Niqob taqqan erkak yoxud telekanallarda o‘zbekchilik qolmagan(mi?)


Saqlash
10:10 / 08.10.2021 1268 0

So‘nggi paytlarda televizordagi xususiy kanallar soni ortdi. Bu esa ular o‘rtasida raqobat yuzaga kelishiga zamin yaratdi. Natijada o‘zaro sog‘lom raqobat tufayli ana shu kanallarda namoyish etilayotgan ko‘rsatuvlar saviyasi yaxshilanadi, degan umidimiz bor edi. Lekin...

Kuni kecha «Sevimli» telekanali orqali efirga uzatilgan bir ko‘rsatuv ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ayoli bilan bo‘ladigan intim munosabatlar haqida televizorga chiqib olib gapirayotgan bu «erkak» va ana shunaqa ko‘rsatuvlarni uyalmay efirga berayotgan telekanal mas’ullari boshqa tomondan malomat qilinmoqda. Darhaqiqat piar, «prosmotr» uchun deb yotoqdagi gaplarni ham kamera qarshisida gapirib o‘tirish qachondan beri normal holatga aylandi? Bunaqa ko‘rsatuv tayyorlash fikri kimdan chiqdi ekan? Katta ehtimol bilan bu Rossiya telekanallaridan «birga-bir» ko‘chiradigan mualliflarning tashabbusi bo‘lsa kerak. Chunki kanallarimizdagi aksariyat ko‘rsatuvlar rus kanalaridan ko‘chirilishini rad etib bo‘lmaydi. Ko‘chirganda ham milliyatchilik, mentalitet kabi omillarni hisobga olmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chiriladi. Mayli, g‘oyani olsin, ssenariyni ko‘chirsin, lekin o‘zbekchilikni ham unutmaslik kerak-ku, axir!

Odatda, televizorni oila davrasida ko‘riladi. Tasavvur qiling, butun boshli oila o‘zining «sevimli» kanalini tomosha qilib o‘tirsa-yu, bir erkak chiqib, «men ayolim bilan birga bo‘lganda qoniqmayman, maslahat bering, nima qilay?» deb begona bir ayolga savol berib tursa! Eng kamida qizarish va oila davrasini tark etish mumkin. Lekin keyingi safar yana televizor qarshisida to‘planganda xijolat chekadigan ayol-qizlarning holati qanday bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?

Yuqoridagi erkakning savolini eshitgan psixolog ayol esa miyig‘ida kulib qo‘ydi. Aslida bunga kulish kerakmi yoki yig‘lash? Yuziga niqob taqib olsa, hamma narsani gapirish mumkin degani emas-ku. Gapirayotgan odamda niqob bo‘lsa, uni eshitayotganlarning yuzi ochiq turibdi. Shu gapni o‘zini xotiniga ayta olmay necha millionlab odam ko‘radigan televideniyeda aytish uchun kishining ongi, saviyasi yoki axloqi qanchalik darajada past bo‘lishi kerak? Eng achinarlisi esa o‘sha erkak xotini bilan o‘zaro munosabatlardan qoniqmayotgani uchun «o‘zini ko‘chaga chiqib qondirayotgani», ya’ni zino qilayotganini baralla aytayotganidir. Aslida odamlar kichik bir gunoh qilsa ham uni boshqalardan yashirib, Allohga tavba qiladi. Lekin bu kabi eng og‘ir gunohlardan birini qilayotganini millionlab odamlarga bayon qilayotgan kishi go‘yoki bu normal holatdek xotirjam gapiryapti. Aslida shunday axloqsizliklarning avj olishiga ham hech tap tortmay gunoh ishga qo‘l urish sabab bo‘ladi. O‘sha kishi Allohdan qo‘rqqanida ko‘chaga chiqib zino qilayotganini bamaylixotir gapirib bermasdi, nazarimda.

Bu mana shu kabi ko‘rsatuvlarning bittasi. Lekin bundaylar soni kundan-kun ortib borayotgani achinarli holat. Bu telekanallar kimgadir er, kimgadir xotin topib berib o‘tiradiganlarning ko‘rsatuvi va yana shunday mantiqsiz lavhalar bilan efir vaqtini to‘ldirishdan boshqasiga yaramayapti. Xalqning ma’naviyati, ongi va milliyatini buzadigan bunday ko‘rsatuvlarga katta mablag‘lar sarflanishi ham bor gap.

To‘g‘ri, so‘nggi yillarda odamlar axborot olishda televizordan ko‘ra ko‘proq smartfonlardan foydalanmoqda. Biroq telekanallarning ta’sir doirasi yo‘qolgani yo‘q. Xususiy telekanal degani xohlaganini ko‘rsatishga huquq bermaydi. Normal jamiyatda esa mana shunday ko‘rsatuvlar namoyish etiladigan kanalning reytingi tushib ketishi kerak. Tomoshabinlar mana shunday kanallardan voz kechishi kerak. Xorijda shu kabi holat (ya’ni tomoshabinlarni noqulay holatga soluvchi yoki axloq doirasidan tashqaridagi ko‘rsatuvlar namoyishi) kuzatiladigan bo‘lsa, o‘sha kanalga boykot e’lon qilinadi. O‘z o‘rnini yo‘qotgan TV rahbarlari esa o‘sha ko‘rsatuv muallifi va boshqa mas’ullariga chora ko‘radi, tomoshabinlardan uzr so‘raydi. Bizda esa tomoshabinlar talab qilaveradi, telekanal ham o‘z bilganidan qolmaydi.

Holat qanchalik ekanligini anglash uchun o‘zingizni o‘sha “qoniqmayotgan” erkak o‘rniga qo‘yib ko‘ring. Siz millionlab odamlarga qarata shunaqa gap ayta olarmidingiz? Yoki prodyusser bo‘lsangiz, shunaqa ko‘rsatuv suratga olarmidingiz? Ishonamanki, javoblarning barchasi «yo‘q» bo‘ladi. Chunki bu millat uyat nimaligi, jamoat oldida nimalarni gapirsa bo‘ladi-yu, nimalarni sir saqlash kerakligini yaxshi biladi. Xalqimiz «og‘ziga kelganini demoq nodonning ishi», deydi. Hushiga kelgan ishni qilib, og‘ziga kelganini gapirayotgan o‘sha televideniyadagilar do‘ppini bir chetga qo‘yib, nimalar qilayotganini yaxshiroq o‘ylab ko‘rishsa bo‘lardi...

Hamidulloh Ali

Azon.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 551
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19400
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16618
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi