aktrisa Nilufar Pazira Nafas rolida xuddi o‘zining real hayotidan hikoya qilayotgandek tuyuladi. Aslida rejissyor Moxsen Maxmalbofning ijodiy uslubi shunday. U aksar filmlariga real voqealarni asos qilib oladi. Dekoratsiyalardan ko‘ra tabiiy makon, tabiat manzarasini afzal biladi.

 

Afg‘oniston mavzusi ko‘tarilgan badiiy filmlar son-sanoqsiz. XX asrning o‘rtalaridan to bugunga qadar yaratilgan bunday kinoasarlarning ayrimlarida to‘qima syujetlar ustun tursa, ba’zilarida davlatlararo siyosiy munosabatlar yolg‘on o‘yinlarga qurilganini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, oddiy xalq turmushidan hikoya qiladigan, oddiy odamlarning erkin hayot uchun kurashlari aks etgan filmlar ham behisob.

 

 

“Tarjimon” (“The Covenent”. Jangari drama, 2023. AQSh)

 

 

Ssenariy muallifi va rejissyor: Gay Richi. Bosh rollarda: Jek Jillenxoll, Dar Salim. Yetakchi rollarda: Aleksandr Lyudvig, Emili Bichem, Feriba Sheyxan, Entoni Starr.

 

Joriy yilning eng kassabop va reytingi yuqori bo‘layotgan “Tarjimon” filmi qisqacha axborot bilan boshlanadi: “2001-yil 7-oktyabr. Amerikadagi 11 sentyabr terror hurujiga javoban Afg‘onistonga 1300 ta  AQSh askari yuborildi. 2011 yil dekabriga kelib bu raqam 98 000 ta amerikalik soldatga ko‘tarildi. 50.000 afg‘on tarjimonlari Amerikaga maxsus immigratsiya vizalariga ega bo‘lish to‘g‘risidagi kelishuvga asosan AQSh harbiylari tomonidan ishga olindi”.

 

Lekin film voqealari 2018-yil mart oyida bo‘lib o‘tadi. Serjant Jon Kinli Afg‘oniston tolibonlarining o‘q-dori va portlovchi moddalar  yashiringan omborlarini topish va yo‘q qilish guruhiga boshchilik qiladi. Otryadning bir guruh harbiylari bilan birga tarjimon ham halok bo‘lgach, ishga yangi tarjimon Ahmad keladi. Ahmad homilador rafiqasini olib AQShga ketish uchun jonini xatarga qo‘yib tarjimonlik qiladi. Har holda afg‘on tarjimonning AQSh tomonida ishlashi tolibonlar uchun sotqinlik va kofir bo‘lish bilan barobar. Boshqa tomondan esa, AQSh harbiylarining ishonchini qozonish ham oson emas.

 

Gay Richi ssenariy muallifi sifatida syujet mazmunini ma’naviy-ma’rifiy fikrlar bilan to‘ldirmaydi. Kim haq, kim nohaqligini aniqlashdan ham qochadi. Shunchaki, bo‘lib o‘tgan hayotiy voqeani kino san’ati tilida namoyish etadi. “To‘g‘risini aytsam, biz ishkal qidiramiz”, deydi Ahmad bilan ilk tanishish chog‘ida Jon Kinli.

 

Tolibonlarning o‘q-dorilar yashiringan ombori ishg‘ol etilganida, 40 dan ortiq tolibon, 10 dan ortiq AQSh harbiylari halok bo‘ladi. Jon Kinli va Ahmad tog‘larga qochib yashirinadilar. Ularni tiriklayin qo‘lga olish topshirilgan tolibonlar bilan bo‘lgan otishmada serjant Kinli og‘ir yaralanadi. Toliblar changalidan bir necha marta qutulib qolgan Ahmad va uning xushini yo‘qotgan yarador do‘sti Kinli nihoyat AQSh harbiylari tomoniga yetib kelganlarida ajraladilar.

 

Bir necha vaqtdan keyin Amerika kasalxonasida ko‘zini ochgan Kinli qanday tirik qolganini eslolmaydi – “Hech nima yodimda yo‘q”... Ammo, asta-sekin xotirasi tiklanar ekan, jahannam o‘chog‘idagi “sayr” va Ahmadning siymosi ko‘z o‘ngidan ketmaydi. O‘lim bilan bir necha bor ro‘para kelishgani, afg‘on tarjimoni bilan och-nahor kun-va tunni o‘tkazgani va tirik qolgani uchun undan qarzdor ekanini eslaydi. Afg‘onistonda Kinli va Ahmad boshi uchun katta tovon puli tikilgan. U esa bu yerda – issiq o‘rinda.

 

“Tarjimon” filmida Ahmad bosh qahramonmi yoki Jon Kinlimi, aniqlash qiyin. Ahmadning toshi Jon Kinli turgan pallani bosib ketadi. Hatto, ikkinchi qismga – qarzni qaytarish qismiga o‘tilganida ham tomoshabin Ahmadning taqdiriga ko‘proq tashvishlanadi.

 

Gay Richi 2 soat davomida jangari drama janriga xos kuchli hayajonni hosil qiluvchi epizodlarni nozik didli professional rejissyor darajasida yaratgan. Aktyorlar ijro mahorati postanovkachi rassom, operator, rejissyor,  montaj ustasi va ovoz rejissyorining hamkorligi bilan hozirgi Afg‘oniston manzaralarini namoyish etadi. Go‘yo, ertakdagi ajdarni o‘ldirib, do‘stini qutqarishga otlangan kenja botir kabi Jon Kinli oliyjanob amerikalik qiyofasida yana “Ko‘hi Qof”ga jo‘naydi...

 

Jon Kinli ismi sharifini o‘zgartirib Afg‘onistonga qaytadi. U uch kun ichida do‘stini olib Amerikaga qaytishi kerak. Hamma yaxshi ertaklar kabi “Tarjimon”ning xotimasi yaxshilik bilan tugaydi.

 

Aytish kerakki, yaxshi film murakkab syujetlar zanjiri yoki faylasufona fikrlar jamlamasi emas. Yaxshi film ekran haqiqatiga tomoshabinni ishontirish mahoratidir. Bu ma’noda, asli Buyuk britaniyalik Gay Richi zamonaviy yaxshi, lekin tomoshabinbop yengil film yaratgan. Sanab o‘tilgan tolibon mavzusi ko‘tarilgan filmlar bilan “Tarjimon”ning o‘xshash jihati – mahalliy aholining mavjud tuzumga murosasiz munosabati bo‘lsa, farqi zamonaviy harbiy jangari janrida ekanligida, xolos.

 

BBC, CNN kabi mashhur teleradiokompaniyalar ishlagan hujjatli filmlarda ham afg‘on mavzusi turli rakursda ochiladi. Shulardan biri “Harom” (2018) deb nomlanib, Rossiya telejurnalistlari tomonidan yaratilgan. Unda toliblarning ayollarga munosabati yoritilgan. Xususan, dizayner Atifa Fasahi, qo‘shiqchi Ariana Said, aktrisa Akila Rezay va rejissyor Royl Sadatga o‘z kasbi bo‘yicha faoliyat yuritishni taqiqlab qolmasdan, ularga ochiqdan-ochiq o‘lim tahdidi bilan murojaat qilishadi. Hatto Ariana Saidning boshini keltirganga pul mukofoti va’da etilib, televidenieda e’lon beriladi. Intervyuda mulla Azizulla Mufas qo‘shiqchi ayolni o‘ldirish shariat bo‘yicha to‘g‘riligini ta’kidlaydi. Keskin qarshiliklarga qaramay, “Harom” publitsistik filmi qahramonlari faoliyatdan to‘xtatmaydilar. Ularni qo‘llab-quvvatlovchi yoru birodarlari, oila a’zolari bu bilan toliblar tartibiga o‘z munosabatini bildiradilar.

 

Inson hamisha erk uchun, hurlik uchun kurashib keladi. Bu yo‘lda hech qanday qo‘rquv uni yenga olmaydi. Ayni paytda, XXI asrda ham jahonning turli go‘shalarida zulm va zo‘ravonlik ostida, erkin va farovon hayotni qo‘msab har lahza tahlikada yashayotgan xalqlar yo‘q emas. Jaholatni targ‘ib qiluvchi mafkuraviy tuzumlar tezroq tugatilishini, insoniyat butkul ozodlikka erishishini tilab qolamiz.

 

Shohida EShONBOBOEVA.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19327
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16420
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi