Farovonlikdagi depressiya, qashshoqlikdagi ishsizlik – iste’molchi jamiyatiga aylanayotgan olomon


Saqlash
01:15 / 22.06.2023 1101 0

Odamzod turmushi tobora farovonlashib borayotganidan shod-u xurram. Qad rostlayotgan muhtasham imoratlar aqlni shoshiradi; yangi-yangi avtoulovlar manzilni yaqin qiladi; supermarketlar “ye, ich, xursand yasha” deya o‘ziga chorlaydi. Insonning baxtiyor yashashi uchun jamiki shart-sharoit muhayyo go‘yo. Biroq inson dilini vahima, o‘y-xayolini tahlika chulg‘ab olgani-da rost. Dunyo negadir notinch, hayot serg‘alva. Falak ostida qandaydir falokat vahimasi kezadi, u barchani o‘z domiga tortib ketadigandek. Internet ham qo‘rquv uyg‘otadigan xabarlarga to‘la.

 

Inson o‘zini o‘zi xavf-xatarlarga duchor qilmoqda. “Qush grippi”, “cho‘chqa grippi” kabi vabolardan keyin insoniyat hayotini qil ustiga keltirib qo‘ygan koronavirus ofati paydo bo‘ldi. Najot qayerda ekani hozircha noma’lum. Go‘yo qiyomat yaqindek. Nahotki, barcha orzu-umidlaru sa’y-harakatlarimiz tushga, ro‘yoga aylansa? Nahotki, aql-u idrok, iroda, uzoq asrlar va kurashlar natijasi bo‘lmish tarixiy-madaniy tajribalar ojiz bo‘lsa?

 

Insoniyatni ko‘p yillardan beri uchinchi jahon urushi xavfi bezovta qilib keladi. Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari qanday fojialar olib kelgani hali unutilgani yo‘q. Shu sabab yana bir muhoraba haqidagi har qanday so‘z inson qalbi va idrokini junbushga keltiradi. Taassufki, inson yuragiga, o‘yiga ingan tahlika behuda emas...

 

* * *

Sharq kishisi qadriyatlar mustahkam qaror topgan ijtimoiy makonda yashashga o‘rgangan. Bu etnoan’naning mohiyatini birinchilardan bo‘lib Konfutsiy anglagan edi. U inson va insoniyat hayotiga doxil ziddiyatni ajdodlar qoldirgan urf-odat va an’analarni asrash orqali bartaraf etmoq mumkin deb hisoblagan. Darhaqiqat, nizo-yu ixtiloflar Osmon bilan Yer o‘rtasidagi uyg‘unlikni idrok etmaydigan, uni asrashga intilmaydigan va ajdodlari tajribasini unutgan elda avj oladi (Конфуций. Мысли, изречения, афоризмы. Минск, 1999. Стр. 32-38). Bu, aslida, Sharqqa xos barqarorlik, vorisiylik tamoyilidir. Ko‘p o‘tmay Xan Feyning konfutsiylikni inkor etuvchi, barqarorlik emas, balki o‘zgarishlarni yoqlovchi “huquqiy qadriyatlari” paydo bo‘ladi; konfutsiylik tarafdorlari quvg‘in qilinadi, pandnomalar olovga tashlanadi. Bu hol milodiy uchinchi asrda fuqarolar urushiga va qisqa vaqtda millionlab xitoyliklarning qirg‘in etilishiga olib keladi. Jamiyatni tinmay o‘zgartirishga, ilmiy ibora bilan aytganda, modernizatsiyalashga intiladigan islohotchilar ushbu fojiadan saboq olishlari zarur. Zotan, har qanday o‘zgarish, modernizatsiya etnoan’analarni rad etish yoki o‘zgartirish evaziga ro‘y beradi.

 

Etnoan’analar – ajdodlarning tarixiy-madaniy tajribasidir. Aynan ular tufayli diaxron (avlodlararo) aloqalar yashaydi, jamiyatni tadrijiylik qonuniyati boshqaradi; aynan ular tufayli hayot – barqaror, osoyishta va inson o‘yi – beg‘alva. Shuning uchun ham etnoan’analarga tajovuz – xalq va millat hayotiga tajovuz, etnoan’analarni unutish – xalq va millatni assimilyatsiyalash o‘laroq qabul qilinadi. Bugun jamiyatimizda ham ularni g‘arbona modellarga muvofiq modernizatsiyalashga urinish mavjud. Bu hol assimilyatsiyalashuvning boshlanishi emasmikan, degan xavotir uyg‘otadi.

 

* * *

Bir qarasa, turmushidan norozilar ko‘pdek. Lekin hayot ijobiy tomonga o‘zgarib borayotganini ko‘rmaslik mumkin emas. Bugun biz birgina maoshga qarab yashashdek g‘ayrihayotiy tartibdan yiroqmiz; yugursak, ishlasak va yaratsak istagancha pul topishimiz, to‘kin-farovon yashashimiz mumkin. Shunga qaramay, hayotdan noliydiganlar nega hamon uchraydi? Bu norozilik avvalo g‘ayriqonuniy xulq-atvorda, ortib borayotgan jinoyatlarda aks etmayotirmi? Oliy Majlis Senati ma’lumotlariga qaraganda, mamlakatimizda 2020-yilda umumiy jinoyatchilik 34,7 foizga; og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar 49 foizga; qasddan odam o‘ldirish 13,1 foizga; qasddan og‘ir shikast yetkazish 13 foizga; nomusga tegish 27,7 foizga va bosqinchilik 18,5 foizga ko‘paygan.

 

Jamiyatdagi norasolik rivojlangan davlatlarda ham jinoyatlar yoki ruhiy kasalliklarning oshishida namoyon bo‘lmoqda. Masalan, AQShda aholining 1015 foizga yaqini stress va depressiya holatida yashaydi, o‘z joniga qasd qiluvchilar ko‘rsatkichi ham yuqori (Соломон Э. Демон полуденный. Анатомия депрессии. Москва, “Добрая книга”, 2016. Стр. 21). Ruhiy kasallar oshib borayotgani bois sobiq prezident Donald Tramp ular uchun yangi maxsus muassasalar qurishni taklif etgan edi. Qo‘shma Shtatlarda 2009-yili tibbiyot sohasiga 2,5 trillion dollar ajratilgan; uning 12 foizi ruhiy shifoxonalarga yo‘naltirilgan (World Psychiatry, 2012, 2. P.47).

 

Germaniyada ham 20 foizga yaqin aholi turli ruhiy kasalliklar tufayli tibbiy klinikalarga murojaat etib turadi. Mamlakatda ruhiy xastalar soni 1995-yilga nisbatan sezilarli darajada oshgan (o‘sha manba). Agar ahvol yetakchi davlatlarda shu darajada bo‘lsa, ular safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan o‘lkalarni nimalar kutayotganini tasavvur qilish qiyin emas.

 

* * *

Etnoan’analar va tarixiy-madaniy qadriyatlar bizni faqat o‘tmishga bog‘lab qolmay, sirli qo‘llari bilan kelajakka yetaklaydi, adashish va fojialardan asraydi. Ular tufayli biz hayotni qadrlaymiz va e’zozlaymiz. Nitshe ta’biri bilan aytganda, “Biz tarixga zanjirbandmiz, qayerga chopmaylik, tarix zanjiri biz bilan birga chopadi” (Ницше Ф. Избранные сочинения. Том 2. Москва, “Мысль”, 1991. Стр. 6).

 

Binobarin, hayot etnoan’analar vositasida o‘zgarishga yuz tutadi; agar modernizatsiya ularga ta’sir etolmasa, islohotlar kutilgan natija bermaydi. Bu holatda mavjud tartiblar bilan novatsiya, avlodlar o‘rtasida ziddiyatlar, bir-birini tushunmaslik kayfiyati yuzaga kelishi muqarrar. Yangilanish – ijtimoiy borlig‘imizning atributi va mag‘zidir. Yangilanish va o‘zgarishlarga moslashar ekan, inson hayotdan zavq oladi, umridan ma’no topadi. Ularga moslashmaganlar esa taraqqiyot g‘animiga; tushkunlik, norozilik bandisiga aylanadi.

 

Etnoan’analar o‘zgarishida ikki jihat bor: 1) ularning o‘zgarmaydigan, avloddan avlodga o‘tarak barqaror tus olgan yadrosi; 2) kundalik talablarga (savdo-sotiq, moda,axborotlar ta’siri) muvofiqturlanadigan,tahrirga uchraydiganustki qismi.Masalan, til, din, turmush tarzi,mentalitet, etnopsixologiya – yadroga taalluqli.Ularni hattoijtimoiy inqiloblar ham o‘zgartirolmaydi. To‘g‘ri, revolyutsiyalar va islohotlar ba’zan ana shu yadroga ham tajovuz qiladi; tan olish kerakki, bu borada ma’lum maqsadlarga erishiladi ham. Lekin bu o‘zgarish xalq, millatga juda qimmatga tushadi. Etnoan’analar yadrosining o‘zgarishi xalqning, millatning assimilyatsiyalashuviga olib keladi; aziyatlarga, yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi. Kishilar qalbi, ruhiyatidagi norozilik sabablaridan biri ham shudir.

 

* * *

Inson miyasi ulkan hajmdagi axborotni qabul qilish imkoniga ega. Mutaxassislar fikricha, hozirgi paytda odamzod shu imkoniyatning atigi 35 foizidan foydalanadi. Biroq aql-u idrokning quvvati turli xalqlar kesimida farqlanadi. Deylik, Sharqda keyingi asrlarda ilmiy-texnik tafakkur xiyla zaiflashgan. Demak, aql-u idrok imkoniyatining etnomentalitet bilan bog‘liq jihati mavjud.

 

Tashqi borliqni, yon-atrofni o‘zgartirish muammo emas, ammo etnotafakkurni o‘zgartirish mudom mushkul kechgan. Etnoan’analarning o‘zgartirilishi faqat tarixga, marosimlarga munosabat emas, balki odamlarning hayotga, turmushga, oilaga munosabatlari in’ikosi hamdir. Bizda bu munosabatlar hali chuqur tadqiq etilmagan. Modernizatsiyani qo‘llab-quvvatlayapmiz, demokratiya istilohi tilimizdan tushmaydi. Lekin ularning etnotafakkur va etnohayotga aks ta’siri ham borligini payqamaymiz, bu muhim jihatga e’tibor bergimiz kelmaydi. Ehtimol, avtokratik boshqaruv davrida etnotafakkurda shakllangan sanoxonlik, madhiyabozlik hanuzgacha oqni oq, qorani qora deyishga imkon bermayotgandir. Modernizatsiya va demokratiya, kezi kelganda, Sharq xalqlari hayotidagi barqarorlik ildiziga bolta urayotir. Mutlaq erkinlik, chegarasiz haq-huquqlar etnohayotga salbiy ta’sir etayotganini oilaviy munosabatlar misolida ko‘rishimiz mumkin. Keyingi yillarda yurtimizda yosh oilalar ajrimi tobora ko‘paymoqda. Bu ajrimlar tashabbuskorlari asosan ayollar bo‘layotgani etnohayotdagi noan’anaviy o‘zgarishdir. O‘sib borayotgan iqtisodiy jinoyatlarda xotin-qizlar ishtiroki oshayotgani, matbuotda o‘z farzandini pullamoqchi, o‘ldirmoqchi yoki tashlab ketmoqchi bo‘lgan ayollar haqida bot-bot xabarlar chop etilayotgani vaziyatni teran nigoh ila tahlil etishni taqozo qiladi.

 

Yangi davr bizga islohotlarda keng qatnashish, o‘zligini namoyon etish imkonini berdi. Lekin ayrim zamondoshlarimiz dolg‘ali jarayonlar etnoan’analarga bepisand qarash, oilaviy qadriyatlarga tupurish “huquq”ini ham berdi, deb o‘ylashyapti, shekilli? Bu, aslida, inson qalbidagi yuqorida tilga olingan hayotga qarshi isyon, norozilikning bir ko‘rinishidir.

 

Odamning hayotdan noroziligini faqat shaxsiy psixologik va ichkin kechinmalar bilan bog‘lash tor yondashuvdir. Uning ijtimoiy sabablari ham mavjud, albatta. Gohida ishsizlik, fikr erkinligining poymol etilishi, adolatsizlik, tamagirlik, savodsizlik va bemehrlik kabi illatlar kishini hayotdan bezdirishi ayon.

 

Ishsizlik, ta’bir joiz bo‘lsa, milliy fojiamiz. Ba’zi hududlarda yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik 80 foizgacha boradi. Shaharlardagi mardikor bozorlari hamon ish qidirayotgan qishloq yoshlariga to‘la. Xo‘sh, o‘sha yoshlarni hayotdan mamnun etish uchun nima qilmoq kerak?..

 

Fikr erkinligi demokratiyaning tamal toshi sanaladi. Yurtimizda keyingi yillarda bu borada siljishlar kuzatilmoqda. Prezident xalq qabulxonalari, bosh prokuratura va vazirlar virtual qabulxonalarining ochilishi xalqqa muayyan masalalar bo‘yicha o‘z fikr-qarashini bildirish imkonini berdi.  Shu kungacha Prezident qabulxonalariga bir necha million murojaat va takliflar tushgan, ularning salmoqli qismi ijobiy hal etilgan. Ayni choqda, o‘z turmush darajasidan norozi tadbirkorlar ham ko‘p topiladi. Prezidentimizning tadbirkorlik muammolariga bag‘ishlangan istalgan videoselektorini olib ko‘ring, fikrimizni tasdiqlovchi raqamlarga duch kelasiz. Olgan hosilidan qish-u yoz mehnat qilgan dehqon-u fermer emas, yakkash bozorlarni mulkiga aylantirgan kimsalar daromad ko‘rsa, mirishkorlarimizni hayotdan mamnun deyish mumkinmi?

 

Hammamiz supermarketlarga kirib turamiz. Mahsulotlar nega ularda bozordagidan ancha-muncha qimmat? Nega butun respublika bo‘ylab un, shakar, yog‘ narxi bir kunda oshadi-qo‘yadi? Agar monopoliyaga qarshi kurash tartibi o‘rnatilgan bo‘lsa, nega bu hol doim takrorlanadi? Axir, bu aholining turmush darajasi va iqtisodiy siyosatga munosabatiga salbiy ta’sir qiladi-ku! Davlat aholi qashshoqligini kamaytirish uchun qayg‘urayotgan bir paytda monopolistlarning xatti-harakatini qanday baholash mumkin?

 

Hayotdan mamnunlik, rozilik, iqtisodchilar fikriga ko‘ra, iste’mol savatiga bog‘liq. Totalitar tuzum davridagi tanqislik, iste’mol tovarlarining cheklangani, shukrki, ortda qoldi. G‘arbdagidek to‘kin-sochin yashamasak-da, lekin biz ham iste’molchilikni hayot tarziga aylantirayotgan jamiyatga aylanib boryapmiz. O‘zbekistonda qancha ekanini bilmadim-u, ammo dunyoda har kuni 5 mingdan ziyod yangi mahsulot, iste’mol moli sotuvga chiqariladi. XX asr o‘rtalarigacha esa bir yilda ham shuncha emas edi. Fransuz faylasufi Jan Bodriyyar fikriga ko‘ra, to‘kinlik, iste’molchilik jamiyatni, kishini baxtiyor qilmas ekan. Buni qarangki, u oxir-oqibatda “toliqish muammosi”ni keltirib chiqarishi mumkin. Bugun aksar postindustrial jamiyatlar asrning yangi ofati – iste’molchilik kasaliga yo‘liqqan. Buni “jahon toliqish muammosi” deb atash mumkin (Бодрийяр Ж. Общество потребления. Москва, “АСТ”, 2020. Стр. 289). G‘oyat taajjubli hol – inson to‘kin-sochin, farovon yashash uchun ishlamasa, tun-u kun nima uchun mehnat qiladi, tinmay yangi-yangi mehnat qurollarini yaratadi? Farovonlik, to‘kin hayot saodat, mamnunlik ato etmasa, uni nima rozi qilishi mumkin?

 

Beixtiyor daho adib Lev Tolstoyning hayotdan ma’no-mazmun izlashi yodga tushadi. U “Iqrornoma”sida yoshligida turli ma’siyatlarga qo‘l urgani, hatto odam o‘ldirganini tan oladi. “Men qilmagan gunoh qolmadi”, deb yozadi adib. Ellik yoshigacha u qanday yashash kerak, degan savollar iskanjasida eziladi va nihoyat javobni isaviylikdan topadi. Hayotiy savolga u hayotiy javob topishi kerak edi, ammo u javobni g‘ayrihayotiy transsendentdan qidirdi. Zotan, hayot uning savollariga qalbini tinchitadigan javob berolmagan edi. Bu – daho ijodkorlarga xos paradoks. Bugun insonning dinga qaytayotgani ham shunday paradoks emasmikan? Din inson qalbiga, ruhiga taskin, hayotdan qoniqish beradimi? Nahotki, inson ilk ajdodlaridek “idroki ojiz” (B.Rassel) bo‘lgani uchun hayot muammolariga javobni g‘ayrihayotiylikdan qidirsa?

 

Hayot ayrim shaxs, hatto etnos istaklari asosida qurilmaydi. Uning anglash qiyin, apriori – tajribadan xorijdagi qonuniyatlari bor. Aynan ushbu qonuniyatlar inson darkini tashvishga, iztirobga soladi. Odamga faqat ushbu qonuniyatlar doirasida, faqat ularga moslashib yashash imkoni berilgan. Ha, bu – inson tafakkuri yoqtirmaydigan qismat. Aql-u idrok vaqti-vaqti bilan mutelikka qarshi Prometeydek bosh ko‘tarib qoladi. Aslida, Prometey isyoni   –   inson aql-u idroki uchun betakror saboq (A.Kamyu), odamzod borlig‘ini o‘zgartirishga qaratilgan o‘git. Undan ijtimoiy inqiloblar uchun g‘oyaviy asos qidirmaslik kerak, u shunchaki afsona. Ammo aql-u idrokni, irodani, hayotni yangi mazmun bilan to‘ldiradigan afsona! Hayotning o‘zi ham ma’lum bir ma’noda ertak, asotir. Biz uni qanchalik ulug‘lamaylik va e’zozlamaylik, shuurimiz tubida “hayot – go‘zal va betakror afsona” degan fikr yashaydi. Hayotdan roziligimiz yoki noroziligimiz goho ushbu afsonaga ishonishimiz tufaylidir. Inson hayotni go‘zal afsonaga monand qura oladimi – mana, muammo va hikmat qayerda...

 

Viktor ALIMASOV

 

Tafakkur” jurnali, 2021-yil 4-son.

“Hadsiz xavotirlar” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//