Omadsiz, alamzada, jazolovchi... – heyterlar haqidagi haqiqatlar


Saqlash
15:02 / 13.02.2023 2661 0

Ijtimoiy tarmoqlar lugʻatida “heyter” soʻzi allaqachon paydo boʻlgan va faol ishlatiladi. Foydalanuvchilarning baʼzilari ulardan bezor, kimdir eʼtibor bermaydi, ayrimlar esa ular bilan oʻchakishadi. Bugun Oyina.uz mehmoni – heyterlar.

 

“Heyter” soʻzining oʻzagi ingliz tilidagi “nafratlanmoq” feʼli bilan bogʻliq. Umuman olganda, biz taniqli insonlar yoki oʻzi taniydigan, qaysidir jihati yoqmaydigan kishilarni asossiz tanqid qiluvchilarni “heyter” deb bilamiz. Aytish oʻrinliki, asosli tanqid qiluvchilar va odob doirasida fikr bildiruvchilarga nisbatan heyter soʻzini ishlatish toʻgʻri emas. Heyterlar yozgan izohlarda nafrat, haqorat, tuhmat, kamsitish va ochiqdan-ochiq vulgarizm sezilib turadi. Izoh qaratilgan shaxs haqiqatda aybdor boʻlsa ham, fikr axloq doirasida yozilgani maʼqul.

 

Solishtirib koʻring.

Oddiy kuzatuvchi: Bu ishingiz toʻgʻri emas!

Heyter kuzatuvchi: Toming joyidami, ahmoq? Nega bu ishni qilding?

 

Hech oʻylab koʻrganmisiz, ular nima uchun heyterlik qilishadi?! Yettita asosiy sababga toʻxtalamiz.

 

Birinchi sabab. Heyterlarning muayyan qismi mashhurlar va biror yutuqqa erishgan insonlarga hasad koʻzi bilan qarashadi. Ular yoki koʻp marta omadsizlikka uchragan, yoki alohida qobiliyatga ega emas. Shundan kelib chiqib, heyterlar asossiz izohlar orqali oʻzlarini tinchlantiradilar.

 

Oʻta alamzada insonlar ham baʼzida heyterga aylanishadi. Baxtsizlik, tashvishlar va hayotiy sinovlar taʼsirida ular baxtli yashayotgan yoki hayotidan mamnun insonlardan nafratlanadi va ularga “zahrini sochadi”.

 

Ikkinchi sabab. Ayrim heyterlar avval muxlis maqomida boʻlishadi. Soʻng oʻzlari intilgan insonlardan eʼtibor koʻrmagach, heyterga aylanadilar. Yaʼni, achchiq izohlar orqali taniqli shaxslardan oʻch olishga urinadilar.

 

Misol uchun, aktrisa Durdona Qurbonova oʻta “faol” heyterlaridan birini surishtirdi va uni topib uchrashdi. Maʼlum boʻlishicha, bu yigit avval aktrisani juda yaxshi koʻrgan, unga oʻz tuygʻularini oshkor qilgan, biroq kutilgan javob boʻlmagach, oʻz-oʻzidan heyterga aylangan.

 

Uchinchi sabab. Ijtimoiy tarmoqlarda atayin eʼtiborni tortish uchun ham salbiy mazmundagi izohlarni qoldiruvchi heyterlar koʻp. Ular shu orqali boshqalardan ajralib turishni yoki taniqli insonlar bilan muloqot oʻrnatishni maqsad qilishgan.

 

Toʻrtinchi sabab. Baʼzi heyterlar mashhurlarning qaysidir xatolariga koʻz yuma olishmaydi. Shu bois ijtimoiy tarmoqlarda turli salbiy izohlar orqali taniqlilarni jazolashga urinadilar.

 

Kamchiliklaridan xulosa qilib, oʻzini oʻnglaganlar ham boʻladi. Biroq ular har qancha uzr soʻrasalar ham, real vaziyatni tushuntirsalar ham, heyterlar rakursni oʻz qarashlariga moslab, bir xil mazmundagi izohlarni yozishni kanda qilmaydilar.

 

Beshinchi sabab. Qaysidir heyterlar tarafkashlik yoki oʻzgalar taʼsirida izoh yozishi mumkin. Deylik, bir sanʼatkorning muxlislari unga ijodiy raqib boʻlgan boshqa sanʼatkorning sahifalarida asossiz izohlar qoldirishadi. Shu orqali ularga ruhiy zarba berishga harakat qilishadi.

 

Masalan, futbol yulduzlari Krishtianu Ronaldu hamda Lionel Messi muxlislari oʻrtasida aynan mana shu heyterlik janglari tendensiyaga aylangan. 

 

Oltinchi sabab. Qalbaki va anonim sahifalar orqali izoh yozuvchi heyterlar ham topiladi. Maqsad fitna qoʻzgʻash yoki biror shaxsni atay tahqirlash orqali obroʻsizlantirishdan iborat. Ular koʻpincha maʼlum haq evaziga yollangan boʻladi va, tabiiyki, tuban maqsadni koʻzlagan bunday kimsalar eng xavfi heyterlardir.

 

Yettinchi sabab. Baʼzi insonlar tabiatan heyterlikka moyil, hamma narsadan kamchilik yoki nuqson qidirishga odatlangan. Sabab boʻlishi ham shart emas. “Men oʻz fikrimni bildiryapman, xolos”, deydi-da, izoh qaratilgan shaxsni xohlagancha kamsitadi va haqorat qiladi.

 

Masalan, Feysbukning faol foydalanuvchisi Dilshod Odilovning qaysidir postiga heyter obunachi izoh qoldiradi. Muallif “muxlis”ini sinab koʻrish uchun unga qoʻshilib oʻzini yomonlaydi. Bir-biriga xayrixoh “hasratdosh”lar suhbati tanqidiy ruhda davom etadi. Maʼlum boʻladiki, bu vaziyatda heyter oʻzi tanqid qilayotgan shaxsning ism-sharifini ham bilmaydi. Muayyan maqsadga ham ega emas.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda yana shunday foydalanuvchilar borki, biror post izohlarining boshlanishi ijobiy mazmunda boʻlsa – ijobiy, salbiy mazmunda boʻlsa – salbiy fikrlarini yozib ketaveradilar.

 

Baʼzi heyterlar esa ijtimoiy tarmoqda haqoratlab, real hayotda muxlislik qiladi. “Aristokratlar” kulgi jamoasi aktyori Sardor Abdumannonov bir necha yil avval shunga oʻxshash vaziyatga duch kelgani haqida maʼlum qilgan edi. Aytishicha, u azaliy heyterlaridan biri bilan hayotda uchrashib qolgan va oʻsha kimsa aktyorga muxlisligini taʼkidlab, birga suratga tushishni soʻragan.

 

Aslini olganda, eʼtiborga tushishni boshlagan har qanday shaxs ijtimoiy tarmoqda heyterlarga duch kelishi mumkin. Bundan toʻgʻri xulosa chiqarib, faoliyatini tartibga solganlar ham bor, kuch va motivatsiya olib, yanada rivojlanganlar ham uchraydi. Negativ fikrlarga oʻchakishib, doimiy ravishda obunachilarining jigʻiga teguvchilar ham topiladi.

 

Tele va radio boshlovchi Qunduzxon Abdullayeva tashqi koʻrinishi bilan bogʻliq salbiy izoh muallifiga “Asalim, siz esa juda goʻzal ekansiz!..” degan mazmunda javob qaytargan. Bunday munosabatni kutmagan heyter esa “Voy, buncha xushmuomalasiz? Meni uyaltirdingiz, salbiy fikr yozganimga afsuslandim...” degan mazmunda izoh qoldirgan. Baʼzi heyterlar muomalani tushunadi, baʼzilariga esa gapirishdan foyda yoʻq.  

 

Mutaxassislar heyterlar bilan janjallashmaslikni, oʻrinli fikrlaridan xulosa chiqarishni va asossiz gaplarga befarq boʻlishni tavsiya qilishadi. Heyterlar hujumiga uchraganlar oʻz huquqlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat etishlari ham mumkin. Shu oʻrinda heyterlar va ularga duch kelganlar uchun ayrim eslatmalarni qoldiramiz:

 

Birinchi eslatma. Quyidagi belgilar mavjud boʻlganda izoh muallifini javobgarlikka tortish mumkin:

izohda aniq bir shaxs shaʼniga haqorat yoki uyatli soʻzlar ishlatilgan boʻlsa;

izohda aniq bir shaxsning obroʻsiga, shaʼniga va ishchanlik xislatlariga dogʻ tushiradigan, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan (boʻhton) maʼlumotlar boʻlsa;

izohda jamiyatda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻovchi chaqiriqlar mavjud boʻlsa;

izohda urush, zoʻravonlik va terrorizmni, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm gʻoyalarining targʻiboti mavjud boʻlsa.

 

Mana shu holatlarda tegishli skrinshotlarni havola qilgan holda, izohlar muallifi ustidan ichki ishlar idoralariga ariza berish mumkin.

 

Ikkinchi eslatma. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik – haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha (6 mln soʻmdan 12 mln soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

 

Uchinchi eslatma. Jinoyat kodeksining 140-moddasida ham haqorat qilish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan boʻlib, haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda (60 mln soʻmgacha) jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

 

Nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali haqorat qilish – bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha (60 mln soʻmdan 120 mln soʻmgacha) miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

 

Toʻrtinchi eslatma. Internet saytlar, shuningdek, turli platformalar va ijtimoiy tarmoqlarda post joylashtiruvchi blogerlar (shaxslar) oʻz materiallari ostida qoldiriladigan sharh va izohlar uchun javobgar emas. Ammo AOKA va boshqa har qanday tashkilot yoki fuqaro biror nojoʻya izohni oʻchirishni soʻrab, rasmiy ogohlantirish xati yuborsa va tahririyat yoki bloger (shaxs) ogohlantirish olgandan soʻng ham izoh oʻchirilmasa, javobgarlik kelib chiqadi va masala hattoki sudda koʻrilishi mumkin.

 

Ijtimoiy tarmoqdagi sahifa egalari bunday ogohlantirishlarni kutib oʻtirmasdan, ijtimoiy tarmoqlardagi egasi maʼlum, qalbaki yoki fitna qoʻzgʻash uchun ataylab ochilgan anonim akkauntlardan bildirilayotgan haqoratli va tahqirlovchi izohlarni aniqlab, oʻzlari oʻchirib borishlari maqsadga muvofiq.

 

Aslini olganda, bir millat va bir yurt odamlari “ijtimoiy tarmoq” deb atalgan koʻrinmas jang maydonida ayovsiz kurashayotgani achinarli hol. Taniqlilar doim eʼtiborda va, tabiiyki, xatolardan xoli emas. Kamchilik uchun tanqid qilish esa normal holat. Biroq har qanday tanqid insoniylik chegarasidan chiqmagani maʼqul.

 

Hurmatli heyterlar, ortiqcha emotsiyalarga berilib, insonlarga hurmatsizlik qilib va qonunlarni nazarga ilmasdan yozgan izohlaringiz sabab jazoga tortilishingiz hech gap emas. Koʻngilni keng qiling, oʻzingizni va oʻzgalarni seving. Shunda hayotingiz yanada yorqinlashadi va kimningdir xatolarini muhokama qilishdan koʻra oʻz kamchiliklaringizni tuzatib, muhimroq ishlar bilan band boʻlasiz.

 

Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi