Endi Behbudiy bilan chatlashaman, Ibrat IELTS ga tayyorlashda amerikaliklarga ham dars berardi, Fitrat – eng zo‘r motivator – yoshlar jadidlar mutolaasidan keyingi xulosalari bilan bo‘lishdilar


Saqlash
22:06 / 19.06.2023 1097 0

Hal qiluvchi kuch, ertamiz egalari, bizning avlodlarimiz – katta avlod yoshlar haqida shunday sifatlar bilan gapiradi. Yoshlar-chi?  Erta egalari bo‘lish uchun tayyormi? Nimalar haqida o‘ylashadi? Kelajak orzulari, bugun uchun rejalari qanaqa?

 

Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh yoshlar “ota-onalari orzu qilgan serchiqim to‘ylardan”, “eskirgan stereotiplardan” noligan,  “zamonaviy bilimlar olishni”, “erkin bo‘lishni” xohlashini, “ota-ona bilganni farzand bilmaydi, ota-ona farzandi uchun eng yaxshi narsani beradi” degan tushunchalar bugungi kun yoshlari uchun to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlaydi.

 

100 yil oldin yashagan jadid bobolarimiz yoshlarning bu qarashlari, fikrlari borasida nimalar degan? Qanday javob qaytargan bo‘lar edi? Quyida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan chop etilgan jadid bobolarimizning mitti kitobchalarini O‘zbekiston Milliy universiteti talaba yoshlari mutolaa qilib, o‘z savollariga qanday javob olganini bilib olamiz.

 

 

Asilbek Turg‘unov:

 

– Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Yoshlarg‘a murojaat”  kichik to‘plamini o‘qib chiqdim. To‘g‘risi, hayron qoldim. Men doim “Yoshi kattalar bizni tushunishi qiyin, zamonaviy fikrlamaydi”, deb hisoblardim. Lekin kitob orqali 100 yil oldingi bobolarimizning qarashlarini o‘qib, ko‘p savollarimga javob oldim. Behbudiy ota-onalarga qarata, kelayotgan zamonga mos tarzda bolalaringizga ilm va fan o‘rgating, deqlb. Hozirda ko‘p yoshlarning IT, chet tillarini o‘rganishga qiziqishi baland, sababi bu zamon talabi. Zamonga qarab sohalarga qiziqish ham o‘zgarib bormoqda.

 

Aksar do‘stlarimning ota-onasi o‘g‘lining orzu-havasini ko‘rish deganda unga dabdabali to‘y qilib berishni tushunadi. Men orzu-havas deganda zamonaviy bilimlarni egallab, o‘z shaxsiy biznesim, qo‘limda mablag‘im bo‘lishini, dunyo ko‘rishni tushunaman. Jadid bobomiz ham o‘g‘il to‘yiga sarf etadigan “aqchalar”ni ilm yo‘liga sarf eting, o‘g‘lingizga ilm va tarbiya meros qolsin, deydilar.  Chunki, menimcha ota-onaning orzusi ham ilmli va tarbiyali farzand bo‘lishi kerak, faqatgina savlat to‘kib o‘tirgan kuyov, tillaga burkangan kelin emas.  

 

Behbudiy ilk teatrni tashkil qilgan, bepul kutubxona, ziyo maskanlari... Shularni o‘qib, o‘ylab qoldim. Meni bugun ketayotgan, borayotgan manzilim qayer? Universitetda o‘qiyapman, nimalardir o‘rganyapman, ijtimoiy tarmoqlarda faolman... Lekin qay biri meni haqiqiy inson darajasiga olib chiqadi? Shu haqida fikrlay boshladim...

 

Behbudiy nazaricha, ma’rifat uchun birgina maktab kifoya qilmaydi, zamon va dunyo voqealari bilan tanishib bormoq, millat va vatanning ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh bo‘lmoq kerak. Binobarin, jadid bobomiz millat ahvoli uchun bir oyna kerak, unda o‘z qabohati-yu malohatini ko‘ra olsin, deya qayg‘urgan va “Padarkush” sahnalarda qo‘yila boshlagan. “Padarkush” fojiasi hozir ham dolzarb. Men o‘ylaymanki, bugun ham kitob ushlamagan qo‘llar ota-onasini qaysidir ma’noda pichoqsiz “so‘yadigan” ishlar qilmoqda.

 

“Millatni kemiruvchi illatlar” maqolasi juda yoqdi. Behbudiy to‘y va azani shunday illat qatoriga qo‘shgan. Oradan 100 yil o‘tsa ham bu fikrlarning birontasi eskirmagan. O‘ylaymanki, bu kitobchani o‘qib chiqqach, yoshlar “Behbudiy” bilan juda yaxshi  til topishishlari, fikrdoshga aylanishlari mumkin. Masalan, endi meni ko‘p masalalarda “chat”lasha oladigan do‘stim bor.

 

 

Shahlo Yo‘ldoshboyeva:

 

– Mo‘jazgina bu kitob qo‘limga tushganidan juda xursandman. Jadidlar hayotiga qiziqaman, shu sabab kitobni tilla topgandek quvonch bilan o‘qidim. 

 

Ibratning ota-onasi Junaydullaxo‘ja va Huribibi davrining o‘qimishli kishilaridan bo‘lgan. Uning onasi Huribibi maktabdor bo‘lib, faqat yodlatish bilan cheklanmay, qizlarga yozishni, husnixatni ham o‘rgatgan. Ibratning o‘zi ham birinchi ustozi onasi ekanligini ko‘p bora ta’kidlagan. 

 

Men ingliz tilini yaxshi bilaman, til bo‘yicha bilimlarimni yana ko‘tarish uchun doim harakat qilaman, o‘qiyman. Hozir IELTS imtihonlariga tayyorlanmoqdaman. Buning uchun barcha sharoitlarim bor. Lekin Ibratning hayot yo‘lini o‘qib chiqib, agar Ibrat hozir tirik bo‘lganda, bunaqa imtihonlarga tayyorlashda dunyoda yetakchi bo‘lardi, deb o‘ylab qoldim. Chunki o‘z davrida ko‘p adabiyot va lug‘atlar yetishmasligini ko‘rgan Is’hoqxon Ibrat bu talabni qondirishga harakat qilgan. Masalan, uning “Lug‘ati sittati alsina” lug‘atini yaratib, ikki jildda taqdim yetgani millat oldida katta xizmatlaridan biridir.. Lug‘at olti tillik, o‘zbekcha so‘zlar arab, fors, turk, hind va rus tillaridagi tarjimasini o‘zida jamlagan. 

 

Jadidlar hayotini o‘rganishni o‘z vazifam deb bilaman. Yaqin kunlarda bu masala bo‘yicha ham bir qator mavzularni olib chiqmoqchiman. Har bir o‘zbek, albatta jadidlar haqida bilishi, o‘rganishi shart. Davr o‘zgaraveradi, millat taraqqiy etishi uchun esa, albatta,  har bir avlod jadid bo‘lishi kerak.

 

Robiya Abdug‘ofurova:

 

– Bir xalqning yuksalishi, taraqqiy etishi uchun unga yetakchi(lar) kerak. Rivojlanish yo‘lida xalqqa yo‘l ko‘rsatadigan, zulmatda nur bo‘ladigan oydinlarga doim ehtiyoj sezilgan. Jadidlarning shiorini bilasizmi? Ularning shiori “Jasorat. Ma’rifat. Fidoiylik” edi. Xalq ma’rifatini yuksaltirish, ijtimoiy-siyosiy ongini o‘stirish, qaramlikdan chiqib mustaqillikka erishish kabi bir qator ishlarni o‘zlariga maqsad qilib olishgan edi. Ana shunday oydinlardan biri Munnavar qori Abdurashidxonovdir.

 

Munavvar qorining menga eng ko‘p ta’sir qilgan hikoyasi bu “Qanday qullik tushdi”dir. Unda muallif xalqlar qanday qilib qaram bo‘lib qolishgani, o‘z erkinini qanday qo‘ldan boy bergani obrazli tarzda oddiy usul bilan yoritib berilgan. Bu uni o‘quvchiga tushunishiga qiyinchilik tug‘dirmaydi, eng asosiysi esa mohiyatni anglashiga sabab bo‘ladi. Ma’rifatparvar bobomiz yana shunday deydi:

 

Yoving kimdir, bilasanmi?

Nodonlikdir, yalqovlikdir,

Yovga qarshi kurashmaslik –

Qo‘rqoqlikdir, anqovlikdir!

 

Hozir yoshlarda ba’zan yalqovlik, dangasalik ustunlik qilib, maqsadlariga, orzulariga yetishida to‘siq bo‘ladi. Bobomiz bu illatni yo‘q qilish uchun kurashmaslikni — qo‘rqoqlik, demoqda. Munavvar Qori Abdurashidxonovning “Xitobnomasi” biz yoshlar uchun yaxshi ustoz vazifasini o‘tashiga ishonaman.

 

 

Nodirbek Erkinov:

 

– Abdulla Avloniyning “So‘ylasang so‘yla yaxshi so‘zlardin” nomi ostidagi kitobni o‘qib chiqdim. Avloniy faoliyati bilan ta’lim jarayonida tanishgan edik. Lekin bu safar ma’rifatparvar bobomizning maqolalari, fikrlaridagi iqtiboslarni katta hayojon bilan o‘qidim. Har so‘zda, nasihatda o‘zim va tengdoshlarim ko‘z oldimda gavdalandi.

 

Hozir ijtimoiy tarmoqda, do‘stlar davrasida, ba’zan hazil, ba’zan chin deb o‘ylamay ko‘p gaplarni aytib yuboramiz. Internet olami-ku, hozir “so‘zlar qabristoniga” aylanib bo‘lgan. U yerda ona tilimizdagi chiroyli so‘zlarni buzib yozish hayratlanarli bo‘lmay qolgan. Bobomiz:

 

“So‘ylasang so‘yla yaxshi so‘zlardan,

Yo‘qsa jim turmoqing erur yaxshi”,

deb xitob qiladi.

 

Avloniy jism, fikr va axloq tarbiyasi haqida gapirar ekan, ular o‘zaro bir-biri bilan bog‘liqligini anglab yetdim. Masalan, jismini nopok narsalardan (ichish, chekish va b.) saqlamagan insonning fikri ham tiniq, mazmunli bo‘lishi qiyin. Ruh, fikri pok inson bilan axloq haqida gaplashish o‘rinli. 

 

Tan olish kerak, biz hammasi tez bo‘lishini istaymiz, nasihat ba’zan yoqmaydi. Lekin men quyidagi satrlarni o‘qib, ancha xushyor tortdim:

 

Nasihat bo‘lsa xoli gar g‘arazdan

Ach(ch)ig‘ doru kabi saqlar marazdan.

 

Haqiqatan ham, o‘rinli, foydali nasihat odamga to‘g‘ri yo‘l topishga, ortiqcha vaqt sarflash, zararlardan saqlanishga ko‘mak berar ekan. Men bu kitobchani qayta-qayta o‘qib chiqmoqchiman. Chunki kitob orqali Avloniy bobomiz bizga demoqchi bo‘lganlarini hali yaxshilab anglab olishimiz, mag‘zini chaqishimiz lozim ekan.

 

 

Nasibaxon Ahrorxo‘jayeva:

 

– Fitratning “Najot yo‘li” kitobini o‘qib chiqdim. Eng katta olgan taassurotim – Fitratning yoshlarni ilm olishga, yurt qayg‘usi bilan yashashga, harakatdan to‘xtamaslikka chorlashi bo‘ldi. 

 

Tengdoshlarimiz orasida ijtimoiy tarmoqlardan turli motivatorlarni eshitish hozir “moda”. Lekin biz uchun 100 yil oldin yashagan Fitratning g‘oyalari, she’rlari juda katta motivatsiya vazifasini bajara olar ekan. Qarang, Fitrat “O‘gut” she’rida shunday demoqda:

 

Turma – yugur, tinma — tirish, bukilma — yuksal, 

Hurkma — kirish, qo‘rqma – yopish, yo‘rilma — qo‘zg‘al.

 

Bugun ko‘p yoshlar kattalarni oldiga borib maqsadim, orzularim, fikrimni aytsam, ular baribir tushunmaydi, degan hadik bilan yashaydi. Fitrat esa “qo‘rqma – yopish”, demoqda. Ya’ni, maqsad uchun shubhalanib, qo‘rqib, ikkilanib turmasdan dadil qadam tashlashga undamoqda. Yana shunday satrlari bor:

 

Yel yo‘lini to‘sib turgan eski bulutlarni

Yondirib qo‘y, yirtib tashla, barchasin yo‘q et.

 

To‘g‘risi, shu kitobchadagi har bir so‘z men uchun bugun ijtimoiy tarmoqlarda yuzlab seminarlar qilayotgan, onlayn kurslarini qimmatga pullayotgan “motivator”lardan ming karra ustun ta’sir kuchiga ega bo‘ldi.

 

U “Og‘ir yigit, sening go‘zal, nurli ko‘zingda, Bu millatning saodatin, baxtin o‘qudim”, deydi. Ba’zan bunday so‘zlarni  “patriot”likmi deb, kulguga olishga odatlangan edik. Lekin o‘ylab qarasak, chet elga ketamizmi, boshqa elda o‘qiymizmi – farqi yo‘q, baribir ota-onamiz tomon talpinamiz. Qayerda bo‘lmaylik “Millating nima?”, “Kimlardansan?” deb so‘rashadi. Shunday ekan, bu millat, bu vatan egasi sifatida bugun har bir harakatimizni maqsadga, maqsadlarimizni amalga aylantirishimiz lozim. Bunda bizga jadid bobolarimiz bosib o‘tgan yo‘l katta maktab vazifasini o‘taydi.

 

Sitora BARLIBOYEVA yozib oldi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19314
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16391
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi