
Internet xuddi virtual durbinga o‘xshaydi. U orqali dunyoning boshqa burchagini bemalol ko‘ramiz. Deylik, hozirning o‘zidayoq qaysidir nuqtadagi qandaydir kichik millatning hayot tarzi va madaniyati bilan tanishish mumkin. Xuddi shunday, biz ham boshqa xalqlarning “tasvir obyekti” bo‘la olamiz. O‘ylab ko‘ring, xalqimizning ma’naviyati va saviyasi borasida o‘zgalarda qanday taassurot qoldiramiz?!
Umuman, ma’naviyatimiz va saviyamiz haqida uzoq gapirish mumkin. Masalaga qaysi tomondan kelish haqida uzoq o‘yladik va tahlil obyekti sifatida ijtimoiy tarmoqlarni ya’ni, YouTube platformasi va Instagram tarmog‘ini tanladik. Ayni damda bu platformalardagi noodatiy va saviyasiz izohlarni tasniflashga harakat qilamiz.
Men birinchiman… Men esa ikkinchi…
Sahifaga video yoki post yuklanishi bilan birinchilardan izoh yozishga qiziqadiganlar bor. Yetmaganiga ular qoyilmaqom ishni bajargandek men birinchiman, men ikkinchiman deb maqtanishni ham o‘zlariga ep ko‘rishadi.
Tabiiyki, bu izohlar muallifga hech qanday manfaat keltirmaydi, faqatgina ayrim yurtdoshlarimiz oldida kulgiga qoladi.
Hammasi layk uchun…
Ijtimoiy tarmoqlardagi yirik tendensiyalardan biri “layk”lar ortidan quvishdir. Aynan “layk”ni maqsad qilgan internet foydalanuvchilari turli mazmundagi izohlardan foydalanishadi:
– Iltimos, menga layk bosing;
– Ota-onasini hajga olib boraman, deganlar layk bossin;
– Ota-onamni yaxshi ko‘raman, deganlar layk bosing, qani, necha kishi ekanmiz;
– Layk bosgan odamning puli ko‘payib ketsin…
Izoh uchun bosilgan “layk” sahifa egasiga deyarli manfaat keltirmaydi. Bu odat shunchaki bemaqsadlik va yuzaki fikrlash orqali paydo bo‘lgan.
Mening sahifamni ko‘rmang: 18+
Izoh qoldiruvchilar orasida axloqsiz intrigalar bilan odamlarni o‘ziga qaratadigan, tomosha qilish sonini sun’iy ravishda oshiradigan toifa ham uchraydi. Bu reklama sohasidagi eng surbet yo‘nalishlardan biri. Lekin bugun asosan yoshlar orasida bu yo‘nalishni ommalashtirayotganlar ko‘p. Qolaversa, shu mazmundagi “Storiesimni ko‘rmang, uyalaman”, “Storiesimda yalang‘och suratlarim bor” izohlarini ham ko‘rib ko‘zlarimiz “qonayapti”. Bunday mualliflarning dunyoqarashiga faqat achinish mumkin.
Musulmonmisiz?
Dinimiz doim ezgulikni targ‘ib etadi. Islomni qadrlagan, tadqiq qilgan, targ‘ib qilgan musulmonlarni hurmat qilamiz. Lekin izohlarda odamlarni diniy so‘roqqa tutadigan toifa ham mavjud:
– Nega ro‘mol o‘ramagansiz?
– Namoz o‘qiysizmi o‘zi?
– Allohdan qo‘rqmaysizmi?
– Oxirgi marotaba qachon ehson qildingiz?
– Undan ko‘ra muhtojlarga yordam bermaysizmi?
Har bir insonda e’tiqod erkinligi mavjud va umuman olganda, diniy qarashlar bosim bilan singdirilmaydi. Axloq va insoniylikka zid bo‘lgan xatti-harakat egalarini odobga chaqirish mumkin, lekin har bir holatga diniy tus berish o‘rinsizdir.
Tanishsak maylimi?
Turli video yoki post ostiga o‘rinli izoh qoldiruvchilarga “gap otadiganlar” ham topiladi. Masalan, qandaydir izoh yozgan qiz yoki ayolga javoban ba’zi shovvozlar tanishish taklifini bildiradi va ketma-ket bir qancha savollar tashlaydi:
– Profildagi rasm o‘zingiznikimi?
– Men bilan gaplashasizmi?
– Chiroyli ekansiz-a?
Izohdagi izohlar ruknida bir-biri bilan so‘kishib, bir-biri bilan janjallashib ketadigan virtual jo‘jaxo‘rozlar ham talaygina. Ko‘z ko‘zga tushmagandan keyin andisha ham yo‘qoladi, shekilli, ba’zilar hayotda o‘zlari ishlatmaydigan vulgarlarni o‘zaro baham ko‘rishadi.
Oh, sevib qoldim…
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘z hissiyotlarini imlo xatolari g‘ij-g‘ij matnga joylovchi romantiklar ko‘p topiladi. Deylik, birorta ijodkorning ijodiy ishi bir chetda qolib, uning qosh-ko‘zi muhokama mavzusiga aylanadi. Ayrimlar hayotda yuzma-yuz uchratish qiyin bo‘lgan yulduzlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri sevgi izhor qilib o‘tiradi.
Bugungi kunda tashqi ko‘rinishi ko‘rkamroq yoki o‘zi mashhur bo‘lgan yigitlarning izohlarida ba’zi qizlar va ayollar ham axloqsiz va ma’naviyatsiz gaplarni yozib qoldirishmoqda.
Ijtimoiy tarmoq darvozasiz uyga o‘xshaydi. Xohlagan odam kirib keladi yoki uydagi hamma vaziyat omma uchun tomoshadek gap. Shunday ekan, yigitlar ham, qizlar ham yuragiga sig‘mayotgan hissiy replikalarini ommaga havola etmasa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Senga bo‘lsin haqoratlarim…
Didimiz va qarashlarimizga mos kelmaydigan materialni tayyorlagan yoki g‘azabimizni qo‘zg‘aydigan harakatlarni sodir etgan sahifa egalari izohlari ham odatda “lolazor” bo‘lib ketadi. Bu o‘rinda ayrimlar g‘ubori tarqalguncha mualliflarni so‘kadi, haqoratlaydi, kamsitadi:
– Erkakka o‘xshagin;
– Palag‘da tuxum, mazangni qochiraman;
– Bu kuningdan o‘lganing yaxshi edi, to‘ng‘iz…
Holat xavfli signal, aslida. Vaqtida tiyilmagan emotsiya ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkin. Bir muddat oldin bu mavzuda maqola ham e’lon qilgan edik.
Mahalliy izohlardagi yana bir muhim kamchilik – son-sanoqsiz imlo xatolaridir. O‘z ona tilida bexato yoza oladigan yurtdoshlarimizning tobora kamayib borayotgani juda achinarli holat. Bu xatolarning yagona “plyus” tarafi – qaysidir xorijlik kuzatuvchi ularni jamlab, avtotarjimaga joylashtirsa, dastur tarjima qila olmay chalkashib ketadi.
Material tayyorlash davomida ayrim dunyo mamlakatlarining Youtube platformasidagi izohlarini ko‘zdan kechirdik. Ular orasida saviyasiz va negativlari juda kam. Masalan, belgiyalik xonanda Jade de Rijcke tomonidan ijro etilgan “Homesick” qo‘shig‘ining izohlarida saviya va madaniyat bilan yozilgan 12 000 ga yaqin fikr va munosabatlarni o‘qishingiz mumkin. Ayniqsa, imlo xatolarning kamligini ko‘rib odam hijolat tortadi.
Aslini olganda, ijtimoiy tarmoqda izoh yozish mutlaqo ixtiyoriy, lekin yuqorida aytganimizdek, o‘zgalar nazarida xalqimiz saviyasini yerga urishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Madaniyati yuksak va teran fikrli insonlargina jamiyat nufuzini yuqoriga ko‘taradi. Hechqursa, internetda izohlar yozayotganda birozgina kengroq fikrlasak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Sirojiddin RUSTAMOV,
Oyina.uz
Tarix
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Tarix
Falsafa
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
3 Izohlar
Bahodirxonov
12:01 / 01.01.1970
Aynan men yoritmoqchi boʻlgan mavzu, men oʻzbek auditoriyasini deyarli kuzatmayman, chunki odatda shunaqa "cringe" videolar va unga bildirilgan huddi shunday izohlar insonni gʻashini keltiradi. Aynan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyatini oʻrgatish kerakmikin?
Jasurbek
12:01 / 01.01.1970
Bugungi kun uchun ancha dolzarb boʻlgan mavzuni koʻtarib chiqibsiz. Men kabi fikrlaydigan odamlar borligidan xursandman. Qaysidir aktyor aytgan edi:"Men bolaligimda tentak boʻlganman, lekin buni boshqalar koʻrgani internet boʻlmagan" deb.
Javohira
12:01 / 01.01.1970
Qoyil, judayam aktiv muammo yoritlibdi. 👍