Geosiyosiy go‘dak qo‘rquvi, germafrodit ishorasi, dunyo tuxumi va ikkinchi jahon urushi – Salvador Dalining bir asari xususida


Saqlash
18:25 / 20.06.2023 1102 0

Dali – asarlari va uslubining o‘ziga xosligi bilan olamshumul mashhurlikka erishgan ijodkor. U grafik rassom, haykaltarosh, rejissyor hamda syurrealizm namoyondasi. Uning hayoti va ijodi, uslubi, asarlaridagi g‘oyalar hamon muhokama qilinadi. Ko‘plab san’atshunoslar Dalini daho darajasidagi rassom hisoblagani holda ayrim musavvirlar uni syurrealizmdan butunlay chiqarib tashlash tarafdori. 

 

Musavvirning “Geosiyosiy go‘dak yangi inson tug‘ilishini kuzatmoqda” suvrati ayni ikkinchi jahon urishining qizg‘in pallasida, 1943-yilda ishlangan. Salvador o‘sha mahallar AQShda xotini Gala Dali bilan istiqomat qilar, bu siyosiy bo‘hronlar hamda jamiyatda muhit, qarashlar va qadriyatlar o‘zgarayotgan bir davr edi, bunga kartina nomi ham ishora qilmoqda. 

 

Dali asarlaridagi mazmunni uning nomi orqali berishga intiladi. Ushbu asar va uning nomi ham tomoshabinga insoniyat kutayotgan ulkan o‘zgarishlar, go‘yo yangi tamaddun boshlanayotganidan ogohlantirishga o‘xshaydi. Dali ijodida realizm bilan syurrealizmning uyg‘unligi seziladi – kartina ramzlarga to‘la. Shunday ramzlardan asosiysi – yer shari va uning shaklidir. Dali yerni tuxumsimon shaklda aks ettirgan, tuxum yorilyapti va undan yangi odam chiqishga urinyapti.

 

Tasviriy san’atda tuxum ramz sifatida ko‘plab rassomlar ijodida kuzatiladi. Bu dunyo tuxumi mifi bilan bog‘liq: deyarli butun dunyo xalqlari og‘zaki ijodida dunyo tuxumdan paydo bo‘lgan (tug‘ilgan) degan miflar bor. Ekstravagant rassom Salvador Dalining syurreal ijodida ham tuxum tug‘ilishni, yangi potensialni anglatadi. Ya’ni eski dunyo yorilmoqda va undan yangi tamaddun paydo bo‘lmoqda.

 

Tuxum yuzasida dunyo xaritasini tasvirlagan. Unda Shimoliy Amerika qit’asi yorilib, yangi inson tanasining bir qismi ko‘rinadi – u qo‘li bilan chiqishga joy ochmoqda. Darhaqiqat, AQSh II jahon urishidan so‘ng yanada yuksaldi. Uning iqtisodi misli ko‘rilmagan darajada rivojlandi, milliy valyutasi dunyoni zabt etdi. Geosiyosiy nuqtai nazardan yangi gegemonga aylandi.

 

 

Ba’zi san’atshunoslar ijodkor kartinani AQShda yashayotgan davrda yaratgani uchun insoniyatning yangi sivilizatsiyasi aynan Shimoliy Amerikadan boshlanadi, degan g‘oyani ilgari surganini ta’kidlaydilar. Bu fikr bir ma’noda noto‘g‘ri – Dali hayoti davomida birovga (yana bu hukumat ma’nosida bo‘lsa) yoqish uchun harakat qilmagan. Uning fe’lida biror kimsaga, umuman jamiyatga bo‘ysunish xislati yo‘q edi. Shu bois doim oilasi – otasi bilan muammolari bo‘lgan. Dali jamiyatni o‘z ortidan ergashtirishni istovchi rassom: asarlaridagi noodatiylik insonni o‘ylashga, fikrlashga undashining boisi shu. Mazkur asarida ham u ikkinchi jahon urushi ko‘p o‘tmay yakuniga yetishi va yangi dunyoga AQSh hukmron bo‘lishini aytmoqchi. Asar nomida ham bejizga “geosiyosiy” iborasi ishlatilmagan. Rassom “yangi insoniyat” dunyoga kelmoqda, yangi barqarorlik, yangi tartib-qoidalar o‘rnatiladi”, degan g‘oyani ilgari surgan. Asarda tasvirlangan “Yangi inson”, ya’ni yangi sivilizatsiya – mukammal, kuch-quvvatga to‘la, u yangi dunyoni yaratadi.

 

Asarda germafrodit (ikki jinsli) odam ortiga berkingan bola yangi dunyoning “tug‘ilish”ini kuzatmoqda. Tarixdan ma’lumki, barcha tamaddunlar oxir-oqibat o‘z-o‘zini halok qiladi. Ana shundan so‘ng yangi davr, yangi sivilizatsiya boshlangan. 

 

Xo‘sh, nega “geosiyosiy chaqaloq”? Nima sababdan u qo‘rquv va hayrat bilan yangi odamning chiqib kelishini kuzatmoqda. Va nega u oyoqlarini quchgan jinsi noma’lum gumanoid tuxumdan inson yorib chiqishiga ishora qilmoqda, unga qarashga da’vat etyapti?

 

Ezoterik falsafa jihatidan geosiyosiy go‘dak insoniyatni anglatadi. Germafrodit esa insoniyat yetishishi zarur bo‘lgan ruhiy bosqich – uning jinsi ahamiyatsiz ekani ham shundan – shu bois go‘dak uni quchmoqda va o‘z o‘rnida uning mukammal ruhiy bosqichi yangi tug‘ilishni tomosha qilishga undamoqda. 

 

Dalining asarlarida g‘oya ustun, biroq rassom mumtoz san’at bilan zamonaviy g‘oyalarni nihoyatda mahorat bilan uyg‘unlashtira olgan. Kartinadagi inson figuralari, ranglar va ramzlar rassomlik qoidalaridan chetga chiqmagan holda aks ettirilgan. Dali shunchaki g‘oyalari ortiga yashiringan rassom emasdi, uning ijod namunalarida mumtoz san’at qonuniyatlari buzilmagan. U kartinalaridagi ramzlarni ham “sirli” tarzda tasvirlamagan. Tasviriy san’atdan bexabar odam ham Dalining asarlari nima demoqchi ekanini tushunadi, g‘oyalarini anglaydi. 

 

Shahzod Shomansurov, 

san’atshunos

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:10 / 21.10.2024 0 245
Kichik xonimning katta “urushi”

Til

11:10 / 21.10.2024 0 306
Eshiklar ochiq, lekin...

Ma’naviyat

18:10 / 18.10.2024 0 155
Mashhurlardan milliylik xususida besh saboq





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20511
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//