30 yillik noshirman. Noshirchilikning qattiq nonini yedik. Issig‘ini ham, sovug‘ini ham ko‘rdik. Kitob chiqarib, rahmat ham eshitdik. Kezi kelganda, turli tuman idoralarda “razbor”larga tushdik, tushuntirish xatlari ham yozdik, “rahmat” o‘rniga xayfsanlar ham oldik, e’tiroflar, mukofotlar ham. Hozir sohaning oqsoqollaridan biriga aylandik, turli-tuman ishimizga taalluqli yig‘ilishlarda prezidiumlarda o‘tiradigan, hay’atlardan joy oldik. Maqtanishmas, shukrona.
Lekin o‘z kitobining taqdirini bizdan ko‘ra ko‘proq o‘ylaydigan, bizdan ko‘ra ko‘proq qayg‘uradigan, yelib-yuguradigan, joylarda, uchrashuvlar tashkil qilib, kitob savdosi uyushtirgan adiblar ham ko‘p edi. Odil Yoqubov, O‘tkir Hoshimov, Maqsud Qoriyevlar (oxiratlari obod bo‘lsin!) kitoblari sotilib ketmaguncha tinchishmasdi. Rahmatli Tohir Malik ham bu borada e’tiborli edi. Qayerga uchrashuvga borsa, bizga aytar, o‘sha joyda kitob savdosi tashkil qilar edik.
Nima bo‘lganda ham, adiblar – mualliflar Allohning suygan bandalari. “Ijod aslida azob”, degan gap bor. Ana shu suyukli azobni qismati deb bilish, unga munosib bo‘lish, o‘zini unga baxsh etish bu endi oson ish emas...
Sizlarni yaxshi ko‘raman, sog‘inaman, mening aziz mualliflarim.
Chegaradan u yoqda qolib ketgan dala-hovli
Maqsud Qoriyev, eng avvalo, katta harflar bilan yoziladigan jurnalist, otaxon gazeta – “Sovet O‘zbekistoni”ning Bosh muharriri edi. Nechta kitoblari bo‘lsa, barchasi dastlab “Sharq”da chiqqan. Bunga sabab, menimcha, ular bizning rahbarimiz Islom Shog‘ulomov bilan qudaliklari bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Men o‘sha vaqtdagi bu otaxon gazetaning muharriri bo‘la turib, shunchalik ijod qilishga ulgurganlariga hayron, aniqrog‘i, qoyil qolardim. Tez-tez dala-hovlilariga chiqib turardik. Dala-hovlilari Shreder nomidagi bog‘dorchilik-mevachilik ilmiy-ishlab chiqarish dargohi tomonda edi. Ko‘rkam, serdaraxt, fayzli bog‘ edi. Lekin shu o‘rinda bir gapni aytay, u dala-hovlilar egalari qanday ulug‘ zotlar bo‘lmasin, hozirgi “Yangi boylar”ning muhtasham saroynamo dala-hovlilari oldida juda ko‘rimsiz, pastak edi. Eski odamlar “yo sodda bo‘lishgan, yo kambag‘al”. Bu mening shaxsiy xulosam. Islom akada-ku, dala-hovli umuman yo‘q edi. Nashriyotning Qibrayda sanatoriyasi bor edi, dam olish kunlari ko‘pincha shu yoqqa kelib dam olardilar. Islom akadan keyin sanatoriya davlat tasarrufiga o‘tib ketdi.
Xullas, kitob bahona Maqsud aka dasturxon yozardi. Sharqiragan katta suv bo‘yidagi bu mo‘jaz bog‘ tagi Qozog‘iston territoriyasida ekan, u vaqtda hech kim bunga e’tibor qilmagan, mustaqillikdan keyin u qo‘shnilarga o‘tib ketdi. Maqsud aka bog‘siz qoldi. “Hammasi mayli-yu, bir qadrdon radiopriyomnigim bor edi, borsam, kechalari “Mash’al”da konsert eshitib ijod qilardim, faqat shuni sog‘inaman”, deganlari esimda.
Bir voqeani tez-tez eslab yuraman. Maqsud aka o‘sha Shreder bog‘idagilarga aytib, shahardagi hovlilariga bir telejka go‘ng so‘ragan ekanlar. Daraxtlarning tagiga solmoqchi bo‘lganlar-da. U vaqtda Oloy bozori tepasidagi o‘sha vaqtda mashhur Uriskiy ko‘chasida turarkanlar. Xullas, manzilni aytganlar, traktorchi kelib, aytilgan bo‘yicha go‘ngni to‘kib ketibdi. Bir mahal kennoyi ko‘chada traktorning tovushini eshitib, qarasalar, qo‘shnining eshigiga bir telejka go‘ng tushibdi. Tezda kirib ketibdilar. Har holda noqulay. Qo‘shnilari – Sharof Rashidovlar ekan-da! Bu yerda Sharof Rashidovga uydan telefon bo‘libdi. Eshitib biroz hayron bo‘libdilar, lekin “Hoynahoy, bu Maqsud Qoriyevning ishi, Shreder bog‘idagilar bilan yaqin-ku”, deb o‘ylabdilar. Ishdan vaqtliroq kelib, ayollari bilan tortishib, ichkariga tashiy boshlashibdi. Buni ko‘rib, Maqsud akaning ayoli ham, tabiiyki, telefon qilibdi. Eshitib, Maqsud akaning yuragi yorilay debdi. Demak, traktorchi bir devor adashibdi!? Tezda sur go‘shtli osh tayyorlashni buyuribdilar. O‘zlari ham yurakni changallab uyga chopibdilar.
“Sharof aka nima deb o‘ylaganiykinlar?!” Yetib kelsalar, har tugul, go‘ng ichkariga tashib olingan, ko‘cha eshik supurilgan, suvlar sepilgan. Hayriyat, deb uyga kirib, bir katta lagan osh, qazi-qarta, issiq patirlarni ko‘tarib, er-xotin qo‘shni eshikni taqillatishibdi. Uydagilar o‘g‘itni daraxtlar tagiga sepib bo‘lib, endi yuz-qo‘llarini yuvishayotgan ekan. Yurakni hovuchlab kirib borishibdi. “E, Maqsud Qoriyevich, ham bizga o‘g‘it yuborib, ham yo‘qlab chiqdingizlarmi”, – deb xushnud kutib olishibdi. “Shundan keyin sal o‘zimga kelganman”, deb gapirib bergandilar Maqsud aka.
Ulug‘ Odil Yoqubov, qadrdon Odil akam
– Ahrar, do‘stim, (otimni sal qozoqchaga tortib aytardilar) mana, sen ham katta noshir bo‘lib ketding. Men ham bir vaqtlar noshir bo‘lganman. U vaqtda ish og‘ir edi, qog‘ozbozlik, hujjatbozlik, kerak-nokerak majlislar ko‘p vaqtni yeb qo‘yardi. Lekin baribir ish zo‘r edi, bitta kitob chiqsa, muallifini shaxsan taniymanmi-yo‘qmi, odam xursand bo‘lib ketardi. Ko‘p yaxshi kitoblar chiqardik, yaxshi, talantli odamlarni yiqqandik. Maza qilib ishlaganmiz. Tirajlar 50 ming – 100 ming. “Kitob savdo” degan respublika tashkiloti bo‘lardi. Qishloqlargacha kitob yetib borardi. Senlar 10 mingni zo‘rg‘a chiqarasanlar, asosan 5–3 ming. Axir, biz qancha xalqmiz. Urvoq ham bo‘lmaydi-ku, bunaqada sal o‘tib kitob o‘qimaydigan avlod dunyoga chiqadi. Unda nima bo‘ladi? Men hozir o‘rtog‘ing Iskandar minib yurgan “Volga”ni bitta kitobimning gonorariga olganman.
Yaxshi kitoblar dunyo tillariga tarjima qilinardi. Ular ham aqcha yuborardi. Maryam kennoyingga bir xalta pul tashlardim. Cho‘ntagimda qolganining o‘zi menga bir oyga yetardi. Mana, sen men bir cholga, kitobimni sotishga yordam bering, deding. Noiloj Toshkent shahar kitobsavdo idorasiga bordim, katta boshimni kichkina qilib. “Navoiy 30”ning orqasida hujraday joyda ekan. Anvar degan boshlig‘i bor ekan, meni tanimadiyam, yordam berolmaymiz, o‘zimiz ham boshqa narsalar sotib tirikchilik qilyapmiz, dedi. Hafsalam pir bo‘lib qaytdim. Ilgari Bahri G‘ulomova, tanirmiding, G‘afur G‘ulomning singlisi, keyin Sotvoldi aka Yo‘ldoshev ishlaganda, umuman kitobimizning sotuvi haqida o‘ylamasdik...
Hozir senlar berayotgan pulga bechora mualliflaring velosiped ham ololmaydi. Bunaqada ertaga yozuvchi qolmaydi. O‘rniga chalamulla, soxta yozuvchilar qoladi. Keyin nima bo‘ladi? Hamma tirikchilik o‘tkazishning oson yo‘llarini qidiradi. Hatto adabiyotda ham. Mana bunisi yamon.
O‘sha kezlarda bu gaplarga, hozirgi til bilan aytganda, istehzo bilan kulib, “Oqsoqol ham qariyapti”, deb qo‘ya qolgandim. Endi o‘ylab qarasam, Odil aka haq ekan-ov. Yana bilmadim, yo biz noshudroq noshir chiqdikmi?! Lekin qaniydi gap noshirchilikdagina bo‘lsaydi!..
Odil aka fashizmga qarshi urushdan nari yapon urushida ham qatnashgan. O‘sha urush mahallari, azob-uqubatlari aro go‘zal yapon qizi Mariko haqidagi qissasi o‘ta ta’sirli asar edi. Meni bir narsa hayron qoldiradi. Nega bu asarni adib o‘z umri poyonida yozdi. Shuncha vaqt yuragida qanday saqladi? Chunki asar juda samimiy, hayajonli-da. Shuncha samimiyatni, mehrni 40–50 yil yurakda saqlab yurish mumkinmi?
Bir kun Odil aka telefon qilib qoldilar:
– Ahror, yaxshimisan, munday kelmaysan ham, o‘zim chaqirmasam. Xullas, kechda uyga kel. Kennoying shilpildoq qilib bermoqchi. Shu desang, meni Marikoga rashk qilyapti, saksonga kirgan cholni. (Xaxolab kuladilar). Ammo o‘zinglar ham Marikoni yaman chiroyli qilib tayyorlabsanlar. Baraka toplaring, bo‘pti, kechda ko‘rishamiz, Iskandar o‘rtog‘ing ham shu yerda, kelaver.
Xullas, kechqurun “Qaydasan Mariko”ni yuvgandik...
Iskandar haqida ikki og‘iz. Ular to‘rt aka-uka. Ijod nuqtai nazarida Iskandar Odil akaga yaqinroq, kerak bo‘lsa, yordamchi ham edi. Buyuk adib o‘tgach, uning asarlarini chop ettirish, xotira tadbirlari o‘tkazishga mutasaddilik qiladi. Barcha qo‘lyozmalarini topib, to‘plab, ro‘yxat qilib, maxsus sandiqchalar yasatib, saqlab qo‘ydi. Asarlarini chop etish ishlarini olib bormoqda. Ota-onasining go‘zal, hayajonli yozishmalari, xatlarini yig‘ib, go‘zal sevgi kitobini bizning nashriyotda chop ettirdi.
Pirimqul akaning televizorini sotganimiz
Pirimqul Qodirov o‘ta madaniyatli, kamtar, kamsuqum odam edilar. Qo‘lyozma olib kelsalar ham, odob bilan, madaniyat bilan, qabulxonada navbat bilan kirardilar. “Kelgusi yil nashr rejasiga kiritib qo‘ysangizlar”, derdilar. Men bir hazil qilgim kelib, rasmiy ohangda:
– Kelasi yil hech iloji yo‘q, – derdim.
Adibimiz hech ikkilanmay, “Mayli, undan keyingi yilga bo‘lsa ham bo‘laveradi”, derdilar. Hozir shu qilig‘imga o‘zim uyalaman. Naqadar sodda, to‘g‘ri, tartibli odam bo‘lishgan eskilar. Hozirgilar-chi... Naq yoqangizdan oladi. Endi turishga chog‘langanlarida, “Ustoz, kitob ikki oy ichida chiqadi, keyingi haftalarda bir keling, korrekturasini ko‘rib berasiz, hozir esa rassom Muzaffarga kirib, muqova bo‘yicha fikrlaringizni bering”, derdim.
Oqsoqol juda kamsuqum yashardilar. Oxirgi kezlar, tirikchilik qalam haqi hisobiga o‘tar kezlar, shartnomani ham tuzib, bir nusxasini qo‘llariga berib, “Keyingi hafta kitobning yarim pulini olasiz”, deb xotirjam kuzatib yuborganim hamon esimda. Adib xursand ketdi, lekin buni kuzatib turgan jamoa ham u kishidan ortiq xursand bo‘lardi...
Kitob chiqqanda cho‘ntaklarini har xil konfetlarga to‘ldirib kompyuterchi qizlar, korrekturadagilarga, xullas, hammaga “juft bo‘lsin” deb ikki donadan shirinlik ulashardilar.
Hozir yana bir voqea esimga tushib ketdi. Gurillagan davrimiz. Zo‘r-zo‘r kitoblar chiqaryapmiz. Tanlov, konkurslarda oldimiz. Kitoblarimiz qo‘lma-qo‘l o‘qilyapti. Xayolimga bir fikr keldi. “Eng faol mualliflar bilan katta bir tadbir o‘tkazsak!” Rahbariyatga ma’qul keldi. Umrguzaronlik qilib yurgan adiblardan anchasini chaqirdik. Pirimqul aka ham bor edi ro‘yxatda. Ular bir-bir gapirishdi, san’atkorlar qo‘shiq aytishdi, xodimlar raqsga tushishdi, shoirlar she’r o‘qishdi. Oxirida ularga sovg‘alarimizni topshirdik. Pirimqul akaga yangi rangli televizor sovg‘a qildik. Oldinroq uylariga borganimda, televizorlari eski, oq-qora ko‘rsatadiganlardan ekanini ko‘rib, to‘g‘risi, hayron qolgan edim. Xullas, tadbir juda chiroyli o‘tdi. Ketarda adib oldimga kelib, “Katta rahmat, biroz xijolatli ham bo‘ldim, omon bo‘linglar. Faqat...”
– Pirimqul aka, mashina bor, hozir yuklab, ikkita xodimimiz siz bilan birga borib, “dom”ingizga olib kirib berishadi, – dedim.
Buni oldindan o‘ylab, domlaning bo‘lasi, mening qadrdon do‘stim, kursdoshim Bekqul Egamqulovni ham chaqirib qo‘ygandim. Uni ko‘rib xursand bo‘ldilar. Lekin ustoz hali hamon qandaydir xayolchan edilar. Oxiri aytdilar. “Sizlarga, jamoaga “Sharq”qa ming rahmat, lekin eski bo‘lsa ham, uyda televizor bor. O‘sha bo‘ladi. Buni agar iloji bo‘lsa, o‘rniga pulini berish mumkinmi?” To‘g‘risi, qotib qoldim. Ichimdan bir narsalar o‘tdi. Nahot ro‘zg‘or, tirikchilik... Yaxshi Bekqul jo‘ram jonimga oro kirdi.
– Jo‘ra, menga kak raz rangli televizor kerak edi. Kecha “Sum”ga kirsam, yangi oyni boshida keling, deyishgandi, o‘sha pul hali ham cho‘ntagimda edi. Mana, – deb pulni berdi.
Men esa pulni Pirimqul akaga, televizorni unga berdim...
Said Ahmad domla yoki 5 tiyinlik qog‘oz paket
– San kelishingdan oldin xorazmlik yaxshi do‘stlarim – qadrdonlar tilpon qilishdi. Ancha charchog‘im yozildi, o‘tgan-ketganlarni esladik, shungami, kaypiyatim yaxshi. San asli qovog‘i soliq bolasan-da, sal pastga tushib, rangi-ro‘yingni ochsang, ana shkopda bitta dodaxo‘ja konyagim bor, yuz grammga erib ketishim mumkin.
– Rahmat, rahmat-u... – deb atay to‘xtab qolaman, sirli ishshayib.
– Naga tirjayasan, gapir, yana gaping ichingda qolib ketmasin...
– Ha, endi yuz gramm yaxshi-yu, odamni qitiqlab qo‘yadi-da...
– Mayli, ko‘ramiz, xaltangda pichoqqa ilinadigan biror narsa chiqsa, balki yana ellik grammga erib ketishim mumkin.
– Rahmat, Said Ahmad aka, yangi rejalar bor, degandingiz, shunga azza-bazza keldim...
– Baraka top. “Sharq”da yaxshi bolalar ishlaydi. Bobur ota qadrdonim, mana, katta arbob bo‘lib ketdi. Tilpon qilib bir oldingga bormoqchiydim, vaqtingga qarab ayt, desam, ertasiga bir dunyo bozorlik qilib o‘zi kelib qoladi. Sanikini cho‘g‘i ja unchalikmas-u, mayli, anovi stol ustiga qo‘yib qo‘yaver.
– Kel, deysiz, kelsak, sizni ovora qilib qo‘yamiz. Chunki baribir bitta osh qilib bermay kuzatmaysiz. Biz xijolat bo‘lib qolamiz.
– Ja xijolat qilsanglar, ilgari 5 tiyinlik shaldiroq sariq paket bo‘lardi, hozir u yo‘q, gap undamas, gap paketdagi matohda, o‘shani to‘ldirib, ikki qo‘llaringda ikkita paket bandligidan eshikni tepib kiraverlaring. Mayli, eshik sinsa, pulim ketsayam, o‘zim tuzatib olaman.
Hazil-huzul bilan yangi ijodiy rejalar, kelasi yil nashr rejamizga kiritmoqchi bo‘lgan kitoblari xususida gaplashib, bosma tabog‘i-yu, muqovasining shakl-shamoyili, tiraji, qog‘ozi borasida bir to‘xtamga kelib olamiz.
Bu orada anjan guruchda osh ham pishib qoladi.
– Mayli, ketsa, mandan ketsin, oqsoqol odamniki tavaruk, – deb bir erib ketadilar, asti qo‘yaverasiz. – O‘ziyam ikki tirajli dasturxon bo‘ldi, ha, endi insofni o‘zlaringga bersin, – deydilar. Xaxolashib kulamiz.
Xullas, yangi qo‘lyozmani qo‘lga kiritib qaytar chog‘imizda:
– Sanlar ham katta bola bo‘lib qoldilaring, hadeb ovora bo‘lib kelib yurmalaring. Korrekturani anovi qoshi qora, ko‘zi qora redaktor qizing bor-ku, o‘shandan berib yuboraver. To men korrekturani ko‘rib bo‘lgunimcha, qozon-o‘chog‘, idish-tovoqlarni yuvib ketadi...
Xaxolashamiz, shu yo‘sin xayrlashamiz. Lekin kela-kelguncha, kelgandan keyin ham, hatto mana hozir ham, oradan yigirma yillar o‘tgan bo‘lsa-da, eslasam, ich-ichimdan kulgi keladi, yashnab ketaman. Beg‘ubor, benazir adiblarimiz bir-bir ko‘z oldimga keladi...
Ahror AHMEDOV,
“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi
Bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist
“Kitob dunyosi” gazetasi, 2023-yil 14-iyun 9-10-son.
“Mening aziz mualliflarim” maqolasi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q