“Qizim, boshimni silagin, qo‘llaring onamni eslatadi” – Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari haqida qizi xotiralari


Saqlash
20:24 / 27.06.2023 4386 3

Hazratim qadamini katta-katta tashlab, tez yurardi. Men ham doim u kishi bilan baravar yurishga intilib, chopqillab ketaverardim. Shunday paytlari yetolmayotganimni ko‘rib, jilmayib, ikkita barmog‘ini tutardi. Hanuz esimda, qo‘llari katta, kafti ichida mening qo‘lim ko‘rinmay ketardi hisob. Shundan bo‘lsa kerak, qo‘lini uzatganda hammasini bermasdi, ikki barmog‘ini tutardi, xolos. Qo‘limni to‘ldirib barmoqlaridan ushlab dadil, ishonch bilan odimlardim. Shundayam otamga yetishib yurish qiyin edi. Doim ildamlab ketaverardi.

 

Bismillahir rohmanir rohiym, Olloh taologa hamd-u sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamga salot-u durudlar bo‘lsin. Biror kunimiz yo‘qki, otamizni eslamasak. Bolalik xotiralarimga sho‘ng‘ir ekanman, har doim jilmayib turadigan mehribon, samimiy va e’tiborli otamni eslayman. Hazrat ko‘p gapirmas, o‘ta sokin inson edi.

 

1980-yilning aprelida tug‘ilganman. Onam ko‘p xotirlar edi, dunyoga kelganimda otam Liviyada tahsilning oxirgi bosqichini tamomlayotgan ekan. O‘sha yilning yozida o‘qishini bitirib yurtga qaytgan. U paytlari telefon bo‘lmagan, amakim telegramma orqali tug‘ilganimni xabar qilib, juma kuni bo‘lgani uchun Odinaxon ismini qo‘yishganini yozgan. Xabardan o‘zida yo‘q xursand otam onamga maktub bitgan. Maktub onamga jo‘natilgan esa-da, menga atab yozilgan ekan.

 

“Odinaxon otinoyi qizim, puchuq qizim, – deb boshlanardi maktub. “Onangizni qiynamang. Borgunimcha esli qiz bo‘lib turing” deb davomiga juda chiroyli duolar bilan yozilgan kattagina maktub... U shaxsiy arxivimda haligacha saqlanadi. Bolaligimdan beri xatni qayta-qayta o‘qirkanman, shunday e’tiborli otaning qizi ekanimdan ich-ichimdan xursand bo‘lib ketaman. Bu bizning otam bilan ilk suhbatimiz edi. Xatni nafaqat men, volidamiz ham boshqacha xotirlaydi. “Uzoqda bo‘lgani uchun dilimga taskin sifatida, shu bilan birga, sizning dunyoga qadamingizdan juda quvonib shu xatni yozgan” deb ko‘p eslardi.

 

Vatanga qaytib meni ilk bor qo‘liga olganida ham juda sevingan ekan. “Ko‘zlaridagi, yuzidagi shu xursandchilik umri davomida saqlanib qoldi” derdi onam. Doim otamning ko‘zlariga boqsam, umidni ko‘rardim. Farzandlaridan yaxshiliklar kutayotgan ota umidi! Umri davomida biz farzandlarga go‘zal tarbiya berishga, muntazam ibrat bo‘lishga harakat qildi.

 

Kuzatishlarimdan shuni bilamanki, ko‘pgina oilalarda farzandga ona mas’ul, men yedirib, ichirib, kiyintirsam bo‘ldi deb, ota ko‘pincha bolalarga e’tiborli bo‘lmaydi. Lekin otam unday fikrda emas edi. O‘g‘ildir, qizdir har birimiz bilan alohida shug‘ullanardi. Ayniqsa, biz qizlarini juda avaylab, lutf va ikrom ko‘rsatardi. Bu u kishining harakatlarida yaqqol namoyon bo‘lardi. Boisi, otamiz har bir harakatida, so‘zlarida o‘ta rioyatli bo‘lgan. Ko‘p gapiravermas yoki ko‘pam erkalatavermasa-da birgina qarashidan mehrini, e’tiborini ilg‘ash mushkul emasdi. Salobatli odam edi. Kezi kelganda o‘ta g‘amxo‘r ham. Onamizning biror yumushi chiqib, uydan chiqishga majbur bo‘lib qolganida otam bizni olib qolib o‘zi qarardi. Hatto bir muddat onamizning tobi bo‘lmay, safarlarga chiqolmay qolganida ham akam ikkimizni olib Buloqboshiga borib kelaverardi. Yo‘l asnosida chanqaymizmi, taomlanamizmi bajonidil hamma aytganimizni qilardi. Tunda ham yonma-yon joy soldirib, erinmasdan qarab chiqardi.

 

 

 

Mutolaa

 

Hazrat tartib va intizomga qattiq rioya qilgan. Har kuni ishdan qaytib xontaxta atrofida o‘tirib, uzoq vaqt mutolaa qilardi. Shu ishni bir kun ham kanda qilmagan. Xontaxtaning tagi u kishi o‘qiydigan kitob, gazeta-jurnallar bilan to‘lib ketardi. Haftada bir marta taxlab, tartiblab, boshqa joyga joylab qo‘yardik. Ba’zan amakim kelardi. Amakim bilan birga dars tayyorlar yo ikkalasi ham mutolaaga kirishib ketardi. Men ham bu paytda bekor o‘tirmasdim. O‘yinchoqlarimni to‘dalab olib kelardim-da, hammasini to‘kib, atrofida aylanib o‘ynab yurardim. Yo bo‘lmasa, ular o‘qiyotgan kitoblarni o‘qishga harakat qilardim, turli savollar beraverardim. O‘shanda biror marta otamning to‘polon qilmagin, boshqa joyda o‘yna deb dakki berganini eslolmayman. Mabodo, uyqum kelsa, boshimni, yelkalarimni silab tizzasida uxlatar edi. Otam men uchun sabrda ham o‘rnak edi. Tartib va izchillik borasida ham...

 

 

Xo‘rozqand

 

Tabiatan biz shovqin solib, turli sarguzashtlar qiladigan bolalardan bo‘lmaganmiz. Balki bolalikdan otamday sokin bo‘lishga harakat qilgandirmiz.

 

Otam bilan bozorga borishni yaxshi ko‘rardim. U kishiyam meni ergashtirib olib ketaverardi. Xaridga kirib ketganida men mashinada kutib o‘tirardim. Chiqishini kutib, toqatsiz bo‘lib, bu yoqdan kelayaptimikin yo bu tarafdan kelib qolarmikan deb kutib o‘tirardim. Otam kelishi bilan qo‘limga xo‘rozqand tutqazardi. Yo bo‘lmasa, shosha-pisha bozorlikning ichidan o‘zim topib olardim. O‘sha xo‘rozqand eng totli shirinlik edi men uchun. Gazeta qog‘ozga o‘ralgan xo‘rozqand. Yana bir marta bozorga borganimizda ichkarida ancha payt qolib ketgan. Kutaman, hech chiqavermaydi. Nega chiqmayapti, bir narsa bo‘ldimikan degan xavotirda yig‘lashga tushdim. Qattiq qo‘rqib ketganman o‘shanda. Allamahaldan keyin qaytib chiqqan. Men yig‘layverib, ko‘zim qizarib ketgan. “Iye, qo‘rqib ketdingmi, xola?” deb burnimdan chimchib, erkalab qo‘ygani hech esimdan chiqmaydi. Yana bir pushti ro‘molim bor edi, sariq nuqtachalari bor. Onam olib bergandi. Haligi ro‘molni mashina oynasidan pastga osiltirib o‘ynayotsam, bir lo‘li xotin kelib qo‘limdan tortib olib ketib qolgan. O‘shandayam rosa yig‘laganman. Otam kelgach, “ro‘molimni lo‘li olib qo‘ydi” deb shikoyat qilganman. “Qizim, senga ro‘mollarning eng yaxshisini oberaman” deb yupatgan.

 

 

 

Maktab

 

Shunday qilib, maktab yoshiga ham yetib qoldik. Hamma maktabga piyoda borsa, otam bizni har kuni mashinada oborib qo‘yardi. To eshikdan kirib ketgunimizcha orqamizdan qarab turadigan odati bor edi. Qaytishda onamiz eshik yonida kutib olardi. Biz ota va onaning muhabbati og‘ushida o‘sganmiz. Eslashga arzigulik bir talay ana shunday go‘zal xotiralarimiz bor.

 

Esimda, o‘quvchilik yillarimiz o‘zimizga tegishli turli masalalar bilan otamizni bezovta qilmaganmiz, chunki hazratning ko‘p ishlaydigan paytlariga to‘g‘ri kelgan u damlar. Otam muftiy, deputat bo‘lgan yillarda to‘qqiz yoshda edim. Yumushi ko‘pligi bois biror muammomiz chiqib qolsa ham ko‘proq onamiz bilan hal qilganmiz, onamiz bilan dars qilganmiz. Lekin doim o‘qishimizni o‘zi nazorat qilib, tekshirib, a’lo baholarimizni shirin so‘zlari bilan olqishlab, rag‘batlantirib qo‘yishni kanda qilmasdi. Arabiydan ilk savodimizni hazratning o‘zi chiqargan, “Muallimi soniy”ni otam o‘rgatgan. Boshlang‘ich diniy ta’limni ham otamizdan olganmiz. O‘zi Liviyada o‘qigani bois safardan qaytganida arabcha kitoblarni ham keltirgandi. Shu kitoblarning ichida “Anbiyolar qissasi”ning arab tilidagi varianti bor edi. Hali o‘zbekchaga tarjima qilinmagan. Kitobni o‘qib, o‘zi tarjima qilib berardi. Kitob men uchun juda qadrli edi. Kitob orqali payg‘ambarlar hayotiga qiziqishim uyg‘ongan. Kitobni o‘qib, javonning tepasiga qo‘yib qo‘yardi. O‘qib berishini har kuni orziqib kutardim. Albatta vaqt ajratib, o‘qib berardi.

 

 

Buloqboshilik buvim

 

Andijonlik bobo-yu buvimiz judayam boshqacha insonlar edi. Bolaligimizning eng shirin xotiralari ham ular bilan bog‘liq. Buloqboshidagi bobomning hovlisi juda katta edi. Hovlining etagida ko‘p qo‘y-qo‘zilari bo‘lardi, shunga yarasha buvimizning ham yumushlari sira tugamasdi. Tomorqasiga gul, turli ekinlar ekardi, jonivorlarga yemish berardi, xullas, tinmasdi. Bobomga qarardi. Buvim hamma ishlarni joy-joyida qilishga odatlangan edi. Hovliga kirib borarkanmiz, buvimning o‘zidan oldin ovozi kelardi. Katta otamizning ham, buvimizning ham ovozlari qo‘ng‘iroqday jarangdor edi. Hovlining etagidan “Hoy, kimlar keldi, qarang-a, o‘zim o‘rgilay, bolalarim kelibdi, aylanib ketay” deb qarshi olardi. Uzoqdan erkalab-erkalab kelib, qalampirmunchoq ifori taralib turgan bag‘riga qattiq bosib quchoqlardi. Mehrining taftidan erib ketardik hisob. O‘sha ifor haliyam yodimda, axir bu ifor menga bolaligimni eslatadi-da. Buvim boshimizni, yuzimizni ko‘p silardi. Qo‘llari juda taftli edi, go‘yo yuragidagi mehri qo‘llariga ko‘chganday.

 

Qachon bormaylik, buvim alohida kichkina xaltachaga yong‘oq, qand-qurs va shirinliklar solib, chiroyli lentacha bilan bog‘lab yo bo‘lmasa, ko‘ylakmi, ro‘molmi bizga hadya qilardi. Dasturxon boshiga o‘tirishimiz bilan quvonib haligi narsalarni opchiqib berardi. Ota-onamizgayam hadyalari bo‘lardi. Hech qachon bizni quruq qaytarmasdi. Katta otam ham bozorga olib chiqardi. Hamma narsamiz bor desak ham, mening hadyam boshqacha derdi. Bozorga borganimizda mening bolalarimga eng a’losidan bering deb uch marta takrorlardi. Har bir gapini uch marta takrorlaydigan odati bor edi. Savdogarlar ham hoji ota deb juda hurmatlab, eng a’losidan ko‘rsatardi. Yoqqanini tanlab, uyga xursand bo‘lib qaytardik.

 

 

 

Oliy dargoh

 

Institutda o‘qiganimda otam juda katta ko‘mak bergan, yonma-yon o‘tirib birga o‘qiganmiz desam ham bo‘ladi.

 

Ko‘pchilikka ayon, ba’zi sabablarga ko‘ra yurtdan uzoqda yashashimizga to‘g‘ri kelgan. Bir yil Saudiya Arabistonida istiqomat qilganmiz. Maktabimiz hali nihoyasiga yetmagan edi. Otam u yerdagi maktablarni yaxshilab tekshirib, o‘rganib, bizni o‘qishga bergisi kelmagan. Bir yil o‘tgach Liviyaga ketdik. U yerga borganimizdan so‘ng o‘qishga kirganmiz. Dastlab ikki yil tayyorlov kurslarida o‘qib, undan keyin institutga hujjat topshirdik. Darslarning hammasi arab tilida, o‘qish, yozish, imtihonlar ham to‘liq arabiyda bo‘lgani bois dastlabki yillar qiyinchilik bo‘lgan. Bundan tashqari, kursdoshlarimga nisbatan yoshroq bo‘lganman. Otamdan doim bilmaganlarimni so‘raganman, hech vaqtini ayamasdan yordam bergan. Ko‘pchilik yordam berish deganda aytib berishni tushunadi. Dars qilayotganda bolaga javobini, xulosasini aytib bersa, yo bo‘lmasa bolaning o‘rniga yozib bersa, shuni yordam berish deb tushunishadi. Lekin hazratning uslubi boshqacha edi, o‘zimizni ishga solardi, fikrlashga o‘rgatardi. Darslardan qiynalib, yig‘lagan paytlarim ham bo‘lgan. Yoshlikda har bir odam o‘zini to‘g‘ri deb o‘ylaydi, ba’zi masalalarda shoshib xulosa chiqaradi. Bizda ham shunday vaziyatlar bo‘lgan. Xafa bo‘lib, otam darslarimga qarashmayapti deb onamga shikoyat qilgan paytlarim ham bo‘lgan. Lekin ulg‘aygach, hazratimizning tutgan yo‘li, o‘rgatish uslubi, bizga bo‘lgan munosabati eng to‘g‘risi ekanini tushundik. Endi bilsam, eng katta yordamni otam bergan ekan. Ilmning mashaqqatini totishni, mustaqil izlanishni va yo‘lda qoqilmasdan yurib ketishimizni o‘rgatgan ekan. Olgan bilimlarimizning barchasi bugun asqotayapti. Ilmga o‘zni fido qilib ishlashni otamizdan o‘rganganmiz.

 

 

 

Omina

 

Singlim tug‘ilganida men o‘n uch yosh bo‘lganman. Aka-ukalarim ko‘p bo‘lishini istaganman. Uka olib keling deb onamniyam hol-joniga qo‘ymaganman. Esimda, har yakshanba buvijonimnikiga borishni sabrsizlik bilan kutardim, tog‘alarimning bolalarini o‘ynatardim. Qaniydi, o‘zimning ham ukam bo‘lsaydi deb o‘ylardim.

 

1992-yili, o‘n ikkiga to‘lganimda haj qilishga muyassar bo‘lganmiz. Muqaddas dargohda turib birgina duo qilganman – “Ollohim, menga uka yoki singil ber” deb. Alhamdulillah, shundan keyin Ominaxon tug‘ilgan. Uni orziqib kutganmiz. Ko‘zimizning quvonchi edi bu qiz. Singlim tavallud topganda otam juda xursand bo‘lgan, tug‘ruqxonaga borib onamizga hadya bergan. O‘sha yillari otam muftiy lavozimida ishlar edi. Onamiz meni va singlimni sal bemorchilik bilan dunyoga keltirgani bois hazrat ko‘p ehson chiqarib, qurbonlik qilgan. Omina eng kenjamiz, erkatoyimiz bo‘lgani uchun otam tabassumsiz u kishiga qaramasdi. Singlim otamizning kayfiyatini ko‘tarib turuvchi bir yupanch edi. Biz bilan ancha jiddiy muomala qilib, ish borasida gaplashgan bo‘lsa, singlimni gapirtirib, kulib, quvonib o‘tirardi. Haqiqatan Ominaxonni Ollohim bizga bir yupanch, quvonch qilib bergan ekan, u tug‘ilgandan keyin uch-to‘rt oy ichida yurtdan chiqib ketganmiz. Vatandan yiroq bo‘lganimizda, uzoq safarlarda yurganimizda Omina bizga haqiqiy quvonch bo‘lgan.

 

 

Iztirob

 

Vatandan yiroqda yashaganimizda otamning dardini to‘liq his qilolmaganmiz deb o‘ylayman. U paytlari bola edik. Hozir xotiramda qolgan o‘sha kunlarni qayta esga oladigan bo‘lsam, otamizga oson bo‘lmaganini anglayman. Birdaniga ishlar teskari ketib, elga tanilgan odam vatandan yiroq kunlarini katta sabr bilan o‘tkazgan. Qiyinchiliklar cho‘qqiga chiqqan mahaldayam hazratning o‘ta buyuk sabri, matonatini ko‘rganmiz. Ilojsiz vaziyatlarda ortiqcha gap gapirmasdan, boshini egib, Ollohga qalbi bilan bog‘lanar edi. Eng qiyin damlarda ham zikr aytayotgan holatda ko‘rganman otamni.

 

Hazrat doim nimaningdir tashvishida, g‘amida yurgan bo‘lardi. Qalbidan nimalar o‘tganini bilmasdim, lekin endi o‘ylasam, qayerda bo‘lmasin dinning tashvishida, ummatning g‘amida bo‘lgan ekan. Fikri-zikri shunda ekan.

 

Buvimning vafotidan so‘ng otam juda g‘amga botdi. Shunda otamning dardini ich-ichimdan his qilganman. Bir kuni uyning derazasidan qarab tursam, otam daraxtning oldida juda o‘ychan o‘tiribdi. Qattiq iztirob chekayotgani ko‘rinib turardi. Otam ich-ichidan qiynalayotgan edi. Keyin uyga kirib yig‘laganida oldiga borib yupatgim keldi.

 

– Ota, yig‘lamang, – dedim.

 

Shunda otam:

 

– Qizim, boshimni silagin, sening qo‘llaring onamning qo‘liga o‘xshaydi, – dedi.

 

Boshini silar ekanman, ko‘proq yig‘ladi. Otamni yupatishga chog‘langanimda onamning ishorasi bilan (to‘yib-to‘yib yig‘lab olsin degan ma’noda) indamaganman. O‘shanda to‘yib yig‘lab olgan. Buvimiz doim farzandlarining boshini silardi. Shuning uchunmi, otam buvimning qo‘llarini ko‘p qo‘msardi. Sog‘inch ustun kelgan paytlari biz qizlariga aytib boshini silatardi.

 

 

 

Tartib

 

Otam tartib-intizomda bizga ham, o‘ziga ham o‘ta talabchan edi. Boshlagan ishni oxiriga yetkazish shart edi. Otam qattiqqo‘l emas, lekin gaplari keskin bo‘lardi. Achchiqlanganini nazaridan sezardik. Otamning qo‘l ko‘targanini eslolmayman. Har qanday vaziyatda ham bosiqlik bilan nasihat qilgan. Eng yomon gapi “o‘qimagan” yoki “esi yo‘q” bo‘lardi. Undan ortig‘ini gapirmagan. Esimda, akam yoshlik paytlarida uyga kech qolsa, tartibni buzgani uchun eshikni yopib qo‘yardi. Akam buni tanbeh o‘rnida qabul qilgan. Qizlarning ham xatti-harakati shariatga zid bo‘ladigan bo‘lsa, qattiq jahli chiqar edi. Qolaversa, shaxs sifatida shakllanib, kamol topishimizni istardi. Qiz bola uy yumushlarini eplasa bo‘ldi degan fikrdan yiroq edi. Ilm olishga, o‘z ustimizda tinimsiz ishlashga rag‘bat bergan, kezi kelsa yordam bergan. Har kuni ertalab qo‘ng‘iroq qilib hisobot topshirishni kanda qilmaganmiz. U kishi ham “Nima qilding, qaysi ishingni uddalading, qaysi ishingni bitirding?” deb har kuni so‘rashdan erinmagan, bajarmagan bo‘lsak, albatta koyish eshitganmiz. Agar o‘zi biror topshiriq bergan bo‘lsa, albatta nazoratga olardi.

 

Talabalik davrlarimizda ham har kuni darsga borgan-bormaganimizni so‘rardi, bormaslik mumkin emas edi. Dars bo‘lmasa ham, bitta o‘zingga dars o‘tsa ham sinfda o‘tir der edi. Balki ma’lumot ololmassan, lekin o‘zing tartibga tushasan deb ko‘p aytardi. Biz shu tartibni bajarganmiz.

 

Hatto farzand tarbiyasida ham bolani kichikligidan tartibga solishni tavsiya qilgan. Mabodo, farzandlarimizni tushunmay qolsak, hazrat bosiqlik bilan, bekorga onalarga katta ajr berilmaydi, farzandingizga sabrli bo‘ling deb sabrga chaqirardi. Nabiralarining har biriga alohida munosabat qilardi, o‘g‘il bolalarga sal qattiqroq tursa, qiz nabiralarini “xola” deb erkalab chaqirardi. U kishining nabiralari bilan alohida ko‘rishadigan vaqtlari bor edi, kichik yoshdagi qiz nabiralari she’rlar, qo‘shiqlar aytib hazratning ko‘nglini ko‘tarar edi. Bundan xursand bo‘lib ularga hadyalar berib, mehrini izhor qilgan.

 

 

 

Ilmli ayol

 

Hazratim ilmni diniy va dunyoviyga emas, foydali va foydasizga ajratardi. Bugun biz dunyoviy deb mezonga solayotgan ilmlarni u kishi doim muhim hisoblagan. Jamiyatni ilmli qilishda ayollarning o‘rni beqiyosligini doim ta’kidlagan. Qaysi sohada bo‘lmasin, o‘qigan qizlarni ko‘rsa juda quvonardi. Boisi hazrat uchun eng asosiy o‘lchov o‘qish bo‘lib, kimnidir maqtasa ham, koyisa ham “o‘qigan” yo “o‘qimagan” sifatini berardi. Agar bir ayol Qur’ondan bir pora yodlagan bo‘lsa, tahorat va namoz ahkomlarini o‘rgangan bo‘lsa ham, katta yutuqqa erishibdi der edi. Bundan tashqari o‘zi ham kitob borasida ayollar bilan ishlagan. Har bir hunari bor ayolni jamiyatga foydasi tegayapti, juda yaxshi ish qilayapti deb e’zozlab gapirardi. O‘zim ham bolamni katta qilib olay deb biror ishimni yakunlamasam, faqat sen emas, hammayam bolali bo‘layapti, ishingni qoldirma deb qattiqroq talab qilardi. Men haqimda boshqa odamlarga gapirganida esa “quchog‘iga bolasini olib ilmiy ishini qilayapti, barakalla” deb alqab qo‘yardi.

 

Farzand sifatida eng katta yutug‘imiz shunda bo‘lganki, u kishi doim bizni rag‘batlantirgan. Qanday muvaffaqiyatga erishmaylik, xoh kichik, xoh katta bo‘lsin, albatta shirin lutfi yoki jilmayishi bilan mehnatimizni qadrlagan. Ilmiy darajaga erishganimizda ich-ichidan o‘ta xursand bo‘lgan. Otam katta bir ne’matga yetishganida Ollohga bo‘yin eggan holda albatta shukronasini keltirardi. Qur’onni yodlab kelganimizda ham o‘zimizga aytmagan bo‘lsa-da, boshqalarga faxr bilan gapirganini eshitganmiz. Esimda, Qur’onning bir juzini yodlab kelsak, “Ie, mashalloh, tugatdingmi, endi bugun bitta osh ekan-da?” der edi. Shunday deyishini juda yaxshi ko‘rardim, biz uchun bu katta rag‘bat edi. Qur’oni karimni to‘liq yodlab bo‘lganimda safarda edi. Eshitgan zahoti menga qimmatli hadya olib safardan qaytgan. O‘sha hadyani asrab qo‘yganman, go‘zal xotira bo‘lib qolgan.

 

O‘qishni Misrda davom ettirmoqchi bo‘ldim. Mavzumda ikkilanganimda, “Yo‘q, qiyinchilik bo‘lsa ham o‘qish kerak, qizim” deb yo‘l ko‘rsatgan. Haqiqatan ham otam ko‘rsatgan yo‘ldan yurganim uchun katta natijalarga erishganman. Otamdan umrbod minnatdorman.

 

 

 

Otam tirik bo‘lganida…

 

Agar otam tirik bo‘lganida ko‘proq yonida bo‘lishga harakat qilardim. U kishidan o‘rganadigan, eshitadigan narsalarimiz ko‘p edi. Hayotlik chog‘ida ko‘proq so‘rab o‘rganmagan ekanman deb o‘ylayman. Lekin har bir ishda hikmat bor, fikrimcha, otamning farzandlar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazganidan ko‘ra xalqning xizmatida, ummatning xizmatida bo‘lgani foydaliroq edi va bu menga taskin beradi. Faqat bitta nadomatim borki, hazratim hayot payti o‘zidan so‘rab umr yo‘llarini yozib yoki bo‘layotgan jarayonlarni kundalikka tushirib qo‘ymagan ekanman. U kishining ibratli hayot yo‘li katta bir kitobga sig‘masa kerak. Otam keksayib, biroz charchab qolganida oyoqlarini uqalab, ko‘nglini so‘rab, biroz dam bermagan ekanmiz deb ham o‘ylayman. Ammo bu inson mehnatda chiniqqan edi. Endi bilsam, shu mehnatdan rohatini topgan ekan. Hazratim juda samarali, barakali umr ko‘rdi. U kishining yutug‘i, baxti soliha ayolida, ya’ni onamizda bo‘lgan. Onamiz hazratimga juft bo‘lishidan oldin olimning oilasida ulg‘aygan. Onamning otasi, bobomiz otamning ustozi bo‘lgan. Shogirdlarining ichidan otamni o‘zi kuyovlikka tanlagan. Oralaridagi mehr-muhabbat shu qadar kuchli bo‘lganki, akam tug‘ilganida otam qaynotasi, ya’ni ustozining ismini bergan. Ismoil deb atagan.

 

Onam ham buvimning olimga qanday xizmat qilganini ko‘rib, tarbiya topgani bois otamning xizmatida qiynalmagan. Otamning hamma ishlari uydan boshlangan, shogird tarbiyalash deysizmi, kitob chiqarish deysizmi… Onam hamma sharoitni yaratishga harakat qilardi va doimo otamning vaqti bilan hisoblashardi. Har bir ishning vaqti bo‘lgani bois katta-yu kichik shu tartibga bo‘ysunardi. Ayniqsa, safarga otlansa, onamiz alohida, qattiq tayyorgarlik ko‘rardi. Xullas, onamiz hazratimning har bir kerakli yumushini chin dildan bajarardi.

 

 

Vidolashuv oni

 

2015-yili 10-mart…

 

Oxirgi besh yil ota hovlimizga yaqin joyda yashadik. Har kuni ertalab yumushga ketarkanmiz, otamizning ziyoratiga chiqardik. Besh-o‘n daqiqa suhbatlashib, katta ma’naviy quvvat olib, ishimizga otlanardik. Hazratning qabuliga boshqa suratda kirib, boshqa suratda chiqib ketardi odam. Har kuni huzuriga bir marta kirgan bo‘lsam, o‘sha kuni (esimda, seshanba kuni edi) ikki marta kirdim. Bir kun oldin ishxonadagi ishlarimizda kuzatilayotgan ba’zi holatlardan sal ranjib qolgandim. Hazrat vaziyatni ancha mulohaza qilgan shekilli, xafa bo‘lib qolganim uchun  ko‘nglimga qarashga harakat qilgan. O‘sha kuni ish haqida ko‘p gaplashdik, saytlar ishi va kitob nashri avj pallasida edi. Keyin yana ruhiy tarbiya, tasavvuf, ustoz va shogird orasidagi munosabatlar haqida suhbatlashdik. Hazrat bilan oxirgi suhbatimiz shu bo‘lgan. Chiqib ketar ekanman, qayta-qayta ortimga qaragim kelavergan. Eshik boshdan oxir oynavand edi, ortga o‘girilsam, shunday go‘zal tabassum bilan qarab turgan ekan. Ko‘zlarimiz to‘qnashdi, avvalgidan-da chiroyli qaradi. Ketdim. Ishga sho‘ng‘idim, yumushlar bilan ovora bo‘ldim. Va kechqurun meni larzaga solgan xabarni eshitdim.

 

Otamning o‘sha go‘zal surati ko‘zim oldida. Har dam hazratimni ana shu go‘zal suratda eslayman. Olloh rahmatiga olsin!

 

Odinaxon Muhammad Sodiq xotiralarini

Guljahon Namozova oqqa ko‘chirdi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 2-son.

“Hazratimni shunday eslayman” xotiralari

3 Izohlar

Islomjon Mirzajalilov

21:04 / 13.04.2024

Assalomu aleykum ustozlar salomatchiliklaringni Alloh ziyoda qilsin,katta tashakkur aytamizki hazratimizni siyratlarini yaqindan tanishishga muyassar boʻldik. Shu bilan birga, ochigʻini aytsak qalbga malham boʻlib,insonni yaxshilikka yoʻllovchi jumlalar qanday tugab qolganini sezmay ham qoldik.Istardikki siz azizlardan hazratimiz haqida hayot kechirishlari, turmush tarzlari, gap soʻzlari,voqea hodisalarga boʻlgan munosabatlari va hokazo jihatlariga oid batafsil yozilgan manbani taqdim etishlaringni soʻrab qolardik.Qilinayotgan har bir ishlarga oʻzidan yordam soʻragan holatda boʻlishni nasib aylasin Omiyn.

Gulchehra Xushboqova

09:04 / 11.04.2024

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh, nega hazrat haqida maqola va yoki maʼlumot o'qisam ko'zimga yosh quyilib kelaveradi, Allohim oxiratlarini obod qilsin, shunday insonlar ko'paysin!!

Elyorbek Nishonov

21:11 / 17.11.2023

Raxmat barchelardan ALLOX rozi bo'lsin Omin qilayotgan hayrli ishilar ga ALLOX baraka ato etsin Omin ikki dunyo baxt saodatiga erishilar Omin Biz muhlislar ga Shayx Xazratlarini va hotiralizni ulashganiz uchun ming bora tashakur raxmat Ustoza Odinaxon Muxammad Sodiq olima opamiz ni umurlari uzoq risqi ulug'bo'lsin Omin yurtimizni baxtiga mo'mina muslima opa singillarimiz ni baxti ga hamisha sog'salomat yursin omin Shayx Xazratlaridan ALLOX rozi bo'lsin Omin Shayx Xazratlarini oxiratlari obod bo'lsin omin bizlarga qoldirib ketgan ilmiy meroslari ni asarlarini o'qib uqib amal qilish ni barchamiz ga ALLOX nasib etsin Omin barchelardan ALLOX rozi bo'lsin Omin tashakur raxmat...

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Falsafa

10:10 / 15.10.2024 0 0
Global ruhiy stress oddiy voqelikka aylandi

Ma’naviyat

15:10 / 14.10.2024 0 197
Har qanday “poyezd”ning “so‘nggi bekat”i bor





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20470
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//