“Nimagaki qo‘l ursam, qumday to‘kilib ketardi” – Sharof Boshbekovning yaxshi va yomon kunlari


Saqlash
20:57 / 23.06.2023 1262 0

Atoqli adib Sharof BOSHBEKOV bilan suhbat.

 

– Ta’bir joiz ko‘rilsa, Sharof Boshbekov qachon, qayerdan “boshlangan”?

 

– Men odamlarning baxshisi, baxshilarning yaxshisi ustoz Fozil Yo‘ldosh bilan deyarli hamqishloq edim. Deyarli deyishimga sabab qishloqlarimiz yonma-yon, juda yaqin joylashgan edi. Ayni qish vaqti Fozil ota “ko‘mir, o‘tin-cho‘pdan qiynalib qoldim, uyimdan chakka tomyapti, hech kim xabar olmaydi”, deya Yozuvchilar uyushmasi, Oliy Sovet va Markazqo‘mga ustma-ust shikoyatlar yozaveribdi. O‘sha kezlar Oliy Sovet raisi bo‘lgan Sharof Rashidov yangi yilni kutib olish uchun Samarqandga boradi. Qaytishda oqsoqoldan bir xabar olib ketaylik deb Fozil otaning uyiga kirib o‘tadi. Baxshining xonadonida hurmatli mehmon sharafiga qo‘y so‘yilib, katta ziyofat beriladi. Qishloqning boobro‘ odamlari qatorida bizning otamiz ham aytiladi (u kishi o‘sha kezlar Qoramo‘yin qishloq sovetida kotib bo‘lib ishlaganlar). Ollohning qudrati bilan kechasi qalin qor yog‘ib, uy eshiklari ochilmay qolgan, hatto mashinani ko‘mib yuborgan (otamiz ta’biri bilan aytganda, ot yurolmas qor bosgan). Mehmonlar yana bir kecha qolishga majbur bo‘lishadi. Vaqt yarim kechadan oqqanda qo‘shnilardan biri derazani chertib:

 

– Boshbek aka, o‘g‘illi bo‘ldingiz! – deya xushxabar olib keladi.

 

– Nima ism qo‘yasiz, Boshbekboy? – deydi Fozil ota.

 

– O‘zlaringiz bir nima deysizlar-da… – deydi otamiz boshlarini eggancha.

 

– Bo‘lmasa, hurmatli mehmonimiz sharafiga Sharof deb qo‘yasiz­da!    deydi baxshi ota va savol nazari bilan Sharof otaga qaraydi.

 

U kishi miyig‘ida kulib o‘tirarkan, e’tiroz bildirmabdi. Buni “sukut – rizolik alomati” deb tushungan padarimiz ertasi kuni yangi tug‘ilgan mehmonga “Sharof Boshbekov” degan hujjat olib keladi.

 

Ana o‘sha “ot yurolmas qor bosgan” kechada tug‘ilgan chaqaloq kamina bo‘ladilar. O‘shanda 1951 yilning 4 yanvar sanasi ekan...

 

– Sharof aka, ochig‘i, shu paytga qadar savol berishdan osoni yo‘q deb yurarkanman. Ammo siz bilan bo‘lajak musohaba oldidan xiyla kalovlanganimni yashirmayman. Buni qarangki, ijtimoiy tarmoqdagi luqmangizda (bugun uni ohanjama “post” deyish urfda) bir oz qimtinib eslatganingiz – o‘zingiz bir kezlar qoralagan she’rni o‘qidimu suhbatga kayfiyat bag‘ishlar degan niyatda gapni shundan boshlay qolaylik, dedim. Mana, o‘sha she’r:

 

Mayli, yog‘dir – yana neki azoblaring bor,

G‘anim bo‘lsin, mayli, qancha kazzoblaring bor.

Tanim nimta qilsin – ne-ne qassoblaring bor,

Yig‘lamayman, ne qilsang qil, ey olchoq dunyo!

Sevsam kimni, oh-vohlarsiz kulib suyaman,

Xiyonatga ko‘zyosh to‘kmam, kulib kuyaman.

Armonlarning yuki ezsa, kulib o‘laman,

Yig‘lamayman, ne qilsang qil, ey olchoq dunyo!

 

Bundan oldin she’rlaringizga ko‘zim tushmagan edi. Mazkur misralar – o‘sha yozilgan damdagi kayfiyat mahsulimidi yoki?..

 

– 1985–1995-yillar hayotning zalvorli zarbalariga duch keldim. Yozuvchilar uyushmasining Dramaturgiya va kinodramaturgiya sho‘basida duppa-durust ishlab turgan edim, uyushma rahbariyati almashgach, ishdan ketishga majbur bo‘ldim.

 

“Ulug‘bek” fondi qoshida “Ulug‘bekfilm” kinostudiyasini tashkil etdik, uyam iqtisodiy muammolar sabab, yopilib ketdi. O‘z asarim asosida “Farhod qo‘shuv Shirin” degan kino olayotgan edim, bu ham to‘xtab qoldi. Nimagaki qo‘l ursam, qumday to‘kilib keta boshladi.

 

Bulari yetmaganday, ne sababdandir maxfiy bir tashkilot “e’tiboriga molik” topildim. Ertayu kech kuzatuvga olishdi baraka topkurlar. Vaholanki, men bu idoraning diqqatini tortadigan zig‘ircha ham ish qilganim yo‘q edi; yangi partiyalarning qurultoy va plenumlarida qatnashmas, turli-tuman mitinglarga-ku umuman yaqinlashmas edim. Mendan ko‘ra ancha faol ijodkorlar tiqilib yotuvdi-ku. Lekin o‘sha zamonda dolzarb hisoblangan mavzularda tinimsiz, surunkali yozar edim. Xudoning bergan kuni yo radio-televidenieda, yo gazeta-jurnallarda kichkinagina bo‘lsa ham nimamdir chiqar edi. Bir kunda ikkita-uchta nashrda maqolam chiqqan vaqtlar ham bo‘ldi. Ertalab radioda qandaydir maqola yoki hikoyam berilsa, kechqurun “Toshkent oqshomi”da yana bir narsam gazetxonlarga “salom berib” turgan bo‘lar edi. Hozir arxivimni titkilasam, o‘sha yillari “quturib” yozgan ekanman. Ko‘cha-ko‘yni to‘ldirib turgan ajnabiy so‘zlar dengizida g‘arq bo‘layozgan ona tilim haqida “O‘zbak tili” nomli hajviyam ancha shov-shuv bo‘lgani esimda. Vaholanki, u davrlar til haqida qonun yo‘q edi, lekin vijdon bor edi. Sirasi, millat oydinlari sovet zamonida ham jim turmagan.

 

Yozuvchilar uyushmasida ishlab yurgan kezlarim. Bir kuni ertalab ishga kelsam, hamma menga achingandek qaraydi. Hayron bo‘laman. Hamxonam Otayor aka stolimga sekingina bir gazeta qo‘ydi. Qarasam, Markazkomning organi bo‘lmish “Sovet O‘zbekistoni”ning 1984 yil 23 dekabr soni. Maqola tagida ism-familiya qo‘yilmagan, demak, bu – Markazkomning nuqtai nazari. Unda “Tushov uzgan tulporlar” asarim qattiq tanqidga olingan edi. Bu asar qishloq xo‘jaligini, hozirgi ta’bir bilan aytganda, ajriqday bosib ketgan korrupsiya haqida edi. U vaqtlardagi taomilga ko‘ra bu hurmatli nashrda chiqqan har qanday maqolani (ayniqsa, u tanqidiy ruhda bo‘lsa) gazeta-jurnallar ko‘chirib bosishga majbur edi. Shunday bo‘ldi ham. Hatto bir yil oldin ushbu asarga “Yilning eng yaxshi nasriy asari” mukofotini bergan “Yoshlik” jurnali ham. Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, maqsad “Yoshlar orasida g‘oyaviy nojo‘ya asarlar yaratilyapti, uyushma rahbariyati qayoqqa qarayapti?“ degan bahona bilan raisimizni ishdan olib, o‘rniga yetovga yuradigan boshqa bir odamni o‘tqazish ekan. Xalqimizda “Tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko‘r” degan gap bor. Biz ham ana shunday siyosiy o‘yinlarda “echki” rolini o‘ynaganmiz.

 

Mamlakat mustaqillikka erishgach, talay yutuqlar qatori ko‘plab xato va kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yildi. Kamchiliklariga kuyundim, yaxshi tomoniga suyundim. Bu jarayonlarning hammasini o‘z tomorqamda ro‘y berayotgandek yuragimga yaqin oldim. Oxir-oqibatda yiqildim. Vrachlar insult deb tashxis qo‘yishdi. Bir qo‘l, bir oyoq ishlamay qoldi. Butunlay tildan qoldim. Lekin yana yozaverdim. Xontaxtadagi mashinkamgacha emaklab borib, chap qo‘limning ko‘rsatkich barmog‘i bilan bo‘lsa-da, yozaverdim. (Hozirgacha shu taxlit yozaman.) O‘zimdan ham ko‘ra ayolimga qiyin bo‘ldi. Yursam oyog‘im bo‘ldi, tutsam – qo‘lim. Endi bilsam, men o‘shanda nainki bolalarimning bo‘lajak onasiga, balki 48 kiloli SABR-TOQATga uylangan ekanman.

 

Xastalanib qolganimga salkam yigirma besh yil bo‘ldi. Mana, shuncha vaqtdan beri meni oq yuvib, oq tarab kelyapti. Baraka topsin.

 

Dard – Ollohdan, lekin dardga olib keladigan yo‘l bandasidan ekan. Siz eslagan sakkiz qator she’r meni yig‘latmoqchi bo‘lgan “bandalar”ga qarata aytilgan.

 

Mana, do‘stim, o‘sha she’r bahona o‘tmishga sayohat ham qilib oldik.

 

– Kuzatishimcha, hech qachon umumjamiyat, yuqorilayversak, umummilliy masalalardan o‘zni chetga tortgan shaxs emassiz. Yo‘qsa, “Temir xotin”u “Tikansiz tipratikanlar”, “Eskishahar gavroshlari”yu, “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”, “Tushov uzgan tulporlar”u “Tentak farishtalar” kabi dramalar bitilmagan bo‘lardi. “Faol fuqarolik pozitsiyasi” degan tushunchaning iyig‘ini chiqarib yuborgan bo‘lsak-da, jonfidolik, yurt taqdiriga befarq bo‘lmaslik kabi fazilatlar hali eskirgani yo‘q. Aytmoqchimanki, sizning har bir asaringizda ijtimoiy pozitsiya manaman deya bo‘y ko‘rsatib turadi. Sharof Boshbekov bugun sahna asari bitsa, jamiyatning qay muammolarini qalamga olgan bo‘lardi? O‘zi sahnani – ham tom ma’noda, ham ich-ichidan, do‘ngu nishabigacha bilgan atoqli dramaturg nega bugun asar bitmayapti?

 

– Xalqimizda “O‘g‘riga mol qahatmi?” degan gap bor. Yozaman degan odamga muammo tiqilib yotibdi. O‘tgan yilning boshlarida O‘zbek davlat drama teatrida “Yer baribir aylanaveradi” degan asarim sahna yuzini ko‘rdi. Bu asarimda ham bironta yozuvchi qo‘l urmagan muammoni qalamga olishga harakat qildim.

 

Men tabiatan kurashchi odam emasman – tez taslim bo‘lib qo‘yaqolaman. Masalan, yoshligimizda o‘rtoqlar bilan cho‘milishga borardik. Ko‘lning o‘rtasiga kelib charchab, holdan toyib qolsam, boshqalarga o‘xshab jon-jahdim bilan tipirchilab, baqirib-chaqirib, hayot uchun kurashish o‘rniga “Bo‘ldi, ajalim shu yerda ekan” deb, tezgina taqdirga tan berib qo‘yaqolardim. Ko‘p marta do‘stlarim qutqarib qolgan. Hatto insult bo‘lganimda ham hayotga yopishib olganim yo‘q. Shunchaki omadim keldi. Avvalo – Xudo, keyin oilam, atrofimdagilarning mehr-muhabbati tufayligina jonim omon qoldi, deb o‘ylayman. Endi o‘zingiz ayting, o‘z hayoti uchun kurasholmagan odam qanday qilib boshqalarni yorug‘likka olib chiqa oladi?

 

Lekin yurtimda yuz berayotgan ijtimoiy voqea-hodisalarga befarq emasman – harholda, baholiqudrat munosabat bildirib turibman. Hozir ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p bahs-munozaraga sabab bo‘layotgan – O‘zbekistonda AES qurish-qurmaslik masalasi. “Qarshilar” ham ikkiga bo‘linib ketgan: birinchisi – “rusofoblar”, ular AESga emas, Rossiyaga qarshi. Aytaylik, Amerika yoki Shveysariya texnologiyasi asosida quriladigan AES bo‘lsa – marhamat, faqat Rossiyaniki bo‘lmasa bas. Ikkinchisi – sog‘lom fikr qiladiganlar. Ular nega qarshi bo‘layotganini asoslab beradi. Kamina ham shu guruhga mansubman. Men ham hozir AES qurilishiga qarshiman. Chunki bizda qurish madaniyati yetishmaydi, undan foydalanish madaniyati yetishmaydi. Ozgina insof ham... O‘g‘rilik ko‘p. Ilgari men jahon energetika tanqisligini nazarda tutib O‘zbekistonda AES qurish tarafdori edim, ammo Sardoba fojiasidan keyin o‘ylanib qoldim.

 

Insoniyat atom energetikasidan o‘zga yo‘l yo‘q ekanini allaqachon anglab yetdi. Bir avlod keladi. Iymonli-e’tiqodli, o‘qimishli, bilimli. Yurtimiz yuksala borgan sayin elektr energiyasiga ko‘proq ehtiyoj sezadi. O‘zbekistonda hali-ku bitta ekan, har viloyatning o‘zigagina xizmat qiladigan o‘nlab kichik AESlar quriladi. Minglab, respublika bo‘yicha balki millionlab ish o‘rinlari yaratiladi. Bu utopiya emas, amalga oshirsa bo‘ladigan orzu. Orzuni ro‘yobga chiqarish esa o‘zimizga bog‘liq. Faqat o‘yinbuzuqilar oyoq tagida o‘ralashmay tursa bo‘ldi. Bundan xalqqa, millatga bir chaqalik foyda yo‘q, faqat ularning hemiri bir siyosiy g‘ururchasining qichig‘i qonadi, xolos.

 

– Kulmasangiz, bir voqeani eslagim keldi. Kamina tabiatan “teatral” bo‘lgani vajidan, esni tanigandan buyon teatrga oshnomiz. Hatto bir vaqtlar, garchi iqtisod yo‘nalishida o‘qisak-da, jillaqursa, “sahnaning hididan bahramand bo‘lmoq” ilinjida, hozirgi Milliy teatr buxgalteriyasiga yarim-yorti ishga kirvolib, hisobxonani o‘z holiga tashlab, huda-behuda sahnaga termilib o‘tirganimiz rost. O‘sha – 90-yillar boshida Said Ahmad domlaning romani asosida “Ufq yo‘llarida” degan spektaklni rejissyor do‘stingiz Olimjon Salimov sahnaga qo‘ygan edi. Esimda, inssenirovkadagi biron dialog yoki mizansahna o‘xshamayroq qolsa, rejissyor “Man Sharofga aytaman, shu joyiga biron narsa yozib beradi” der, teatr asrorlaridan u qadar xabardor bo‘lmagan kamina esa, “Asar Said Ahmadniki-ku, nega unga Sharof Boshbekov qo‘shimcha qo‘sharkan?” deya hayron bo‘lardim. (Keyinroq bilsak, go‘ri nurga to‘lgur domlamizning bunaqa “mayda ishlar”ga rag‘bati kamroq ekan.) Yanglishmasam, o‘shanda teatr bilan, rejissyorlar bilan ijodiy hamkorligingiz juda qalin edi. Keyin-keyin “teatrusidan etak silkib ketmak”ning boisini bilgim kelyapti...

 

– Olimjon aka bilan ilgari ham uch-to‘rtta pesa ustida ishlaganmiz. Lekin “Temir xotin”dan keyin, Mashrab Boboevchasiga aytganda, “tug‘ishgan jigardan ham battar” bo‘lib ketdik. Olimjon aka oxirgi yillarda nimaiki asar sahnalashtirmasin, barchasi mening mashinkamdan chiqqan. (U vaqtlar kompyuter yo‘q edi.) Asarga ko‘pda aralashavermasdim (harqalay, birovning asari), faqat ega-kesimini to‘g‘rilab, tinish belgilarini joy-joyiga qo‘yib berardim. Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Toshkentga sayohat”, Said Ahmadning “Ufq”, Jan Batist Molerning “Uchar tabib”, Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” kabi asarlari asosidagi spektakllar shu taxlit dunyoga kelgan. Faqat bir martagina ustoz Said Ahmad “Ufq” spektaklining muhokamasida “Bu yerda Boshbekovning ham xizmati katta bo‘lgan” deb e’tirof etganlar.

 

Mustaqillikka erishganimizdan keyin shunday vaqtlar bo‘ldiki, “sovetlarniki” degan tamg‘a ostida shakllanib bo‘lgan, tuppa-tuzuk ishlab turgan butunboshli tizimlar supurib tashlandi. Bunday “supurindilar” ichida teatr, xususan, dramaturgiya ham bor edi. Shunday qilib, dramaturgiya “ko‘chada qoldi”. Jumladan, men ham. Yozganlarim hech kimga kerak bo‘lmay qoldi.

 

Kinoda vaziyat boshqacha kechdi. Uzoq vaqt Moskvadan “ko‘ngil uzolmay yurdi”. Bu degani ishlab turgan tizim va ish berib turgan tushunchalardan birdaniga voz kechilgani yo‘q. O‘shanda bu hol “rossiyaparastlik” deb baholangan esa-da, keyinchalik yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘l ekani ma’lum bo‘ldi. Shu sabab bo‘lsa kerak, mustaqillikka “shoshilgan” ba’zi davlat kinochilari o‘zbek kinosidan panoh topib, shu yerda jon saqladilar.

 

“Sut bilan kirgani – jon bilan chiqadi” deganlaridek, kinoda ham “qitmirligim”ni tashlamadim. Masalan, “Tilla bola” filmida “Yering bo‘lmasa ham bir balo, yering bo‘lsa ham” degan jumla bor. Bu gap tanqidchilar tomonidan yerni egasi – dehqonlarga berish haqidagi prezident farmoniga qarshi chiqish, deb baholandi. Lekin o‘sha vaqtdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatga ko‘ra biron joyda rasmiy munosabat bildirilmadi. Keyin, yana o‘sha filmda: “Nima, “Lenin” senga go‘ng beradimi? (Kolxoz deyilmoqchi.) Ha, beradi-ya, beradi! Olasan! “Lenin”ning o‘zi go‘ng qidirib yuribdi-yu!” degan gaplar bor. Bu mustabid tuzumdan unchalik uzoqlashib ketmagan rahbariyatga o‘taketgan shakkoklik bo‘lib tuyulgan edi. Og‘zaki nutqda qo‘shtirnoqlar ko‘rinmaydi-da. O‘lganning ustiga tepganday, shu so‘zlarni aytgan aktyorga o‘zim ovoz berganman...

 

– Gap aylanib, kino mavzusiga keldik chog‘i. Ma’lumu mashhur “Charxpalak» teleserialini aytmay qo‘yaqolay, “Ma’rif va Sharif”, “Tilla bola”, “Masxaraboz”, “Yuzsiz”, “Doka ro‘mol qurishi”, “O‘yin” kabi o‘nga yaqin badiiy filmning ssenariy muallifisiz. (“Masxaraboz”ga o‘zingiz rejissyorlik ham qilganingizdan xabarimiz bor.) Keyinroq nega kinodan uzoqlashdingiz, degan savol bersam, javobiniyam taxminan bilaman. Chunki ma’lum muddat kinoga aralashib yurganimda sizning kinossenariylardan iborat “Musofir bo‘lmaguncha” degan kitobingiz qo‘limga tushib qolib, necha rejissyorga zorillab dalolat qilganlarimu ul “daholar”ning har turli bahonalar qidirgani yodimda. So‘ramoqchi bo‘lganim – kino deganlari endi shundoq, ya’ni kaminaning shaxsiy fikricha – chala milliy, chala professional, chala taqlid, chala original holda qolaveradimi yoxud nimalardandir umid bormi?

 

– San’at instituti talabalari bilan bo‘lgan uchrashuvda har safar bir narsani ta’kidlayman: aktyor uchun kino bilan teatrning farqi shundaki, teatr – bu oila, ota-ona, aka-uka, opa-singil, kino esa jazman – har zamonda bir borib qo‘yasiz, paket-maket ko‘tarib. Lekin jazman (kino) qurmag‘ur jozibali-da – juda tez mashhur qilib yuboradi. Bir tomoni borki, u sizni faqat o‘zi xohlagan paytdagina qabul qiladi. O‘zingizcha bostirib kirib, o‘tirib ololmaysiz. Kinodan taklif bo‘lishini kutib, toshbaqa tuxumiga tikilganday, telefondan ko‘z uzmay kutib o‘tiraverasiz, oylar, yillar o‘tib ketaveradi. U allaqachon sizdan yoshroq, sizdan chiroyliroq boshqasi bilan topishib, ishini bitirib yurgan bo‘ladi. Sizsiz ham kino to‘xtab qolmaydi. Oilangizga (teatrga) esa qarib-qartayib, sochingizga oq oralasa ham, yuzingizni ajin qoplasa ham kerak bo‘lasiz. Umuman, teatrda ishlamaydigan “sof” kinoaktyorlarga mening rahmim keladi. Afsuski, bu toifa “aktyorlar” borgan sari ko‘payib ketyapti. Bu faqat aktyorlarga emas, ssenariynavislarga ham taalluqli.

 

Mening teatrni qo‘yib kinoga o‘tib ketishim yoki aksincha – kinoni tashlab, teatr uchun yozishim faqat moddiy manfaat tufayli emas, hamma gap muhitda. Muhit yaxshi bo‘lsa, yayrab ishlayman. Tepamda birov miltiq o‘qtalib tursa, ishlash ishtiyoqim so‘nib qoladi.

 

“Sharof kinoga o‘tib ketdi, bundan kino hech nima yutmadi, lekin teatr ko‘p narsa yutqazdi” deguvchilar ham bo‘ldi. Lekin men qaerda bo‘lmasin, astoydil ishladim, sal bo‘lsa-da bo‘shashtirmadim. Tinmay yozdim. Siz aytgan o‘sha “Musofir bo‘lmaguncha” ssenariylar to‘plamida kinomiz peshvolari tomonidan qabul qilinmagan oltita asar bor. Ularning bari qachonlardir rejissyorlar ko‘ziga surtib ekranlashtiradigan asarlar ekaniga sira shubha qilmayman. Ana o‘shanda siz kutgan filmlar ekran yuzini ko‘rsa ajabmas. O‘zbek kinosida hali aytar so‘zim bor. Bir-ikkita yosh rejissyorlar chiqib kelyapti. Ular hali buzilmagan. Ularni avaylab-asrashimiz kerak.

 

– Sharof aka, bugun faqirona kuzatishlarimdan o‘zimcha bir narsalarni anglagandekman. Teatr olamida ham, kinosida ham, ayniqsa, repertuar siyosatida bir vaziyat hukmron: yo tomoshani milliy qilamiz, deya tomoshabinni qitiqlagan bo‘lamiz, natijada esa hamma narsaning atalasi chiqadi va yoxud fikr-o‘yimiz xalqaro festivaldan biron yorliqcha undirmoq ilinjida – o‘zimizdan boshqa mardum tushunmaydigan bir asar qo‘yamiz (yoki suratga olamiz). Birinchi toifaga – “Og‘ayni, sahna degani tomoshabindan bir quloch balandda bo‘ladi, shundoqki, saviyani g‘arib tomoshabinning darajasiga tushirish yaramaydi”, deya ko‘hna hikmatni uqtirmoq mumkin. Ammo anovi ikkinchi toifaga hayronsiz – milliard-milliard mablag‘ning boshini yeb “yaratgan” tomoshasini o‘zidan o‘zga tushunmaydi, “ha” desangiz, bez bo‘lib, “men asarni shunday ko‘raman”, deb turaveradi. (“Baraka topkur, o‘zing shundoq anglasang, o‘zginang ko‘raver. O‘rtada xalqniyu uning pulini nega tuya qilding” deydigan odam yo‘q.) Stanislavskiy domla aytgan “Har qanday tomoshaga qo‘yiladigan talab yagona – u qiziqarli bo‘lishi kerak” degan mezonning posangisini rasmona qo‘yish uchun nima qilmoq kerak deb o‘ylaysiz?

 

– Teatrni “odam qilish” uchun avvalo dramaturgiyani rivojlantirish kerak. San’at institutida dramaturgiya bo‘limi ochilganiga to‘rt-besh yil bo‘lib qoldi. Shuncha vaqt ichida, o‘ldim deganda, o‘nga yaqin dramaturg chiqishi kerak edi. Lekin qani ular? Ilgari pesani universitetning jurnalistika yoki filologiya bo‘limini tugatganlar yozar edi. Bu sohaga qaziquvchilarni San’at institutiga o‘tkazishning nima keragi bor edi? Kerak. Chunki bu yerda dramaturg uchun suv va havodek zarur bo‘lgan ikki soha vakillari – rejissyorlar, aktyorlar ham tayyorlanadi. Nima uchun rejissyor va aktyorlar kursdan kursga diplom spektakllari topshirib o‘tadi-yu, bo‘lajak dramaturglar shunchaki o‘tadi? Ular ham diplom spektakli topshirsin. Bunda u teatrdagi eng nozik masala – rejissyor-muallif munosabatini o‘rganadi.

 

Mening nazarimda, har qanday asarda ijtimoiy yuk bo‘lishi kerak. Hatto to‘rt qator she’rda ham. Men ijtimoiy yuki bo‘lmagan asarlarni dezertirlik deb baholayman. Aks holda “She’r – ko‘ngil mulki” deydiganlardan siz aytgan o‘sha “Men shunday ko‘ryapman” yoki “Men shunday tushunaman” deb aljirayotgan “vallamatlar” urchib-ko‘payib ketadi. Bir qarashda beozor ko‘ringan bu ikki xitobning o‘zagi bir.

 

– Ustoz, yanglishmasam, “70 yosh – ozmi, ko‘pmi? Do‘llarga chaqilsa, “kopeyka” chiqyapti” degan mutoyiba ham sizniki. Shunday qutlug‘ yoshning ham o‘z falsafasi bo‘lsa kerag-a?..

 

– Bu, aytganingizdek, bir mutoyiba, xolos. Lekin ana shu ikki og‘iz hazilning tagida ham “zil”i bor. Inflyatsiya va dollar kursining oshib ketishiga ishora qilingan.

 

Bilmadim, falsafami bu, ko‘rgan-kechirganlarimdan xulosami? Xullas, millionlab xulosalarimdan faqat bittasi bilan o‘rtoqlashay: bu dunyoga ne-ne olimu fuzalolar, ne-ne buyuk zotlar kelib­ketmagan deysiz! Lekin ularning birontasi ham “Bu adolatsiz zamon ekan, bekor tug‘ilibman” deb orqasiga qaytgan emas. Ortga yo‘l yo‘q! Odam bolasi tug‘ildimi – yashashga mahkum. Zamon har qancha adolatsiz bo‘lmasin – birov chidaydi, birov moslashadi, birov kurashadi!..

 

Komil SHAMSIDDIN suhbatlashdi.

 

“Tafakkur” jurnali, 2021-yil 3-son.

“Kamchiliklarga kuyunib, yutuqlarga suyunib” suhbati

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 117
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//