Kim uchundir qo‘g‘irchoq hukmdor, kim uchundir qurbon. Chingiz avlodining soʻnggi yirik vakili, Buxoro xonligining oxirgi xoni Abulfayzxon hayoti


Saqlash
22:06 / 23.06.2023 1794 0

XVIII asr boshida Buxoro xonligini chingiziylar xonadonidan boʻlgan Ashtarxoniylar boshqarar edi. Tarixiy manbalarda ularni oʻzbek sulolasi ham deyiladi. 1711-yilda sulolaning yirik vakillaridan biri Ubaydulloxon II oʻldirildi. Taxtga uning ukasi Abulfayzxon oʻtirdi. Manbalarda uning amirlar qoʻlida qoʻgʻirchoqqa aylanib qolgani koʻp aytiladi. Hukumat ustidan nazoratni qoʻldan boy bergan va bu davrda Fargʻona vodiysi Buxorodan ajralib chiqadi. Taxtga daʼvo qilishi mumkin boʻlgan barcha oila aʼzolarini qilichdan oʻtkazgan Abulfayz Buxoroni 36 yil boshqaradi. Uning faoliyatining soʻnggi 7 yili Eron shohi Nodirshoh hukmronligi ostida kechadi. Bu paytda Buxoro Eronning yarim mustamlakasi holida edi. Oyina.uz’ning bugungi maqolasida Abulfayzxon hukmronlik davri hamda vafoti haqida hikoya qilinadi.

 

Abulfayzxon (1687-1747, 1711-1747) Buxoro xonligida Ashtarxoniylar boshqaruvi davridagi sakkizinchi ko‘pchilik tarixchilar fikriga ko‘ra so‘nggi xon sanaladi. U 1696-yil ba‘zi manbalarda 1699-yilda Buxoroda tug‘ilgan. Tarixchi Abdusattor Jumanazarovning Abu Abdurahmon Abdullohning “Tarixi Buxoro va tarjumat ul-ulamo” asariga tayanib 10 yoshda taxtga o‘tirganligini keltiradi.Uning hokimiyat tepasiga kelishi akasi Ubaydullaxonga qaratilgan suiqasddan so‘ng ro‘y berdi, bu vaqtda u 10-16 yoshlar atrofida bo‘lgan. Mazkur voqealar Muhammad Amin Buxoriyning “Ubaydullanoma” hamda Abdurahmon Tole’ning “Tarixi Abulfayzxon” asarlarida keng yoritilgan.

 

XVIII asrda Eronda Safaviylar sulolasi inqirozga uchray boshladi. Bir qator hududlar imperiya tarkibidan ajrala boshladi. Shunday sharoitda safaviy qoʻmondonlardan biri, turkmanlarning afshor urugʻidan chiqqan Nodirshoh Afshor mamlakat taxtini egallab, tez fursatda imperiya chegaralarini Hindistongacha yetkazdi. 1736-yildan boshlab esa azaliy raqiblari boʻlmish oʻzbek davlatlari, Buxoro, Xorazm va Fargʻonani egallashga bel bogʻladi.

 

Nodirshoh Hindistonda jang qilar ekan, uning oʻgʻli Rizoqulimirzo Buxoro hududiga hujum qiladi. Buxoro va afshoriylar qoʻshini oʻrtasidagi ilk jang 1737-yil Qarshi yaqinida yuz beradi va Rizoqulimirzoning gʻalabasi bilan tugadi. Bunga qarshi Xorazm xoni Elbarsxon turkmanlar qoʻshiniga qarshi javob hujumlari qildi. Nodirshoh Hindistondagi urushdan chalgʻimaslik uchun Rizoqulini Buxoroni tark etishga chaqirdi. Aslida Xorazm xonlari doimiy ravishda Xurosonga yurishlar qilib turgan. Jumladan, 1734-35-yillarda ham Elbarsxon Xurosonga hujumlar qilib, bir qancha joylarni talagan edi. Keyinchalik, Nodirshoh qoʻshiniga magʻlub boʻladi.

 

Nodirshoh Hindistondagi zafaridan keyin, asosiy eʼtiborini Markaziy Osiyodagi oʻzbek davlatlariga qaratadi. Buxorolik tarixchi va sayyoh Mir Abdulkarim Buxoriy oʻzining Buxoro tarixiga bagʻishlangan kitobida yozishicha, Abulfayzxon Nodirshohga bas kelishiga koʻzi yetmay, uning huzuriga elchilar yuborishga qaror qiladi. Elchilikka Qarshi noibi, xonning otaligʻi Muhammad Hakimbiy boshchilik qiladi. Hakimbiy oʻzi bilan birga qimmatbaho sovgʻalar va xonning maktubini olib Peshovarga – Nodirshoh huzuriga boradi. Elchilar bir qancha nufuzli kishilardan iborat edi. Xonning maktubi esa quyidagicha mazmunda bitilgan edi: “Men qadim xonlar avlodining soʻnggi vakiliman. Men sen kabi qudratli podshohga bas kelish qudratiga ega emasman. Senga yaxshiliklarni tilayman va mening mehmonim boʻlsang, bundan bagʻoyat shod boʻlurmen”. Nodirshoh ushbu soʻzlardan juda xursand boʻladi va elchilarni iliq kutib oladi hamda ularga yaxshi munosabatda boʻladi, javob maktubini yuboradi. Uning maktubi quyidagicha mazmunda edi: “Sizning harakatingiz meni juda xursand qildi va koʻnglimdan joy oldi. Elchilaringizni va sovgʻalaringizni mamnuniyat bilan qabul qildim. Sizning sodiqligingiz, doʻstligingiz va mehringiz bizni xushnud etdi. Elchilaringiz taqdim qilgan barcha narsa samimiylik nishonasi edi. Men Elbarsni jazolashim shart va bir nobakorni jazolash men uchun muqaddas burchdir. Xudo xohlasa, Hirotga yetib borganimdan soʻng, Balxga qarab yuraman va u yerdan sizning huzuringizga boraman va oʻzim xuddi otamdek koʻradigan siz hazrat qabulida boʻlishdan baxtiyor boʻlaman. Meni bir mehmon oʻlaroq qabul qilishingizni soʻrayman. Men huzuringizga faqat mehmon oʻlaroq boraman va bundan boshqa hech qanday niyatlarim yoʻq. Menga sizning davlatingiz ham, xazinangiz ham kerak emas. Sizga, aziz doʻstimga, Hindistondan olib kelgan bir qancha sovgʻa yubormoqdaman. Ularni arzimas deb qabul qilishingizni soʻrayman. Ushbu maktub orqali sizga barcha ezguliklarni tilab qolaman”.

 

Nodirshohning maktubidan koʻrinib turibdiki, u Abulfayzxonning harakatlaridan haqiqatda, qoniqish hosil qilgan. Oʻz navbatida Nodirshohning javob maktubi ham xonni xursand qilgan. Xat va sovgʻalar kelishi bilan, Abulfayzxon Elbarsxonga ham maktub yubordi va uni ham Nodirshohga taslim boʻlishga chaqirdi. Ammo Elbarsxon bunga rozi boʻlmadi va Abulfayzxonga haqoratomuz tarzda javob yubordi. Abulfayzxon boshqa Elbarsxonga maktub yubormadi. Oʻzi esa Nodirshoh tashrifiga tayyorgarlik koʻra boshladi.

 

Balx shahriga yetib kelgan Nodirshoh Abulfayzxonga Buxoroga kelayotgani xabarini yoʻlladi. Qoʻshinga bir oz dam bergach, yarim qoʻshinga Amudaryoni kechib oʻtishga ruxsat berdi va qolgan yarmini artilleriya bilan birga chap sohilda qoldirdi. Kerkida uni Muhammad Rahimbiy sovgʻa-salom bilan qarshiladi. Keyin esa Chorjoʻy orqali Amudaryodan kechib oʻtildi. Qorakoʻlda Abulfayzxon buxorolik sayyidlar, xoʻjalar, yuqori martabali diniy ulamolar va shaxslar hamrohligida Nodirshohni kutib oldi. Rasmiy qabul marosimi oʻtkazildi. Nodirshoh Abulfayzxonga toj sovgʻa qildi hamda unga “shoh” rutbasini berdi. Endi u Abulfayzshoh boʻldi. Ertasi kuni xon Buxoroga joʻnab ketdi. Nodirshoh esa Chorbakrga keldi. U yerda u Abulfayzxon qizlaridan biriga uylandi. Yana birini esa jiyani Odilshohga turmushga berdi. Nodirshoh butun Turkiston (Markaziy Osiyo) boshqaruvini Abulfayzshoh(xon)ga topshirdi. Muhammad Rahimbiyga esa xon rutbasini ham berdi. Shuningdek, unga Turkistondan yigʻilgan 6 ming sara jangchi ham berildi.

 

Shundan soʻng, Nodirshoh Chorbakrdan Chorjoʻyga ketdi. U yerdan Odil shohga haramni Mashhadga olib borish topshirigʻi berildi va u bilan birga Muhammad Rahimxon ham Mashhadga joʻnatildi. Bu oʻziga xos garant edi. Chunki Rahimbiyning otasi Hakimbiy xonlikdagi eng nufuzli kishi va butun hokimiyat uning qoʻlida edi. Nufuzli kishining oʻgʻli dushman xizmatiga jalb qilinishi esa Buxoroning Eronga tobeligining garanti hisoblanardi. 1943-yilda Hakimbiy vafot etdi va shu tariqa xonlikda amirlarning isyonlari boshlanib ketdi. Chunki Hakimbiy ularni qattiqqoʻllik bilan tiyib turar edi. Aytish mumkinki, Buxoroning Nodirshohga tobe yillari Abulfayzxon oʻylaganidek sokin kechmadi. Davlatning turli hududlarida isyonlar tinmasdi. Bunday isyonlarning eng yirigi Ibodulla Oʻzbek isyoni edi. U Toshkent, Samarqand, Miyonqolni egallab, poytaxtgacha yetib keldi. Abulfayzshoh esa Nodirshohga yordam soʻrab maktub yuborishga majbur boʻldi.

 

Nodirshoh Buxoroga yordam uchun sara jangchilardan iborat 12 minglik qoʻshin yubordi. Qoʻshinga Hasanxon Bayoz va Behbudxon Jindaul boshchilik qildi. Yordam qoʻshinining kelganini eshitgan Ibodulla Oʻzbek Toshkentga chekindi. Qoʻshin uning ortidan taʼqib qildi. Nodirshoh Muhammad Rahimxonga ham Buxoroga yurishni topshirdi. Buxoroga qaytishni reja qilib yurgan Muhammad Rahimxon uchun bu ayni muddao edi. Bu paytda Nodirshohga qarshi isyonlar ham koʻpaygan edi. Nodirshoh ushbu isyonlarni bostirish chogʻida oʻldirildi. Qoʻl ostidagi hududlar birin-ketin ajralib chiqdi. Shu tariqa Buxoro, Balx, Xorazm yana oʻzbeklar qoʻliga oʻtdi.

 

Chorjoʻyga yetib kelgan Muhammad Rahimxon Nodirshoh oʻlimi haqidagi xabarni eshitdi va buni sir saqladi. Keyin esa Buxoroga yetib borishi bilan xon huzuriga shoshdi. Uning qoʻshini ham u bilan birga saroyga kirib keldi. Qabulxonaga kirishi bilan u xonni qoʻlga olishni buyurdi. Shu tariqda Muhammad Rahimxon Buxoro taxtini egalladi. Abulfazyxon esa oz sonli odamlari bilan Joʻybor xoʻjalari huzuriga boradi. Ammo ular Rahimbiyning gʻazabidan qoʻrqib, unga yordam berishdan bosh tortadi. Barcha narsasidan mahrum boʻlgan Abulfayzxon Namozgoh darvozasi orqali shahardan chiqdi va Qalandarxonaga joylashdi. Keyin esa Rahimbiydan haj ziyorati uchun kerakli miqdorda yordam soʻradi. U bir necha kun Qalandarxonada qoldi.

 

Bu paytda Ibodulla Oʻzbek ortidan ketgan eronliklar gʻalaba bilan qaytdi. Ular hamon Nodirshohning vafotini eshitmagan edi. Bir necha kundan keyin Buxoro ostonalariga yetib kelgan forslar Muhammad Rahimxonning harakatlarini eshitib gʻazabga mindi. Chunki Rahimxon Abulfayzxonni Mir Arab madrasasidagi hujralardan biriga qamab qoʻygan edi. Ular Nodirshoh tirik boʻla turib, Rahimxonning bunday harakatidan gʻazablangan edi. Muhammad Rahimxon esa ularga Nodirshoh vafoti haqidagi xabarni aytib maktub yoʻlladi. Uning mazmuni quyidagicha: “Uyingizga qaytib keting. Ketar chogʻda hech qanday jinoyat qilish haqida oʻylamang. Mening oʻzbek ekanligim va xonlikka haqqim yoʻqligini aytmoqchi boʻlsangiz, eslang, Nodirshoh qancha shohlarning boshini olganini”. Ammo forslar bunga quloq solishni istamadi. Shunda Rahimxon fors qoʻshinidagi gʻilzay afgʻonlarga maxfiy tarzda elchi yubordi. Ularga Qandahor abdali qoʻlida ekanligini, Nodirshoh oʻlganini, ularning Buxoroda qolishlari mantiqli ekanini, ularga yer va mulk ajratib berishini aytadi. Ular esa shu kechaning oʻzida bu taklifga rozi boʻldi hamda Rahimxon buyrugʻi bilan Buxoroga kirdi. Shu kechaning oʻzida Abulfayzxon qatl etildi. Shu tariqa Muhammad Rahimxon Buxoroning yangi mutlaq hukmdoriga aylandi.

 

Bir paytlar butun dunyoni titratgan Chingizxon avlodlarining soʻnggi kunlari shu tariqa yakuniga yetdi. Markaziy Osiyo, Rossiya, Xitoy, Eron hududlarida ulkan imperiya yaratgan sulolaning eng soʻnggi yirik vakili Abulfayzxon shu tariqa hayotdan koʻz yumdi. Turkistonda hokimiyat endi chingiziy boʻlmagan oʻzbek sulolalari qoʻliga oʻtdi. Muhammad Rahimxon Mangʻitlar sulolasi hukmronligi boshlab bergan hukmdor sifatida tarixda qoldi. Ilk mangʻitlar davrida soxta chingiziy xonlar anʼanasi saqlanib qolgan boʻlsa-da, amalda ularning hech qanday ahamiyati yoʻq edi. Amir Shohmurod zamonidan boshlab esa xonlik amirlik tarzda boshqariladigan boʻldi.

 

Abulfayzxon shaxsiyati haqida

 

Ko‘pchilik tarixiy asarlarda Abulfayzxon shaxsiyati bilan qo‘g‘irchoq hukmdor tushunchalari yonma-yon qo‘llaniladi. Ammo tarixnavislikda bu borada chuqur tadqiqotlar soni nihoyatda oz. Shu sababli, bu masalaga oid xulosalarni tugal berish uchun tadqiqotlar sonini oshirish lozim. Biz mazkur masalaga oid muammoga nazar tashlar ekanmiz, qiziq ma’lumotlarga ham duch keldik.

 

Tarixchi olim B.Alimdjonovning M.Shayboniyxon yaratgan “tizim” XVIII asr birinchi yarmiga kelib ancha zaiflashgan edi. Bu birinchi navbatda, birgina Abulfayzxon shaxsiyatiga bog‘liq jarayon emas edi. Xususan XVII asr o‘rtalarida Buxoro xonligi qo‘shni Xiva xonligi, shimolda Qozoq xonligi va Balx masalasida Safaviylar va Hindiston (Boburiylar) bilan doimiy raqobatlashdi. XVIII asr boshiga kelib, Ubaydullaxon II (keyingi o‘rinlarda Ubaydullaxon) boshqaruvi davrida ichki nizolar bu jarayonni tezlashtirdi. Ubaydullaxon bu jarayonlarga barham berish maqsadida dastlab saroyga yaqin amirlar bilan ittifoq tuzishga harakat qildi ammo bu yaxshi amaliy natija berishiga ko‘zi yetmasdan (buning asosiy sababi ularga berilgan “tanho” yerlarini qaytarish istagi xonda mavjud edi) jiddiy siyosiy-iqtisodiy xatolikni keltirib chiqargan pul islohotini amalga oshirishga urindi. Shuningdek, g‘aznani to‘ldirish maqsadida mamlakatning eng boy qatlamlaridan sanalgan Maxdumi A’zam xonadoni vakillari yerlariga ham e’tibor qaratishi xalqning ham xonga qarshi kayfiyatda bo‘lishiga zamin hozirladi, unga nisbatan bir qator amirlar suiqasd uyushtirib o‘ldirishdi.

 

Akasining o‘ldirilishi bir tomondan Abulfayzxonga quvonch bag‘ishlagan bo‘lsa ikkinchi tomondan uning doimiy qo‘rqinch ichida yashashi uchun ham zamin yaratdi. Bu omillar esa hokimiyatning dastlab Javshan Qalmoq qo‘lida, keyinchalik kenagas qabilasidan Ibrohimbiy va Muhammad Hakimbiylar qo‘lida to‘planishiga sabab bo‘ldi. Javshan Qalmoqning saroydagi xunrezliklari va taxt uchun da’vosi natijasida Abulfayzxon hokimiyatni markazlashtirishga qaratilgan ba’zi amaliy ishlarni amalga oshirgan. Bunga asos sifatida Javshan Qalmoqning o‘ldirilishi, Muhammad Hakimbiyning markaziy hokimiyatdan uzoqlashtirilishi va uning Rossiyaga yuborgan elchilik missiyasini keltirishimiz mumkin. Ushbu missiya orqali u XVII asrda to’xtab qolgan qurol-yarog’ savdosini qayta jonlantirdi, B.Cherkasskiy harbiy missiyasi haqida ma’lumot to’pladi.

 

Lekin ma’lum vaqt davomidagi markazsizlantirish harakati mamlakatni qismlarga bo‘linishiga sabab bo‘lgan edi. Abulfayzxon buni bartaraf etish darajasida harbiy va moddiy qudratga ega emas edi. Samarqandda Rajab Sulton hokimiyatining o‘rnatilishi (1722) va qozoqlarning Movarounnahrni yetti yil davomida talashi, Eron tomonidan Balx hududining egallanishi (Rizoquli tomonidan), Muhammad Hakimbiyning xoinligi kabi omillar Buxoro xonligining Eronga vassal bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

 

Xulosa sifatida aytish mumkinki, Abulfayzxon shaxsiyati tarixda hali to‘liq o‘rganilmagan shaxslardan sanaladi, ko‘plab adabiyotlarda unga nisbatan qo‘rqoq, ojiz kabi sifatlarning berilishi bir tomonlama qarash mahsulidir. Tahlillar uni uzoq davom etgan ichki kurashlar natijasida shakllangan tizim qurboni sifatida ko‘rsatmoqda.

 

Jahongir OSTONOV.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19341
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16447
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi