Buyuklikdan qochib klassikka aylangan yozuvchi – Kormak Makkarti


Saqlash
03:28 / 23.06.2023 1358 0

Shu yil iyunining 14 sanasida amerikalik mashhur yozuvchi, “Yoʻl”, “Qonli meridian”, “Tangri farzandi”, “Ajoyib tulporlar”, “Chegara boʻylab”, “Yoʻlovchi”, “Stella Maris”dek asarlari bilan jahon adabiyotiga hissa qoʻshgan Kormak Makkarti 90 yoshida vafot etdi. Umri soʻngigacha qatʼiy prinsiplari: olomonga aralashmaslik, shuhratdan qochish, gʻarib turmush, boylikdan nafratlanish, faqat kitoblarga sodiqlik Makkartini zamonasining “moʻjiza”siga aylantirdi. Aksar oʻzbek kitobxoni bunday adib borligidan bexabar. Chunki uning asarlari oʻzbek tiliga hali oʻgirilmadi, yana asliyatda kitob oʻqiydigan oʻquvchi ham kam. “Oyina.uz” romanlarida kelajak haqiqatini tasvirlagan, “zamonasining Folkneri” deya alqangan Kormak Makkartining umr yoʻli haqida hikoya qiladi.

 

Tugʻilganida “Charlz” deb atalgan bolakay kitoblarni yuholarcha oʻqishi, afsona-choʻpchaklarga oshnoligi, xayollarida bolalarcha asarlar yozavergani, rassomchilikka tuzukkina iqtidori borligini koʻrganlar uning vaqti-soati yetsa, yozuvchi boʻlishiga koʻnikib qoladi. Aqlini tanigach, afsonaga aylangan irland qiroli Kormakning nomi xush yoqadi, shekilli, ismini oʻzgartiradi. Bunga yana bir sabab Irlandiya Makkartining bobo yurti ham edi.

 

 

Ilk hikoyalari talabalik payti gazetalarda bosilib chiqqach, yosh yozuvchi birdan ogʻizga tushadi. 1961-yili oʻzidek talaba Li Xolliman bilan turmush quradi va oʻgʻli Kallen Makkarti tugʻilgach, universitetni tashlab, oilasi bilan Chikago koʻchib oʻtadi. Bu yerda avtomobilsoz usta boʻlib ishlash barobarida ilk romanini yozishga kirishadi. Biroq bu kitob chiqqunicha oilaviy munosabatlar darz ketadi – xotini bilan ajrashib, soʻqqaboshga aylanadi. Ammo Makkarti xotin zotidan ayro yashashni tasavvur etolmas, safarlarda albatta hamroh topib, maʼlum vaqt birga yashar, och-toʻq kunlariga sherik qilardi. Zamondoshlari esa bunday “qashshoq, yeyishga burda noni yoʻq qalamkash”ga nega hadeb ayollar oshiq boʻlaverishi, gʻaribligiga chidab-chidab, oxiri tashlab ketishini kulgiga olardi.

 

1965-yili Amerika sanʼat va adabiyot akademiyasining maxsus stipendiyasini qoʻlga kiritgan yozuvchi ustachilikni batamom yigʻishtiradi va bobo yurti Irlandiyaga yoʻl oladi. Bu yerda yangi romaniga qahramonlar izlab, “xomashyo”larni bittalab saralaydi. Ochigʻi, Makkartiga pul, mol-dunyo, obroʻ, shon-sharaf degan tushunchalar yot edi. Romanlariga toʻlanadigan qalam haqi, mukofot pullari, grant-stipendiyalarni u har doim ilmiy tadqiqotlariga, boʻlgʻusi asarlariga mavzu-manzara izlab sayohatlarga sarflayvergan. Umr boʻyi motel, arzongarov hujralarda kun oʻtkazib, qogʻoz qoralagan. 1965-yili chop etilgan ilk romani “Bogʻ qoʻriqchisi” Folkner mukofotiga, kelasi yili esa Rokfeller fondining grantiga loyiq topilganida ham hamkasblaridek yeb-ichish, dastxat kunlarida qoʻr toʻkib, savlatini koʻzkoʻzlashni emas, yangi sarguzashtlarni izlab xorijga ketadi. 1976-yili yozilgan “Bogʻbonning oʻgʻli” ssenariysi esa 1981-yili “daholar mukofoti” sanalmish 236 ming dollarlik Makartur stipendiyasiga munosib topilgach, bor pulini Meksikaning eng xavfli, qonli chegarasiga ikki marta safar qilish uchun xarjlaydi. Keyinchalik ushbu sayohat taassurotlari “Qonli meridian”ga asos boʻlib, muallifga kutilmagan shuhratni keltiradi.

 

Makkartining yonida uzoq vaqt suhbatdosh boʻlib yurganlar uning bolalikda rasm chizishga mukkasidan ketgani, uy va dinozavrlar asosiy figurasi boʻlganini aytadi. Hatto sakkiz yoshida ilk shaxsiy koʻrgazmasini tashkillashtirgani (ayni shu koʻrgazmadan faqat bitta surat saqlanib qolgan), meʼmorchilikka oʻqigani, bir nechta uyning xomaki rejasini chizganini ham eslashadi. Mashhur meʼmor, organik arxitektura asoschisi Frenk Lloyd Raytning yorqin, aniq, mukammal geometrik shakllari, tabiat va imorat uygʻunligi aks etgan uslubiga astoydil qiziqib, ayni shuni asarlariga olib kiradi.

 

 

 

Makkartining hayot va adabiyotdagi yagona aʼmoli: ortiqcha tafsilotga oʻrin yoʻq, har bir soʻz-u harakat zarurat tugʻilsagina aytiladi va qilinadi. Buni uning romanlarini oʻqigan, yozuvlari qatiga shoʻngʻigan oʻquvchi yaxshi biladi. Tarixchi, Sharqiy Angliya universitetida associate professor boʻlib ishlayotgan Sherzod Moʻminov adibning “Yoʻl” romanini “hamma narsani unutib” oʻqiganini eslaydi: “Meni syujet keskinliklaridan koʻra romanning ajoyib tili, Makkartining insho uslubi rom qildi. Baʼzi gaplarni qayta-qayta oʻqib, yozuvchining darhaqiqat buyuklikka daʼvo qilsa arzigulik daho ekanini oʻyladim. Ingliz tilida koʻp yillardan beri roman oʻqisam-da, “Yoʻl”ni oʻqiyotib juda koʻp soʻzlarni lugʻatdan qidirishimga toʻgʻri keldi. Kitobga shunchalik berilib ketganimni oʻzim ham bir-ikki kundan keyin, universitetda ish bilan mashgʻul paytimda tezroq xonamga qaytish, tezroq yana kitobni ochish haqida oʻylayotganimni payqab qolganimda bildim”. Munaqqid Liza Berger ham uning uslubini: “Makkartining romanlarini oʻqigan har qanday oʻqirman muallifning soʻzga xasis uslubini fahmlaydi. Jumlalari misoli atov gapdek”, deya alohida taʼkidlaydi.

 

Adib asarlari oʻquvchisini topib, ayrim kitoblari kinoga aylanib, maqtov-alqov, mukofot yomgʻirida qolsa ham, sersavol jurnalist, televizion shoumenlarga intervyu berishdan qochadi. Mamlakat boʻylab qimmat haq toʻlanadigan maʼruzalar oʻqishni rad etadi, tadbirma-tadbir yurish, kitobxonlar oldida tarjimai holini boʻrttirib, hayot yoʻli haqida toʻlqinlanib soʻzlashni oʻziga ep koʻrmaydi. Hayotning yaltir-yultiridan koʻra gʻaribona turmush, ilm bilan shugʻullanish, yozuv-chizuvni hammasidan ustun qoʻyadi. 1991-yili “The New York Times”da ilk va katta suhbat bosiladi. Ushbu suhbatda adib adabiyotdan boshqa qolgan hamma mavzuda: qoʻngʻir ayiqlar, zaharli ilon-u bilyard oʻyini haqida soʻzlaydi. Eng soʻnggi katta intervyu esa 2022-yili ommaga havola etiladi. Yozuvchining uzoq yillik qadrdoni, doʻsti, Santa Fe mustaqil tadqiqot instituti prezidenti David Krakauyer zamondoshlariga oʻxshamaydigan, oʻziga xos xarakteri bilan mashhur Makkartini bir soatdan oshiq gapirtirishga muvaffaq boʻladi. Anchadan beri dilida yigʻilganlarini soʻzlagisi kelganmi yoki umri poyonidagi xulosalarini ochiqlashni istaganmi, hartugul, Kormak yozuvchilik mashaqqati, ilm-fan, meʼmorlik, oxirgi paytlari adibni lol qoldirayotgan fizika va unga ortayotgan ishtiyoqi haqida bamaylixotir soʻzlaydi. Krakauer suhbatdoshidan kelajak haqida soʻraganida Makkarti kutilmaganda: “Odamzot ertami-kech oldidagi toʻsiqlarni albatta yengib oʻtadi”, deya umidbaxsh javobni beradi. Dilni ravshanlashtiradigan bu kalom uzoq yillardan beri mutlaq yomonlik, vahshiylik haqida yozib kelayotgan yozuvchining qiziq iqrori edi.

 

 

Oʻtgan asrning 80-yillarigacha Makkarti adabiy ustozi Uilyam Folkner uslubini eslatadigan “janubiy gotika” – inson ruhiyatining qorongʻi puchmoqlarini asar oʻrtasiga qoʻyadigan janrda romanlar yozadi. Ammo hamma asarlaridayam Folknerga koʻr-koʻrona ergashgan degani emas bu. Real voqealarga asoslangan “Tangri farzandi” (“Child of God”) va “Tashqaridagi zulmat” (“Outer Dark”)da rasizm, pedofiliya, qotillik, insest, nekrofiliya, jamiki ruhiy evrilish, tanazzullarni bir yerga jamlaydiki, buni Folkner ham xayoliga keltirmagan boʻlardi deydi munaqqidlar. Kormakdan “The Wall Street Journal” muxbiri “Siz qaysi auditoriya uchun yozasiz?” deb soʻraganida adib ochiq-oydin: “Kamina maʼlum auditoriya uchun yozmayman. Xayolimdagi oʻquvchi bu – oʻzim. Kimdir men yozgan kitoblarni yozolganida, golf oʻynab yuravergan boʻlardim”, deb javob qaytaradi.

 

Makkartining bosh romani hisoblanmish “Qonli meridian” (“Blood Meridian”)ni amerikalik adabiyotshunos Harold Blum “Uilyam Folknerning “Men oʻlganimda” romanidan keyingi eng buyuk asar” deb yuqori baho beradi. Romanda Males laqabli shafqatsiz qotil kechmishi hikoya qilinarkan, muallif 14 yoshidanoq “maʼnisiz zoʻravonlikka ishtiyoqi kuchayib, buning taʼmini totishni istayotgan bolakay”ni “insoniyat otasi” deb tanishtiradi.

 

Oradan maʼlum vaqt oʻtib yozilgan ikkinchi yirik roman – “Yoʻl” adibga oʻzi kutmagan sharaf, mashhurlikni keltiradi. Tarixchi Sherzod Moʻminov asarni tarjimadan koʻra asliyatda oʻqishni tavsiya qiladi: “Yoʻl” ota-oʻgʻil orasidagi mehr ustiga qurilgan roman. Ota va oʻgʻil oʻlayotgan sayyora oralab bosib oʻtgan yoʻl haqida. Ayni paytda, romanda insoniyatning asl yuzi toʻliq aks etgan. Ona Yerni yeb bitirib, bir-birini yeb boshlagan insoniyatning yuzi. Romanda shunchalik dahshatli sahnalar borki, ularni taʼriflash qiyin – shunchaki oʻqish kerak. Ammo har qanday eng dahshatli vaziyatda ham insoniyligini saqlab qololgan insonlar borligini ham ishonchli tasvirlagan. “Yoʻl”ga qiziqib qolgan boʻlsangiz, sizga maslahatim: Kormakning barcha romanlarini faqat va faqat ingliz tilida oʻqing. Hech qanday tarjimon uning buyukligini yetkazib berishiga koʻzim yetmaydi”.

 

 

Tayinli ishning boshini tutolmagan adib faqat qalam haqi va sovrin pullari bilan kun kechiradi. “Yoʻl” romanini ham xotini tashlab ketgach, oʻgʻli ikkisi motelda shumshayib qolganida yozishga kirishadi. U uy-joy qilishdan koʻra doʻstlari taklif etgan xonadonlarda, katta-kichik kulbalarda yashab, fan va adabiyotdan iborat kamtarona turmushni tanlayveradi har safar. Oʻtgan asrning 90-yillarigacha Makkartining kitoblari hech qachon besh ming nusxada nashr etilmagan va jurnalistlar uni “Amerikaning eng nomaʼlum buyuk yozuvchisi” deb atashgan. Romanlarini oʻqigan kitobxon zoʻravonlikning dahshatli manzarasidan qoʻrqib ketar, hatto ayrimlar aqlga sigʻmas voqelik, fantastika deya kitobni chetga uloqtirardi. Biroq vaqt hukmini aytadi: hayotdagi zoʻravonliklar haddi aʼlosidan oshaverganidan Makkartining buyukligi, kelajakni koʻra olishi, inson aql bovar qilmas jinoyatlarga ustaligini seza olishiga tan berishadi. Zulmatda nur yashirinligiga kitobxonni mohirona ishontirolganini sanʼatkorlik deydi koʻpchilik.

 

XXI asrning dastlabki oʻn yilligida kinochilar allaqachon klassik darajasiga koʻtarilgan Makkarti asarlariga birdan diqqat qaratib, paydar-pay kinolar suratga olishni boshlaydi. “Tulporlar, tulporlar...”, “Qariyalarga bunda oʻrin yoʻq”, “Yoʻl” kabi filmlar chiqqach, nufuzli mukofotlar beriladi. Avstraliyalik rejissyor, “Yoʻl” filmini suratga olgan Jon Hilkout “The Guardian”da xotiralarini eʼlon qilarkan, Makkartining betakror xarakteriga baho beradi: “Yoʻl”ni suratga olishni boshlaganimdan bir hafta oʻtib u bilan ilk daʼfa telefonda gaplashdim. “Kitob oʻz nomi bilan kitob, film esa film”, deya Kormak boʻynimdagi ogʻir yukdan soqit qildi. Oʻz asarimni yaratishga qoʻyib berdi – hatto ssenariyga koʻz tashlamadi. Suratga olish maydonchamizni koʻrib, Amerikaning falokat hududlarini haqqoniy tasvirlaganimiz uchun minnatdorligini yashirmadi”.

 

"Yo'l" filmidan kadr

 

Yozuvchi “hayot va oʻlim masalalari bilan qiziqmaydigan” ijodkorlarni jini suymagan. “Bu adabiyot emas men uchun”, deya Henri Jeyms, Marsel Prust nomini tilga olgan. Sevimli kitobi haqida soʻralganda Herman Melvilning “Mobi Dik” romanini eʼtirof etgan.

 

2007-yili Opra Uinfri Makkartining “Yoʻl” romanini oʻzining “Kitob klubi”ga tavsiya etgach, adib ilk marotaba televidiyeniyeda intervyu berishga rozi boʻladi. Toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya qilingan koʻrsatuvda Kormak zamondosh yozuvchilarni tanimasligi, ulardan koʻra olimlar davrasini xush koʻrishi, ayni shu jamiyatda oʻzini emin-erkin his etishini yashirmaydi. Gap orasida umr boʻyi boshidan oʻtkazgan qashshoqlik, ochin-toʻqin kunlarni hikoya qilib, bir nechta voqealarni misol sifatida keltiradi. Yana otalik tajribasidan soʻz ochib, “Yoʻl”ni yozishga aynan 8 yashar oʻgʻli turtki boʻlgani, gʻoyani pishitishiga ilhomlantirganini tan oladi. Yozish asnosi dialoglarga qoʻshtirnoq ishlatmasligi, jimjimadorlikdan koʻra joʻn jumlalarni afzal bilishi, nuqta-vergulni jini suymasligini ham qistirib oʻtadi.

 

Garchi taqdiri oz-moz Jerom Selinjer, Tomas Pinchonikiga oʻxshasa-da, Makkarti yozuvchi turmushiga oʻxshamagan hayotni yashab oʻtdi. Oʻzidan avvalgi mashhuri jahon hamkasblariga ergashmadi, ulardan farqli ravishda “The New Yorker”ga emas, balki ilmiy jurnallarga (til tuzilishi va ongosti haqida) maqolalar yozdi, hatto och kunlarida ham Amerika universitetlarida oʻqilajak maʼruzalarni birvarakayiga rad etdi. “Hamma gapimni asarlarimda aytib qoʻyganman”, deya oʻzi yaratgan qoidalarni buzmagan Kormak buyuklikdan qochib klassikka aylangan ijodkor boʻldi.

 

Charos NIZOMIDDINOVA.

Oyina.uz

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//