Ayni kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi kampaniyasi davom etmoqda. Mamlakatning kelgusi yetti yillik hayotini belgilaydigan saylovoldi dasturlarini solishtirib oʻqirkansiz, favqulodda oʻziga xoslikni uchratmaysiz. Toʻgʻri, har bir partiyaning yoʻnalishidan kelib chiqib qaysidir sohaga koʻproq eʼtibor qaratilgan, ammo qolgan jabhalarda asosan umumiy, oʻxshash takliflar berilgani koʻrinadi. OʼzLiDeP nomzodidan boshqa hech bir nomzod oʻzi ilgari surayotgan chora-tadbirlarga kerakli mablagʻlarni ochiq raqamlarda keltirmagan. Baʼzi partiyalarning bu yilgi saylovoldi dasturi 2021-yildagisini yodga solayotgandek…
Aytaylik, Oʻzbekiston xalq demokratik partiyasining 2023-yildagi prezidentlikka nomzodi Ulugʻbek Inoyatov ilgari surgan saylovoldi dasturidagi birinchi yoʻnalish 2021-yilgi nomzod Maqsuda Vorisovaning xuddi shu yoʻnalishdagi takliflariga juda yaqin yoki aynan olingan. Qiyosan koʻrib chiqamiz:
- yoshlarning kasb-hunar tanlashi, bepul va sifatli taʼlim olishi, oʻquv muassasalarini tugatgandan soʻng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash (2021-yil); yoshlarning kasb-hunar tanlashi, bepul taʼlim olishi, oʻquv muassasalarini tugatgandan soʻng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash (2023-yil);
- pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilarning hayotiy ehtiyojlarini toʻlaqonli qondirishni kafolatlaydigan pensiya va ijtimoiy taʼminotning maqbul tizimini shakllantirish (2021-yil); pensiya va ijtimoiy nafaqalar insonning hayotiy ehtiyojlarini toʻlaqonli qondirishga yetarli boʻlishiga erishish (2023-yil);
- kam taʼminlangan, lekin boqimandalik kayfiyatida yurgan fuqarolarni jamiyatning faol ishtirokchisiga aylantirish (2021-yil); kam taʼminlangan, lekin boqimandalik kayfiyatida yurgan fuqarolarni jamiyatning faol ishtirokchisiga aylantirish (2023-yil);
- milliy qonunchilikni BMTning Nogironlar huquqlari boʻyicha konvensiyasi tamoyillari va meʼyorlariga toʻla muvofiqlashtirish (2021-yil); milliy qonunchilikni BMTning Nogironlar huquqlari boʻyicha konvensiyasi tamoyillari va meʼyorlariga muvofiqlashtirish (2023-yil);
Ikki hujjatda bunaqa egizak jumlalarga tez-tez duch keldik. Hammasini bir-bir keltirib, vaqtingizni olish niyatimiz yoʻq. Demak, partiya oʻtgan davr mobaynida ushbu yoʻnalishlarda umuman bosh qotirmagan yoki bir fikrda turgʻun deganimi bu? Nahot, ushbu takliflarni oʻzgartiradigan, kuchaytiradigan biror voqelik sodir boʻlmadi hayotimizda va yoki qoʻshimcha taklif oʻylanmadi? Yoki nomzodlar shu qadar oʻxshash fikrlaydimi?
Shu savollar bilan navbatdagi partiya – “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining 2021 va 2023-yildagi nomzodlari: Bahrom Abduhalimov va Raboxon Mahmudovaning dasturlarini koʻzdan kechirdik.
2021-yili Bahrom Abduhalimov “Mahalliy hokimlarni saylash tizimini amaliyotga tatbiq etish va xalq deputatlari mahalliy kengashlari raislari lavozimini hokim lavozimiga bogʻliq boʻlmagan holda alohida joriy etish”ni partiyaning asosiy maqsadiga aylantirgan boʻlsa, ayni vaqtdagi nomzod Raboxon Mahmudova “Inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish uchun, birinchi galda, sudlar mustaqilligini taʼminlash va shu maqsadda sudyalarning xalq deputatlari kengashlariga axborot berish amaliyotini bekor qilish”ni ilgari suradi.
Baʼzi yoʻnalishlarda Raboxon Mahmudova dasturida ham avvalgi nomzoddan nusxa koʻchirishlarga koʻzingiz tushadi:
- Aholi, xususan, yoshlar oʻrtasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhiti va madaniyatini shakllantirish, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga “Toza qoʻllar” siyosatini singdirish, qonun ustuvorligini taʼminlash choralarini koʻramiz (2021-yil); Aholi, xususan, yoshlar oʻrtasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhiti va madaniyatini shakllantirish, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga “Toza qoʻllar” siyosatini singdirish, qonun ustuvorligini taʼminlash choralarini koʻramiz (2023-yil);
- Har bir inson boshpanaga ega boʻlishga haqli. Biz uy-joylarning narxini keskin kamaytiramiz. Hammabop va hamyonbop uylar ijtimoiy himoyaning muhim shartidir. Biz aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini munitsipal uylar bilan taʼminlaymiz (2021-yil); Konstitutsiyamizga koʻra har bir inson uy-joyli boʻlishga haqli. Ushbu konstitutsiyaviy qoidani taʼminlash uchun biz oʻz daromadi bilan uy-joyli boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan fuqarolar uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish choralarini koʻramiz (2023-yil);
- Oʻqituvchilar obroʻ-eʼtibori va huquqiy maqomini yanada koʻtarish, ularning ish haqi va ijtimoiy mavqeyini oshirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshiramiz va bu maqsadda “Oʻqituvchining maqomi toʻgʻrisida” qonun qabul qilinishi tashabbuskori boʻlamiz (2021-yil); Biz pedagog xodimlarning obroʻ-eʼtiborini oshirish hamda yuksak maqomini belgilash orqali ularning jamiyat hayotidagi rolini oshirishga qaratilgan tashkiliy choralarni koʻramiz. Bu maqsadda oʻqituvchining maqomiga oid qonunni tezroq qabul qilinishini ustuvor masala sifatida koʻramiz (2023-yil).
Adolat sotsial partiyasining 2021 va 2023-yillardagi saylovoldi dasturlarida oʻzgarishlarni ham koʻramiz. Masalan, taʼlim yoʻnalishida bu yilgi nomzod masalaga boshqacha yondashadi:
- Biz oliy taʼlim kvotalarini butunlay yoʻq qilamiz va har kimga oliy taʼlim olish huquqi erkinligini hamda reytingi yuqori boʻlgan talabalarning bepul oliy taʼlim olishini kafolatlaymiz (2021-yil); 2025-yildan boshlab bakalavriatga kirish uchun ingliz tilini bilish boʻyicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega boʻlish tartibini joriy etish choralarini koʻramiz (2023-yil);
- Umumtaʼlim maktablari uchun darsliklarning yangi, zamonaviy avlodini yaratish uchun “Darsliklar boʻyicha ilmiy-tadqiqot instituti”ni tashkil qilamiz (2021-yil); Biz maktab taʼlimini xalqaro taʼlim dasturlari asosida izchil isloh qilish tarafdorimiz (2023-yil).
Aytish kerakki, 2021-yildagi prezidentlik saylovida partiya nomzodi Bahrom Abduhalimov raqiblari orasida eng kam – 3,39 foiz ovoz toʻplagan edi. Balki partiya bundan xulosa qilgan, dastur ustida ishlagan yoki nomzodning pozitsiyasi, fikrlari sabab oʻzgartirishlar kiritilgandir. Nima boʻlgandayam bu partiyadagi yangiliklar borligi, oʻzgachalik eʼtiborga arzirli.
OʼzLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi 2021-yildagi hujjat yoʻnalishlarini deyarli takrorlagan, ammo har bir jabhada yangi muammolar tilga olinib, ularga yechimlar taqdim etilgan. Avvalgi dasturda vaʼda qilingan ishlar bu galgi dasturda bajarilganini raqamlarda koʻrish mumkin. Yoki aksincha… Masalan, 2021-yili maktabgacha taʼlim qamrovi 80 foizga yetkazilishi aytilgan boʻlsa, 2023-yilgi dasturda ayni vaqtda qamrov 27 foizdan 72 foizga chiqqani qayd etilgan.
2021-yili Shavkat Mirziyoyevning dasturida birlamchi vazifa qilib, iqtisodiyotni rivojlantirish belgilangan boʻlsa, bu yil eng avval taʼlim yoʻnalishiga urgʻu berilgan.
- Yangi maktablar qurish, xususiy maktablarni koʻpaytirish va taʼlim sifatini oshirishni nazarda tutuvchi Maktablarni rivojlantirish davlat dasturini joriy etish orqali xalq taʼlimi tizimida qoʻshimcha 1,2 million oʻquvchi oʻrni yaratiladi. 2026-yilga qadar oʻquv dasturlari va darsliklar ilgʻor xorijiy tajriba asosida toʻla qayta ishlanib, amalda joriy etiladi (2021-yil); Xususiy taʼlimga qoʻshimcha yengilliklar beriladi. Davlat-xususiy sheriklik asosida maktablar qurishni keng joriy etamiz. Ehtiyojmand oilada tarbiya topayotgan bolalarning qobiliyatini roʻyobga chiqarish uchun zarur choralarni koʻramiz. Shu sababli 2030-yilgacha barcha tuman va shaharlarda “Isteʼdod – intilish – istiqbol” deb nomlanadigan maktab-internatlar tashkil etiladi. Ularda Prezident maktablaridan kam boʻlmagan sharoit yaratiladi va ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun 70 foiz kvota ajratiladi (2023-yil);
- “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali yoshlarni nufuzli xorijiy oliy taʼlim tashkilotlaridagi bakalavriat, magistratura va doktoranturaga yuborish koʻzda tutilgan (2021-yil); Biotexnologiya, sunʼiy intellekt va boshqa yuqori texnologik yoʻnalishlarda yiliga 500 nafar isteʼdodli yoshlarimizni eng nufuzli xorijiy oliygohlarga davlat hisobidan oʻqishga yuboramiz. Buning uchun 200 million dollar yoʻnaltiramiz (2023-yil);
OʼzLiDeP nomzodining dasturida iqtisodiyotni rivojlantirish uchun, boshqa nomzodlardan farqli ravishda, aniq raqamlar, faktlarga asoslangan takliflar ilgari surilgan:
- Kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 barobar oshirish vazifasi oldimizda turibdi. 2030-yilga borib aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromad 4 ming dollardan oshiriladi va “daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar” qatoriga kirishga puxta zamin yaratiladi (2021-yil); 2030-yilga borib iqtisodiyotimizni 2 barobar oshirib, 160 milliard dollarga yetkazamiz. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshiramiz. Buning natijasida Oʻzbekiston “daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar” qatoriga albatta kiradi (2023-yil);
- Mis sanoati klasterini tashkil etish orqali kelgusi besh yilda mis va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 2-marta koʻpayadi hamda 8 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarishga asos yaratiladi (2021-yil); Tariximizda ilk bor alyuminiy, litiy, poʻlat, grafit ishlab chiqarishni boshlaymiz. Xususan, 4 ta nufuzli xorijiy kompaniyaning loyihalari ishga tushirilib, avtomobilsozlik sohasida haqiqiy raqobat paydo boʻladi va ishlab chiqarish yillik hajmi hozirgi 350 mingdan – 1 million donaga yetkaziladi. Bunda yiliga 300 mingta elektromobil ishlab chiqariladi (2023-yil);
Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning dasturida suv resursi bilan bogʻliq jarayonlar, takliflar alohida yoʻnalish boʻlib kirgani eʼtiborli. 2021-yil nomzod dasturida bu vazifalar hududlarni rivojlantirish yoʻnalishi ichida boʻlib, bir necha band shaklidagina tilga olingan. Ayni kunlarda iqlim oʻzgarishini oʻz tanamizda his qilarkanmiz, ekologiyani yaxshilash uchun tezkor choralar koʻrish kerakligini yaxshi tushunyapmiz. Nomzod saylovoldi dasturida ham ayni shu istak namoyon boʻlgandek.
Eng yosh partiya – Oʻzbekiston Ekologik partiyasi nomzodi Abdushukur Xamzayevning saylovoldi dasturini oʻrganar ekanmiz, unda urgʻu ekologik masalalarga qaratilgani yoki yoʻnalishlardagi muammolarning faqat ekologik tomonlari hisobga olingani koʻzga tashlandi. “Oʻz nomi bilan Ekopartiya boʻlsa, dastur ekologik muammolar haqda boʻlishi tabiiy”, deyish mumkin. Ammo bu nomzod Prezidentlikka daʼvogarlik qilayotganini va u gʻalaba qozonsa, mamlakatning kelgusi yetti yillik taqdiri, yoʻrigʻi shu tamoyillar asosida boʻlishini hisobga olsak, munosabat biroz oʻzgaradi. Albatta, soʻnggi yillarda iqlim muammosi global masalaga aylanyapti, atmosferamiz ifloslanishi, suv, tabiiy resurslarning taqchilligi, qirilib ketayotgan jonivorlar, ayovsiz kesilayotgan daraxtlar, yoʻqolayotgan oʻsimliklar har birimizni jiddiy tashvishga solmoqda. Bunga qarshi kurashish kerak, tabiiyki. Ammo bu butun mamlakatning iqtisodi, ijtimoiy hayoti, taʼlimini shu maqsadga boʻysundirishni oqlamaydi, asoslamaydi.
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi nomzodi Abdushukur Xamzayevning “Yashil taraqqiyot uchun!» shiori ostidagi dasturining asosiy maqsadi – mamlakatning barqaror rivojlanishini taʼminlash va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishini jadallashtirish, ekologik xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish, energetika xavfsizligini taʼminlash; atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, aholi uchun qulay atrof-muhit sharoitlarini yaratish kabi masalalarni qamrab oladi.
Saylovlar mamlakat, xalq hayotidagi muhim jarayon. Insonlar davlat yetakchisini tanlarkan, uning kelgusi yillarda hal qilinishi kerak boʻlgan muammolardan xabardorligi, taklif qilayotgan yechimlarini va oʻz hayoti qay darajada oʻzgarishini hisobga oladi. Zamon oʻzgargani kabi dasturlar oʻzgarishi kerak, chunki muammolarga aytilgan aniq yechimlar va matonat bilan olgʻa bosilgan qadamlargina, saylovchini ortidan ergashtira oladi. Nomzodlar maydonga kirarkan, oʻtgan galgi saylovning natijalaridan xulosa qilishi, partiyadoshi yoʻl qoʻygan xatolarni takrorlamasligi, yutqiziq sabablarini oʻrganishi saylovlarning yanada manfaatli oʻtishiga xizmat qiladi.
Feruza XAYRULLAYEVA,
Oyina.uz
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q